Yozuvchi va jurnalist Lev Razgon umrining 17 yilini Stalinning qamoqxonalarida va jazo lagerlarida o‘tkazdi. Uni «aksilinqilobiy tashviqot»da ayblashib, «xalq dushmani» tamg‘asini bosishgan edi. Ushbu maqolada muallif millionlarning yostig‘ini quritgan va millionlarning yuragiga bitmas jarohat solib ketgan o‘sha yillarning mudhish fojnalari haqida so‘zlaydi.
1977 yil, noyabr. Moskva, Petroverijskiy ko‘chasi. Yurak kasalliklari instituti. Men bilan bir xonada yotgan bemorlardan biri — Grigoriy Niyazov. U xushchaqchaq, harakatchan va ancha-muncha dilkash odam. Hech narsa uning ko‘zidan qochib qutulmaydi. Qulog‘i shunday sezgirki, koridor chetidagi g‘ala-g‘ovur ichidan alohida so‘zlarni bemalol ilg‘ab, ajrata oladi. Ammo uning qiyofasida qandaydir xira, odamning yuragiga g‘ashlik soluvchi bir nima bor. U o‘zini, o‘z tani va sog‘ligini o‘ylab nuqul qaqshagani-qaqshagan. U, meni yaxshiroq davolanglar, deb xarxasha qilaverib, doktorlarning enka-tinkasini quritadi. Jindak ishkal topgudek bo‘lsa, ularni ta’na-dashnomlarga ko‘mib tashlaydi.
Niyazov bilan menga bir vaqtda sayr qilishga ruxsat berishdi. Men bunga xursand bo‘ldim. Nega desangiz, Niyazov menga sirli bir jumboq bo‘lib tuyular, bahonada ana shu jumboqni yechish imkoniyati tug‘ilgan edi. Bir gal u, dori-davoni to‘la bermayapsiz, deb doktorni ancha xijolat kilgan edi. Men buni, qanday bila koldingiz, deb so‘raganimda, u g‘ururlanib javob bergan edi: «Be, meni laqillatib bo‘pti! Men xavfsizlik agenti, Chekaning odamiman, axir!»
O‘sha, kasalxona hovlisida ilk bor sayr etganimiz kuni undan shu haqda surishtirdim:
«Grigoriy Ivanovich, Chekada ishlaganman, dedingizmi? Qayerda ishlagansiz?»
«Ha, Chekada ishlaganman, Omskda».
«Qamoqxonada mazoratchi bo‘lganmisiz?»
«Ha, Omsk turmasida. Dastlab oddiy qamoqxonada, keyin ichki turmada».
«Qanday qilib u yerga borib qoldingiz?»
Grigoriy Ivanovich Niyazovning oilasi juda kambag‘al edi. Onasi kir yuvar, otasi hovli qorovuli edi. Ular bir amallab kun kechirishar, o‘n bir bolani zo‘rg‘a boqishardi. Grigoriy kuchli, serjahl bola bo‘lib o‘sdi. U o‘qishni istamadi. Onasining tergov-qistoviga qaramay, yettinchi sinfdan so‘ng maktabni tark etdi. Uning o‘z iborasi bilan aytganda, «oilasiga yordam berish uchun sayoqlik yo‘liga kirdi». Buning ma’nosi shuki, u o‘g‘irlik qila boshladi. Bozor oralab, magazinlarni aylanib, odamlarni qon qaqshatardi. U yakka o‘g‘ri bo‘ldi, guruhlarga qo‘shilmadi, bu yo‘l unga ancha xavfsiz va qulay bo‘lib ko‘rindi.
Niyazovning baloga aqli yetardi, u bo‘yi cho‘zilib qolgach, o‘g‘rilik qilishni to‘xtatdi, negaki, endi qo‘lga tushib qolgudek bo‘lsa, militsiyaning «bolalar xonasi»gamas, undan nari — qo‘rqinchliroq joylarga jo‘natilishi turgan gap edi. Militsiya unga ish topib berdi. U fabrikada ishlay boshladi. Lekin dastgohdan lat yeb, ishini o‘zgartirdi, avvaliga yuk tashib yurdi, so‘ng qorovul bo‘lib ishladi. Komendantning ishonchini qozondi. O‘sha, 1935 yilda u kimlargadir ma’qul tushdi shekilli, ko‘pdan o‘ylab yurgan orzusiga yetdi. Uni Omsk turmasiga kichik nazoratchi qilib ishga olishdi. Omadi yurishib, olti oydan so‘ng katta nazoratchi bo‘ldi. Keyin ichki turmaga ko‘chirishdi. Shu yerda to 1937 yilgacha ishladi. So‘ngra undan bir og‘iz ham so‘ramay, «maxsus loyihalar» degan joyga jo‘natishdi. Bu Uzoq Sharqdagi temir yo‘lga yaqin bir joy edi. Mahbuslarni yirik shaharlar va rayon markazlaridan keltirib, shu yerda otishardi.
Men Niyazovning savollarimga bergan javoblarini sira unutolmayman, ularni so‘zma-so‘z keltiraman, vijdonimni o‘rtaga qo‘yib aytamanki, o‘zimdan hech narsa qo‘shmadim.
«Maxsus loyihalar» degani uncha ham katta lager emasdi. 200—250 kishiga mo‘ljallangan edi. Ba’zan oqim kuchayib, mahbuslar soni 300 taga yetardi. Shuning uchun eski oshxonani barakka aylantirib, mahbuslar yotadigan so‘rilar qurishgandi. Ammo bu yer hamma vaqt ham gavjum bo‘lmasdi, mahbuslar bu yerda ko‘pi bilan ikki yoki uch kun turishardi, xolos. Bu yerda «maxsus loyihalar»dan bo‘lak gaplar ham bor edi…
Niyazov «loyihalar» so‘zini qat’iy qilib, mag‘rur turib, aytdi. Uning nazarida, bu so‘zning ma’nosi buyuk edi.
«U yerda nima ishlar qilgansiz?»
«Odatdagi ishlarni. 24 soat ishlab, 24 soat dam olardik. Kunduzi yuk mashinasi bilan stantsiyaga chiqardik. Mahbuslarni poyezdda keltirishardi. Biz ularni mashinalarga o‘tqizib, lagerga qaytardik. So‘ng ularni xonalarga joylashtirardik. Keyin soqchilar mahbuslarga sho‘rva tarqatishar, men esam qozon boshida turib, ularning ishini kuzatardim. Xullas, odatdagi ishlar…»
«Ularni kim otardi? Maxsus kishilarmi?»
«Hech qanday maxsus kishilar yo‘q edi. O‘zimiz otardik.»
«Qanday qilib?»
«Ertalab navbatimiz tugardi. Biz qorovulxonaga borib, avtomatlar bilan qurollanib, bir stakandan aroq ichib olardik. Keyin ro‘yxat bo‘yicha xonalarni aylanib, mahbuslarni tashqariga haydab chiqardik-da, mashinalarga o‘tqizardik.»
«Qanaqa mashinalarga?»
«Usti ochiq, oddiy yuk mashinalarga. Har bir mashinaga olti mahbus, to‘rt soqchi joylashardi.»
«Ular o‘zlarini qayoqqa olib ketishayotganini bilisharmidi? Ularga hukm o‘qilarmidi?»
«Hech qanday hukm o‘qilmasdi, hech narsa deyilmasdi. Faqat: «Chiqing!.. To‘g‘riga yuring!.. Mashinaga o‘tiring!..» Vassalom».
«Ular mashinada o‘zlarini qanday tutishardi?»
«Erkaklar ovoz chiqarmay, jim o‘tirishardi. Ammo xotinlar yig‘lashar va javrashardi: «Oh, nima qilyapsizlar o‘zi? Bizning hech gunohimiz yo‘q, o‘rtoqlar, nima qilyapsizlar o‘zi?.. va hokazolar…»
«Ularni uzoqqa eltarmidingiz?»
«Taxminan 12 kilometr nariga o‘rmon orasiga. Atrofi tepaliklar bilan o‘ralgan edi. Biz ana shu joyning o‘rtasiga yetib to‘xtardik va mahbuslarni mashinalardan tushirardik »
«Ularni mashinalardan tushirib, bir nimalar dermidingiz?»
«Nima ham derdik? Biz baqirardik, xolos: «Qani, tush! Qimirla! Saflan!» Ularning qarshisida katta xandaq qazilgan, tayyor turardi. Ular mashinadan tushiboq, bir-birlariga suqilishib g‘uj bo‘lib olishardi. Biz esa shu ondayoq ularga qarab o‘t ochardik».
«Ular jim turishaverarmidi?»
«Ayrimlari jim turishar, ayrimlari esa, biz — kommunistlarmiz, bizning hech gunohimiz yo‘q, deb qichqirishardi. Ammo xotinlar faqat yig‘lashar, bir-birlariiing pinjiga suqilib, g‘uj bo‘lib olishardi biz esa shu ondayoq ularga qarab…»
«Sizlar bilan doktor ham bo‘larmidi?»
«Doktorga ne hojat? biz ularni otardik. Bitta-yarimtasi o‘lmay tirik qolguday bo‘lsa, uni ham tinchitib, mashinaga qaytardik. Komanda darhol ishga kirishardi»
«Qanaqa komanda?»
«Bizning maxsus zonamizda jinoyatchilardan iborat komanda bo‘lardi. Ular lagerda u-bu yumushlarni bajarishar, asosiy xizmatlari — xandaq qazish. otilganlarning ustiga tuproq tortish va ertaga otiladiganlar uchun yangi xandaq hozirlash edi. Ular bu ishlarni saranjomlab lagerga qaytishardi. Shu yo‘sinda ularning qamoq muddatlari qisqarib borardi. Ularni yaxshi boqishar, bajaradigan ishlari ham deyarli og‘ir emas, o‘rmon kesishdan ko‘ra ancha yengil edi».
«Xo‘sh, keyin nima qilardingiz?»
Biz lagerga qaytib avtomatlarni qorovulxonaga topshirardik-da, keyin istagancha aroq ichardik. Aroq tekin edi. Ba’zilar yotib olib ichishardi. Men esam bir stakan ichardim, xolos. So‘ng oshxonaga kirib, biror issiq ovqat yeb olardim-da, barakka borib, uxlardim».
«Yaxshi uxlarmidingiz? Bezovta bo‘lmasmidingiz?»
«Nega bezovta bo‘lay?»
«Axir hozirgina odamlarni o‘ldirib keldingiz. Ularga achinmasmidingiz?»
«Yo‘q, ularga achinmasdim. Men buni o‘ylamasdim ham. Maza qilib uxlardim. Ertasi kuni sayr qilardim. Go‘zal manzarali joylar bor edi. Ammo juda zerikarli edi. Xotinlar yo‘q edi».
«Orangizda uylanganlar ham bormidi?»
«Yo‘q, uylanganlarni xizmatga olishmas edi».
«O‘zingiz otgan odamlarning gunohsizligini bilarmidingiz?»
«O‘shanda men buni o‘ylamaganman. Lekin keyinchalik bildim bizni prokurorlarga chaqirishdi. So‘roq qilishdi. Siz otgan odamlar gunohsiz ekan, xatolik o‘tibdi, nachora… Ammo nima ham qila olardingiz, sizlarda gunoh yo‘q, deyishdi»
«Xo‘p. Sizga «ot!» deyishgan ekan, otgansiz. Ammo o‘zingiz otgan o‘sha erkaklar va ayollarning gunohsizligini bilganingizdan keyin vijdoningiz qiynamadimi?»
«Vijdon deysizmi? Yo‘q, qiynamadi. Men bu haqda hech qachon o‘ylamaganman. o‘ylagan taqdirimda ham hech narsa o‘zgarmas edi. Odamlarga endi achina boshladim — ayniqsa, keksalar azob chekkanini ko‘rsam. Ularga achinib ketaman, hatto ba’zan o‘zimni tutolmay ho‘ngrab yuboraman Ammo anavilarga sira achinmayman. Nazarimda, ular hech qachon tirik bo‘lmagan .»
O‘sha «loyihalar»dan endi asar ham qolmagan — na Osventsim yoki Mauthauzenga o‘xshash qo‘rqinchli muzeylar, na Xatin, Salespils yoki Lidis singari alamangiz yodgorliklar tuproqqa qapishgan minglab, yuz minglab, nomsiz qabrlarni o‘rmonlar, butazorlar, quyuq o‘t-o‘lanlar qoplab yotibdi…
Lekin ularni otganlar-chi? Ular hamon tirik. O‘sha jallodlar oz bo‘lsa-da, hozir ham uchraydi. Biroq o‘shanday qatlgohlarga sira bormagan, ammo qotillik ustiga qotillik qilganlar ancha-muncha topiladi. Ular aybnomalarga: «men shundoq deb hisoblayman», «men roziman», «e’tirozim yo‘q», «hukm etilsin» deb imzolar chekishgan edi… Mana, endi ular pensiyaga chiqib, keksalik gashtini surishayapti. Bog‘larda o‘ynab yurgan bolalarga boqib, zavqlanishadi, kontsertlarga borishadi. Biz ularga turli davralarda duch kelamiz. Ular menga tengdosh, ayrimlari mendan ham yosh.
Niyazovning hikoyalarini eshitib, avvaliga hang-mang bo‘lib yurdim, keyin xastalanib yotib qoldim. Ammo shunisi dahshatliki, unga nisbatan yuragimda nafrat tuymadim. U ana ulardan yaxshi bo‘lmaganidek, yomon ham emas edi.
«Moskov nyus», 1988 yil, 17 noyabr
Ingliz tilidan Jamol Kamol tarjimasi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 6 yanvar