1. ERTAKLARDAGIDEK ShAHAR. BIROQ…
Bir tup mevali daraxtga bolta ko‘targan odam minglab kishilar dasturxonidagi rizqni oyoq osti qilayotganini bilarmikan?
Abdulatif ota Tursunov, keksa bog‘bon
Hindiston yarim orolining ulkan shoiri, hind taraqqiyparvar Yozuvchilar uyushmasi prezidiumining raisi, yaqin do‘stimiz G‘ulom Rabboniy Tobon janoblari yaqinda shahrimizda mehmon bo‘lib, qiziq bir gap aytib qoldi:
— Men Toshkentga kelib, hassasini yo‘qotgan odamga o‘xshab qoldim. Adashib qolishdan qo‘rqib, musofirxona atrofidan nari ketolmayapman. Chunki shahar shu darajada o‘zgarib ketibdiki, tasavvur qilish qiyin. Bugun meni butun Toshkent bo‘ylab bir aylantirsangiz!
Kun bo‘yi shahar kezdik. Osmono‘par imoratlar, ma’muriy binolar, san’at koshonalari, bejirim kvartallarni tomosha qilib yurarkanmiz, mehmon jo‘shib ketar, nuqul: «Toshkent ertakdagidek shahar bo‘pti, qoyil!» derdi.
Kechqurun shoir Toshkentga bag‘ishlangan yangi g‘azalini o‘qib berdi. Ko‘p o‘tmay bu g‘azal Hind elida matbuot sahifalarida e’lon qilindi. Butunhindiston radiosi mushoirasida o‘qildi.
Go‘zal poytaxtimiz sha’niga aytilgan bu madhiyalarni eshitib g‘ururlanmay bo‘ladimi!
Ammo har kimda ta’b har xil bo‘larkan: Toshkentning shundoq biqiniga joylashgan pansionatda dam olayotib er-xotin Chernovlar bilan tanishib qoldim. Ular Oltoydagi M. I. Kalinin nomli traktor zavodining ilg‘or ishchilari ekan.
Valentin Lavrentovich Chernov oldinlari ham ish yuzasidan respublikamizda ko‘p bo‘lgan. Endi o‘n yillardan so‘ng dam olish bahonasida rafiqasi bilan biz tomonlarga yana kelibdi.
Bir kuni shahar aylanib yurib, u menga yorilib qoldi:
— Toshkent juda o‘zgarib ketibdi. Sizlarga qanday bilmadimu menga bir tomoni yoqmadi…
Gapni uning turmush o‘rtog‘i davom ettirdi:
— Bu yerlar haqida tasavvurim boshqacha edi. Bozorlarni aylanib hayron qoldik: mevalar narxi biznikidan qolishmaydi.
— Ha, men Toshkentning bog‘ko‘chalari, bozordagi to‘kin-sochinlik haqida Alla Vasilevnaga ko‘p gapirgandim. Lekin, bog‘lar qolmabdi. Ko‘chalar o‘zimizning shimoliy shahar ko‘chalarini eslatadi — mevasiz daraxtlarga to‘lib ketibdi. Bu gapni shuning uchun aytyapmanki, qonimda oz-moz bog‘bonlikka ishtiyoq bor. Bizda meva yetishtirish oson emas. Ammo, mana, xotinim aytsin, bu sohada durustgina mirishkorman. Biroq, gap unda emas! Eh, sizlardagi yer, shart-sharoit bizda bo‘lganda edi…
Uzoq shimollik oddiy zavod ishchisining bu so‘zlari beixtiyor menga farg‘onalik bog‘bon Abdulatif ota Tursunovni eslatdi.
Frontdan bir oyoqsiz, o‘ng qo‘li nogiron bo‘lib qaytgan bu odamni butun Vodiyda yaxshi bilishadi. U kishi Beshariqning biron tup giyoh unib-o‘smaydigan, nuqul toshloqdan iborat cheksiz Shavarda dashtiga borib, xuddi okop qaziganday emaklab yurib chuqurchalar kavlagan. Aravachada tuproq tashib, shu chuqurchalarni to‘ldirgan. Ko‘chat ekkan. Bochkalarda suv keltirib sug‘organ… Shunday qilib, bir necha yil davomida qaqroq dasht bag‘rida aql bovar qilmaydigan 83 gektarli bog‘ yaratgan. Xalq hozir u yerni «Latifobod bog‘lari» deb ataydi.
Mana shu kishi o‘tgan yili biznikida mehmon bo‘lib bir gap aytib qoldi: «Toshkentga kelsam, oltinga teng sara yerlarni mevasiz daraxtlar qoplab yotganini ko‘rib achinib ketaman, yig‘lagim keladi. Ozgina mehnat sarflab bu yerlardan dur undirib olish mumkin-ku! Dod deb shahar boshliqlari huzuriga kiray deymanu o‘ylanib qolaman: balki shaharlarda bog‘dorchilik qilish mumkin emasdir!..»
Bu gaplar «Shahar bog‘dorchiligi» xususida ko‘p yillardan buyon qoralamalar tushirib yurgan yondaftarimni varaqlab chiqishga bir turtki bo‘ldi. Shaharda mevali daraxtlar o‘stirish mumkinmi?
Mumkin. Hatto hozirgi paytda zarur ham!
Darvoqe, oltoylik mehmon ayolning gaplarida jon bor. Bizning bozorlarimiz to‘kin bo‘lgani bilan mevalar narxi shimoliy mintaqalardagi shahar bozorlaridan kam farq qiladigan bo‘lib qoldi.
Bundan bir yilcha oldin markaziy Oloy bozoriga yangi boshliq bo‘lib kelgan kishi sotuvchilar bilan yig‘ilish o‘tkazayotgani ustidan chiqib qolgandim. U kuyinib gapirardi:
— Olma uch-to‘rt so‘m. Yong‘oqni besh, besh yarim so‘m deb o‘tiribsizlar. Nok yetti so‘m-a! Insof bormi o‘zi sizlarda! Bu mevalar yaqin-yaqingacha Toshkentning har bir dahasida o‘sib yotardi, hech kim qaramasdi!
Shunday orqaroqdan kimdir «Qani o‘sha mevalar», deya luqma tashladi.
2. ShAHARNING BOG‘U BOG‘KO‘ChALARI QANI?
«Ba’zan hayotda shunday bo‘ladiki, kimdandir chiqqan nomaqbul gap tosh bosib ketadi, keyin yomon yaraday avj olaveradi. Bir paytlar bizning arxitektorlarimiz orasida ham shunga o‘xshash illat paydo bo‘lgan, ular mevali daraxt zamonaviy imoratlarga ko‘rk berolmaydi, odamlar sindirib yuboradi… degan bema’ni gaplarga mahkam yopishib olgandilar. Bu «gap» Obodonlashtirish boshqarmasidagi o‘rtoqlarga yoqib tushdi, uni avj oldirdilar. Natijada shahar bog‘lari bu yondanu u yondan turib parokanda qilindi.
Men bir me’mor sifatida shuni aytamanki, hamkasblarim Butunittifoq miqyosida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritish bilan birga, shahrimiz shart-sharoitini hisobga olmay, qusur ishlar ham qildilar. Ming afsuski, bu «illat» hali ham davom etmoqda.
Obid Zayniddinov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan arxitertor, Hamza nomidagi respublika davlat mukofoti laureati
Yuqorida, bozorda quloqqa chalingan luqmada aytilganday bir paytlar «Mingo‘rik» nomi bilan atalgan, yaqin-yaqingacha hammaning ko‘z o‘ngida yashnab turgan Toshkentning bog‘-rog‘lari — mevazoru nokzorlari qani?
Shu fikr xayolimdan o‘tdi-yu, kechagiday yoshligimizning unutilmas guvohi bo‘lib gurkirab turgan boglar ko‘z oldimda gavdalanib ketdi: shundoq shahar bilan yondosh Lenin nomli xo‘jalik territoriyasiga joylashgan muzika bilim yurtida o‘qirdik. Kolxoz bog‘dorchilikka ixtisoslashgan edi. Yoz oylari hasharga chiqardik. Mevazorlar shunday katta ediki, uzoqroq ketib adashib qolishdan qo‘rqardik… Hozir o‘sha bog‘lar o‘rnida studentlar shaharchasi qad ko‘targan.
— Mana shu yangi o‘quv korpusimiz orqasidagi ihota daraxtlari ekib tashlangan yerlar asriy yong‘oqzorlar bo‘lardi… Anavi yotoqxona atrofidagi bo‘sh maydon o‘rnida esa bahaybat nashvatilar o‘sib yotardi, — deya hikoya qiladi ToshDU biologiya fakultetining dekani o‘rtoq M. N. Valixonov, — shu yerlarda meva terib yurardik. Bir shabada qo‘zg‘alsa ariqlar olma, o‘rik, nokka to‘lib oqardi. Qurilish boshlandiyu zarurat bo‘lsa-bo‘lmasa meva daraxtlari kesilaverdi. Endi ular o‘rniga har yili manzarali daraxt o‘tqaziladi. Ariqlar qurib yotibdi. Tashqarida 43 gradus issiq! Bizlar esa o‘zimizni xuddi qo‘riq yerda tashkil etilgan o‘quv yurtini boshqarayotganday his etamiz. Hayron bo‘laman, nega endi mevalarning hammasi qo‘porib tashlandi, hech kimga xalaqit bermasdi-ku! Yo ular o‘rniga mana shu mevasiz daraxtlarni ekish zarurmidi! — suhbatdoshim kabineti derazalaridan ko‘zga tashlanib turgan qaqroq maydonlarga xomush tikilib qoladi…
Toshkentdagi markaziy ko‘chalardan biri Furqat nomi bilan atalardi. Erta bahor pallalari bu ko‘chadan o‘tgan odamning bahri-dili ochilardi. Hovli va ko‘cha bo‘ylarida chappar urib ochilib yotadigan turli-tuman meva daraxtlari, hammadan avval yetilib, ta’mlari tilni yorgudek, sadafday hosil bilan burkanadigan «Marvarid», «Balx» tutlarini aytmaysizmi! Mahallani qushlarning chug‘ur-chug‘uri bosib ketardi… Shundan keyin gilos qizarardi… Xullas, haqiqiy bu bog‘ko‘chada bahor bilan birga to‘kin-sochin pishiqchilik boshlanardi. Bu yaqindagi gap!
Hozir-chi, Furqat ko‘chasi o‘zgarib, katta magistral bo‘ldi. Mahobatli imoratlar qurildi. Oqibatda genplan bo‘yicha hamma mevali daraxtlar olib tashlanib, o‘rniga manzarali daraxt ekildi. Hatto, pionerlar saroyi uchun «bog‘» deb ajratilgan yer ham qarag‘ayzor bo‘lib ketdi.
Shaharda mevali daraxtlar bilan «hisoblashish» ana shunday yo‘lga qo‘yilgan!
Aytmoqchi, bozorda nega mevalar qimmat? Sababi nimada?
Bu haqda mana bir necha yilki, respublika matbuot organlari ham bong urmoqda. Ushbu masalani ko‘tarmagan bironta gazeta yoki jurnal qolmadi. Qator tanqidiy maqolalar, feletonlar, reyd materiallari, mutaxassislarning chiqishlari e’lon qilindi.
Biroq, hech qanday siljish bo‘lgani yo‘q.
Narx-navoni tartibga solish uchun Oloy bozori direktorining o‘shandagi gapidan so‘ng, taxtachalarga meva-chevalarning «qat’iy» bahosi yozib qo‘yildi. Ammo unga biron sotuvchi rioya qilmadi.
Shunday ekan, yana savol tug‘iladi: «Xo‘sh, mevalarning qadr-qimmati bunchalik oshib ketishiga «lo‘ndaroq» biron sabab bormi, uning ildizi nimalarga borib taqaladi?»
Bizningcha buning sababini soddagina qilib «O‘zingda yo‘q — o‘zgada yo‘q» deb aytilgan hikmatdan qidirmoq kerak. Ya’ni merovsiramay ro‘yirost tan olaverish lozimki, biz o‘zimizdagi mavjud yirik bog‘larni yo‘qotib bo‘ldik.
Bu yo‘qotish qachon, qayerdan boshlandi? Adashmasam, yigirma yillarcha muqaddam Chilonzordan boshlandi! O‘shanda shahar atroflarida hali o‘zlashtirilmagan, qurilishbop ming gektarlab yerlar turgani holda arxitektorlar bu yerdagi serhosil bog‘lar atrofida aylanib qolishdi. Soya-salqin joylarda o‘tirib nimalarnidir chizishdi. Aslida esa ularning qo‘lida bolta borligini hech kim sezmay qoldi.
Ko‘p o‘tmay bu yerda poytaxtning faxri bo‘lgan yangi massiv qad ko‘tardi. Chiroyli uylar, keng ko‘chalar xo‘p maqtaldi, ashulalarga tushdi. Ammo, Chilonzor Toshkent aholisining anchagina qismini shirin-shakar meva bilan ta’minlaydigan to‘kin bog‘lar, nomi chiqqan o‘nlab sohibkorlar maskani bo‘lganligini shu kunlarda ham ko‘plar eslayvermaydi. To‘g‘ri, ba’zan «Eh, Chilonzor bog‘lari qanday edi, nom-nishon qolmadi-ya», deb qo‘yadigan odamlarni uchratamiz.
Ha, o‘sha bog‘lardan nom-nishon qolmadi. Loaqal imoratlar orasidagi maydonlarga, yo‘l bo‘ylariga mevali ko‘chat ekib, ozgina bo‘lsa-da, yo‘qotilgan bog‘lar o‘rnini butlab qo‘yish hech kimning xayoliga kelmadi.
Mana endi qariyb o‘n yildirki, genplan shaharning Yunusobod bog‘lari ustida boltasini o‘ynatib yuribdi. Kolxoz-sovxozlarning qancha mablag‘iyu yuzlab kishilarning peshona teri bilan barpo etilgan mevazor-uzumzorlar shu kecha-kunduzda ham buldozerlar g‘ildiragi ostida payhon bo‘lmoqda.
— Ekib ko‘kartirgan daraxtlarimiz uchun pul berishdi. Lekin haqiqiy bog‘bon hosil berib turgan o‘z bog‘ini oltinga ham almashmaydi, ayniqsa uning yo‘q qilinishini bilsa! — deydi idorasini tashlab chiqib ketayotgan xo‘jalik rahbari. So‘ngra achinish bilan qo‘shib qo‘yadi, — hech bo‘lmasa shu bog‘larning ozgina qismini yangi uylarga ko‘chib keladigan odamlar uchun saqlab qolinglar, deb quruvchilardan iltimos qildik. Lekin ular quloq solishmadi.
Ha, rais murojaat qilgan kishilar quruvchi! Ular «ish boshlashdan oldin atrofni shipshiydam qil» degan aqidaga qat’iy rioya qilishadi.
Zamonaviy bog‘ qanday bo‘lishligi esa, genplanda ko‘rsatilgan. Bu planning bir nusxasi Shahar Obodonlashtirish Bosh Boshqarmasi degan idoradagilar qo‘lida. Ular Yunusobodning «puli to‘langan» sobiq bog‘lari o‘rnida chinor, qayrag‘och, qatrang‘ilardan iborat shunday qurama daraxtzorlar yaratib qo‘yishibdiki, ko‘rib yoqa ushlaysiz..
Bu achchiq, lekin inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqat!
Yo‘qotilgan bog‘lar o‘rnini «tiklash» shundan iborat!
Bobokalonlarimizning «birini kessang — o‘nni ekkin, shunda qiyomat qarzidan qutulasan» degan gapi bor! Mana shu hikmatni chappasiga aylantirib yuborib, yelkasini qiyomat qarzi bosyb yotgan shaharning ayrim mansabdor kishilariga (ular bizni kechirsinlar) qattiqroq tegadigan gaplar aytish payti kelganga o‘xshaydi. Chunki hamma «yumshoq» gaplar aytib bo‘lingan.
Shunday qilib, Toshkent atrofidagi bog‘lar tugatildi hisob. Endi navbat shaharning turli dahalarida tasodiflar orqali saqlanib qolgan bog‘larga keldi. Bu borada ham shaharsozlarimiz katta qurilishlarni ro‘kach qilib, aytganimiz — aytgan, deganimiz — degan, deb turib olmoqdalar.
Gapimizni isbotlovchi faktlar to‘lib yotibdi.
Bundan bir yilcha oldin jurnalist bir do‘stim bilan shahardagi eng katta mahallalardan birida bo‘ldik. Bizga shu yerda yashovchi kishilar tashabbusi bilan Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilari sharafiga barpo etilgan chiroylikkina bog‘ni ko‘rsatishdi. Bu yerda har turli mevalar g‘arq pishib yotardi. Kiraverishdagi yo‘lak darvozasi ustiga «G‘alaba bog‘i» deb yozib qo‘yilibdi.
Bog‘da skameykalarda o‘tirib hordiq chiqarayotgan veteran otaxonlar bilan suhbatlashib bahri dilimiz ochilib qaytdik.
Shundan keyin bu bog‘ xususida biron narsa yozishni ko‘ngilga tugib qo‘ygandik. Ammo yozishga ulgurolmadik.
— Bog‘ o‘rnida imorat qurishmoqchi. Gorispolkomga xuddi shu yer kerak bo‘lib qolibdi. Bog‘ni mahalliy organlar bilan kelishilgan holda tashkil qilgandik desak ham, yuqoridagilar genplanda yo‘q, deb tan olishmayapti! — dedi shu mahalla komiteti raisi bizni xomushgina kutib odarkan.
Ertasiga mahadla bog‘i o‘rnida qurilish boshlab yuborildi…
Toshkentning Oqtepa mavzeidagi «Zax» mahallasida ham shunday hodisa yuz berdi.
— Kechagina bu yer yashnab turgan bog‘lar edi, — deya bizni o‘ydim-chuqur qilib tashlangan katta maydon tomon boshladi shu yerlik Ulug‘ Vatan urushi invalidi Akbarxo‘ja ota Muhiddinov. — Buldozerlar kelib daraxtlarni qo‘pora boshlaganda, mahalla qariyalari ularga yalindik: «Hech bo‘lmasa mana shu yo‘l bo‘yidagi qadimiy nok daraxtlaridan o‘n-o‘n beshtasini qoldiringlar. Yangi uylar qurilsa, ko‘chib keladiganlarning ham bolalari bordir, og‘zi tegar», deya yalindik. Quloq solishmadi! Bir kunda nokning o‘zidan bir yuz yigirmatasini qo‘porib tashlashdi. Ko‘chamizning ko‘rki edi bu daraxtlar. Bir yuz o‘ttiz, bir yuz qirq yoshli noklar edi!.. Axir shahardagi mevalar shunday chiqarib tashlanaversa, kattalar-ku mayli-ya, bolalarning ko‘zini «so‘qir» qilib qo‘yamiz. Bunga chidash mumkinmi!..
Bir olam noxush taassurot bilan orqaga qaytar ekanmiz, beixtiyor bozor direktorining gaplari esimga tushib ketdi:
«Insof bormi o‘zi sizlarda!»
Bu so‘z faqat dehqonga tegishlimi, hurmatli shahar genplani mutasaddilari?
3. YuRAKDAGI GAPLAR. ASOSSIZ BAHONALAR
«Darvozani kimdir taqillatdi. Eshikni ochdimu, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining Birinchi sekretari Usmon ota Yusupovga ko‘zim tushdi.
— Qizim, otangiz uyda bo‘lsalar, chaqirib chiqing, — dedi u kishi.
Otam chiqdilar. So‘rashishdi.
— Bilasizmi,— dedilar Usmon ota dadamga ma’nodor qarab, — o‘zbek xalqi mevasiz daraxtni hosiyatsiz deb hisoblagan. Buning tagida har kim ham darrov ilg‘ab olavermaydigan katta ma’no bor: chunki mevali daraxt hosilidan bola-chaqa, o‘tgan-ketgan, xullas, hamma bahramand bo‘ladi. Mevali daraxt ma’murchilik nishonasi deb qaralgan. Endi manavi darvozangiz yonidagi daraxtga kelsak, birgalikda ko‘chirib tashlaymiz! O‘rniga yaxshi navli bir tup meva ko‘chati o‘tqazib qo‘yasiz! Keyin ko‘pchilik sizdan xursand bo‘lib yuradi… Qani, boltami, arrami bo‘lsa olib chiqing!
Otam ikkovlari baqaterakni ko‘chirib tashlashdi. Ko‘p o‘tmay uning o‘rnida bir tup o‘rik paydo bo‘ldi. Mana, oradan o‘ttiz yildan ziyodroq vaqt o‘tibdiki, har yili o‘sha o‘rik mevasiga o‘tgan-ketganni, qo‘ni-qo‘shnini og‘zi tegadi, dasturxonimizni bezaydi».
Matluba Haydarova, vrach-kardiolog. Toshkent shahri
Yoz boshlari edi. Yo‘limiz tushib qardosh Tojikistonning Isfara shahar bog‘ida ozgina hordiq chiqarib o‘tmoqchi bo‘ldik.
Ayni pishiqchilik, giloslar qontalash bo‘lib shiraga to‘lgan palla. Bog‘ning qayeriga qaramaylik — meva! Ochilib yotgan turfa gullar. Xiyobonlar uzra shoda-shoda hosilli gilos shoxlari osilib yotibdi.
Bizning bolalar bunaqa shahar istirohat bog‘ini birinchi ko‘rishi emasmi, chopganicha borib o‘zlarini gilos shoxlariga urishdi. Xijolat tortdik. Hayhaylab ularni tartibga chaqirmoqchi bo‘lgandik, keksa choyxonachi otaxon yo‘limizni to‘sdi:
— Ularga xalaqit bermanglar. Mehmonga o‘xshaysizlar, bemalol choyni ichaveringlar. Hali zamon ko‘zlari to‘yadi-da, keyin qaramay qo‘yishadi. Bolalarning tabiati shunday!
Haqiqatan ham ozgina vaqt o‘tgach, atrofni to‘ldirib yotgan mevalardan hafsalasi «pir» bo‘lgan farzandlarimizning «ko‘zi to‘ydi» shekilli, nariroqdagi maydonga borib, hayinchak ucha boshlashdi. O‘shanda men ichimda, «qani endi bizning Toshkentda ham shunday shahar bog‘lari bo‘lsa», deb qo‘ygandim. Biroq, shuni ham yaxshi bilardimki, bunday bo‘lishi amrimahol.
Chunki bizning parklarda rahbarlik lavozimida ishlayotgan o‘rtoqlar mevali daraxt ekmaslik xususida «qonunlashgan» allaqanday qarorlar borligi haqida gapirib, sizni ham astoydil ishontirishadi! Emishki, bu daraxtlarni bolalar sindirib yuborarmish, unga chiqaman deb biron joyini lat yedirarmish yoinki tosh otib peshonasini yorarmish va hokazo!
Bahonani qarang! Mana shu xil mujmal vajlarga chippa-chin ishonib bog‘ uchun ajratilgan o‘z maydonlarini turli mevasiz daraxt va butalardan iborat chakalakzorga aylantirib yuborgan maktab hamda maktabgacha yoshdagi bolalar muassasalari Toshkentda to‘lib yotibdi.
Shu sababli ham yasli-bog‘chalarda «barg terish mashg‘uloti» bilan shug‘ullanib yurgan bolalarni tez-tez uchratib turamiz. Bu «mashg‘ulot»ning estetik tarbiya bobida qandaydir foydasi bo‘lsa bordir. Ammo atrof-muhit, ona tabiat haqida ilk marotaba tasavvuri shakllanayotgan farzandlarimiz uchun to‘kin-sochin bog‘da sayr qilish, turli mevalar terish yanada foydaliroq bo‘larmidi deb o‘ylayman.
Buning uchun yuqoridagi odamda qandaydir shubha uyg‘otuvchi aqidalarga chek qo‘yish kerak.
Zero, chek qo‘yganlar ham yo‘q emas.
Shu yil kuzda Toshkent markazidagi 426-bolalar bog‘chasida ajoyib tantana — «hosil bayrami» bo‘lib o‘tdi. Bu yerda tarbiyalanuvchi bolalar murabbiyalari rahbarligida olma, olxo‘ri, shaftoli, uzum kabi mevalar terishdi, o‘zlari «dehqonchilik» qilib o‘stirgan kichkina uchastkalardan turli sabzavot hosilini yig‘ishtirishdi.
Buning o‘zi bolalar uchun bir olam shavq-zavq edi.
— Bog‘chamiz bog‘ida, mana ko‘rib turibsiz, uzum, o‘rik gilos, olcha, olma kabi har xil mevalar o‘sib yotibdi. Butun yoz bo‘yi dasturxonnmizdan ho‘l meva arimaydi, — deydi mudira Mastura Musayeva. — Qishlik meva-chevani ham o‘zimizga yarasha g‘amlab oldik. Ikki yuz kilogramm o‘rik, olma qoqi quritdik, kompotlar tayyorladik. Bularning hammasi xodimlarimizning tashabbusi bilan amalga oshirildi. Yana har bir gruppaning dehqonchilik qiladigan kichkina yeri ham bor…
Qaniydi endi Toshkentdagi qariyb 600 dan ziyod yasli-bog‘chalarda ham shunday manzaraning guvohi bo‘lsak!
Yoki shahardagi Abror Hidoyatov nomli 14-o‘rta maktab kollektivini olib ko‘raylik.
Maktab bog‘i kichkina bo‘lsa ham, odamning havasi keladi.
— Bir necha yildirki, bolalar o‘zlari yetishtirgan hosilni o‘zlari yig‘ib olishadi, hammaning og‘zi tegadi. Ana shunda ularning xursandchiligini bir ko‘rsangiz edi! — deya hikoya qiladi keksa pedagog, tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Yusuf aka Zoitov.
— Kechirasiz, savolimiz g‘alatiroq: daraxtga chiqib yoki tosh tegib biron bola shikastlandimi?— deb so‘raymiz u kishidan.
— Yo‘g‘-e, — ajablanadi Yusuf aka.
— Afsus, — deydi maktab ilmiy bo‘lim mudiri Mahamadjon Ziyoviddinov, — yangi joyga ko‘chyapmiz. Maktabimiz o‘rnida qurilish boshlanarmish. Endi bog‘imizning taqdiri hech kimni qiziqtirmasa kerak!.. Men yaqinda GDR, Vengriyada bo‘ldim. O‘quv yurtlari, maktablar atrofida, ko‘cha bo‘ylarida nuqul mevali daraxt. Bironta mevasiz daraxtga ko‘zingiz tushmaydi. O‘zimcha o‘ylanib qolaman, nega butun jahonga dong‘i ketgan, yaqin paytlargacha bog‘-rog‘lar shahri bo‘lgan Toshkentimizdan meva daraxtlari siqib chiqarilmoqda! Sababi nimada?
Men bu xildagi savolni xizmatlari yuqori taqdirlangan mashhur bir arxitektorimizga berib ko‘rgandim, u kishi ko‘p hamkasblari uchun eng «ommaviy» bo‘lgan javobni aytdi:
— Hozirgi Toshkentni bundan yigirma yil oldingi Toshkent bilan solishtirib bo‘lmaydi. Zilziladan keyin shahar butunlay qayta qurildi. Birinchi navbatda odamlarni joy bilan ta’minlash zarur edi. Qolaversa hozir Toshkent aholisi ikki barobar ko‘paypan. Arxitekturada zamon talabini ham hisobga olish kerak. Hozir kosmik davr!
Ukraina uchun jang qilgan Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilari bilan suhbatlashsangiz ular Lvov, Ternopol, Vinnitsa kabi qator shahar bog‘ko‘chalarini shavq-zavq bilan eslab gapiradilar. «Ba’zan qurshovda qolganimizda shu bog‘lar mevasi, yo‘l bo‘ylaridagi yong‘oqzorlar bizni boqqan», deb eslashadi.
Urush jafosini tortgan o‘sha shaharlar kultepalar o‘rnida butunlay qaytadan qurilgan. Urushdan keyingi davrlarda uy-joysiz qolgan kishilarni boshpana bilan ta’minlash har qachongidan ham zarurroq bo‘lgan. Biroq hech kimning xayoliga yo‘llar atrofidagi mevali daraxtlarni mevasiz daraxtlarga almashtirishday, ko‘z qo‘yaman deb qosh chiqarish «ideya»si kelmagan.
Hozir G‘arbiy Ukrainaning o‘nlab shahar ko‘chalari hamda shaharlararo magistral yo‘llari bo‘ylab yursangiz nashvati, olxo‘ri, azim yong‘oq daraxtlariga ko‘zingiz tushadi… Bozorda esa mevalar bizdagidek kilogrammlab emas, juda arzon bahoda paqirlab sotilayotganining guvohi bo‘lasiz.
Ayni paytda «mumkin emasdir-da, mumkin bo‘lganda bizdan ham aqlliroq shahar rahbarlari bosh qotirishgan bo‘lardi», deb yuradigan murosasoz kishilarni ham ko‘rganman.
Deyarli hammani qiziqtirib kelayotgan «Toshkentda bog‘dorchilik nima uchun bu darajada abgor holatga tushib qoldi?» degan savolga javob berishga zimmador, yuqorida nomi eslatib o‘tilgan katta bir tashkilot mavjud. Bu mo‘tabar dargoh boshlig‘i o‘rtoq Shamsiddin Islomov qabuliga kirish oson bo‘lmadi. Majlis, yig‘ilishlar…
Nihoyat uchinchi kun qabulxona xodimasidan ruxsat tegdi.
Mening xayrli ish xususidagi ko‘pchilikni qiziqtirayotgan fikrlarimni eshitgach, Shamsiddin Islomovichning ham chehrasi yorishib ketsa kerak, deb o‘ylagandim. Afsus, teskarisi bo‘lib chiqdi. «Bu masalada sizni qabul qilolmayman. Bir haftadan keyin telefon qiling», dedi u kishi.
Men imkoniyatdan foydalanib qolish yo‘liga o‘tdim:
— Qisqagina ikki-uch savolim bor, xolos: nima uchun bir vaqtlar bog‘lar shahri deb ta’riflangan Toshkentda hozir mevali daraxt ekilmayapti. Mavjud bog‘lar kamayib ketmoqda?
O‘rtoq Islomovning javobi qisqa va lo‘nda bo‘ldi:
— Hali hech bir shaharda mevali daraxt bizdagidek ko‘p ekilgan emas! Yaqin o‘n yillar ichida hosilga kirib qoladi.
Suhbatimiz davom etadi:
— Nega Toshkentda Isfara, Konibodom, Olmaota shaharlaridagi kabi bog‘lar yo‘q?
— Konibodom, Isfarada bo‘lganman. U yerning ob-havosi boshqa.
— Olmaotada-chi?
— Odamlari, sharoiti boshqa!
Ana xolos. Shahar obodonlashtirish Bosh Boshqarmasi boshlig‘ining bu gaplarini sharhlab o‘tirishga ham istihola qilasan kishi.
Mayli, o‘rtoq Islomov aytganiday, shahar ob-havosi, uning kishilari «boshqacha» bo‘lib qolgandir; Lekin ana shu «qiyinchiliklar»ni yengib, mevali daraxt ekish borasida bu idora hammadan o‘zib ketgan ekan, o‘sha daraxtlar qani?! Qayerlarga ekilgan?!
Shaharning hammasi bo‘lib sakkiz ming gektar (!) yerini egallab yotgan qarag‘ay, chinor, terakzorlar orasiga yoki yo‘l bo‘ylaridagi daraxtlar qatoriga panalab ekilganmikan?! Yoinki shahardagi minglab ishchi «bog‘bonlar» ter to‘kayotgan, eng sifatli o‘g‘itlar bilan ishlov berilayotgan jami maydoni 550 gektarni ishg‘ol etgan 15 ta istirohat bog‘laridan birontasini mevazor qilib yuborishgandir deb o‘ylarsiz! Yo‘q, bu yerlardan ham o‘sha «ekildi» degan mevali daraxtlarni qidirib topolmaysiz. Mabodo ulardan birontasida bir tup bo‘lsa ham o‘rik, gilos, olma, nok, olxo‘ri, anor, anjir (eha, bularning turi qanchalik ko‘p-a) niholiga ko‘zingiz tushsa, o‘sha yerga muhofaza va esdalik taxtasi o‘rnatmoq zarur bo‘ladi.
Ha, anor, anjir dedik! Bu daraxtlar yil sayin shaxardan uzoqlashib, anqoning urug‘i bo‘lib bormoqda. Axir Sharqda nafosat ramzi sifatida shoirlar nazmida kuylanadigan anor gullarini, joy tanlamasdan sambitgulday o‘saveradigan tansiq mevali anjir nihollarini qaysi dekorativ daraxt yoki shahardagi ko‘pgina parklarda ardoqlab o‘stirilayotgan xorijiy butalardan kamligi bor! Bularni Toshkent zaminida o‘smaydi deb kim ayta oladi!
Xurmoni olib ko‘raylik! Ko‘rkamlikda uning qora archa, eman, qayrag‘ochlardan nima kamchiligi bor? Bu subtropik mevani bizning iqlimga mos navi yaratilgan. Toshkentdagi ko‘pgina xonadonlarda, shahar chetidagi bog‘larda xurmo gurkirab o‘smoqda, bir necha o‘n yillardan beri mo‘l-ko‘l shifobaxsh hosil bermoqda.
Shu daraxtning o‘zidan istirohat bog‘lariga hech bo‘lmasa to‘rt-besh tupdan ekilganda edi, o‘rtoq Islomovning gaplari sal-pal haqiqatga yaqinroq bo‘larmidi! Axir, hayvonot bog‘larida odamlar ko‘rsin, zavqlansin deb butunlay boshqa iqlimli mamlakatlardan keltirilgan hayvonlarii asrab-avaylab parvarish qilishadi-ku!..
Shu yerda yana bir narsani eslatib o‘tmoqchimiz: oromgoh joylarda bog‘dorchilik ishlarini yo‘lga, qo‘yish zarurligi to‘g‘risida ko‘p gapiramiz.
Lekin shunga qaramay shahar oromgoh — parklarining qiyofasida hech qanday o‘zgarish sezilmadi…
Har yili erta bahorda shaharning bir necha mo‘tabar kishilari «Toshkentni bog‘-rog‘larga aylantiraylik» degan murojaatnoma bilan chiqishadi.
Gazetalarning birinchi betida yirik harflar bilan e’lon qilinadigan bu chaqiriqni o‘qib, xayriyat-e, devorgingiz keladi.
Shundan keyin shaharga turli-tuman manzarali daraxt, ayniqsa chinor ko‘chatlari yog‘ilib ketadi.
Ko‘p o‘tmay korxonalar, tashkilotlar plandan oshirib ko‘chat o‘tqazganliklari haqida hisobot beradilar. Ularning aksariga tashakkurnomalar e’lon qilinadi, mukofotlar ajratiladi.
Ba’zi vaqtli matbuot sahifalarida bu ko‘chat o‘tqazish oyligiga bosh-qoshlik qilib turgan kishilarning dezinformatsiyadan iborat chiqishlari boshlanadi. Ular «Yunusobodning changi o‘ynab yotgan tashlandiq yerlarida bog‘-rog‘lar yaratdik» (bu jumlalarni obro‘li bir gazeta sahifasidan oldik) kabi zamini nobop faktlar keltirib maqtanchoqlik qilishadi. Ammo, kim qanday daraxt o‘tqazganligi bilan hech kimning ishi yo‘q! Ko‘chat ekkan odam borki, o‘zini shaharni bog‘-rog‘ga aylantirayotgan bog‘bon deb o‘ylaydi.
Haqiqatda shundaymi?
Yo‘q. Bu yerda katta chalkashlik bor! Endi bir narsani aniqlab olaylik. «Bog‘» degani nima o‘zi?! «Bog‘»ning o‘zbek tilidagi lug‘aviy ma’nosi quyidagicha: «Mevali daraxtlar bilan band bo‘lgan yer maydoni bog‘ deyiladi».
Demak, baqaterak bilan gilosning, qarag‘ay bilan o‘rik daraxtining farqi bo‘lgani kabi, to‘qay bilan bog‘ning ham yer bilan osmoncha farqi bor. Bularni ajrata bilish kerak!
Bu yog‘iga endi o‘zingiz xulosa chiqarib olavering. Ezgulik bilan hamshaharlarga qilingan murojaatnoma qayerda-yu, unga amal qilish qayerda. Aravani kim qayoqqa tortyapti?
4. QUShLAR ShAHARNI TARK ETMOQDA
Men chinor umriga havas qilmay qo‘ydim,
Nega havas qilay uning butog‘iga.
Qushlar in qo‘ymasa, yayrasholmasa,
Polaponlari-la sayrasholmasa.
Soyasida odam yozmasa hordiq,
Hammadan avvalo, hammadan ortiq
Chinor o‘zin sevsa,
Yoqlasa o‘zin.
Og‘u ishlab chiqib
Saqlasa o‘zin.
Nega havas qilay?!
Gulchehra Nurullayeva
Biz shaharga ma’lum darajada oroyish beruvchi manzarali, ayniqsa har tupi falon so‘m turadigan archa kabi daraxtlar o‘tqazilishiga butunlay qarshi emasmiz.
Tabiatda me’yor degan narsa bor. Ana shunga amal qilmaslik oqibatida ko‘p noxushliklar kelib chiqishi hammaga ayon.
Chunonchi, son-sanoqsiz ko‘chalar bo‘yi hamda shahardagi minglab gektar maydonni egallab yotgan daraxtlarning ko‘pchiligini chinor tashkil etadi. Bu daraxt azaldan bizning O‘rta Osiyo sharoitida odamlardan nariroq, qadamjo yerlarga ekilgan. Shaharlarda esa turli-tuman meva daraxtlari, xususan o‘rik ko‘proq o‘stirilgan. Hamyurtimiz Mirzo Bobur o‘zining mashhur «Boburnoma»sida har bir shaharga ta’rif berishdan avval uning bog‘lari haqida gap yurgizishi bejiz bo‘lmagan.
Xo‘sh, nega har qanday qurg‘oqchilik, noqulay shartsharoitga ham bardosh bera oladigan umri «boqiy» chinorlar shaharga ekilmagan?! Buning asrlar osha sinovdan o‘tgan sababi bor, albatta.
Chinor o‘zidan zaharli modda chiqarib turadi. (Uncha-muncha kasallikka chalinmasligi, uzoq yashashining boisi shundan!) Aprel, may oylarida u «gullagan» paytda changidan aziyat chekadigan ba’zi kishilarning qay ahvolga tushishini shifokorlarimiz yaxshi bilishadi.
Yana chinorga qora qarg‘adan bo‘lak biron qush zoti yaqin yo‘lamaydi.
Endilikda Toshkent nisbatan shu daraxt bilan to‘ldirib yuborildi. Keyingi o‘n besh yilcha muddat ichida mevalarsiz yashash manbai qolmagan bir yuz o‘ttiz xil parrandadan ellik turi shaharni tark etdi. Bog‘u parklardan bulbullarning xonishi eshitilmay qoldi. Ular o‘rnini har biri qora baroq mushukday keladigan qarg‘alarning g‘ala-g‘ovuri egalladi.
Mana, bir necha yilki, kuz boshlanishi bilan son-sanoqsiz bu mahluqlar mo‘r-malaxday shaharga yopirilib keladi. Butun kish davomi ham gala-gala bo‘lib chinordan-chinorga uchib yuradi. Ular dastidan qochib qutulish qiyin. Trotuarlar, maydonlar usti axlatga to‘lib ketadi.
Toshkentlik keksa ornitolog olim R. N. Meklenburtsevning ta’kidlashiga qaraganda hozir shaharga uchib kelayotgan qora qarg‘alarning soni bir milliondan oshibdi. Endilikda ulardan qutulish yo‘llari izlanayotganmish. Toshkent Davlat Universitetining biologiya fakultetidan yosh bir olim qarg‘alarga qarshi «hurkitgich» ixtiro etib, shahar sovetiga taqdim qilibdi.
Kulgili, shu bilan birga achinarli hol!
5. BAHONA EMAS, IMKONIYaT QIDIRMOQ KERAK
O‘zimizdagi Zakarpate bog‘ shaharlarida bo‘lganman… Ko‘rganlarimdan oddiygina bir misolni aytib bera qolay; yoz — pishiqchilik pallasi edi. Toshkentda shaftolining narxi otasining bahosida… Ikki kundan keyin Vengriyada bo‘ldik. Ko‘cha bo‘ylarida shaftolilar g‘arq pishib yotibdi. Xohlagan odam to‘kilganlarini olib yerkan yoki yo‘llar bo‘yidagi maxsus yashiklarga solib ketarkan. «Shaharda shunchalik meva daraxti o‘tqazsa bo‘larkan-ku», degan fikr xayolimdan o‘tdi-yu, Toshkentimizning bir paytlardagi Injiqobod bog‘lari ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Yoshligimiz o‘sha mevazorlar ichida o‘tgan. Hozir esa shahrimizda bundoq nomini aytib maqtaguday bog‘ qolmadi. Bolalarimizning yoshligi g‘ishtin devorlar, beton uylar orasida o‘tmoqda. Hayronman, bu hol qachongacha davom etarkin.
Shukur Burhonov, SSSR xalq artisti
Sohibkor olimlarimiz himmat ko‘rsatib bog‘dorchilikda sermahsul turli gibrid meva daraxtlari yaratib berishdi, shaharlarni esa «ilmiy yondoshilgan» manzarali daraxtlarga to‘ldirib yuborishdi.
Buyog‘iga endi katta magistral, park va xiyobonlarbop meva ko‘chatlari yetishtirish xususida o‘ylasalar yomon bo‘lmasdi. Axir manzarali daraxtning qaysi turini shaharga ekish mumkin yoki mumkin emasligi haqida katta-katta ilmiy muassasa xodimlari bosh qotirayotgan bir paytda, nega endi mevali daraxt haqida o‘ylash mumkin emas!
— Mumkin. Qisman bu masalaga ham e’tibor berilyapti, — deydi O‘rta Osiyo O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tekshirish instituti direktori o‘rtoq V. A. Abdurazzoqov, — masalan, bir necha kilometrga cho‘zilib ketgan shahar ichkarisidagi va atrofidagi magistral yo‘llar chetiga yoppasiga chinor, manzarali daraxtlar ekaverish shart emas. Yong‘oq bilan chinorni, qayrag‘och bilan behini oralatma qilib ekilsa bo‘ladi. Ular o‘rtalig‘ida gilos ham, o‘rik ham o‘saverishi mumkin! Bu Shreyder nomli bog‘dorchilik ilmiy-tekshirish instituti dalalarida sinovdan o‘tkazildi, kutilganidan ham a’lo natijalarga erishildi. Biroq negadir bu tajriba bog‘ ichkarisida qolib ketmoqda.
Xo‘sh, shahar bilan ilmiy-tekshirish instituti bog‘i o‘rtasidagi devorni kim qulatishi kerak? Tajribakor olimlarmi yoki shahar rahbarlarimi?!
Endi shu yerda olim)larimiz fikrlariga qo‘shimcha qilmoqchimiz. Shahar atrof yo‘l bo‘ylariga faqat yong‘og‘u behi ekish bilan ish bitmasa kerak. Boshqa qator imkoniyatlar ham bor.
Masalan, hech ikkilanib o‘tirmay eksa bo‘laveradigan o‘rikni olib ko‘raylik.
Darvoqe, Toshkent bir vaqtlar «mingo‘rik» nomi bilan atalgan, shaharda o‘rik daraxtlari yaxshi o‘sgan deb yuqorida ta’kidlab o‘tgandik. Bunga tag‘in misol tariqasida Chilonzor, Cho‘ponota bog‘larini eslatish mumkin.
Ammo… «Hozirgi paytda nega o‘rik ekilmaydi?» deb ulgurmasingizdan og‘zingizga uradigan mutasaddi kishilar anchagina topiladi. Siyqasi chiqib ketgan, ishlatilaverib ko‘pchilikning qulog‘iga quyib bo‘lingan bahonalarni oldingizga g‘ishtdan terib tashlashadi:
«BIRINChIDAN, — deyishadi ular, — meva pishib (ayniqsa o‘rik) tagiga to‘kilsa, shahar sanitariya holatini buzadi.
IKKINChIDAN: Mevali daraxtlar mehnattalab bo‘ladi. Ularga doim qarab turish kerak».
Mana shu xil bahonalarni ro‘kach qiladigan kishilarga aytadigan javobimiz quyidagicha:
BIRINChIDAN: bu gap ayrim mahalla ko‘chalarida tasodifan ekilib qolgan xashaki o‘rikning palag‘da mevasini bosib olib, burnini jiyirib o‘tadiganlardan chiqqan bo‘lsa ajab emas. Chunki, o‘sha toifadagi odamlar, ona tabiat yaratib qo‘ygan bekami ko‘st kitobni o‘zlari noto‘g‘ri varaqlab qo‘yadilar-da, keyin undan nolib, ayyuhannos solib yuradilar… Bizda o‘rikning turlari ko‘p. Ayniqsa uning «Subxon» navi shunday shaharbopki, bo‘ydorligu salobatdan manman degan chinor bilan bellasha oladi. «Subxon» o‘rigining erta bahorda chamanday bo‘lib ochilib yotishi, yozda yirik mevalarining la’lirang bo‘lib qizarishi, uncha-muncha shamolga to‘kilavermay ko‘zni o‘ynatishi… va nihoyat kuzda Pushp degan Guldaraxtiga o‘xshab barglarining shafaqday yonib turishi qaysi odam yuragini to‘lqinlantirib yubormaydi deysiz!
Nahotki, shahar xiyobonlariga mana shu go‘zallik yarashmasa!
Tasavvur qilib ko‘ring: poytaxtimizning Bosh maydonining to‘rt tomonida to‘rt tup o‘rik qiyg‘os ochilib yotibdi… Ko‘rib, kim zavqlanmaydi!
IKKINChIDAN: «Ishlashni xohlagan imkoniyat qidiradi, xohlamagan bahona qidiradi», degan ajoyib gap bor. Ajabki Shahar Obodonlashtirish Bosh Boshqarmasidagi hamma xodimlar «mehnattalab» ishlarni qiyalab o‘tib, osoniga yuguradigan bo‘lib qolishgan bo‘lsa! Axir oddiy dehqon ham mehnatdan qochib, o‘z yerini begona o‘tlarga bostirib yubormaydi, yil — o‘n ikki oy peshona teri to‘kib, dur undiradi-ku!
6. YeRIMIZ QANChALAR SAXIY…
Ustoz Abdulla Qahhor aytgan gap yaxshi esimda qolgan. O‘shanda u kishi Do‘rmondagi o‘z bog‘ida sakkiz navdasida sakkiz tur meva pishib turgan bir tup shaftoli daraxtiga qarab shunday degandi: «Erimiz qanchalar saxiy. Kuzda dehqon ketmonini dalada qoldirsa, bahorda uning dastasida g‘uncha paydo bo‘ladi. Kuzda meva uzib oladi».
Bu obrazli gapda jon bor. Yerimiz shunchalar tanti, sahiy. Ozgina mehnat qilib, ter to‘kilsa bo‘lgani, dur unadi. Arzimas muddat ichida mehnatingiz samarasini ko‘rasiz.
Odamlar esa yuz yilda bir marotaba g‘uncha yozadigan kaktusni parvarishlab, gullaydigan davrini umid bilan kutishadi.
Eri abadiy muzlik bo‘lgan shaharlarda bog‘dorchilik qilayotgan kishilar haqida markaziy matbuot sahifalarida o‘qib qoldim. Sovuq iqlimli bunday joylarda mevali daraxt, xususan olma voyaga yetib, nishona ko‘rsatishi uchun o‘n-o‘n besh yildan ziyod muddat kerak ekan. Shunga qaramay, o‘sha shahar kishilari ezgulikka qo‘l urib, bog‘bonlikni kasb qilibdilar. Tasanno aytmay bo‘ladimi! Shahar rahbarlari ularni rag‘batlantiruvchi bir necha tadbirlarni amalga oshiribdi.
…Respublikamizning Marg‘ilon shahri ko‘chalarida amalga oshirilayotgan ishlar ham tahsinga sazovordir.
— Bog‘ko‘chalar shahar ko‘rki bo‘lishi kerak. Shuning uchun o‘z hovlisi oldida kichkina bog‘ yaratgan sohibkor bog‘bon hamshaharlarimizni biz doim boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatamiz. Hatto ular uchun maxsus hurmat taxtasi ham tashkil etdik, — deydi Marg‘ilon shahar ijroiya komiteti raisi Doniyor Hakimovich Nurmatov.
Hammaning nigohi tushib turgan bizning Toshkentda esa butunlay teskarisi. Eshigi yoniga mevali daraxt ekib qo‘yib, boshi g‘avg‘odan chiqmay kelayotgan ko‘pgina kishilarni bilaman.
— Mana shu daraxt uchun har yili bahor va kuzda ijrokomdan kelib janjallashib ketishadi. Akt tuzishadi, ma’muriy chora ko‘ramiz deb qo‘rqitishadi. — deydi eski tanishim, oddiy ishchi Hakimjon aka Oxunov yo‘l bo‘yida beozorgina o‘sib turgan ikki tup mevali daraxtni ko‘rsatib.
Men bu odamni eski tanishim dedim. Umuman Hakimjon akaning darvozasi yonidan o‘tgan yo‘lovchilar borki, albatta tanisa kerak. Chunki u kishi katta magistral ko‘chaning gavjum yo‘lagi bo‘yiga bejirimgina «dam olish bekati» barpo etib qo‘ygan. Shundoq o‘tirgan joyingizda oltinday tovlanuvchi uzum boshlari, serhosil olma shoxlari osilib yotadi. Skameyka yonidagi jo‘mrakni burab, muzday suv ichishingiz, salqinda bir lahza hordiq chiqarishingiz mumkin.
Negadir shaharning oddiy grajdan ishchisining mana shu havas, ishtiyoq bilan qilingan ezgulik ishi Boshqarmadagi ba’zi odamlarning g‘ashini keltirarkan. Ular dapqir-dapqir g‘azabi junbishga kelib, janjal ko‘tarib turisharkan!
Ha, shahar boshqarmasida gapi boshqa-yu, ishi boshqa o‘rtoqlardan tashqari o‘zimiz ekmaymiz, ektirishga qo‘ymaymiz, deydigan xodimlar ham borga o‘xshaydi.
Soxta «bog‘lar» yaratishga chek qo‘yish payti keldi. Har yili erta bahorda tantana bilan shaharga ekiladigan bir million sakson ming tup manzarali daraxt va butalar egallaydigan maydonning bir bo‘lagini insof bilan mevali nihollarga ajratib bermoq kerak.
Mirishkor bog‘bonlarimizning xomcho‘tlariga qaraganda, agar ming gektar yerga olma, o‘rik yoki nok daraxti ekilsa, to‘rt-besh yildan so‘ng o‘sha yerdan kam deganda 90 000 tonna hosil yig‘ib olish mumkin ekan. Bu ikki million shahar aholisining har biriga qirq besh kilogrammdan meva to‘g‘ri keladi demakdir. Vaholanki, territoriyasining kattaligi jihatidan Ittifoqda Moskvadan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi Toshkentning 26 000 gektar yeridan 8000 gektarini turli-tuman manzarali daraxt va butalardan iborat hosil bermas «bog‘lar» egallab yotibdi.
Shunday ekan, shaharda mevali daraxtlarni o‘stirishday xayrli ishga to‘g‘anoq bo‘ladigan har qanday bahonalar payini qirqish vaqti keldi. Toki shaharda bog‘dorchilik bilan obodonchilik bir-birini to‘ldirsin. Chunonchi, partiya, hukumatimiz o‘rtaga tashlagan Oziq-ovqat programmasini hal etishda, tabiat mutanosibligini saqlashda hech kim chetda qolmasligi kerak.
Shaharda nima ko‘p, «bosh-bosh»dan boshlanuvchi muassasalar ko‘p. Shular qatorida haqiqiy mirishkor dehqon — «Shaharning bosh bog‘boni» rahbarlik qiladigan bir idora ta’sis etilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.
Shunda shahardagi «har bir tup mevali daraxt taqdiri bilan hisoblashish» qonun tusiga kirsa ajab emas!
7. YaXShIDAN… BOG‘ QOLADI
Endi yuqorida sha’nlariga andak til tekizib o‘tgan o‘rtoqlarga aytadigan ikki og‘iz «shoirona» so‘zimiz bor: har bahorda bir donadan meva niholi olib, shaharning qoq o‘rtasiga o‘tqazing. So‘ng oradan o‘n yil emas, ikki-uch yil o‘tdi deb faraz qiling.
Ana o‘sha daraxt ostida o‘tiribsiz. Shahar uzra sarin yel qo‘zg‘alib, bir dona oq o‘rik yoningizga tushadi. Uni shundoq qarshingizda oqib turgan ariqning zilol suvida chaying-da, yeng! Qanday maza! Bu qadar shirin mevani umringizda birinchi bor tatigan bo‘lasiz.
Bu xayolot emas, muhtaram me’morlar!
Bu bor gap, hurmatli quruvchilar!
Erimiz ana shunday saxiy va tanti, o‘rtoq obodonlashtirish rahbarlari!
Unga ishoning! Axir xalqimizning «Yaxshidan bog‘… qoladi» degan hikmatli so‘zi bor-ku!