Orol havzasi ekonomikasida suv boyliklari hal qiluvchi ahamiyatga ega, Sovet yillarida bu yerda keng miqyosli va ko‘p planli suv xo‘jaligi tadbirlari amalga oshirildi. Ammo bu medalning bir tomonidir. Uning ikkinchi tomoni esa insonning xo‘jalik faoliyati bilan tabiat o‘rtasidagi qonuniy ziddiyat yuzaga kelganligini ko‘rsatadi. Natijada shunday bo‘ldiki, yer-suv boyliklaridan beboshlarcha foydalanish oqibati sifatida, havzada ekologik muvozanat rostmana buzildi. Hozirgi qayta qurish sharoitida, oshkoralik va demokratiyani rivojlantirish davrida bu haqda ochiq-oydin gapirish mumkin. Salbiy hodisaning asl sababi o‘tgan davrda tabiatning buyuk qonunlarini hisobga olmagan holda taklif qilingan bir qator yirik loyihalarning amalga oshirilishidadir. K. Marks ta’lim berganidek, bunday loyihalar xalqqa faqat kulfat keltiradi. Shunday bo‘ldi ham: suv, havo, tuproqning ifloslanishi natijasida aholi o‘rtasida oshqozon-ichak, jigar kasalliklari va bolalar o‘limi keskin ko‘payib ketdi. Amudaryo va Sirdaryo deltalarining cho‘lga aylanishi, Orol atrofidagi ekin maydonlarining sho‘r bosib, ishdan chiqishi tezlashmoqda, dengiz atrofidagi nabotot va hayvonot olami qirilib ketayapti. Bunday ahvolda Xorazm vohasi va Qoraqalpog‘iston ASSR territoriyasi yaqin kelajakda inson zoti yashashi uchun mutlaqo yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkin. Bu hodisa tabiat bilan munosabatda nuqsonlarga yo‘l qo‘yilsa, u o‘ch olishining ifodasidir.
KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovetining 1986 yil 14 avgustdagi «Shimol va Sibir daryolari suvining bir qismini janubga oqizish bo‘yicha ishlarni to‘xtatish to‘g‘risida»gi qarorida Orol dengizi havzasi ekonomikasini suv bilan ta’minlash strategiyasi belgilab berildi. Uning mohiyati muammoni omilkorlik bilan foydalanish orqali suvni tejash va asrash yo‘li bilan hal etishdan iborat.
Bu qaror qabul qilingunga qadar qariyb chorak asr mobaynida ko‘pgina olimlar, mutaxassislarning aqli muammoni hal etish o‘rniga, Sibir daryolari suvining bir qismini Orol dengizi havzasiga oqizishni tezlashtirish bilan band bo‘ldi. Ular bunda hech bir asossiz tarzda, ushbu tadbir amalga oshirilishi bilan ekonomikaning barcha tarmoqlarini suv bilan ta’minlash masalasi o‘z-o‘zidan kun tartibidan tushib qoladi, shuningdek suv boyliklarini asrash masalasi ham hal bo‘ladi, deb o‘ylardilar. Yuqorida ko‘rsatilgan qarorda ko‘zda tutilayotgan shimol daryolari suvining bir qismini janubga oqizishning ekologik oqibatlarini tadqiq etishni yanada chuqurlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Bu qaror to‘g‘riligining isboti tariqasida quyidagilarni aytish mumkin. Shimoldan tezda suv keltirish tarafdorlari suv o‘ta bulg‘anganligi oqibatida ekologik tanglikka uchragan Amudaryoning quyi qismiga Sibirdan toza suv kelishi bilan aholini xo‘jalik maqsadlaridagi va ichimlik suv bilan ta’minlash masalasi hal bo‘ladi va turmushning sanitariya-gigiyena sharoiti yaxshilanadi, deydilar. Bularning hammasi faktlarga ziddir. Jumladan, 500 kilometr uzunlikdagi Irtish-Qarag‘anda kanalidan foydalanish shuni ko‘rsatdiki, bir litrida 0,15—0,2 gramm minerallar bo‘lgan Irtish suvi Qarag‘anda rayoniga yetib kelganda tarkibidagi erigan tuzlar bir litrida 1 grammga yetadi. Qoraqumdagi V. I. Lenin nomidagi kanaldan oqadigan Amudaryo suvi tarkibidagi minerallar (litriga 0,4 grammga yaqin) 800 kilometr yo‘l bosib Ashxobod shahriga borganda 2,5 baravar ortadi va litriga 1 grammga yetadi. Ob suvining bir qismini janubga olib keladigan kanal 2500 kilometr uzunlikda bo‘ladi va (sho‘r tuproqli, zaxob yerlari va ko‘llari bo‘lgan) To‘rg‘ay past tekisligini hamda suvni yuqori darajada bug‘laydigan Qoraqum va Qizilqum sahrolarini kesib o‘tadi.
Bunday sharoitda Sibirdan chuchuk suv keltirish orzusining amalga oshishi dargumon. Bundan tashqari o‘ziga xos geoximik landshaftda hosil bo‘ladigan Sibir suvi mutlaqo o‘zgacha geoximik sharoitdagi rayonga keladi. Turli gidroximik holatdagi ikki suv qo‘shilishi va ularning tuproqqa va zaminga ta’siri natijasida nimalar bo‘lishi mumkin? Bu savollarga ilmiy asoslangan javoblar bermasdan avval, jumladan, shimoliy daryolar suvini qayta taqsimlash haqida qaror qabul qilib bo‘lmaydi.
Ming afsuski, meteorologlar, tuproqshunoslar, gidrologlar va gidrogeologlar tomonidan yagona suv boyligini tashkil etgan atmosferadagi, tuproqdagi, yer ostidagi va yuzasidagi suvlarga o‘zaro bog‘liq holda qaramaslik, shuningdek ulardan ayrim idoralar, respublikalar va boshqa ma’muriy tashkilotlar manfaatidangina kelib chiqib foydalanish odatiga chek qo‘yilgani yo‘q. Orol havzasi va butun mamlakat suv boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishdagi kulfatlarimizning asosiy sababchisi mana shunday odatning mavjudligidir. Jumladan, so‘nggi vaqtgacha (Sirdaryo va Amudaryo suvlaridan foydalanadigan O‘rta Osiyo respublikalari uchun 1985 yilda suvga limit belgilangunga qadar) ayrim respublikalar, tarmoqlar, rayonlar, xo‘jaliklar suv boyliklaridan foydalanishda tala-tala bilan shug‘ullanib keldilar. Ehtiyojidan qat’iy nazar, har kim o‘ziga ko‘proq suv olishga harakat qildi. Amudaryodan Qoraqum kanaliga, Surxondaryo oblastiga suv olishning kuchayganligi, Toshovuz aylanma kanali qurilganligi va boshqa tadbirlarni mana shu bilan izohlash mumkin. Shu munosabat bilan ko‘zda tutayotgan maqsadimiz manfaatlari qechiktirib bo‘lmaydigan tashkiliy vazifalarni hal etishni jadallashtirishni taqozo etadi, toki bizning harakatlarimiz tabiatning buyuk qonunlariga mos kelsin, ya’ni yagona suvning yagona xo‘jayini bo‘lsin, u yagona markazdan boshqarilsin va kompleks tarzda o‘rganilsin. Iqtisodiy foydani ham faqat aniq bir iste’molchi pozitsiyasidan turib baholamay, balki tabiatdan foydalanish printsiplarini hisobga olish kerak. Shu jihatdan baholanganda holatiga eng oz zarar yetkazilgandagina suv boyliklaridan foydalanishni samarali hisoblash mumkin.
Orol dengizi havzasining tabiiy sharoiti va iqtisodiy holati suv xo‘jaligida faqat bir siyosat bo‘lishini — tejamkorlikni va har tomchi suvdan omilkorlik bilan foydalanishni oqlaydi. Uning uchun mehnat, energetika va boshqa tabiiy resurslar muammosi ikkinchi darajalidir.
Ming afsus-nadomatlar bo‘lsinki, xususan 50-yillardan boshlab Orol dengizi havzasida suv xo‘jaligi qurilishini rivojlantirish tabiatdan foydalanishning mana shu barchaga ma’lum qoidalarini hisobga olmay amalga oshirildi. Bu davrda suv xo‘jaligi muammolarini ilmiy hal etish o‘rnini tuturiqsizsizlik, xo‘jako‘rsinchilik egalladi, paxtaga topinish cho‘qqisiga chiqdi va hamma narsa shunga xizmat qildirildi. Bu xo‘jalik yuritishda boshqa yo‘nalishni — katta-katta suv inshootlari qurilishiga ruju qo‘yishni keltirib chiqardi. Xo‘jalik yuritishning mazkur yo‘nalishi olimlar tomonidan emas, balki idoralar va ministrliklarning kaltabin, nodon boshliqlari tomonidan yuqoridagi rahbarlarga yoqish va laganbardorlik qilish uchun yaratildi. Loyihalash tashkilotlari va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlarining mutaxassislari ularning ko‘rsatmalarini ko‘r-ko‘rona bajarishaverdi. Xo‘jalik yuritishdagi bu yaramas ahvol mazkur havzada tabiatdan foydalanishga vahshiylarcha munosabatning qaror topishiga sharoit yaratdi. O‘z vaqtida hukumat organlari tomonidan Orol dengizi kurort joylarini o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgandi va bu yerda sog‘lomlashtirish muassasalari qurish va uni Butunittifoq shifo maskaniga aylantirish yo‘lida dastlabki urinishlar bo‘lgandi. Oradan sanoqli yillar o‘tgach esa (1970 yilda), 1971—1985 yillarda yerlarni melioratsiyalashni rivojlantirish, xususan Orol dengizi havzasida paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishni keskin kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Aynan shu qaror Orolning «kafani»ni bichdi. Shu munosabat bilan SSSR Melioratsiya va suv xo‘jaligi ministrligining mas’ul xodimlari «Orol chiroyli o‘laversin — bizga suv sug‘orish uchun kerak», deb qayta-qayta bayonot berdilar. Bu hukm edi. Shu paytdan boshlab Suv xo‘jaligi ministrligi o‘zining ulkan loyihalarini ishlab, chiqib, amalga oshirishga kirishdi, Orolning taqdiri bilan qiziqmay qo‘ydi, jamoatchilik buni tushunmadi, mutaxassislar esa murosa qilishdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Xorazm, Toshovuz oblastlari va Qoraqalpog‘iston ASSR aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlash muammosini hal etishda yana eskicha yo‘l tutishdi — hozir yuzaga kelgan suv xo‘jaligi sharoitida ichimlik suv bo‘lmasligi hammaga ravshan bo‘lsa ham, Tuyamo‘yin suv omboridan o‘ng va chap qirg‘oq bo‘ylab suv quvuri qurilishini loyihalashtirish taklif etildi. Bu chinakamiga o‘z-o‘zini aldashdir. Bu taklif olg‘a surilganda, Tuyamo‘yinning bevosita yaqinida Amudaryoning chuchuk toshqin suvlari hisobiga maxsus Kaparos suv ombori bunyod etishni tavsiya qilib, isbotlab bo‘lmaydigan narsani isbotlashga harakat qilishyapti. Rayonning aniq sharoitida sayoz suv omborida yil mobaynida suv yuksak sifatli bo‘lishiga kafolot berish dargumon, Mazkur muammoni suvni chuchuklantiruvchi uskunalarni joriy etish, Amudaryo havzasida suvning sifatini tiklash uchun muhofaza tadbirlarini kuchaytirish orqali hal etish maqsadga muvofiq…
Ish shunga borib yetdiki, dastlab Sudoche ko‘li quridi, baliq xo‘jaligi yo‘q bo‘ldi. Orol esa yiliga kelib turgan sanitariya maqsadlariga xizmat qiladigan 4 kub kilometr suvidan ham mahrum bo‘ldi. Bu suv yo‘li daryolarning quyi qismida to‘g‘onlar bilan g‘ippa bo‘g‘ib qo‘yilgan va suv irrigatsiya kanallariga oqadi. Bu ishlarning hammasi SSSR Melioratsiya va suv xo‘jaligi ministrligi tashkilotlarining qo‘rsatmasi bilan qilingan. Orol dengizi sathining jadal pasayishi Amudaryodan Qoraqum kanali, Qarshi va Buxoro magistral kanallariga suv olish boshlangandan va Taxiatosh gidrouzeli ishga tushirilgandan, Sirdaryoda esa o‘rta va quyi oqimida kanallar qurilgandan so‘ng boshlandi.
Orol dengizining qurishi natijasida daryolarning deltalaridagi ulkan maydon ham cho‘lga aylana boshladi, sohildan 300 kilometr radiusdagi territoriyada iqlim ancha o‘zgardi, dengizning qurigan tubidagi tuzlarni shamol ko‘chirishi tuproq sho‘rlashi va havo bulg‘anishining yangi manbasini yuzaga keltirdi, yer ostidagi va daryo suvlarining jadal ifloslanib borishi aholini toza ichimlik suv manbaidan mahrum qilib qo‘ydi. Oqibatda Orol havzasida ekologik tanglik vaziyati yuzaga keldi, Ayniqsa Xorazm, Toshovuz, Buxoro oblastlarida, Qoraqalpog‘iston ASSRda va Qozog‘iston SSRning Qizil O‘rda oblastida xavfli vaziyat sodir bo‘layapti. Buning asosiy sababi tabiatni asrash bo‘yicha qonunlar, shu jumladan, 1970 yilda e’lon qilingan «SSR Ittifoqi va ittifoqdosh respublikalar suv qonunchiligi asoslari» buzilganligidadir.
Suv xo‘jaligi ministrligining O‘rta Osiyo respublikalaridagi tashkilotlari Ittifoq byudjetidan ko‘proq mablag‘ undirish payidan bo‘lib, suv va yerning holatini yaxshilab borish bilan shug‘ullanish o‘rniga, yetarli asoslamay turib yangidan-yangi ob’ektlar quraverishdi. Bunda ular melioratsiyalangan yerlarda dehqonchilik madaniyati va samaradorligini oshirish bo‘yicha qilingan ishlarni yuksak lavozimdagi rahbarlar payqamasliklari mumkin. Jizzax, Sherobod, Qarshi cho‘llarini o‘zlashtirish, Qoraqum, Qarshi, Toshavuz kanallari va boshqalar esa miqyosi katta, gigant ishlar bo‘lib, darhol ko‘zga ko‘rinadi, degan printsipga amal qildilar.
Yangi qurilishlar sifatiga kelganda, eng muhimi boshlab olish va bir amallab qurishdir, tartibni yo‘lga qo‘yish esa — keyin bir gap bo‘lar, deb hisoblashdi. Aynan mana shunday munosabat suv va yer boyliklaridan samarasiz foydalanishning, maydonlarni sho‘r bosib, botqoqqa aylanib ketishi, hrsildorlik pasayib, suv, tuproq, havo ifloslanishining bosh sababchisi bo‘ldi. Yangi qurilishlarni asoslashda loyiha mualliflari ularning arzon va samarali ekanligini isbotlash uchun harchand urinishardi. Aslida bironta ham qurilish dastlabki smeta tannarxiga mos kelmas, 2—3 baravar ortiq xarajat qilishni taqozo etardi…
Orol dengizini qutqarishda (uning chiroyli o‘limi haqida kaltabin, nodon odamlargina gapirishi mumkin, tabiat farzandini yo‘q qilish huquqi hech kimga berilmagan) tadbirlarning uch gruppasini ajratib ko‘rsatish mumkinki, bularni ma’lum izchillikda — bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim.
Birinchi bosqichga dengiz sathini ma’lum chiziqda, ilmiy asoslangan ekologik minimumdan kam bo‘lmagan darajada, asosan daryolardan noo‘rin olinayotgan suvlarni qaytarish evaziga barqaror qilish kiradi. U quyidagilardan iborat.
Birinchidan, O‘rta Osiyo daryolarida suv ko‘payadigan davr boshlandi. Suv olish o‘sishini (asosan sug‘orishni rivojlantirish uchun) to‘xtatgan sharoitda yaqin bir necha yil mobaynida daryolarda ortiqcha suv paydo bo‘lishi kerak. Bu suv shu paytgacha irrigatsiya tarmoqlariga oqizilardi va to‘qaylarni suv bosib ketishining oldini olish va sug‘orish sistemasida suv oqishini boshqarishda ortiqcha tashvishlardan qutulish uchun Arnasoy, Sariqamish singari suv to‘planadigan joylarga tashlanardi.
Daryolar o‘zani esa quyi oqimlarida g‘ippa bo‘g‘ilib (Sirdaryoda ikki joyda va Amudaryoda bir joyda), Orolga toshqin suv ham, sanitariya maqsadlaridagi suv ham o‘tkazilmasdi. Jumladan, 50-yillargacha Orol dengizi havzasida ortiqcha suvlar to‘planadigan ko‘llar bo‘lmagan. Hozirgi paytda 40 taga yaqin ana shunday ko‘llar bo‘lib, ularning umumiy maydoni 5000 kvadrat kilometrni, suv hajmi esa 40 kub kilometrdan ko‘proqni tashkil etadi. Bu ko‘llarga tashlanayotgan suvlarning yillik hajmi esa 7 kub kilometrdan ortadi, shundan 4,5 kub kilometri Sariqamishga, 1,4 kub kilometri Arnasoyga oqadi.
Irrigatsiya sistemalariga butun yil mobaynida qat’iy limitga binoan suv berish, g‘ippa bug‘ilgan to‘g‘onlarni daryo o‘zanlaridan ortiqcha suvlarni oqizadigan qilib qayta jihozlash kerak. Bu tadbirning amalga oshirilishi suv ko‘payadigan davrda Orolga yiliga 10 kub kilometr suv oqizish imkonini beradi.
Ikkinchidan, Sirdaryo va Amudaryo havzalarida sholini, chorvachilikni rivojlantirish uchun ozuqa va boshqa kam suv talab qiladigan ekinlar bilan almashtirish masalasini yuqori tashkilotlar oldiga darhol qo‘yish kerak. Natijada yiliga Orolga kamida 5 kub kilometr suv oqizish mumkin bo‘ladi. Bu tadbirni asoslashda shundan kelib chiqish kerakki, umuman butun mamlakat miqyosida guruch masalasi hal bo‘lgan, Uzoq Sharqda sholikorlikni rivojlantirishning katta imkoniyatlari bor. Sirdaryo va Amudaryo etagidagi sholikorlik ko‘p suv talab qiladi, yillik sug‘orish normasi 1 gektarga 40—50 ming kub metrni tashkil etadi. Buning ustiga hosildorlik yuqori emas, mahsulot sifati past, shu boisdan zarar keltiradigan tarmoq hisoblanadi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston ASSRda keyingi besh yillikda sholining hosildorligi gektaridan 25—30 tsentrdan oshmadi. Har tsentnerining tannarxi 40—50 so‘mga yetdi (realizatsiya qilinadigan bahosi esa tsentneriga 30—35 so‘mdir). Ma’lum miqdordagi guruchni mavjud sho‘rlangan maydonlarni yuvish metodi sifatida paxta bilan sholini almashlab ekish evaziga olish mumkin.
Bundan tashqari, ayniqsa Orol dengizi quriy boshlagandan so‘ng o‘zgargan iqlimiy va ekologik sharoitda, Qoraqalpog‘iston ASSRda Sulton Uvays tog‘idan shimoliy meridianda paxtachilikni saqlash masalasini o‘rganish kerak. Umuman mazkur zonada past sortli paxta yetishtirish zarurmi? Uni chorvachilikka ixtisoslab, mahalliy aholiga asriy kasbini davom ettirishiga sharoit yaratish ma’qul emasmi? Bu muammoni hal etish territoriyani ancha sog‘lomlashtirib, oziq-ovqat muammosining hal etilishiga yordam bergan, suvni tejagan bo‘lardi.
Uchinchidan, ehtimol (vaqtinchalik tadbir sifatida) hozirgi tashlama ko‘llardagi suvning bir qismini turli xil ko‘chma nasos stantsiyalari, masalan, chexlar ishlab chiqargan nasos stantsiyalari bilan (sekundiga 7,5 kub metr suv tortadi) tortib, daryolarga oqizish mumkin. Shuningdek Amudaryo etagidagi (Xorazm oblasti, Qoraqalpog‘iston ASSRdagi) kollektor-drenaj tarmoqlaridan chiqadigan, Sirdaryoda esa Mirzacho‘ldagi Qizil O‘rda va G‘azali vohalaridagi kollektor-drenaj tarmoqlaridan chiqib, Arnasoyga va Qizilqumga oqadigan barcha oqava suvlarni daryolar o‘zaniga tushirish mumkin. Bu suvning yillik hajmi 5 kub kilometrni tashkil etadi.
Kollektor-drenaj tarmoqlaridan chiqadigan oqava suvlar haqida gapirganda, Termiz — Orol parallel kollektorini eslamaslik mumkin emas; hozir uning zarurligi haqida juda baralla va tez-tez gapirishayapti.
Dastlab shuni aytish kerakki, u yil mobaynida Surxondaryo oblasti, Qarshi cho‘li va BuxoroQoraqum vohasidan 2 kub kilometr hajmdagi minerallar va zaharli ximikatlarga g‘oyat to‘yingan kollektor-drenaj tarmoqlari oqava suvlarini yetkazib berishi mumkin. U Orolni qutqarishda hech qanday rol o‘ynamaydi. Ayni vaqtda u Orolning «mag‘zava» o‘raga — o‘lik dengizga aylanishiga «ko‘maklashadi». Orolni mag‘zava o‘raga aylantirishning biz uchun nima zarurati bor? Bu kollektor haqida (matbuotning guvohlik berishicha, uning qurilishi loyihasiz boshlandi — «Izvestiya» № 22071). Suv xo‘jaligi ministrligining ko‘pgina vakillari gapirishayapti va yozishayapti. Bu ministrlik aslida qurilish tashkilotiga aylanib qolgan va hozirgi paytda yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga jalb etilganligi va Sibir daryolari suvining bir qismini janubga oqizish bo‘yicha ishlar to‘xtatilganidan keyin qurilish ishlari hajmiga muhtoj bo‘lib turibdi. Shu yo‘sinda yana ulkan suv inshootlari qurilishi ketidan quvish davom etayapti. Buning o‘rniga daryo suvi sifatini saqlash bo‘yicha tadbirlar belgilash, sanoatda tabiat boyliklaridan foydalanishda (shu jumladan, suvdan ham) chiqitsiz texnologiyani joriy etish, barcha aholi punktlarini to‘la kanalizatsiyalashtirish, ularning oqavasini tozalash va qayta foydalanish, sug‘orishda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti (TIIIMSX) taklif etgan oqavasiz sistemani iloji boricha to‘la joriy etish tadbirlarini amalga oshirish ma’qul emasmi? Bu tadbir Orol havzasida suv boyliklaridan samarali foydalanish darajasini oshirishdan tashqari, daryolar suvi sifatini ham keskin yaxshilash imkonini berardi. Sug‘orishda oqavasiz sistemani joriy etish imkoni bo‘lmagan maydsnlardagi kollektor-drenaj tarmoqlaridan chiqadigan oz miqdordagi suvlar esa daryo suvi sifatini keskin yomonlashtirmaydi.
Shunday qilib, aytilayotgan takliflarning birinchi navbatini amalga oshirish Orolga yiliga kamida 20 kub kilometr suv oqizilishini ta’minlaydi, uning qurish jarayonini keskin sekinlashtiradi.
Ikkinchi bosqich — mavjud melioratsiya sistemalarini rekonstruktsiyalash jarayonida suv rezervlarini aniqlash va ularning ayrimlari samaradorligini tanqidiy baholashdan iborat. Bu yerda ikki guruh tadbirlar ko‘zda tutiladi.
Birinchidan, suvdan foydalanishning ilg‘or texnika va texnologiyasini joriy etish asosida suv boyliklaridan samarali foydalanish koeffitsiyentini oshirish lozim. Kommunal xo‘jalikda va sanoatda suvdan foydalanish sohasida bu tadbirlarning mazmuni ma’lum va amalga oshirsa bo‘ladi. U olinayotgan suvning mutlaq hajmini oshirmagan holda bu sohalarni rivojlantirish imkonini beradi.
Sug‘orma dehqonchilikda anchagina suv bug‘lanadi va ifloslanadi. Bunda suvni saqlash, oqizish va sug‘orish texnikasi va texnologiyasini takomillashtirishdan tashqari, sug‘orma dehqonchilikni yo‘lga qo‘yishdagi meliorativ rejimni qarab chiqish va asoslashga jiddiy e’tibor berish kerak. Gap shundaki, mazkur muammoga nisbatan tarixan yuzaga kelgan munosabat sug‘oriladigan yerlarning ma’lum (gidromorfli) meliorativ rejimini tutib turish zaruratidan kelib chiqadi. Bu shuning natijasiki, o‘tmishda melioratsiya ishlarining kuchsiz texnika va energetika bazasi sharoitida olib borilishi yerlarni drenajlashning asosiy usuli sifatida gorizontal drenajlardan foydalanishni taqozo etdi. Ma’lumki, ularni cheklangan chuqurlikda yotqizish mumkin va oqibatda tuproqdagi suvni 1—2 metrdan ortiqqa pasaytira olmaydi. Ko‘p yillik maxsus tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, tuproqdagi suvni bunday chuqurlikka tushirish bilan cheklanish qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan yuqori hosil olish jihatidan ham, shuningdek suvlardan samarali foydalanish jihatidan ham nobopdir. Tuproqdagi suvning pasayishi yuqoridagi darajada bo‘lganda bir gektardagi bug‘lanish yiliga 13.000 kub metr va undan ham ko‘proqqa yetadi, bu shu maydonda tuproqdagi suvning pasayish darajasi 2,5—3 metrdan ortiq bo‘lganida bug‘lanadiganidan 3—5 ming kub metr ko‘pdir. Agar bug‘lanishning 35 protsenti tuproq yuzasida yuz berishi hisobga olinsa, u har bir gektar maydondagi tuproqda yiliga 10 tonnaga yaqin mineral va zaharli moddalarning to‘planishiga sabab bo‘ladi. Bunga qarshi maydonlarni yuvish vositasi bilan kurash olib boriladi va har bir gektarga 5 ming kub metrgacha yeuv sarflanadi, Bu demak, sug‘oriladigan massivlarda hozirgi (ilmiy asoslanmagan, lekin odat bo‘lib qolgan) gidromorfli melioratsiya rejimini avtomorfli melioratsiya rejimi bilan almashtirish har gektarda yiliga bug‘lanib ketayotgan suvni o‘rtacha 3—5 ming kub metrga kamaytirish, maydonlarni yuvish uchun suv sarflashdan voz kechish imkonini beradi. Bunga (gidrogeologik sharoit mos bo‘lgan joylarda) gorizontal drenajlarni tik drenajlar bilan almashtirish orqali erishish mumkin. Tik drenajlarni Orol dengizi havzasida kamida 3 million gektar maydonda joriy etsa bo‘lishini hisobga olsak, mazkur tadbirdan ko‘riladigan yillik samara oz deganda 10 kub kilometrni tashkil etadi, daryolardagi suv sifati ancha yaxshilanadi. Sug‘oriladigan dehqonchilikda bu sistemaga o‘tish texnologiyasi (TIIIMSX)da yetarli darajada ishlab chiqilgan va amalda joriy etilishini kutayapti.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, suvdan samarali foydalanish sohasida o‘zbek xalqi katta tajriba to‘plagan. Mana shu tajribadan keng foydalanish kerak, 30-yillarda Chirchiq daryosi vodiysidagi, 40—50-yillarda esa Markaziy Farg‘onadagi botqoqzor yerlar daryodagi suv oqimiga zarar yetkazmagan holda o‘zlashtirildi. O‘shanda hatto sug‘orishni kengaytirish daryolardagi suv oqimiga ta’sir ko‘rsatmaydi, degan noto‘g‘ri tasavvur ham paydo bo‘lgan.
Ikkinchidan, ayrim sug‘orish tarmoqlarining ish samaradorligini yaxshilab tekshirib ko‘rish kerak. Sirdaryo va Amudaryoning quyi qismida sholikorlik va paxtachilik uchun mo‘ljallangan sug‘orish sistemasini saqlash maqsadga muvofiq emasligi haqida yuqorida aytib o‘tdik. Endilikda jurnalxonning e’tiborini tekisliklardagi suv omborlarining samaradorligi masalasiga qaratmoqchimiz. Faqat bizning respublikamizda hozir 23 ta suv ombori ishlab turibdi, yana 15 tasi qurilmoqda, 6 tasi loyihalashtirilmoqda. Ularning har biri daryolar oqimini jilovlashdan tashqari, kuchli suv bug‘latgich hamdir. Faqat Chordara suv ombori yiliga 650 million kub metr, Qayroqqum suv ombori 500 million kub metrgacha, Tollimarjon, Tuyamo‘yin, Xouzxon va boshqa suv omborlari esa milliard kub metrlab suvni bug‘latadi. Orol dengizi havzasidagi jami suv omborlarining yillik behuda suv sarfi 5 kub kilometrdan ortadi. Umuman suv yetishmayotgan sharoitda shu darajada isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish mumkinmi? Tog‘ daralarida suv omborlari qurilishi kengaygan sharoytda bu masalani hal etish zarurati tug‘ilayapti. Muammo to‘g‘ri hal etilsa, yiliga bemalol bir necha milliard kub metr suvni tejash mumkin.
Shunday qilib Orol dengizi havzasida suv boyliklaridan omilkorlik bilan foydalanishning ikkinchi bosqichidagi tadbirlarning amalga oshirilishi yiliga yana 10 kub kilometrdan ko‘proq suvni tejash imkonini beradi. Uning Orolga yetkazilishi, birinchi bosqichdagi tadbirlar bilan qo‘shganda dengiz sathini 40 metrda tutib turish yoki bu yerda sug‘oriladigan maydonlar hajmini bir necha million gektarga kengaytirish imkonini beradi.
Uchinchi bosqich — olis istiqbolga mo‘ljallangan.
Mamlakatda suv boyliklarini keng miqyosda territorial qayta taqsimlash va shuning hisobiga Orol dengizi havzasiga shuncha miqdordagi daryo suvini olib kelishi kerakki, toki istiqboldagi barcha suv xo‘jaligi muammolarini, shu jumladan Orolni tiklash masalasini ham hal etish mumkin bo‘lsin. Masalani bu tarzda qo‘yish SSSR Melioratsiya va suv xo‘jaligi ministrligi tomonidan Ob daryosi suvining yiliga 25—27 kub kilometr hajmdagi bir qismini janubga oqizish bo‘yicha ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asoslarga mos kelmaydi.
Ko‘zda tutilayotgan tadbir, aftidan kelgusi yuz yillikda amalga oshirilsa kerak. Uni asoslashda bizningcha, istiqbolda ham suv mo‘l bo‘ladigan rayonlardan Orol havzasiga yuksak sifatli suv yetkazib berilishiga asosiy e’tibor qaratilishi lozim. Buning uchun suvni boshqa joyga oqishining har ikki regionga ekologik ta’sirini sinchiklab o‘rganish kerak bo‘ladi. Masalaga shu jihatdan qaraganda Orol havzasiga Kaspiy yoki Qora dengizdan suv keltirish istiqbolsiz, chunki bu havzalarga quyilayotgan daryo suvlari cheklangan va Orol havzasi uchun yuksak sifatli suv olish imkonini bermaydi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Orol dengizini saqlash va tiklash muammosi undagi suv miqdori masalasini hal qilishdangina iborat bo‘lmay, balki suv sifatini ya’ni biologik samaradorligini tiklashdan ham iboratdir. Bu havzaga sifati past suvni olib kelish — dunyoda ikkinchi o‘lik suv maskanini yuzaga keltirishning hech bir ma’nosi yo‘q. Uchinchi bosqich tadbirlari amalga oshirilganda I va II bosqichga mo‘ljallangan tadbirlar ham kun tartibidan tushib qolmaydi, aksincha yanada zo‘rroq ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytish kerakki, Orol dengizini asrash va havza chegarasidagi atrof muhit musaffoligini ta’minlash muammosini umuman hal etsa bo‘ladi, Buning uchun muammoga idoraviy munosabatni bartaraf etish kerak. Uni hal etishni birinchi bosqich tadbirlarini amalga oshirishdan boshlash kerak. Shu bilan baravar Orol dengizi suv boyliklaridan kompleks foydalanish va muhofaza qilishning yangi sxematik loyihasini ham ishlab chiqishga kirishish zarur. Bu ishni Orol dengizini nodir suv havzasi sifatida saqlashning mumkin bo‘lgan variantlarini hisobga olgan holda, Amudaryo va Sirdaryo havzalarida ham shunday sxematik loyihalarni aniqlash asosida amalga oshirish lozim. Regionda ekonomikani rivojlantirish istiqbollarIni kelishib olish uchuk birinchi navbatda suvlarni havzalararo yirik miqyosli qayta taqsimlangunga qadar Orolni tutib turish uchun, dengizning ekologik jihatdan yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan sathini belgilash zarur. Shunga yarasha miqdordagi suv Amudaryo va Sirdaryo orqali dengizga tushib turishi, qolgan qismi mazkur havzadagi ekonomikaning barcha tarmoqlarini rivojlantirishga xizmat qilishi kerak.
Shunday qilib, Orol dengizi va uning havzasi muammosi yirik kompleks va dolzarb masaladir. Uni ayrim tashkilotlar, komissiyalar, mutaxassislar, bu ishga yetarli daxli bo‘lmagan ittifoq ilmiy-tadqiqot va loyiha-qidiruv institutlari fikriga tayanib hal etib bo‘lmaydi. Mamlakat ekonomikasini qayta qurishning asosiy qoidalariga muvofiq ravishda Orol muammosini umumittifoq muammosi sifatida o‘rganadigan maxsus ilmiy tashkilot tuzilsa (unga yetarli mablag‘ ajratilsa) ma’qul bo‘lardi. Respublikamizda suv muammosi hayotiy muhim masala sanaladi. Bizda esa bu muammo bilan kompleks va chuqur shug‘ullanadigan ilmiy-tadqiqot instituti yo‘q. O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi esa aslida o‘zini bu muammodan chekkaga olmoqda. Shu boisdan respublikada mazkur muammo bilan faqat tarmoq institutlarigina shug‘ullanishayapti. Tabiiyki, ular o‘z tarmoqlarini qiziqtirgan masalalarnigina hal etadilar, muammoga kompleks yondoshmaydilar. Tegishli loyihalarni amalga oshirishda eng jiddiy salbiy hodisalar yuzaga kelishi ham mana shu bilan izohlanadi.
Bular hammasi O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi sistemasida maxsus «Suv muammolari va atrof muhitni muhofaza qilish» instituti tashkil etishni taqozo etadi. Buning uchun zarur material allaqachanoq SSSR Hukumatiga taqdim etilgan, lekin hamon qaror qabul qilingani yo‘q. Respublikaning yuqori tashkilotlari va O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi rahbarlari 6u borada faollik ko‘rsatmayaptilar.
Bu institut hozirgi dolzarb suv muammolarini, atrof muhit va uning ajralmas qismi bo‘lgan Orol dengizi masalasini hal etish uchun respublikaga «toza suv»day zarur.
Orol dengizi havzasidagi ekologik muammolarni bartaraf etishda butun mamlakat va respublika miqyosidagi yana bir qator tashkiliy masalalarni hal qilish ham muhimdir. Bular quyidagilar:
SSSR Melioratsiya va suv xo‘jaligi ministrligi va uning tashkilotlari statusini aniqlash kerak. Mamlakatda bu ministrlik bilan g‘alati vaziyat yuz berdi. U suv xo‘jaligi muammolarini hal etishda alohida mavqega ega: o‘ziga vazifa belgilaydi, o‘zi mablag‘ bilan ta’minlaydi, o‘zi loyihalashtiradi, o‘zi loyihani, qurilishni tajriba sinovidan o‘tkazadi, o‘zi suvdan foydalanishni nazorat qiladi, oxirida esa qurilgan ob’ektlarni turli hiyla-nayranglar bilan foydalanuvchi xo‘jaliklarga topshiradi yoki o‘zi ishlatadi. Ya’ni bu ministrlik noma’lum sabab bilan imtiyozli mavqega ega bo‘lib olgan yoki davlat ichidagi davlatga aylanib qolgan. Ishning pirovard natijasi uchun javob bermaydi, Bizningcha bu ahvolga darhol chek qo‘yish kerak. Mablag‘larni yer va suvni tejab-tergab foydalanishdan, uning holati yaxshilanishidan kim manfaatdor bo‘lsa o‘shaning (ya’ni agrosanoat birlashmalarining) qo‘liga berish, suv xo‘japigi ministrligi tashkilotlari esa faqat buyurtmalarni bajaradigan, ishning pirovard natijasi uchun oxirigacha javob beradigan pudratchi tashkilotga aylanishi lozim. Ministrlik ixtiyoridagi hozirgi foydalanish tashkilotlari ham agrosanoat ixtiyoriga, suv boyliklarini muhofaza qilish tashkilotlari O‘zbekiston SSR Tabiatni muhofaza qilish ittifoq-respublika davlat komiteti ixtiyoriga berilgani ma’qul, Suv xo‘jaligi ministrligi zimmasida suv xo‘jaligi ob’ektlarini qurish vazifasi qolgani maqsadga muvofiq.
Respublika Ministrlar Soveti qoshida yoki O‘zbekiston SSR Tabiatni muhofaza qilish ittifoq-respublika davlat komiteti qoshida xalq xo‘jaligi qurilishi ob’ektlarining tayyorlanayotgan va tugallangan loyihalarini ekologik jihatdan baholash bo‘yicha maxsus ekspertlar kengashi ta’sis etish lozim.
SSSR va respublika Ministrlar Sovetlari qoshida atrof muhitning ahvoli bo‘yicha Bosh davlat maslahatchisi lavozimini, uning huzurida esa yetakchi va masaladan yaxshi xabardor bo‘lgan olimlar kengashini ta’sis etish kerak. Ular zimmasiga tabiiy boyliklardan omilkorlik bilan foydalanish va muhofaza qilishga daxldor barcha masalalar bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasini yuklash lozim, toki ularning xulosasiz atrof muhit holatiga u yok i bu darajada ta’sir ko‘rsatadigan bironta ham tadbir qabul qilinmasin va amalga oshirilmasin.
Men shunga aminmanki, Davlat maslahatchisi yoki Kengash a’zosi vazifalarini respublikaning yirik olimlari jamoatchilik asosida ham bajarishi mumkin. Faqat ular zimmalariga yuklatiladigan burch bilan bir qatorda, tegishli huquqlarga ham ega bo‘lishlari kerak. Chunki bu yerda gap birinchi navbatda tabiat farzandi bo‘lgan har bir inson o‘zining yuksak grajdanlik burchini bajarishi haqida borayapti.
Saidrahmon Mirzayev, geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor
“Sharq yulduzi” jurnali, 1988 yil, 7-son