Jumhuriyatimiz madaniyatining jonkuyarlaridan biri Sulaymon ota Azimovning hayotida shaxsga sig‘inish davri o‘zining qora izini qoldirib o‘tdi. Yaqinda yosh yozuvchi Sherkon Qodiriy otaxon bilan suhbatlashdi. Ana shu suhbatning mundarijasini hurmatli jurnalxonlar e’tiboriga taqdim etayotirmiz.
Sherkon Qodiriy. — Sulaymon ota, Siz o‘sha dahshatli, qatag‘on yillar jabrini tortgansiz — 14 yil ozodlikdan mahrum etilgansiz. Suhbatimiz o‘sha davr haqida kechsa… Zero, o‘tmish qabohatlari biz yoshlarni doimo hushyorlikka undab tursa…
Sulaymon Azimov. — Dunyodagi mamlakatlar tarixini bilganingizcha ko‘z oldingizdan o‘tkazing, mamlakatlar tarixini, ayrim davrlarini, qiziqtirib qolsa, imkoniyati boricha mufassalroq qarang. Oktyabr inqilobidan ilgari Rusiya tarixini ham va Sovetlar davri tarixini ham ko‘zdan kechiring. Men qo‘limdan kelganicha shunday qilib ko‘rdim. Ammo Sovetlar mamlakatida keyingi 55—60 yillar oralig‘ida yuz bergan fojiali hodisalarni dunyoning biror mamlakati tarixida ko‘rmadim. Hech qanday sababsiz ur-yiqitlar, fojialar, qirg‘inlar, aql bovar qilmaydigan qonli zug‘umlar, million-millionlab gunohsiz qurbonlar, birin-ketin kishi ko‘z o‘ngidan o‘taveradi. Dahshat ustiga dahshat kishilar ruhiga ta’sir etaveradi. Bularning sababi nima? Kim o‘ylab chiqargan bunday tartibni? Kimning manfaati uchun? Kimga qarshi? Tushunib ko‘ringchi?!
Bu haqda kimlar bosh qotirmadi, deysiz. Kimlar xulosa chiqarmadi. Qaysi xulosalar kimlarni qanoatlantirdi? Kim bu haqda gapirishi mumkin?!. 1937-1938 yillari, ayniqsa, dahshatli bo‘lgan. Bu davrning asosiy qonuni — qonunsizlik, hech qanday andozaga sig‘maydigan zo‘ravonlik edi. Usha yillari hukm surgan yoppasiga qirg‘in aslida sal ilgariroq boshlangan. Partiya, sovet xodimlariga qarshi, umuman sovet xalqining ongli ziyolilariga qarshi olib borilgan qirg‘in edi.
1934 yilda men Moskvadagi tarix, falsafa, adabiyot institutining falsafa fakultetida tahsil olardim. O‘sha yilning 1 dekabrida VKP (b) MKning sekretari, Leningrad obkomining birinchi sekretari S. M. Kirov «Qotillar tomonidan o‘z xonasida otib o‘ldirildi», degan xabar eshitdik. 2 dekabrda institutda shu hodisaga bag‘ishlangan katta yig‘ilish bo‘ldi. Unda barcha o‘qituvchilar, o‘quvchilar qatnashdi. Institut, direktori, tarixchi, professor Pregojin ma’ruza o‘qidi. Biz talabalar qotillarni qat’iy qoraladik. Qotillarga qonun bo‘yicha jazo berilishini talab qildik. Buni qarangki, oradan ko‘p o‘tmay shu yig‘in ma’ruzachisi qamoqqa olindi. «U S. M. Kirovni o‘ldirishda ishtirok etganmish», degan gap tarqaldi. Yana biror kundan so‘ng bir nechta professor qamaldi. Yana qamaldi… «Institutdagilarning bari Kirovni o‘ldirishda ishtirok etganmish…» Bunday qama-qamalar boshqa shahar institutlarida ham yuz bergan. Ajab?! 1 dekabrda Kirov Leningradda, shubhasiz, qotillar tomonidan o‘ldirilgan. Qisqa vaqt ichida huquq-tartibot idorasi xodimlari qanday qilib Moskva va boshqa katta shaharlardagi odamlar orasida Kirovning qotillari «sheriklari»ni aniqlashga erishdilar?! Bu hodisa hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini o‘ylab ham o‘tirishmadi.
Mana, shunday qilib qama-qama to‘lqinlari boshlanib ketdi. U kundan-kunga, oydan-oyga, yildan-yilga ko‘tarilaverdi, kengayaverdi, kengayaverdi. 1937— 1938 yillarga kelib, umumiy qirg‘inga aylanib ketdi. Eng dahshatlisi, bu qirgin sovet kishilarining eng yetuk, halol, malakali, bilimli, ishchan, haqgo‘y jamiyatimiz hayotidagi turli og‘irliklarni o‘z yelkalarida ko‘tarib borayotgan g‘ayratli kishilarga qaratilgan edi. Ular sovet xalqining faxri, partiya, sovet davlatining chinakam arboblari — yirik olimlar, yozuvchilar, pedagoglar, vrachlar, harbiylar, qisqasi, ma’naviy olamning yirik arboblari edilar.
Sh.Q. — Bu qirg‘indan jumhuriyatimiz aholisi ham ozmuncha azob tortdimi axir.
S.A. — Mamlakatimizning qaysi burchida bo‘lmasin bu qirg‘in haqida gapirganda: «Eng dahshatlisi bizda kechgan», deydilar. Demak, mamlakat aholisi yoppasiga qirg‘in qilingan. Bu sovet jamiyatining ma’naviy kuchiga qarshi shafqatsiz zug‘um edi. Tarixning hech qanday andozasi o‘z ichiga sig‘dira olmaydigan bu qabohatning boshida Stalin diktaturasi turar edi. U o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun atrofiga o‘ziga ma’qul kishilarni yiqqandi. Masalan, Yagoda, Andreev, Jdanov, Voroshilov kabilar Stalinning suyangan kishilari edi. Stalinizmning bu sodiq qullari hamma ittifoqdosh jumhuriyatlarning shahar va nohiyalariga qo‘yilgan edi. Ular har daqiqa tinch aholi boshiga musht o‘qtalib dag‘dag‘a qilishardi, katta-kichik baravar sarosimaga tushardi. Shunday ahvolni ko‘z o‘ngingizga keltiring, kim gunohkor, kimning nima aybi bor — hech narsani ajratib bo‘lmasdi. Bugun bir kishi qamalib ketganlarni qoralab majlislarda gapirsa, ertasiga o‘sha kishining o‘zi yo‘q bo‘lib qolardi. «Falonchi qani?» desangiz: «U — xalq dushmani», degan javob olardingiz. Birorta loyiq odamni topib, uning nomzodini jumhuriyat deputatligiga qo‘yib, gapirib turgan joyida uning yoqasidan olib, mashinasiga bosib olib ketadilar. Kim hibsga olinsa, shu kuniyoq to‘rt tomonga «falonchi xalq dushmani», «chet mamlakat josusi», «o‘z vatanini sotuvchi» deb jar solinardi. Hamma bu gaplarga ishonardi. Chunki bu ayblar partiya rahbarlari, hukumat, qonun nomidan aytilardi. Butun matbuot sahifalarida, radiolarda qayta-qayta shunday deb e’lon qilinardi. Ayrim shaharlarda ko‘chalar bo‘shab qoldi. Kishilar vahima bilan yotib, vahima bilan turardilar. Qo‘rqinch, dahshat hammayoqni qopladi.
Sh.Q. — O‘zingizning qamalishingiz sabablari haqida gapirsangiz.
S.A. — Buning sabablari ko‘p. Mayli, mavrudi kelibdi, birini ayta qolay: 1940 yil boshlarida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining byuro majlisi bo‘ldi. Unda Usmon Yusupov — O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti I sekretari; Sajaya — O‘zbekiston Ichki ishlar Xalq komissari; Kudryavtsev — O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti sekretari, Abdujabbor Abdurahmonov — O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining raisi; Kabanov — O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisining birinchi o‘rinbosari; Yoqub Ortiqboyev — O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti sekretari; Munko — O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti sekretari; Xalil Turdiyev — Toshkent obkomining sekretari ishtirok etishdi (Y.Oxunboboyev ishtirok etmadi). Byuroda bitta masala ko‘rildi. Ya’ni Toshkent shahar ijroiya komitetining raisi boshqa lavozimga tayinlanganligi munosabati bilan uning o‘rniga rais saylash masalasi edi. Bu o‘ringa U.Yusupov bir nomzodni ko‘rsatdi. Yolg‘iz men: «Yo‘q, bo‘lmaydi, bu lavozimga mahalliy sharoitni yaxshi biladigan o‘zbek rahbar bo‘lishi kerak, qolaversa, Toshkent shahar ijroiya komiteti raisining birinchi o‘rinbosari Husainov nomzodini taklif etaman», — dedim. Ancha tortishuvdan so‘ng Husainovni sayladik. Mening majlislarda o‘zimni bunday tutishim rahbarlarga yoqmagani tabiiy. Qamoqdan kelib eshitsam, Husainov 13 yil bu lavozimda halol mehnat qilibdi.
Sh.Q. — Sulaymon ota, O‘zbekistonda qirg‘inga uchragan ziyolilar haqida gapirmoqchi edingiz?
S.A. — Men ulardan juda ko‘pini tanir edim: Abdullaxon Karimov (Qo‘qondan) — O‘zbekiston Xalq komissarlar Soveti raisining birinchi o‘rinbosari edi. 1937 yili Fayzulla Xo‘jayev qamalgan. A. Karimov uning o‘rniga saylangan. Kasbi iqtisodchi, bilimli, sersalobat odam edi.
Xolmuhammad Oxundiy (Marg‘ilondan) — arab, fors, rus tillarini mukammal egallagan, publitsist, ma’sul partiya ishlarida xizmat qilgan. 1931 yillarda VKP (b) MKda Milliy matbuot tarmog‘ining mudiri bo‘lgan. O‘zbekistonda o‘zining ilmiy, ijtimoiy-siyosiy masalalarda yozgan publitsistik maqolalari bilan mashhur edi. U o‘z maqolalariga «X. O. Marg‘iloniy» deb imzo qo‘yardi. Xolmuhammad Oxundiy 1924 yilga qadar Qo‘qonda «Farg‘ona» gazetasining muharriri edi. Uning rahbarligida Abdulla Rahmat, Lutfulla Olimiylar faoliyat ko‘rsatishardi.
Karim Qori Ikromov (toshkentlik) — Akmal Ikromovning akasi. 1937 yilda Toshkent shahar, Oktyabr nohiyasi ijroqo‘mining raisi edi…
Abdulhay Tojiyev (toshkentlik) — o‘zbek, rus tilini mukammal egallagan, ma’lumotli, A. Ikromovning yaqin maslakdoshi, SSSR Millatlar kengashi kotibi edi. 1937 yili Uzbekiston Markaziy ijroqo‘mi raisi o‘rinbosari va Toshkent shahar Sovetining raisi lavozimida ishlardi. Jumhuriyat matbuotida «Abdulxay» imzosi bilan publitsistik maqolalari e’lon qilinib turardi…
Mirmuslim Shermuhamedov (toshkentlik) — partiya, davlat arbobi, 1930 yillarda Uzbekiston maorif komissari lavozimida ishlagan. 1937 yili O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining qishloq xo‘jalik bo‘limi mudiri edi. Novcha, sersalobat odam edi.
G‘ulom Yoqubov (toshkentlik) — Uzbekiston sovet partiya tashkilotlarini tuzuvchi faollardan biri, uzoq yillar davomida Toshkent shahar Eski shahar ijroqo‘mining raisi bo‘lib ishlagan. O‘zbekiston xalq xo‘jaligi (VSIXR) raisi lavozimida ishlardi.
Kamol Sharipov (samarqandlik) — bosmaxona ishchiligidan O‘zbekiston Komsomoli Markaziy Komitetining birinchi kotibi darajasiga ko‘tarilgan. 1931 yilda u VLKSM Markaziy Komitetining kotibi bo‘lgan. 1937 yilda O‘zbekiston Yer ishlari xalq komissarligida siyosiy bo‘lim boshlig‘i edi. Kamtarin, gapga usta, ishchan odam edi. Bedarak ketdi.
Mirkomil Mirsharopov (Toshkentdan) — mashhur sarkarda, brigada generali edi. 1919 yildan boshlab Toshkentdagi Osipov isyonini bostirishda faol qatnashgan. Men 1937 yilning yozida Moskvada Bolshoy teatr shu’basida «Rigoletta» operasini u bilan birga tomosha qilganman. Ozroq vaqtdan so‘ng qamaldi.
Ahmadbek Mavlonbekov (Leninobod oblastidan) — uzoq yillar O‘zbekiston Yustitsiya Xalq komissari lavozimida ishlagan, keksa kommunist, bilimli, gapga usta odam edi.
Boltayev (xorazmlik) — eski partiya a’zosi, O‘zbekiston Yer ishlari Xalq komissari edi. Ishchan, kamtarin, sodda odam edi.
Davlat Rizayev (xorazmlik) — partiya rahbarlik lavozimida ishlagan. O‘zbekiston maorifi Xalq komissari o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Sodiqjon Boltaboyev (qo‘qonlik) — ishchi, O‘zbekiston KP MK ning taftish komissiyasi raisi bo‘lib ishlagan. 1937 yilda Toshkent shahar partiya komitetining birinchi kotibi lavozimida edi. Kamtarin, sodda, ishchan edi.
Bek Bektemirov (Xorazmdan) — Turkmaniston Kompartiyasi Markaziy Komitetining taftish komissiyasi raisi va ishchi-dehqon taftish Xalq komissari va bir vaqtda chegara diviziyasi komissari edi. 1933 yili turkman xalqi ochlikdan qirila boshlaganda «Davlat omboridan g‘allalar bozorga olib chiqib sotilsin!» degan buyruq chiqargan. Ertasiga Moskvadan Kaganovich imzosi bilan «Bek Bektemirov tezda qamalsin» degan buyruq kelgan. Sud B.Bektemirovni oliy jazoga hukm qilgan. So‘ng hukm 10 yillik jazoga almashtirilgan. Muddat o‘talgach, qayta sud qilib, 5 yil qo‘shib berilgan. 1948 yilda Urganchga qaytib keldi. Yeg‘ zavodiga ishchi bo‘lib (slesar) joylashdi. Oz vaqt o‘tmay yana eski hukm bilan qamalgan. Men u bilan 1952 yil Sibir taygasida uchrashganman. 1961 yilda 29 yil tutqunlikda o‘tirib, qaytib kelgan. Turkmaniston KP Markaziy Komiteti darrov unga sharoit yaratib bergan. Bordi-keldimiz bor edi. Yaqinda vafot etdi.
Sobirjon Sodiqov (Toshkentdan) — «Tajriba stantsiyasi» direktori bo‘lgan, akademik R.Shreder bilan birga ishlagan, Orjonikidze raykomi sekretari bo‘lib ham ishlagan, 1937 yilda qamalib ketgan. Men u kishi bilan Eski shahar maorif uyida va rayonda bo‘ladigan turli yig‘ilishlarda uchrashar edik. O‘rta bo‘yli, istarasi isciq, so‘zlari yoqimli kishi edi. Eski shahar ziyolilarining yig‘ilishlarida tez-tez bo‘lib turardi. Ko‘rilayotgan masala yuzasidan hamma vaqt o‘z fikr va mulohazalarini aytardi. Hammaning hurmatini qozongan edi. O‘z hayot faoliyati bilan hammaga o‘rnak bo‘larli kishi edi.
Iso Sharofxo‘jayev (Buxorodan) — jurnalist, partiya xodimi, «Yosh leninchi» gazetasining muharriri edi. 1937 yil O‘zbekiston KP MKning matbuot bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagan.
Muhiddin Usmonov (Andijondan) — ziyolilardan. O‘zbekistonda Sovet hukumati tashkil topgan vaqtda komsomol tashkilotini tuzganlardan biri. O‘qituvchi, 1920 yili Toshkentga kelgan. Maorif Xalq komissarligida ishlagan. 1941 yili qatag‘on qilindi.
Komiljon Alimov (Toshkentdan) — eski partiya xodimi, A. Ikromovning qalin do‘sti, qalami o‘tkir hamda notiq edi. Turmada nobud bo‘lgan. Ukalari — Rahmatilla Alimov qatag‘on qilingan, Lutfulla Alimov 10 yilga hukm etilgan. U 1937 yili QQASSR obkomi sekretari edi.
Nasriddin Xo‘jayev (toshkentlik) — 1919 yildan partiya a’zosi, qamalganda Tojikiston Markaziy Kasaba soyuzlari raisi edi. 1987 yili 90 yoshida vafot etdi.
Qori yo‘ldosh Po‘latov (Buxorodan) — Buxoro Xalq Jumhuriyatini tuzishda faol qatnashgan. Fayzulla Xo‘jayevning safdoshi.
Mo‘min Xo‘ja — O‘zbekiston Xalq maorifi komissari edi.
Sharif Rajapov (Leninoboddan) — O‘zbekiston KP MKning propaganda bo‘limida ishlagan.
G‘ani Ishoqov (toshkentlik) — ishchi, iste’dodli tashkilotchi edi. O‘zbekiston KP MKning bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan.
G‘ulom Akromov (toshkentlik) — bosmaxona ishchisi, ishchan odam edi. Okrug maorif bo‘limi xodimi edi. 1937 yili Norinda nohiya partiya komiteti birinchi kotibi edi.
Odilqori G‘ulomov (Toshkentdan) — zo‘r bilimli, maorifchi edi. Eski shahar maorifchilar partiya tashkiloti kotibi vazifasida ishlardi. 1937 yili Qo‘qon yaqinidagi nohiyada ijroiya qo‘mitasi raisi edi.
Botir G‘ulom (toshkentlik) — lirik shoir, Samarqandda o‘qirdi.
Shokirjon Rahimiy (Toshkentdan) — O‘zbekiston jumhuriyati Xalq maorifining yetuk arboblaridan, 1920 yillarda «Sovg‘a» nomli kitobi nashr etilgan. Barcha o‘zbek ziyolilari shu kitobni sevib o‘qirdi. Bu kishi meni partiya safiga qabul qilishga kafolat bergan.
Mirzaxo‘ja O‘rinxo‘jayev (Samarqanddan) — 1918 yildan partiya a’zosi, Samarqand viloyatida bosmachilarga qarshi kurashgan.
Eshon Bobo Islomov (Toshkentdan) — O‘zbekiston Xalq maorifining yuksalishida ko‘p mehnati singgan. Keksaygan, ko‘p yillar qamoqxona azoblarini tortgan. Menga saboq bergan domlam. «Bir parcha non» mavzuida insho yozishga vazifa bergan. Vazifani a’lo ado etganim uchun mukofotga daftar taqdim etgan.
Abdulla Qodiriy, Majid Qodiriy, Sobir Qodiriy, Nabi Qodiriy, Habib Qodiriy.
Sh.Q. — Kechirasiz, Sulaymon ota, iloji bo‘lsa, Qodiriylarga mufassal to‘xtalsangiz.
S.A. — Majid va Sobir Qodiriylar juda zo‘r ma’rifatparvar edilar. Sobir Qodiriy (Toshkentdan) — O‘zbekistonda Xalq maorifi komissari komissiyasining a’zosi edi. Majid Qodiriy (Toshkentdan) — texnikum direktori edi, Habib Qodiriy — (o‘shlik, uyg‘ur) — faylasuf olim, jurnalist, partiya xodimi, O‘zbekiston KP MK matbuot bo‘lim mudiri edi. Nabi Qodiriy (Toshkentdan) — partiya xodimlaridan, Lenin asarlaridan o‘zbekchaga tarjima qilgan va nihoyat Abdulla Qodiriy — menimcha, uning nomini bilmagan, u haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Ammo uni ko‘rgan-bilgan odamlar juda kam qolgan. Adib yaratgan «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon», «Obid ketmon» kabi asarlari o‘z vaqtida omma orasida keng tarqalgan. Uning nomi bundan 60 yil muqaddam ham ma’lum va mashhur edi. Chunki Qodiriy asarlarining o‘zbek tilida, o‘zbek ma’naviy hayotida paydo bo‘lishi, ma’naviy hayotimizda keng va tubli to‘lqin tusini oldi, bu to‘lqin hanuzgacha davom etayapti. Uning o‘lmas asarlari hayotimizning turli qatlamlariga kirib, ma’naviy taraqqiyotimizning mazmunini boyitdi.
Keyingi vaqtlarda xalqimiz orasidan, ayniqsa yoshlar, adabiyotimizga katta kuch bo‘lib kirib kelishmoqda. Kishini quvontiradigani xotin-qizlarimizdan ham kelajagi porloq, umidli ijodkorlar ko‘paymoqda. Badiiy iste’dod osmondan tushmaydi. Quruq zamindan ham unmaydi. Ularning dunyoga kelishi uchun, ma’naviy oziqlanadigan tarix sabab bo‘ladi. Bu yosh qalam sohibalarining asarlarini o‘qigan har bir kishi tilimizning kuchini, jilosini va turli hissiyotlarini ravshan qilib badiiy tasvirlab berish qudratiga ishonch hosil qiladi. Shu jihatdan Navoiy harakatlarining o‘zbek tiliga bergan zo‘r bahosi bilan hozirgi yosh qalamkashlarning til mahorati o‘rtasida ma’lum mushtaraklik bor, desak bo‘ladi. O‘z asarlari bilan menda o‘zlariga g‘oyibona hurmat uyg‘otgan yosh qalamkashlarning ismlarini birma-bir aytgim keladi. Biroq suhbat mavzui va belgilangan hajmi mening tilagimni bajo keltirishga imkon bermaydi. Menimcha, bu haqda mufassalroq gapni mutasaddi o‘rtoqlar o‘z vaqtida aytishsa kerak. Lekin men shuni ta’kidlamoqchimanki, hozirgi o‘sib kelayotgan yosh iste’dodlar boy, ruhiy, ma’naviy zaminda paydo bo‘ldi. Bular zamonlar osha o‘z buyuk ajdodlarining badiiy va ma’naviy merosini emib yetilayotgan va ertaga yo indinga xalqimizni quvontirishi mumkin bo‘lgan serg‘ayrat, ongi ravshan, qo‘rqmas adiblarimiz, shoirlarimiz va boshqa madaniyat, umuman ma’naviyatimiz arboblaridir.
Endi yuqorida ta’kidlangan «ma’naviy meros» haqida kengroq to‘xtalmoqchiman. A. Qodiriyning «O‘tgan kunlari» 1926 yili uch qismdan iborat bo‘lib chiqqan edi. Biz o‘sha vaqtda maktab o‘quvchilari kitobning har qaysi qismi chiqishi bilan yig‘ilishib o‘qib chiqardik. Kitob keyin bir butun bo‘lib chiqdi. O‘sha vaqtda o‘quvchilar orasida butun gap-so‘zlar faqat «O‘tgan kunlar» ustida yuritilardi. So‘ngra «Mehrobdan chayon» kitobi chop etildi. Uni ham avvalgi kitobdek qiziqib o‘qidik. Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romani chiqishi bilan barcha xalq uni o‘qishga «yopirilib tashlandi» desam, menimcha, lof bo‘lmasa kerak. Uning asarlari chiqishi bilan qo‘lma-qo‘l tarqalardi. Adib asarlarining mo‘jizasi bo‘lsa kerakki, darrov hammani o‘ziga rom etardi. Qayerda qancha odam to‘planmasin, ko‘chadami, mahalladagi odamlar o‘rtasidami, suhbat Qodiriy romanlarining qahramonlari haqida borardi. Shu suhbatlarda ishtirok etgan keksaroq odamlar Qodiriyning ilgari «Mushtum»da yozgan asarlari — «Kalvak Maxsum yon daftaridan», «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» sarlavhali hajviya va hikoyalari haqida gapirib berardilar. Qisqasi, butun O‘zbekiston madaniyatining asosiy mavzui Julqunboy, «O‘tgan kunlar», «Mehrobdan chayon», ularning qahramonlari haqida bo‘lardi. Faqat quruq gaplar emas, aksincha, shunday asarlar yaratgan A. Qodiriyni zo‘r ehtirom bilan tilga olardilar.
O‘zbekistonda ko‘tarilayotgan asosiy ruh, qaynab borayotgan ijtimoiy hayot kezlarida Abdulla Qodiriy asarlarining badiiy estetik ma’naviy kuchining ta’siri kitobxonlarni dunyoga keng, sog‘lom nazar bilan qarashga o‘rgatardi. E’tibor berilsa, omma orasida Kumush, Ra’no, Otabek, Anvar kabi ismlar 27—28-yildan ko‘paya boshladi. Xalqimizning madaniy tarixida Abdulla Qodiriy asarlaridek keng o‘rin olgan, xalqni ruhiy oziqlantiradigan boshqa biron bir asarni hozirgacha uchratmadim.
Oylar o‘tdi, yillar o‘tdi. Qora bulutlar to‘plana boshladi. Har bir sog‘lom halol, malakali ziyolining hayoti xavf ostida qoldi. O‘sha paytlarda kimning qo‘lida A. Qodiriy asarlari ko‘rinsa, u hech ikkilanmay qamoqqa olinardi va Stalin mahbusxonasiga jo‘natilardi. Shunday bo‘lsa ham Qodiriy asarlarini madaniy hayotimizdan tamomila siqib chiqarish hech kimning qo‘lidan kelmadi. Hatto, talabalar «O‘tgan kunlar» va «Mehrobdan chayon» romanlarining sahifalarini bo‘lib, ko‘rpalari ostiga tiqib, yashirincha bir-birlariga uzatar edilar. Ayrim mas’ul partiya xodimlari Qodiriy asarlarini O‘zbekistonda o‘qishdan qo‘rqib, kurortlarga borib o‘qib kelishardi.
Sh.Q. — Kechirasiz, shu o‘rinda dadam Habibulla Qodiriy so‘ylab bergan bir voqea yodimga tushdi. Usmon Yusupov ishdan olingandan so‘ng «O‘tgan kunlar»ni o‘qib: «Attang, shu kishini olib qolsam bo‘larkan-a», degan ekan.
S.A. — Bo‘lishi mumkin. U. Yusupov umuman badiiy kitob o‘qimagan rahbar edi. Mana shunday savodsizlar bir kishini hibsga oladilar, uyini tintuv qiladilar. Uyidan «O‘tgan kunlar» chiqadi. «Buni sen ham o‘qigan bo‘lsang kerak», deb uning 10-sinfda o‘qiydigan bolasini maktabdan olib, 10 yilga hukm qilib yuboradilar. Abdulla Qodiriyning «O‘tgan kunlar» asarini o‘qiganlikda faraz qilingan maktab bolasi, «yosh jinoyatchi»ni «xavfli jinoyatchilar» qamoqxonasida o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Undaylar juda og‘ir, ruhiy azoblanganlarida, ularga qo‘limdan kelganicha tasalli berardim.
Abdulla Qodiriy shunchalik mashhur, sevimli bo‘lishiga qaramay, hech qayerda o‘zini ko‘z-ko‘z qilmasdi. Minbarlarga chiqib ko‘krak kerish, ko‘pchilik yig‘ilgan yerlarda g‘oz yurish qilib, «mana men» deyish u vaqtda har bir o‘zini bilgan kishiga yot edi. Shuhratga intilish — po‘staki kishilarning ishi. Bunday arboblarning chigirtka kabi ko‘payishi, afsuski, keyingi davrda yuz berdi. Kishi qancha betamiz bo‘lsa, o‘zini-o‘zi shuncha ko‘z-ko‘z qiladi. Po‘staki odamga tashqi niqob kerak. O‘sha zamonlarda niqob ostida kun ko‘radiganlar behad ko‘payib ketdi. Ularning ayrimlari hozir ham o‘sha niqoblarini yechganlari yo‘q. Haqiqiy basharasini el-yurt ko‘rib qolishdan cho‘chishadi.
Abdulla Qodiriyning o‘zini ko‘rmagan bo‘lsam-da, uning siymosini ko‘z oldimga keltirardim. Menimcha, bu u kishining «Mushtum»dagi feletonlarini doimiy o‘qib borishim ta’sirida bo‘lgandir. Meni maktabda (Beshyog‘ochdagi «Namuna» tajriba maktabi) o‘qitgan domlalarim: «Eshon bobo Qori Islomov (10 yil qamalib nobud bo‘lgan), Ilhom Odiliy — tilchi, Do‘stmuhamadovlar (husnixatdan saboq berardilar) Qodiriyga tengdosh, hamdard odamlar edi. Ular Abdulla Qodiriy haqida faxrlanib gapirishardi. Bular ham menga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. «Abdulla Qodiriyga o‘xshagan odam bo‘lish uchun nima qilish kerak ekan?» degan xayol doimo ongimda charx urardi. Keyin A. Qodiriyning o‘zini ko‘rdim. Odamlar bilan gaplashib turgan ekan, tanishish istagi kuchli bo‘lsa ham yaqinroq borib: «Siz Abdulla Qodiriymiz?» deyishdan o‘zimni tiyganman. Men maktab bolasi, u kishi esa, mashhur Abdulla Qodiriy — Julqunboy, uning salobati bir menigina emas, balki, katta yoshdagilarni ham bosar edi. Keyin u vaqtlarda xalqimiz kattalarga hurmat, odob hozirgi zamonga qaraganda juda ham kuchli edi. 1927—1928-yillar tushunchasi bilan qaraganda, maktab bolasining mashhur, nufuzli, katta yozuvchilarga dabdurustdan qo‘l uzatib ko‘rishishi axloq, odob chegarasiga sig‘adigan holat emas edi. A.Qodiriyni uchratganimda uni ko‘rmay turib qilgan tasavvurim to‘g‘ri chiqdi. Keyingi paytlarda bosilib chiqqan asarlarida surati bor. Mo‘ylovi, qoshi, ko‘zi, yuzining tuzilishi, ko‘ylagi xuddi o‘sha men ko‘rgan A. Qodiriyning o‘zi. Uni ko‘rganimdagi ko‘z qarashlari: go‘yo butun dunyoning ma’nosi shu odamning ko‘z qarashlarida to‘plangandek taassurot qoldirgan. O‘zi juda bosiq, salobatli odam edi. Bu mening uni o‘sha uchratganimdagi ko‘rgan ilk taassurotim. Agar yaqinroqdan muloqotda bo‘lganimda, bilmadim… Har holda yanada kuchliroq taassurot qoldirishi tabiiy edi.
Yaqin 60-70 yillik o‘tmishimiz: shu orada uchratgan, bilgan katta-kichik, turli kasb egalari, ayniqsa turli kasb ziyolilari bilan bo‘lgan muloqotlarim, xususan o‘n to‘rt yillik turma hayotim va shaxsiy taxminimga suyanib aytganda shu yillar ichida juda ko‘p nomi tarixda qoladigan yozuvchilarimiz va boshqa ziyolilarimiz bo‘lgan.
Abdulla Qodiriyning tarixda tutgan mavqei boshqalarnikidan farq qiladi. Umuman, badiiy adabiyotimizning o‘sishi, uning asosiy omillari, badiiyoti, katta-kichik arboblarning yetishib chiqishi, xalqda madaniy merosimizga bo‘lgan munosabatlarning kengayishi rivojlanib borishi, qadrlash tushunchalari — bularning hammasiga xizmat qilgan zamin A. Qodiriyning yelkasi degim keladi. Tariximizning keyingi 50—60 yillari ko‘p ur-yiqitlar bilan o‘tdi. Shu davrda yashagan, shu davrni ko‘rgan-bilganlar safi ham kundankunga siyraklashayapti. Ammo bo‘lib o‘tgan ishlarning hammasi qog‘ozga tushgan emas.
Xalqimizning yetuk vakillari, ilg‘or qismi quruq bo‘htonlar qurboni bo‘lib ketgan, begunoh qirilgan. Chunki o‘sha zamonning qonuni — qonunsizlik edi. Ularning o‘g‘il-qizlari peshonasiga «xalq dushmanining farzandi» degan tamg‘a bosilgandi. Inson huquqi poymol qilingan, jabr ustiga jabr yog‘ilgan kishilarni dahshatga solib, ma’naviy karaxt holiga keltirib qo‘yilgandi.
Endi, partiyamiz oshkoralik va demokratiyalash asosida jamiyatimizni qayta qurish kabi buyuk ishlarni olib bormoqda. Insonlar endigina o‘zlariga kela boshladilar. Odamlar endi tilga kirdilar. Mana shunday vaqtda ham tarixda misli ko‘rilmagan jinoyat qatlamlarini yopib: «…aytib qo‘ysam, nima bo‘larkin?» deb qo‘rqib o‘tirish, tarix oldida gunoh emasmi? Shu boisdan keksa avlodning vazifasi — o‘zi ko‘rgan-bilganlarini hozirgi avlodga yetkazish, toki kishilar o‘tmishimiz haqida bor gaplarni, haqiqiy hodisalarni eshitsinlar, bilsinlar! Buningsiz o‘tmishning jinoyat qatlamlari ochilmay qolib ketaveradi. O‘tmishimiz haqida kishilar ongida yolg‘on tasavvurlar tug‘diradi. Bu esa, qo‘yinga to‘ldirilgan puch yong‘oqqa o‘xshaydi. Toki elining, xalqining kelajagini o‘ylagan, o‘zini bilgan odam puch yong‘oq bilan hech kimning qo‘ynini to‘ldirmasin.
Sh.Q. — Domla, hammaga o‘rnak bo‘ladigan suhbatingiz uchun Sizga katta rahmat! Salomat bo‘ling!
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 12-son