To‘y – millat ko‘rki, ta’bir joiz bo‘lsa, uning yuzi. Unda millatning o‘tmishi bugungi ahvoli, moddiylikdan to ma’naviy qiyofasigacha aks etadi. Bu ko‘zgudan eng avvalo to‘y «aybdorlari» – kelin va kuyov joy oladilar. Kelinning qarindoshlari kuyovni kuzatsa, kuyov tomon kelinga qiziqadi. Ko‘zgu – baribir ko‘zguda. Unda hamma narsa bor holicha ko‘rinadi. Men ham yaqinda ko‘zgudagi juda ajablanarli holatga guvoh bo‘ldim.
Bir obro‘li xonadonning to‘yi uchun hashamatli restoranlardan biri tanlangan ekan. To‘y boshlandi, kelin-kuyov bir-biriga uzukka ko‘z qo‘ygandek mos. O‘zlariga ajratilgan joyda o‘tirisharkan, ularga hamma havas bilan qarardi. Ayniqsa, kelinga… Sababi, ba’zi ko‘rinishi shart bo‘lmagan joylari ochiq holda kiyingan kelinning yuzida ham parda ko‘rinmasdi. U biz bilgan kelinlar kabi uyalib, yerga qarab o‘tirmasdi. Balki, bugungi holatidan xursand ekanligini oshkora namoyish qilib, kuyov bilan «o‘tgan-ketgan»dan suhbatlashib o‘tirardi.
Mehmonlar choy ichib, dasturxonga qo‘l uzatgan bir paytda sahnada arabcha raqs boshlandi. Qaysidir raqs guruhi yarim yalang‘och holda naq o‘n besh daqiqa «tomosha ko‘rsatdi». Davradagi erkaklar-ku u-bu narsa totingan kishi bo‘lib vaqt o‘tkazishdi. Ammo ayollar bir-birlariga qarab, yelka qisib qo‘yar, sahnaga qarasholmasdi. Endi raqs tugab yengilroq nafas olgan ham edikki, ketidan ispanchami, tsiganchami raqs ulanib ketdi. Va nihoyat, ulardan keyin allaqaysi raqs dastasi o‘zbekcha qo‘shiqqa raqsga tushishdi. Biroq bu paytda davraning mazasi qolmagandi.
«Hozir hamma to‘ylar stsenariy asosida bo‘layotgan ekan deyishgandi, rostdan ham shunaqa ekan-da», – ayollar shunday deb o‘zlarini ovutishdi. Men esa stsenariyli to‘yning davomi qanday bo‘lishini kutdim. Birinchi ovqatdan keyin kelin-kuyovni davraga taklif qilishdi. Ular ham bir-birlaridan tabassumlarini ayamay chiqisharkan, to‘yxonadagi qizlar shirin entikib qo‘yishdi. Kutilmaganda davrada vals e’lon qilindi va shunga monand kuy yangray boshladi. Kelin-kuyov esa hammaning guvohligida valsga tushishdi. Aytishlaricha, ular buning uchun to‘ydan bir oy oldin tayyorgarlik ko‘rishgan ekan. Shundanmi, har ikkovi o‘zlarini ancha erkin tutishar, kelinchak ham kuyovning bag‘rida qushdek uchardi. Ko‘pchilikning ko‘zini quvnatgan vals to‘xtovsiz olqishlarga sabab bo‘ldi. Keyin kelin-kuyov to‘y tortini kesib, bir-birlariga yedirib qo‘yishdi va ozginadan shampan vinosidan ham ichishdi.
Men esa ko‘rayotganim chet el kinosimi yoki o‘zbegimning to‘yimi, deb hayratdan yoqa ushladim. O‘sha davradagi ayollarning aytishlaricha, endi hamma to‘ylar shunday o‘tarkan. Bilmadim, balki men zamondan orqada qolgandirman, balki bu yangilikni hazm qila olmayotgandirman. Biroq, oppoq libosdagi farishtadek qizni kelinlik olamiga vals emas, balki «Yor-yorlar» qurshovida kuzatsak, to‘yda qandaydir betayin o‘yinchilar emas, karnay-surnaychilar bo‘lsa, chiroyliroq bo‘lmasmikan?
Eng achinarlisi, ushbu to‘yda qatnashgan el suygan san’atkorlarning chiqishlariyu, noz ne’matga to‘la dasturxon ham kimlargadir tatimadi. Va bu jarayonda to‘yboshilar ham to‘yni boshqarolmay qolishdi. To‘y stsenariy asosida bo‘lsa nur ustiga nur. Lekin stsenariy to‘yning fayzli, tinch o‘tishini ta’minlashi kerak emasmi? Demak, bunday to‘ydagi «stsenariylar» kimlarningdir chala-yarim dasturlari asosida tuzilyapti. Ammo u to‘y egasiga yoki mehmonlarga nima beradi? Essiz, shuncha sarf-xarajat deb kattalar achinar. Zo‘r bo‘ldi, der tomoshabin mehmonlar. Ammo yoshlar-chi? Ertaga bo‘yi yetgan qizlar, dugonam valsga tushdi, demak men ham shunday qilaman, deb yoppasiga vals tushishni o‘rganmaydi yoki o‘zini shunga tayyorlamaydi deb kim kafolat beradi? Kuyov bo‘lmish yigit ham men o‘zimning stsenariyimga qarab ish tutaman deya olmay, harir libosdagi navnihol qizni hammaga ko‘z-ko‘z qilganday o‘yinga tortib tursa, yigitning nomusi-sha’ni, qizning sharm-hayosi qayerda qoladi?
Zuhra Boboxo‘jayeva
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.