Tayyoramiz kunchiqarga qarab yo‘l oldi. Bahorning ko‘zni qamashtiruvchi go‘zalligi Toshkent bilan ortda qoldi. Oldinda esa Uzoq Sharq…
Uzoq Sharq — harbiylar o‘lkasi. Olamning hech bir joyida bu yerdagidek ko‘plab harbiylarni uchratish qiyin. Asosan quruvchi harbiylar…
Uzoq Sharq harbiy okrugi shtabi Xabarovsk shahridagi barcha ma’muriy binolardan ko‘ra ko‘rkamroq va ulkanroq ekan. Bu okrugga qarashli harbiy qismlarda asosan ruslar va o‘rta osiyoliklar xizmat qilishadi.
Safarimiz davomida o‘z farzandlarini qo‘msab borayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashib suhbatlashdik. Ko‘pchilikning qo‘lida harbiy qismlardan kelgan shoshilinch telegramma.
— O‘g‘lim Sayfulloni harbiy xizmatga kuzatib qolganimizga hali bir yil ham to‘lgani yo‘q. U hozir N-chi harbiy qismda xizmat qiladi. Nohiyadoshim Boboqul Karimovning o‘g‘li Umidjon ham shu shaharda N-chi harbiy qismda… O‘g‘lim Sayfulloning komandiridan telegramma oldim. Sayfulloning ikki oyog‘i ham singan… — dedi bosh chayqab g‘amgin olotlik Muzaffar Hamdamov.
— Men o‘g‘lim Umidjonni soppa-sog‘ voyenkomga topshirganman. Soppa-sog‘ qaytarib olishim kerak. Bu yerdan sovuq xabar oldim, ikki ko‘zi ham ko‘rmay qolgan emish, — dedi ko‘ziga yosh olib Boboqul aka. — Hamma g‘am o‘zbekning boshida ekan-da, uka? Bir yoqdan tug‘maysan desa, bu yoqdan ko‘payib ketdilaring deb ta’na qilishsa, u yoqdan paxtani bahona qilib qatag‘on qilishsa…
— Voyenkomlar har bir askar uchun to‘liq javobgar. Mas’ul kishilar qayerga, kimlarni harbiy xizmatga jo‘natgan bo‘lsa vaqti-vaqti. bilan so‘rab surishtirib turishi, yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlashi, hatto kim qanday tur qo‘shinda xizmat qilishini oldindan belgilab qo‘yishi kerak-ku?! — dedim suhbatdoshlarimga.
— Uka, qaysi butaga o‘t ketsa, o‘zi yonib, o‘zi kuyadi… — Boboqul aka chuqur uh tortdi.
Hech kimga ayon bo‘lmagan sirli harakatlarning yolg‘iz, tilsiz guvohi — oftob Boboqul akaning hasratini jimgina eshitib Sharqdan G‘arbga qarab og‘ir borar edi. Eh-he, hali o‘zbekning qancha Boboqullari «zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek» uh tortadi. Toki haqiqatni anglab yetguncha…
Haqiqat qanchalik achchiq bo‘lmasin, shirin yolg‘on bilan o‘zimizni o‘zimiz alday olmaymiz. Bugun loqayd qarab turadigan, g‘aflat bosgan xalqni topish qiyin. Hamma o‘zligini anglashga, qadriyatini tiklashga harakat qilyapti. Lekin bugungi kunda Sovet Armiyasidan ko‘p aziyat chekayotgan ham O‘zbekistondir. Yigitlarimizning 27 foizi jangovar va maxsus qismlarda xizmat qilishga sog‘lig‘i to‘g‘ri kelmaganligi sababli qurilish qismlarida xizmat qiladi. Bu Ittifoq miqyosidagidan bir necha barobar ko‘pdir. O‘zbekistonlik jangchilarning halok bo‘lish hollariga iloji boricha «aybdor» o‘zlari ekanligini ta’kidlashmoqda. Sabablar quyidagicha tahlil etilib, asoslanmoqda:
- O‘lganlarning beshdan biri sog‘liqni saqlash jabhalari tomonidan vaqtida aniqlanmagan kasalliklar oqibatida ro‘y bergan;
- Yana shuncha odam o‘z joniga qasd qilish oqibatida;
- 9 foizi avtoavariyalar va falokatlarda;
- Harbiy mashqlar paytida, texnikadan foydalanishda mas’uliyatsizlik qilganliklari sababli;
- Qolgan qismi bezorilik, mushtlashish, bir-birini haqorat qilish, «qariyachilik» natijasida halok bo‘lmoqdalar.
Ammo bosh aybdorlar — ofitserlar va boshliqlar ekanligi, Ustavda ko‘rsatilgan qonun-qoidalarga rioya etilmasligi, armiyada rus bo‘lmagan xalqlarga nisbatan xoh sipoh, xoh sardor bo‘lsin ishonchsizlik bilan qaralib, millatchilik qilinishi oqibatida falokatlar, to‘qnashuvlar sodir bo‘layotganligi aytilmaydi.
Shuningdek, sipohlarning qadr-qimmatini lashkarboshilar tomonidan yerga urilishi, ularga odamday muomala qilinmasligi, sipohlarni bir-biriga gij-gijlashlar ham katta sabab ekanligiga o‘z ko‘zim bilan ko‘rgach, ishonch hosil qildim. Sovet Armiyasi va uning qo‘shin turlari, ularda kimlar xizmat qilishi, har bir jumhuriyat qanchadan sipoh, sardor yetkazib berishi lozimligi, professional armiyani vujudga keltirish kabi bir qator masalalar yuzasidan mamlakat Oliy Soveti o‘zining tadbirlarini ishlab chiqishi kerakka o‘xshaydi.
Qurilish qismlariga jo‘natiladigan yigitlarimizning bir qismi jumhuriyatimiz sarhadida qolishi juda yaxshi. Demak, haqiqiy harbiy xizmatga sog‘lig‘i to‘g‘ri kelmaganlargina qurilish qismlariga jo‘natilishini hisobga olsak, biz sog‘lom va baquvvat yigitlarimiznigina «u yoqqa» jo‘natamiz. Aksincha, 27 foiz (sog‘lig‘i jangovar qismlarda xizmat qilishga to‘g‘ri kelmaydigan yoshlarni) ko‘rsatgichni hech bo‘lmaganda 5-10 foizga tushirish uchun kurashish lozim emasmi?!
Chor Rossiyasi davridan buyon armiyada davom etib kelayotgan «dedovshina»chilik, ya’ni «qariyachilik»ka barham berish to‘g‘risida bugungi kunda ko‘plab aytilmoqda. «Ogonyok» jurnalining 10-sonida bosilgan (1989 yil) SSSR Xalq deputati, yozuvchi Odil Yoqubov va Temur Po‘latovlarning «Qariyachilik asoratlari» maqolasi qizg‘in bahslarga sabab bo‘lganligini ta’kidlash joiz.
— Qiyin-qiyin, biz ofitserlarga qiyin, — dedi N-chi harbiy qism komandiri — hozir soldatlar, bundan besh-o‘n yil oldin xizmat qilgan akalaridan keskin farq qiladi. Armiyada milliylik kuchayib ketdi. Bunday holni bizda ba’zilar millatchilikka yo‘yishmoqda… Bu noto‘g‘ri, albatta. Hozircha armiyada qayta qurish yo‘q, hammasi eski tartibda davom etyapti. Bizning asosiy ishimiz yoshlarni tarbiyalashdan iborat bo‘lib qolyapti. Aksincha, bizga tarbiyalangan, chiniqqan, oqu qorani ajrata biladigan yoshlar kerak. Menimcha, harbiy xizmatga o‘n sakkiz yoshdan emas, yigirma yoshdan chaqirish kerak.
— Umarovlar oilasiga nima sababdan telegramma jo‘natildi?
— Oddiy soldat Ulug‘bek Umarov atigi olti oy xizmat qilganligiga qaramasdan xizmatdan bo‘yin tovlayapti… Biz yo‘lga sololmadik, balki ota-onasi yo‘lga solar deb chaqirdik-da. Bundan tashqari boshqalarning ham ota-onalariga telegrammalar jo‘natganman.
— Siyosiy soatlarda qatnashmaydi. Oshxonada kartoshka tozalamaydi, pol yuvmaydi, — dedi siyosiy ishlar bo‘yicha komandir o‘rinbosari — uch-to‘rttasi bir bo‘lib o‘zbekcha qo‘shiq aytishib ba’zan boshqalarning tinchini buzishadi. Qizig‘i shundaki, besh vaqt namoz o‘qiydiganlari ham bor… — Armiyada «qariyachilik» kerak. Chunki, bu tartib shu paytgacha qo‘l kelgan, bundan keyin ham qo‘l keladi, — dedi suhbatga aralashib bo‘lim komandiri proporshchik Vladimir Liyer. Men ham xizmat qilganman, qiynalganman ham…
— Qismimizda xizmat qilayotgan soldatlarning asosiy qismi O‘rta Osiyo jumhuriyatlaridan kelishgan. Boltiqbo‘yi jumhuriyatlari soldatlikka farzandlarini berishmadi. Gruziya Uralgacha bo‘lgan sarhadda gruzin yigitlari xizmat qilishi mumkin deb e’tirof etdi. To‘g‘risini aytsam, armiyada asosan ruslar va o‘rta osiyoliklar ko‘pchilikni tashkil etadi, — dedi mayor Maksimov. — Biz ofitserlar ustav bo‘yicha harakat qilamiz. Ammo harbiy ustavni allaqachon o‘zgartirish, qayta ko‘rib chiqish payti yetdi.
— Armiyadagi tartibsizlikka rus bo‘lmagan millatlardan ofitserlar kamligi ham daxldor,— dedi ozarboyjon kapitan Gasanov. — Chunki milliy psixologiyani, urf-odatlarni ozmi-ko‘pmi bilmasdan turib soldatlar bilan til topishish qiyin. Hozirgi paytda istalgan soldatni jinoiy javobgarlikka tortish mumkin. Hatto, shu gaplarim uchun meni ham. Baxtimizga ofitser I. Petrenko har bir soldatni asrab‑avaylash bilan birga, har qanday noxush holning oldini olish tarafdori. Ammo, hamma Petrenko emas… Shu yil qishda uch soldatimiz arzimagan sabab bilan halok bo‘ldi. Qishga karam sho‘rlaydigan qudug‘imiz bor. Karam olinaveradi, quduq chuqurlashaveradi. Chuqurlikda esa uglekisle gaz tuplanadi. Mana shu quduqdan karam olish uchun tushgan uchta soldat kislorod yetishmasligidan bo‘g‘ilib o‘ldi… Buning uchun hech kim javobgarlikka tortilmadi.
Oddiy qonun-qoidalarga amal qilmaslik, tegishli xavfsizlik qoidalari jiddiy o‘rgatilmasligi, qattiq nazorat qilinmasligi natijasida ko‘ngilsiz voqealarning ko‘payib ketishiga asosan soldatlar emas, o‘rta bo‘g‘in komandirlari aybdor. (Biz Krasnoyarskda bo‘lganimizda N-chi harbiy qism. 70 ta soldatning suvdan zaharlanganligi va bir askar vafot etganligining guvohi bo‘ldik. Soldatlarga bir-ikki kunga «ta’til»— ya’ni «uvolnitelnыy» berilmaydi. Bunday huquqqa ega soldat qayerga ham borardi?! Bamisoli qamoqxona deysiz. Nechora, xizmatchilik! 37 millat vakillari bu yerda bir tanu bir jon bo‘lib xizmat qilishadi, yashashadi. Aslida shundaymikan?! Yo‘q, o‘zining botiniy, zohir bo‘lmagan tartibi, qoidasiga binoan shunday emas.
Narpaylik oddiy askar Qahhor Yusupovning otasining harbiy unvoni ham proporshchik. Qahhor esa ofitser bo‘lishni istaydi. Shuning uchun Samarqand harbiy bilim yurtiga hujjatlarini jo‘natish niyatida ofitser Afanasenkoga murojaat etdi. Afanasenko esa undan ofitser chiqmaydi deb hisoblaydi va shtabda hujjatlarni rasmiylashtirishga yo‘l qo‘ymaydi. Men bilan suhbatlashganda esa u fikrini ochiq bayon qildi:
— Yurtdoshlaringiz yomon xizmat qiladi. Shuning uchun ulardan, tabiiyki, yomon ofitserlar chiqadi.
Mamlakatimizda esa Afanasenkolar behisob, balki shuning uchun ham o‘zbeklar, o‘rta osiyoliklardan sardorlar kam chiqayotgandir? Yosh yuraklardagi qiziqish va ishtiyoq so‘nib qolayotgandir? Sardorlar tayyorlash har bir jumhuriyatning o‘z tasarrufiga berilsa, tegishli boshqarma tashkil etilsa va milliy kadrlarni bu sohaga jalb etish uchun qulayliklar yaratilsa to‘siqlar olinarmidi deb beixtiyor o‘ylab qolaman. Bu haqda jumhuriyat Oliy Soveti o‘z fikrini aytishi lozim.
…Ulug‘bek hamma qatori bir oylik karantinni, so‘ngra ikki oylik harbiy tayyorgarlikni o‘tadi. Uni avtoxo‘jalik vzvodiga qabul qilishdi. Harbiy xizmatni komandirlarga itoatdan, ya’ni Ustavdagidek boshladi. U ikki yil muqim xizmat qiladigan qism kazarmasiga kelgan kuniyoq kichik serjant Ivanov uning qo‘liga pol yuvadigan latta va tog‘ora berdi.
— O‘rtoq kichik serjant, rota navbatchisi qiladigan ishni nega menga buyuryapsiz. Arz qilaman…
Ulug‘bek kutilmaganda yuziga tortilgan tarsakidan gangib qoldi. O‘zini o‘nglab olgach, tap tortmay Ivanovni ura ketdi. O‘rtaga boshqalar aralashdi. «Zampolit» mayor Kuznetsov Ulug‘bekni aybdor deb topdi. Nohaqlikni ko‘rib jim turganlarga toshkentlik oddiy soldat Tohir Sharipovning gapi dalda bo‘ldiyu ko‘pchilik «zampolit»ga qarshi gapira boshladi.
— Siz nohaqsiz, o‘rtoq mayor, yosh soldat qanday qilib kichik serjantga qarshi qo‘l ko‘taradi. Uning o‘zi Ulug‘bekni majburlaganini hamma ko‘rdi.
— Gap qaytarma, Sharipov, senga uch kun qamoq jazosi e’lon qilaman. Yurtdoshlaringni buzyapsan!
— Xo‘p, uch kun qamoq jazosi, o‘rtoq mayor!
— Oddiy soldat Ulug‘bek Umarovga ham uch kun qamoq jazosi e’lon qilaman!
Gaupvaxtaning tor, dimiqqan xonasida uch kishi navbatma‑navbat eshik tirqishidan nafas olishardi. Toshkentlik Tohir Sharipov o‘zining bir yillik xizmati davomida oltmish kundan oshiq bu yerga kelganligi butun diviziyaga ma’lum va mashhur. Unga ofitserlar raqibga qarashganday qarashsa, soldatlar mehr bilan qarab, hurmat qilishadi. Tohir — o‘rta osiyolik soldatlarning yetakchisiga aylangan. Mayor A. Kuznetsov menga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunday dedi:
— Tohir Sharipov — bularning (o‘rta osiyoliklarning — Sh. S.) «lideri». Uning aytgani-aytgan. Biz ofitserlarga quloq solishmasa-da, unga quloq solishadi. Shaxsan general Petrenko uni «sindirmoqchi» bo‘ldi, sindirolmadi.
— Ustav deyishadi-yu, o‘zlari ustavni buzishadi. Bizga inson deb emas, hayvon deb qarashadi. Hatto havoni qizg‘anishganini aytmaysizmi? — dedi Tohir g‘azab bilan — Cho‘lpon bekorga yozmagan ekan: «kulgan o‘zgalardir, yig‘lagan menman»… Qarang xlorning hidiga chidab bo‘lmayapti.
— Xlorni nega sepishgan? — so‘radi Ulug‘bek.
— Qiynash uchun! Xlor inson organizmidan chiqmaydi.
— Buni bilgan holda qamoqxonaga xlor tashlab suv sepishadi, — dedi uzluksiz besh kun o‘tirgan Tohir Umarov. Uning rangi sarg‘ayib ketgan, kalta-kalta yo‘talar edi. Sog‘lig‘ini yo‘qota boshlaganligini ko‘rib, men bu haqda kapitan Gasanovga aytsam, u kulib:
— O‘zbeklarga zaharli modda ta’sir qilmaydi. Chunki tug‘ilgandan boshlab kimyoviy moddalarni tatib ulg‘ayishadi. Immunitet kuchli, — dedi; — Bu — hazil, ammo, gaupvaxta 3 foizli xlorli suv bilan yuviladi. Bu instruktsiyada ko‘rsatilgan, — deb qo‘shimcha qildi.
Gaupvaxtada esa kamida 40 protsentdan oshiq xlor sepilganligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganligimni aytsam-da, inkor etishdi. Bu jinoyat edi!
Uzluksiz gaupvaxtaga kelib-ketuvchilar bu yerdan chiqishgach, yuragida alam, chehrasida esa kulgu bilan kazarmaga kirib kelishadi. Armiyada birinchi kundanoq yosh askarga muloyimlik bilan muomala qilinadi va muloyimlik bilan bo‘ysundirishga harakat boshlanadi. Bunday harakatni asosan «qariyalar» va komandirlarning o‘zlari boshlab berishadi. Hamma harakat Ustavdagidek bo‘lishi kerak deb tushungan yosh askar esa oldiniga ajablansa, so‘ng g‘azablanadi. Har bir xatti-harakatida u o‘z noroziligini ifodalay boshlaydi. So‘ng jazolash boshlanadi. «Naryad»ga qo‘yiladi, tazyiq o‘tkaziladi. Bunday og‘ir paytda yosh askar yolg‘izlanib qolmaydi. O‘z navbatida unga o‘rgatuvchilar va himoya qiluvchilar paydo bo‘ladi. Ba’zan ochlik e’lon qilishadi.
Ofitserlar tomonidan askarlarni kamsitishni men xayolimga ham keltirolmayman. Ammo bu yerda millatchilik ochiqchasiga o‘zligini ko‘rsatgan desam xato bo‘lmaydi. Mayor Sebo gruzinlarga homiylik qilsa, kapitan Gasanov ozarboyjonlarga, mayor Maksimov ruslarga, mayor Afanasenko ukrainlarga, xullas, har kim qo‘lidan kelganicha o‘z elatdoshlarini himoya qiladi va ularning ortiqcha ezilishini istamaydi. Albatta, bunday yon bosishlar ochiqchasiga emas, botiniy jarayonda amalga oshirilishini askarlar yaxshi bilishadi. Yuzga yaqin o‘zbeklar va tojiklar bilan suhbatlashib, mana shunday fikrga ega bo‘ldim.
N-chi harbiy qismda yetmishta andijonlik yigit xizmat qilisharkan.
— O‘zbeklarni, tojiklarni yomon ko‘rishadi, — dedi ochiqchasiga Iqbol Saloyiddinov. — Ajablanarli tomoni shundaki, qozoqlarni ham, qirg‘izni ham, tojikni ham o‘zbek deyishadi: Diviziyani yarmidan ko‘pi o‘zbeklar, balki shuning uchun ham kaltabin ofitserlar o‘rta osiyoliklarni o‘zbek deyishadimi, bilmadim…
— Birorta mana shunday millatchi ofitserni ism-familiyasini aytolmaysizlarmi, — deb so‘radim.
— Ha, — deb javob berdi Avazbek Toshmatov. — Katta leytenant Igor Kuznetsov, kapitan A. Kobanchikov…
— Ofitserlar ichida dilkashi, har bir xalqni, millatni tushunadiganlari ham ko‘p, — deb qo‘shimcha qildi Iqbol.
Ha, Avazbek ham, Iqbol ham to‘g‘risini aytdi-qo‘ydi. Balki mamlakatimiz boshiga katta tashvish olib kelayotgan milliy nizolar ham shunday «arzimas» voqealar sababli kuchayib ketayotgandir. Bu yerda hamma bir-birini besh qo‘lday biladi, kim qanday nafas olayotgani bir-biriga ma’lum. Hammani tikonli sim bilan o‘ralgan kichkina qo‘rg‘on birlashtirib turadi. Ammo chegaralanmagan sarhadlarda milliy nizoga sabab bo‘layotganlarni qanday aniqlash mumkin. Tog‘li Qorabog‘, Tbilisi, Farg‘ona, Dushanbe, O‘sh voqealarini bir eslab ko‘ring! Hali hech kim millatchilikda, ma’lum qora guruh milliy nizoni kuchaytirganlikda ayblangani yo‘q. Hamma vaqt qon to‘kilishiga, giyohvandlar, shaxsiy boylik orttiruvchilar, o‘zaro janjallarning kuchayishi sabab bo‘lmoqda deb uqtirilmoqda. Bu uzoq davom etadigan, bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan, bizga noma’lum «qora guruh»larning puxta ishlab chiqqan programmasi asosida bo‘lmayaptimikan?! Kuznetsov va Kobanchikovga o‘xshaganlar bizning oramizda ham bor, Avazbek! Ammo biz ularni aniqlab olishimiz qiyin, u yoqda «harbiy sir», bu yerda esa «baynalmilalchilik» shiori ostida ular doimo himoyalangan. Iqbol uka, sizlarga ham qiyin. Sizlarni himoya qiladigan «Gasanovlar, Sebolar, Maksimovlar, Kuznetsovlar» yo‘q. O‘z farzandini musofir qilib mardikorlikka jo‘natgan xalq vaqtida xabar ololmasa qanday gap axir?! Shu paytgacha bizning jurnalistlarimiz kelgan o‘liklar ustida yig‘lashdi, yozishdi. Harbiy qismlarda tez-tez bo‘lib, u yerdagi voqealar haqida yozmadik, «voyenkom»lar so‘rabsurishtirishmadi, ota-onalarga xizmatdagi farzandlarini ko‘rib kelish uchun imkoniyat yaratilmadi. Axir hammaning cho‘ntagi to‘la emas-da.
Armiyada ham «o‘zbeklar ishi» paydo bo‘ldi. Umuman, O‘rta Osiyoda faqat «o‘zbeklar ishi» ko‘rilmoqda shekilli. O‘rta Osiyo — uxlayotgan sher! Bu sherning yuragida o‘zbek xalqi turibdi. Sher vaqti kelib uyquni tark etganda o‘zini majruh ko‘rib qanday holga tusharkin. Bu haqda qozoq, o‘zbek, tojik, qirg‘iz og‘alarimiz puxta o‘ylashlari kerak. Kun bir kun emasku…
…Iqbol yaxshigina qo‘shiq ham aytar ekan. Yurtdoshlari yangi yilda bizga qo‘shiq aytib berasan deyishadi. Buni hamma bilar, shu kun sabrsizlik bilan kutilardi. Shuningdek, podpolkovnik Sergey Morozov ham…
Yangi 1990 yilni kutib olish, 31 dekabr kuni yurtdoshlariga qo‘shiq aytib berish Iqbolga nasib qilmadi. Podpolkovnik S. Morozovning o‘zi o‘zbek yigitlariga yaxshigina «kontsert» qo‘yib beradi. Shu kuni Iqbol va yana ikki o‘zbek yigiti «naryad»ga — navbatchilikka qo‘yiladi. Bundan askarlar qattiq norozi bo‘lib, navbatchilikni rad etishadi.
O‘zbek yigitlari podpolkovnik S. Morozovga murojaat etishib, har birimizni istagan ishingizga buyuring, faqat Iqbolni emas, u yurtdoshlarimizga o‘zbekcha, tojikcha qo‘shiq aytib bermoqchi edi, deb iltimos qilishlariga qaramasdan podpolkovnik Morozov navbatchilikdan bosh tortganliklari uchun Iqbolni va uning ikki o‘rtog‘ini «zadderjka»ga — askar gunoh qilganda gaupvaxtaga tashlanishidan oldin bir kun ushlab turiladigan qamoqxonasiga tashlaydi.
Ertasi kuni o‘rtaosiyolik yigitlarning isyoni bo‘ladi. Bunga shu harbiy shaharchada joylashgan boshqa harbiy qismdagilar ham qo‘shiladi. Isyon tinch yo‘l bilan «bostiriladi», ammo podpolkovnik Morozov yuqoridagilar tomonidan hech qanday tanbeh olmaydi. So‘ng Iqbolning ota-onasiga, u ishlagan Andijon rayonidagi K. Marks sovxozi direktori nomiga qism komandiri xat yo‘llaydi. Xatda «Iqbol Saloyiddinov xizmat qilishni istamayapti», deb yozilganligi uchun akalari Iqbolga ta’na bilan xat yo‘llashgan.
Shu o‘rinda ochiq aytish kerakki, askarlarning ovqatlanishi ko‘ngildagidek emas. Ikki yil davomida har kuni bir xil ovqat, bayram kunlarida ikkitadan tuxum bilan mevalardan qilingan sharbat, xolos.
N-chi harbiy qismning Lenin xonasi bilan tanishdik, almisoqdan qolib ketgan shiorlar, ko‘rgazmali plakatlar… Qayta qurishning ifodasini to‘liq yoritadigan stendlar yo‘q. Har bir askardan ushlab qolingan obuna puliga bor yo‘g‘i to‘rt xil gazeta kelar ekan. O‘zbekistondan esa bir dona «Yosh leninchi»… Komsomol komiteti sekretari bir marta ham yig‘ilish o‘tkazmaganligi, ammo qog‘ozlarda qayd etilganligiga nima deysiz?
Siyosiy ishlarning bo‘shashib ketishi armiyada qayta qurish yo‘qligidan, komandirlarning loqaydligidan darak beradi. Azaliy an’analarimizga putur yetmoqda. Biz birinchi darajali muammoni hal qilmasdan turib, ikkinchi darajali muammolarni bartaraf etolmaymiz. Birinchi darajali muammo — tenglik, bir-biriga ishonchni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish. Ba’zan o‘ylab qolaman: Lenin hammamizniki, Lenin mavzoleyini faqatgina ruslar va latishlar qo‘riqlaydi, nega barcha xalqlardan vakillar navbatma-navbat qo‘riqlamaydi? Nega o‘rtaosiyoliklardan biror kishi Sovet Ittifoqi marshali bo‘lolmaydi? Jahonga Amir Temur, Manguberdi kabi o‘nlab buyuk sarkardalarni bergan xalq nega bugungi kunda oddiy ofitserlarni kerakligicha yetkazib berolmaydi? Biz millati o‘zbek bo‘lmagan o‘zbekistonliklarni emas, millati o‘zbek bo‘lgan o‘zbekistonliklarni kosmosga chiqishini istaymiz. Sovet Armiyasiga 70 foizdan oshiq sipoh berayotgan O‘rta Osiyo va Kavkazorti jumhuriyatlaridan shuncha miqdorda sardorlar — ofitserlar ham tayerlash kerak. Buning uchun avvalo ishonch va bag‘rikenglik lozim. Shundagina biz asosiy ko‘ngilsizliklarni oldini olgan bo‘lamiz.
Men millatchi emas — millatparvarman. Zero, mening xalqim boshqa xalqlardan hech kamchilik joyi yo‘q. Xavotirlanib safarga chiqqan edik, xavotirlanib qaytdik. Buyog‘i nima bo‘larkin?!
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 9–son