Qayta qurish jamiyat hayotiga chuqur singib borgani sari madaniy va ma’naviy merosga ham yangicha nuqtai nazardan yondoshishga, muammolarni ilmiy tahlil qilishga keng imkon ochilmoqda. Bu o‘tmish xalqlarimiz hayotida maktab va madrasalarning o‘rni, roli va mohiyatini o‘rganishga ham imkon yaratdi.
Xo‘sh, maktab va madrasalar o‘tmishda haqiqatdan ham zulm va jaholat o‘chog‘i bo‘lganmi? Bu savolga to‘g‘ri javob topmoq uchun islomning hukmron mafkuraga aylanishi, arab xalifaligi va O‘rta Osiyodagi VIII — XII asrlar siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy sharoiti bilan yaqindan tanishmoq kerak.
Islom bayrog‘i ostiga birlashgan ulkan arab xalifaligida katta ilmiy va madaniy markazlar — (IX—XII asrlar) Bag‘dod, Damashq, Xeva, Buxoro va Samarqandda jahonga mashhur olimu fozillar yetishib chiqdilar. Bu madaniyat o‘choqlarida qadimgi yunon daholari — Platon (Aflotun) va Aristotel (Arastu)larning ilmiy merosi chuqur o‘rganildi. Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Ahmad Yugnakiy singari ko‘pgina avlodlar mehri-muhabbatiga sazovor bo‘lgan allomalar ijodi irod etildi. Xorazmda buyuk Beruniy minerallarning tuzilishi va mohiyatini, Samarqandda Ulug‘bek va uning shogirdlari osmon jismlarining harakati va joylashishini o‘rgandilar.
Nima uchun? Bunday ilmiy tadqiqotlarni islom talab qilganmidi?
Aniq fanlarning rivojlanishi din bilan mutlaqo aloqador emas, deyish ham to‘g‘ri bo‘lmas. Islomning aniq fanlar bilan bavosita aloqadorligi mantiqiydir va bu fikrni isbotlash mumkin. Buning uchun IX— XII va XV asrlar tarixiga, xususan aniq fanlar va maorif ravnaq topgan davrga murojaat qilish o‘rinli bo‘lur edi.
VII asrning ikkinchi yarmi va XIII asr boshlarida arablar o‘nlab mamlaktlarni zabt qildilar. Shu davrda bu mamlakatlarni siyosiy, iqtisodiy va huquqiy jihatdan to‘g‘ri boshqarish zarurati paydo bo‘ldi. Xuddi ana shu zarurat aniq fanlarning rivojlanishiga yo‘l ochib berdi.
Ummaviylar sulolasi (661 — 750 yillar) davrida xalifalikning poytaxti Damashqqa ko‘chirildi. Yangi sulola davrida xalifalikni boshqarish uchun dunyoviy bilimlarga ega bo‘lgan ma’lumotli kishilarga ehtiyoj kuchaydi. Zabt qilingan mamlakatlarni idora qilish, yer, mol-mulklarni taqsimlash, sun’iy sug‘orish, soliq solish, hisobkitob qilish ishlarini chuqur bilim egallamasdan amalga oshirish amri mahol edi. Mudofaa va harbiy yurishlar maqsadida yangi qasrlar va qal’alar, istehkomlar qurishga to‘g‘ri kelardi. Buning uchun ilmli va malakali muhandislar, quruvchilar zarur edi. Shunday qilib musulmonlardan ham ko‘plab muhandislar, me’morlar, musavvirlar, tabiblar yetishib chiqdi. Bunday ehtiyoj maorifni, maktab va madrasalarni ochishga va ko‘paytirishga imkon tug‘dirdi.
Islom maktablari va madrasalari dastlab abbosiylar davrida vujudga keldi. Ularda qadimgi Yunon va Rum olimlarining asarlarini arab tiliga tarjima qilib o‘qitildi. Bu jarayon o‘z navbatida aniq fanlar va falsafada yangi yo‘nalishlar paydo bo‘lishiga imkoniyat yaratdi, kimyo, fizika, falakiyot, aljabr, xandasa, trigonometriya, mineralogiya, tibbiyot, dorishunoslik, maxsus fanlar sifatida keng ravnaq topdi. Unli sonlar tarmog‘ining joriy qilinishi aniq fanlar taraqqiyotini yanada tezlashtirdi.
Falakiyot ilmida buyuk ixtirolar qilindi. Bag‘dod, Damashq va keyinchalik Samarqandda falakiyotshunoslik maktablari vujudga keldi. Ptolomey jadvali tekshirildi, buyuk Olim Al Xorazmiy hind falakiyotshunoslik jadvalini tuzdi, Sanjlar pasttekisligining kenglik darajasi va fazoviy yassiligi favqulodda aniqlik bilan o‘lchab chiqildi.
Aniq fanlarning rivojlanishida maktab va madrasalardagi o‘qitish muhim o‘rin tutdi. Islom hukmron mafkuraga aylangan dastlabki davrlarda musulmon maktablari va madrasalari bo‘lgan emas. Qur’on va sunnalar bo‘yicha bahslar ilohiyot olimlari tomonidan dastavval diniy jamoalarda va machitlarda o‘tkazilgan. Ularning atrofiga o‘nlab shogirdlari to‘plangan va bahslarni katta qiziqish bilan kuzatishgan. Tarixiy manbalarda yozilishicha, ba’zi ilohiyotchi va fiqh olimlarining va’zlarini minglab odamlar tinglaganlar. Chunonchi, IX asrda Bag‘dodda ulamolik qilgan buxorolik ilohiyotchi Ismoil al-Buxoriyning va’zlariga minglab musulmonlar to‘planganlar. Shunday qilib madrasalar (islom dunyosiga xos o‘rta maxsus va oliy dorilfununlar)ga asos solingan. Madrasalar qurish, ularni pul bilan ta’minlash, ulamo va talabalarga yordam berish xayrli, ilohiy va savob ish hisoblanardi. Xalifalar, boy-savdogarlar, amaldorlar madrasalar va maktablarga birinchi bo‘lib moddiy yordam berib turganlar.
IX—X asrlarda O‘rta Osiyoning madaniy markazlari bo‘lgan Buxoro va Samarqandda ham islom madrasalari vujudga keldi. Bu haqdagi ilk ma’lumotlar arab tarixchisi Narshaxiyning «Buxoro tarixi» majmuasida uchraydi. Uning yozishicha, 936 yilgacha Buxoroda mashhur bo‘lgan ko‘hna Farjok madrasasi o‘sha yili ro‘y bergan dahshatli yong‘inda kuyib ketgan. Bu vaqtda Buxoro Somoniylar davlatining poytaxti edi. Ayni vaqtda u yirik ilmiy, madaniy va iqtisodiy markaz ham hisoblangan. Somoniylar davrida birgina Samarqandning o‘zida turli islom mazhablariga qarashli 20 ta madrasa ishlagan.
Madrasa binolari nihoyatda nafis, mahobatli qilib qurilardi. Ular katta-katta o‘quv xonalari, mehmonxonalar, yemakxonalar, domlalar va talabalar uchun maxeus hujralardan iborat edi. Har bir madrasaning katta hovlilari bo‘lib, hovlilarda albatta hovuzlar bo‘lardi. Talabalarning har biriga alohida hujra ajratilgan. Ularga qiynalmay o‘qishlari uchun pul, kiyim-bosh, oziq-ovqat berilgan.
O. Eyxgornning nemis tilidan tarjima qilinib, 1887 yilda Toshkentda chop etilgan «Islomda maktab, fan va san’at» nomli kitobida yozilishicha, Samarqand va Buxoro madrasalariga turli islom mamlakatlaridan ko‘plab talabalar, hatto ular bilan birga domlalar va ustozlar kelib turganlar. Va o‘z o‘rnida Buxoro, Samarqand, Farg‘ona va Urta Osiyoning boshqa shaharlaridan Damashq va Bag‘dod madrasalariga talabalar va domlalar borib tahsil olganlar. Bu bordi-keldilar ikki o‘rtada ilm-fan ravnaqiga xizmat qilgan.
Ana shunday yaxshi an’ana XII—XV asrlarda ham qisman davom etgan. Ulug‘bek, Jaloliddin Rumiy, Ali Qushchi, Nasriddin Tusiylarning madrasalarda ustozlik qilganligi fikrimizning tasdig‘idir. G‘iyosiddin al Koshiy o‘zining «Ulug‘bek va Samarqand ilmiy maktabi to‘g‘risida maktub»ida quyidagilarni xabar beradi: «Bir necha kunlar ichida shoh Ulug‘bek hazrati oliylari mashg‘ulotlarda qatnashardi. Bunday kunlarda mashg‘ulotlar asosan hisob-kitobdan bo‘lardi. Kaminangiz ham bu mashg‘ulotlarga qatnay boshladi».
Musulmon madrasalarida asosan islom asoslari va falsafasi hisoblanmish: «Shamsiya» (formal — logika), «Aqoid» (islom aqidalari asoslari), «Shariat» (islom qonunchiligiasoslari)ni o‘qitish, ma’rifat berishning birinchi vazifasi hisoblangan. O‘qitish «Avvali ilm»dan boshlanar, u savol-javob shaklida tuzilib, talabalar uning mazmunini yod olishar edi. Madrasalarda o‘qitiladigan ilohiyot — huquq fanlari islom ilohiyotchilari asarlaridan iborat edi. Ular Qur’on va hadislarga ifodalangan aqidalar majmuiga asoslangandir.
Ilohiyotchilik fanlari bilan bir qatorda madrasalarda sarfu nahv (grammatika) ham o‘qitilardi. Har bir musulmon arab tilini Ollohning tili, deb yuksak qadrlaydi. Shuning uchun musulmonlar bu tilni puxta bilishi, «Kalomu olloh» oyatlarini zo‘r e’tibor va qiroat bilan, jarangdor qilib o‘qishi shart edi. Qur’on, sunna va shariatni arab tilini o‘rganmay tushunib bo‘lmaydi. Natijada arab tili sarfu nahvini o‘rganish keng yo‘lga qo‘yildi va u favqulodda tez rivojlandi. U islom, fan, madaniyat, adabiyot tiliga aylandi. O‘rta osiyolik buyuk allomalar arab tilini shu darajada mukammal bilganlarki, hatto ular o‘z ilmiy risolalarini shu tilda yaratganlar.
XIII asrdan keyingi davrda O‘rta Osiyoda feodal tarqoqlik, o‘zaro feodal urushlari avj oldi. Ma’naviy hayotda tushkunlik, diniy mutaassiblik kuchaydi. Pirlarga, eshonlarga, to‘ralarga, turli aziz-avliyolarning soxta mozorlariga va qadamjolariga sig‘inish avjiga chiqdi. Bu esa fan, maorif, madaniyat va adabiyotning ravnaqiga katta g‘ov bo‘ldi.
Islom musulmonlar ongi va turmushinigina emas, hatto dehqonchilik va kasb-hunar bo‘yicha faoliyatini ham nazoratga oldi, ularni tartibga soldi. Dehqon, to‘quvchi, temirchi, quruvchi, novvoy, cho‘pon, kosib, kulol, qo‘shchi, sartarosh kabi hunarmandlar uchun alohida diniy risola-nizomlar (ular 40 taga yetardi) yaratilib, hunarmandlarning qonuniga aylantirildi. O‘rta Osiyoda ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixining bilimdoni akademik Ibrohim Mo‘minov yuqoridagi risola-nizomlar o‘tgan asr oxirlarida «Turkiston viloyatining gazeti» sahifalarida muntazam e’lon qilinganligini ta’kidlagan edi.
Har bir risolaning muqaddimasi shunday boshlanardi: «Xudoyi taolo o‘z panohida saqlab, marhamat qilib aytibdirki, ushbu risolada yozilgan farmoyishlarni bajargan har bir usta, agar xudo xohlasa, bu dunyoda ham, u dunyoda ham baxt-saodatli bo‘ladi».
Risolalar mazmunini tasavvur qilish uchun to‘quvchi amal qilishi shart bo‘lgan qoidalarni tilga olish mumkin «…savol: To‘quv hunarmandchiligida necha qoida bor? » «Javob: 12 ta qoida bor — usti-boshini toza tutish; tahorat qilish; pok vijdonli bo‘lish; o‘z vaqtida besh vaqt nomoz o‘qish; tavba qilish; ustozdan yordam so‘rash; olimlar bilan do‘st bo‘lish; ertalab va kechqurun shogirdlarni o‘qitish-o‘rgatish; xushmuomalali bo‘lish; ehson-sadaqa berish; ustaxonani toza tutish va keluvchilarga salom berib, hurmat qilish; zikr tushish va tasbeh o‘girish».
Ko‘rinib turibdiki, qoidalarning yarmidan ko‘pi odamiylik, qadr-qimmat, inson va kasbga hurmat, shogird tarbiyalashga, qolganlari esa e’tiqod tarbiyasiga qaratilgan.
Madrasalarda «Muxtasarul viqoya», «Aqoid» kitobi, mantiq, arab tili qoidalari, voizlik, shariatga va kalomga oid kitoblar, jo‘g‘rofiya, arifmetikaga doir bilimlar o‘qitilardi. Demak, o‘rta asrlarda bo‘lganidek, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida madrasalarda islom asoslari va qonunchiligini o‘rganish ta’limning mazmunini tashkil qilgan.
Ko‘rinadiki, maktab va madrasalar uzoq davr O‘rta Osiyo xalqlari tarixining mafkura, ta’lim-tarbiya, madaniyat markazlari bo‘lib xizmat qilgan. Ular kishilarda islomga cheksiz e’tiqodni, unda ilgari surilgan insoniy fazilatlarni, mehr-oqibat va odobni shakllantirgan. Shu bilan birga madrasalar jahon fani va madaniyati rivojiga buyuk hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarni yetishtirgan. Madrasa binolari esa milliy me’morchilik san’atining hayratomuz timsollari bo‘lgan. Afsuski, ularning ko‘pchiligi stalinizm davrida yakson qilindi. Butun qolganlarini ta’mirlash va avaylab asrash kelajak avlodlar oldidagi burchimizdir. Har qalay, fan ahli islom va Qur’onga ma’naviy madaniyat namunalari sifatida hurmat va ehtirom ko‘rsatishi maqsadga muvofiqdir.
Shukurjon Valiyev, falsafa fanlari nomzodi, dotsent
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 10-son