Ma’suma Ahmedova. Muqaddas xayol

“… Siz hozir vafo-sadoqat haqida gapirdingiz. Men qanday qilib bir odam bilan shuncha yil yashadim? Qanday yashadim?

Men umrim bo‘yi qalbimdagi go‘zal xayol bilan yashadim. Men umr yo‘ldoshimni bari fazilatlar egasi deb tasavvur qildim. Uning qiyofasida o‘zim orzu qilgan fazilatlarni izladim va ularni kashf etdim. Aslida men qalbimdagi go‘zal xayolni, o‘zim yaratgan obrazni sevdim…”

Bu bir hikoyada tasvirlangan ayol monologidan bir lavha. Hikoyadagi ayol ko‘nglidan chiqqan gaplar aziz o‘quvchimizga bir oz g‘ayritabiiy tuyulishi mumkin. Lekin ana shu lavha hikoya qahramonining boy ichki olamidan, oila oldidagi katta mas’uliyatidan dalolat berib turibdi.

Vafo-sadoqat, xiyonat, poklik, ezgulik va yovuzlik tushunchalari yashab turgan dunyomiz kabi ko‘hna va ayni damda yangidir. Dunyo dunyo bo‘lib, dinlar asl insoniy, pok munosabatlarni targ‘ib qildi, oila qo‘rg‘oniday mustahkam qal’ani joriy etdi. Zero, oilada, bu qo‘rg‘onda tug‘ilgan farzandlar komil insonlar bo‘lib voyaga yetdi. Badiiy adabiyot, xususan, akademik san’at turlari jamiyatda ustuvor iymon, poklik mavzularini ilgari surdi. Sharqda ham, G‘arbda ham tag-zamini bilan oilada bunyod bo‘lgan ana shu komillik ulug‘landi.

Bir sotsiolog dugonam bor. U anchadan buyon jamiyatdagi oila institutlari haqida tadqiqot olib boradi. Bir kun hovliqib, menga shunday deb qoldi:

– Bu qanday qabohat axir? Bir qiz bir yigit bilan sevishadi, tabiiy, turmush qurishmaydi. Sabab aniq: yigitning onasiga qiz, oilasi, uning kelib-chiqishi ma’qul kelmaydi. Axir bizda meshchanlarcha qarash birinchi o‘rinda turadi-ku. – deydi u kinoya bilan. – Hayotimiz mazmuni, bir yigitning uylanishi-yu, sovchilar mavzui, o‘rtadagi qilinajak sarpolaru tog‘oralar soni… Go‘yoki hayotda shundan bo‘lak muhokama qilinadigan masala yo‘q.

Men kulib, dugonamning fikriga qo‘shilib, deyman:

– Keyin qaynona-kelin mojarosi…

– Ha… Aytmoqchi bo‘lganim, sevmaganiga uylangan eski oshiqlar yana topishib olishadi. Xo‘sh, oila nima bo‘ladi, o‘rtada tug‘ilgan bola taqdiri nima bo‘ladi, degan odam yo‘q!

Men olima dugonamning kuyunib aytgan gaplarini eshitib, o‘ylanib qoldim. Aksariyat jamiyatda yuz berayotgan shunday chirkin voqealar ildizi albatta ma’naviyatga, kishining ichki olamiga, xususan, oila muqaddasligi haqidagi ezgu tuyg‘ularga borib taqaladi. Azal-azaldan badiiy adabiyot, san’at komil insonni tarbiyalab keldi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qildi, uning muvozanatiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Asl san’at ustalari bo‘lmish chinakam shoirlar, yozuvchilar, rassomlar, dramaturglar yaratgan asarlar botiniy dunyomizni boyitdi, qalbimizda poklik, iymon tuyg‘ularini nish ottirdi. Yodingizda bo‘lsa, mumtoz adibimiz Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida bir epizod bor. Toshkandlik Otabekni ota-onasi qayta uylantirmoqchi bo‘ladi. Otabek ming azob bilan Marg‘ilonga keladi.

“… Kishi iztirobka tushkan kezlarda tilab emas, ixtiyorsiz ba’zi bir yo‘sunsiz ishlarga urinadir. Shuningdek, ul ham jiddiy bir ravishda Fuzuliy mutolaasiga berildi.

Ul o‘zining shubhasidagi gapka qoni’ (qanoat qilgan), oradan yarim soatlab emas, bir soatlab vaqt o‘tib borgan bo‘lsa ham bu unga zerikarlik emas, tez kelgandan kelmagani yaxshi; yaxshiliqmi, yomonliqmi, haytovur, bo‘ladirg‘an ko‘ngilsiz gapni kechikkani yaxshi… Fuzuliyni yaxshilab o‘qush kerak. Shuning uchun ham ma’nolik she’rlardan bosh ko‘tarmaydir-da, go‘yoki aytarsiz kitobka mixlangan…

Kumushning uyga kelib kirgani ham unga sezilmay qoldi. Ul qushlar kabi latif tovush chiqarmasliq qilib gilam ustidan yurib keldi-da, sekingina sham’ yonig‘a – Otabek qarshisig‘a o‘lturdi. Uning ko‘ynagining chiqarg‘an yengilgina shamoli bilan yonib turg‘an sham’ “lop” etdi-da, ko‘rishkandek, o‘ynashqandek bo‘ldi. Bu holdan kitob ustiga mukkadan ketib o‘lturg‘uchi cho‘chib, ko‘tarilib qaradi. Qarshisida Fuzuliy ta’biricha, sebi zanaxdoni (bag‘baqasi) negadir qizarib, novaki mijkoni bilan juftalangan haligi pari edi… Birinchi qarashdayoq kutkan ishining to‘g‘rilig‘ig‘a inondi va osiylar (gunohkor) kabi ko‘zini yerga tikdi. Ul Kumushdan itobomiz so‘zlar, achchig‘ xitoblar kutar; birinchi itobdayoq ota-ona gunohiga tavba qilishg‘a hozirlanar edi. Ammo ish ul kutkuncha chiqmadi. Kutilmagan joyda, go‘yoki uni bu og‘ir holdan qutqarmoqchi bo‘lgandek:

– Fuzuliy yaxshi kitob, – dedi Kumush, – men ham yolg‘iz qolg‘an kezlarimda bu kitobdan boshimni ololmas edim, sizammi?”[1]

Dilbar yozuvchimiz Abdulla Qodiriy ideali, ham botinan, ham zohiran go‘zal Kumush umr yo‘ldoshini mushkul vaziyatdan qutqaradi, adib orzusidagi zebo Kumush g‘oyat og‘ir, kundoshli bo‘lishday uqubatli yukni uhdasiga oladi:

“… – Men rozi, men ko‘ndim, – dedi daf’atan Kumush, bu so‘zni nimadandir qo‘rqg‘andek shoshib aytdi”…[2]

Bu lavhani, xususan, butun romanni his-hayajonsiz o‘qimay bo‘ladimi? Fuzuliyni “bosh ko‘tarmay” mutolaa qiladigan ma’nan go‘zal Kumush chigal tugunni yechadi, ya’ni Otabekning og‘ir holatini tushunadi. Ana shu o‘rinda yozuvchi ko‘plab ayollarimizga namuna, saboq bo‘ladigan manzarani keltiradi. Men bu bilan ayollarimiz har qanday vaziyatda ham albatta kundoshli bo‘lishga ko‘nsinlar, degan siyqa fikrni ifoda qilishdan yiroqman. Lekin birgalikda kechirmish hayotda shunday vaziyatlar bo‘ladiki, yuzaga kelgan sharoit oilani saqlab qolish uchun ayollardan nihoyatda oqilona qaror qabul qilishlarini talab etadi. Aytmoqchi bo‘lganim: oila – er-xotinga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyatni har bir kishi his qilib, shunga qarab ish ko‘rmog‘i ma’qul ekanligidir.

Asl tag-zaminiga ko‘ra Qodiriy bu romanida XIX asr o‘rtalari o‘lkamiz hayotini aks ettiradi, “ota-ona orzu-havasi”day o‘zbekning hali ham uchrab turgan bu odatini alam bilan qalamga oladi. Shu o‘rinda romanni mutolaa qilgan har bir kitobxon qalbidan Otabek bilan Kumush birgalikda barpo etgan oila qanday latif, ajoyib, mustahkam bo‘lishi mumkinligi kechmaganmikin? Ayni insonparvar yozuvchi sifatida Qodiriy kundoshlilik oqibatlari, oiladagi uchinchi odam, ya’ni ikkinchi xotinning qanday ishlarga qodirligi, uning alamzadaligi qanday dramalarga, o‘z eriga suyukli bo‘lmaslikday iztiroblar tufayli kelib chiqqan hasad tuyg‘ulari qanday fojialarga olib kelishi mumkinligini asl badiiy so‘z bilan namoyon etadi. Ana shu alamzadalik boshqa odam bilan baxtli bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan nainki Zaynabni, balki butun oilani mahv etadi.

Sharq adabiyotida ham, G‘arb adabiyotida ham oila qo‘rg‘oniga chetdan keltirilgan hujum, to‘g‘rirog‘i, begona odamning oila osoyishtaligiga daxl qilishi keskin qoralangan va bu daxldorlik hech qachon kechirilmagan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida yashab ijod qilgan taniqli italyan yozuvchisi Gabriyele d’Annuntsio o‘zining mashhur “Begunoh” romanida ayni oilaga qilingan tahdid, xiyonat oila qo‘rg‘onining darz ketishi va insonlar boshiga ne savdolarni solishi mumkinligini haqqoniy tasvirlab bergan. Oila instituti, qadriyatlari hamisha har qanday jamiyatda qadrlangan.

Ulug‘ rus shoiri Aleksandr Pushkinning “Evgeniy Onegin” she’riy romani yodingizdami? Mazkur she’riy roman ko‘p marta o‘zbek tilida chop qilingan. Dastlab ustoz Oybek, so‘ng shoir Mirzo Kenjabek talqinida o‘zbek tiliga o‘girilgan. Bu she’riy romanni o‘qir ekansiz, ulug‘ shoir dahosini his qilasiz, asl she’riyatdan bahramand bo‘lasiz.

Roman syujeti shunday: kiborlar jamiyatidan bezgan, zerikkan, mashhur rus tanqidchisi V. G. Belinskiy ta’biri bilan aytganda, “jamiyatda ortiqcha odam”ga aylangan asilzoda yigit Yevgeniy Onegin qishloqqa keladi. Qishloqda uni ta’sirchan, derazadan ko‘zini uzmay tinmay xayol surgan, kamgap, nozik, qo‘shni qiz Tatyana toza ko‘ngil bilan sevib qoladi. Shundayki, ko‘nglida junbishga kelgan his-tuyg‘ulardan shoshib qolgan qiz nihoyat muhabbati rad etilishidan ham cho‘chimay, dadillik bilan Oneginga maktub yozishga jazm etadi.

Ya k vam pishu – chego je bole?
Chto ya mogu yeshyo skazat?
Teper ya znayu, v vashey vole
Menya prezrenem nakazat.
No vы, k moyey neschastnoy dole
Xot kaplyu jalosti xranya,
Vы ne ostavite menya[3].

Ya’ni:

Xat yozurman sizga ne chora?
Yana ne ham ayta olurman?
Men bilaman, endi bir bora
Qahringizga balki qolurman.
Lekin qaro baxtimga zora
Ko‘rib zarra shafqatni ravo,
Ketmagaysiz tashlab benavo[4].

Tatyananing oppoq qor suvlari, tonggi shudring kabi beg‘ubor, samimiy muhabbati javobsiz qoladi, Onegin kiborlarga xos nazokat bilan qiz qalbini avaylab, uning sevgisini rad etadi. So‘ng Onegin duelda do‘sti Vladimir Lenskiyni otib, qishloqdan, balki vatanidan olislarga ketadi.

Oradan yillar o‘tadi. Bu orada Tatyana generalga turmushga chiqadi. Yevgeniy Onegin chet ellardan vataniga qaytib keladi. Peterburgdagi bir balda maftunkor, sohibjamol xonim uning e’tiborini jalb etadi. Taqdir o‘yinini qarangki, bu vazmin, go‘zal knyaginya xonim Tatyana bo‘lib chiqadi. Endi Onegin kiborlar olamida eng sohibjamol ayolga aylangan Tatyanani qaytadan kashf etadi, unga oshiqu beqaror bo‘lib qoladi.

Tatyanani telbalarcha sevib qolgan Onegin ayol izidan qolmaydi, uning bir qarashiga, bir tabassumiga, bir og‘iz so‘ziga mahtal bo‘ladi. Tatyana esa go‘yo eski sevgilisini ko‘rmaydi, ishq dardidan adoyi tamom bo‘lgan oshiq holiga zarracha parvo qilmaydi. Unga hamma qatori nihoyatda vazminlik va odob bilan muomala qiladi. Romanni o‘qir ekansiz, shoir ideali Tatyanani muallif kabi siz ham sevib qolasiz, avvalo, uning nihoyatda irodaliligi, vazminligi, oqilaligi har qanday hurmatga sazovorligi xayolingizga keladi.

Nihoyat, Onegin ishq azobu qiynoqlariga chiday olmay Tatyanaga maktub bitishga majbur bo‘ladi. Uning ishqiy maktubi javobsiz qoladi. Baribir Onegin o‘jarlik bilan ayolga maktub ketidan maktub yo‘llayveradi. Axiri Oneginning ishqiy nomalaridan bezgan Tatyana unga so‘nggi, uzil-kesil qarorini aytadi. Mana, oradan ikki asr o‘tibdiki, Tatyananing bu qarori hamon son-sanoqsiz kitobxonlar auditoriyasini hayratda qoldirmoqda, shoir dahosi yaratgan chin insoniy vafo-sadoqat timsoliga aylangan benazir Tatyana obrazi necha-necha avlodlarni tarbiyalab kelmoqda. Tatyana Tangri huzurida barpo etilgan oilani muqaddas biladi, umr yo‘ldoshiga vafoni har qanday ko‘ngil mayllaridan, ko‘nglidagi otashin muhabbatidan ham ustun qo‘yadi.

“A schaste bыlo tak vozmojno,
Tak blizko!.. No sudba moya
Uj reshena. Neostorojno,
Bыt mojet, postupila ya?
Menya s slezami zaklinaniy
Molila mat, dlya bednoy Tani
Vse bыli jrebii ravnы…
Ya vыshla zamuj. Vы doljnы,
Ya vas proshu, menya ostavit;
Ya znayu: v vashem serdtse yest
I gordost, i pryamaya chest,
Ya vas lyublyu (k chemu lukavit?),
No ya drugomu otdana;
Ya budu vek yemu verna”.[5]

Ya’ni:

“Baxt bo‘lsa-chi, naqadar mumkin,
Yaqin edi naqadar!.. Endi –
Taqdirim hal. Ehtimol u kun
Xomlik qildim. Qancha yalindi
Ko‘zyosh bilan avrab onam ham,
Oh, Tatyana sho‘rlikka u dam
Hamma narsa baribir edi…
Turmush qildim oqibat… Endi
Iltimosim, tinch qo‘ying bizni.
Men bilaman, qalbingizda bor
Ham g‘urur, ham sobit, baland or,
(Yolg‘on nechun?) Sevaman sizni,
Nasib etdim boshqaga faqat;
Unga sodiq qolurman abad”.[6]

Shu o‘rinda ko‘nglimga bir tilak keldi: qani edi o‘sha sotsiolog dugonam aytgan turmush qurgach, topishgan eski oshiqlar A. S. Pushkinning ushbu she’riy romanini o‘qisalar, keyin mulohaza qilsalar, o‘z qilmishlaridan andak xijolat tortsalar… Avvalo, jamiyatimizda yuz berayotgan ana shunday ko‘ngilsiz holatlar kishilarning ma’naviy puchligidan, ko‘ngil qashshoqligidan kelib chiqishi tabiiy. Hozirgi kunda yoshlarimiz gazeta do‘konlarida qalashib yotgan, qo‘liga tushgan rang-barang, sariq matbuotga oid gazeta-jurnallarni o‘qiydilar, niyati badiiy asar yaratish emas, picha pul ishlab olish ilinjida “mardikor” qalamkashlar yozgan, sira tortinmasdan, uyalmasdan, qissa, hikoya, deb e’lon qilgan oldi-qochdi savdolarni o‘qiydilar, kinoteatrlarimizda professional filmlarni emas, kino san’atini tushlarida ham ko‘rmagan tijoratchi “kinochilar” ishlagan siyqa filmlarni ko‘radilar. Keng, global Internetdan ham ana shunday g‘arib maqsadlari yo‘lida foydalanadilar. Buning oqibati o‘laroq, sayoz ma’lumotlar, siyqa tanishuvlar oddiy holga aylanadi. Avvalo Internetdan kishi o‘z bilimlarini oshirishi uchun foydalanishi kerak emasmi? Ana endi ular o‘zlariga kimni, qaysi obrazni namuna deb bilsinlar? Ular asl san’at bilan tanishmasalar, muzeylarga, teatrlarga bormasalar, chin adabiyotni bilmasalar…

Taniqli ingliz adibasi Jeyn Ostinning mashhur “G‘urur va xato” romani bizga ham tanish. Turli kino kompaniyalari ushbu roman asosida ko‘p marta film ishlagan. Ekranlashtirilgan romanning har bir variantida Jeyn Ostin ruhi saqlab qolinishiga harakat qilingan. Ya’ni romanda oila an’analari, ya’ni oilaning ham bir kichik mamlakat singari o‘z qonun-qoidalari borligi ko‘rsatib berilgan. Adiba tavallud topgan oilada ham kitob mutolaa qilish an’anasi hukm surgan. Jeyn Ostinning allaqachon ingliz adabiyoti durdonalariga aylangan to‘rt romani ham oilada mavjud kitob o‘qish an’anasi mahsulidir.

Aksariyat o‘zbek xonadonlarida ham butun oila jam bo‘lib kitob o‘qish an’anasi bo‘lgan. Yaqin-yaqingacha tancha atrofida o‘tirib, davra bo‘lib kitob o‘qilgan. Keyin o‘qilgan kitob oila davrasida muhokama qilingan. Mutolaa kishining ongi shuuriga yetib, qalb boyligini oshirishga xizmat qilgan. Shunday mutolaalarda ko‘ngil boyligi ortgan otalarimiz, onalarimiz bir-birlariga, xususan, oilaga sadoqat bilan munosabatda bo‘lganlar.

Jahon tarixida necha-necha tarixiy shaxslar hayoti, ularning o‘z jufti, oilasiga vafo-sadoqati haqidagi ibrat bo‘larli voqea-hodisalar ko‘p uchraydi. Buyuk shaxslar muhabbati, sadoqati tillardan tillarga ko‘chib, afsonalarga aylangan. Bunday shaxslar hayoti, sadoqati ko‘ngillarda ezgu tuyg‘ularni uyg‘otib, kishilarga vafo-sadoqat sabog‘ini berishi tayin.

“Jinoyat va jazo”, “Aka-uka Karamazovlar”, “Telba” kabi ajoyib asarlari bilan jahon adabiyotini boyitgan ulug‘ rus yozuvchisi F. M. Dostoyevskiy bu dunyodan o‘tar chog‘i xotini Anna Grigorevnaga dil rozini izhor etadi: “Men senga hatto xayolimda ham xiyonat qilmadim…”

XX asrning zabardast kino ustasi, mashhur italyan kinorejisseri Federiko Fellini san’atda neorealizm yo‘nalishini ilgari surdi va shu oqimda ajoyib filmlar yaratdi. Uning “Yo‘l”, “Amarkord”, “Orkestr mashqi” kabi filmlari kino ijodkorlariga yaxshi maktab vazifasini o‘taydi. Kinorejisserning ijodda baland cho‘qqilarga ko‘tarilishiga bir odam unga kamarbasta bo‘lgan, hamisha yonida turgan. Bu ayol – Federiko Fellinining rafiqasi, safdoshi, aktrisa Juletta Mazinadir. Ularni XX asrning eng romantik juftligi deb ataydilar, ularning bir umrlik vafo-sadoqatga misol bo‘la oladigan muhabbat tarixi hamon tillarda doston.

Hindistonning Agra shahrida betakror obida bor. Jahonning yetti mo‘jizasidan biri sanalgan bu obida muhabbat, vafo-sadoqat qasri deb ham ataladi. “Toj Mahal” deb nomlangan mazkur masjid-maqbara boburiy hukmdor Shoh Jahon tomonidan suyukli rafiqasi Mumtoz Mahal xotirasiga barpo etilgan. Mazkur muhabbat qasri bunyod etilishiga 1632 yildan 1653 yilga qadar – yigirma yildan ziyod vaqt sarflangan. Ma’lumki, Mumtoz Mahal o‘n to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirayotib, olamdan o‘tadi. Suyukli xotinining o‘limidan g‘oyatda kuygan, azob chekkan Shoh Jahon ushbu obidani bunyod etish bilan rafiqasi xotirasi oldida o‘zini burchli sezadi, seviklisiga o‘z sadoqatini ifoda etadi.

Aytishlaricha, “Toj Mahal” yodgorligi marmarlari kunduz kuni oppoq, tonggi saboda pushti, oydin oqshomda esa kumush rangda tovlanar emish.

“Toj Mahal” yodgorligi hamon umrboqiy muhabbat, asl insoniy vafo-sadoqat ramzi bo‘lib, tabiatning turfa ranglarida jilva qilib turibdi.

———————-

[1] Abdulla Qodiriy. O‘tkan kunlar. Mehrobdan chayon., Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1992, 122-bet..

[2] O‘sha joyda, 123-bet.

[3] A.S. Pushkin. Polnoye sobraniye sochineniy, 5-tom, izd. «Nauka», Leningrad, 1978, str.60.

[4] A. S. Pushkin. Yevgeniy Onegin. Mirzo Kenjabek tarjimasi, Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1988, 79-bet.

[5] Tam je, str. 162.

[6] O‘sha joyda, 209-bet.