Adabiyotchilarning badiiy tarjima masalalariga bo‘lgan qiziqishining cheki yo‘q (buning sabablari ravshan, deb o‘ylayman). Matbuot sahifalarida tarjima masalalariga bag‘ishlangan diqqatga sazovor har bir chiqish jonli munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
N. Chukovskiyning o‘tgan yilning oxirlarida «Literaturnaya gazeta»da chiqqan «Uninchi san’at ilohasi» deb atalgan maqolasi mazmundorligi, tarjima ishlarining ahvoli to‘g‘risida qayg‘urib yozilganligi bilan meni xursand qildi, ayni choqda unda ko‘tarilgan ayrim g‘oyat muhim, lekin e’tirozli mulohazalar bilan bahs qilish fikrini uyg‘otdi.
Ha, N. Chukovskiy tarjima san’atini sehrgarlik deb ataganda, haq. Lekin, deb davom etadi u, agar tarjima so‘zlarning ma’nosinigina emas, ular ifodalagan eng nozik tuyg‘ular va kechinmalarni ham yetkazib berolsagina, chinakam sehrgarlik bo‘lib hisoblanadi. Ha, har bir yirik san’atkor milliy madaniyatni jahon adabiyotining durdonalari bilan boyitishga o‘zining butun kuch-quvvatini sarflashi kerak. Badiiy tarjima yozuvchining o‘zi uchun ham katta mahorat maktabi bo‘ladi. Bularning bari to‘g‘ri gaplar.
Men N. Chukovskiyning: «Adabiy tanqidchilar mualliflar haqida gapirashadi-yu, tarjimonga kelganda miq etishmaydi, vaholanki, ular tarjima to‘g‘ri va yaxshi bo‘lgan chog‘dagina muallif haqida mulohaza yuritishlari mumkin», degan fikrlarini ham to‘la quvvatlayman.
Uzoqqa borib o‘tirmay bizning badiiy adabiyot nashriyotimizni olib ko‘raylik. Nashriyot tarjimonining familiyasidan uyalganday bo‘lib, uning kitobxonning ko‘zidan yiroqroqqa yashiradi, ko‘p mahallarda esa tarjimonning nomi kitobning oxirida texredaktor va korrektor bilan yonma-yon qo‘yiladi. O‘tgan yili Tojikiston nashriyoti mening hikoyalar to‘plamimni chiqardi. Noshirlar tarjimonning nomini hatto kitobning oxirida ham ko‘rsatmay, olib tashlaganlar. Kitob bosilib chiqqandan keyingina uyalishgan shekilli, tarjimonning nomi muqovaning ikkinchi betiga qo‘lda yozib qo‘yildi.
Respublikamizda yana shunaqa ishlar ham bo‘lib tu-radiki, agar bironta adabiyot atrofida o‘ralashib yurgan «ishbilarmon»larga moddiy yordam berish zarurati tug‘ilsa, unga darhol tarjima tutqizadilar. Shunday qilib, tarjimonlar safiga tasodifiy kishilar kirib qoladi.
Mana shuning uchun ham men N. Chukovskiyning kuyunib aytgan gaplariga qo‘shilaman. Lekin u bahsga berilib ketib shunday fikrlarni ham o‘rtaga tashlaydiki, bular nazarimda tarjimachilikni yaxshilashga yordam bermaydi.
Aytaylik, u: «Men uni (podstrochnikni A. Q.) rus tilida juda ham xunuk jaranglaydigan «indstrochnikist» so‘zini keltirib chiqarganining o‘zi uchungina yomon ko‘raman. Bo‘lar-bo‘lmas tovushlarning yig‘indisidan iborat bo‘lgan bu so‘z menga nimasi bilandir «komprachikos» so‘zini eslatadi. Bu so‘zlarning o‘zida ham allaqanday o‘xshashlik bor —«komprachikos»lar odamlarning yuzlarini badbashara qilib tashlaganlari kabi podstrochnikchilar romanlar, qissalar, hikoyalarni buzadilar». Bu so‘zlardan yuqoriroqda u yozadi: «Bu o‘rinda men she’riy tarjimalarda podstrochnikning roliga to‘xtalib o‘tirmayman…
V. A. Jukovskiy grek tilini bilmay turib, podstrochnikdan «Odisseya»ni tarjima qildi, uning tarjimasi hamon eskirgani yo‘q… Lekin podstrochnikdan romanni tarjima qilib bo‘lmaydi. Romanning podstrochnigi—originalga tomon ochilgan oyna emas, o‘tib bo‘lmas devordir. Bu devorning orqa tomonida nima borligi noma’lum».
Qonuniy bir savol tug‘iladi. Nega endi o‘tgan asrda V. A. Jukovskiy «Odisseya»ni tarjima qilibdi-yu, hozirda L. Penkovskiy singari shoirlar ham podstrochnikdan milliy she’riyatlarning eng yaxshi namunalarini tarjima qilayotganlari holda, nega endi gap prozaga taqalganda podstrochnik «o‘tib bo‘lmas devor»ga aylanadi? Nima uchun she’riyatda har qanday podstrochnik originalni yaxshi tarjima qilish imkonini beradi-yu, prozada har qanday podstrochnikchi «komprachikos» bo‘lib qoladi?
N. Chukovskiy bu savolga javob berib o‘tganday bo‘ladi: «Aftidan, she’r tarjimasida tarjimonning chet tilini bilishi emas, rus she’rini g‘oyat nozik tushunishi hal qiluvchi rol o‘ynaydi».
Lekin bunday javob kishini qanoatlantirmaydi albatta.
Podstrochnikni elektr simiga o‘xshatish mumkin. Sim qanday metalldan qilinganiga qarab elektr tokini ham har xil o‘tkazadi. Xuddi shunga o‘xshash podstrochnik ham uni kim va qanday qilganligiga qarab, asl nusxaning mazmunini yomon, o‘rta, yaxshi yoki a’lo darajada berishi mumkin. Mana shuning uchun ham yomon podstrochnik she’riy asarni chiroyli qilib berolmaganiday, yaxshi podstrochnik ham romanga putur yetkazishi mumkin emas. Yana takror aytamanki, gap podstrochnikdagina emas, balki uni kim va qanday qilganida hamdir. Muvaffaqiyat yolg‘iz podstrochnikka bog‘liq bo‘lmaganiday, ayni choqda u kimga — chinakam san’atkorgami yoki oddiy hunarmand qo‘liga tushadimi, shunga ham bog‘liqdir.
Nazarimda, N. Chukovskiy podstrochnik xususida g‘oyat ijirg‘anib gapiradi. «Podstrochnikchi» «romanni shosha-pisha juda ham g‘aliz qilib rus tiliga ko‘chiradi, hatto oddiy grammatik qoidalarga amal qilinmaganligini ko‘rib, soching tikka bo‘lib ketadi…»
Lekin bu yerda gap podstrochnik haqida emas, «podstrochnikchi» haqida ketyapti-ku? Nega endi oddiy bir «kosib»ning aybini umuman podstrochnikning ustiga ag‘darish kerak ekan? Ayni choqda umumiy gaplarni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, amaliy ishga o‘tadigan bo‘lsak, badiiy tarjimalarni tayyorlashda podstrochnik va uning roli haqidagi gaplar butunlay boshqacha ohang kasb etadi.
Biz ko‘p millatli, ko‘p tilli mamlakatmiz. Bizda hamma millatlar teng huquqli, ularning ittifoqqa keng tanilgan o‘z madaniyatlari, adabiyotlari bor.
Shunday ekan, rus adabiyotida hamma katta-kichik qardosh xalqlar adabiyotlarini asl nusxalarida tarjima qiluvchi juda ko‘p keng ma’lumotli iste’dodli tarjimonlar yetishib chiqishini qo‘l qovushtirib kutib o‘tirish to‘g‘ri bo‘ladimi? Shuncha tarjimonlar yetishib chiqsa nur ustiga nur bo‘lardi, albatta. Lekin hozirda biz ularga ega emasmiz. Shuning uchun ham biz hozirda podstrochnikdan voz kecholmaymiz, shuning uchun ham biz faqat she’riyat bobidagina emas, proza va dramaturgiyada ham podstrochnikdan foydalanaverishimiz zarur. Hamma qardosh adabiyotlarni rus tiliga yoki boshqa tillarga faqat asl nusxadan tarjima qilish mumkin deyiladigan bo‘lsa, u holda bu amalda adabiyotlarning butunittifoq kitobxonlariga bo‘lgan tabiiy intilishini sun’iy ravishda cheklash bilan baravardir.
Yana nazarimda, N. Chukovskiyning «Mopassanni rus tilidan tarjima qilish Lev Tolstoyni ozarbayjon tilidan tarjima qilishdek aqlga sig‘magan hodisadir», degan fikrlari bizning sharoitimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Havoyi gaplarni gapirib o‘tirmaylik! Agarda biz ko‘p milliy respublikalarda hamma yozuvchilarni va adabiyot muxlislarini tillarni o‘rganishga, chet el adabiyotlarini hamda qardosh xalqlar adabiyotlarini tarjima qilishga safarbar qilgan chog‘imizda ham asl nusxalardan tarjima qilish ishini to‘la yo‘lga qo‘ya olmagan bo‘lardik. Biz doim asl nusxaning o‘zidan tarjima qila biladigan tarjimon bo‘lsa deymiz. Lekin bunday tarjimonlar bizda hozircha u qadar ko‘p emas. Nega endi biz milliy adabiyotlarni rus tili orqali olayotgan zavqi, quvonchidan mahrum qilishimiz kerak?
Lope de Vega, Moler, Shekspir, Goldoni asarlari sahnalarimizdan tushmay o‘ynaladi; kitobxonlarimiz V. Gyugo, R. Tagor, J. Vern, J. London, E. Zolya, Lu Sin, G. Flober, R. Rollan, T. Drayzer, E. Xeminguey, Yu. Fuchik asarlarini o‘z ona tillarida o‘qimoqdalar. Bularning barchasi o‘zbek tiliga rus tilidan tarjima qilingan.
Grek yozuvchisi Kostos Franchesko o‘zbek yozuvchisining kitobini tarjima qilmoqda. Nahotki biz uning bu olijanob ishini «aqlga to‘g‘ri kelmaydigan hodisa» deb baholasak? Axir u asl nusxadan yoki loaqal ruschadan emas, frantsuz tilidan ag‘darmoqda-ku!
Nazarimda, hozirgi kunda podstrochnikdan va ikkinchi til orqali tarjima qilishdan voz kechishni talab qilish partiyamizning yangi Programmasida qo‘yilgan mamlakatimizda milliy madaniyatlar va adabiyotlarni yaqinlashtirish asosiy vazifasiga xizmat qilmaydi. Biz bu ishda tarjima ishlarini har tomonlama kengaytirishimiz, ayni vaqtda asl nusxa bilan ish ko‘ruvchi tarjimonlar safini oshirishimiz zarur. Ko‘p millatli mamlakatimizda mavjud sharoitga ko‘ra tarjima qilish ishi g‘oyat mas’uliyatli ekanligini nazarda tutib, biz podstrochnikdan yuz o‘girmasligimiz, podstrochnik ham har turli bo‘lishini unutmasligimiz lozim».
«Literaturnaya gazeta», 1962 yil 17 mart