Matbuot, radio va televideniye xabarlaridan ma’lumki, 3—4 iyun kunlari Farg‘ona oblast Toshloq rayonida va Marg‘ilon shahrining Komsomolsk posyolkasida bir gruppa bezori yoshlar tartibsizliklar chiqarishdi. Natijada ko‘pgina ko‘ngilsiz voqealar sodir bo‘ldi. Ichki ishlar organlarining xodimlari bu tartibsizliklarni oldini olish choralarini ko‘rishga kirishdilar.
Tartibsizlik sodir bo‘lgan kuniyoq Moskvada SSSR xalq deputatlari s’ezdida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari R. N. Nishonov, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining Raisi M. I. Ibrohimov, respublika Ministrlar Sovetining Raisi G‘. H. Qodirov, O‘zSSR Ministrlar Soveti Raisining birinchi o‘rinbosari V. I. Ogarok, Farg‘ona oblast partiya komitetining birinchi sekretari Sh. M. Yo‘ldoshev, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston diniy boshqarmasi hay’atining raisi muftiy Muhammadsodiq Muhammadyusuf, shuningdek, SSSR ichki ishlar ministri V. V. Bakatin Farg‘ona oblastiga yetib keldilar.
Ro‘y bergan ko‘ngilsiz voqeaning sabablari aniqlanmoqda. Buning uchun O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining Raisi G‘. H. Qodirov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi. Adliya va huhuh organlarining mutasaddi rahbarlari ishtirokida aybdorlar aniqlanmoqda. Jabrdiydalarga esa meditsina yordami va boshqa zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, ana shu noxush voqealar natijasida ellik olti kishi halok bo‘lgan. 500 dan ko‘proq kishi jarohatlangan. 400 dan ziyod uy-joy, 100 dan ko‘proq avtomobil va 8 sanoat korxonasiga o‘t yoqilgan. Shuningdek, oltita muassasa va o‘quv yurtiga ham o‘t qo‘yilgan. O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining Farmoniga ko‘ra bu yerda komendantlik soati joriy etildi. Farg‘ona oblasti bo‘yicha harbiy komendant qilib O‘zbekiston SSR ichki ishlar ministri, general-mayor O‘. S. Rahimov tayinlandi.
Vaziyat hamon murakkabligicha turibdi. Ichki ishlar xodimlari harbiylar bilan birgalikda vaziyatni mo‘tadillashtirishga harakat qilmoqdalar. Yuzga yaqin tartibbuzarlar qo‘lga olindi.
Farg‘ona oblastida ro‘y bergan ana shu ko‘ngilsiz voqea munosabati bilan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi va respublika Ministrlar Soveti O‘zbekiston mehnatkashlariga, barcha aholisiga murojaatnoma qabul qildilar. Unda respublikamiz mehnatkashlarini, xususan Farg‘ona oblastida yashayotgan barcha millatga mansub kishilarni ahil-inoq, do‘st va totuv yashashga da’vat etiladi. Ayrim ekstremistlarning g‘arazli niyatlariga quloq solmaslik, barcha ishlarni vazminlik va aql-idrok bilan hal etishga chaqiriladi.
Farg‘onada ro‘y bergan ko‘ngilsiz voqea SSSR xalq deputatlari s’ezdida qatnashayotgan O‘zbekistonlik deputatlarning ham qalbini larzaga soldi. Ular respublikaning butun aholisiga, Farg‘ona oblasti mehnatkashlariga murojaatnoma qabul qildilar. Murojaatnomada jumladan quyidagi satrlar bor: «Biz sizlarga, atoqli shoirlar, yozuvchilar, mutafakkirlar, ma’rifatparvarlar avlodi bo‘lmish farg‘onalik birodarlarga, o‘zbeklar, tojiklar, qirg‘izlar, turkmanlar, qozoqlar, tatarlar va turklarga, jamiki millatlarning oqsoqollariga, otalar va onalarga, yigitlar va qizlarga, muallimlar va murabbiylarga, hamma-hammaga qadimiy Kreml devorlari yonida, tabarruk Qizil Maydonda turib murojaat etamiz.
Ehtiroslarni tezroq jilovlang, ko‘pirgan qonlaringizni sovuting, jahl otidan tushing, qalam tutishga, mehnat qilishga yaratilgan qo‘llaringizni o‘z yor-og‘ayningiz boshi uzra ko‘tarmang, muqaddas avlodlar ruhiga shak keltirmang! Egilgan boshni qilich kesmas deganlaridek, nonni o‘rtaga qo‘yib, bir biringizdan uzr so‘rang, bunaqa dahshat sira takrorlanmasligi uchun ont iching».
Bu satrlar respublikamizdagi barcha pok niyatli kishilarning ko‘nglidagi gaplar kabi yangradi. Chindan ham har qanday ishni aql-idrok bilan, xolislik bilan hal qilish mumkin. Buning uchun ehtiroslarga berilmay aql-idrokni ishga solmoq, vazminlik bilan ish yuritmoq zarur.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 9 iyun