Xayriddin Sultonov. Hayot daraxti (1989)

1. Sizningcha sotsial-siyosiy islohotlar sharoitida milliy munosabatlarni rivojlantirishning istiqbollari qanday?

2. Ko‘pmillatli davlatimizda milliy tillarning o‘rni va ahamiyati sizningcha qanday bo‘lishi kerak?

3. Milliy madaniyatlarning boyish yo‘llari haqida sizning tasavvuringiz?

Men bu mavzu yuzasidan «nazariyotchilik» qilib, turli-tuman manbalardan iqtibos keltirish bilan mashg‘ul bo‘lmoqchi emasman. Masalaning bu jihatini shu soha bilimdonlariga — zukko olimlarimizga qoldirsak. Oddiy bir qalamkash sifatida men ba’zi kuzatishlarim, o‘ylaganlarim, ko‘rgan-bilganlarim bilan o‘rtoqlashsam.

Umuman, ko‘pmillatli mamlakatimizda milliy tillarning o‘rni va taqdiri muammosi nazariy jihatdan biz universitetda o‘qib yurgan chog‘larimizda, ya’ni turg‘unlik yillarining avj pardasida butunlay hal etilgandek tuyulardi. Juda mo‘tabar domlalarimiz, juda mo‘tabar darsliklar bizga istiqbolda barcha millat va tillarning ixtiyoriy ravishda qo‘shilib, yagona til va yagona millatni tashkil etishidan ta’lim berardilar. Ko‘plar qatori men ham o‘shanda bu ta’limotga behad hayron bo‘lgan edim. Chunki uning chok-chokidan so‘kilib turgani jindek zehn va farosati bor odamga kunday ravshan edi. Bu nazariyaga asosan rivojlangan sotsializm davrida millatlarning taraqqiy topa borib, shu negizda yaxlit birlikka aylanib ketishi karomat qilinardi. Yosh aqlim bilan taajjub qilardimki, axir, bu qandoq bo‘ldi, millat va tillar taraqqiy etib, gullab yashnab borsa-da, keyin birdaniga… Qisqasi, undan u yog‘iga javob topish amrimahol edi. Ammo, yashirib nima qildim, o‘sha paytda shu ta’limotni to‘tiqushday takrorlab, sinovdan sinovga, imtihondan imtihonga o‘taverganmiz. Mana, endi demokratiya degan tushuncha ta’sirida ko‘zimizni ochib qarasak, haqiqiy imtihon, haqiqiy sinovlar hali oldinda ekan. Eng achinarlisi, biz ularga aslo tayyor emas ekanmiz.

Shu sababli ayni kunlarda respublikamiz shahar-qishloqlarida barchaning o‘yu xayollarini band etib olgan muammo — ona tilimiz va uning taqdiri, boshqa qardoshlarimizning milliy tillari haqidagi gohida vazmin, goho qizg‘in bahsu munozaralarni kuzatar ekanman, ulug‘ Gyote «Faust»da aytgan dono hikmat qayta-qayta yodimga tushadi:

Nazariya quruq yog‘ochdir, do‘stim,
Ammo yashnar hayot daraxti.

Chindan ham, agar o‘shandoq tezpishar nazariyalarga ishoniladigan bo‘lsa, sovet kishilarining hozirgi avlodi allaqachon kommunizmda yashashi kerak edi. Holbuki, tarixchi va jamiyatshunoslar bugun mamlakatimizda sotsializm qurilganmidi o‘zi yo‘qmi, degan masalani muhokama qilib o‘tirishibdi.

Xullas, kelishganimiz bo‘yicha, nazariy xulosalar haqida emas, hayotiy masalalar haqida so‘zlashsak. Yana shuni aytib o‘tishni istar edimki, men fikr yuritmoqchi bo‘layotgan voqea-hodisalar xususiy hollardir, umumlashtirish balki shart emasdir. Lekin, nazarimda, har qanday umumiylik ham shu singari xususiy hollardan tashkil topadi.

Bu voqeaga ko‘p bo‘lgani yo‘q. «Yoshlik» jurnalida mas’ul kotib edim. Jurnalning navbatdagi soni maket bo‘lib, bosmaxonaga berilayotgan edi. Bir sahifaning burchagida «Kelgusi sonda qrim-tatar adibi Ervin Umerovning «Echkiqoya toshchalari» nomli hikoyasini o‘qiysiz» degan kichik e’lon bor edi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tib, juma kuni, ish tugashiga yaqin jurnalning «tandirdan yangi uzilgan» nusxasi keldi. Sinchiklab ko‘rib chiqqach, bosilishiga ruxsat etib, qo‘l qo‘ydik. Xotirjam tortib, uy-uyimizga otlanib turganimizda, birdaniga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bosh muharrir o‘rinbosari va meni zudlik bilan chaqirishdi. Birpasda vahima bo‘lib ketdi: «Jurnalda siyosiy xato o‘tib ketibdi!» Nima gapligini bilolmay hayron edik, u yerdagi o‘rtoqlar ko‘rsatishdi: «qrim-tatar» degan so‘z o‘tib ketibdi. Taajjublanib so‘radik: «Buning nimasi xato?» Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha paytda yuqori tashkilotning yopiq ko‘rsatmasi bo‘lib, unga asosan respublika matbuotida boyagi so‘zni ishlatib bo‘lmas ekan. «Afsuski, biz bu yopiq ko‘rsatmadan bexabarmiz», dedik va xasga tirmashgan odamdek, shu binoda chiqadigan «Lenin bayrag‘ы» qrim-tatar gazetasini esladik. O‘rtoqlar bizga bu gazeta hozir qrim-tatar emas, tatar gazetasi hisoblanishini aytdilar. Butun boshli xalqning nomi bundoq o‘zgartirib yuborilganligi ayniqsa hayratomuz edi. Shunda men kabinetimdan «Literaturnaya gazeta»ning ikki hafta oldingi sonini olib kelib ko‘rsatdim. O‘sha sonda Moskvada, SSSR Yozuvchilar soyuzida qrim-tatar adabiyotining muhokamasi haqida hisobot bosilgan va bu so‘z o‘nlarcha marta zikr etilgan edi. Ammo bu dalilim ham inobatga o‘tmadi. «Moskvada mumkin, — deb javob berishdi o‘rtoqlar — bizda mumkin emas…» Qisqasi, bu mojaro uch kuncha davom etdi. Bittagina so‘z uchun qariyb ikki yuz ming nusxadagi jurnalning bosilishi to‘xtatib qo‘yildi. Oxiri, «tepa»dan ijozat bo‘lib, jurnal bosilib chiqdi. Bu hodisa redaktsiyada favqulodda hol kabi muhokama qilindi. Hammamiz buning bema’ni, mantiqsiz gap ekanini sezib turardik. Biroq «yuqori»ga ko‘rilgan choralar haqida qog‘oz kerak edi. Oqibat shu bo‘ldiki, men va texnik redaktor hayfsan bilan «taqdirlandik». Bugun u gaplar kulgili tuyuladi. O‘shanda hozir marhum bo‘lib ketgan bir rahbarning: «Kim qilgan?! Atay qilganmi? Butun tirajning bahosini aybdorlardan undirib olish kerak!» degan vajohatli so‘zlari hanuz qulog‘imda…

«Kimda-kim millatlar va tillarning tengligini tan olmasa va himoya qilmasa, u marksist emas, hatto demokrat ham emas» (V, I. Lenin).

Men o‘sha paytda ham shu fikrda edim. Ammo, ming afsuski, ba’zan Leninning fikridan ko‘ra oddiy bir instruktorning fikri inobatliroq bo‘lib chiqadi.

Biz o‘qigan kitoblardagi nazariy ta’limotlarga ko‘ra, milliy tillarning o‘rganilishi va qo‘llanilishi borasida hech qanday muammolar bo‘lishi mumkin emas. Biroq hayot degan tushuncha shu qadar keng, shu qadar teran va rang-barangki, hatto eng mukammal nazariyalar ham uni butun borlig‘icha, butun jilvalari bilan qamrab olishi mahol. Nazariy aqidalarimiz hayotga, amaliyotga ko‘chganda ko‘pincha hech qayerda ko‘zda tutilmagan ziddiyatlar yuzaga chiqadi. Aytaylik, nazariy jihatdan respublikamizda o‘zbek tilida bemalol o‘qish-o‘qitish, idora ishlarini olib borish mumkin, bunga hech bir monelik yo‘q. Lekin hamisha ham shunday bo‘ladimi? Hamisha ham shunday bo‘lyaptimi? Yaqindagina boshimizdan kechgan bir voqeani so‘zlab beray.

Xotinim avval pedagogika bilim yurtini, so‘ngra universitetni tugatgan, uyimizning yonginasidagi bog‘chada besh yildan buyon tarbiyachi bo‘lib ishlaydi. Shu paytgacha ishidan, ishxonasidan hech qanday shikoyati yo‘q edi. Bir oylar chamasi burun kichkina qizchamiz shamollab, xotinim uch-to‘rt kun uyda qolishga majbur bo‘ldi. Qiecha sog‘aygach, ishga chiqdi-yu, xomushroq bo‘lib qaytdi. Sababini surishtirsam, ishda bo‘lmagan paytida undan rozilik so‘ramay boshqa joyga — tayyorlov gruppasiga o‘tkazib yuborishibdi. Bog‘chaning metodistiga kirib, o‘z joyiga — kichkintoylar gruppasiga qo‘yishni so‘rabdi. Metodist ko‘nmagan ekan, ochig‘ini aytib, mening ruscha nutqim unchalik yaxshi emas, tayyorlov gruppasidagi mashg‘ulotlar murakkab, ishlayolmasam kerak debdi. Metodist bunga javoban, agar nutqing yaxshi bo‘lmasa, unda, boshlang‘ich gruppada ishlashing ayniqsa mumkin emas, chunki bu yoshda bolaning ayni nutqi rivojlanadigan payt bo‘ladi, deb javob qaytaribdi. Ertaga attestatsiya qilamiz, o‘tolmasang o‘zingdan ko‘r, debdi. Men boshda bu gapga jilla e’tibor bermadim. Lekin xotinim ertasiga battar ranjib qaytdi. Metodist ayol, endi sen bitta-yarimta tarbiyachi betob bo‘lib qolsa, shularning o‘rnida vaqtincha ishlaysan, yo‘qsa, boshqa ish qidiraverishing ham mumkin, deb shama qilibdi. Albatta, bu gapni eshitib hayron qoldik. Pedagog uchun yilning o‘rtasida dabdurustdan ish topish oson emas. Xotinim ancha siqildi, o‘zini qandaydir kamsitilgandek sezib yurdi. Bog‘cha mudirasi otpuskada ekan, kim bilan gaplashishni bilmay boshi qotdi. Noiloj mening ham aralashishimga to‘g‘ri keldi. Men borgan kunim metodist tobi qochib, ishga chiqmagan ekan. Boshqa tarbiyachilar va ish yurituvchi xodima bilan suhbatlashib, rostdan ham shunday gap bo‘lganini aniqladik. Mahalliy komitet raisi o‘ktamgina juvon ekan, bu gaplarga ishonmadi. «Afsuski, shunday bo‘libdi, — deb e’tiroz bildirdim men. — Buning tarbiya o‘chog‘ida, pedagogik kollektivda ro‘y bergani ayniqsa achinarli…» «Yo‘g‘-e, — dedi u, — ishoning, sira bunday bo‘lmagan. Bizda barcha millat vakillariga, jumladan, o‘zbeklarga ham hurmat e’tibor joyida. Mana, men o‘zim o‘zbechkaman, bilaman, axir…» «Juda yaxshi-da, opajon, — dedim men o‘zbekchalab (suhbatimiz shu paytgacha rus tilida borayotgan edi), — haqiqatan ham, keliningiz rus tilini mukammal bilmaydi, lekin…» U birpas yuzimga taraddudlanib tikilib turdi-da, keyin ruschalab: «Iltimos, ruscha gapirsangiz, men tushunmayman», dedi. Mening o‘rnimda boshqa odam ham tabiiyki, bir zum gangib qolardi. Birpasdan so‘ng gapimni ruschalab davom ettirdim: «Albatta, ruschani mukammal bilmaydi, chunki o‘zbek maktabida, o‘zbek filologiyasida o‘qigan, ruschani yetarlicha o‘rganishga fursati bo‘lmagan, birinchi sinfdan tortib universitetni tugatgunicha paxta tergan, lekin faqat shuning uchungina shuncha yil ishlagan qadrdon dargohidan ketsa, qandoq bo‘larkin?» Opa ham o‘ylanib qoldi, keyin menga boqib: «Xo‘sh, nima qilgin deysiz, bo‘lmasa? — dedi. — biz uning gruppasini dekret otpuskasidan qaytgach boshqa tarbiyachimizga berdik. U tarbiyachimiz eski joyida ishlashga ko‘nmayapti, chunki navbatdoshi bilan qattiq urishib qolgan…» «Mayli, ammo nega buning jabrini boshqa odam tortishi kerak?» dedim men. Opa yelka qisdi: «Ma’muriyat xodimni qayerda ishlatsa, o‘zining ixtiyori…» «To‘g‘ri, lekin xodimning roziligini olib, — deb qo‘shimcha qildim men. — Xo‘p, aytaylik, buni o‘z gruppasiga qaytarishning imkoni bo‘lmasa, o‘zbekcha gruppa ochilsa-chi? Menimcha, bolalar yetib ortadi». Opa bosh chayqadi: «Buning uchun maxsus («spetsializirovannыy») bog‘chalar bor, — dedi u. — Bizning bog‘chamizda esa ta’lim-tarbiya ishlari yevropa tillarida (u aynan shunday deb aytdi) olib boriladi». «Qanaqa yevropa tillarida? — deb astoydil taajublandim, chunki bu men uchun yangilik edi. — Frantsuzmi, nemismi, inglizmi?» Opa ham mening nodonligimga taassuf bilan qaradi. «Qanaqa bo‘lardi, — dedi jiddiy, — rus tilida-da». «Kechirasiz, men adabiyotchiman, — dedim qimtinib, — nazarimda, rus tili slavyan tillari gruppasiga kirsa kerak». «Buning ahamiyati yo‘q, — dedi opa beparvo, — muhimi shundaki, bizning bog‘chamiz shunga moslashtirilgan. Keyin, o‘zbekcha gruppa ochish ishini biz hal qilmaymiz». «Kim hal qiladi?» «Bunaqa masalalar yuqorida hal etiladi», dedi opa salmoqdor qilib. «Yuqori deganingiz qayer? Rayon, shahar, maorif bo‘limimi, Maorif ministrligimi?» Bunday xiralikdan endi opaning jahli chiqdi. «Qiziq odam ekansiz, — dedi qizishib, — xohlamasangiz, oboring bolangizni o‘shanaqa bog‘chaga. Ana, falon joyning yonida…» Shunday deb, besh kilometr naridagi bir joyning nomini aytdi. «Kechirasiz, — dedim, — nega endi uyimning yonida bog‘cha turib, bolamni besh kilometr nariga sudrab yurishim kerak ekan? Umuman, menga tushuntirib bersangiz: farzandimning qaysi tilda ta’lim-tarbiya olishini nega endi men uchun qandaydir bir idora hal qilishi kerak?» «Chunki… chunki… — opa shunday deb bir zum tutilib qoldi, chamasi, jahl g‘oliblik qilmoqda edi, — ota-onalarning o‘zi buni istamaydi. Sizga o‘xshagan bitta-ikkitasini hisobga olmaganda, aksariyat ko‘pchilik bolasini yevropa tillarida o‘qishini istaydi. Biz xalq irodasiga qarshi borolmaymiz!» «Xalq irodasi…» Naqadar tanish, naqadar hujumkor qurol! «Ma’zur tuting, — dedim yana, — ammo xalqdan biror marta so‘rab ko‘rgan emassizlar-ku! Mening uchta bolam shu bog‘chada, men ham xalqqa kiraman, lekin loaqal ko‘ngil uchun ham birov mendan bu xususda bir og‘iz so‘ramadi-ku?» «Bilmadim, — dedi opa pinak buzmay, — sizdan so‘ramasa so‘ramagandir, ehtimol boshqalardan so‘ragandir. G‘alati ekansiz, qaysi ota-ona so‘rab o‘tiradi, o‘zi bolasini bog‘chaga zo‘rg‘a joylashtiradi-ku. Qolaversa, buning nima farqi bor?»

Men unga: «Farqi shundaki, opajon, shu farqni bilgan odam butun qalbi, imoni bilan haqiqiy internatsionalist bo‘lib yetishadi, bilmagan odam esa g‘irt manqurt bo‘lib qolishi mumkin», deb aytmoqchi edim-u, bir oz mulohaza qilib turgach, fikrimdan qaytdim. Biz ikkalamiz ham o‘zbek edik, bir tilda — rus tilida gaplashib turardig-u, lekin aslida butunlay boshqa-boshqa tilda so‘zlashayotgan edik. Xullas, ancha sulhu muzokaralardan so‘ng bu masala ijobiy hal etildi. Xayriyatki, bog‘cha kollektivi faqat mana shundoq opalardan iborat emas ekan. Agar bu hodisa yolg‘iz men guvoh bo‘lgan yagona hol bo‘lsa, behad quvongan bo‘lurdim, afsuski…

Hozir respublikamizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomini (statusi) berish haqida har turli fikrlar munozara qilinmoqda. Nazarimda, bunga qarshilik bildirayotganlarning aksariyati o‘z ona tilini bilmaydigan, qandaydir sabablarga ko‘ra bu tilda og‘zaki va yozma fikrini ravon bayon qilolmaydigan kishilardir. Chingiz Aytmatov bunaqa kimsalarni «milliy nigilistlar» deb atagan edi. Bunday kishilar hozirgi kunda kattagina bir qatlamni tashkil etadi. Biz bunday shaxslarni nuqul tanqid qilish bilan cheklanmasdan, ularga hamdardlik bilan, ularning ahvolini to‘g‘ri anglab munosabatda bo‘lishimiz kerak. Bu toifa kishilar ayniqsa boshqaruv idoralarida, o‘rta va yuqori bo‘g‘indagi mansabdor shaxslar orasida ko‘plab uchraydi. Ular ham ijtimoiy hayotimizdagi ma’lum bir illat — stalinizm davri tug‘dirgan va turg‘unlik zamoni avj oldirgan illatdan bilib-bilmay eng ko‘p jabr ko‘rgan kimsalardir. Tarixiy ildizlaridan uzilgan, ona tiliga, milliy o‘ziga xoslikka bepisand munosabat bilan umri o‘tayotgan bu odamlar shafqatga sazovor, qayta tarbiyaga muhtojdirlar.

Boyagi bog‘cha opamizning gapida jon bor: respublikamiz amaliy hayotida o‘zbek tilining qadri tushib ketgani bejiz emas. Bu tilda amalda dissertatsiyalar yozilmaydi, yoqlanmaydi, mehmonxona, kassa, bank, transport, meditsina, texnika hujjatlari yuritilmaydi, telegraf mashinalari, yozuv mashinkalari ishlab chiqarilmaydi. Allaqanday yozilmagan qonunga ko‘ra, xizmat pog‘onalaridan ilgarilashning asosiy shartlaridan biri — rus tilini bilish qilib qo‘yilgan. Oqibatda juda ko‘p ota-onalar bunga ko‘r-ko‘rona ergashdilar. O‘zbek tili va adabiyotiga e’tibor susaydi. Lekin ruschani bilaman, deya ko‘kragiga urgan aksariyat mansabdor akalarimizning ham lug‘at boyligi Ilf va Petrovning «odamxo‘r Ellochka»si singari «o‘ttizta so‘z»dan ortiq emas edi: «vo glave», «pod lichnыm rukovodstvom», «prinimat merы», «vesti borbu», «goryacho podderjivayem», «ogromnыe uspexi», «dadim bolshe», «uvajayemыy dlya vsex nas». Shu tariqa besh-o‘nta so‘z tildan tilga, dokladdan dokladga, qog‘ozdan qog‘ozga ko‘chaverib, ma’no va mazmunini yo‘qotgan, go‘zal va boy rus tilini faqat siyqalashtirishgagina xizmat qilar edi. Katta ilmiy-madaniy aijumanlarda, hech kim taqiqlamagan bo‘lsa-da, o‘zbek tilida deyarli so‘zlanilmas edi. Shoir Erkin Voqidovning guvohlik berishicha, Alisher Navoiy yubileyida yolg‘iz bir kishi o‘zbek tilida gapirgan, u ham bo‘lsa leningradlik olim va tarjimon Sergey Ivanov ekan. Rus tiliga ham, o‘zbek tiliyu boshqa tillarga ham birdek no‘noq va beparvo, xayolida nuqul amal va pora vasvasasi hukmron bo‘lgan mansabdorlarning «faoliyati» ko‘p hollarda boshqaruv apparatlaridagi zarur mutaxassislik o‘rinlarini ham ruscha qalamga ega kotib va kotibalar bilan band qilinishiga olib keldi. Respublika Madaniyat institutida o‘zbek tili o‘qitilishi to‘xtatib qo‘yildi — go‘yo til va madaniyatning bir-biriga aloqasi yo‘qdek. O‘rta maktablarda rus tili va adabiyoti fani gruppalarga ajratilgan holda, o‘zbek tili va adabiyoti darslari esa qo‘shib o‘qitiladigan bo‘ldi. Oqibatda o‘n beshta bolaga dars berib, o‘n beshta daftar tekshiradigan o‘qituvchi ham, o‘ttizta bolaga dars berib, o‘ttizta daftar tekshiradigan o‘qituvchi ham bir xil maosh ola boshladi. Bu esa, o‘z navbatida, aholining ma’lum qatlamida sotsial adolatsizlik kayfiyatining kuchayishiga olib keldi. Respublikamizning asosiy madaniyat markazlari — Madaniyat ministrligi va Nashriyotlar, poligrafiya va kitob savdosi Davlat komitetida o‘zbekcha mashinka ham, o‘zbek tilida yozadigan mashinistka ham yo‘qligini qanday izohlash mumkin?

Milliy tilga bunday munosabat milliy madaniyatga ham bepisand munosabatni vujudga keltirdi. O‘zbek tilining ahvoli, ona tili va adabiyoti fanlarini o‘qitish-o‘rganish bilan bog‘liq muammolar keyingi o‘ttiz yil ichida biror marta respublika miqyosida muqokama qiliimadi. Umumiy loqaydlik matbuot tiliga, badiiy tilga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Yurak kuchi bilan emas, bilak kuchi bilan yozilgan talay semiz kitoblar tilimiz qabristoniga aylandi. Bularning barchasi aholining aksariyat qismida o‘zbek tilining istiqbolsizligi, uning faqat uy-ro‘zg‘or tiliga aylanib qolishi haqida noto‘g‘ri tasavvurlar tug‘dirdi.

Demokratiya va oshkoralik sharofati tufayli biz nihoyat bu problemalar haqida o‘ylay va so‘zlay boshladik. Shunda bu muammolar boshqa qardoshlarimiz boshida ham borligi ayon bo‘ldi. Butun mamlakat bo‘ylab qizg‘in, keskin muhokamalar boshlanib ketdi. Agar biz yaqin o‘tmishimizga bir nazar solsak, milliy tilimiz, tariximiz, madaniyatimiz rivoji yo‘lida bizdan ko‘ra ko‘proq xizmat va jasorat ko‘rsatgan yuzlab qardoshlarimizning nomlarini ko‘ramiz. O‘zbek tarixini o‘rganishda Bartold, Bertels, Tolstov, Yakubovskiy singari rus allomalari chekkan zahmatlarni, o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotida Yudaxin, Polivanov, Borovkov, Reshetov kabi zarshunoslar fidoyiligini, ko‘hna madaniyatimiz va zamonaviy adabiyotimizni ittifoq maydoniga chiqishida mustaqkam ko‘prik bo‘lgan Sale, Bat, Lipkin, Penkovskiydek mohir tarjimonlarning matonat va mehnatlarini minnatdor xalqimiz aslo unutmagay. Tamaraxonim va Gavharxonim, Galiya Izmayloaa va Maqsud Shayxzoda, Berta Davidoaa va Chingiz Ahmarov, Galina Pugachenkova va Sulaymon Yudakov singari mumtoz san’atkorlar ijodidan hayratga tushganimizda, ularning pasportiga qarab o‘tirmaganmiz, albatta. Afsuski, turg‘unlik yillarida bu ezgu ishlarimiz ham turg‘unlik sari yuz tutdi. O‘zimiz o‘z tilimizga befarq, bepisand munosabatda bo‘lganimiz uchun o‘zgalar ham bu tilni, bu adabiyotni chuqurroq o‘rganishga endi u qadar rag‘bat ko‘rsatmadilar. Shu boisdan ham bugun adabiyotimiz tarjimonlari orasida N. Vladimirova, N. Gatsunayev kabi ikki-uch kishini istisno etganda, o‘zbekchadan rus tiliga bevosita tarjima qila oladigan ijodkorlar kamligini taassuf bilan e’tirof etishimiz lozim. Faqatgina bu emas. Milliy tillarga e’tibor susayganidan bo‘lsa kerakkim, N. Fozilovdan so‘ng qozoq va qoraqalpoq, S. Rahimdai so‘ng tojik, T. Adashboyevdan so‘ng qirg‘iz tillaridan bevosita o‘zbekchaga tarjima qiladigan yosh qalamkashlar deyarli yetishib chiqmayapti. Agar mazkur adib-tarjimonlarning yoshlari bir joyga borib qolganini nazarda tutsak, bu xususda hozirdanoq jiddiy qayg‘urish darkor.

Yana bir xususiy mulohaza. Bizda nima ko‘p — to‘garak ko‘p, ilmu hunar o‘rgatadigan klub ko‘p. It-mushuk ishqibozlarining jamiyatidan tortib marka yig‘adiganlarning uyushmalarigacha muntazam ishlab turadi. Lekin shu paytgacha SSSR xalqlarining tillarini o‘rgatadigan birorta ham to‘garak yo‘q edi. Endi-endi bunga intilishlar bo‘layapti. Masalan, men qadim gruzin madaniyatiga, uning bugungi yuksak saviyasiga hamisha ko‘ngilda bir muhabbat saqlayman. Imkon topilsa, bajonidil shu tilni o‘rgangan, farzandlarimga ham o‘rgatgan bo‘lur edim. Lekin Gruziyaga bormay turib bu istagimni amalga oshira olamanmi? Yo‘q, albatta. Holbuki, respublikamizda «xalqlar do‘stligi» nomi bilan atalgan o‘nlab dargohlar bor. Ularda faqat dabdabali majlislaru har turli kontsertlar o‘tkazish bilangina cheklanmay, qardoshlarimizning tillarini, urf-odatlarini, tarix va madaniyatlarini o‘rgatadigan, bir-birimizni yaqindan bilishga ko‘mak beradigan chinakam do‘stlik saroylariga aylantirsak bo‘lmaydimi? Bu sohada qo‘yilgan har bir yangi qutlug‘ qadamni sidqidildan olqish etsak arzimaydimi? Aytaylik, biz hozir bu masalalarni munozara qilish bilan ovora bo‘lib turganimizda joylarda xalq tashabbusi bilan bu borada eegu amaliy harakatlar boshlab yuborildi. Taassufki, matbuotimiz bunday ibratli harakatlarni yetarlicha yoritmayapti. Qandaydir manfur yoki tentak kimsalar pana-pasqam joylarga ilgan imzosiz varaqalar haqida shov-shuv solamizu, jiddiy tahlilga, o‘rganishga sazovor bunday misollarga aytarli e’tibor qilmaymiz. Yaqinda «Axborot» programmasi o‘zbek va rus tillarida bir e’lon berdi: Rassomlar soyuzi salonida mushuklar ko‘rgazmasi va kimoshdi savdosi o‘tkazilar ekan. Ko‘rgazma programmasi, savdoga qo‘yilajak siyom, fors mushuklari, zotdor baroqlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Eqtimol, bu savdo kimlargadir qiziq va foydalidir, ammo til o‘rgatadigan, binobarin, dillarni birlashtiradigai boyagiday to‘garaklarga ham televideniyening nigohi bir tushsa, ziyon qilmasdi.

Til masalasi — jiddiy masala. Demak, uni hovliqmasdan, tomoqqa zo‘r bermasdan, stolga mushtlamasdan chinakam ma’ruf kishilarga xos aql-zakovat va yangicha tafakkur bilan hal etish lozim. Bunda barcha manfaatdor tomonlardan avaalo yuksak odob, andisha, puxta ilmiy asoslar talab etiladi, Bu boradagi munozaralar ham bizning madaniy-ma’naviy saviyamizni, grajdanlik kamolotimizni, dilimizdagi internatsionalizm tuyg‘usining qay darajada ekanini ravshan ko‘rsatib turibdi. Shu o‘rinda ikkita ko‘chirma keltirishga izn bergaysizlar. Birinchi fikr Moldaviyada yashab ijod qiladigan rus adibi Nikolay Savostinga tegishli: «Shaxsan mening nazarimda, na ruslar, na ukrainlar va na boshqa millat kishilari Moldaviyada moldavan tili davlat tili huquqini olsa, aslo xafa bo‘lmaydilar. Qardoshlarimizning tili o‘z yurtida yana ham rivoj topib, yana ham boyib, qudrat kasb etmog‘i uchun davlat tomonidan huquqiy kafolat olar ekan, biz bundan faqat quvonamiz» («LG», 1989 yil, 8 fevral). Ikkinchi fikr Toshkentda yashaydigan o‘zbek konstruktori A. Abulqosimovga tegishli: «Shaxsan men Estoniyada eston tili davlat tili deb e’lon etilganini eshitib, mamlakat grajdani sifatida huquqlarimni kamsitilgandek sezdim» («Praada Vostoka», 1989 yil, 3 fevral).

O‘ylaymanki, respublikamizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishiga O‘zbekistondagi qalban internatsionalist bo‘lgan barcha kishilar xayrixoh bo‘ladilar. Rus tili esa ko‘pmillatli yurtimizda millatlararo aloqa vositasi sifatidagi ezgu vazifasini bundan buyon ham sharaf bilai ado etishi shubhasizdir. Shuningdek, respublikamizdagi boshqa birodarlarimizning ona tillari rivoji haqida ham birgalashib o‘ylashimiz darkor. Bu borada ham muammolar yo‘q emas. Birgina misol: qrim-tatar adiblarining kitoblari juda oz nusxada — 3-5 ming nusxa atrofida bosiladi. Chunki kitob savdosiga taxminan shuncha miqdorda buyurtma tushadi. Ma’lumki, asosiy kitobxonni maktab, oliy o‘qua yurti tayyorlaydi. Respublikamizda esa qrim-tatar tilida maktablar deyarli yo‘q, maktab ochish uchun esa darslik va o‘qituvchilar yo‘q, darslik yozish uchun esa tilni ilmiy jihatdan puxta biladigan mutaxassislar yo‘q… Bir-biriga zanjir kabi bog‘lanib ketgan bu muammolar g‘oyat murakkab, albatta, biroq ularni hal etmay turib, to‘la ma’nodagi milliy tenglik haqida gapirish mumkii emas. Masalaning ma’naviy tomonlari bilan birga moddiy jihatini ham nazardan qochirmasligimiz kerak. Aytaylik, o‘zbek va qrim-tatar adibi baravar ijodiy mehnat qilsa-yu, biri kitobining tiraji uchun qo‘shimcha qalam haqi olsa-da, ikkinchisi bunday huquqdan mahrum bo‘lsa… Bunday hol, huquqiy davlat tuzish uchun harakat qilayotgan ulkan bir davlat sha’niga albatta munosib bo‘lmasa kerak. Demak, qrim-tatar yozuvchilarining o‘ziga xos ahvolini hisobga olgan holda tiraj normativlarini ham shunga qarab belgilash, bu borada sotsial adolatni qaror toptirish kerak. Butun bir xalq yarim asrdan buyon hanuz sargashta ekan, bunga hammamiz — jamiyatning barcha a’zolari birgalikda javobgarmiz.

So‘z so‘ngida tilagim shuki, partiyamizning milliy munosabatlarga bag‘ishlab o‘tkazilajak plenumida bu kabi problemalar chinakam gumanizm bilan, odil demokratiya yo‘li bilan hal etilib, ko‘plarning dilini qiynab turgan mushkullar oson bo‘lsa… Shundagina xalqlar do‘stligi degan ulug‘ boyligimiz — hayotimiz daraxti yanada yam-yashil bo‘lib, ona zaminga teran tomirlar otib barq urib o‘sishi tayin.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 24 fevral