O‘zbek xalqining ma’naviy merosida «Yusuf va Zulayxo», «Tohir va Zuhra», «Bahrom va Gulandom» kabi asarlar qatorida xalq dahosining tiniq ko‘zgusi bo‘lgan Xorazm jangnomasi — «Yusuf va Ahmad» dostoni ham alohida o‘rin tutadi. Asar o‘tmish davrlarda turkman, ozarboyjon, tojik, uyg‘ur, qozoq, qoraqalpoq, tatar va afg‘on xalqlarining ham sevimli kitoblaridan biri sanalgan. Dostonning keng tarqalish omillaridan biri xalqlararo adabiy aloqalar yaxshi rivojlanganligida bo‘lsa, ikkinchisi, bir necha madaniy markazlarda tashkil etilgan tipolitografiyalarning faoliyati bilan bog‘liqdir. Hozir O‘zbekiston SSR FAning Sharqshunoslik hamda Qo‘lyozmalar institutlari fondlarida, shuningdek, xalq orasida asarning ko‘plab qo‘lyozma va toshbosma nusxalari saqlanmoqda.
«Yusuf va Ahmad» dostoniga dastlab 1862—63 yillarda O‘rta Osiyoga safar qilgan Herman Vamberi katta qiziqish bilan qaraydi. U mahalliy xalqlarning marosim va urf-odatlarini sinchiklab o‘rgandi. «Tohir va Zuhra», «Shayboniynoma», «Yusuf va Ahmad» kabi xalq asarlari bo‘yicha tadqiqotlar olib bordi. Olim «Yusuf va Ahmad»ning Xorazm baxshilari qo‘lida mavjud qo‘lyozma nusxalaridan birini hamda Mullo Ishoq degan kishini o‘zi bilan birga Vengriyaga olib ketadi. U, dastavval, dostondan ayrim parchalarni nemis tiliga tarjima qilib, 1867 yili «Chig‘atoy tili darsligi» nomli to‘plamga kiritadi. Asardan benihoya ta’sirlangan Vamberi uning o‘zbekcha-nemischa nashrini amalga oshirmaguncha tinchimadi. 1911 yil dostonni to‘liq holda Budapeshtda chop ettirdi.
Dostonning keyingi «safari» qozoq ma’rifatparvari Ko‘zbergan o‘g‘lining xizmatlari bilan bog‘liqdir. U 1880 yili asarni qozoq tiliga o‘girib, «Bo‘zo‘g‘lon» nomi bilan Qozonda 1889,1890,1904 yillari nashr qildiradi. Shuningdek, «Yusuf va Ahmad» dostoni Toshkent, Samarqand, Xeva, Kogon shaharlaridagi bosmaxonalarda 1901, 1903, 1910 yillarda qayta-qayta chop etilgan. Dostonning tadqiqi va nashri masalalari inqilobdan keyingi paytlarda sovet olimlarining diqqatini o‘ziga tortdi. G‘ozi Olim Yunusov, H. T. Zaripov, V. M. Jirmunskiy, A. N. Samoylovich doston haqida qimmatli fikrlarni bildirdilar. Xususan, dostonni baxshilar og‘zidan yozib olish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirildi. Hodi Zaripov 1927 yili «Yusuf va Ahmad»ning Fozil Io‘ldosh o‘g‘li bilan Muhammadqul Jonmurod o‘g‘li Po‘lkan birgalikda kuylagan mukammal nusxasini yozib oldi.
«Yusuf va Ahmad»ning qardosh tojik xalqi og‘zaki merosidan ham o‘rin olganligi e’tiborga molikdir.
XVIII asr turkman adabiyoti namoyandalaridan biri Qurbonali Ma’rufiy qalamiga mansub bo‘lgan «Yusuf va Ahmad» 1943 yili B. Qoriyevning tahriri ostida Ashxobodda bosmadan chiqqan. Asarning 1961 yili Nukusda chop etilgan Qiyos jirov Xayritdinov kuylagan qoraqalpoqcha nusxasi, 1982 yili Olmaotada nashrdan chiqqan «Uyg‘ur xalq dostonlari» to‘plamiga kiritilgan uyg‘urcha nusxasi ham dostonning uzoq yillar mobaynida turli xalqlar orasida dong qozonganidan, beqiyos shuhrat kasb etganidan dalolatdir.
Ko‘pgina xalq dostonlariga xos bulganidek, o‘zbek xalq dostonlari ham el-yurt hayotida, mamlakat tarixida yuz bergan ulkan voqealar, ijtimoiy-siyosiy hodisalarga munosabat tarzida yuzaga kelgan. Shuning uchun ham bir xalq dostonchiligining ildizini o‘sha ijod namunasi mansub bo‘lgan xalq bosib o‘tgan tarixiy yo‘lidan izlash maqsadga muvofiqdir. Ona-zaminimizga tajovuzona yurishlar uyushtirgan yunon, eron, arab va mo‘g‘ul bosqinchilarining jabr-zulmlari, mahalliy xalqning ularga bo‘lgan cheksiz g‘azabi o‘zbek xalq dostonlarida aks etmasdan qolishi aslo mumkin emas edi. O‘zbek xalq dostonchiligining kattagina qismini eroniylar bilan turoniylar orasidagi nizo va urushlar tasviri tashkil etadi. Bu ba’zi asarlarda yaqqolroq, ayrimlarida xiraroq aks etgan. Shiroq va To‘maris nomi bilan bog‘liq afsonalar, Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidan nasriy mazmuni yozib olingan «Oysuluv» dostoni shu boradagi fikrimizga dalildir.
Eroniylar bilan xorazmliklar o‘rtasidagi nizolar ham ana shu taxlitda bo‘lgan. Abulg‘ozi Bahodirxonning «Shajarai tarokima», Munisning «Firdavs ul-iqbol», Bayoniyning «Shajarai Xorazmshohi» kabi tarixiy asarlarida e’tirof qilinishicha, Eron shohlari Xorazmga ko‘p martalab yurish qilib, xalq boshiga ayovsiz kulfatlar solganlar. Zikr etilgan manbalarda Eron tajovuzining talofatlari, xususan, Shoh Ismoil, Shoh Abbos, Tahmasp I, Nodirshoh singari hukmdorlarning Xorazmda ko‘plab ofat va qirg‘inlarga sabab bo‘lgani xususida batafsil ma’lumotlar beriladi. Ikkala davlat o‘rtasidagi qonli muhorabalardan bezgan xalq tinch va farovon hayotni qo‘msadi. O‘z orzu-umidlarini eposlarda tasvirlashga intildi. Biz fikr yuritmoqchi bo‘lgan «Yusuf va Ahmad» dostoni ham Xorazm xalqi tarixida ro‘y bergan ana shu mudhish voqea-hodisalarga keskin nafrat, tinchlik va adolatli hayotga mehr-muhabbatning mevasi sifatida ro‘yobga kelgan.
Atoqli folklorshunoslar V. M. Jirmunskiy hamda Hodi Zaripovlar dostonni, XVI—XVII asrlarda Xorazmda yaratilgan, deb e’tirof qiladilar. Bu fikrning haqiqatga yaqinligini XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asr boshlari Xorazm adabiy harakatchiligining iste’dodli vakillaridan biri, shoir, muarrix, tazkiranavis Hasanmurod Laffasiyning «Ozodnoma» qo‘lyozma asaridagi quyidagi so‘zlar ham tasdiqlaydi: «eroniylar bilan xorazmliklar orasidagi yovchilik va dushmanliklar masalalari… bilan Xorazmda yozilg‘on «Yusufbek va Ahmadbek» dostoni shu zamonlarda tug‘dirilg‘on adabiyot erkonligi angloshiladur». (O‘zFAShI inv. № 12581, 25-varaq).
Dostondagi ko‘pgina lavhalar XVI asr Xorazm tarixida ro‘y bergan voqealarga ancha yaqin keladi. Hukmron tabaqalarning jamiyatda tutgan mavqei, davlatni idora etishdagi usul va qoidalari haqida anchagina ma’lumotlar uchraydi. Tarixdan ma’lumki, Xorazm ham Movarounnahrdagi Shayboniylar davlatiga o‘xshab, bir-biri bilan unchalik bog‘lanmagan feodal mulklarga bo‘linib ketgan edi. Asarda xuddi shu tarqoqlikka ishoralar mavjud. Unda Oyxon, Kunxon, Nodirbek sulton, Sheralixon kabi obrazlar Xorazmga qarashli viloyatlarning xonlari sifatida ko‘rsatiladi.
XVI asrga kelib Xorazm xonligida asosan kelib chiqishi jihatidan uch guruh aholi yashagan. Bular o‘zbeklar, turkmanlar, ko‘chmanchi o‘zbeklardir. Dostonda Nodir Sulton va Oyxon turkmanning asilzodalari ekani ta’kidlanadi. Eralixon urug‘i esa yerlik o‘zbeklardir. Yusuf va Ahmad bilan kelganlar ko‘chmanchi o‘zbeklardir. Asarda Yusuf va Ahmadning ko‘chmanchiligini asoslovchi ko‘p dalillar bor. Chuqurroq nazar qilinsa, ularning turmush zaylida, tilida ko‘chmanchi xalqlarga xos sifatlar aks etadi. Shuningdek, dostonda o‘sha davrda Xorazm atrofida yashagan turli qabila va urug‘larning (qo‘ng‘irot, nukuz, mang‘it, qangli, qiyot, emreli, kenagas…) nomlari ham tilga olinadi. Xorazm va Eronning o‘sha paytdagi yirik markazlari, shahar va qishloqlarining nomlari ham aks etgan (Urganch, Xeva, Vazir, Mang‘iloq, Isfahon, Xuroson…)
«Yusuf va Ahmad» dostoni ijodkor xalqning ezgu orzu-niyatlari mevasi, ijtimoiy tuzum, ijtimoiy adolat haqidagi o‘y-qarashlarining mahsuli. Adolat va adovat, haqiqat va yolg‘on, sadoqat va bevafolik o‘rtasidagi kurash masalasi dostonning qon tomiriga singdirilgan. Dostonda ona-Vatanga sadoqat, el-yurt manfaati yo‘lida fidoyilik g‘oyalari tarannum etiladi.
Asarda toj-taxt, mansabga o‘chlik masalasi asosiy ziddiyat qilib qo‘yilishi ham bejiz emas. Saroy fisqu fujurlari, manfaatparastlik, shuhratga moyillik kabi qusurlar aka-uka, ota-bola o‘rtasidagi nizolarni, fojeiy holatlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Yusuf va Ahmadning o‘z yurtini tark etishi, Go‘zalshohning ularga hasadi ham ana shu illatlarga borib bog‘lanadi. Xalq shu yo‘l bilan shuhratparastlik, boylik asiri bo‘lgan zamona hokimlari ustidan kuladi, achchiq, adolatli hukm chiqaradi. Ular tasviri, fojeiy taqdiri orqali shohlarni odillikka, mehr-shafqatga chaqiradi. Asarda bosqinchi, zolim Go‘zalshoh obrazi qismati bunga yaqqol misoldir. Ijodkor xalq adolatsiz hukmdorlarga zid o‘laroq ideal shoh obrazini yaratadi. Ulardagi fazilatlarni ulug‘laydi, qadrlaydi.
Xalqning ijtimoiy hodisalarga munosabati, davr, zamona haqidagi o‘y-qarashlari, intilishlari dostonning bosh qahramonlari — Yusuf, Ahmad sarguzashtlari orqali ochib beriladi. Qaynoq mehr, yolqinli ehtiros bilan tasvirlangan bu obrazlar shu ma’noda xalq orzu-umidlarini tashuvchi obrazlardir.
Yusuf — haqiqatgo‘y, adolatparvar, barkamol inson. U har bir ishni bajarishda xalq fikriga tayanadi, el-yurt maslahati uning uchun rahnamo. «Maslahat bitkarur kori dunyoni» deya anglagan Yusuf elatiga qarata shunday deydi:
Maslahat ber, munda turgan xaloyiq…
Ulug‘ podshomizdan in’om kelibdi,
Ovozamiz yurtga ma’lum bo‘libdi,
Beklarim, maslahat qanday bo‘ladi?
Eslilaring, el og‘asi, kelinglar,
Yusufman Ahmadga bering maslahat,
Qarindosh, maslahat qanday bo‘ladi?
Mana, Yusufning e’tiqodi, yashash va kurash tutumi. El-yurtning talab va istaklari, maslahatlari bilan ish yuritish uning uchun burch va qonun. Yusufning fikricha, xalqning xohish-irodasiga suyanib ish tutish ahillik va totuvlikning, to‘qlik va farovonlikning muhim mezoni.
Dostonda Yusuf sajiyasi, ruhiy dunyosidagi qarama-qarshiliklar ham yaqqol aks etganki, bu o‘z navbatida, asarning hayotiy xususiyatlarini yuzaga chiqargan. Yusuf mulohazakor, kamtarin shaxs bo‘lishi bilan birga har narsaga ishonuvchan, bir qadar havoyi hamdir. Uning tabiatidagi ana shu qusurlar keyinchalik unga pand beradi, boshiga ko‘p musibatlar keltiradi. Tog‘asi Bo‘zo‘g‘lonxonning ogohlantirishlariga qaramasdan manmanlik qilib, shoh ayg‘oqchisi Mirza Mahmudning so‘zlariga ishonib, tutqunlikka tushadi. Ko‘p azob-uqubatlarga giriftor bo‘ladi. Ijodkor xalq shu yo‘l bilan inson ruhiyatidagi ba’zi bir noma’qulchiliklar, oniy holatlar kishini ofat-balolarga duchor qilishi mumkinligini obrazli ifodalaydi.
Dostonda Yusufning ruhiy kechinmalari, sajiyasi tasviri bilan bog‘liq yana bir masala borki, bu xalqning ichkilikka, sarxushlikka bo‘lgan azaliy nafratidir. Xalq nazdida ichkilik aql va idrok kushandasi, do‘stning kulfati, dushmanning yutug‘i, jirkanch ishlarning, mudhish fojialarning sababchisi. Shuning uchun ham ko‘pgina ijod durdonalarida, xususan, «To‘maris», «Oysuluv», «Alpomish» kabi asarlarda qahramonlarning asir tushish sabablari ana shu illat bilan bog‘lanishi bejiz emas.
Dostonda yana bir qator obrazlar o‘z maqsad-qiyofalariga ega holda jonli va harakatda tasvirlanadi. Ahmad yaxshi va yomon kunlarda og‘asi diliga malham, janglarda kamarbasta, diyonatli uka sifatida gavdalansa, Ashirbek sadoqatli, jonkuyar do‘st (tog‘a) qiyofasida namoyon bo‘ladi. Bobo Qambar obrazida sharqona donishmandlik tuyg‘ularini sezsak, La’lixon obrazi orqali hijron iztiroblaridan «bag‘ri kabob bo‘lgan» dilgir ona qalbini his etamiz. Gulasal, Gulxadicha obrazlarida esa mushfiq ayol, vafodor yor siymosini ko‘ramiz.
Mazkur obrazlar bir tomondan asarning g‘oyaviy mazmunini ochishga xizmat qilsa, ikkinchidan, bosh qahramonlar — Yusuf, Ahmad qiyofasini to‘ldirishga xizmat qiladi.
Umuman, doston ruhi, undagi har bir lavha, obraz yagona maqsadga — adolatning barqarorligi, adovatning mag‘lub bo‘lishi haqidagi xalq orzu-umidlarini ifoda etishga qaratilgandir.
Rahimboy Jumaniyozov, O‘zFA Til va adabiyot institutining ilmiy xodimi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 8-son