Orol o‘layotir. Bunga kim sababchi? Turg‘unlik davri sababchi, o‘zimiz sababchimiz. Bir necha amaldorlarimiz o‘zlarining yumshoq kursilarini o‘ylab Orolga xiyonat qildilar. Ya’ni, ko‘rpaga qarab oyoq uzatmadilar; ostonagacha paxta ektirdilar. Paxta — elning rizq-ro‘zi. Me’yor qonuni — ulug‘ qonun. Me’yor buzilib, Orolga Sirdaryo bilan Amudaryo oqmay qo‘ydi. Sho‘rlik dengiz ona ko‘kragidan ajralgan go‘dakdek halokatga yo‘liqdi. Qoraqalpoq, Xorazm vohalarini sho‘r, qum bosmoqda, bu xavf butun O‘rta Osiyoga tahdid solmoqda. Boylik ortidan quvish va ertani o‘ylamaslik oqibati shunga olib keldi. Mana endi, el-yurt qanchadan-qancha zarar ko‘rayapti, bundan keyin ham ko‘radi.
Er, Suv, Havo ishdan chiqayotir. Bunga kim sababchi? Yana turg‘unlik davri sababchi, o‘zimiz sababchimiz. Bir to‘da odam o‘z shon-shuhratini ko‘zladi, «Yangi yerlar ochamiz!» shiori ostida ish tutdi. Ya’ni, o‘rmon, to‘qay, chakalakzorlarni qirqtirdi, qush, hashorat, hayvonlarni qirdirdi. Hammayoq yalang‘och bo‘lib qoldi. Dunyoda o‘rmonsiz yurt bormi? Rus, ukrain, kavkaz, boltiqbo‘yi o‘rmonlari cheksiz-chegarasiz. Ularni ko‘rib kishi hayratlanadi, quvonadi, rohatlanadi. Nega biz o‘zbeklar ularga ergashmadik? Shuning uchun ham tabiatning muvozanati buzildi. Bu o‘z navbatida me’yor qonunini buzdi. Yangi yerlarga ariq, soy, daryo suvlari yetmay qoldi. Ming-minglab nasoslar yer osti suvlarini so‘rib ola boshladi. Yer, Suv, Havo, Odam, xullas, jami mavjudot butifos kabi kimyoviy dorilar bilan zaharlandi. «Hoy, buning oqibati yomon bo‘ladi», degan kishi baloga qoldi, «paxta dushmani» degan so‘zlar bilan qoralandi. Natijada el-yurt orasida bunday gap tarqadi: «Paxta odamdan aziz».
Bolalarni dalada ishlatish — jinoyat. Buning oldini tez olmoq kerak. Aks holda bu xalqqa, davlatga katta zarar keltiradi. Agar paxta ekini faqat O‘zbekistonda emas, hosil yetishtirish mumkin bo‘lgan boshqa respublikalarda ham ekilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Masalan, Armaniston bilan Janubiy Ukrainaga paxta ekish mumkin-ku. Shunda davlat uchun ham yaxshi bo‘lardi. O‘zbekiston esa beda, bug‘doy, makka kabi boshqa ekinlar hisobiga yerni biroz sog‘aytirib olardi, daryolarini dengizga oqizardi.
Yana, Kubanga mo‘l-ko‘l paxta eksa bo‘ladi. Kuban paxtasi Ivanovo to‘qimachilik kombinatini ta’minlardi, bu ish davlatga ham foyda keltirardi. Zarafshon, Farg‘ona, Surxon, Xorazm, Jizzax vohalarida esa Ivanovodagiga o‘xshash to‘qimachilik kombinatlari ochmoq zarur. Umuman, RSFSRdan o‘rnak olgan holda har bir viloyatda zavod-fabrikalar ochilsa, milliy ishchilar sinfi shakllanishi tezlashardi. Ittifoqning har yog‘idan kelayotgan o‘rtoqlar shaharlarda emas, paxta dalalarida ter to‘ksalar, el-yurtga ko‘proq foyda berardilar, bu esa, student va maktab bolalarini mehnatdan ozod etishda ham qo‘l kelardi. Pillachilikdagi og‘irlikni… ham RSFSR, Ukraina, Kavkaz, Moldaviya kabi o‘lkalar hisobiga yengillatmoq kerak. Bundan xalq, davlat faqat foyda ko‘radi…
Har bir xalqning o‘ziga xos urf-odati bor. Biroq endi bu urf-odatlar asta-sekin yo‘qolayotir, to‘g‘rirog‘i, bitta shaklga kirayotir. Til, tarix, ust-bosh, fe’l-atvor, madaniyat, san’at ham shu taqdirga yo‘liqayotir.
Bunga kim sababchi? Bunga ham turg‘unlik yillari sababchi, o‘zimiz sababchimiz. Go‘yoki oq, qizil, sariq… xullas, jami gullar o‘rniga faqat bir gul bo‘lishini istayotirmiz. Aslida, chinakam guldasta turli gullardan hosil bo‘lishini unutmasligimiz kerak. Turli gullar o‘ziga xos tarzda o‘sib rivojlanadi, hech qachon ular bir gulga aylanmaydi, zero, bu tabiatning o‘lmas, o‘zgarmas qonuni, zotan uning go‘zalligi, kuchi, siri ham shunda. O‘zbek o‘zbekcha, rus ruscha, eston estoncha, xullas, har bir xalq o‘ziga xos urf-odatini saqlab yashagani ma’qul, shunda dunyo o‘z rangini, o‘z fayzini, o‘z ma’nosini yo‘qotmaydi. Bu haqda rus faylasufi Belinskiy yaxshi fikrlar aytgan:
«Har bir xalq o‘ziga xos tarzda yashasagina, jami xalqlar xazinasiga o‘z ulushini qo‘sha oladi».
«Urf-odatlar xalqning qiyofasidir, ularsiz xalq — qiyofasiz obraz, behuda va amalga oshmaydigan xayoldir».
Partiya va hukumatimiz «halol bo‘l», «tinch-totuv yasha», «to‘g‘ri ishla», deb nasihat etadilar.
Lenin aytgan: «Hech qanday millatga, hech qanday tilga bironta ham imtiyoz berilmasligi kerak» (V. I. Lenin, TAT 19 t. 77-79-bet).
Biroq stalinizm davrida va undan keyingi turg‘unlik yillarida bu ulug‘ nazariya oyoq osti qilindi, Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jayev, Abdulla Qodiriy kabi iste’dodlar shu davrning qurboni bo‘ldilar. Marksizm-leninizmni tushunmaydigan, adabiyotdan «adab» so‘zini bilmaydigan bir to‘da nodon odam partiyani qurol qilib, partiyaning sha’niga dog‘ tushirdi.
Ba’zi birovlar gurjularning «Tavba-tazarru» kinofilmidagi Varlamdek o‘ttizinchi-elliginchi yillarda rosa «ish ko‘rsatganlar». Shundoq ekan, saksoninchi yillar varlamlaridan ham ehtiyot bo‘lmoq zarur. Saksoninchi yillar varlamlari… Nahot, saksoninchi yillarning ham varlamlari bo‘lsa?! Bor. Mana «Tavba-tazarru»ning rejissyori Tengiz Abuladzening gapi:
«Bunday (Varlamday) qahramonlarni istagan davrda, istagan mamlakatda topish mumkin… Ular odamiylik niqobini qalqon qilib zimdan ish ko‘radilar, o‘z manfaatlari yo‘lida har qandai razillikdan toymaydilar» («Sharq yulduzi», 1987 y. 7 son, 172-bet).
Stalin davridagi varlamlarni eslaylik: ular qancha-qancha kishilarning yostiqlarini quritmadilar?! Uzoqqa bormay, o‘zimizdan misol keltiraylik: qani Fitratu Cho‘lponlar?! Endi oradan ko‘p yillar o‘tgan bir zamonda, o‘sha mash’um yillarning xatolari tuzatilmoqda. Nega o‘shanda buning oldi olinmadi, varlamlar yanchib tashlanmadi?! Qo‘rqoqlik, soddalik, go‘llik, ishonuvchilik pand berdi. Varlamlar shundan foydalandilar, elparvar, yurtparvar odamlarga «xalq dushmani», «yurt dushmani» deb ayb qildilar. Ha, el-yurt uchun jonini kuydirib xizmat qilgan kishi «el-yurt dushmani» deb ataldi!
Modomiki, shu haqda gap ochildimi, tabiiy ravishda shunday savol tug‘iladi: bosh millatchi kim edi o‘shanda? Shubhasiz, Stalin! Qorachoy, bolqar, chechen, ingush, no‘g‘ay, qrimtatar va turklarni kim badarg‘a qildi? Stalin!.. Nahot butun-butun xalqlar aybdor bo‘lsalar?! Buning ildiziga yetmoq kerak. Bunda Stalin o‘zining makkor millatchiligini sezdirib qo‘ygan. Xuddi shu Stalin Qutayba misol, xalqlar o‘z tarixini bilmasin, degan yovuz niyatda alfavitlarni o‘zgartirdi…
N. S. Xrushchev davriga kelib erkinlikka qisman yo‘l ochildi, jumladan, adabiyotga ham… Madh, qofiyabozlik, ritorika… xullas, aravani quruq olib qochish zamonlari nisbatan changda qoldi. Rus xalqi birinchi bo‘lib ibratli ishlar qila boshladi. Bu haqda Chingiz Aytmatovning gapi bor:
«Rus yozuvchilari, adabiyotshunoslari kattakatta ishlarni amalga oshirayaptilar. Kimningdir sub’ektiv fikri tufayli tarix qatida anchadan buyon qolib ketgan bir qator ijodkorlarning, jumladan Gumilev, Xlebnikov va boshqalarning nomi tiklandi, asarlari chop etildi.
Deylik, Bunin. Uning yozganlari orasida Ulug‘ Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasini qoralovchi «La’nati kunlar» asari ham bor edi. Agar rus birodarlarimiz bu adibga nisbatan hanuzgacha kek saqlayverishganda edi, biz Bunindek ulkan yozuvchining birorta ham asarini o‘qiy olmagan bo‘lardik» («Sharq yulduzi», 1987 yil, 7 son, 10-bet).
Haq gap. Kek saqlansa, faqat yutqiziladi. Bu borada ruslardan bag‘ri kenglikni o‘rganish lozim. Boris Pasternak, Aleksandr Nabokov, Xodosevich, Anna Ahmatova, Marina Svetayeva, Mixail Bulgakov kabi atoqli adiblar qancha-qancha jabr-zulm ko‘rdilar. Oxiri haqiqat qaror topdi. Xalq ularning asarlarini sevib o‘qimoqda. Ichi kovak, g‘arazgo‘y, talantdan «t» harfi yo‘q varlamlar esa nom-nishonsiz yo‘qoldilar.
Endi ko‘zni katta ochib ishlamoq, saksoninchi yillar varlamlaridan ehtiyot bo‘lmoq kerak. Varlamlar… Ular — inson qiyofasidagi maxluqlar…
Til — millatning joni, deymiz, tilini yo‘qotgan millat o‘zini ham yo‘qotadi. Til haqida E. Yusupov o‘rinli fikr yuritgan:
«Tilni qadrlash — millatni qadrlash demakdir. Millatlar o‘rtasidagi munosabatlarga ham taalluqlidir» («Toshkent oqshomi», 1987 yil, 5 noyabr).
Shu nuqtai nazardan qaralsa, hatto hozirgi kunda ham Ona tilga e’tibor yetarlicha emasdek tuyuladi. Har bir o‘zbek farzandi o‘z millatini, o‘z tilini sevishni, ulug‘lashni ruslardan o‘rganishi kerak. «Tilga e’tibor — elga e’tibor», degan maqol bor. Kim o‘z Ona tilini qancha sevsa, elini qam shuncha sevadi. Millat soni bilan emas, sifati bilan belgilanadi. «Millatning muhim boyligi — millatning ma’naviy qiyofasidir», deb N. G. Chernishevskiy bejiz aytmagan. Turkiy tillarning bir tarmog‘i bo‘lmish — o‘zbek tili — boy, go‘zal, butun ranglarga to‘la tildir. Biroq, Ona tilimizga e’tiborsiz qaramoqdamiz. Maktablarda «O‘zbek tili» kam o‘tilayotir. To‘qqizinchi, o‘ninchi sinflarda esa «Ona tili» o‘qitilmayapti. Institutlarda-ku «O‘zbek tili» darsini faqat orzu qilmoq mumkin. Shu sababli ham mutaxassislar, olimlar o‘z tillarida yozish-o‘qishni unutib qo‘ymoqdalar. Kandidatlik, doktorlik ishlari ham rus tilida yozilayotir va bularning taqdiri Moskvada hal bo‘layotir. Kinostsenariylar ham shundoq. Hatto O‘zbekiston SSR Agrosanoat Davlat komitetida dehqonlarga tavsiyalar rus tilida chiqarilayapti. Suvchi, haydovchi, terimchi, cho‘pon, o‘roqchi… xullas, oddiy qishloq xo‘jalik kishilari bunday gaplarni o‘z tillarida o‘qishlari kerak. Mabodo mutaxassis olimga: «O‘zbekcha ham yozinglar», deb aytsangiz ular: «O‘zbekchaga qo‘limiz kelmaydi», deb javob qaytarishadi.
Shunisi achinarliki, maktab programmalari deyarli qotib qolgan, ularda uzoq yillardan beri bir xillik hukm surmoqda. Bu hayot qonuniga zid, hayot qonuni hamisha rivojlanishda, aks holda uning ko‘lmakdan farqi qolmaydi. Shu sababli ham maktab programmalarini Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Al-Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy, Husrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviy, Ali Qushchi, G‘iyosiddin Jamshid, Qozizoda Rumiy, Narshaxiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Shaxobiddin an-Nasafiy, Mirxond, Xondamir, akademiklar Habib Abdullayev, Yahyo G‘ulomov singari ajdodlarimizning nomlari bilan boyitmoq kerak. Shuningdek, maktablarda tasviriy san’at, uning mag‘izi va tarixi haqida dars bermoq kerak. O‘tmishda Samarqandda, Tojmahalda, Hirotda rassomlar akademiyalari bo‘lganligi, ularda Behzod, Mahmud Muzahhib, Samarqandiy, Bog‘ishamoliy kabi o‘nlab ulug‘ rassomlar o‘lmas ishlar qilganliklarini unutmaslik zarur. Samarqandda tasviriy san’at akademiyasini qaytadan tiklasa bo‘lmasmikan?
Yana bir gap: Bartold, Bertels, Grekov, Yakubovskiy, Gumilev kabi sharqshunos olimlarning asarlarini, Al Mutannabiy, Gegel, Shelling, Kant, Feyerbax singari faylasuflarning kitoblarini o‘zbekchalashtirmoq lozim. Bu borada ham ruslardan o‘rganmoq kerak. Arxaik so‘zlarni ham ziyrak ko‘z bilan qarab chiqmoq zarur… Xulosa qilib aytganda, maktab, institut programmalari yuqorida qayd etilgandek boyitilsa, «O‘zbek tili» va «O‘zbek tili stilistikasi» quvvat bilan o‘qitilsa, mutaxassis olimlar o‘z tillarida ham yozib-o‘qiy oladilar. Qolaversa, maktablarda arab tili ham o‘qitilishi kerak. Chunki tariximiz shu tilda yozilgan. Aslida tariximiz va madaniyatimizni kengroq o‘rganmoq uchun avvalgi imlomizga qaytadigan vaqt keldi — bu marksizm-leninizmga mos ish bo‘ladi. Buning uchun olimlarimiz, yozuvchilarimiz, xullas butun xalqimiz jon kuydirishi kerak…
Qutayba birinchi galda turkiy yozuvni yo‘qotdi. Turk o‘z tarixini o‘qiy olmay qoldi. Sababi, endi turk arab yozuvida o‘qimoqda edi.
Stalin esa, arab imlosini ham o‘zgartirdi. Natijada, endi arab bosqinidan keyingi tariximizni ham o‘qiy olmay qoldik.
Dunyoda «toza til» yo‘q, tillarning bir-biriga ta’siri bor. Biroq, baribir har kishi o‘z tilining tozaligi uchun qayg‘urib kurashmog‘i kerak. Ushbu satrlar muallifi o‘zbek, turkman, ozarboyjon kabi turkiy qavmlarning otlari asosan arabcha va qisman forscha ekanligini hisobga olib Uyg‘on, Qo‘zg‘ol, Kuntug‘di, Oyto‘ldi, Chekilma, Birlash, Qo‘rqmas, Turon, Jayxun, Sayxun, Yiqit, Sevil, O‘zar, Tikla, Qutlug‘, Erk, Yonar, Yorit, Evril, Olish, Qirqar, Titrat, Yarat, O‘zgarmish, Kurash, Yoqar, Yetkaz, Tingla, O‘rgan, Qaytma, Yetuk, Chekinma, Yetakchi, Alanga, Oqla, So‘nma, Kuchayt, Yechar, Ayar, Oqoy, Kuchli, Keskir, Yoyil, Elchi, Tutash, Tiniq, Yengar kabi o‘n mingga yaqin turkiy otlarni to‘pladi va uni kitobcha shaklida el-yurtga yoyish niyatidadir.
Har bir millat kishisi o‘z tilining tozaligi uchun kurashmog‘i zarur va bu hech ham millatchilikka kirmaydi. Kim aksincha o‘ylasa, demak uning nodon odamdan farqi qolmaydi, demak uning o‘zi millatchidir. Har bir kishi o‘z tilini qon-qoni, jon-joni bilan sevsa, shundagina u o‘zligini teran anglagan bo‘ladi. Biroq, qadam sust.
Milliy tuyg‘u — dunyoda eng nozik tuyg‘udir. Unga tiniq ko‘ngil bilan yondoshilmasa, xalqlar o‘rtasidagi me’yor qonuni buziladi. Shubhasiz, O‘zbekistonda o‘zbeklar ko‘p yashaydilar va shuning uchun ham bu yurtning nomi O‘zbekiston. Demak, haqli ravishda, hamma sohada kitoblar o‘zbek tilida ham chiqishi va ishlar ham o‘zbek tilida olib borilishi kerak. Ko‘cha, magazin, ish joyi, xullas, hamma-hamma yerda yozuvlar o‘zbek, rus tillarida yozib qo‘yilishi lozim. Bu millatchilikka kirmaydi! O‘zbek o‘z millatini, o‘z tilini, o‘z yurtini boshqalardek sevolsagina olamshumul ishlarni qilishga ko‘proq qodir bo‘la oladi. Boshqa xalqqa oshiqcha suyangan xalqning mustaqil fikr yuritishi qiyin. Lenincha milliy siyosat bunga qarshi va shuning uchun ham xalqlar o‘rtasida teng huquqlilik mavjud.
O‘zbeklar rus tilini biladilar, biroq nega O‘zbekistonda yashovchi rus va boshqa millatlar o‘zbek tilini deyarli bilmaydilar? Mamlakatning Yevropa qismidan kelgan, kelayotgan kadrlar balki juda ishchan, qobiliyatli kadrlardir, biroq ular o‘zbek tilini, o‘zbekning o‘ziga xos urf-odatlarini bilarmikanlar? Bu o‘rinda olim Erkin Yusupovning: «Yangi rahbar kadrlar mahalliy sharoitlar, imkoniyatlarini yaxshi bilib, xalqning urf-odatlari, madaniyati, tilini hurmat qilgan taqdirdagina muvaffaqiyatli ish olib borishlari mumkin», degan fikrga to‘la qo‘shilmoq kerak. Qolaversa, yetmish yil ichida mahalliy o‘zbek, rus, tatar kabi millatlardan ham munosib kadrlar yetishib chiqdilar. Zero, ular bir-birlarining tillarini ham yaxshi biladilar. Til o‘rganish faqat foyda beradi. Mana yunon faylasufi Pifagor (Er.old. 580-500 y.y.) bilan niderland yozuvchisi Erazm Rotterdamskiyning (1469—1536 y.) fikrlari:
«Qaysi xalqning urf-odatini bilay desang, avvalo uning tilini o‘rgan».
«Til — do‘stlik, hamjihatlik vositasi».
Karl Marks: «Har qanday millat boshqa millatlardan o‘rganadi va o‘rganishi ham kerak», degan. Demak, o‘zbek xalqidan o‘rganish uchun uning tilini bilmoq lozim.
Marks bilan Engels: «Til — ong kabi qadimiydir», deb aytishgan. Har bir millatning tili zamonlar osha o‘z go‘zalligiga go‘zallik, o‘z kuchiga kuch, o‘z boyligiga boylik qo‘shib boradi va doim shundoq rivojlanishda bo‘ladi. Rivojlanish esa materiya kabi cheksizdir. Biroq qaysi til o‘zini «Ulug‘», «qudratli» deb maqtab, o‘zga tilni «qashshoq», «dag‘al» deb kamsitsa, shubhasiz, u nafrat va qarg‘ishga yo‘liqadi! Shuning uchun ham nemis dramaturgi, teatr arbobi G. Laube (1806—1884): «Xalqning tiliga hujum, uning yuragiga hujumdir», deb aytgan.
Shubhasiz, el-yurtni sevish kerak, bunday tuyg‘udan mahrum kishining mahluqdan farqi bo‘lmaydi, biroq el-yurtni sevish tuyg‘usi samimiy bo‘lishi kerak. Kim o‘z Vatanini, o‘z xalqini, o‘z tilini, o‘z urf-odatini sevmasa, u boshqa millatni sevolmaydi. Bayronning mana bu gapi fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi:
«Kim o‘z yurtini sevmasa, u hech narsani sevolmaydi».
Juda to‘g‘ri gap. O‘zini sevmay, o‘zgani sevish mumkin emas. Biroq o‘zini sevish, o‘zgani yerga urish hisobiga bo‘lsa, bunday sevgi soxtadir.
Bu Marks, Engels, Lenin ta’limoti asosida kelib chiqqan mushohadadir. Biroq, masalan, «Osvobojdeniye Yevropi» kinofilmi shu ta’limotga javob bera oladimi? Kinofilmning oti, mazmuni yaxshi. Lekin unda baynalminallik ruhi yetinqiramaydi. Filmda o‘zbek, turkman, qirg‘iz, eston, ozar, qozoq, abxaz… kabi millatlarning o‘g‘lonlari haqida hatto bir og‘iz ham gap yo‘q… Aslida, SSSR xalq va elatlarining birligi bosqinchilarni yengdi. Buni unutish — markscha-lenincha baynalminallikdan uzoqlashish demakdir.
Tag‘in shuni aytmoq joizki, Moskva, Leningrad, Kursk kabi shaharlar haqli ravishda qahramon shaharlardir. Biroq urush uchun moddiy negiz vazifasini o‘tagan O‘rta Osiyoning loaqal biror viloyatiga shunday nom berilsa bo‘lmaydimi? Axir, O‘rta Osiyo fuqarosi Ulug‘ Vatan urushi yillarida o‘zi och-yalang‘och qolib, topgan-tutganini jangchilarga jo‘natgan, yetim-esirlarni o‘z bag‘riga olgan edi-ku. Bu, qaysi qahramonlikdan qolishadi?
Quyosh, Suv, Havo, Yersiz hayot yo‘q. Tarixsiz yurt, millat, til yo‘q. Tarix xalqning o‘zligini tanitguvchi va uni botirlikka, to‘g‘rilikka, vatanparvarlikka undovchi ulug‘ kuchdir. O‘zbekning tarixi ham qadim va boy. Biroq, maktablarda bu xazinaning milliondan bir bo‘lagi ham o‘tilmayotir. To‘qqizinchi, o‘ninchi sinflarda bo‘lsa O‘zbekiston tarixi o‘qitilmayapti. Institutlarda tarix darsini faqat orzu qilish mumkin. Hatto dorilfununning jurnalistika fakultetida bu fandan saboq berilmayotir. Qani, ayting-chi, o‘z tarixini, qolaversa, dunyo tarixini bilmay turib jurnalist bo‘lish mumkinmi?
So‘nggi yillarda «O‘zbekiston SSR tarixi»ning to‘rt tomi nashr etilib, xayrli ish qilindi. Biroq ming-ming yillik tarix bir kitobga jo bo‘lganligini qandoq tushunmoq kerak? Nega o‘tmishimiz to‘g‘risida tom-tom kitoblar chiqmayapti? Tariximizni xolis yoritadigan vaqt kelib yetdi.
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 6-son