«Uy-joy qurilishiga alohida e’tibor berilishi lozim. Yaqin besh yil ichida 67 — 68 million kvadrat metr uy-joyni foydalanishga topshirish, 6 milliondan ziyodroq kishining uy-joy sharoitini yaxshilash vazifasi qo‘yildi, bu esa hozirgi besh yillikdagidan bir yarim baravar ko‘pdir».
(O‘zbekiston Kompartiyasi XXII s’ezdi materiallaridan)
Bugungi kunda O‘zbekiston jumhuriyatining qayeriga bormang, shaxsiy uy-joy qurilishi qaynayotganining guvohi bo‘lasiz. Darhaqiqat, jumhuriyat partiya va hukumatining shaxsiy uy-joy qurilishi uchun yer ajratish haqidagi qarori xalqni nihoyatda mamnun etdi. Chunki 1 million 800 mingdan ortiq xonadon uy-joy qurish va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish uchun yer maydoniga muhtoj edi. Ayniqsa Farg‘ona, Andijon viloyatlarida bir oila xo‘jaligi uchun ajratilgan yerda uch-to‘rt, hatto undan ham ko‘p oilalar yashayotgani mahalliy rahbarlarga ming tavallo qilib ham bir parcha yer ololmaganliklarini ko‘pchilik yaxshi biladi. Yuqoridagi hayotbaxsh qaror amalga oshgandan so‘ng 260 mingdan ortiq gektar yer mehnatkashlarga uy qurish va tomorqa uchun ajratib berildi. Xullas, ko‘ngildagidek ish bo‘ldi — yer olindi.
Lekin afsuski, odamlar yerni olib endi nima qilishlarini bilolmayotirlar. Uy qurayotgan biror kishi bilan suhbatlashib ko‘ring-a! Fig‘oni ko‘kka chiqadi. Yog‘och-taxta, tsement-g‘ishtni falon pulga ham topib bo‘lmaydi. Shiferni aytmay qo‘ya qoling! Shunday sharoitda yonida ortiqcha puli bor odam yugurib-elib, ming xil yo‘llar bilan bo‘lsa ham qurilish buyumlari topib, uyini bitkazib olarku-ya, ammo jamg‘armasi yo‘q oilalarga juda qiyin. Besh-olti yildan beri chog‘roqqina uyini ham bitkaza olmayotgan oilalar oz emas. Davlatdan olgan qarziga poydevorni, nari borsa devorni zo‘rg‘a tiklash mumkin.
Ana shunday bir og‘ir, o‘nlab muammolar qiynagan oilaning ahvolini ko‘z oldingizga keltiring: barcha bola-chaqasi bilan ezilib ketadi. Joylardagi nohiya Sho‘rosi xo‘jalik va qishloq Sho‘rosi rahbarlari: «Er berdik-ku, qolgani bilan ishimiz yo‘q!» degandek qo‘l qovushtirib, tomoshabin bo‘lib o‘tirishibdi. Bu jumlani o‘qib, eli uchun ichi achimaydigan rahbarning: «Endi odamlarning shaxsiy uyini qurib berishimiz qoluvdi!» deb lab burishi turgan gap! Yoki, bunga bizning ilojimiz, imkonimiz yo‘q, deb oson qutulish payida bo‘lishi hech kimga sir emas.
Aslida esa sal izlanib bosh qotirilsa, anchagina imkoniyatlar bor. Mana, masalan, Farg‘ona, Andijon, Xorazm, Samarqand kabi viloyatlarda ishsizlar soni ko‘pligi sir emas, Xo‘sh, nima uchun ana shu ish bilan ta’minlanmaganlar orasidan shaxsiy uy-joy qurilishini bajaradigan brigadalar tuzish mumkin emas?! Bunday brigadalar qishloq Sho‘rosi, xo‘jaliklar qoshida tuzilsa, ular zarur yaroqlar bilan ta’minlansa bo‘ladi. Binokorlik materiallari yetishmasligiga barham berish uchun esa, xo‘jaliklar Sibirdagi yog‘och tayyorlaydigan tashkilotlar bilan bitimlar, shartnomalar tuzib, o‘z aholisi talabini qondirishi mumkin. Bugungi kunda ana shunday ish tutayotgan xo‘jaliklar bor. Eli uchun joni achigan, tashabbuskor, tadbirkor rahbarlar bu borada oilalarga katta yordam ko‘rsatishlari mumkin.
Jumhuriyatimizda qurilayotgan shaxsiy uy-joylarni kuzatib, yana bir muammo ustida o‘ylanib qoldim. Ko‘pchilik uylar haddan tashqari bir-biriga o‘xshash, ko‘chalardan yurib, zerikarli, fayzsiz manzaraga duch kelasiz. Vaholanki, har bir uy o‘ziga xos bir me’morchilik asari bo‘lishi mumkin edi-ku! Bir amallab boshpana qurib olish bilan ovora bo‘layotgan bechoralar esa, me’morchilik xususida imoratlar va ko‘chalarning o‘ziga xos manzarasi, ko‘rkamligi haqida bosh qotirishiga imkonlari, vaqtlari yo‘q. Jumhuriyat me’morlar jamiyati shaxsiy uy-joy binolarning loyihalaridan turli namunalar yaratib, har bir shahar va qishloqning o‘ziga xos ko‘rkam shaklda barpo bo‘lishi uchun faollik, tashabbus ko‘rsatayotganlari yo‘q. Odamlarimizning me’morchilik didi, aytish mumkinki, hali juda yuksak emas. Darvoqe, jumhuriyatimizda chop etilayotgan, me’morchilikka bag‘ishlangan jurnal rus tilida bosilgach, xalqimizning bu boradagi didi qanday ham yuksalsin?!
Viloyat, shahar me’morchilik bo‘limlari ham amalda ko‘rinarli bir ish qilmayaptilar. Oqibatda beo‘xshov uylar, noqulay ko‘chalar borgan sari ko‘paymoqda.
Er, tuproq — bebaho boylik. Shaxsiy uy-joy uchun ajratilgan maydondagi yerdan ham unumli foydalanish, ro‘zg‘or uchun zarur ekinlar ekish kerak. Bu xalqning oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan tobora o‘sib borayotgan talabini qondirishda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham jumhuriyat partiya va hukumati qabul qilgan qarorda shaxsiy uy-joy qurish uchun ilgarigiga qaraganda ko‘proq maydon ajratish ko‘zda tutilgan. Ammo ko‘pchilik qurilayotgan uy-joylarni ko‘rib, bebaho boylik bo‘lgan yerdan unumli foydalanmayotganidan — ko‘proq maydon ekin ekish uchun qoldirilmayotganidan afsuslanasan. Axir, Yaponiyada tuproqli yer yetishmasligidan suv ostida shahar bunyod etilayapti, toshlar ustiga ekinlar ekilayapti.
Bizda yer ko‘p-ku, deb tuproqli yerni asramay, rejasiz qurilish qilaveramiz. Shunday oilalar borki, o‘zlariga ajratilgan maydonning to‘rt tarafini zarur-nozarur binolaru devorlar bilan o‘rab olishadi. Oqibatda hovli-bog‘lariga quyosh kam tushadi — ekinlar yaxshi rivojlanmaydi. Xonadonlar o‘z yerlarida o‘zlarini ta’minlashi mumkin bo‘lgan meva-cheva, sabzavot mahsulotlarini bozordan sotib olishga majbur bo‘ladilar. Ko‘p hollarda mol ham boqa olmaydilar.
Ba’zi oilalar esa, har bir qarich yerni hisobga olib, iloji boricha undan unumli foydalanishni ko‘zda tutib uy-joy quradilar, o‘z uylarini faqat o‘zlari uchungina emas, balki jamoatchilik, shahar, qishloq uchun qulay, shinam bo‘lishini, shu bilan birga atrof-muhitning husniga husn qo‘shishni, guzaru mahalla-ko‘yning tozaligini ko‘zlaydilar. Zotan, sharq donishmandligi, musulmonchilik madaniyati ham shuni taqozo etadi.
Biz shu paytgacha o‘tmishimizga bepisandlik bilan qarash bilan birga tarixiy uylarimizni ham nazarga ilmadik. Vaholanki, ular Sharq bilimdonligiga tayanib, uzoq yillar sinovidan o‘tgan tajribalar mahsuli edi. Masalan, ilgari ota-bobolarimiz uylarni ichki va tashqi hovlili qilib qurganlar. Bunday hovlilar ko‘p bolali xonadonlarga, sharqona madaniyatga suyanadigan oilalarga juda qulay bo‘lishi bilan birga tibbiy, ma’naviy-axloqiy, tozalik-poklik nuqtai nazaridan ham juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Kelgan mehmon tashqi hovlidagi alohida mehmonxonada kutib olingan, unga izzat-ikrom ko‘rsatilgan. Bu mezbon uchungina emas, balki mehmon uchun ham qulay bo‘lgan. U bola-chaqa, ayol-erkak oldida qisinib-qimtinmaydi. Bundan tashqari, u turli joylarda bo‘lib kelgani uchun usti-boshida tashib kelgan, turli ins-jinslarni (mikroblarni) hali tashqi ta’sirga qobiliyati kuchli bo‘lmagan bolalarga yuqtirmaydi. Yoki o‘tmishda qurilgan uylarning aksariyati (ko‘cha tomonga qurilganlari) oldi ayvonli bo‘lib, ko‘cha tomonga deraza qo‘yilmagan, derazalar o‘rnini turli chiroyli sharqona tokchalar, javonlar, taxmon egallagan. Yerto‘lalardan ham unumli foydalanilgan.
Bu qisqa maqolada qadimgi o‘zbek uylarining afzalliklariyu go‘zalligi, shinamligini to‘la ta’riflab o‘tishim qiyin. Lekin bugun me’morchilik ishlari bilan shug‘ullanadigan mas’ul o‘rtoqlar bu masalalarni chuqur o‘rganib, xalqimiz uchun ajoyib namunali loyihalar yaratib bersalar, juda ezgu ishga qo‘l urgan bo‘lur edilar. Ba’zi viloyatlardagi uy-joy qurilishlarini kuzatganimizda ana shunday qadimiy turkona uylar ham barpo etayotganliklarining guvohi bo‘ldik. Albatta, bu uylar me’morchilik jihatidan mukammal ishlanmagan. Shuning uchun ham ularga mutaxassisning yordami juda zarur.
Odamlarimizning rang-barang tabiatiga, didiga ma’lum bir loyihalarni zo‘rlab tiqishtirishlar kerak emas. Balki uy-joylarimizning go‘zal, shinam, qulay qilib qurishga erishish, shu bilan go‘zal yurtimizning husniga husn qo‘shuvchi loyihalarni xalq e’tiboriga havola qilish lozim. Chunki go‘zal qishloq, go‘zal shahar degan tushunchaning bir butunligini shaxsiy uy-joylarning qanday qurilganligi ta’minlaydi. Shunday ekan, aziz zamondosh, uylarimizni shunday quraylikki, kelajak avlodlar ham ulardan faxrlanib, ruhu kayfiyatlari ko‘tarilib yashasinlar!
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 8-son