1. Sizningcha sotsial-siyosiy islohotlar sharoitida milliy munosabatlarni rivojlantirishning istiqbollari qanday?
2. Ko‘pmillatli davlatimizda milliy tillarning o‘rni va ahamiyati sizningcha qanday bo‘lishi kerak?
3. Milliy madaniyatlarning boyish yo‘llari haqida sizning tasavvuringiz?
Yaqinda «Pioner Vostoka» gazetasida o‘quvchi B. Oripovning shunday savolini o‘qidim: «Tarixini, adabiyotini, geografiyasini bilmagan xalqqa nisbatan boshqalarda qanaqa hurmat bo‘lsin?» O‘smir haq, biz yillar davomida o‘zbek ayoli to‘rt devor ichida, paranji va chachvonda erning cho‘risi bo‘lib o‘tgan, deb yoshlarning qulog‘iga quyib keldik. Inqilobgacha o‘zbek xalqmning 2 foizi savodli bo‘lgan, deb o‘rgatdik. Lekin sham yorug‘ida she’rlar bitib, madaniyatimiz xazinasida noyob durdek porlab qolgan shoiralarimiz haqida so‘ylab berishga qunt topmadik. Malika Yekaterina, qirolicha Yelizavetaning hayoti bizga oynaday ravshan. Isyonkor shoira Zebunniso, Nodira begim, Mahzuna, Uvaysiy, Anbar otin haqida do‘stlarimizdan bir kalima so‘z eshitolmaymiz.
Ivan Grozniyning shajarasini hijjalab o‘qiganmiz. Lekin Afrosiyob, Oqsaroy xarobalari, Axsikent qal’asi vayronalari haqida qardoshlarimiz tugul, o‘z farzandlarimizga durustroq ma’lumot berolganimiz yo‘q. Har qanday do‘stlik, birodarlik asosida tenglik, hurmat yotadi. Biz «buyuk oila tuyg‘usi» degan ulug‘vor iborani matbuotda ko‘p yillardan beri qo‘llaymiz. Buyuk oilada ona hamma farzandining birdek boshini silamasa, o‘rtada nifoq chiqadi. Mehrdan kamsitilgan farzand boshi egik, ko‘ngli o‘ksik bo‘lib o‘sadi. Bunday odamning qo‘li qisqa, fikri faromush bo‘ladi.
Darvoqe, tarix, adabiyot, geografiya…
Bolaligimda onam Shahrivayrontepa, Shahri barbar, Abomuslim ko‘prigi, Alining zulfiqor qilichi haqida ko‘p so‘ylab berardilar. Xo‘ja Bo‘ston mozorining muqaddasligi, uning yonidagi katta qo‘rg‘on esa mudofaa inshooti bo‘lganini aytardilar. O‘ylab qarasam, Bo‘ston qo‘rg‘oni bilan Go‘dakontepa, buyog‘i Mullatosh qishlog‘i adirlaridagi tepalik, undan nari Qiziltepa yo‘li bilan Karmanaga qayrilishdagi tepalik bejiz paydo bo‘lmagan. Ular suv, sel yo‘llarini, garmsel oqimini to‘sadigan ihota-qo‘rg‘on vazifasini o‘tagan bo‘lsa kerak, biz u tepalar tarixini o‘rganishga harakat qilmadik… Chunki bu tepalik darsliklarimizda yo‘q edi. Bunday tepaliklarni g‘isht zavodlari bugun «yutib» yubormoqda. Bu tabiatimizga o‘nglab bo‘lmas ziyon yetkazishi hech kimning aqliga kelmagani achinarli… Tarixni bilmasak, geografiyamizdan bexabarlik gumrohligimiz. Bilmaslikdan esa hurmatsizlik, qahrsizlik tug‘iladi. O‘z yurtini bilmaganlargina tuproqlarini shunday xarob etadilar… O‘zimizki, shunday «ustabuzarmonlik» qilsak, bizning tilimizni, tabiatimizni bilmagan do‘stlardan ginaxonligimiz necha puldir?
Adabiyotimizda-chi?
O‘zbek sovet adabiyotida chinakam voqea bo‘lgan asarlarni qoyilmaqom qilib tarjima etib, Butunittifoq muxlislariga yetkazganimiz yo‘q. So‘zma-so‘z tarjimadan rus va boshqa qardosh tillarga o‘girilgan she’rlar sira ham ko‘ngilni to‘ldirmaydi. Ularda sharqona musiqiylik, ehtiros, o‘zbekona fikrlash uslubi yo‘q. She’rning qalbi yo‘q, g‘ozi yo‘q… U xuddi o‘z onasidan begonasirab, adashib qolgan bolaga o‘xshaydi…
Bu jihatdan gurjilar, armanlar, estonlar, latishlar milliy tildagi asarlarning so‘zma-so‘z tarjimasi uchun konkurslar e’lon qiladilar, kuch va mablag‘larini ayamaydilar. Biz esa hamon ayrim tarjimonlar bilan cheklanib qolganmiz.
Ashxobodda Maxtumquli haykali poyida qardoshlik mushoirasi bo‘ldi. Shunda men «Zebunniso» she’rimni o‘zbek va rus tilida o‘qidim, ukrain shoirasi Tamara Kolomiyets shu she’rimni ukrain tilida o‘z tarjimasida o‘qib berdi va «baribir, mening tarjimam asliga yaqinroq ekan», dedi. Sababini so‘radim. Tamara o‘zbekcha lug‘at bilan ham ishlab, she’rning ohangini yaxshi ilg‘agan ekan… Shunday paytlarda har qanday ma’naviy, madaniy do‘stlikning kaliti til ekaniga imon keltirasan kishi…
O‘zbek tilini mukammal bilgan rus birodarlarimiz N. Ivashev, 3. Tumanova, R. Galimov, N. Vladimirovaning xizmatlari katta. Ularning o‘zbek xalqiga mehru muhabbati, sadoqati avvalo shu yurtning tilini nozik tushunishida, bu tilning go‘zal qirralarini anglab, uni ikkinchi ona tili deb ulug‘lashlaridadir.
Bir ko‘cha bolalar «Laylak keldi»ni aytardik. Rus qizlar Lena, Galya jo‘r bo‘lishardi. Yaylovlarda gullarga, qushlarga hayratimiz boshimizdagi quyoshu bizni yelkasida tutgan yerga kulgularimiz, qo‘shiqlarimiz, sho‘xliklarimiz o‘zbekcha jaranglardi…
Birinchi harf tanitgan, o‘zbekcha Ona, Vatan so‘zini yozishni o‘rgatgan muallima Rahima Saloyeva tatar edi. So‘ng matematika, algebradan, geometriyadan saboq bergan Akbeshova, Saxipova ham o‘zbek, rus, tatar, tojik tillarini birday bilishardi. Ular o‘zlari yashayotgan Bo‘ston qishlog‘ining aholisi bilan jonu jigarday yaqin edilar. Boisi — o‘zbek tili ular uchun aloqa vositasi edi.
Uyimizga tez-tez pochcham Umar Norqulovning yaqin og‘aynilari — Nesterov va Skorikov oilasi bilan mehmonga kelishardi. Ular sof o‘zbekcha, qishloq lahjasida so‘ylashar, onamni biri «biyijon», biri «xolamullojon» deyishardi. O‘zbeklar davrasida ular o‘zbek, tojiklar qishlog‘ida tojik bo‘lib ketardilar. Onam ularni Nusrat, bolam, Samandar bolam, deb alqardi.
Nega keyingi yillar davomida til masalasi, ikki millat o‘rtasidagi munosabat muammolari paydo bo‘lib qoldi? Nazarimda, muvozanat buzildi. Bitta til binolarning peshtoqidan tortib eng oddiy ariza qog‘ozlaridan so‘ylayversayu, ikkinchisi ro‘zg‘or, oshxona tiliga aylansa, shunda nomutanosiblik yuz beradi.
Usmon dadamizning eski kitoblarini varaqlab tursam, sarg‘ayib ketgan shapaloqday bir qog‘oz chiqib qoldi. Urush yillari chiqarilgan sug‘urta qog‘ozi: o‘zbek tilida chop etilgan, shu tilda to‘ldirilgan, muhri ham shunday…
Hozir qaysi bir idoraga murojaat qilmang, arizayu barcha zarur hujjatlar rus tilida, savodingiz rus tilida bo‘lsa xo‘p-xo‘p, yo‘qsa bitta javob uchun bilimdonga mustar bo‘lib turaverasiz. Ochig‘ini aytish kerak, korxonalarning kadrlar bo‘limi, hisob-kitob va nazorat ishlari, kafolatxonalar, aloqa bo‘limlari, telegrafxonalarda mahalliy kadrlar barmoq bilan sanarli. Shaharning g‘ala-g‘ovur olachipor hayotini ko‘rgan, qurama aholi ichida muomala-munosabatni o‘rganganlar uchun bu hol uncha qiyin emasdir. Lekin yozma nutqi haminqadar qishloq ahli uchun bir enlik ariza yoki shikoyat yozish o‘z tilida amri mahol. O‘zga tilda esa kori mashaqqat. Sudga, oqlovchilarga, adliya idoralariga ishonch qog‘ozlari, vakolatnomalar, meros da’volari, mulk talabnomalari yozdirish uchun halak bo‘layotganlar qancha… Bu idoralarning blankalari yoppasiga ruscha bitilgan. Hamonki, mahalliy aholi bu tilni mukammal bilmas ekan, nima uchun bu qadar ovorayu sarsongarchilik? Bitta ariza yozdirib olish uchun 40 so‘mlik oylik maoshidan qiyib 3 so‘m to‘layotgan qishloq mehnatkashi, o‘z tilida yozib arizasini, 3 so‘mga bolalari uchun biror yegulik olib borsa bo‘lmaydimi?
Yaqinda olima Fozila Sulaymonova bilan suhbatlashdim. Fozila Komilovna 1952 yil bahorida bo‘lib o‘tgan sud jarayonini o‘kinch bilan gapirdi: «Shuhrat, Shukrullo, M. Ismoiliy, Yo. Mirzo, H. Sulaymon, N. Alimuhamedov, A. Alimuhamedov millatchilikda ayblanib, qora kursiga o‘tqazildi.
Sudlanuvchilar jarayonni rus tilida olib borishni so‘rashdi. Chunki rus tilida protokollar olib borilsa, Moskvaga haqiqat izlab borish mumkin edi… Lekin ataylab «millatchi»larning qadamini kesish uchun sud o‘zbek tilida o‘tkazildi…»
Darvoqe, 50-yillarda Moskvadagi «Nauka» nashriyoti «Sharq adabiyoti» deb atalardi va u Sharq xalqlari tarixi, adabiyotini targ‘ib, tahlil etishda, rivojlantirishda ancha ishlarni amalga oshirdi.
Urush yillarida rus fani va madaniyatining yirik arboblari Toshkentda yashab, ijod etdilar. A .Tolstoy, A. Deych, L. Bat, I. Utkin, A. Axmatova, Ya. Kolas va boshqalar o‘zbek yozuvchilari bilan apoq-chapoq bo‘lib ketdilar. A. Axmatova Toshkent tunlarida yangragan «Halimaning bulbul ovozi»dan ilhomlanib she’r bitdi. Akademik Ye. Bertels o‘zbekning nonu tuzini yedim, qarzdor bo‘ldim, deb Navoiy haqida ajoyib risola yaratdi. L. Bat Navoiyning bolaligi haqida asar bitdi. E. Ognetsvet o‘zbek xalqiga sadoqatda qoldi… V. Jirmunskiy esa «Navoiy — Uyg‘onish davrining vakili», «O‘zbek eposi»ni (H. Zarif yordamida) yozib, buyuk ehtiromini mehnati bilan isbotladi. Ular asrlar osha o‘zbek xalqining mutafakkir o‘g‘liga murojaat qildilar va Navoiyni o‘z eliga yaxshiroq tanitdilar. Ular haqiqiy ziyolilar edilar. Har bir xalq tabiatidan fazilat, xazinasidan bebaho gavhar izlovchi donishmand edilar. Haqiqiy baynalmilallik shunday beg‘araz va samimiy bo‘ladi.
O‘tgan asrning oxirlarida er-xotin Nalivkinlar o‘zbek bolalar o‘yinlari «Oq terakmi, ko‘k terak», «Yo ramazon» singari qo‘shiqlarini o‘z risolalarida keltirib, ilmiy kuzatishlar qilishgan. M. Andreev esa O‘rta Osiyo xalqlari orasida tarqalgan «Havzak-havzak» ovutmachog‘ining 13 namunasini nashr ettirdi. A. Borovkov o‘zbek bolalar o‘yinlarini, Ye. Borovkova esa laylak haqidagi qo‘shiqlar, xalq irimlari kelib chiqishi xususida ish olib borgan. Ye. Peshcherovaning 1927 yilda chiqqan to‘plamdagi «Isfara qishlog‘ida lola bayrami», o‘zbek va tojik bolalari o‘yinlari, qo‘g‘irchoqlari haqidagi ilmiy izlanishlari mahalliy xalq madaniyatiga hurmat, urf-odatlari, marosimlariga bo‘lgan ehtirom ifodasi hamdir («Boychechak». Bolalar folklori va mehnat qo‘shiqlari. Toshkent — 1984 yil. Tuzuvchilar: O. Safarov va K. Ochilov).
O‘zbek madaniyatining bunday jonkuyar targ‘ibotchilari nomini unutmasligimiz kerak. Ularning xayrli ishlarini do‘stlarimizning bugungi avlodi davom ettiryaptimi? Mana shu savolga javob izlash qarzimiz…
Jamiyatning eng muhim aloqa quroli tildir. Til insoniyat o‘z tarixi davomida yaratgan eng buyuk kashfiyoti, ma’naviy boyligi, o‘lmas san’atidir.
Biz dunyoga kelar ekanmiz, til bizni alla bo‘lib tarbiyalaydi, qo‘shiq bo‘lib qalbimizga oqib kiradi. Barcha halimlik, zariflik, mayinlik, eng nodir va inja fazilatlar ona tilimizning turli tovlanishlaridan… Inson xirmon boshida qo‘shiq aytib, bug‘doy shopiradi. Kuy bilan shamollarga elanadi. Qo‘shiqlar aytib, sigirini iydiradi:
Esli molim, oqilim, turey-turey,
Elkamdagi kokilim, turey-turey,
Shuncha molning ichida, turey-turey
Bog‘da ochilgan gulim, turey-turey.
Sumalik qaynayotgan qozon boshida chechan momolar tongotar ertak aytib chiqadilar. Qamishlarni sayratgan, tutdan dutor yasab, uni yig‘latgan, tabiatdagi ne go‘zal jonvor borki, inson suluvligiga qiyos qilib olgan otalar, onalarning mushfiq tili, sen nega g‘arib bo‘lyapsan, degim keladi…
Imjiq bolasini uxlatish uchun ba’zi onalar bugun ikki bayt allani kuylab aytolmaydilar… Bolasini koyigan ona: «Ha, boy bo‘lgur!», «Kuyov bo‘lgur» yoki «Omboringga bug‘doy to‘lgur!», deguvchi edi. Hozir esa: «Hu, geroy», «Hoy, xuligan», deb tergaydi.
Uzluksiz o‘zga tilda muomala, murojaat xuddi niholni payvandlaganda buzilgan navlardek, ona tili tarovatini yo‘qotmoqda. Buyuk oilada hamma til, unda necha ming aholi so‘zlashadi, bundan qat’i nazar baravar huquqqa ega bo‘lishi darkor.
Bitta til uchun jahon madaniyatining barcha qit’alari darvozasi ochiq bo‘lsa-yu, ikkinchi bir til o‘z qal’asi davoridan nariga chiqolmasa, u rivojlanmaydi, tanazzulga yuz tutadi.
Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida milliy maktablarga katta e’tibor berildi. 30-yillarda esa ularning imkoniyatlari cheklana boshlandi. 1938 yilda milliy respublika va oblastlarda rus tilini o‘qitish majburiyligi haqida qaror chiqarildi. Milliy tilda o‘qitiladigan maktablarni rus tiliga o‘tkazish urushdan keyin avj oldi.
1943-1944 yillari Ona yurtlaridan ko‘chirilgan bolqor, qoracha, ingush, chechen, qalmiq, qrim-tatar, volgabo‘yi nemislari uchun o‘z tillarida o‘qitadigan maktablar qayta tashkil etilmadi.
Shimoliy Kavkaz xalqlari — osetinlar, adigey, kabardinlar, cherkeslar o‘z tillarida bilim oladigai maktablari yo‘q. Sibirning mayda xalqlari — mansi, xanti, evenk, even, eskimos, chukcha, koryaklar qismati ham shunday. Mordvinlar esa tillarini yo‘qotdilar.
O‘tgan yozda Beruniy nomidagi Toshkent Politexnika instituti radioelektronika va avtomatika fakultetida diplom himoyasida qatnashdim. Barcha himoyalar rus tilida o‘tdi, diplom ishlari rus tilida yoeilgan. Talabalar ham, muallimlar ham o‘zbek. Bir talaba hatto ingliz tilida himoya qildi. Men o‘zbek qizlarining rus tilida ham, ingliz tilida ham burro gapirishidan o‘zimda yo‘q suyundim…
O‘zbek tilidagi o‘quv maskanida o‘zbekcha diplom ishi yoeilmayotganidan kuyundim. Biz miyasiga «kompyuterlar joylashgan» robot-odamlarni emas, o‘z tuprog‘ining tiliga tushunadigan, murakkab detallarning o‘zbekcha atamalarini biladigan muhandislarni yetkazib berishimiz kerak bu Vatanga! Bu institutlarda o‘zbek tili, adabiyoti soatlari gadoga sadaqa bergandek minnatli darajada oz! Vaholanki, men bu institut eallarida o‘tgan «Bahor» aniqrog‘i, «Vesna» ijodiy konkurslarini miriqib tomosha qilganman. Bu talabalar davrasida Gulchehra, Olmos bilan she’rxonligu savol-javob uchrashuvidan ko‘nglim o‘sgan. Yaqinda madaniyat xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda institut rektori A. Jalilov shoir va yozuvchilar «studentlarimizning fikrini chalg‘ityapti», deb malomat qildi. Ma’rifatli olimning tilidan chiqqan bu so‘zlar menga malol keldi. Bugungi yoshlar o‘z yurti, o‘z qadri haqida o‘ylab ko‘radigan, tarozining pallasiga bilim posangisini qo‘yadigan orif avlod. Kechagi kunning tarozisi ularga to‘g‘ri kelmaydi.
Ular bugungi «algoritm» termini ulug‘ bobolari Al-Xorazmiy sharifidan kelib chiqqanini yaxshi biladilar. Aniq fanlarda o‘z abolarining bemisl kashfiyotlar qilganini ham biladilar, bilmaganlari esa bilishga qiziqmoqdalar. Zarrabin, usturlob, pargor kabi tibbiy, jug‘rofiy va handasaviy atamalarni o‘z tillarida yaratgan allomayu hakimu muhandislarni biladilar.
Ko‘qon xoni hashamatli saroyida yog‘ochdan ishlangan ulkan qubbador shiftli xonani ko‘rib, har qanday qomusiy ilm sohibi hayron qoladi. Bitta mix ishlatilmasdan tiklangan mahobatli munaqqash xonani yaratish uchun nechog‘lik ilmu amalu mashaqqat kerak. Ko‘ko‘par havozalarsiz, ko‘tarma kranlarsiz qurilgan masjidu madrasalar, osori-atiqalarni yaratgan mehnatkash xalqni g‘irt savodsizga chiqarib qo‘ygan kazolar azbaroyi insof bilan gapirsalar bo‘lar edi. Eskidan qolgan bu siyqa tamg‘alar yosh avlodda, ayniqsa, qardoshlarimiz bolalarida kamsitish uchun yetarli sabab emasmi?
Yaqinda Moldaviyada yashab, ijod etayotgan taniqli rus adibi qaysi sabablarga ko‘ra moldavan tili davlat tili bo‘lishi kerakligini asoslab, haqiqiy grajdanlik pozitsiyasini bildirdi. Tuprog‘imizda o‘sib-unib, obro‘ topgan, nonu tuz totgan do‘stlarimiz esa bir og‘iz so‘z aytishga jur’at topmayaptilar. O‘zbekiston SSR xalq Yozuvchisi A. Udalov, O. Sidelnikovning fikrini kutyapti jamoatchilik.
Qolaversa, xalqning yaxshi-yomon kunlarida birga bo‘lgan, elu yurtni o‘z og‘ziga qaratgan qahramonlarimiz Komil Yashin, Uyg‘un, Zulfiyaga jamoatchilik umid ko‘zini tikmoqda.
Har bir xalqning xuddi ulkan daraxtday o‘q ildizlari bo‘ladi. Bu, birinchi navbatda, uning tilidir. Ana shu o‘q ildizi orqali daraxt hayot shirasini emadi, tanasi tiriklik suvini ichadi, mevalar tugadi. Hosil, soya-salqin beradi. Dovul-bo‘ronlardan, garmsel va to‘fondan, qor-yomg‘irdan, chaqmoqdan o‘lmay o‘tadi. Ildiziga qurt tushgan daraxt esa chiriydi.
O‘zbek tili daraxtining o‘q ildizi «Devoni lug‘atut-turk»dan Yassaviy hikmatlarigacha, Yugnakiy odobnomasidan Yusuf Xos Hojib o‘gitlarigacha, Navoiy g‘azallaridan Mashrabning ohigacha, Nodira fig‘onidai Nozimaxonim alyorigacha, Lutfiyning muhabbatnomasidan Zavqiy hajvlarigacha so‘zning ipaklari bilan tutashgandir.
Toshkent ko‘cha va guzarlarining nomlariga ko‘z yugurtirsangiz, yer sharidagi barcha shaharlaru rahravlarning nomlari bitilgan xarita dersiz! Batumskaya, Kazanskaya, Yalta, Privokzalnaya, Skladskaya, Mexanicheskaya, Remeslennaya, Sadovaya, Parashyutnaya, Tankistov, 1-Svetochnaya, 2-Svetochnaya…
Bu mustabid Chor hukumati muhrining oqovalari emasmi? Bu didsizlikni, nokerak takrorlarni biz tuzatmasak, kim tuzatadi? Bu ko‘cha, guzar va rahravlarni A. Qodiriy, Usmon Nosir, Cho‘lpon, Fitrat, Torobiy, Manguberdi, Shiroq, Xudoyberdi shoir nomlari bilan atasak, tarixning hurmatini o‘rinlagan bo‘lamiz-ku!
70-yillarning boshida Karomat Rustamovaning kolxozida bo‘lgandim.Yangi yo‘l tushirilmagan, bitta-ikkitagina uy qad ko‘targan ko‘cha boshida qing‘ir-qiyshiq «Lolazor» deb yozib qo‘yilganiga ko‘zim tushgandi. Bu qaysidir topqir bolakayning ijodi edi… Har qalay, ko‘chalarning nomi ham xalq hayotiga, iqlimiga, orzulariga yaqin bo‘lsa, esh bo‘lsa… Ko‘chalardan rayhon va lolazor epkini kelib tursa…
Inson maza topgan bulog‘idan qayta-qayta suv ichishga keladi. Biz Rasputinning «Yong‘in»i, N. Dumbadzening «Abadiyat qonuni»ni, Chingiz Aytmatovning «Qiyomat»i, A. Ribakovning «Arbat bolalari», A. Pristavkinning «Oltin bulutlar»ini umumiy ma’naviy xazinamiz, bebaho mulkimiz deb bilamiz.
Boqcha bolasidan so‘rasangiz, «Kenja botir»ni emas, Pushkinning «Oltin xo‘roz»iniyu «Bo‘g‘irsoq»ni sharillatib aytib beradi. G‘irotni bilmaydi, Karlsonni biladi, Vinnipuxni biladi…
O‘zbek bolasining tili «Qo‘g‘irchog‘im Natasha» deb chiqyapti. Qishloqqa borsam, jiyanlarim so‘rashadi: «Nega multfilmlar o‘zbekcha gapirmaydi?»
Iqror bo‘lish kerak, o‘zbek maktablarida til va adabiyotni o‘qitish qanchalar nochor! Boqchalarda esa bolalar o‘z tillarida deyarli she’r, topishmoq bilmaydilar. Ularga o‘zbek bolalar o‘yin-qo‘shiqlari, topishmoqlar, aytishuvlar, mehnat, marosim, fasl qo‘shiqlarini o‘rganish — bolalik damlarining eng yorqin, go‘zal lahzalarini baxsh etadi.
G‘afur G‘ulom, Mirtemir, Shayx og‘a kabi so‘z zargarlari tojik, qozoq, qirg‘iz, tatar, ozarboyjon, turkman shoirlari bilan tarjimonsiz so‘zlashganlar. Qarindosh tillar uchun ham bugun biz lug‘at izlashga tushamiz… Yiroqlashib ketyapmiz o‘zakdosh tillarimizdan. Bu og‘ir yo‘qotish. Koshkiydi o‘zbekcha-ruscha, o‘zbekcha-tojikcha, o‘zbekcha-qozoqcha va hokazo qisqacha so‘zlashuv lug‘atlari tuzilib, minglab nusxada chol etilsa… Kitob magazinlarida «SSSR xalqlari adabiyoti» tokchalari tojikcha, qozoqcha, qirg‘izcha, turkmancha kitoblar nusxalari bilan ham to‘lib tursa…
Buning uchun chinakam do‘stlik fidoyilari, haqiqiy baynalmilal ziyolilar kerak. O‘z xalqini, o‘z onasini, o‘z tilini sevmagan, qadrlamagan odam boshqa xalqning ham qadriga yetmaydi. Har bir xalqning o‘z bayramlari, sayllari, betakror udumlari, o‘z tili, to‘yu tomoshalari, turmush tarzi — ma’naviy daryolari bo‘lishi tabiiy. Goh uning beshigiga, goh bolasiga taqqan ko‘zmunchog‘i, ko‘ztumoriga, goh esa bosh qo‘yib sig‘inadigan mehrobiga eskilik sarqiti deb malomat toshlarini otish xalqning g‘ururiga tegishdir… Sochlarini mayda o‘rib, kashtali ko‘ylakda dorilfunun partasida o‘tirgan tojik qizi ham, to‘pig‘iga tushadigan uzun ko‘ylakda, boshiga shol ro‘mol o‘rab Oliy Sovet sessiya hay’atida o‘tirgan turkman ayoli ham o‘z ko‘nglining podshosi. Beshikda ulg‘aygan Navoiy yoki Beruniy chillashir bo‘lgan emas… Beshik, xalq o‘z qo‘shig‘ida kuylaganidek, insonning birinchi tillo qal’asi… Ona tilimiz esa beshik tilimizdir. Ming yillab o‘lmay, ko‘karib, dunyoni og‘izga qaratib kelgan xalq qadimda ham o‘z tug‘iga ega bo‘lganidek, bugun ham davlat tiliga ega bo‘lishi kerak. Bu xalqning hurmat-izzatini joyiga qo‘yishdan boshqa xayrli qadam emas… O‘z qadrini bilgan do‘stlarimiz esa bu qadamni qutlasalar, o‘zlarini anglagan bo‘lurdilar.
SSSR Yozuvchilarining VII s’ezdida Fyodor Abramov: «Men monumental haykaltaroshlik namunalarida milliy qiyofalarni ko‘rgim keladi: Ona Rossiya, ona Ukraina, ona Qozog‘iston, ona O‘zbekiston o‘ziga o‘xshasa… Qoshu ko‘zlari bilan, g‘amgin qiyofasi bilan, oddiy insoniy liboslari bilan ularni bir-biridan farqlab olsang, bir qarashda tanisang: ha, mana bu — ona Rossiya-ku! Ona Ukraina-ku! — desang…» degandi.
Bu — hikmat. Hikmat daraxti ildizi esa ma’rifatli dillarda o‘sadi… Ma’naviy qurg‘oqchilik, milliy ziqnalik, ruhiy yong‘inlar bu buyuk hikmat daraxtini quritadi… Hikmat chekingan yerda jaholat ildiz otadi…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 3 mart