Erkin Vohidov. Gyote yurgan yullardan (1974)

Toshkent bilan Berlin o‘rtasida to‘rt ming kilometrga yaqin masofa bor. Lekin do‘stlik yiroqni yaqin qiladi, deb bejiz aytilmagan.

Har yili «GDR— Berlin» adresi bilan tamg‘alangan minglab toy Paxtalar O‘zbekistondan to‘ppa-to‘g‘ri Germaniya Demokratik Respublikasiga yo‘l oladi. GDRning texnikaviy ashyo-asboblari esa bizning laboratoriyalar, korxonalar ko‘rki hisoblanadi. Biz GDR markasi urilgan kursilarda o‘tirib nemis linotiplarida bosilgan rangin jurnal va kitoblarni o‘qib dam olamiz. Nemislar, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xivaning kundalik mehmonlari. Do‘ppi kiygan yigitlar, atlas kiygan qizlarni Berlin, Leyptsig, Drezden, Veymar ko‘chalarida ko‘rganlar ajablanmasa bo‘ladi.

Xalqlarning munosabati adabiyotlar munosabatida o‘z ifodasini topadi. O‘zbek kitobxonlari Shiller, Geyne, Bexer, Zegers asarlarini o‘z tillarida o‘qiganlaridek, nemislar ham Navoiy, Hamza, Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Zulfiya asarlarini yaxshi biladilar.

Men bu yil ko‘p vaqtlardan beri tarjima qilayotganim «Faust»ning ikkinchi qismini ham tugatib nashriyotga topshirdim. Bu O‘zbekiston va GDR hayotida muhim sanalar hisoblangan mana shu yilga to‘g‘ri kelgani men uchun ayniqsa quvonchli ish bo‘ldi. O‘zbekiston va Germaniya Demokratik Respublikasi bu yil oktyabr oyida o‘zlarining oltin va kumush to‘ylarini nishonlaydilar. 7 oktyabrda GDR 25 yoshga kiradi, 27 oktyabrda O‘zbekiston respublikasi ellikka to‘ladi. Bu yil nemis xalqining buyuk farzandi, «Faust» muallifi Gyote uchun ham muhim sana. Butun taraqqiyparvar insoniyat Gyotening 225 yilligini nishonlash arafasida turibdi.

O‘zbekiston va GDR to‘ylar arafasida turgan shu kunlarda men ikkala respublikaning, oltin va kumush to‘y egalarining o‘tmishi va hozirgi kuni to‘g‘risida o‘ylayman.

Ularning har ikkisi ham o‘tmishda ko‘p zahmatlar chekkan. Hech bir mamlakat Germaniyachalik, O‘zbekistonchalik feodal tarqoqlik uqubatlarini uzoq tortmagan bo‘lsa kerak. Gertsoglar gertsoglarga qarshi, xonlar xonlarga qarshi qo‘shin tortdilar. Urush kulfatini esa bauerlar va dehqonlar ko‘rdilar. Har ikkala mamlakat ham jahonga buyuk shoirlar va qomusul a’lamlarni berdi, shu bilan birga ulardan qattol jahongirlar ham yetishdi. Lekin tarix jahongirlarni zabun qildi, xalqlar esa yiqilgan joyidan turib yana qura berdilar, yashay berdilar.

Bugunda O‘zbekiston ham, Germaniya Demokratik Respublikasi ham yuqori darajada rivojlangan industriya va qishloq xo‘jaligi respublikalaridirlar.

Gyotening «Faust»ida bunday satrlar bor:

Xuddi shunday, mehnat, kurash va havas
Band aylasa yoshu keksa, har kimni.
Shunday kunda ko‘rsam edim bir nafas
Ozod diyorimni, ozod xalqimni.

Buyuk shoirning ezgu umidlari bugungi Germaniya Demokratik Respublikasida o‘z ifodasini topdi.

Mana, men Berlin ko‘chalarida sayr qilib yuribman. Oqshom. Unter den Linden ko‘chasidan Brandenburg darvozasiga qarab yuraman. O‘ng tomonda urush yarim vayron qilgan ulkan ibodatxona. Beixtiyor Bibixonim xarobasi yodimga keladi. Shunday ajoyib obidalarni tiklagan va yakson qilgan insonning oqilligi va johilligiga bir haykaldek bo‘lmish bu binoga qarab, nahotki insoniyat tarixi mangu shunday kamol va zavoldan, rivoj va torojdan, kurash va nurashdan iborat bo‘lsa, deb o‘ylayman. Nahotki tarix qaytarilsa… «Yo‘q, qaytarilmaydi, — sof o‘zbek tilida javob beradi menga ovoz, — hech qachon qaytarilmaydi». Bu frau Dorio Shults. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan nemis qizi. Nemis tiliga tarjima qilingan qator o‘zbek kitoblarida, bu kitoblar bo‘yicha qilingan mlmiy mshlarda, xususan nemis tilida tuzilayotgan o‘zbek tilining izohli lug‘atida doktor Dorio Shults xonimning katta mehnati bor. O‘zbekistonda uni Dilorom deb taniydilar.

Diloromxonim Navoiy g‘azallarini yod o‘qiydi. Men Gyote she’rlarini o‘qib javob beraman. Universitet yonidan o‘tib boramiz. Aka-uka Gumboldtlar pedestaldan bizga qarab qoladilar. Men xursandman. Ertaga nemis she’riyatining yuragi bo‘lgan shaharga, Gyote va Shillerlar xoki turgan qutlug‘ maskanga, jahon she’riyatining gultoji bo‘lgan «Faust» yaratilgan vatanga — Veymarga yo‘l olishim kerak.

* * *

Veymar.

Erfurt okrugida joylashgan, bugunda aholisi yuz mingga yaqin bo‘lgan bu shahar o‘n sakkizinchi asrning ikkinchi yarmi, o‘n to‘qqizinchi asrning birinchi yarmi davomida butun G‘arb olami adabiyoti, she’riyatining markazi bo‘lgan. U davr umumjahoniy daholar — Gyote, Shiller, Gerder, Vilandlar yashab ijod qilgan, nemis adabiyoti va teatri Ovrupoda yetakchi mavqeni egallagan bir davr edi. Veymarni nemis xalqining Hiroti desa bo‘ladi.

Veymardagi Fraunplats maydonida butun insoniyat uchun muqaddas bo‘lgan bir uy bor. Bunda bashariyatning daho shoiri Iogann Volfgang Gyote ellik yil yashagan va «Faust», «Vilgelm Meyster», «G‘arbi Sharq devoni» singari sonsiz sanoqsiz dramatik, epik, lirik asarlar bitgan, «Poeziya va haqiqat», «Italiya sayohati» kabi xotiralar, «Ranglar haqida ta’limot» singari ilmiy, falsafiy san’atga oid asarlar tasnif qilgan.

Veymar sayohatini mana shu tabarruk uyni ziyorat qilishdan boshladik.

Buyuk so‘z ustasining ulkan hayot yo‘li va boy, ko‘p-qirrali ijodi butun ulug‘vorligi bilan, qarama-qarshiliklari bilan ko‘z oldimdan o‘tadi. Sanoqsiz xonalar menga betinim o‘qish, o‘rganish, mehnat va ijod bilan kechgan sakson uch yillik umrning sahifalarini birma-bir ochadi.

Gyotening tafakkur olami haqiqatan behududdir. Gertsoglikda tutgan mavqei, davlat, siyosat ishlari bilan ko‘p shug‘ullanganligi, gertsog bilan-shaxsiy do‘stligidan foydalanib yurtda adolat va ma’rifat hukmronligi uchun kurashganligi uni bir jihatdan Alisher Navoiy bilan yonma-yon qo‘yadi. Adabiyot, san’at va ilmning juda ko‘p sohalarida qalam tebratgani bilan esa o‘rta asrning buyuk qomusul a’lamlariga barobarlasha keladi.

Falsafa, tilshunoslik, san’at nazariyasi, botanika, geologiya, mineralogiya, zoologiya, solishtirma anatomiya, fizika, ximiya… — buyuk shoir betinim shug‘ullangan ilm sohalarining to‘la bo‘lmagan ro‘yxati bu. Qo‘lyozmalar… toshlar… so‘ngaklar… qushlar… hayvon suratlari… Shoirning‘ rassomlik san’atiga ham qoyil qoladi kishi. Uning qo‘li bilan qalamda ishlangan rafiqasi Kristiananing uyqudagi surati benihoya nafis va tabiiy chiqqan.

Gyote o‘z zamonida mavjud bo‘lgan hamma ilm balan shug‘ullanganiga qaramay, ba’zi bir sohalarda ilmiy kashfiyotlar qilganiga qaramay (u insondagi jag‘-o‘rta suyakni kashf qilgan), uning ulkan talanti asosan so‘z san’atida namoyon bo‘lgan. Gyotening shahardagi uyi ham, shahar chetidagi bog‘ hovlisi ham shoir tirikligida qanday bo‘lsa shunday saqlangan va ularda betinim ijodiy mehnat muhiti ko‘rinib turibdi.

Veymar ikki buyuk dahoning ajralmas do‘stligiga guvoh bo‘lgan shahar. Bu yerda Gyote va Shiller yonma-yon turib ijod qildilar, hamyurt, hamdavrgina emas, hammaslak bo‘lib nemis adabiyoti rivoji uchun, nemis teatri kamoli uchun kurashdilar. Ular bugun ham Veymardagi tarixiy qabristonda bitta maqbara ichida yonma-yon yotibdilar.

Demokratik Germaniya hukumati Veymar obidalarini saqlash, bu yerda yashagan buyuk mutafakkirlarning merosini to‘plash va ularni xalq ommasinvng ma’rifati uchun xizmat qildirish bo‘yicha katta ishlar qilmoqda. Veymardagi «Klassik nemis adabiyoti obidalarini saqlash va o‘rganish milliy instituti» deb atalgan ilmiy tashkilot 1750—1850 yillarni o‘z ichiga olgan davr bo‘yicha qo‘lyozmalar, ilmiy manbalar, turli hujjatlarni yig‘ish, nashr qilish, tekshirish, qiyosiy o‘rganish, targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Bu institutning arxivida sakkiz yuz mingdan ortiq qo‘lyozma bor.

Institut qoshidagi nemis klassikasi markaziy kutubxonasida 760 ming tomdan ortiq kitob saqlanadi. Bundan 12 000 tomi faqat «Faust» nashrlaridan iborat. Bu kutubxona jahonning hamma iashriyot va kutubxonalari bilan doimiy aloqa qilib turadi. Nemis klassiklarining deyarli hamma nashrlari dunyoning hamma burchaklaridan shu kutubxonaga oqib keladi.

Kutubxonaning «Faust» bo‘limiga sayohat yarim kun davom etdi. Bu yerda jahon tillarining deyarli hammasiga necha-necha bor tarjima etilgan «Faust»ning rang-barang nusxalarini ko‘rish mumkin.

Mana ular — arab tilida 1919 va 1959 yillarda nashr etilgan, xitoy tilida, turk, urdu, bengal, qadimgi yahudiy, hozirgi zamon yahudiy tili, tatar, qozoq, koreys tillarida — chop etilgan nusxalar. Men Yevropa tillaridagi nashrlarni aytmayman. Birgina ingliz tilida 1821 yildan 1963 yilgacha, qayta nashrlarni hisobga olmaganda, 206 marta yangi nashr bosilgan. «Faust» umumjahsn sun’iy tili — esperantoga ikki marta, birinchi gal 1923 yili, ikkinchi gal 1949 yili tarjima qilingan. Kutubxonada hammasi bo‘lib 48 kishi, shu jumladan sakkiz ilmiy xodim xizmat qiladi.

Ishning umumiy hajmiga qaraganda butun jahondan kitoblar sotib olish, kataloglar tuzish, bibliografiya, informatsiya ishlari…— bunday katta kutubxona uchun xizmatchilar soni kamroq. Lekin kitoblar shunday tartib bilan terilgan va bo‘limlarga ajratilganki, istalgan tildagi istalgan nashrni daqiqalar ichida qo‘lingizga topib beradilar.

Men nemis xalqiga xos bo‘lgan aniqlik va intizomga yana bir marta qoyil qoldim.

Mana, bizga kutubxona uchun ajratilgan vaqt tamom bo‘ldi. Lekin bu kitoblar dunyosidan ajralib ketish nihoyatda qiyin. Ne ilojki programma bor, oldinda bizni Gyote yurgan yo‘llar chorlab turibdi. Erta tongda Garts tog‘ligiga, Vernigeroda, Magdeburg shaharlariga yo‘l olishimiz kerak. Bizni Leyptsig, undagi Auerbax mayxonasi, Drezden shahri va jahonga mashhur galereya kutmoqda.

Kutubxona direktori biz bilan iliq xayrlashadi. Men unga o‘zbek do‘ppisi va bir kitob beraman. Veymar kutubxonasining javonidan o‘n ikki ming birinchi bo‘lib o‘zbek tilida nashr etilgan «Faust» ham joy oladi.

1974