Bismillohir rohmanir rohiym. «Qur’on» so‘zi arab tilida «Qiroat» ma’nosini anglatadi. Qur’on Islom dinining muqaddas kitobi sifatida ma’lum.
Ulamolar bu ilohiy kitobni ta’riflab: «Qur’on Ollohning mo‘jiza kalomi bo‘lib, Muhammad alayhissalomga vahiy orqali tushgan, tilovati ibodat hisoblanuvchi kitobdur», deydilar.
Mazkur ta’rifdagi «mo‘jiza» so‘zini insonlar bu kabi so‘zlarni aytishga ojiz, deb, «vahiy»ni esa Ollohning Jabroil farishta orqali o‘z Payg‘ambariga zudlik bilan xabar yetkazishi deb tushunmoq kerak.
Ishonchli islom manbalarida rivoyat qilinishicha, Muhammad aloyhissalom 40 yoshga yetganlarida, Makka shahri yaqinidagi Hiro nomli g‘orda yolg‘iz qolib, ibodat bilan mashg‘ul laytida, Jabroil farishta u kishiga birinchi bor Qur’on oyatlarini keltirgan. Odatda farishta kelib Payg‘ambar alayhissalomga oyatlarni o‘qib berar, u kishi esa yodlab olib, o‘z sheriklariga o‘qib yetkazar, ular ham o‘z navbatida shunday qilar edilar.
O‘sha davrlarda mutloq ko‘pchilik, shu jumladan Muhammad alayhissalom ham o‘qish-yozishni bilmaganliklari uchun asosiy e’tiborni yodlashga qaratishgan. Arablar esa yod olish qobiliyati nihoyatda rivoj topgan xalq sifatida qadimdan mashhur. O‘sha paytda oz sonli kishilargina o‘qish-yozishni bilganlar. Savodlilar ichidagi musulmon odamlar Payg‘ambar alayhissalom ko‘rsatmalariga binoan yozish imkoni bo‘lgan narsalarga Qur’on oyatlarini nihoyatda aniqlik bilan yozib borganlar. Bu ish shu tariqa 23 yil davom etgan. Oyatlar odamlarning savollariga javob vazifasini ham o‘tagan, yuz bergan hodisalarga sharh ham bitishgan. Biror hukmning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani bayon qilina borgan. Qur’oni majid oyatlari ko‘kdan tushgan, yodlangan, yozilgan; bir paytning o‘zida amal ham qilingan. Payg‘ambar alayhissalom vafot etganlarida sahobalar, u kishining ko‘p safdoshlari Qur’oni karimni to‘liq yod bilganlar.
Xalifa Abu Bakr Siddiq davrida murtad (dindan qaytgan)larga qarshi g‘azavotlarda ko‘plab qoriy sahobalarning shahid bo‘layotganini ko‘rib, hazrati Umar Ibn Xattob xalifaga Qur’oni karimni yozma ravishda jamlab qo‘yishni taklif etdi. Ushbu taklif asosida xalifa Abu Bakr buyrug‘i bilan eng zehnli, yosh hamda Payg‘ambar alayhissalom oxirgi marta Qur’onni avvalidan oxirigacha tilovat qilganlarida hozir bo‘lgan sahobiy Zayd ibn Sobit va hazrati Umar, o‘zlari nihoyatda puxta yod bilishlariga qaramay, Payg‘ambar huzurida kim oyatlarni yozib olgan bo‘lsa, o‘sha yozuvlarni ishonchli guvohlar bilan keltirishni so‘radilar. Nihoyatda aniqlik va ziyraklik bilan ilmiy ish olib borildi, barcha oyatlar kiyik terisidan qilingan sahifalarga yozib jamlandi.
Mazkur sahifalar xalifaning uyiga qo‘yildi.
Uchinchi xalifa Usmon ibn Affon davrlarida arab bo‘lmagan ko‘plab o‘lkalarda islom keng tarqaldi. Turli xalqlar musulmonlikii qabul qildilar. Tabiiyki, ular islom ta’limotlarini, eng avvalo Qur’oni majidni o‘rganishga kirishdilar. Shu jarayonda kishmlar o‘rtasida Qur’on o‘qish borasida ixtiloflar tug‘ildi. Sahobalardan Xuzayfa Ibn Yamon birinchi bo‘lib bu xavfni anglab yetdilar va xalifa Usmonga buning oldini olishni maslahat berdilar.
Yana Zayd ibn Sobit rahbarligida guruh tuzildi va unga Abu Bakr zamonida jamlangan sahifalardan bir necha nusxa ko‘chirish topshirildi. Guruh a’zolari bu mas’uliyatli ishni muvaffaqiyat ila ado etib, olti nusxani kiyik terisiga yozib, kitob shakliga keltirdilar. Xalifa hazrati Usmon o‘zlariga bir nusxa olib, qolgan nusxalarni bitta-bitta mashhur qoriylar bilan turli viloyatlarga yubordilar va barchaga faqat mazkur nusxalardan ko‘chirish hamda qoriylardan ta’lim olish haqida farmon berdilar.
Ko‘plab rivoyatlarning birida aytilishicha, Qur’oni karimni Amir Temur Ko‘ragoniy Shomdan Samarqandga keltirgan. Turkiston rus askarlari tomonidan bosib olingach, Qur’on Peterburgga olib ketilgan. Oktyabr inqilobidan so‘ng V. I. Lenin musulmonlarga ularning muqaddas kitobini qaytarib berilishiga qaror qilgan.
Qur’on poyezd vagonida kuchaytirilgan qo‘riqchilar nazoratida Ufaga, keyin Toshkentga keltirilgan. Bir necha vaqt u bizning diniy boshqarmamizda saqlandi, keyinchalik O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga topshirib yuborildi.
O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari IV Qurultoyida Diniy nazorat ixtiyoriga qayta topshirilgan Qur’on nusxasi, xalifa Usmon roziyallohu anhu buyrug‘i bilan yozilgan o‘sha nusxalarning biridir.
Bugungi kunda chop etilayotgan ko‘p sonli Qur’onlar ham ushbu nusxalarga mos bo‘lishi shart, shu sababdan har bir nusxaga «Ushbu Qur’on xalifa Usmon nusxasiga mosdur», degan jumla yozib qo‘yiladi.
Shu tariqa bu muqaddas kitob biror harfi o‘zgarmay avloddan-avlodga omon yetib kelmoqda.
Odatda biror kitobni qo‘lga olib, nomini o‘qish bilanoq o‘quvchida uning ichida nimalar haqida so‘z borishi to‘g‘risida fikr shakllanadi. Kitoblar boblarga, qismlarga bo‘lingan bo‘lib, har bob yoki qism sarlavhasidagi ma’no uning ichida kengaytiriladi.
Qur’oni karimda esa aksinchadir, turli mavzular aralash kelgan, axloq-odob haqidagi oyatdan so‘ng jannatu do‘zax to‘g‘risida so‘z yuritiladi yoki nikohga oid oyatlardan so‘ng iqtisod haqidagi oyatlarga duch kelasiz. Shuningdek, unda o‘tgan ummatlar haqidagi qissalar, tarix, jo‘g‘rofiya, ilmi falak, ilmi tabiat yoki boshqa ilmlarga tegishli oyatlar ham uchraydi va hokazo.
Bunday hol o‘quvchida: «Qur’on o‘zi qanday kitob?» degan savol tug‘diradi, albatta. Javob shulki, Qur’oni sharif — hidoyat kitobi, ya’ni insonlarni lutf bilan to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi kitob. Undagi tarix, tibbiyot, kimyo kabi boshqa ilmu fanlar haqidagi oyatlar ham inson aqliga xitob bo‘lib, uni hidoyatga chorlash uchun xizmat qiladi.
O‘quvchi Qur’oni majid suralaridan birini o‘qiyotib, bir oyatning ma’nosini tushungandan so‘ng, bu haqda oxirgi hukmni chiqarishga shoshilmasligi kerak. Chunki xuddi shu mavzudagi boshqa bir oyat yoki oyatlar o‘zga suralarda ham bo‘lishi va siz o‘qigan oyatga qo‘shimcha aniqlik kiritishi mumkin. Shuning uchun bir mavzudagi hamma oyatlarni to‘plab, solishtirib so‘ngra xulosaga kelish kerak. 23 yil davomida nozil bo‘lgan Qur’oni karimni bir o‘qishda to‘la tushunib yetish mushkul ish.
XIV asrdan ko‘proq vaqtdan buyon Qur’oni sharif ko‘pchilik e’tiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda. U haqda son-sanoqsiz kitoblar yozilgan, ko‘plab tafsirlar bitilgan. Islom, arab olamidagi har bir soha Qur’onga bog‘lanmay iloji yo‘q.
Hatto nahv, sarf kabi til qoidalari sohasidagi ilmlar ham Qur’oni majid atrofida vujudga kelgan va rivojlantirilgan.
Shuningdek tarix, jo‘g‘rofiya, adabiyot, falsafa kabi ilmlar ham Qur’on bilan chambarchas bog‘liq.
Ustiga ustak diyorimizning ulkan madaniy merosi ham talay jihatlari bilan mana shu kitobga bog‘liqdir. Bobokalonlarimiz Ibn Sino, Forobiy, Beruniy, al-Xorazmiy va boshqalarning bizga qoldirib ketgan ulkan ilmiy meroslarida Qur’oni karim oyatlaridan, unga bog‘liq ilmlardan keng miqyosda foydalanilgan. Qur’onni tushunish — ularni yaxshiroq anglashga yordam beradi, Shoirlarimiz Xoja Ahmad Yassaviydan Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mashrab, So‘fi Olloyorgacha, bu yog‘i inqilobgacha va hatto inqilob davrida o‘tgan ko‘plab qalam ahllari ijodida Qur’onning katta ta’siri bor. Ularning barchasi o‘z zamonasining ilg‘or farzandi bo‘lganlar. Tabiiyki, ular Qur’ondan va boshqa diniy ilmlardan yaxshi xabardor bo‘lganlar. Shu boisdan asarlarida bir-ikki so‘z bilan Qur’oni karim oyatlariyu qissalariga ishora qilib ketadilarkim, Qur’ondan bexabar odam uni tushunib yetishi amri mahol.
Mazkur mulohazalardan kelib chiqadigan xulosa shulkim, o‘zini madaniyatli deb bilgan har bir kishi Qur’ondan xabardor bo‘lishi kerak.
Qur’oni karim axloq-odob, insoniy tarbiya kitobi hamdir. Hozirgi ma’naviy, ruhiy tarbiyaga katta e’tibor berib turilgan bir paytda bu narsa katta ahamiyat kasb etadi. Yoshlarni ota-onaga, o‘zidan kattalarga hurmat-ehtiromli, muhtoj kishilarga mehr-shafqatli, odob-axloqli, jamiyatga foydali kishilar bo‘lish ruhida tarbiyalashda ham Qur’on muhim o‘rin tutadi.
Qur’on dunyoda eng ko‘p tarqalgan kitob hisoblanadi. Turli tillarga tarjima, sharh qilingan Qur’on bilan barcha xalqlar tanishdir.
Lekin bir vaqtlar o‘lmas asarlar yaratgan zabardast ulamolar yurti, Qur’onga tafsir yozgan Jorulloh Zamahshariy, Faxriddin Roziy, Abul Barakot Nasafiy, Abu Mansur al-Moturiydiy va boshqa ulkan mufassirlar yurti bo‘lgan bizning o‘lkamizda yashayotgan avlodlarning asosiy qismi yuz yildan oshdiki, Qur’onni o‘qib-anglashdan mahrum edi, tarjima ham, tafsir ham yo‘q edi.
To‘g‘ri, muhojirlikda yashayotgan ba’zi vatandoshlarimiz, jumladan Mullo Mahmud Taroziy bu ishga qo‘l urganlar, lekin ular o‘z voqeliklaridan kelib chiqib qilingan tarjimalardir.
Yurtimizga, kishilarimiz qalbiga hurfikrlik, erkinlik, milliy munosabatlarni yaxshilash, o‘tmish madaniy merosiga hurmat, diniy ta’limotlarga yangicha ehtiromli munosabatni olib kelgan qayta qurish va oshkoralik o‘laroq Qur’onni o‘zbek tiliga turjima qilish harakati boshlangani qutlug‘ voqeadir.
Shu munosabat bilan kishilarimiz orasida Qur’oni karim tarjimasi haqida turli bahs va fikrlar borligi tabiiydir. Mazkur fikrlar xilma-xil, munozarali bo‘lishi ham turgan gap. Odatda, bunday holatda mutaxassis ulamolar fikri hal qiluvchi o‘rinni tutadi. Shu boisdan qadimda ham bundoq fikr almashuvlar ro‘y berganini, ulamolarimizning bu masalada bergan fatvo va ko‘rsatmalarini eslatib o‘tish maqsadga muvofiqdir.
Qadimgi va hozirgi ulamolar barchasi, Qur’on oyatlari Ollohning mo‘jiza kalomi, unga o‘xshash kalomni na arab, na boshqa tilda keltirib bo‘ladi, deganlar…
Qur’oni karimni tushunish kishilarning ilmi, saviyasiga qarab turlicha bo‘ladi. Shuning uchun ham kishilarga Ollohning kalomini tushuntirishga xizmat qiluvchi «tafsir» ilmi ta’rifida ulamolarimiz: «Insonning Kalomullohni tushunish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilishi tafsirdur», deganlar. Shu boisdan tafsirlar ham turlichadir.
Mazkur fikrlarga binoan ulamolar, Qur’onni tarjima qilib bo‘lmaydi, degan hukmni aytganlar. Ya’ni, tarjima arab tilidagi Qur’on darajasida bo‘lmaydi, mo‘jizalik xususiyatini yo‘qotadi, deganlar. Shuning uchun ibodatda Qur’oni majid faqat arabcha o‘qiladi, hukm chiqarishda, Qur’onga tegishli barcha ishlarda ham xuddi shunday qilinadi.
Demak, Qur’onning o‘zini emas, balki ma’nosini tarjima qilish mumkin. Hozirgi kunda mavjud barcha tillardagi tarjimalar ham Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi deb ataladi.
Xolisona aytish kerak, ahli din qayta qurish va oshkoralik siyosatidan alohida foyda olgan toifa bo‘ladilar. Avvallari ko‘plab quvg‘inlar, siquvlarga duchor bo‘lgan bunday kishilarga endi munosabat adolat tomon o‘zgardi. Buning uchun shukrona etmak joiz.
Diniy ta’limotlardan inson manfaati uchun foydalanish, jamiyat hayotidagi salbiy ko‘rinishlarni yo‘qotishda dindorlarning faol ishtirok etishi kuchaymoqda. Qur’on ma’nolarini o‘zbek tiliga o‘girishga qaror qilingani beqiyos omil bo‘ldi.
Shubhasiz, bu ish birinchi tajriba bo‘lsa-da, xalqimiz madaniy hayotida muhim voqea bo‘lib qoladi. Chunki Qur’oni karim — ulkan muqaddas meros va xalqimiz tarixida nihoyatda muhim o‘rin tutgan mo‘tabar kitobdir.
Menimcha, bu ilmiy ish o‘zbek tili qudratiga shubha bilan qarayotgan ba’zi gumonchilarga zarba berishi, o‘z xalqimizga esa ona — o‘zbek tilining imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchlarini yanada mustahkamlashi lozim. Sho‘rolar ittifoqida son jihatidan uchinchi o‘rinda turadigan, bir necha million farzandlari chet ellarda yashayotgan o‘zbek xalqining ona tili naqadar go‘zal ekanini ham ko‘z-ko‘z qilishimiz lozim.
Tarjimonlarimiz oldida nihoyatda mashaqqatli va sharafli ish turibdi. Qur’ondek mo‘jiza kitob ma’nolari tarjimasi, albatta, oson bo‘lmaydi. Xususan uzoq davom etgan diniy savodsizlik o‘zini ko‘rsatadi. Chunki hozirgi qalam ahli, tarjimonlarimiz nafaqat arab tilidan tarjima qilish, balki diniy istilohlarni ham kam ishlatadigan bo‘lib qolishgan. Diniy ilmi borlar esa aksincha, faqat og‘zaki nutqqa e’tibor berib, yozma ishlardan chetda qolganlar. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ko‘p yillardan beri bu mavzuda hatto birorta kichikroq maqola ham chop etilmagan.
Lekin xayrli ishga doimo jonkuyarlar topiladi, diniy, ilmiy va adabiy xodimlar birlashib hamkorlikda Qur’oni karim ma’nolarini tarjima qilib, xalqimizga taqdim etishga bel bog‘ladilar.
Tajriba so‘zma-so‘z tarjima maqsadga muvofiq emasligini ko‘rsatdi. Shuning uchun izohli tarjima ixtiyor qilindi. Qur’ondagi ba’zi oyatlarning tushish sabablarini bilgandan keyingina to‘liq tushunish mumkinligini e’tiborga olib, kerak bo‘lganda mazkur sabablarni ham zikr qilib o‘tishga kelishildi. Shuningdek, ba’zi bir so‘zlar, istilohlar yetarlicha izoh talab qiladi, ba’zi jo‘g‘rofiy nomlar, avvalgi payg‘ambaru ummatlar va boshqa shunga o‘xshash narsalar borki, sharhsiz, izohsiz tushunish qiyin. Izohli tarjima qilishga sabab shu.
O‘zbekiston Jumhuriyati Yozuvchilari uyushmasining hay’ati Qur’onni o‘zbek tiliga o‘girishga qaror qilgani, uyushmaning tarjima markazi mazkur tarjima haqida ma’qullovchi fikr bildirgani, ko‘p yillardan buyon xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutib kelayotgan «Sharq yulduzi» jurnali tahrir hay’ati bu ishga tashabbuskor bo‘lgani hammamizni xursand qildi.
Ayrim birodarlarimizdan, Qur’on tarjimasi chop etilsa qanday bo‘larkin, axir bu — muqaddas kitob, jurnal sahifalari yerga tushib, oyoqosti bo‘lishi mumkin, degan fikrlarni eshitdik. Bu andishaga shunday javob qilish joiz. Birinchidan, Qur’on «Sharq yulduzi»da sanoqli sahifalarda shu tarzda bosiladiki, ularni ajratib olib kitob holiga keltirsa bo‘ladi. Ikkinchidan, insonni ezgulikka undovchi har qanday kalom yozilgan qog‘oz oyoqosti qilinsa, buning uchun jurnal, gazeta yoki kitob aybdor emas, ularni oyoqosti qilgan odamlar gunohkordir. Binobarin, biz — birodarlar, avvalo o‘zimiz, xesh-aqrabolarimiz bunday xatoliklardan xoli bo‘lishimiz, qolaversa, farzandlarimizni, yoshlarni shunga da’vat etishimiz ayni muddao bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Avval ta’kidlaganimizdek, mazkur tarjima Qur’on ma’nolarini zamonaviy o‘zbek tiliga o‘girishda ilk tajriba. Uning o‘ziga yarasha fazilat va kamchiliklari bo‘lishi mumkin (tarjima bizning nazoratimiz ostida chop etilmoqda). Harqalay bu xayrli ish madaniy hayotimizda katta voqea deb o‘ylaymiz va bu bilan jurnalxonlarni muborakbod etamiz.
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,
O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy Boshqarmasining raisi, muftiy
“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 3-son