Rahmat Azizxo‘jayev. Buyuk inson, benazir adib (1990)

«So‘zim oxirida odil sudlardan so‘rayman: garchi men turli bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar bilan ham anglashilmovchiliklar orqasida ikkinchi oqlanmaydurgon bo‘lib, qoralandim. Loaqal ularning, qoralovchi qorako‘zlarning ko‘ngli uchun bo‘lsa ham menga eng oliy bo‘lg‘on jazoni berako‘ringiz. Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmog‘on sodda, go‘l, vijdonlik yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir. Odil sudlardan men shuni kutaman va shuni so‘rayman».

1926 yil, 15 iyun. Samarqand.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi o‘tgan yil o‘zining birinchi dekabr sonida mashhur adib Abdulla Qodiriyniig 95 yilligi oldidan «Suddagi nutq» maqolasini e’lon qildi. Adibning nevarasi Shvrkon Qodiriy yozadi:

Bu maqola o‘sha paytda aqllar orasida ko‘p gap-so‘z va turli mulohazalarga sabab bo‘ladi. Adib «O‘zbekiston Jinoyat Qonunlari majmuasining «Rahbar xodimlarni obro‘sizlantirish…» degan moddasi bilan qoralanadi. Qariyb uch oylik so‘roq-tergovdan so‘ng yozuvchi sudda o‘zining haqligini isbotlovchi yozma nutqini o‘qib beradilar…»

«Suddagi nutq» deya e’lon etilgan ushbu maqolaning so‘nggi satrlarini o‘qib, beixtiyor:

— Bechora Abdulla akam! Axir, o‘zing Otabek! O‘zing Mirzo Anvar ekansan-ku!? Sen asarlaring yanglig‘ barhayotsan! — deya ko‘z yoshlarimni artdim. Chunki, 32-yilning ko‘klamida Abdulla akam O‘zbekiston Davlat nashriyotiga kelganlarida, u kezlarda men nashriyotda, adabiy muharrirlik lavozimida (1931—1936 yillar) ishlar edim. Uyga boshlab keldim, mehmon bo‘ldilar.

O‘shanda men «Abdulla aka, Siz «Tarix tilga kirdi» (Ziyo Said va Nazir Safarov asari) spektaklini ko‘rdingizmi?», deya bergan savolimga, kutmaganda, «Bu behud asar-ku», deya javob bergandilar. Men sababini so‘rashga jur’at etolmadim. Chunki u kishining gap-so‘zlari, hamisha o‘lchangandek kamgap edilar. O‘sha suhbat payti, Abdulla aka, beshikda yotgan to‘ng‘ich o‘g‘limga (hozir terapevt, meditsina fanlari doktori) qarab, ha, azamat, biz ajriqmiz, ko‘payaveramiz, deya jilmayib erkalagan bo‘ldilar.

Mening kuzatishimcha, adib juda ham andishalik, kamtar va kamgap edilar. Buni qarangki, shahar hovliga nashriyotdan boshlab kelgan kunim ham agar boshqa odam bo‘lganda, butun nashriyotni boshiga ko‘tarib janjallashar edi. Chunki shartnoma bo‘yicha yozilayotgan «O‘zbekcha va ruscha» lug‘atning «P» harfini Abdulla aka tuzmoqda edilar. Bir tanishlari men ham shu ishda qatnashay, degan bo‘lsa kerak, andishali odam emasmilar, xo‘p, deb rozilik beribdilar. Ammo qalam haqini haligi beandisha oldin olib qo‘yibdi. O‘sha kuni biz ham kelibmiz. Chunki biz muharrirlar o‘sha paytlarda, ko‘p vaqt uyda ishlar edik. Bir og‘iz gap-so‘zsiz, dami ichida uyiga ravona bo‘lay deb turganlari ustiga men borib qoldim. U kishi xomush edilar. Men endi shahardagi uyga ham boring-da, deb taklif etganimda qarshilik qilmadilar. G‘. G‘ulomning tahrir etganim — «Netay» qissasini mashinistkaga tez topshirdimu, Abdulla aka bilan tramvayda uyga ketdik.

O‘sha yillari nashriyotimiz bugungi Qizil maydon yaqinida, Samarqand ko‘chasidagi bir qavatli binoda bo‘lib, barcha adabiyotlar turlaridan qat’i nazar, ushbu nashriyotdan chiqarilar edi. Barcha olimu yozuvchilarimiz kelib turishar, biz ular bilan suhbatlashar edik. Abdulla aka boshqalarga qaraganda juda kam kelar edilar.

Men adib bilan birinchi marta Narimonov nomidagi ta’lim-tarbiya texnikumida o‘qib yurgan yilimiz tanishganman. Yotoqda «O‘tgan kunlar»ni kollektiv bo‘lib o‘qiganimizdayoq asarni sevib qoldim, uni qayta o‘qirmanman, ba’zi arab-fors so‘zlariga yaxshi tushunib yetmaganligim sababli mashhur adib bilan muloqotda bo‘lish orzusida uyiga so‘roqlab, Eshonguzar tomon piyoda yo‘l olganman. Adibni choyxonada uchratib, daftarga ko‘chirganlarimni oldilariga qo‘ydim: barchasini tushuntirib, yozib berdilar. Uylariga taklif etdilar. Daftarni bag‘rimga chaqaloqday bosib qaytdim! O‘sha yili ko‘klam chog‘i yana bordim. Abdulla aka meni: «Rahmatulla, keling, keling. Mehmonlar ham bor, kiring…» dedilar. Adibning meni uylariga, yana mehmonlar oldiga, otimni atab chaqirganlariga juda-juda xursand edim. Tashqi ayvonda Abdulla akaning bir necha zamonaviy kiyingan tengqurlari o‘tirishgan ekan. Ovqatlandik. Mehmonlar o‘rinlaridan turishdi. Abdulla aka menga: «Mehmonlar chillak o‘ynashmoqchi, yaxshi keldingiz…» deb qoldilar. Xo‘sh, nima qilish kerak? Hamma havas qilgan adib bilan charaqlagan oftobda chillak yoki palka o‘ynashni kim istamaydi, deysiz. Abdulla aka mehmonlarning ko‘ngli uchun «Xo‘ja alambardor» qabristonidagi yalanglikka o‘ynagani chiqdilar.

O‘yin asnosi Abdulla aka yugurganlarida men boshqa «ona»ning bolasi bo‘lganim uchun u kishini qochib borayotganda to‘g‘ri kelgan yerlariga rezina koptok bilan urishim kerak edi. To‘g‘risi, urishga mening qo‘lim bormas edi. «Onam» esa «o‘g‘lidan» ranjib, meni boshqasiga almashtirdi. Men quvonaman: Abdulla aka bilan «onamiz» bir endi.

28-yil mart oyi edi shekilli, Eski Jo‘vadagi bosmaxonadan chiqib kelayotgan Abdulla aka bilan baqamti kelib qoldim. U kishi salom-aliqdan sung yon cho‘ntaklaridan korrektura olib ko‘rsatdilar: «Mana, sizlar ko‘chirishgan «Mehrobdan chayon»ning korrekturasi» dedilar. Olib kuzatgan bo‘ldim, ammo bichimi menga ma’qul bo‘lmadi. Nega bu xil, deb so‘radim. U kishi romanlar bichimi shu zaylda bo‘lar ekan, deya javob qildilar. Chunki biz «O‘tgan kunlar»ni jurnal bichimida o‘qiganimizdan, bunisi ham shunday bo‘lar, deb o‘ylagan edim. Mazkur asardan nusxa ko‘chirishda bizning texnikumdan besh nafar talabalar: Hamid Sulaymon, Gulbek (marhumlar), Fazliddin Hoshimiy, Mansur Rizqiy va men adibning Eshonguzardagi shahar hovlilarida hashar qilgan edik. Abdulla aka menga: uchrashganimiz yaxshi bo‘ldi, o‘zim yolg‘iz borgani erinib turgan edim, deya o‘zlarining Taxtapul mahallasidagi Abduvahob ismli o‘rtoqlarinikiga boshlab bordilar: gap berilayotgan ekan. 20 chog‘li Abdulla aka qatori ulfatlar ekan. Mehmon bo‘ldik. Gap asnosi: «Mehrobdan chayon»ning nashri ekan. Abdulla akam, kitob yaqin kunlarda chiqib qolsa kerak, dedilar. Ammo yonlarida do‘ppayib turgan korrekturani men tuyg‘ularimni ichimga sig‘dirolmay, sezdirib qo‘ydim. Suhbatdoshlar, o‘qiylik, eshitaylik, norin qorilmasdan, deyishdi. Kimdir yana «O‘tgan kunlar»ni o‘qigan kuningizdek azabozlik bo‘lmaydimi, deb so‘rab qoldi. Yodimda, asarni men bir-ikki bobini o‘qib bergach, kech tarqalishgan edik. Abdulla aka dastlabki borib yurgan paytlarimda badiiy asar yozishga havasmand bo‘lganimni payqar edilar, shekilli, hamisha savollarimga qunt bilan javob berguvchi edilar: yozuvchi avvalo, hayotni bilishi kerak… Odamlar bir-biridan farq etadilar, ularning o‘zaro muomalalari, so‘zlashuvlari turlicha… ayniqsa, qalamga olingan har bir obrazning sajiyasi (xarakteri), uning tiliga alohida e’tibor lozim. Masalan, bir odam gapirganda butun tanasi bilan harakatda bo‘ladi, biri esa, aksincha, yoki kimdir to‘tal, mantiqsiz so‘zlaydi.

— Abdulla aka, Siz asarlaringizga plan tuzishingiz qanday? — so‘rayman.

— Men asarlarimga plan tuzib, shu asosda yozmayman. Yozadiganlarimni, avvalo, boshda rosa pishirib olgach, so‘ng yozishga o‘tiraman. Agar plan tuzib, so‘ng shu asosda yozadigan bo‘lsam… Axir bu ijod, shunday hollar bo‘ladiki, o‘ylamagan bir yerda bir narsa meni yoz, degandek yuz ko‘rsatishi mumkin.

Shu o‘rinda bir narsani esladim: yosh, havaskor shoirlardan, kimdir, Abdulla akaga siz qanday yozasiz, deya savol berdi, «Men uyda, sandalda o‘tirib yoki daftarni xontaxta ustiga qo‘yib, goho karovatda o‘tirib, yostiq ustiga patnis qo‘yib yozaman…» deya javob qilganlarida, bir tanilgan shoir: «Siz yoshlarni zaharlamang» deya achchiq gapirgani yodimizda. Ammo men yozuvchining na shahardagi uyida, na dala hovlisida, na ijodxonasida bir necha marta bo‘lib, birorta stol-stulga ko‘zim tushganini eslolmayman. Ammo uylarining boshqa xonasida bo‘lsa bordir. Qishda borganimda uylarida va ijodxonalarida ham sandalda o‘tirar edik. Yaqinda o‘quvchilarimdan biri — Abdug‘ofir Abdulla Qodiriy asarlari uyidan topilgan ba’zi odamlarni ham tergov qilishib, qamoqqa olishgan ekan, siz qanday qilib omon qolgansiz, deb so‘rab qoldi. Men bir fursat jim qoldim. Lop etib kimga birinchi navbatda «Mehrobdan chayon»ni ko‘chirishda ishtirok etishimni o‘sha yili yozda Abdulla akaning o‘g‘illari Habibulloning Qo‘qon aravada bog‘imizga olib kelib, mehmon bo‘lganini ko‘z oldingizga keltiring, yorab! Ha, shu choqqacha hazillashib bo‘lsa-da, biror kimsa shu zayl savol bermagan edi. O‘ylab, dedim: ming bor shukrki, zamon meni asradi! Yo‘qsa, shu odamning uyiga bir kirib ko‘rmaysizmi, shubham bor, deb kimdir aytsa, «O‘tgan kunlar»ni, «Mehrobdan chayon»ni va nihoyat, orqasiga «O‘rtoq Rahmatullaga yodgorlik uchun» deya o‘zim aytgandek dastxati bilan yozib taqdim etilgan, boshida duxoba do‘ppi, egnilarida banoras to‘n bilan tushgan beqiyos adib suratini topsa, naq oltin topgandek quvonishlarini ayting! Ammo men ularni o‘z vaqtida noiloj, bog‘imiz yonidan o‘tadigan anhorga oqizib yuborganimga hamon achinaman.

— Ha, Abdug‘ofir, — deyman mendan javob kutayotgan o‘quvchimga, — baxtli ekanman… O‘sha davrdagi vaysaqi, muttaham, bo‘htonchilar nazariga tushmaganimga shukr qilaman. Mana, bir misol: o‘tgan 1988 — yil yozida Habibullo Qodiriy bilan mahallamizdagi qudalarinikida mehmon bo‘lganimizda Qodiriyning so‘nggi kunlari haqida yozayotganlar borasida gap ochdim. U kishi bir fursat jim qolib, so‘ng: «Meni qamoqqa olganlarida, mana, sening otang…» deb bir xat ko‘rsatishdi. Unda adamni «aksil inqilobchi…» deb bir necha yozuvchi qo‘l qo‘ygan ekan… yozarman.

Ha, o‘sha kezlarda, bir-birini ko‘rolmagan, g‘arazgo‘y, toshbag‘ir, qorayuraklarning ovi yurgani aniq!

O‘z hamkasblarining qurboni bo‘lgan buyuk inson va benazir adibning asarlari badiiyatimizning oltin fondidan yana munosib o‘rnini oldi. Axir, mashhur sharqshunos olim Ye. E. Bertels «Dunyoda beshta, ya’ni frantsuz, rus, ingliz, nemis va hind romanchilik maktablari mavjud edi. Endilikda oltita, ya’ni o‘zbek romanchiligini Abdulla Qodiriy yaratib berdi», — deya haqli ravishda baholaydi.

“Yosh leninchi” gazetasi, 1990 yil, 12 yanvar