«Valentin kuni» nomi bilan kirib kelgan bu «bayram» ham aslida missionerlarning nayranglaridan biri hisoblanadi. Chunki millatni buzish, mamlakatni tanazzul eshigiga olib kelishning eng mashhur yo‘li – uning yoshlarini zaharlash. Odam zoti qiziq-da, bir yangilik ko‘rdimi, uning ortidan bir ergashib ko‘rishi kerak. Yaqin-yaqinda yurtimizda 14 fevral umuman boshqa bayram sifatida nishonlanar edi. Bu kunda Mirzo Bobur tavallud topganligi milliy g‘urur sifatida e’tirof etila boshladi. Xo‘p, bunisiga-ku, chidasa bo‘lar, ammo oxirgi «variant» – «sevishganlar kuni»ga nima deysiz? Tag‘in, uning jarangdor nomi ham bor – Valentin kuni!
Ba’zilar bizning bu so‘zlarimizga qarshi chiqishlari mumkin: «Yo‘g‘e, hali butun boshli xalq qabul qilmagan narsani unga tirkab qo‘yish yaxshimas», deb. Biz ham bu e’tiroz rost bo‘lsa qaniydi, deymiz. Ammo voqe’likda bunday emasligi kundek ravshan-da!
Ishonmagan odam bo‘lsa, marhamat, 14 fevral kuni mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan bir qator radiokanallarni tinglab ko‘rishsin. Telefon qo‘ng‘iroqlarining 98 foizi tarixi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan «Valentin kuni» xususida. Yigit-qizlar bir-birini tabriklagan, bugun bizning kunimiz ekan, deb, ota-onalari eshitsa yoqa ushlaydigan «sevgi izhorlar»ni efir to‘lqinlari vositasida yetkazib olishadi.
«Bu kun o‘zi qanday kun, nega dabdurustdan kelib qoldi, balki uning ortida katta falokatlar kelayotgandir?» degan savolni beradigan saviyali yoshlar kamdan-kam topiladi. Hamma yangi «bayram» paydo bo‘lib qolganidan boshlari osmonda…
Tarix sahifalariningxira tortgan hoshiyalarida Valentin degan shaxs haqida aniq-tiniq ma’lumotlar yo‘q. Lekin, nasroniy diniga mansub tarixshunoslarning qayd etishlaricha, bu inson o‘z zamonasida sevishganlarni bir-biriga uchrashtirib qo‘yish bo‘yicha «mutaxassis» bo‘lgan. Taxminan eramizdan uch asr oldin Rimda joylashgan Tern shahrida tug‘ilgan bu inson aslida rohib bo‘lgan va keyinchalik o‘z kasbiga hilof ish qilib, «muhabbat maktublari»ni bitish yo‘liga o‘tib ketgan. Valentinning hayot yo‘li Rim imperatori Klavdiya II davriga to‘qnash kelib qoldi. Qonli urushlar rejasini tuzgan sulton o‘z askarlarini jangda holdan toymasliklari uchun g‘alati qaror qabul qilgan edi: «Birontang uylanmaysan, qizlar bilan uchrashmaysan!!!»
Valentin bu qarorga birinchilardan bo‘lib qarshi chiqdi va imperator tomonidan qamalganidan so‘ng ham, turli maktublarni zindon qa’ridan chiqarishda bardavom bo‘ldi. Oxiri uni qatl etishdi. Turli rivoyatlarga ko‘ra, yosh rohib zindon xo‘jayinining ko‘zi ojiz qiziga muhabbati tushib qolgan. O‘limidan bir kun oldin, ya’ni 13 fevral kuni uning ko‘zlarini tib yo‘li bilan davolagan.
Xullas, Valentin degan shaxs nasroniylar olamida «Muhabbat qurboni» deb ta’riflanadi. Ammo Rim imperatori o‘sha davrlarda provaslavlarga qarshi muxorabalar maydonini tashkil etgani bois, slavyanlar Valentin degan shaxsni e’tiborga olishmaydi. Qisqa qilib aytganda, MDH davlatlarining xristianlari («Valentin kuni»ni bayram qilib nishonlashmaydi.
… Mana shu nuqtada o‘ta alam qiladigan jihatbor. Yoshlarimiz o‘zlariga bayram qilib olgan kun aslida diniy urf, boshqa bir millat va boshqa e’tiqod vakillarining ayyomi. Demak, bu narsa bilan hazillashmaslik lozim. Payg‘ambarimiz o‘z hadisi shariflarida kim qaysi qavmga taqlid qilsa, o‘sha qavmdan bo‘lib qolishi xususida ogohlantirganlar.
Valentin degan shaxsning tarixda qanday inson bo‘lganligi haqiqatini Alloh biladi. Biz bugun u inson haqida gapirmoqchi emasmiz. Balki, o‘zimizning holatimiz haqimizda so‘z yurityapmiz. «Valentin kuni» nomi bilan kirib kelgan bu «bayram» ham aslida missionerlarning nayranglaridan biri hisoblanadi. Chunki millatni buzish, mamlakatni tanazzul eshigiga olib kelishning eng mashhur yo‘li – uning yoshlarini zaharlash. Boshqa mafkura, o‘zga e’tiqod va botil bayramlar orqali hissiyotga ergashuvchan yoshlarni o‘z yo‘liga burish maqsadi aynan 14 fevral bilan bog‘liqdir. Chunki bu kun ruslardan kirib kelgan, desak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Yuqorida aytib o‘tdik, provaslavlar uchun Valentin hech kim emas. «Valentin» degan rohib ostida yurtimizga kirib kelgan nayrangbozlar hamma tomonni chiroyli so‘zlar bilan to‘ldirib tashlashdi.
«Biz mehrga tashna kishilarmiz!», «Xudovand hammani yaxshi ko‘radi, biz ham sizni sevamiz!», «Bir-birimizni chin dildan sevsak, Xudo ham bizni sevadi!» degan ko‘rinishidan chiroyli, ammo tagida jiddiy maqsadlar yashiringan shiorlar yosh avlod ichida keng suratda tarqatildi. Bayramlarning nomini «muhabbat» atalmish nozik tuyg‘uga hamohang tarzda yangrashi esa, aqldan ko‘ra hissiyotni ustun sanaydigan avlodni sarosimaga solib qo‘ydi. Natijada, missionerlar, yana bir bora qaytarib aytamiz, nasroniylar emas, balki missionerlar 14 fevralga jiddiy hujum uyushtirishdi. Bu hujumlar alal oqibat kurtak ochdi, Uzbekistonda faoliyat olib borayotgan radiokanallarda bu o‘z aksini topdi.
Yurt taraqqiyoti uchun bel bog‘lagan har qanday inson bir ishga qo‘l urishdan oldin, yaxshilab o‘ylaydi: Bu ish menga foyda bersa ham, yurtimga zarar berib qolmasmikan?!
Biz mana shu savolni «Valentin kuni»ning targ‘ibotchisiga aylanib qolgan hamkasblarimizga bermoqchimiz. Bugun ko‘zimizni ochmasak, ertaga kech bo‘ladi. Kelajak avlod biz haqda o‘qiganda, yo eshitganda, nayrangbozlar yo‘liga xizmat qilgan nobakorlar safida tilga olmasin. Bolalariga «amerikancha» hayotni o‘rgatgan betayinlar, deb o‘qimasin. Balki, hammamizga biz haqimizda bemalol «millat fidokorlari» degan ta’rifni bera oladigan buyuk kelajakni qoldirish nasib etsin!!!
“Odamlar orasida” gazetasidan