Pyotr o‘z hukmronligini boshlagan yillardanoq O‘rta Osiyoni Rusiyoga qaram qilishni o‘ylab yurardi. XVII asr boshlarida metallurgiya sanoatini rivojlantirish zarurati qistovida o‘rislar O‘rta Osiyoning ma’dan qatlamlari bilan, jumladan, XVI asrdayoq ovozasi chiqqan Ulug‘tovning boy konlari taqdiri bilan astoydil qiziqdilar. O‘rta Osiyoda to‘lib-toshib yotgan oltin sochmalari haqidagi ma’lumotlarga hukumat alohida e’tibor berar va shu tufayli Pyotrning shaxsan o‘zi o‘zbek xonliklari hududiga suqilib kirish rejasini ishlab chiqqan edi. U harbiy otryadlarni xonlarning «roziligini olib, ularning hokimiyatini mustahkamlash va dushmanlardan himoya qilish» bahonasida Buxoro va Xiva davlatlariga askar kiritishni mo‘ljallardi.
Pyotr tajovuzkor siyosatni amalga oshirish maqsadida O‘rta Osiyoga 1714 yilda Preobrajenskiy polkining poruchigi knyaz Aleksandr Bekovich-Cherkasskiy, 1715 yilda kapitan Ivan Buxgolts rahbarligida Xivaga ikki marta qo‘shin yuboradi. Yurishlarning muvaffaqiyatsiz tugaganiga qaramay, Pyotr hukumati o‘z tahdididan voz kechmaydi. Pyotr Buxoroga elchi qilib italiyalik Florio Benevenini jo‘natarkan, unga «oltin sochmalar»ning makonini, u yerga borish yo‘llarini aniqlashni topshiradi. Beneveni tarix, jug‘rofiya, etnografiya bo‘yicha juda ko‘p qimmatli ma’lumotlar to‘pladi. Uning fikricha, bu ma’lumotlar o‘rganilsa, u yerlarda hukmron tariqasida o‘rnashib olish uchun birgina kuchli hamla kifoya ekan. Benevenining safari ham muvaffakiyatsiz tugadi; uning o‘zi Buxoro amiridan zo‘rg‘a qochib qutulgach, Pyotr o‘limidan keyin, 1725 yilda Rusiyoga kaytdi.
Chor hokimiyati Pyotr siyosatini davom ettirarkan, o‘rus-turk munosabatlariga diqqatini qaratdi. Tashqi siyosat Qora dengiz sohillarini bosib olish maqsadi asosida qurildi. O‘zbek xonliklari bilan munosabatda esa dastlab harbiy kuch ishlatmasdan, Kozog‘iston orqali doimiy savdo muomalalarini o‘rnatish yo‘lidan borishdi.
XVIII asr boshlarida har uchala Juzning qozoqlari qalmiq (jungar)larning doimiy bosqinlari ostida qolgandi. 1723 yilga kelib og‘ir ocharchilikni boshdan kechirgach, ojizlanib qolgan qozoqlar endi o‘z mustaqilliklarini saqlab qola olmasdi. Oqibatda, Katta Juz jungarlarga siyosiy qaram bo‘lib qoldi. O‘rta Juz Buxoroga ko‘chib borib, Buxoro xonligiga, Kichik Juzning bir qismi esa Xiva xonligiga bo‘ysundi. Qalmiqlar xataridan saqlanish va o‘z hokimiyatini mustahkamlash ilinji katta Juz hamda kichik Juzning xoni Abulxayrxonni chor hokimiyati bilan yaqinlashuvga undardi. Abulxayrxon 1730 yilda Juzni o‘rus fuqaroligiga qabul qilishlarini so‘rab Ufaga elchi yuboradi. Rusiyo hukumati O‘rta Osiyoga hujum qilish uchun ishonchli istehkomga ega bo‘lish hamda o‘z mustaqilligi yo‘lida kurashayotgan boshqirdlarning qozoqlar bilan ittifoq tuzishining oldini olish maqsadida xonning iltimosini kechiktirmay qondiradi. Ko‘pchilik qozoq oqsoqollarining qarshiligiga qaramay, 1730 yilda Kichik Juz bilan birga Semekxon boshchiligida O‘rta Juzning bir qismi ham Rusiyo imperiyasi qo‘l ostiga o‘tdilar[1]. Qozoqlarning fuqarolikka o‘tishi chor hukumatining O‘rta Osiyoga bundan keyin yurish qilishiga bir qancha imkoniyatlar yaratib berdi. Pyotr iborasi bilan aytganda, Sharq aloqasini yuritishda Kozog‘iston kalit, darvoza rolini o‘ynadi. Rusiyo Qozog‘iston yerlarida harbiy istehkomlar qurishda mablag‘ni ayamay sarfladi. 1734 yilda O‘renburg guberniyasining kotibi I. Kirillovning zimmasiga qal’alar qurish, avval Buxoroga, keyinchalik Hindistonga savdo karvoni olib borish bahonasida atrof-tevarakning, yo‘llarning tarhini chizish, ruda va oltin qidirishni yo‘lga qo‘yish kabi qator vazifalar yuklangan edi. 1742 yilda kurilgan O‘renburg o‘zbek xonliklariga suqilib kirish yo‘lida ham harbiy, ham iqtisodiy istehkom bo‘lib xizmat qildi.
1738 yil avgustida V. I. Taxtishchev (o‘ris tarixchisi) poruchik Miller boshchiligidagi karvon tarkibida Toshkent shahri tomon yo‘lga chiqadi. Unga Buxoroning bir qancha shaharlaridagi, Toshkentdagi siyosiy ahvol to‘g‘risida va yana boshqa xil ma’lumotlar to‘plash topshirilgandi. Bu karvonning ham omadi chopmadi, uni Urta Juz qozoqlari tor-mor kildilar.
Ekaterina ikkinchi hukumati XVIII asr 70-yillarining oxirlarida o‘rislar uchun har tomonlama foydali bo‘lgan O‘rta Osiyo bilan savdo-sotiq masalalariga katta e’tibor bera boshladi va XIX asrning birinchi choragidayoq o‘zbek bozorlarida o‘rislar mustahkam mavqega ega bo‘lib oldi. (Chunonchi, amir Shohmurod Ernazar otaliqni Peterburgga elchi qilib jo‘natadi. Buning sharafiga Yekaterina Ernazar elchi madrasasi qurilishiga 134000 ming so‘m ajratgan. Mixail Frunze istilosidan so‘ng ushbu ulug‘ madrasa ham yer bilan yakson qilingan edi.) Ovro‘podagi taranglashayotgan xalqaro vaziyat, Napolyonga karshi urush (1805—1807), o‘ris-turk urushi (1806—1812), o‘ris-shved urushi (1808—1809), o‘ris-fors urushi (1805—1813), 1812 yilgi Vatan urushi va Napolyonga karshi kurashning davom ettirilishi chor hukumatining O‘rta Osiyoga nisbatan bosqinchilik siyosatini olib borishiga uzoq vaqtgacha yo‘l bermadi.
Nikolay ikkinchi hukumati O‘rta Osiyo bozorlarini butunlay Rusiyoga qaram qilish maqsadida Turkistonni bosib olishni tezlashtirishni o‘ylay boshladi. O‘rta Osiyoni bosib olish talabgorlari ichida eng chaqqoni O‘renburg harbiy gubernato‘ri general-mayor V. A. Perovskiy bosar-tusarini bilmas va u 1840 yil noyabrining oxirlarida 2 ta zambarak, 40 arava hamda 5 ming piyoda askar bilan 10 ming tuyadan iborat karvonga bosh bo‘lib O‘renburgdan chiqib O‘rta Osiyo tomon yuradi. Og‘ir ob-havo sharoiti, yoqilg‘ining yo‘qligi, oziq-ovqat tangligi, kiyim-boshlarning yaroqsizligi natijasida Perovskiy qo‘shinning 1/5 qismini yo‘qotgandan so‘ng Xivaga yurishni to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Istilochilar 1841 yilda Xonikov yetakchiligida Buxoroga otlanishadi. Bu safar natijasida Butenyov «ikki xonlikni qurol bilan bosib olishning imkoniyatlari, yo‘llari, maqsadga erishish uchun harakat kilish rejalari» kabi xabarlarni o‘zida jamlagan «Buxoroga qo‘shin bilan borish imkoniyatlari va vositalari» deb atalgan noma yozishga muvaffaq bo‘ladi. 1847 yilga kelib mustamlakachilar Sirdaryo etaklarini bosib olish rejasini tuzishadi va u yerda Raim istehkomi barpo etiladi. 1853 yilda general Blaramberg otryadi Oqmachitni (hozirgi Qizil O‘rda shahri) hujum bilan bosib oladi. Ayni paytda G‘arbiy Sibirdan Semipalatinskka qadar bo‘lgan oraliqda ham shimoli-sharq tarafdan yurishlar boshlanib ketgandi. 1850—1854 yillar ichida podsho qo‘shinlari tomonidan Zailiya o‘lkasi egallandi, 1854 yilda esa Vernoye (xozirgi Olmaota) istehkomi qad ko‘tardi. Shundan so‘ng O‘rta Osiyoga bosqinchilik yurishlari Nikolay hukumatining Qrim urushiga (1853—1856) chalg‘iganligi tufayli qisqa muddat to‘xtab koldi. Qrim urushi tugagach, Kavkaz janglari Nikolayning qo‘lini bog‘lab qo‘yganligi uchun u xonliklarga qarshi oshkora bosqinchilik siyosatini yuritolmadi va Buxoro hamda Xiva xonliklarining birikishiga imkon bermaslik maqsadida ayrim choralar ko‘rish bilan chegaralandi, xolos.
Chor Rusiyosining O‘rta Osiyoga nisbatan jadal mustamlakachilik siyosatini yurgizishiga uning harbiy-siyosiy va iktisodiy axvoli asosiy sabab bo‘ldi. Bundan tashkari rivojlanayotgan yengil sanoat uchun paxta, pilla, qorako‘l va boshqa mahsulotlar zarur edi. Grajdanlar urushi (1861—1862) tufayli Amrikodan paxta keltirilishining kamayishi o‘zbek paxtasiga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Yengil sanoatdagi bo‘xronlar, uni arzon mahsulot bilan ta’minlash zaruriyati podsho hukumatini bezovta qila boshladi. O‘renburg general-gubernato‘ri Katenin tashki ishlar vaziriga yozgan xatida: «O‘rta Osiyo mulkiga hukmronligimizni o‘rnatishimiz uchun, albatta, Turkiston va Toshkentni egallashimiz shart», — deb ko‘rsatib o‘tadi. Uning fikricha, Toshkentni qo‘lga kiritish Buxoro mulkiga qurolli kuchlar bilan kirib borish uchun ham zarur edi. 1862 yilda «Russkiy Vestnik» oybitigida O‘rta Osiyoni bosib olishni qat’iy yoqlovchi qator shovinistik maqolalar bosildi. «Golos» nomli liberal oybitik esa Xindistonni bosib olgan inglizlardan o‘rnak olib: «Kaspiyni o‘rus dengiziga aylantirish, O‘rta Osiyoning ko‘chmanchi elatlarini o‘troq yashashga o‘rgatish, bu sahroyilar bilan pachakilashib o‘tirmay, ularni hattoki terror qilishga» chaqirdi. Harbiy vazir D. A. Malyutin harbiy chiqishlarning doimiy tarafdori bo‘lgani tufayli 1864 yil oktyabrida tashqi ishlar vazirligi tomonidan podshoh uchun tayyorlangan ma’ruza matnini qo‘llab-quvvatladi. Bu matnda, jumladan, Rusiyoning Sharqqa sirli, lekin tiyiqsiz intilishi haqida, yarim yovvoyilar qabilasi bilan to‘qnashilgan damda o‘ta tinchliksevar siyosatni saqlab qolishning imkoni yo‘qligi xususida, Qo‘qon xonligining tabiiy boyliklari bo‘lmish paxta, ipak, qimmatbaho ma’danlar to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Shunday qilib, oltmishinchi yillar boshida O‘rta Osiyoni bosib olishga g‘oyaviy tayyorgarlik ko‘riladi, endilikda bu istiloni amalga oshirish navbati kelgandi. 1863 yil yozda polkovnik Chernyayev O‘renburg general-gubernato‘ri Bezakning sukut ichra rizoligi oqibatida Sirdaryo yoqasidagi So‘zoq qal’asini qo‘lga kiritdi va uni atrof-tevarakdagi aholisi bilan birga «Rusiyoning mulki» deb e’lon qildi.
1864 yilning boshida Vernoye (Olmaota) qal’asidan chiqqan 2500 kishilik Chernyayev otryadi 4 iyun kuni Avliyoota shahrini egalladi. Chernyayev bilan izma-iz Perovskiy ko‘rg‘onidan chiqqan polkovnik Veryovkin guruhi esa Turkiston shahriga yurish qildi va shaharni 12 iyunda bosib oldi. Bu yurishda Amir Temur Ko‘ragon Hoja Ahmad Yassaviy xotirasini ulug‘lab qurdirgan buyuk obida — Shayx maqbarasi to‘pga tutildi. 1864 yilning 22 sentyabrida Qo‘qon xonligi ixtiyoridagi Chimkent shahrini qo‘lga kiritish bilan avvalboshda ko‘zda tutilgan maksad uzil-kesil amalga oshdi.
1864 yilning kuzida Chernyayev Toshkentni bosib olish uchun muvaffaqiyatsiz tugagan birinchi urinishga qo‘l urdi, 1865 yil bahorida Toshkentning suvboshisi bo‘lmish «Niyozbek» qal’asini egallab olgach, shaharga navbatdagi yurishni boshladi. Chernyayev avvalo Anhorning suvini bo‘g‘ib oldi va Toshkent 42 kun davomida suvsiz koldi. Podsho qo‘shinlarining xabarini eshitiboq toshkentliklar Qo‘qon xonligiga qarashli bo‘lganliklari uchun xondan yordam so‘raydilar. Shahar dorug‘asi Alimqul ularni o‘z erklari uchun kurashga chorlab otashin nutq so‘zladi. Qo‘qondan yordam kelgach, Toshkent himoyachilarining soni 30 ming kishiga yetdi. Rasmiy ma’lumotlarga karaganda o‘ris soldatlari 1950 nafar bo‘lgan. Tartibot va tashkilotchilikning yo‘qligi, kerakli harbiy texnika bilan ta’minlanmaganligi tufayli xonlik ko‘shinining son jihatidan ustunligi ham to‘qnashuvda foyda bermadi. Chernyayev hal qiluvchi harakatni janubdan, Temur darvozasi yoqdan boshladi. U Qo‘qon yoki Buxorodan kelishi mumkin bo‘lgan yordamchi kuchlarga ham xalaqit bermoqchi bo‘lgan. Ilk to‘qnashuv 1865 yilning 9 mayida bo‘lib o‘tdi. Bu jangda Alimqul halok bo‘ldi. Chernyayev Alimqul halokatidan keyin shahar taslim bo‘lar degan ilinjda hujumni birpasga to‘xtatib turdi. Buxoro amirining qo‘shini yaqinlashib kelayotganligidan xabar topgach, 14 dan 15 mayga o‘tar kechasi shaharga hujum boshlashga qaror qilindi. 16 va 17 may kunlari ham ko‘cha janglari davom etdi. 17 may kuni Toshkent a’yonlari qarshilikning behudaligini hisobga olib, shaharni topshirish uchun muzokaraga kirishadilar. O‘renburg general-gubernato‘ri Krijanovskiy 1865 yilning sentyabrida mahv qilingan shaharga keladi va Toshkentni muxtor qaram mulk deb e’lon qiladi.
Chernyayev shu yilning kuzidayoq Jizzaxga yurish boshlaydi. Ammo 1866 yil mart oyida Chernyayev Peterburgga chaqirib olinadi va uning o‘rniga yuborilgan general Romanovskiy 8 may kuni Erjarda amir qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratadi, 24 may kuni esa Xo‘jandda ham o‘rislarning qo‘li ustun keladi. Avgust oyida Krijanovskiy Toshkent, Xo‘jand va Chirchiqorti o‘lkasini Rusiyo qaramligiga qabul qilish to‘g‘risida ko‘rsatma beradi. Amir bilan muzokarada kelisholmagach, Krijanovskiy 2 oktyabrda Buxoroga qarashli O‘ratepa qal’asini, 18 oktyabrda esa Jizzaxni bosib oladi. 1867 yilda bosib olingan yerlarda favqulodda Turkiston general-gubernaturligi tuziladi. Injener-general K. P. Kaufman bosh qilib tayinlangan bu gubernato‘rlikning markazi Toshkent bo‘lib, Sirdaryo va Yettisuv viloyatlari ham uning tarkibiga kiradi.
O‘ris qo‘shinlari bosqinchilikni davom ettirib, 1868 yil 1 may kuni Samarqandning Cho‘ponota tepaligida Buxoro qo‘shinlarini yengadilar va 2 mayda Samarqand shahri taslim bo‘lishga majbur qilinadi. O‘ris qo‘shinlari chiqishi bilan shaharda g‘azovot boshlanib ketadi. 2 iyun kuni shahar devorlari yonida Shahrisabz qo‘shini paydo bo‘lganda esa ozodlik qo‘zg‘oloni kuchayadi. Umarxo‘ja va Jo‘raboy otryadlari hech bir karshiliksiz Samarqandga kiradilar, bu yerda ularga shahar ahli ham qo‘shiladi. 650 kishidan iborat o‘ris garnizoni qo‘rg‘onga kirib yashirinadi. Mujohidlar 5 kun davomida hujum qiladilar, 8 iyunda esa Kaufman qo‘shini shaharga kiradi va uning barcha himoyachilari qatl etiladi. Zirabuloqdagi mag‘lubiyat, Samarqand ko‘zg‘olonining bostirilishi Buxoro bilan bo‘ladigan urush taqdirini hal qilib qo‘ydi va amir Rusiyo bilan tuzilgan bitimga imzo chekdi. Bitim shartlari (1868 yil 23 iyunda) quyidagicha edi: Buxoro o‘rislarga vassallikni tan oladi va 500 ming so‘m urush tovonini to‘laydi. Samarqand va Kattaqo‘rg‘on viloyatlari Rusiyoga biriktirildi. Buxoro chet davlatlar bilan aloqa qilish va mustaqil bog‘lanish huquqidan mahrum bo‘ldi. Shu yilning kuzidayoq Abdumalik boshchiligida ko‘tarilgan ko‘zg‘olon ham o‘rislar tomonidan shafqatsizlik bilan bostirildi.
1870 yilda Iskandarko‘lga uyushtirilgan harbiy yurish natijasida Zarafshon tizmasi ham qo‘lga kiritildi. O‘rislar tomonidan O‘rta Osiyoning bosib olinish tarixidagi navbatdagi bosqich Xiva xonligini zabt etish edi. 1873 yil mayning o‘rtalarida Turkiston, O‘renburg va Kavkaz gubernato‘rining guruhlari Xivaga yaqinlashdilar. O‘ris qo‘shinini qaytarishga uringan xivaliklar tor-mor etildilar. O‘ris qo‘shini Xivaga deyarli jangsiz kirib keldi va xon amaldorlari bilan muzokara olib bordi. Tinch yo‘l bilan tuzilgan bitimga ko‘ra Xiva xoni Muhammad Rahim 1873 yilning 12 avgustidan e’tiboran mustaqil tashqi aloqalar olib borishdan mahrum etildi. Ayni vaqtda Rusiyoga 2,2 million so‘m urush tovonini xonlik to‘lashi shart qilib qo‘yilgandi. Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida, xonlik poytaxtiga yaqin joyda Petr-Aleksandrovskiy qo‘rg‘oni (hozirgi To‘rtko‘l) barpo etildi. Xiva xoni qaramlikda ushlab turilgan bir paytda, general Golovachyov boshchiligidagi jazo to‘dasi turkmanlarni qirib, tor-mor qilishni davom ettirdi.
Qo‘qon xoni Xudoyorning og‘machilik siyosati tufayli uchinchi o‘zbek xonligi ham o‘z mustaqilligini oz muddat saqlab turoldi, xolos. 1874—1876 yillarda marg‘ilonlik Isoq mulla Hasan o‘g‘li boshchiligidagi qo‘zg‘olon natijasida Qo‘qon ham mustakillikdan mahrum qilindi. 1872 yilda bir guruh norozi feodallar Xudoyorning qarindoshlaridan bo‘lgan Po‘latbekni taxtga ko‘tarmoqchi bo‘ladilar. U taxtdan voz kechgach, fitnachilarning roziligi bilan Po‘latbek ismini olgan Ishoq mulla g‘azovotning boshida turadi. 1873 yilda unga Abdurahmon oftobachi (Qo‘qonning sobiq hukmdori Musulmonqulning o‘g‘li), bundan tashqari Xudoyorning to‘ng‘ich o‘g‘li Nasriddin (Andijon hokimi) va akasi Murodbek (Marg‘ilon hokimi) kelib qo‘shiladilar. Qo‘zg‘olonni bostirishga ojizligini payqagan Xudoyorxon «pushtipanoh imperator hazrati oliylari»ning qudratiga suyanadi va Kaufmanga do‘stona murojaat qilib, «iloji boricha tezlik bilan Qo‘qonga o‘ris qo‘shini va zambaraklarini yuborish»ni so‘raydi. Yurtni sotganligi uchun Xudoyorxon va yaqinlariga qarshi g‘azovot e’lon qilinadi. Xudoyor 1875 yil 2 iyul kuni o‘z oilasi bilan Toshkentga, o‘ris elchixonasi panohiga qochib boradi. Tarixchi olim H. Bobobekov «Xalq so‘zi» ro‘znomasining 1991 yil 20 fevral sonida «Qo‘qon xazinasi qayerda?» nomli xabarida yozishicha, 1875 yilning yozida, Qo‘qon xoni Xudoyorxon 70 kishilik ayollar jamoasi, 500 ga yaqin hamrohlari, 40 arava xazina bilan Toshkentga Turkiston general gubernatori Fon Kaufman huzuriga panoh tortib kelgan. Kaufman 40 arava xalq boyligini olib, Xudoyorxonning o‘zini O‘renburgga surgun qilgan. U keyinchalik O‘renburg tutqunligidan qochgan. Toshkentdan chiqqan o‘ris guruhi qo‘qonliklarni Makram qal’asida mag‘lubiyatga uchratadi. 29 avgustda Kaufman Qo‘qonga g‘olib sifatida kirib keladi. Qo‘qon a’yonlari Xudoyorning o‘g‘li Nasriddinbek boshchiligida undan kechirim so‘raydilar. 22 sentyabrda Kaufman bilan bitim tuziladi. Bu bitimga ko‘ra Qo‘qon xoni o‘zini Rusiyo imperatorining quli deb tan oladi, general-gubernato‘r ruxsatisiz xech kanday tashqi aloqalar yoki harbiy xarakatlar qilmaslikka rozi bo‘ladi. Shunday qilib, Qo‘qon feodallari yurtning erkini boy berib, jonlarining tinchini topadilar.
Xonning sharmandali qochishi haqidagi xabar yangi qo‘zg‘olonga sabab bo‘ladi. Bu gal uning markazi Andijon edi. Qo‘zg‘olonchilar Po‘latxon nomi bilan yurgan Ishoq mullani xon deb e’lon qiladilar. Po‘latxonga qarshi jo‘natilgan o‘ris guruhi Andijon ostonasida mag‘lubiyatga uchraydi, 1875 yilning 7 oktyabrida esa qo‘zg‘olonchilar xon qo‘shinini yengib, Qo‘qonni egalladilar; Nasriddinxon Xo‘jandga, o‘rislar panohiga qochgach, 11 noyabrda Baliqchi yaqinida isyonchilar general Skobelev tomonidan tor-mor etiladilar. Skobelev qishloqlarga yo‘l-yo‘lakay shafqatsizlarcha o‘t qo‘yib, yakson qilib olg‘a siljidi. Skobelev Andijon shahrini qotillarcha to‘pga tutib, bombardimon qildirdi, uning o‘z so‘zlari bo‘yicha, uch ming chog‘li odam vayronalar tagida qolib ketgan. 9 yanvarda Skobelev vayrona Andijonga kirib boradi. Po‘latxon qolgan-qutgan kuchlari bilan Uchko‘rg‘on qal’asiga chekingandi. 1876 yilning 27 dan 28 yanvarga o‘tar kechasi Skobelev tomonidan yuborilgan otryad Uchqo‘rg‘onni egalladi, barcha himoyachilar o‘ldirildi. Po‘latxon bu yerdan qochib ulgurdi, ammo ko‘p o‘tmay Marg‘ilonda qo‘lga tushdi va jazolandi.
Kaufman bir amallab xalq harakatini bostirgach, Qo‘qonni mustaqilligidan mahrum etishga ahd qildi. 1876 yilning 19 fevralida Qo‘qon xonligi bekor qilindi va uning o‘rnida Farg‘ona oblasti tashkil etildi. Jazo ekspeditsiyasining boshlig‘i, bo‘ysunmas qo‘qonliklarni shafqatsiz qiyratgan general Skobelev esa harbiy gubernato‘r qilib tayinlandi. Xullas, o‘zbek xalqi mustaqillik kurashining so‘nggi bosqichi Po‘latxon qo‘zg‘oloni bo‘ldi va undan so‘ng uchala o‘zbek xonligi ham o‘ris podsholigiga to‘la qaram bo‘lib qoldi.
O‘rta Osiyoning Rusiyo tomonidan zabt etilishi bosqinchilik tufayli Turkiston o‘lkasining vayron etilganligi, mehnatkash xalq ommasining chor amaldorlari va maxalliy zolimlar tomonidan ezilishi tafsilotlari o‘ris va mahalliy tarixchilar, voqeanavislar, o‘ris voqenavis ofitserlari tomonidan bir qadar to‘g‘ri yoritilgan. Inqilobgacha yashab ijod etgan M. Terentev, K. Abaza, A. Maksheev, A. Serebryanikov, S. Dmitriyev, A. Kalujin, L. Kostenko, V. Nalivkin, D. Logofet kabi o‘ris tarixchilari, Muhammad Solih, Mirzo A’zam Somiy, Mirza Salimbek, Sadri Ziyo kabi mahalliy muarrixlar o‘z
asarlarida O‘rta Osiyoning chorizm tomonidan bosib olinish tarixini halol yoritganlar. Xorazmlik shoir va tarixchi Bayoniy «Xorazm tarixi» nomli qo‘lyozma asarida O‘rta Osiyoning chor Rusiyosi tomonidan zabt etilish voqealarini xolis tasvirlab beradi. D. A. Logofetning «Buxarskoye xanstvo pod russkim protektoratom» (Spb, 1911), V. I. Vyatkinning «Karshinskiy okrug organizatsii v nem voyska i sobitiya v period 1800— 1803 gg.» (Spb, 1805), L. F. Kostenkoning «Puteshestviya v Buxaru russkoy missii v 1870 g». (Spb, 1871), K. Abazaning «Zavoyevaniye Turkestana» (Spb, 1902), A. Maksheevning «Istoricheskiy obzor Turkestana i nastupatelnыe dvijeniya v Sredney Azii» (Spb, 1906), V. Nalivkinning «Kratkaya istoriya Kokandskogo xanstva» (Kazan, 1888 g) kitoblari, makola va esdaliklari bu jihatdan diqqatga sazovordir.
Chorizmning harbiy siyosati xalqlarni bo‘lib tashlab, ularni qo‘rqitish bilan bo‘yinsindirishdan iborat bo‘lgan. Keyingi vaktda esa tarixiy kitoblar, tarixiy badiiy asarlarda O‘rta Osiyoni bosib olgan chor Rusiyosini madh etuvchi A. Gorbovskiy va Yu. Selinovning «O‘q uzmasdan», M. Popovning «Ak-pashsha — belыy general», V. Pikulning «Darvozangni och, Xiva!» asarlarida tarixni noto‘g‘ri, bo‘yab ko‘rsatishlarining guvohi bo‘lmoqdamiz. Bu va bu xil asarlarda «Xalqlar turmasi» (V. I. Lenin) bo‘lmish chor Rusiyosi beozor, adolatparvar tarzda ko‘rsatilmoqda.
Bu o‘rinda shuni aytish kerakki, qadim zamonlardan buyon, ayniqsa, XV—XVIII asrlarda Ovro‘pa mamlakatlari, shu jumladan, Angliya va Rusiyo O‘rta Osiyo boyliklariga juda ham qiziqib qaray boshladilar. Pyotr davrida taraqqiyot yo‘liga chiqib olgan Rusiyo atrof o‘lkalarni bosib olish hisobiga hududini kengaytirdi va O‘rta Osiyo bilan savdo va diplomatik aloqalarni rivojlantirishga, shu yo‘l bilan o‘lkaning oltin, kumush, ma’dan konlarini aniqlash, iloji bo‘lsa, qo‘lga kiritish rejalarini amalga oshirish uchun harakat qila boshlaydilar. Rusiyoning Buxoroga kelgan elchisi Florio Benoveli podsho Pyotr I ga yo‘llagan ma’lumotlaridan birida shunday deb yozgan edi: «Tog‘larda oltin va kumush qidirish qat’iyai man etilgan. Barcha konlar yaqinida doimo qorovullar turadi». O‘rta Osiyodagi qazilma boyliklarni aniqlash niyatida Pyotr Buxoro, Xiva xonliklari ixtiyoridagi Qizilqumga 1714 yili A. Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida uch yarim ming kishilik harbiy to‘da yubordi. Cherkasskiy harbiy a’zolarini Xiva xoni Sherg‘ozixon o‘ldirtirgan bo‘lsa ham, lekin ekspeditsiya Kaspiy bo‘yiga uya kurib (hozirgi Krasnovodskda), Kaspiy bilan Orol o‘rtasidagi «dambalar»da mavjud bo‘lgan oltin sirlarini bilib oladilar. XIX asrda tarixchi, sayyoh va olim Herman Vamberi ham razvedka maksadida Angliyo tomonidan O‘rta Osiyoga yuborilgan edi.
Inglizlar O‘rta Osiyoni chor Rusiyosidan oldinroq istilo qilmoqchi edi. Biroq Rusiyo imperiyasi otni ilgariroq qamchiladi. Rus olimlaridan I. Mushketov, P. Semyonov-Tyanshanskiy, N. Severtsev, D. Logofet, V. Nalivkin, V. Veber va boshqalar O‘rta Osiyoning jo‘g‘rofik, joylik va qazilma boyligi tuzilishini tadqiq eta boshladilar. Bilonihoya, XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab O‘rta Osiyo Rusiyo imperiyasining mustamlakachilik domiga tortila boshlandi. XIX asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston yerlariga qilich o‘ynatib kelgan chor Rusiyosining bag‘ritosh generallari, ofitser, askarlari tub mehnatkash xalq qonini zulukdek so‘rish niyatida «imperiyaning iqtisodiy tayanchi O‘rta Osiyoda» deb olamga jar soldi. Rusiyo moliya vaziri Vishnegorodskiy esa O‘rta Osiyodek jannatmakon o‘lkani, «o‘ris tojidagi eng kimmatbaho dur», deb ta’riflagan edi. Bosqinchi generallarning bashorati to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Uzoq yillardan buyon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston diyori Rusiyoning najot maskani, mustamlaka bazasi bo‘lib kelmoqda. Iqtidorli shoir Xurshid Davron «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» ro‘znomasining 1990 yil 15 aprel sonida e’lon qilgan «Bosqinchilik qahramonlikmi?» nomli tanqidiy maqolasida o‘tgan asrning ikkinchi yarmida chor Rusiyosining O‘rta Osiyo va Qozog‘iston yerlariga qilgan harbiy yurishini qattiq qoralaydi. Adib uzoq vaqt to O‘ktyabr inqilobi g‘alabasiga qadar bo‘lgan davr ichida mehnatkash xalq ommasini qullik zanjirida tutib turishda Rusiyo imperiyasi generallarining xizmati beqiyosligini to‘g‘ri ta’kidlaydi.
Chor Rusiyosining to‘laqonli mustamlakasi bo‘lgan Turkiston o‘lkasida Skobelev, Chernyayev, Kaufman kabi o‘ris generallarining talonchilik siyosatini ayovsiz fosh etadi. Darvoqe, chorizmning O‘rta Osiyodagi vahshiyliklarini ilg‘or fikrli siymolar K. Marks, F. Engels, L. Tolstoy, P. Gertsen, M. Gorkiylar ham qoralagan edilar. Ulug‘ san’atkor L. N. Tolstoy bosqinchi chor Rusiyosining shuhratparast generallari xo‘jayinga mute’ sarbozlarining O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda olib borgan xunrezliklaridan g‘azablangan edi. Buni biz yaqindagina jang maydonidan qaytgan yosh yunker bilan yozuvchi o‘rtasidagi suhbatdan ham bilib olishimiz mumkin. Lev Nikolayevich Tolstoyning sevimli qizi va sirdoshi Tatyana Suxotina-Tolstaya o‘z esdaliklarida 1889 yilning qahraton kishida bo‘lib o‘tgan bir tarixiy vokeani shunday yozadi: «Bugun ertalab bir yunker din xususida maslahatlashish niyatida otam huzurida bo‘ldi. So‘ngra, otam u bilan yaxshigina gurunglashganini va, ayniqsa, unga singdirilgan e’tiqodga shak keltirib qo‘ymaslik uchun ehtiyotkorlik bilan muomala qilganligini so‘zlab berdi. Sharob to‘g‘risida ham so‘zlashibdilar. Yunker ichmasligini aytdi. Dadam uni hushyorlik jamiyatiga kirishga taklif etdi, lekin u ahyon-ahyonda ichib turaman, deb javob berdi. «Nima uchun?» — deb so‘radi otam. «Mana, masalan, Skobelev butun aholini qirib tashlash kerak bo‘lib qolganda askarlar bunday qilishdan bosh tortdilar, shu ishni amalga oshirishlari uchun ularni ichkizib mast qilish zarur bo‘ladi», — deb javob qildi yunker. Dadam bir necha kungacha buni unutolmay hammaga hikoya qilib berdi». L. N. Tolstoyning qizi Tatyana Suxotina-Tolstoyaning eslashicha, harbiy yunkerning bu hikoyasidan keyin yozuvchi oylar emas, yillar davomida qattiq iztirob chekadi.
O‘rta Osiyo va Qozog‘iston yerlarini bosib olish rejalarini avvaldan ishlab chiqqan chor Rusiyosining kolinizatorlari XVIII—XIX asrlarda Semipalatinsk, O‘renburg, Petropavlovskiy, Troitskiy, Ust-Kamenogorskiy kabi 40 dan ortiq harbiy qal’a va 100 ga yakin harbiylashtirilgan kichik qal’alar barpo qilingach, 1853 yilda O‘renburgda general Perovskiy boshliq O‘renburg general-gubernato‘rligi tashkil etiladi.
1853 yilda general Perovskiy boshliq ikki mingdan ortiq o‘rus qo‘shinlari Oqmachit (Qizil O‘rda)ga hujum qildilar. Yigirma ikki kunlik jangu jadalda chor ko‘shinlaridan 25 kishi o‘ldi, 46 kishi yaralangan bo‘lsa, istehkom «himoyachilaridan bor-yo‘g‘i 74 kishi tirik qoldi, xolos. Oqmachitni qaytarib olish uchun shu yilning dekabrida Yoqubbek boshchiligida 13 minglik qo‘shin dushmanga qarshi tashlanadi. Bir necha kunlik qattiq jangdan so‘ng Yoqubbekning ikki mingdan ortiq mard yigitlari halok bo‘ladi. Bu shiddatli jangda chor ko‘shinlarining askarlaridan atigi 55 kishigina nobud bo‘lgan. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng Yoqubbek Qoshg‘ar xonligiga asos soladi. Bu mustaqil davlat ham keyinchalik Rusiyo va Xitoy qurshovida yo‘q qilingan edi.
Tarix fanlari doktori, professor Hamid Ziyayev o‘zining «Chorizm istilosi» («Sharq yulduzi», 1990, 8-son, 18—19 sahifalar) nomli hujjatlarga boy nufuzli maqolasida chorizm istilochilarining Pishpek, To‘qmoq, Avliyoota shaharlarining zabt etish tafsilotini shunday yozadi: 1860 yilda Pishpekda ham dushman qo‘shini bilan to‘qnashuv bo‘ladi. Bu joyni egallash uchun chor qo‘shinlari 954 ta snaryad va 13 mingga yaqin o‘q otganlari ma’lum. Himoyachilardan ancha kishi o‘ldiriladi va yarador qilinadi. Shu yili To‘qmoq qal’asi ham chor qo‘shini tomonidan zabt etiladi, bu hol butun xonlikni katta tashvishga soladi. O‘zbek, qozoq, tojik va qirg‘izlar Toshkent hokimi Qanoatshoh boshchiligida urushga otlanishadi. Ularning umumiy soni 20 mingga borar edi. Pishpek ostonasida har ikki tomon o‘rtasida qonli to‘qnashuv yuz berib, himoyachilar qahramonona jang qildilar. Mudofaachilarga qarshi dushman tomonidan 2051 ta snaryad, 31879 ta o‘q va 63 to‘p o‘qi otilgan. Bu jangda Qo‘qon qo‘shinlaridan va olomondan 15000 kishi o‘ldiriladi va ko‘pi yaralanadi. Dushman askarlaridan atigi 13 kishi o‘ldiriladi va 29 kishi jarohatlanadi. 574 himoyachi asirlikka olinadi. Shuningdek, istehkomda 82 savdogar, 92 ta ayol va bolalar bor edi. Chor qo‘shinlari 1864 yil may oyida Avliyoota ostonasida 15000 kishilik Qo‘qon qo‘shinlari va xalq qasoskorlari bilan yana to‘qnashadi. Bu safar ham himoyachilar mag‘lubiyat alamini tortadilar, ulardan 307 kishi o‘ldirilib, 390 kishi yarador bo‘lgan edi».
Ko‘ryapsizki, O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning har bir qishloq va shaharlarini vayron qilish, aholini qirish va asir olish evaziga chor qo‘shinlari Toshkent va Qo‘qon, Farg‘ona, Andijon sari zobitona harbiy yurish qilganlar. Avliyoota va Turkistonning dushman tomonidan harbiy kuch bilan zabt etilishi Qo‘qon
xonligi, Toshkent hokimini tahlikaga solib qo‘yadi. Qo‘qon xonligining botir lashkarboshisi Alimqul boshliq o‘n ming dan ziyod sarbozlar va xalq qasoskorlari Chimkent himoyasiga otlanadilar. Chimkentni qo‘lga kiritish uchun tish-tirnog‘igacha qurollangan dushman general Chernyayev qo‘mondonligida vatanparvarlar bilan qattiq jang olib boradi. Bu hal qiluvchi jangda o‘rislarning to‘p, miltiq va zambaragi zarbidan 12 mingdan ortik fidoiylar qahramonlarcha halok bo‘ladi va yaralanadi. Chimkent jangida elsevarlar dushmanga ko‘p kurbon bergan bo‘lsa ham, chor qo‘shinlarini Toshkent sari yurishiga yo‘l qo‘ymaydilar. Sarkarda Alimqulning mardligi va jasorati Chernyayev askarlarini sarosimaga solib ko‘yadi. General Chimkentni tashlab orqaga, Turkiston sari chekinishga majbur bo‘ladi. Istilochilarni izma-iz quvib, o‘z vaqtida ona tuprog‘imizni tozalash niyatida bo‘lgan Alimqul va uning bahodir navkarlarining kuchi favqulodda ikkiga bo‘linib ketadi. Achinarlisi shundaki, Qo‘qon xonligining askarlari eng xavfli bosqinchi dushmanlar bilan hayot-mamot jangi olib borayotgan va g‘alabani qo‘lga kiritayotgan bir paytda Qo‘qondan noxush xabar keladi. Buxoro amiri amir Muzaffar fursatdan foydalanib, katta kuch bilan Qo‘qonga qo‘shin tortadi. Xudbin va kaltafahm amir hujumiga qarshi kurashish uchun Alimqul noiloj va shoshilinch holatda harakatdagi jangchilarining bir qismi bilan Qo‘qon himoyasiga otlanadi. Chekinayotgan general Chernyayevga bu voqea kutilmagan bir dalda edi. Alimqulning bir qism jangchilari bilan Qo‘qon himoyasiga ketganligidan xabar topgan general Chernyayev qalbida qasoskorlik o‘ti chaqnadi. U tezlik bilan iziga qaytib, 1864 yilning 21 sentyabrida bir zarb bilan Chimkentni egalladi va bu bilan Toshkent tomon yurishga hozirlik ko‘rdi.
Chor istilochilari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston yerlarini egallash yo‘lida har qanday vahshiylik va qotilliklardan tortinmagan. Rusiyo imperiyasining qonli yurishlarini tarixchilarimiz oshkoralik davrida ob’ektiv yoritish payti yetib keldi. Chor Rusiyosining birgina bosqinchi generali M. Skobelevning O‘rta Osiyo va Qozog‘iston yerlarida olib borgan xunrezliklari bir necha kitob, kinoepopeyani tashkil etadi. Qonxo‘r general Skobelev o‘zining bosqinchi harbiy guruhi bilan 1881 yilning 12 yanvarida Ko‘ktepada 22,5 mingdan ziyod begunoh turkman, qozoq, o‘zbek, kirg‘izlarni vahshiyona chopib tashlaydi. Turkman xalqi Ko‘ktepa mudofaasida halok bo‘lgan vatanparvar fidoyilar uchun 1991 yil 12 yanvarda xotira muzeyi ochdilar. Turkmaniston va qardosh jumhuriyat xalqlari har yili 12 yanvar kunini Ko‘ktepada xotira sifatida kutib oladilar.
Bu o‘rinda shuni ham aytish kerakki, biz talantli rassom sifatida ko‘klarga ko‘targan V. V. Vereshchagin ham bir qo‘lida qilich, bir qo‘lida mo‘yqalam bilan chor Rusiyosi generallari jang maydonlarini kezgan va o‘z asarlarida urush voqealarini qalamga olgan. Binobarin, o‘rislar istilosi oqibatida qo‘shin va tinch aholi orasidan jami 598 ming odam nobud bo‘lgan. Hech bo‘lmasa yurt deya shahid ketganlarni xotira kunlarida ruhini shod etishimiz mumkin-ku?
Rus tarixchisi general M. A. Terentev o‘zining «Rusiyo va Angliya» (Spb. 1876) kitobida: «1864 yil o‘ris zulmiga qarshi Yettisuvdagi dunganlar qo‘zg‘olon ko‘tardilar. Lekin ular qirib tashlandi, hammayoq qonga botirildi», deb yozadi (65-bet).
«O‘rislar, — deyilgan o‘sha kitobda, — vaqti-vaqti bilan sarbozorlar uyushtirib turar, mahalliy savdogarlardan o‘z do‘konlarini yopib, sarbozorda savdo qilishni talab qilar edilar. Kim bunga bo‘ysunmasa, ularni majbur qilar, do‘konlarini yondirib tashlar, juda katta pul jarimasi solar edilar. Mahalliy savdogarlar uchun sarbozorlarda eng yomon joy — quyosh qizdirib turadigan joylar ajratilardi» (164-bet).
Rusiyo tarixchilari Turkistonni zabt etishda chor Rusiyosining o‘zi nochor bo‘lishiga karamay, dur, javohirlar o‘lkasini ko‘lga kiritish uchun million-millionlarni sarf etganligini yozadilar.
M. Terentevning asarida «Xivani bosib olish uchun Turkiston okrugiga 287300 so‘m, O‘renburg okrugiga 2000000, boshqa buromadlar uchun shaxsan Kaufman ixtiyoriga 400000 so‘m pul ajratildi», deyiladi (111-bet). Yana: «Xiva yurishiga qatnashuvchi askarlarga oziq-ovqat va otlarga yem-xashak sotib olish uchun 465414 so‘m 64 tiyin pul ajratildi» (117-bet), deb yozadi tarixchi. «Turli anjomlar: ot, tuyalar sotib olish uchun 516351 so‘m, 40 tiyin ajratilganini yozgan (153-bet) tarixchi kitobning 283-betida. «Artilleriya zapaslari uchun va lazaretlar uchun 94285 so‘m pul ajratildi va ko‘priklarni tuzatish uchun esa 1475558 so‘m 68 tiyin pul ajratildi», deb ochiq-oydin ko‘rsatadi. Ko‘rinadiki, Rusiyo imperiyasi O‘rta Osiyo yerlarini bosib olib, uning mehnatkash xalqlarini qullikka solish niyatida pul va mablag‘ni sira-sira ayamagan, o‘ris tarixchi olimlari qo‘li bilan yozilgan tarix kitoblari, arxiv hujjatlarining guvohlik berishicha, chor hokimiyatining generallari, harbiy jazo otryadlarining ofitser, askarlari mahalliy hukmdorlar, mehnatkash xalqni do‘q-po‘pisa va qo‘rqitish, hiyla yo‘li bilan o‘zlarining mustamlakachilik, boskinchilik siyosatlarini amalga oshirganlar.
1870 yil 18 yanvarda general Kaufman Xiva xoniga 3 marta xat yozib: «Men Sizga uch marta xat yozib birortasiga ham javob olmadim. Buning ustiga mening so‘nggi elchilarimni ham ushlab qolgansiz. Bunday harakatlarga ortiqcha chidab bo‘lmaydi. Ikkitadan bittasiga yoki aytganlarimizga ko‘nasiz — do‘st bo‘lib qolamiz yoki aytganlarimizga ko‘nmasangiz dushman bo‘lib qolamiz» (o‘sha asar, 67-bet), deb do‘q qilgan.
O‘rta Osiyodagi har bir shahar va qishloqlarni bosib olishda imperiyaning qonxo‘r generallari, bag‘ri tosh ofitser, soldatlari turli-tuman firib-nayrang va jazo yo‘llarini ishga solar edilar. Mahalliy xalqlarni talash, o‘ldirish yo‘lida chor Rusiyosining dimog‘dor hukmdorlari mablag‘ni ayamas, o‘ris soldat, ofitserlarining bosqinchilik va talonchilikdagi xizmatlari ordenlar va mukofotlarga ko‘milardi.
Fon Kaufman, Chernyayev, Kuropatkin, Veryovkin kabi generallarning aytganini qilsa, Xiva xoni asosiy mulklaridan ajralar, shartlarni bajarmasa, bosib olinar edi. Xo‘sh, shu gaplardan keyin O‘rta Osiyo, shu jumladan, O‘zbekiston yerlari qo‘shib olindi deyishga arzigulik asos qolarmikan? Chorizm istilochilari Sibir va O‘rta Osiyoni harbiy kuch bilan zabt etgani atamalar tarixida o‘z ifodasini topgan. Birgina «Vladikavkaz» (Kavkazni egalla) yoxud «Vladivostok» (Sharqni egalla) kabi atamalarning o‘zidan ham ayonki, bu o‘lkalar chorizm tomonidan bosib olingan.
Chorizm o‘zi bosib olgan mahalliy aholidan juda-juda xavfsirar edi. Shuning uchun ham qo‘rg‘onlardagi o‘ris kazaklari qat’iy ogohlantirilib, ularni zo‘r siquv, qo‘rquvda saqlashga urinardi. O‘ris kazaklaridan o‘z qurollarini boshqalarga, ayniqsa, mahalliy odamlarga sotmaslikni qat’iyan talab qilingan va bu haqda qurol beraolgan har bir dehqondan tilxat olingan edi. Mahalliy xalqqa sir bermaslik, ularga ishonmaslik uqtirilardi.
Shuni ham aytish kerakki, kelgindilar askarlikka o‘qitilar, o‘rgatilar va birinchi chaqiriq bilanoq o‘zini armiyaga chaqirilgan deb hisoblar edilar. Ular kechalari va kunduz kunlari shahar va qishloqlarni, atrof yerlarini doim kuzatishar, nazoratda saqlashar, salgina shubhali voqea va hodisani sezsalar, darhol ehtiyot choralarini ko‘rardilar.
Chorizm bosib olgan O‘rta Osiyo xalqlarining har qanday xaq-huquqlarini yo‘q qilib, ularni ijtimoiy-siyosiy, madaniy, iqtisodiy va harbiy qoloqlikda saqlab turish uchun o‘zining to‘rachilik, mahkamachilik boshqarish usulini joriy qildiki, bunda eng quyi mansabdan eng yuqori mansabga qadar bo‘lgan hamma lavozimlar faqat o‘ris harbiy to‘ralari orqali idora qilinadigan tartib o‘rnatildi. Chor hukumati O‘rta Osiyoni zabt etgan va shu o‘lkada yashayotgan o‘ris generallari, ofitser, askarlariga mahalliy xalq tilini bilganligi, «tuzemchi»lar urf-odatini o‘rganishga harakat qilganliklari uchun oylik maoshlariga qo‘shimcha ravishda 180 so‘mdan pul ham to‘lab turgan.
Mahalliy xalqlardan talangan barcha boyliklar (paxta, ma’dan, rangli metall, qorako‘l teri, tulki terisi, pilla, meva mahsulotlari va boshqalar) avvallari tuya, ot, eshak, ho‘kizga yuklangan karvonlarda tashilgan bo‘lsa, O‘rta Osiyoda temiryo‘l o‘tkazilgandan keyin uzun esholonlar orqali Rusiyoga olib ketiladigan bo‘ldi. O‘rta Osiyoning yer osti va yer usti boyliklari Rusiyo imperiyasining asosiy xom ashyo bazasiga aylandi.
O‘rta Osiyoning yarim podshosiga aylanib qolgan «Turkiston general-gubernato‘ri boshliq bir guruh mutgaham, yulg‘ich generallar turli bahonalar bilan bir necha o‘n minglab gektar serhosil yerlarni zo‘rlik bilan mahalliy xalq qo‘lidan tortib olib, uni qimmat bahoda sota boshladilar». (Istoriya narodov Uzbekistana, t. 2, Toshkent, 1947, str. 253—268). Shunday zo‘ravonlik bilan mahalliy hunarmandlar, dehkonlarni tirikchilik manbaidan, chorvador xo‘jaliklarni esa yaylov yerlaridan mahrum qildilar.
Yurtimizning Rusiyo hukmdorlari tomonidan zabt etilishi tarixini Qo‘qon, Buxoro va Xiva xonliklari saroyidagi shoirlar, tarixchilar, voqeanavislar, yozuvchilar xam batafsil yozganlar. Toshkentlik tarixchi Muhammad Solihning 1875 yilda yozib bitirgan «Toshkentning yangi tarixi» nomli sharqshunoslik institutida saqlanayotgan (444 betlik forscha qo‘lyozma) kitobida ta’kidlanishicha, Toshkent shahri zolim va qonxo‘r general Chernyayev tomonidan 1865 yilning yozida bir necha bor to‘pga tutilgan va shahar qamal qilinib, «Kaykovus» ariq to‘g‘oni buzilib, suvi Chirchiq daryosiga burib yuborilgan. Natijada Toshkent shaxri markazi aholisi yoz kezlari 42 kun davomida qariyb suvsiz, oziq-ovqatsiz og‘ir ahvolda qoldirilgan. Afsuski, «Toshkentning yangi tarixi» singari ko‘plab tarixiy kitoblar chang bosgan holda e’tibordan chetda qolgan.
Davrimizning mashhur so‘z san’atkori, qozoq adabiyotining ulkan namoyandasi, otashqalb shoir O‘ljas Sulaymon 1989 yilda «Alma-Ata jali»da nashr ettirgan qimmatli maqolalar va she’rlar kitobida Rusiyo imperiyasining O‘rta Osiyodagi bosqinchilik siyosatini fosh etuvchi hujjatlarni keltiradi. Adib mazkur kitobning «Moy Chokan» («Mening Cho‘qonim») nomli maqolasida chor Rusiyosining bosqinchi generallaridan Chernyayev Qozog‘iston va O‘rta Osiyo yerlariga ochko‘zlarcha bostirib kirishi, Oqmachit, Jambulni to‘pga tutib, qal’ani vayron qilishi va begunoh xalqning qoni to‘kilganligini g‘azab bilan bayon etadi. Qozoq xalqining ma’rifatparvar olimi Cho‘qon Valixonov tuzgan xarita asosida O‘rta Osiyoga harbiy yurish qilgan general Chernyayevning bosqinchilik siyosatini fosh etgan. O‘shanda manman general Chernyayev Peterburgda harbiy ta’lim olgan Cho‘qon Valixonovga: «Sen tuzgan xarita mening qo‘limda ekan, Qozog‘iston va O‘rta Osiyoni zabt etish mening ixtiyorimdadir. Sening, endilikda, bizga keraging yo‘q. To‘rt tomoning qibla, ketishing mumkin», deya qo‘shindan yosh olimni haydab yuboradi. Generallar tomonidan aldangan olim Chernyayev ustidan arz kilish uchun uch-to‘rtta ofitser do‘stlari bilan Peterburgga qarab yo‘l oladi. Biroq uning adolatli talab va shikoyatiga hech kim quloq solmaydi. Zotiljam kasaliga yo‘liqqan Cho‘qon Valixonov qirq yoshga ham kirmay olamdan ko‘z yumdi. Mavridi ekan, shuni ta’kidlash lozimdirki, general Chernyayev O‘rta Osiyoga qiladirgan harbiy yurishini yashirib, Cho‘qon Valixonovni ayyorlik va makkorlik ila aldagan. Zotan, bosqinchi zoti o‘z maqsadiga erishish yo‘lida har qanday tubanlik va vahshiyliklardan qaytmasdi. Rusiyo imperiyasining tajovuzkor, ayyor va dog‘uli generallari mahalliy xalq ichidan yetishib chiqqan ilg‘or ziyolilarni turli yo‘llar bilan avragan, aldaganlar.
Turkiston xalqlarining iqtidorli farzandi Cho‘qon Valixonov singari shoir Zokirjon Furqat ham ana shu aldanganlardan biri edi. K. Marks boshqa xalqni asoratga soluvchi xalq o‘ziga kishan yasashini uqdirar ekan: «Hech bir millat boshqa millatlarni ezishda davom etib, o‘zi ozod bo‘lolmaydi» (K. Marks, F. Engels, 4-tom, 372—373 sahifalar), degan xulosa chikaradi. Dohiy V. I. Lenin ham Rusiyoning bosqinchilik va mustamlakachilikdan iborat g‘arazli shovinistik siyosatini chinakamiga fosh etib tashlagan edi: «Zolim sarmoyadorlar Rusiyosida, — deb yozgan edi ulug‘ inqilobchi, — boshqa xalqlarga qarshi jallodlik rolini o‘ynagan eski, qonli va iflos o‘tmishni bitirishimiz lozim. Biz bu o‘tmishni supurib, tilka-tilka kilib tashlaymiz». (V. I. Lenin, 26-tom).
Ulug‘ so‘z san’atkorlari F. M. Dostoyevskiy va A. N. Krestovskiy singari o‘ris adiblari Rusiyoning shavkatli generallarini turkiy xalklarning azaliy mulklarini bosib olishga chorlagan bo‘lsalar, ulug‘ insonparvar adib L. N. Tolstoy, A. N. Gertsen, M. Gorkiy va N. G. Chernishevskiylar o‘rislarning mustamlaka siyosatini qattiq qoralagan, ayrim hollarda oshkora qarshilik ko‘rsatgan edilar. Tarix va hayot haqiqatini bo‘yab ko‘rsatuvchi olimlar, jumladan, ulkan rassom I. Glazunovning ham: «Rusiyo mustamlaka nima ekanligini bilmaydigan yagona mamlakat hisoblanadi»,— deb yozishi o‘tmish haqiqatiga tuhmatdir. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, chor Rusiyosi tomonidan O‘rta Osiyoga uyushtirilgan istilo barobarida turli-tuman maksadlarni ko‘zlab uyushtirilgan ilmiy yurishlar ham va hatto savdo-sotiq aloqalari ham oxir-oqibatda bir maqsadga — bosqinchilik va mustamlakachilik siyosatiga xizmat qilardi. Imperiya jug‘rofiya jamiyatining haqiqiy a’zosi D. Logofet asrimiz boshlarida Qozog‘iston va O‘rta Osiyoning shahar va qishloqlari bo‘ylab bir necha sayohatlar uyushtiradi. Olim o‘zining «O‘rta Osiyo chegaralarida», «Huquqsizlik o‘lkasida», «Rusiyo — Afg‘on chegarasi», «Buxoro tog‘lari va tekisliklarida», «Buxoro — Afg‘on chegarasi» singari qimmatbaho asarlarida kitobxonlarni O‘rta Osiyo xalqlarining turmushi, tabiiy sharoiti, o‘simlik va Qozog‘iston mulklarini bosib olishdagi qonxo‘rliklaridan ko‘z yumolmagan. D. Logofet 1868—1880 yillarda Rusiyo imperiyasining takabbur generallari Chernyayev, Kaufman, Kuropatkin, Skobelevlar O‘rta Osiyoning qishloq va shaharlarini buzilgan o‘lkaga aylantirishlari-yu, begunoh xalqning qonini to‘kkanlarining tirik guvohidir.
«1868 yilda, — deb yozadi D. A. Logofet «Buxoro tog‘lari va tekisliklari» kitobida, — amirlik anchagina qo‘shin to‘plab, bizning sarhadlarimizga harakatidan so‘ng maxsus otryad tuzildi va u Toshkent tarafdan hujumga o‘tib, ko‘p qon to‘kishlardan so‘ng Buxoro qo‘rg‘onlari — Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘onni birin-ketin egallay boshladi. Shunday qilib, butun Zarafshon vodiysining yuqori qismi egallanib, Rusiyo tomonidan bosib olindi». D. A. Logofet istilochilarning Samarqand, Shahrisabz, Kitob shaharlarini zabt etish tafsilotlarini batafsil bayon etadi. «Samarqand o‘rislar qo‘lida bo‘lishiga va unda o‘ris qo‘shinlari joylashganligiga qaramasdan, Shahrisabz vohasida juda ko‘p ko‘ngillilar qo‘shini to‘plandi va Kitob begi Jo‘rabek, shahar begi Bobobek, Yakkabog‘ begi Muhammad Rajab boshchiligida Samarqandga qarab yurdilar, shaharni qamal qildilar. Ammo o‘ris askarlari general Kaufman guruhi yetib kelguncha, qahramonlarcha turib berdilar. Shahrisabz beklari mag‘lubiyatga uchragach, ular tog‘larga chekinishga majbur bo‘ldilar». General Skobelev yurishlarida ishtirok etgan V. Nalivkin «Qo‘qon xonligining qisqacha tarixi» (Qozon, 1888 y.) degan asarida Qo‘qon xonligining chor Rusiyosi istilosi davridagi iqtisodiy va siyosiy ahvolini tasvirlaydi. O‘rta Osiyoda chorizm zulmiga qarshi xalq ko‘zg‘olonlaridan biri Andijonda poytug‘lik eshon Sultonxon To‘raning muridi, «Dukchi eshon» nomi bilan nom chiqargan 42 yashar Muhammad Ali Xalifa (Madali eshon) boshchiligida xalq qo‘zg‘oloni bo‘ldi. Dukchi eshon suddagi javobida: «O‘ris hukumati zakot olishni bekor qildi, vaqflarni daromaddan mahrum etdi va Makkaga hajga borishni taqiqlab qo‘ydi», deydi. Oq poshsho tomonidan olib borilgan zulm, zo‘rlikning avj olishiga qarshi 1898 yil 17 may kechqurun Mingtepa (Marhamat)dan 200 otliq, 300 ta piyoda mujohid shaharga yurish boshlaydi. Dukchi Eshon boshchiligida ko‘zg‘olonchilar Andijon shaxrida joylashgan harbiy garnizonga hujum qilib, g‘azabga mingan qo‘zg‘olonchilar 23 ta o‘ris askarini o‘ldirib, 24 tasini yarador qilib, 30 tacha miltiqni o‘lja oladilar.
«Eshon to‘poloni» tezda Quva, Asaka, Shahrixon, Aravon qishloqlari, O‘sh, Marg‘ilon, Namangan shaharlariga keng yoyiladi. Biroq o‘ris generallari, sipohi askarlari tomonidan qarshi hujum uyushtirilib, ko‘zg‘olonchilardan shafqatsiz o‘ch olinadi. Dukchi eshon bilan birga Rustambek Sotiboldi o‘g‘li, G‘oyibnazar Ortiqxo‘ja o‘g‘li, Subhonqul, Bo‘taboy, Mulla Mirza Hamdamlar qo‘lga olinib, butun xalq va, ayniqsa, yosh bolalar ishtirokida qo‘zg‘olonchilarni dorga osib o‘ldiradilar. Tarixchi olim S. Jalilovning «Andijon» risolasida yozilishicha, podsho Nikolay II qo‘zg‘olonchilarni «namuna» bo‘ladigan qattiqqo‘llik bilan jazolashni buyuradi. Qo‘zg‘olonchilar ustidan boshlangan sud 3 oy davom etib, dastlab 447 kishi sud qilinadi, 800 ga yaqin kishi guvohlikka chaqiriladi. Qo‘zg‘olon haqidagi sud materiali («Andijanskoye delo») 20 jildni tashkil qilgan ekan. Sud 380 kishini jazolashga hukm chiqargach, dastlab 362 kishi otib o‘ldirishga hukm qilinadi. Qo‘zg‘olonchilardan 351 kishi turli muddat bilan qamalgan, 15 kishi oilasi bilan Sibirga surgun qilinadi. Qo‘zg‘olon markazi deb topilgan Mingtepa, Tojik, Qashqar qishloqlarini 3 kun tinimsiz to‘pga tutilib, qishloqlar kunpayakun qilinadi.
Dukchi eshon boshchiligidagi xalq ko‘zg‘olonining bostirilishida jasorat ko‘rsatgan 15 ta o‘ris sipohi va askarlari imperiyaning orden, medallari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bu o‘rinda bir ko‘rsatkichga e’tibor bering, qo‘zg‘olonchilar 23 ta o‘ris askarini so‘ygan, 24 tasiga tan jarohati yetkazgan. Bunga javoban qo‘zg‘olonchilardan 362 kishi otib o‘ldirildi, 6 kishi dorga osildi, 12 kishi otildi, 351 kishi turli muddat bilan qamaldi, 15 kishi oilasi bilan Sibirga surgun qilindi. Shahar va qishloqlar 3 kun to‘pga tutilib, mehnatkash xalq uyi xonavayron etildi.
O‘rta Osiyodan chiqqan Abumuslim, Foyk Turk, Amir Temur, Bobur singari ulkan sarkardalar bosqinchi, zolim sifatida baholanadi jami tarixiy risola va tadqiqotlarda. Zolimlik bobida ulardan qolishmaydigan Ivan Grozniy, Boris Godunov, Yekaterina, Nikolay kabi o‘ris podsholarini esa odil, dono qilib ta’riflaymiz.
Tarixdan ma’lumki, tarqoq Rusiyo ustidan uzoq yillar hukmronlik kilib kelgan mo‘g‘ul-totor imperiyasining belini sindirgan Amir Temurning xaloskorlik xizmati bebahodir. Oltin O‘rda xonligining zulmidan qutilgan o‘ris knyazliklari Ivan Grozniy rahbarligida birlashtirildi. Qozon (1552), Astraxon (1556) xonliklarini bosib olgan Ivan Grozniy tezda Volga qirg‘oklarini butunlay ishg‘ol qilib, 40 kunlik qamaldan so‘ng Qozon shahrini egallaydi va uning atrofida muqim totorlar, boshqirdlarni qilichdan o‘tkazib, ixtiyoridan serhosil yerlarini tortib olib, musulmon dinidagi bu xalqlarni zo‘rlik bilan nasroniy diniga kirita boshlaydi. Totor va boshqirdlarning Kreml maydoniga kirishi, Volga yaqinida yashashi man qilingan, imon dargohi — machitlar buzib tashlanib, ularning ma’lum qismi o‘ris cherkovlariyu ibodatxonalariga aylantirilgan yoxud moslashtirilgandi. Noinsoniy vahshiyliklar qilib, Volga bo‘yidagi, G‘arbiy Sibirdagi o‘nlab xalqlarni qirdirib yuborgan Ivan Grozniyning jallodligi tarixi sha’niga madhiyalar o‘qildi, o‘qilmoqda. U hakda badiiy asarlar, tarixiy va solnomaviy badiiy filmlar, opera, baletlar yaratilgan. Volgabo‘yi xalqlarini bo‘ysundirgan Ivan Grozniy ko‘p o‘tmasdan Sibir yerlarini zabt etishga kirishdi. Ataman Yermak boshliq kazaklar Sibirdagi Qo‘chum xonligini tugatib, G‘arbiy Sibir yerlarini bosib oldi. Sibiriyada tarixan muqim 30 dan ortiq o‘ris bo‘lmagan mahalliy xalqlarning mulkini tortib olish, o‘zlarini qirib tashlash aynan shu asrda boshlanadi. Istiloning qora bulutlari Qozog‘iston va O‘rta Osiyo osmonida quyuqlasha boshladi. Vasiliy Peyarkov, Timofey Xabarov boshchiligidagi ilk ekspeditsiyalar, Amur o‘lkasi va Tinch okeani qirg‘oqlariga qadar chiqish bilan yakunlandi. Sharqiy Sibir, Chukotka, Kamchatka, Saxalin bosib olingach, mahalliy xalqlar o‘ris mustamlakasining changalida qoldilar. Ularning ov manzillari, bo‘g‘i boqiladigan o‘tloqlari tortib olinib, o‘zlari qirib tashlandi va yoxud yashash uchun noqulay bo‘lgan uzoq shimol taygalariga, botqoqzorlarga haydab yuborildi. Bosib olingan yerlarni mangu mustamlakaga aylantirish va o‘ris askari tig‘i yetgan yurtlarni Rusiyo deb atash milliy an’anasining yaratuvchisi Ivan Grozniydir. Uning o‘zi esa tarqoq o‘ris yerlarini birlashtirgan buyuk podsho deb ko‘klarga ko‘tarib maqtaldi. Moskva, Leningradning o‘nlarcha muzeylarida o‘ris knyazlariyu podsholarining, ularning ajdodu avlodlarining tutgan buyumlari, kiyimlari tabarruk ashyo sifatida ardoqlanmoqda, buzib tashlangan yoki eskirgan soborlari millionlab so‘m pul sarf qilinib ta’mirlanmoqda, boyitilmoqda, to‘ldirilmoqda. Bu xayrli ishlar nasroniy dinining qabul qilinishiga ming yil to‘lishi munosabati bilan Rusiyoda boshlanib ketgan ommaviy tantanalardan so‘ng yanada avjiga chikdi.
Bizda esa mahalliy yugurdaklarning «zukkoligi» sababli yurtning asl egalarining Vatan o‘tmishini o‘rganishi millatchilikka olib keladi, degan ma’shum «aqida» asosida barcha madaniy yodgorliklar, me’morchilik obidalari buzib tashlandi, yo‘q qilish hamon davom etmoqda. Yarim vayrona tarixiy obidalar ta’mirlashga muhtoj, qarovsiz holda, mablag‘ topilmaydi. O‘rta Osiyodan chiqqan buyuk tarixiy siymolar haqida esa to‘la bo‘lmagan, oyoqosti qilingan qo‘lyozma manbalardan bo‘lak hech narsa saqlangan emas, aksariyati yo‘qotilgan, Maskovga olib ketilgan, qolganlari ham «tasodifan» yonib ketmoqda yoxud o‘g‘irlangach, topilmasdan kelmoqda.
Mashhur yozuvchi va olim Abdurauf Fitrat tarixiy obidalarga, o‘tmish merosga, noto‘g‘ri, nigilistik munosabat haqida «Sayyohi hindiy» (1912 y.) asarida yozgan edi: «Ovro‘poliklar o‘zlaridan kelajak uchun yodgorlik qoldiradilar, har kun yaxshilik uchun bir saroy quradilar, musulmonlar esa kelajak avlod-ajdodlarini unutmasligi uchun yodgorlik qolsin degan a’molni esga ham olmaydilar. Hatto o‘z salaflarimiz va buyuk odamlarimiz qoldirgan yodgorliklarni vayrona va xarobaga aylantiramiz».
Qozog‘iston va O‘rta Osiyo o‘lkalariga qilich yalang‘ochlab, zambarak sudrab kelgan Perovskiy, Quropatkin, Chernyayev, Qaufman, Skobelev kabi chor Rusiyosining bosqinchi generallari jindek bo‘lsa ham vijdon oldida hisob berdilarmi? Aslo! Ular o‘zgalar yeriga xo‘jayin bo‘lishni sharaf deb bildilar. Mustakil Hindistonning ulug‘ farzandi Javoharlal Neru «Hindistonning kashf etilishi» nomli asarida Bobur va uning nabirasi Akbarshoh haqida shularni yozgan edi: «Bobur dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam bo‘lgan, u san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur kilishni yaxshi ko‘rardi. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq bo‘lib, ko‘p yaxshi fazilatlarga ega bo‘ldi». Agar biz boskinchi generallardan Chernyayev, Romanovskiy, Kaufman, Skobelev va boshqalarni xuddi Boburdek o‘zga yurtlarni bosib olgan hukmdorlar sifatida baholasak, o‘rta osiyolik birorta siymoning chor generallariga nisbatan ijobiy baho bermaganligini, aksincha, zobitlardan nafratlanganliqlarini ko‘ramiz. Ma’rifatparvar ziyolilar, tarixchi olimlar, ayrim o‘ris tarixchilari ham O‘rta Osiyoni harbiy yo‘l bilan, zo‘rlik bilan, qon bilan bosib olish kompaniyasini mustamlakachilik deb qoraladilar. O‘ris mustamlakachilari xuddi Mirzo Boburdek o‘zgalar yurtini bosib olib, butun boyligini talon-taroj qilish, xalqning qonini zulukdek so‘rish ishini xatolik, yuzi qarolik emas, ayni muddao, amalga oshgan asriy niyatlar ro‘yobi deb bildilar. Chor hokimiyatining ochko‘z amaldorlari mahalliy boylar bilan til biriktirib, mehnatkash xalk ommasini hadsiz ezdilar, uning iqtisodiy va madaniy o‘sishiga g‘ov soldilar.
Ekologik olimlarning uzoq muddatli kuzatishlaridan chiqargan ilmiy xulosalari bilan tanishtirsam siz aziz mushtariylarni: tabiiy muvozanat uzoq o‘tmishda ham, o‘tgan asrda ham, shiddatkor asrda ham siyosiy va iqtisodiy qaram iqlim mamlakatlarining hududidan boshlab buzila borgan. Inglizlarning qo‘y yungi va go‘shtiga ishtahasi Avstraliyani yeb qo‘yishiga salgina qoldi xolos, deya kinoya qiladi olimlar. Rusiyoning paxta, oltin, kumush va osh tuziga bo‘lgan ehtiyoji istiloning asosi bo‘ldi.
O‘rus Turkistoni general-gubernatori fon Kaufmanning imperatorga yozgan maktublarining birida istilo O‘rta Osiyo xalqlarining madaniyatini, ijtimoiy taraqqiyotini uch yuz yilcha orqaga surib yuborganligi to‘g‘risida maktanib yozgan. Shubhasiz, inqilobdan avval machit, maktab, madrasalarda o‘qishlar chegaralangan, arab, fors, tojik va turkiy xalqlar tillarida bitilgan noyob qo‘lyozmalar chor ma’muriyati tomonidan olib ketilgan, inqilobdan keyin I. Stalinning qirg‘inbarot davrida esa ma’rifatlilar bilan birga eski kitoblar xam yo‘q qilingandi. Omon qolgan boy kutubxonalar, Sharqshunoslik va qo‘lyozmalar oliygohlarining xazinasida chang bosib yotibdi. Ularni keng o‘rganmoq, zarurlarini chop etish mavridi yetdi. El haqiqatni o‘z ko‘zi bilan o‘qib ko‘rsin-chi, O‘rta Osiyo haqiqatda ham qo‘shib olinganmi yoxud bosib olingan — zo‘raki mavhumot tugunini qalban o‘zlari yechgan bo‘lardilar.
Birinchi jahon urushida yengilib, katta moddiy va harbiy zarar ko‘rgan chorizm front va front orti mudofaa ishlari, harbiy aloqa bo‘limlari, ko‘priklar, temir yo‘llarni ta’mirlash va barcha qurilish ishlarini bajarish uchun mahalliy xalqlarni majburiy xizmatga chaqiradi. Turkiston aholisidan 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan erkaklar mardikorlikka olinishi haqida farmon chiqarildi. Farg‘ona viloyati 50 ming, Samarqand 30 ming, Toshkent va Sirdaryo 87 ming, Yettisuv 60 ming, Zakaspiy 15 ming odam berishi aytilgan edi. Shu munosabat bilan O‘rta Osiyo shahar va qishloqlarida chorizm zulmiga qo‘zg‘olonlar alangalanib ketdi.
Adolatli va dono tarixchi F. Xo‘jayevning «1916 yilgi qo‘zg‘olonning tarixiy ahamiyati» maqolasida keltirilgan faktlarni qayta eslash zarurdek tuyuldi. Chor hukumati va burjuaziya qo‘zg‘olonchilari u yoqda tursin, hatto qo‘zg‘olon ko‘tarmagan uyezd va tumanlardagi tinch aholiga nisbatan ham qanday harakat qilganliklarining yorqin manzarasini tasvirlab beruvchi ba’zi hujjatlar ko‘rsatib o‘tiladi ularda. 1916 yil 6 avgustida Jizzax jazo guruhining boshlig‘i qo‘zg‘olonga qo‘shilgan chorvador va g‘allakorlarning uy-joyini yondirib, yo‘q qilish to‘g‘risida o‘ziga qarashli qo‘shinlarning barcha turlariga, komandirlariga buyruq yuborgan. Bundan so‘ng qurolsiz erkaklarnigina emas, xotin-qizlar va bolalarni ham otib o‘ldirgan podshohning sodiq malaylari guruh shtabiga birin-ketin ma’lumotlar yuborishgan: «Ma’lum qilamanki, bizning guruhimiz Peshagar qishlog‘ini deyarli tamomila yondirib tashladi. Quchtol va Chambilda bir necha uy-joy qoldi xolos». (Rota komandiri.) «Bugun men Jizzaxning eski shaharidan 1607 nafar erkak, 2224 nafar ayol va 1705 nafar tub joy xalk bolalarini ko‘chirtirib yuborganligini ma’lum qilaman» (kolonna boshlig‘i polkovnik Chijikov).
«Qoratosh, Ota-Yamichi, Yangi qishloq, Safarota, Sarimsoq qishloqlariga o‘t qo‘yilganligini ma’lum qilaman» (jazo guruhining boshlig‘i, yasovul yordamchisi Yershov). «Sartlardan 856 erkak, 1140 ayol, 1107 bola to‘plandi. Ularni Qilli qishlog‘iga jo‘natmoqchiman. Bu sartlarning birortasida nonu g‘alla yo‘q. Ular ko‘chirib yuborilganda ochdan o‘lishlari tayin» (buni ham polkovnik Chijikov yozgan).
«Katta shaykalarga duch kelinmadi. Tog‘larda besh kishidan o‘n kishigacha bo‘lgan kichikroq to‘dalar topildi, ular otib tashlandi, mol-mulki yondirilib yuborildi (polkovnik Varxatovning yuborgan ma’lumotnomasidan). Chor hukumati 1916 yilgi qo‘zg‘olonni misli ko‘rilmagan shafqatsizlik bilan bostirdi. Mana shu shafqatsizliklar natijasida xonavayron qilingan va kuydirilgan qishloqlardan yuz ming kishi qochib ketdi, el ochlikdan, suvsizlikdan o‘lib ketdi. Chor hukumati qo‘zg‘olon ko‘targanlardan mana shunday shafqatsiz ravishda o‘ch olish bilan o‘lkani uzoq yillar «tinchitishni», uni chor Rusiyosiga qaram, mustamlaka holida saqlab qolishga umid qilgan edi»[2].
Tarix fani O‘rta Osiyo davlatlarida, jumladan, O‘zbekistonda ham xo‘jako‘rsingagina o‘rgatilyapti. Hozirgi yoshlarimizning O‘rta Osiyo xalqlari tarixi, ajdodlarimizning bunyodkorlik an’analarini bilmasligining sabablarini kanday izohlash mumkin? Yaxshiyamki, hayot darsligi adabiyot va san’at bayonda sobitqadam va shiddatkorligi bilan odamlarimiz kalbida shuur uchkunini alangalatib kelmoqda.
Turg‘unlik yillarida turmush voqeligi va tarixiy haqiqatlar zamirida yaratilgan yozuvchi P. Qodirovning «Yulduzli tunlar», «Avlodlar dovoni», M. Mahmudovning «O‘lmas qoyalar» romanlari asossiz tanqid qilindi. Yozuvchining g‘oyaviy yo‘nalishi siyosiy xatolikda ayblangach, «O‘lmas qoyalar» romani nashr ettirilmadi. Holbuki, romanda Rusiyo imperiyasining Qozog‘iston va O‘rta Osiyo yerlaridagi mustamlakachilik siyosati badiiy obrazlar orqali haqqoniy tasvirlangan edi. Bu qayta qurish, oshkoralik va demokratiyaning ulug‘ samarasidir, albatta.
Chor Rusiyosining qonxo‘r generallari Kuropatkin, Skobelev, Qaufman, Chernyayev kabi istilochilar Turkiston diyorini vayron qilib, tinch mehnat jabhasidagi xalq ommasini zulmga giriftor qildilar. Chor chinovniklari, bosqinchi generallar zulmiga qarshi mehnatkash xalq qo‘zg‘olonlari bo‘lib turdi. Chor chinovniklari va maxalliy boy, amaldor zulmidan sabr kosalari to‘lgan xalq o‘zi to‘qigan «Salom ayting», «Poyezdingni jildirgan», «Nikolay qonjallob» kabi qo‘shiqlarda bosqinchi zolimlarning kirdikorlari fosh etildi. Masalan, Andijonda xalq orasida bosqinchilarga qarshi bir qo‘shiq shunday yangragan edi:
Har tarafga chim bosib,
Xo‘p bo‘ldi mahkam Andijon,
Na yigitlar bor ekan,
Miltiqqa tutdi qo‘ymayin,
O‘ldirib jandarmni,
Haydab chiqardi Andijon.
Orzuqul ablah yana
Xilvat bilan yo‘l boshladi
Qultepaga opchiqib,
To‘pni qo‘ydi har taraf
Xo‘p bo‘ldi vayrona Andijon!
Chor Rusiyosi jallodlarining to‘p, zambarak zarbidan, miltiq va qilich hamlasidan Qozog‘iston va O‘rta Osiyo xalklarining qonlari daryo bo‘lib oqqan edi.
Sho‘ro tarixchi olimi Yu. A. Sokolovning «Tashkent, tashkenttsы i Rossiya» (T. 1965 g.) nomli ajoyib kitobi bor. Bu kitobda ko‘rsatilishicha, o‘n kunlik qonli kurashlar natijasida Toshkent shahri himoyachilaridan 12 ming kishi o‘lgan, ko‘plab yarador bo‘lgan o‘rislardan esa bor-yo‘g‘i 25 kishi o‘lib, 117 kishi yarador bo‘lgan. Ana shundan keyin shahar qozikaloni Hakimxo‘ja boshliq o‘n kishidan iborat vakillar Rusiyo imperiyasining generali Chernyayev bilan majburan bitim-ahdnoma tuzib, Toshkent shahrining o‘n ikki darvozasining o‘n ikki oltin kalitini topshiradilar.
Ko‘rinadiki, zamonasoz tarixchilarimiz yozganlaridek, O‘rta Osiyo Rusiyoga ixtiyoriy qo‘shilgan yoki qo‘shib olingan emas, balki kuchsizlikdan zo‘ravonlarga, bosqinchilarga majburan taslim bo‘lganlar. «Haqiqat kuchda» deb bilgan chor imperiyasi shu holatda O‘rta Osiyoni zabt etdi. Biroq ming afsus-nadomatlar bo‘lsinkim, bir qator tarixchi olimlarimiz «O‘rta Osiyo Rossiyaga ixtiyoriy qo‘shilgan» va «qo‘shib olingan» degan silliq ibora bilan haqiqatdan yiroq, mantiqsiz, g‘irt yolg‘on gaplarni yozib keldilar. Bu olimlarning ishi hozirda o‘zbek tiliga davlat maqomi berilgan bir paytda o‘z qadriyatini, o‘z tilini unutgan, o‘z ildiziga o‘zi bolta urayotgan ayrim olimlarning «davlat maqomi o‘zbek tiliga emas, o‘ris tiliga berilsin», degan bo‘g‘iq, noxush ovozini eslatadi. Bundaylarni biz manqurtlar deb ataymiz. Yuqorida aytilganidek Toshkent shahrining bosib olish tafsilotini tarixchi Muhammad Solih Toshkandiy «Toshkentning yangi tarixi» kitobida shunday yozadi: Toshkentning nufuzli kishilarining Sibirga jo‘natilish voqeasidan qo‘rqib ketgan shahar boshliqlari, qozi kalonlari, jumladan, Hakimxo‘ja qozi kalon general Chernyayev aytgan ahdnomani bezash va tuzishni Abdusattor Qorabosh o‘g‘liga topshirdi. Ahdnoma tayyor bo‘lgandan so‘ng unga shahar kattalari va savdogarlari qo‘l qo‘yib muhr bosadilar va general Chernyayevga topshiradilar. General Chernyayev 1865 yil 17 iyunda Toshkentning Shayxontahur, Beshyog‘och, Chorsu va boshqa xalq gavjum yashaydigan dahalari, bozor rastalariga to‘p-zambaraklar o‘rnatib, darhol Toshkent shahri taslim bo‘lmasa, shaharni vayron qilib, xalqni qonga botirish dag‘dag‘asini qiladi… Shahar boshliqlarini tezroq o‘z tomoniga jalb etish maqsadida general Chernyayev shahar qozi kaloni Hakimxo‘ja uyiga mehmonga borib, ayyorlik bilan uning ko‘ksiga Oq poshshoning oltin medalini taqadi. General Toshkent shahri aholisiga o‘zini «xalqparvar», «adolatparvar» ko‘rsatib, izvoshda Registon va bozor rastalarida aylanib, kambag‘allar, darvesh, gadolar orasiga tangalar sochadi, ularga sovg‘a-salomlar hadya etadi. Jangda o‘lganlarni ko‘mishga ruxsat beradi, yaradorlarga, bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatadi. Asirlarni, qochoqlarni ozod qiladi, maktabda o‘qishni davom ettirishga farmon beradi» (39-61-sahifalar).
General Chernyayev Toshkentni bosib olgandan keyin qo‘lga kiritilgan barcha boyliklar bilan shaharning o‘n ikki darvozasining o‘n ikkita oltin kalitini Oq poshsho hazratlariga hadya etadi. Chernyayev o‘z bosqinchilik siyosatini yashirish va pinhon tutish uchun ahdnomani Abusaid va Hadixo‘ja nomli savdogarlar qo‘liga berib, katta sovg‘a-salomlar bilan birga Peterburgga, o‘ris podshosiga olib borib topshirishni buyurgan. Bundan maqsad Rusiyo O‘rta Osiyoni bosib olganligini yashirib, jahon afkor ommasi fikrini chalg‘itgan, to‘g‘rirog‘i, aldagan. Rusiyo hukmdorlari qozilar, savdogarlarni qo‘rqitib, «O‘rta Osiyoning Rusiyoga qo‘shilishi» to‘g‘risidagi yolg‘on ahdnomaga qo‘l qo‘ydirib, muhr bosganlar. Ular hokim, savdogarlarni ko‘klarga ko‘tarib, ahdnomani matbuotda e’lon qilganlar. Xorijiy mamlakatlar, jumladan, Istanbuldagi o‘ris elchixonasi orqali ahdnomani ko‘paytirib, Turkiyaning shahar bozorlari, do‘kon-rastalariga yopishtirib qo‘yganlar. Aslida esa Rusiyo O‘rta Osiyoni to‘p-zambarak gumbiri, qilich, nayza zarbi bilan bosib olganligi afkor ommaga ravshan edi. Bu voqeani ulug‘ Usmonli turklari saltanatiga o‘zga turkiy xalqlarning mulklari bo‘ysundirilishini pisanda qilishdek shovinistik bir tadbirdir, deya sharhlash mumkin.
O‘rta Osiyo chorizm tomonidan bosib olingach, Rusiyodan turli toifadagi chinovniklar — muttahamlar, qallob, poraxo‘rlar, yulg‘ichlar, betayin, yaramas nusxalar O‘rta Osiyoga chigirtkadek yopiriladilar. Bu yerda paxta «kasalligiga» mubtalo bo‘lgan mustamlakachi fabrikantlar, davlatmand savdogarning talonchiligi ham avjiga chiqdi. Masalan: 1884 yilda 300 desyatina yerga paxta ekilgan bo‘lsa, 1889 yilga kelib 44550 desyatina yerga paxta ekildi. Agar 1888 yilda 873000 pud paxta yetishtirilgan bo‘lsa, 5 yildan keyin esa o‘lkada 3588025 pud paxta yetishtirildi. Shunday qilib, monopolistik ekin hisoblangan paxta yetishtirish yildan-yilga ko‘payib bordi, 1914 yilga kelib, faqat o‘ris to‘qimachilik sanoati uchun O‘rta Osiyodan 269 milyon so‘mlik paxta tolasi olib chiqib ketildi. («Istoriya narodov Uzbekistana». T., 1947, T.,2. str. 272 russ. izd.) Birgina Qo‘qon xonligidan 1862 yilda jami 160 ming pud paxta Rusiyoga olib ketilgan bo‘lsa, 1867 yilga kelib esa 274 ming pud laxta olib ketildi, deyiladi M. A. Terentevning «Rossiya i Angliya» (Spb, 1876, 51-sahifa) kitobida. Demak, paxta yakkahokimligi uchun kurash 100 yillarcha avval boshlangan ekan. U hozir ham davom etmoqda.
General-gubernator, okrug qo‘mondoni Kaufman qo‘zg‘olonlar haqida shularni yozgan edi: «Biz xon bilan emas, balki xalq bilan to‘qnashdik. Uni bostirish oson bo‘lmadi. O‘rislar hali O‘rta Osiyoda bunday uzoq va qattiq qarshilikka duch kelmagan edilar». 1892 yilgi Toshkentdagi «Vabo isyoni», 1898 yilgi Andijondagi Dukchi eshon, Po‘latxon qo‘zg‘oloni ana shular jumlasidan bo‘lib, bu qo‘zg‘olonlar chorizmning O‘rta Osiyodagi mustamlakachilik siyosatiga juda katta zarba berdi, uni iqtisodiy, siyosiy jihatdan qattiq zaiflashtirdi.
Mahalliy sanoat, xalk xo‘jaligi, chorvachilik, o‘sib borgan sari mehnatkash xalqning ikkiyoqlama ezilishi yanada kuchaydi. O‘tmishda qoloq xalqlarning o‘sib borayotgan ozodlik harakati, mustaqillikka bo‘lgan intilishidan cho‘chiyotgan milliy burjuaziya, mahalliy hukmdorlar o‘ris burjuaziyasi va chor chinovniklari bilan ittifoq yashashga, birini ikkinchisi himoya qilishga kirishdilar. O‘ris imperatori Aleksandr II — Rusiyo podsholigiga tobe bo‘lgan Buxoro hukmdorlari amir Said Muzaffarxonga (1860—1885) general-adyutant, Xiva xoni Muhammad Rahimxonga (1865—1910) general-mayor harbiy unvonlarini berdi. O‘rta Osiyo xonliklarining amaldorlari, boy-savdogarlarning avlodlari Peterburg va Moskva kabi shaharlarda o‘ris dvoryanlarining farzandlari bilan birga savdo-sotiq hamda harbiy bilim yurtlarida ta’lim oldilar. Rusiyo imperatorlarining «saxiyliklari» tufayli Buxoro amirining keyingi avlodlari Abdulahadxon (1885—1910) general-polkovnik bo‘ldi; so‘nggi amir Said Olimxon Rusiyoda harbiy tahsil ko‘rdi va general-leytenant unvoniga ega bo‘lgan edi. O‘tmishda boy boyga boqar, suv soyga oqar qabilida ish ko‘rilib, xalqlar turmasi hisoblangan chor Rusiyosi xalqlarni ham, mustamlaka Turkiston mehnatkashlarini ham inqilobga qadar shafqatsiz ezib keldi.
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 7-son
_______________
[1] Bu haqda professor H. Ziyayevning «Chorizm istilosi» nomli maqolasi («Sharq yulduzi», 1990 y. 8-soni)da batafsil ma’lumot berilgan.
[2] F. Xo‘jayev. Tanlangan asarlar. III tom. T. 1980 yil.