— Ibrohim aka, odatda, yil yakunida kishi birrov ortga qaraydi. O‘tgan kunlarini eslab, ularni sarhisob qiladi. Ayni kunlarda Siz nafaqat 1987 yilni, o‘zingizning yarim asrlik umringizni, yigirma besh yillik ijodingizni sarhisob qilyapsiz. Shu kunlarda yaimalar haqida o‘ylayapsiz? O‘tgan yillar ichida o‘zingnz anglab yetgan falsafani qisqacha ta’riflab berishingiz mumkinmi?
— Umr o‘tgan, yosh ulg‘aygan sayin ilgari juda oddiy va hatto odmi bo‘lib ko‘ringan haqiqatlar zamirida yotgan hikmat kishiga teran tomonlari bilan ochilar ekan. Kuni kecha «Pravda» gazetasida taniqli adib Boris Ryurikov bizda, ya’ni SSSRda ijodkor imkoniyatli kishilar kam, biz ularni go‘daklikdan tarbiyalash zarurligini hanuzgacha anglab yetmadik, deb yozdi.
Bu odamni juda qattiq o‘ylatadigan masala — fikr. Bunday deyayotganimga hayron bo‘lmang. Shunday hollar bo‘ladiki, ularda butun mamlakat va shu mamlakat boshdan kechirgan butun bir tarixiy davr o‘z ifodasini topishi mumkin. Shuning uchun bunday fikrlarni men masala — fikr deb yuritishni yaxshi ko‘raman. B. Ryurikovning boyagi gapi ham shunday.
O‘zbek xalqi bugungi ishii ertaga qo‘yma, deydi. Juda odmi gap. Bu bugunning hosilini shu bugunning o‘zida o‘r, ertaga qo‘ysang, boshoqda yetilgan don sochilib ketadi, yo qushlarga talon bo‘ladi, yo qor-yomg‘ir ostida nobud bo‘ladi, deganidir. Ertaning ishi esa ertaga molik va tegishli. Bugun qilinmagan ish erta qilinajak ish bilan aralashib ketadi. Ish hajmi ko‘payadi, ado etib ulgurmaysiz, chor-nochor indinga qoldirasiz, indinning esa o‘z vazifasi bor. Indinga ish yanada ko‘payadi. So‘ng ulgurolmagan odam bariga qo‘l silkitadi. Ishlar o‘lda-jo‘lda bo‘lib yotaveradi.
Agar go‘daklikdan inson bolasi ishga ijodiy qaraydigan va yondashadigan qilib tarbiyalansa, zarurni nozarurdan darhol ajratishga o‘rgansa, u hech qachon bugungi ishni ertaga qo‘ymaydi… Hozir bizda o‘n besh yoshida roman yozgan yoki o‘n sakkiz yoshida mashhur shoir bo‘lib tanilgan, so‘zi xalq ichiga kirib borgan ijodkorlar yo‘q. Buning sababini o‘ylab ko‘rganmisiz? Hammasi go‘daklikdan biz farzandlarga har narsaga ijodiy qarash, ijodiy ado etish tarbiya hamda uquvini bermaganligimizda. Biz olijanob genlarni yashnatishni bilmaymiz, o‘rganmaganmiz, bizga hech kim o‘rgatmagan. Pala-partish hayot kechiramiz. Vaqtimizning hisobini bilmaymiz. Vaqtni boy bergach, o‘zimizni o‘qqa-cho‘qqa uramiz. Men qanchalab talantli yoshlarni bilaman, ular mavjud talantlariga ko‘ra o‘ttiz besh yoshlarida adabiyotimizning dovrug‘i bo‘lishlari kerak edi. Lekin ularning ko‘plari hatto qirq-ellikda ham uvrin-to‘da yo‘sinda ijod qilmoqdalar, uvrin-to‘da yo‘sinda turmush kechirmoqdalar. Bugungi ishlarni ertaga qo‘yish bizda juda ham odat tusiga kirgan, bunga xo‘p ko‘nikkanmiz. Hamma-hamma sohalarda… Bir kunda bitadigan ishlarimiz o‘n yillarga sudraladi, o‘n yilda bo‘ladigan ishimiz necha o‘n yillar bajarilmay yotadi. Navoiy bizdek bo‘lsa «Xamsa» hech qachon yozilmasdi. Vladimir Dal bizdek bo‘lsa, hech qachon ulug‘ lug‘at dunyoga kelmasdi (nafsilamirga bir Dalning o‘zi qilgan ishni hozir yirik-yirik institutlar, necha-necha olimlarni birlashtirgan lug‘at sektorlari qilib ulgurolmayapti). Beruniy bizdek bo‘lsa «Osor» yaratilmasdi… bunday ulug‘ ish yaratgan sharafli zotlar oz emas. Lekin ularning hammalari ham go‘daklikdan, ikki-uch yashar chog‘idan buyuk kitoblarni yod o‘qiganlar, she’r-doston dunyosining asiri bo‘lganlar, shlmu-urfonda ko‘shish ko‘rsatganlar. Ulug‘ odamlar o‘z-o‘zidan yaratilmaydi. Ular go‘daklikdan yaratiladi. Ular go‘daklikdan nimagaki qo‘l urmasinlar, uni kamol nuqtasida ado etish payida bo‘lganlar…
Men umrimning ko‘p qismini behosil narsalarga boy berib, endi shular haqida o‘ylayapman.
Uquvsizlik, noshudlik yomon ekan. U shaxs miqyosidagina emas, katta davlat miqyoslarida behisob ziyon keltiradi. Nobakorlik kasali — ishga yaroqsizlik kasali juda xavfli kasal. Biz shu kasalni necha o‘n yillar davomida avj oldirib yubordik. Endi jarohatlarimizni tuzatib ulgurolmayapmiz.
— Bizda yubileyi nishonlanmasa yoki maxsus darsliklarga kirmasalar, hatto eng mashhur zamondosh yozuvchi, shoirlarning ham hayoti haqida, nimagadir, mufassal yozish odatga aylanmagan. Bu, meningcha, to‘g‘ri emas. Xalq o‘z sevgan ijodkorlarining nafaqat asarlarini yoki bu asarlar haqida bitilgan risolalarini, balki ularning shaxsini, hayotini, yashash tarzini, kamolotga yetish yo‘llarini ham bilgisi keladi. Zotan, har bir yetuk ijodkor katta shaxsiyat egasi. Busiz u elning hurmat-e’tiborini qozona olmaydi. Ibrohim aka, gazetxonlarimizga o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz.
— Men umrim bo‘yi o‘z qonim, hujayralarimdan ana shunday nobakorlikni ayovsiz sitib chiqarishga, unga aslo izn bermaslikka intildim. Nobakorlik — ishga yaroqsizlikni har qanday illatning boshi deb «bilaman. Lekin baribir hech narsaga erisholmadim. Mehnatga erishdim. Ammo natija orzularimning yuzdan biricha ham bo‘lmadi.
Ozod Sharafiddinov, Tursun Ibrohimov, Subutoy Dolimov, Alibek Rustamov kabi ajoyib kishilardan ta’lim oldim. Dorilfunun menga ko‘plar qatori ijodiy nafas berdi.
Mirtemir, Mirkarim Osim, Odil Sharopov, Mirziyod Mirzoidov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Miraziz A’zam kabi ijodkorlar bilan uzoq yillar birga ishladim.
Mirtemir, Mirkarim Osim menga, nazarimda, oltin so‘zlarini qoldirib ketgandaylar. Ularning hokisorliklari allaqanday yetib bo‘lmas cho‘qqiga, aylangan va ne so‘z bilan aytayki, bu hokisorlik sira zamonga, o‘sha yillarning yashash tarzlari hamda intilishlariga uyg‘un emasdi.
— Aksar ijodkorlar o‘z ijodining ibtidosini bir xil mashqlardan emas, asarlarning ilk bor matbuotda e’lon qilinishidan boshlangan deb hisoblaydilar. Bu hayajonli kunni ular umrbod eslab yuradilar. Sizning hayotingizda o‘sha kun qanday kechgan? Kimlar ustoz sifatida boshingizni silagan?
— 1961 yil bo‘lsa kerak, Mirtemirning uzoq yillar tanaffusdan keyin oq muqovalik she’rlar kitobi chiqdi. Shu kitobni dorilfununni tugatgan va badiiy adabiyot nashriyotiga ishga kirgan yilim o‘qidim. U mening she’r haqidagi tasavvurlarimni o‘zgartirib yubordi. Men faqat G‘afur G‘ulom she’rlarinigina tushunardim. Mirtemir she’rlarini o‘qigach, Shayxzoda va Usmon Nosir she’rlarini ham tushunadigan bo‘ldim. Tushungach, ularga muhabbatim oshdi. Meni G‘afur G‘ulomning «Sog‘inish», Mirtemirniig «Suvrat», «Bibi Maryam», Usmon Nosirning muhabbat lirikasi tarbiya qilgan.
Oltmish to‘qqizinchi yilda Mirtemir aka she’riyati va ijodi haqida Ozod akaga ergashib adabiy portret yozdim. Uni yozguncha Mirtemir aka bilan ko‘p bora uchrashib, suhbatlarida bo‘ldim. Necha daftarlarni bu suhbat tafsilotlari bilan to‘ldirdim. So‘ng yozib bo‘lgach, Mirtemir akaga olib bordim.
Ertasiga ishda o‘tirsam, domla charaqlab kirib keldilar. «O‘qidim, kam bo‘lmang», dedilar. Ayrim faktlarga aniqlik kiritdilar. Papkani ochsam, qo‘lyozmaning titul varag‘iga o‘qlovday-o‘qlovday harflar bilan u burchakdan bu burchakka qarab: «Balli!» — deb yozilgan va tagiga Mirtemir akaning mashhur qo‘li qo‘yilgan edi. Men shunda o‘zimni adabiyotchi bo‘lganday sezdim. So‘ng Mirtemir aka maxsus kelib, otam bilan eski uyimizning bozillagan sandalida uzoq suhbatlashib ketdilar. Nega hokisor odamlar bu qadar yaxshi bo‘ladilar va bu qadar yaxshi yozadilar? — Shu sirni hanuz anglolmayman. Dilimda sezib turaman buning nimaligini, ammo ifodalab berolmayman. Balki bu alanganing hokisorligidir, balki bu olam havosini yangilab turuvchi shabadaning hokisorligidir, balki bu tabiatga va uning barcha jonli-jonsiz mavjudotlariga pokizalik baxsh etguvchi va dunyoni kezib yurguvchi suvning hokisorligidir…
Men shunday hokisorlikni Xudoyberdi To‘xtaboyev, Quddus Muhammadiy, Erkin Vohidov, Rauf Parfi kabi yozuvchilarda ham ko‘raman. Hokisorlik, albatta, tuproq bilan teng bo‘lish degani emas. Hokisorlik — xalqqa, yurtga xizmat qilib, yana hech qanday xizmat qilmaganday bo‘lib yurish, yuksak ma’naviy mezonlar bilan yashash, eng chuqur ishchan ma’noga ega insoniy kamtarlikdir. Xalq uchun qayg‘urish real ishlar, real ma’naviyat bilan belgilanadi. Boshqa hamma hollarda xalqimiz, xalqimiz, deb ko‘krakka urish manfaatparastliklarni pardalash va borib yetgan ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas va bo‘lolmaydi ham.
— O‘tgan yigirma besh yil ichida adabiyotga, ijodga bo‘lgan qarashlaringizda qanday o‘zgarishlar yuz berdi? Nimalar eskiligicha qoldi?
— Odamda fikr ham, g‘oya ham, qarashlar ham qotib qolmasligi kerak ekan. Fikr va g‘oyalar doimiy harakatdagina hayotni inson baxt — saodati yo‘lida o‘zgartirishga qodir bo‘larkan. Men elliginchi-oltmishinchi yillar adabiyotidagi ko‘tarinki ritorikani, madhiyabozlikni o‘zi shunday bo‘lishi kerak, deb tushunganman. Ilgarigi yozgan bir qator maqolalarimizda shu narsa sezilib turadi. Men o‘ylaymanki, hozirgi adabiyot befoyda chuchmalliklardan qutulish yo‘lida qattiq kurash olib boryapti.
Kortasar, Borxes, Aytmatov, Rasputin, Platonov, Otero, Silva, Kafka, Prust, Joys singari yozuvchilar ta’sirida adabiyot — o‘ta adabiyotga aylandi. U davr va insonga o‘ta qudratli va o‘ta shafqatsiz, ammo xuddi shu tomonlari bilan shifobaxsh oliy haqiqatlar bilan yondashmoqda. Adabiyot haqiqat universali bilan yaxshi zamon, yaxshi inson uchun kurashmoqda. Bu kurash bugun paydo bo‘lgani yo‘q. U o‘tgan kunlarda ham o‘tkir qirralari bilan mavjud edi. Faqat bugungi kunda u magistral yo‘lga aylandi. Biz yigirma yil ilgari Kafka kabi zo‘rabor adiblardan cho‘chirdik. Burjua deb cho‘chirdik. Lekin bugun bu cho‘chish batamom yo‘qoldi. Biz o‘zimizni olam madaniyatining barcha rang-barangligida merosxo‘r ekanligimizni teran his qila boshladik. Boshqacha yo‘ldan borganda madaniy xalqlardan orqada qolib ketamiz. Qotib qolamiz. Bir shoir o‘z kitobini «Ochiq osmon» deb atagan. Bu menga juda yoqadi. Dunyo nazarimda ochiq dunyo bo‘lib qoldi. Odamzod qushlar kabi bezavol bog‘larda yashashi kerak. Boshqa yo‘l — halokat.
— Gap 60-yillar yoshlariga borib taqalar ekan, diqqatingizni bir savolga qaratmoqchi edim. O‘sha yillar yoshlari bilan 80-yillar yoshlari o‘rtasida qanday uyg‘unliklar va farqlar ko‘rasiz?
— Oltmishinchi yillarning yoshlari ochiq dunyo qofqasi oldida turar edilar. Ular shu qofqani ochish tilagida uni tinmay taqillatdilar. Eshik hadeganda ochilavermadi. Oltmishinchi yillar yoshlari so‘ng shu qofqa — ochilmagan qofqa oldida depsinib qoldilar. Men adabiy yosh nasl haqida aytyapman. Ular depsina-depsina eshikni qiya ochdilar. Orada ko‘plar charchab qoldi. Holat bilan murosaga o‘tdi. Konformizm — kelishuvchanlikka berildi.
Saksoninchi yillar yoshlari esa ochiq qofqalar dunyosida yashamoqdalar. Ularda shunday konformizm yo‘q. Ular juda keskin, juda haqiqatgo‘y va aksaran juda hokisor. Ularning keskinliklarida qaltisliklar ham ancha kuchli. Lekin bu ularning haqi, ixtiyori. Faqat har qanday keskinlik eng yuksak gumanizmni ko‘zlagandagina o‘zini oqlaydi. Aks holda nigilizmga aylanadi. Hozir nigilizm ancha keng tarqaldi. Biz uning kelib chiqish sabablarini chuqur bilsak, uni tushunishimiz osonroq bo‘ladi.
— Bugungi yoshlar (nafaqat ijodkor yoshlar) hayotidagi, yashash tarzidagi qanday muammolar Sizni ko‘proq tashvishga soladi?
— Bugungi yoshlar hayoti va urf-odatlarida meni hech narsa tashvishga solmaydi. Biz yoshlarni o‘z hayotimiz, qarashlarimiz qoliplari hamda andozalariga solishga urinmaylik. Ular ochiq dunyoning yoshlari. Ularga ko‘proq yaxshi va har turli kitoblar, teran ilm beraylik. Dil erkinligiday kishiga buyuk murabbiy yo‘q. Erkin dil, erkin ruh o‘ziga to‘g‘ri yo‘lni qiynalmay topib oladi. Hur fikrli odamga tubanliklar xavfi yo‘q. Barcha tubanliklar jaholatdan — bizning davrimizda esa madaniy jaholatdan tug‘iladi. Men hozirgi murg‘ak bo‘g‘in shu madaniy jaholatdan xalos bo‘lish yo‘liga kiryapti, deb o‘ylayman.
— Ibrohim aka, Siz 40- va 50-yillarda tarbiyalanib, turg‘unlik davrida ijodkor sifatida tanildingiz. Bugun bu davrlarda yo‘l qo‘yilgan muammolar va kamchiliklar ochiq e’tirof etilmoqda. Ularni tugatish, hal etishga kirishilmoqda. Ana shu uch davr va bugungi qayta qurish haqida gap ketsa, Siz nimalar haqida o‘ylaysiz?
— Turg‘unlikning ildizi juda chigal. Lekin xalq bu chigallikni albatta yechadi. Byurokratizm bizni bo‘g‘ib tashladi. Davlat tepasiga har tomonlama noloyiq odamlarning chiqib olishi ham byurokratizmning qora ishi. Byurokratizm kuchlarni halol saralashga yo‘l qo‘ymaydi. Yangilanishga yo‘l qo‘ymaydi. Ijodiy hurlik bilan ishlashga yo‘l qo‘ymaidi. Noloyiqni loyiq deydi, loyiqni noloyiq deydi. Keyin adolatsizliklarni urchitib yuboradi. Byurokratizm fashizmdan ham yomonroq. Chunki u o‘z xalqiga ziyon yetkazadi. Chunki u turlanadi. Olim emas — olimman deb turlanadi, zolim zolim emasman, haqiqatchiman deb turlanadi. Byurokratiya mana shularni g‘oyatda yoqtiradi, avaylab ardoqlaydi. Ular kuchi bilan kun ko‘radi. Omi rahbar — ofat. Tajribalar shuni ko‘rsatdi. Byurokratiya omi rahbarlarni voyaga yetkazdi. Xalqni omi qilish uchun kurashdi. Tashqi xavf bilan bizni qo‘rqitdi va shu xavf oldida bizni,ojiz qilib qo‘ydi. Orqada qolganimiz boisi shu.
Demokratizm, oshkoralik, inqilob — xalqimiznn kuchli qiladi. Hurlik kuch berishini unutmaylik.
— «Shaxsga sig‘inish», «turg‘unlik» kabi nomlar bilan atalayotgan o‘tgan davrlarning qaytarilmasligi uchun nima qilmoq kerak? Bunda yoshlarning o‘rni qanday bo‘lishi kerak, sizningcha?
— Bular qaytarilmasligi uchun yana o‘sha hurlikka zo‘r berish kerak. Hurlik tarbiyasi — eng samarali tarbiya.
Xalq farzandlarida juda qimmatli g‘oyalar ko‘p. Biz qimmatli g‘oyalarni qadrlashni, ishlashni endi o‘rganyapmiz. Kecha bir-birimizga bosh qotirma, derdik. Bugun bosh qotiradigan zamon. Bosh qotirmay yashab bo‘lmaydi. Bosh qotirishga o‘rganyapmiz. Bu iloji boricha shiddatli tus olishi kerak. Yoshlar har qanday muammolarni chaqib tashlashlari kerak. Ko‘rdingizmi, yana hammasi ijodiy fikrni tarbiyalashga borib taqalyapti…
— Ijodkorning grajdanlik pozitsiyasi degan ibora bor. Bu xislat yosh yozuvchilarimizda qanday namoyon bo‘lyapti?
—Muammolarning ichiga kirganda, ularni yaxshi bilgandagina pozitsiya shakllanadi. Chala-chulpa bilim, uzuq-yuluq tajribalarda pozitsiya shakllanmaydi. Tarix haqida so‘zlayotgan — avval tarixni o‘rgansin…
— Bugungi yoshlar adabiyoti haqida qanday fikrdasiz? (Bunda men 70-yillar oxiri, 80-yillar boshida adabiyotga kirib kelgan va adabiy tanqidchilar tomonidan «yangi to‘lqin» deb nom olgan avlodni nazarda tutyapman).
— Bugungi yoshlarning ijodida menga ularning soxtagarchiliklar, turli ravish va qiyofadagi ko‘zbo‘yamachiliklardan qattiq noroziligi ma’qul ko‘rinadi. Chigal fikrli, chigal yozayotgan iste’dodli yoshlar ko‘p. Lekin ehtimol, shu chigallikda revolyutsionlik bordir.
— So‘nggi paytlarda shunday gaplar ham eshitilyapti: «yangi to‘lqin» vakillarining yutuqlari faqat ijodiy eksperiment shaklida qolib ketyapti. Bu gapga qanday qaraysiz?
— Hech narsa qolib ketmaydi. Hech narsa izsiz yo‘qolmaydi. «Eksperimentlar»da usullar qayraladi. Usullar qayralgan yerda kenglik, chuqurlik paydo bo‘ladi. Biz adabiyotimiz jahon xalqlari uchun ham qiziqarli bo‘lishini istaymiz. Buning uchun usullar rang-barangligini, realizm imkoniyatlarini kengaytiraverish kerak.
— Hozirgi beradigan savolimni Siz adabiyotshunos sifatida juda ko‘p eshitgansiz. O‘zbek adabiyoti Butunittifoq va jahon miqyosiga qachon ko‘tariladi?
— Janni Rodari Xudoyberdi To‘xtaboyev kitoblariga qiziqib qolganligini balki eshitgandirsiz. Shunday qiziqishlar ikkita-uchta yozuvchimiz atrofidagina emas, o‘nlab adiblarimiz kitoblari tevaragida ham paydo bo‘lsa, ana shunda yaxshi ishlay boshladik, deb aytsak arziydi. Buning uchun asarlarimiz umuminsoniy dardlar va muammolar ichida yashashi kerak. Jahon katta miqyoslarnigina tan oladi.
— «Adabiy tanqidchiligimiz oqsayapti», «Adabiyotning rivojlanmayotganiga munaqqidlar aybdor…» Hozir adabiy tanqid vakillariga qanday «ayblar», «yorliqlar» yopishtirilmayapti deysiz. Bu gaplarga qanday qaraysiz?
— Tanqidning noni achchiq. Ko‘p shirin esa, koni ziyon. Achchiq shirinni rostlab turadi va tanqid badiiy adabiyot bilan birga rivojlanadi. Ularni ajratib bo‘lmaydi. Adabiyotning ahvoli qanday bo‘lsa, tanqidning ahvoli ham shunday. Katta adabiyotgina tanqidga cho‘qqilar shukuhini bag‘ishlaydi. Tanqid o‘z-o‘zidan bunday cho‘qqini yaratolmaydi. Gogol bo‘lmasaydi Belinekiy o‘z cho‘qqisiga ko‘tarilolmasdi…
— Yozuvchi va kitobxon. Munaqqid ular o‘rtasida turgan uchinchi ijodkormi? Umuman, tanqidchi kim?
— Tanqidchi — targ‘ibotchi va san’atkor. Asarlarni so‘zlab, bayon qilib beruvchilar tanqidchi emaslar. Tanqidchi talqinlar san’atkoridir. E’tibor berdingizmi, «Qiyomat» haqida bo‘lib o‘tgan ajoyib bahslar — tanqidchilarni yaratdi, talqinlar san’atina yaratdi.
— Ibrohim aka, munaqqid sifatida matbuotda kamnamo bo‘lib qoldingiz? Boisi nimada? Balki oshkoralik va demokratiyaga keng yo‘l ochilayotgan kunlarda bu ish ilgarigiga nisbatan qiyinlashgandir?
— To‘g‘ri, kam yozyapman, holbuki, hozir miriqib yozadigan, ijod qiladigan payt. Qirq yoshimdan to ellikka kirguncha uch roman yozsam edi, deb orzu qilardim. Ijod quruq orzu bilan bitmaydi. Vaqtni jilovlab olgan ijodkorgina nimagadir erishadi. Men esa vaqtni hech qachon jilovlay olgan emasman. Vaqtim qo‘lyozma yaratishga emas, qo‘lyozmalarni o‘qishga ketadi… Oshkoralik esa hech qachon ijodkor ishini qiyinlashtirmaydi. Qaytaga, u ishga jalb etadi, rag‘bat uyg‘otadi.
— Adabiy tanqidchi bo‘lishning eng qiyin jihati nimada?
— Achchiq non yeyishni bo‘yniga olishda. Shirin non yeyman, deb umidvor bo‘lmaslikda.
— Ibrohim aka, Sizni nafaqat taniqli, adabiyotshunos, katta mutarjim sifatida ham bilamiz. Sizning mashaqqatli ijodiy mehnatingiz tufayli Dostoyevskiy, Mopassan, Folkner, Xeminguey, Nozim Hikmat, Rasputin kabi jahonga mashhur yozuvchilar asarlarining qahramonlari ona tilimizda gapirdilar. Siz o‘zbekchalashtirgan asarning har biri — madaniyatimizga katta xazina bo‘lib qo‘shildi, uni boyitdi! So‘nggi yillarda tarjimonlikka yanada ixlos va ishtiyoq bilan kirishdingiz. Xususan, Chingiz Aytmatovning «Qiyomat» romanini olaylik.
— Kitobni sevaman. Men qizlarga emas, umr bo‘yi kitoblarga muhabbat izhor qilib keldim. Dunyoda go‘zal, murabbiy kitoblar shu qadar ko‘pki, ularning bari ona tilimda ham bo‘lsa deyman. «Og‘a-ini Karamazovlar», «Iblislar» yoki Joys, Kafka, Folkner asarlari tarjima qilinmay, odam o‘zini qanday ziyoli deb his qilishi mumkin? Hamon Gegelni yoki Rabelni o‘z Ona tilimizda o‘qiy olmaymiz. Nega? Bunga bemalol chidab yuramiz. Bularni o‘zbek tilida o‘qimay, o‘zbek tilini bu kabi asarlarga charxlamay, uning qobiliyatini Gegel, Dostoyevskiy, Kortasar, Markes darajasiga ko‘tarmay turib, original adabiyotni taraqqiy ettirib bo‘lmaydi.
— «Adabiyotning birinchi elementi — til». O‘zbek tilining bugungi va kelajagi haqida nima deya olasiz?
— O‘zbek tilining kelajagi porloq. Bundan besh asr muqaddam hazrat Navoiy universal adabiy o‘zbek tilini yaratgan edi. U tilimizni fors, qadimgi turkiy, arab va boshqa tillar hisobiga behad boyitgan edi. So‘ng biz bu bebaho xazinadan foydalanishni o‘rinlay olmadik. Endi bu xazina qayta kuch olishi, o‘zining neorenessans davriga kirishi kerak. Bu neorenessans yangi avlod asarlarida yuzaga chiqadi va ustivor bo‘ladi. Umidvorlikka asoslar yetarli. Men onasini tahqirlashga, zavolga tashlashga yo‘l qo‘yadigan farzandni tasavvur qilolmayman. Ona tili o‘z nomi bilan ona-da…
— Takror-takror o‘qiydigan kitobingiz bormi? Nega uni bunchalik sevasiz?
— Navoiyni o‘qiyman. Uning satrlariga ko‘zim tushmagan kun — menga kun emas. Borxesni o‘qishni sevaman. Borxesni sevishni menga do‘stim Olim Otaxon o‘rgatdi. Yaqinda Eyxenbaum va Mandelshtamning maqolalari jamlangan kitoblarni oldim. Ko‘z o‘ngimda butunlay yangi olam — yangicha qarashlar, shalola fikrlar olami ochildi. G‘azzoliyni o‘qishni sevaman. Naqadar teran uning olami. Har o‘qiganda yangicha nazar baxsh etadi. Bu bepoyon olamdan qay birini aytib ado etasiz… O, mo‘jiza olam! Mana, hozir mo‘jiz faylasuf Kiyerkegor asarlarini o‘qishni orzu qilaman. Ammo na ruschada bor, na o‘zbekchada… Tilsizlik balosini ko‘ring, o‘qiy olmaymiz.
— Oxirgi savolim 1987 yil yakuni haqida: o‘zbek yozuvchilarining bu yil yaratgan asarlaridan qaysi biri Sizga ko‘proq-ma’qul bo‘ldi?
— Olim Otaxonning hikoyalari, M. Solihning darddi she’rlari, Nazar Eshonqulovning qissasi, Aziz Said, Shamshod Abdullaning bezovta she’rlarig G‘affor Hotam va Dadaxon Nuriy, Vladimir Sokolovning kuchi katta asarlarga teng publitsistik maqolalari. M. Muhammad Do‘stning yangi romani qo‘lyozmasi, Ahmad A’zam va Xurshid Do‘stmuhamedov qissalari, Shukur Xolmirza va Uchqun Nazar hikoyalari, Asqad Muxtor va Abdulla Oripovning falsafiy so‘lim poeziyasi… aytib tugatolmayman, barchasi menga kuchli ta’sir ko‘rsatayotgan bugungi asarlarni…
Cuhbatdosh: Qulman Ochilov
“Yosh leninchi” gazetasi, 1988 yil, 20 yanvar