Ashula aytish butkul ixtiyoriy narsa. Biron ashulani hozirgi kayfiyatimga mos kelsa, ta’bimga o‘tirsa aytaman, bo‘lmasa yo‘q. Ta’bimga yoqmagan ashulani menga hech kim ayttirolmaydi.
Aksincha, biron ashulani aytaman degan kishiga hech kim, hech narsa to‘sqinlik qilolmaydi, og‘zini berkitsangiz burni bilan, burnini berkitsangiz ko‘ngli bilan aytadi.
Ashulani eshitish ham butkul ixtiyoriy narsa. Birov biron ashulani eshitaman desa eshitaveradi, unga hech kim, hech narsa, hech qanday mulohaza monelik qilolmaydi.
Ko‘ngilga xush kelmaydigan, yog‘lanmagan eski aravaning g‘iyqillashiga o‘xshash shu ashulani eshitishga ob’ektiv ravishda bo‘lsa ham majbur qilish nima degan so‘z o‘zi? Birovni ashula aytish yoki eshitishga majbur qilish jaholat, yovvoyilik, prishebeevchilikdir.
Doklad va notiqlarning so‘zlaridan ma’lum bo‘ldiki, ashula janridagi ishlarimiz ko‘ngildagidek emas, anchagina chatoq ekan.
Mening nazarimda hamma illat shundaki, ashula janriga xalturachi — tekintomoq odamlar suqilib kirib olgan, janrga hamma yerda ham birday aqli raso, keng ma’lumotli, shu ishdan xabardor odamlar rahbarlik qilmayotipti.
Biron xalturachi shoirga, masalan, tom shuvatish uchun pul yoki biron ishini bitirish uchun tezdan obro‘ zarur bo‘lib qoladi. Shoir har yerda beto‘xtov o‘tadigan biron mavzuda darrov she’r yozadi, keyin o‘ziga o‘xshash xalturachi kompozitorni qidirib topadi, ikki xalturachining hamkorligida xaltura ashula maydonga keladi. Muzika va she’rni yetti uxlab tushida ko‘rmagan biron mansabdor bu ashulani «amalga oshiradi». Ish bitirib she’r va muzika avtorlari qalam haqini olishga, rahbar o‘z rahbarligida ashula janri tobora o‘sayotganligi, «Bugungi kunda tinchlik haqida falon dona, paxta haqida falon dona, muhabbat va chorvachilik haqida falon dona ashula» yaratilganligi haqida raport yozishga shoshiladi.
Ashula janrining bulg‘anishiga faqat xalturachi shoir, xalturachi kompozitorgina sabab emas, bu haqda yaxshi, hatto oldingi safda turgan shoir va kompozitorlardan ham o‘pkalashimiz kerak. Bular, aftidan, naf-soniyat tuyg‘usini yo‘qotib qo‘yishgan: har kuni, har soat-da radio va televizorda, sahnada xalturani ko‘rib, eshi-tib turib oriyatlari kelmaydi, norozi bo‘lishmaydi, hatto bunga e’tibor ham qilishmaydi.
Kompozitorlardan bir qismi hozirgi o‘zbek poeziyasini taxminan ham bilishmasa kerak, xalturachilarning bemaza narsalarini, poeziyaga yetti pushti bego-na kishilarning mashqlarini she’r, deb unga muzika yozishadi.
Men yaxshi bir kompozitorni bilaman. Bu odam tuppa-tuzuk didi bo‘lgani holda, olim bir oshnasining mashq qilib yozgan she’riga muzika yozdi. Ilmga odam jonini berishi mumkin, lekin «Revizor»dagi shahar hokimi aytmoqchi, kursini sindirishning nima hojati bor?
Dunyoda, har narsa bo‘lishi, chunonchi, tovushi bo‘lmagan odam o‘zicha to‘satdan ashula aytib yuborishi mumkin. Mayli, aytsin, lekin uning ashulasini yozib olib radioda berish hech kimning xayoliga kelmaydi. Buni yozib radioga berish mashinistgagina kerakli bo‘lgan parovozning gudogini yozib olib radioda berishday bema’ni bir ish bo‘lar edi.
Bir kompozitor didi bo‘lgani holda, oshna-og‘aynigarchilik vajidan olim o‘rtog‘ining behuda she’riga muzika yozgan bo‘lsa, boshqa bir kompozitor boshqa sabablarga ko‘ra, boshqa odamning yomon she’riga muzika yozadi. Shunaqa qilib poeziyamizning saviyasini bilmaslik, har xil mulohazalar, moddiy va ma’naviy lagan-bardorlik va boshqa ko‘p narsalar o‘rtaga tushadi-yu, xaltura she’rlarga kompozitor o‘zini balogardon qiladi.
Shunday ham bo‘lishi mumkin: kompozitor behuda she’rga yoqimli muzika yozadi yoki xalturachi shoir yoqimli muzikaga o‘zining xaltura she’rini tiqadi…
Biz ashula janri to‘g‘risida endi gapirayotganimiz yo‘q, kompozitorlarni birinchi marta tanqid qilayotganimiz yo‘q. Tanqidlarimiz ijobiy natijalar berib kelayotipti. Lekin har nechuk, bu janr har tomonlama, chuqur tahlil qilish va xulosalar chiqarilishiga muhtoj. Bunda matbuot yordam berishi mumkin. Afsuski, matbuot bu narsaga yaxshi e’tibor qilmay kelayotipti. Xususan, bu yo‘lda «Sharq yulduzi», «O‘zbekiston madaniyati» ko‘p ish qilishi mumkin.
Qadim zamonda «Tabiat bo‘shliqdan qo‘rqadi», deyishar ekan. Haqiqatan, yaxshi narsa bo‘lmagan joyga yomon narsa suqilib kirib oladi.
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining ashula janri to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan «Qizil O‘zbekiston» gazetasida bosilgan uch avtorning maqolasini olaylik. Markazqo‘mning qarori, ashula ijodkorlari oldiga juda jiddiy masalalarni qo‘yadi. Maqola avtorlari esa jiddiy gaplar aytgan bo‘lib, bachkanalikdan nari o‘tmaydi.
Maqolada ba’zi klassiklar, bizga ko‘pgina ashulalar yozib bergan bir qancha hozirgi shoirlarga kesak otadilar. Bu avtorlarga qolsa Firuzni ko‘p xotin olishda ayblab sovet qonuni bilan sud qilish, sandiqqa qamab, hidini ham chiqarmaslik kerak.
Firuz kim o‘zi?
Firuz mashhur lirik shoir, musiqashunos, kompozi-tor, yaxshi tarjimon, Umarxon singari o‘z zamonasining shoirlarini o‘rdasiga yiqqan, 1873 yilda bosma-xona sotib olib Xorazmda birinchi kitob bostirgan odam. Shu odamni yuz yildan keyin qora qursiga o‘tqazib, sovet qonuni bilan sud qilishdan nima murod hosil bo‘ladi.
Ko‘p xotin olish esa yolg‘iz Firuzning aybi emas, balki butun feodal jamiyatining illatidir.
Latifa qahramoniga taqlid qilish kerak emas.
Bir hukmdor bor ekan. Bu hukmdor har kuni bozorga tog‘ora ko‘tarib chiqar ekanu, hamma odamlarni shu tog‘oraga o‘tirgani majbur qilib, keti tog‘oraga sig‘magan odamlardan ham, siqqan odamlardan ham bittangadan jarima olar ekan. «Sig‘sa-sig‘masa bittanga» degan matal shundan qolgan ekan.
Ko‘rasizmi, uch avtorning tog‘orasiga yaxshi-yaxshi ashulalar yozgan Kamtar, Yamin Qurbon, Ma’ruf Qoriyev singari shoirlarning keti sig‘mapti!
Avtorlar hech bir dalil-isbotsiz Kamtarning she’rlarini yomonga chiqarib, uning «Unutma» degan she’riga siyosiy ayb taqmoqchi bo‘lishadi. Bu she’rda shunday satrlar bor:
Yosh umring o‘tar, fasli bahoringni unutma, Xalqingni bezar qabru mazoringni unutma.Bu: «Yoshliging o‘tib ketadi, qabring Navoiy, Ulug‘bek qabri singari xalqingni bezashi kerakligini unutma», degan so‘z.
Maqola avtorlari qorovul chaqirishadi: «Voy-dod, hozirgi zamon odamlari kommunizm qurishni qo‘yib, qabru mozor to‘g‘risida o‘ylashi kerakmi!» Bundan ortiq shallaqilik, bundan ortiq sharmandaroq «tog‘orabozlik» bo‘lmas!
Obro‘li bir gazeta sahifasida shunday narsaning ko‘rinishi kishini hayratga soladi.
Bundan keyin maqola avtorlari Ma’ruf Qoriyevga nayza o‘qtalishadi, uning butun ijodini g‘ayribadiiyga chiqarishadi, «Jon Andijonim» degan she’rini misol qilib olishadi…
Mehnat zavqi qo‘shiqlari yangrar samoda, Qushlar uchar o‘ynab-o‘ynab erkin havoda.Avtorlar bu ikki satrning nimasi g‘ayribadiiy ekanini aytishmaydi. Bu ikki satr she’r, chunki kishida kayfiyat tug‘diradi, qalbga yo‘l topadi, quvonch tuyg‘usini uyg‘otadi.
Avtorlarning badiiylikni belgilaydigan o‘lchovlari qanaqa ekanini bilmayman, har qalay, o‘zlariga xos bo‘lsa kerak.
Oddiy kamoncha — oddiy yog‘och qutidan g‘ijjakchi alomat sadolar chiqaradi. Oddiy so‘z va tovushlarning ma’lum tartibda qo‘shilishi ashula ijodkorlarining qo‘lida qudratli kuchga aylanishi, qalbimizga yo‘l topishi, quvonch va ilhom manbai bo‘lib hizmat qilishi kerak.
1962 yil