«Barchin o‘n ming uyli Qo‘ng‘irotning yigitidan o‘n yigitni saylab oldi, otasining to‘qson to‘qay yilqisidan o‘n otni saylab oldi, otlarni sovutib bo‘ldi. So‘ng shunday ariza yozdi: «Men Barchin olti oylik yo‘lga, Qalmoqning eliga keldim, zo‘r yovning qo‘lida qoldim, olti oylik muhlat oldim, mendan umidi bo‘lsa Alpomish kelsin, bo‘lmasa javobimni bersin».
Arizani o‘n yigitga topshirdi, otlarni egarlab, choqlab, yaxshi bor deb bir so‘z aytib turgan ekan».
— Ena, keyin, keyin nima bo‘ladi?
Chiroq xira nur sochadi. Sandalning chor atrofiga o‘tirib olgan opa-akalarim qo‘llari ko‘sak chuvishdan to‘xtamay sabrsizlik bilan enamning og‘ziga qarashadi. Enam bo‘lsa shishasi tobora qorayayotgan chiroqqa yaqinroq suriladi. Va aytishda davom etadi. Biz bo‘lsak ertalabgacha alog‘-chalog‘ tushimizda Alpomishning Boychibor otini ko‘rib chiqamiz.
Kun bo‘yi Barchinning arizasini sandiqqa bekitgan Boybo‘rini yanib, uni topib og‘asi Alpomishga tutqazgan Qaldirg‘och bekani alqab yuramiz, yana tezroq kech bo‘lib, tezroq ovqatlanishni, xira chiroqning yana yonib, onamning tokchadan titilib ketgan «Alpomish kitob»ni (u kishi o‘qishni bilmasalar-da sahifa ochilgan sari enalaridan eshitganlari xotirlariga tushaverardi) qo‘llariga olishlarini kutamiz…
Bu oltmishinchi yillarning oxiridagi bolalik xotiralarim. Qiziq, bugunning bolalari tushida nimani ko‘rib, o‘ngida nimadan ajablanarkinlar? Ularning ertaklar, g‘aroyibotlar olamiga qiziqishi qanday ekan?
Dam olish kunlarining birida o‘g‘lim bilan shahrimizdagi Pushkin maydoniga tutash yerda joylashgan «Ertak shaharcha»siga keldik. «Shaharcha»ga Darxon tomondan kirsangiz bir qo‘lida nayza, ikkinchi qo‘lida qalqon tutgan rus «shoh»lari sizni qarshi oladi. Yog‘ochdan ishlangan uychalar tepasiga «Oltin xo‘rozcha»ning aksi tushirilgan. Favvora o‘rnatilgan pastlikda esa «Oltin baliq va baliqchi chol haqida ertak»ning (A. Pushkin) qahramonlari — noshukr kampir va beozor chol. Bir qarashda o‘zingizni ertak ichiga kirib qolgandek his qilasiz.
«Shaharcha» ota-onalar va bolalar bilan gavjumligidan ko‘pchilikka bu joy ma’qul bo‘lsa kerak, degan fikr uyg‘onadi kishida.
— Yo‘q, bu joy bizga yoqmaydi. Uychalar sinib yotibdi, yaxtak ichimliklar yo‘q, — deydi o‘zini Shavkat Ahmadov deb tanishtirgan yigit.
— Yana nima kam, deb o‘ylaysiz?
— Birorta ham o‘zbek xalq ertaklarining qahramonlari qo‘yilmagan…
— Qanday ertaklarni bilasan? — deb so‘radim yetti yoshli Shahnoza ismli qizchadan.
— «Oltin baliqcha», «Oltin xo‘rozcha»…
— Alpomishni eshitganmisan?
Ha, Alpomishni bilishmaydi. Uning kuchi bilagiga sig‘masligini, do‘sti deganda jonidan kecha olishini bilishmaydi… Agar bolalar bog‘chalari yoki kafelari shu nom bilan atalganda edi tanishardi, qiziqishardi, bilishardi… Shahrimizdagi xo‘randalar bilan hamisha gavjum kafelarga «Buratino», «Kolokolchik», «Zolotoy petushok» deb nom qo‘yib tashlangan.
Aleksey Tolstoyning «Buratino va oltin kalitcha» kitobchasi rangli va sersurat holda «Mehnat» nashriyoti tomonidan 100 ming nusxada nashr qilindi va talash bo‘lib ketdi. Moskvadagi «Bolalar adabiyoti» nashriyotining shu kitobchani ko‘p ming nusxada chop etgani bundan mustasno, albatta.
Albatta, ahvol shu tarzda bo‘lgandan keyin bolalar Alpomishni emas, Buratinoni yaxshiroq biladilar va tasavvur qiladilar…
…Roza Iskanderova olti yashar o‘g‘li Artur bilan dam olayotgan ekan.
— Bu yerda Lermontov qahramonlari bo‘lishini xohlardim, — deb javob berdi odatiy savolga u.
— Artur, mana bu kim?
— «Ruslan va Lyudmila»dagi Kala, manovi Matryonushka…
— Alpomish, Go‘ro‘g‘li, uch og‘ayni botirlarni ham bilarsiz. Zo‘r pahlavonlar-a?
Bolakay e’tiborsiz qarab turdi. Ona bo‘lsa:
— Endi o‘qiymiz, — dedi qizarib.
Ha, bular ham bilishmaydi. Alpomishning Olpinbiy bobosidan qolgan, o‘n to‘rt botmon birichdan bo‘lgan parli sariq yoyi borligini tasavvur ham qilisholmaydi. Toycha viloyatida, Qalmoq muzofotida, Chilbir cho‘lida haddi baland Murodtepa degan tepa borligini, Alpomish unga oti bilan bir harakatda chiqib ketganini ham bilishmaydi.
Yigirma uch yoshli Olga Anoshkina:
— Alpomish — bu o‘zbeklarning uyquchi bolasi (malchik spalchik) bo‘lsa kerak, — deb javob berdi.
Suhbatdoshlarim toshkentlik Nuriya Omonova va uning qizi Vasilisa bilan rus tilida suhbatlashdim.
— O‘zbek xalq ertaklari qahramonlarini qizim tanimaydi. Ularni mana shu joyga o‘rnatish kerak, — dedi Nuriya.
Vasilisa bo‘lsa:
— «Oltin baliqcha», «Oltin xo‘rozcha», keyin jodugar kampirni taniyman. Oyim rost aytayaptilar, Alpomishni sizdan eshitishim, — dedi bijirlab.
…Ha, birinchi eshitishlari, Alpomishning Yusuf tal’atli, Rustam sifatli turishini eshitishmagan, tasavvur ham qilishmaydi (Agar eshitganlarida shubhasiz Yusufning tal’atiga, Rustamning sifatiga qiziqishib, xalq qahramonlari haqidagi asarlarni ham topib o‘qishga harakat qilgan bo‘lardilar). Bunday odam Qalmoq viloyatida bo‘lmasligini, bo‘lsa ham poshsholikda bo‘lishini o‘ylab ham ko‘rishmaydi… Albatta, ko‘zga ko‘rinarli ko‘chalardan biri uning nomi bilan atalganda bilishardi, «u kim bo‘lgan»? deb bizdan ilgariroq qiziqishardi. Yoki bo‘lmasam gazmol, zargarlik do‘konlariga Qaldirg‘ochbeka deb nom qo‘yilsa, shu nomda atir va atirsovunlar ishlab chiqarilsa, albatta bolalar, javob uchun ota-onalar ham qiziqishardi. Shunda oliy ma’lumotli injener: «Alpomish, haligi, do‘mbirada ashula aytsa kerak», deb javob bermagan bo‘lardi…
Mening shaharchadagi so‘nggi suhbatdoshlarim poytaxtdagi 64-maktabning 3-sinf o‘quvchisi Jahongir Quratoyev bilan shu maktabning 1-sinf o‘quvchisi Ravshan Oxunjonovlar bo‘ldi. Jahongir o‘rtoqlariga qaraganda ancha dadil bola ekan.
— Men hov anovi Matryonushkaning o‘rnida Zumradning surati bo‘lishini xohlardim, — dedi u.
Yo‘q, Jahongir, ukajonim, Zumradni ko‘rishing uchun Matryonushkani olib tashlash shart emas, aslo. Axir shahrimizda Zumradning jismini o‘rnatishga joy kammi? Ko‘p qavatli binolar oralig‘ida uch-to‘rtta sirpanchiqni o‘rnatib, go‘yoki bolalar maydonchalari tashkil etganmiz. Mehnatsevar va oqila Zumradning o‘rni o‘sha yerda emasmi?
— Alpomishni ham bilarsiz?
— Yo‘q-q…
Bular ham bilishmaydi.
Darhaqiqat, qayerdan ham bilishsin? Alpomish haqida na kinomiz, na multfilmimiz, na suratli yig‘malarimiz, na eng sifatli qog‘ozga chop etilgan, ko‘rgan odam olmasa o‘zini gunohkor his qiladigan kitoblarimiz bo‘lmasa. Loaqal unga shu kabi «Ertak» shaharchalardan ham joy bermagan bo‘lsak…
Katta umidlar bilan shahardagi, ehtimolki, yagona o‘zbekcha nom bilan ataluvchi, Furqat nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga bordik. Bog‘ nihoyatda ozoda, arg‘uvon daraxtlar, bir-biriga chirmashib ketgan, soya-salqin joy ekan. Bog‘ direktori Nina Ososkova nihoyatda mehnatkash, talabchanligi bilan bizga ma’qul bo‘ldi. Bog‘da bu yildan «Ertaklar maydonchasi» bo‘lishi rejalashtirilyapti. Ammo badiiy rahbar bilan suhbatdan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, tayyorlanadigan qahramonlar rus xalq ertaklari asosida ekan.
— Sizningcha, o‘shalar orasida o‘zbek xalq ertaklari qahramonlari ham bo‘lsa yaxshimasmi? — deyman direktorga.
— Albatta. Sizning fikringizga qo‘shilamiz. Buni endi aytsak ham ulguramiz, — deydi Nina Vasilevna.
Ha, ulgurishadi. Ammo bajariladimi, yo‘qmi buni vaqt ko‘rsatadi.
Katta niyatlar bilan «Moviy gumbazlar» oshxonasiga yaqin joylashgan «Sharq ertagi» shaharchasiga bordik. Yopiray, metro bekati tomonidan shaharchaga kirsangiz salla o‘ragan, to‘rtta bir xil arabnamo haykalchalar qo‘llarida temir quvur ushlab turishibdi (Tanlangan davrni qarangu temir quvurni qarang!). Ro‘parasida turib, harchand tikilmay ularning ko‘z qarashini va Aldar Ko‘saga, na Xotamtoyga, na Afandi-yu, na Zumrad-Qimmatning otasiga o‘xshatolmadim. Sabr bilan «shaharcha» ichkarisiga kirdik. Tashqaridan saroyni eslatuvchi, usti ochiq ayvon yonida ikki-uch yuk ortgan tuya, bitta toshbaqadan boshqa birorta milliy ko‘rinishni topolmaysiz.
Nahotki, sharqning bor-yo‘q boyligi, ertaklar dunyosi uch dona tuya bilan, bir dona toshbaqadan iborat bo‘lsa?
Qozoqning ot chopganda tuyog‘idan o‘t chaqnatadigan Qizjibeki, qirg‘izning Manasi qani bunda? Axir, biz vatanparvarlikni, elni, tuproqni sevishni qoraqalpoqning «Qirq qiz»idan, Guloyimbekasidan o‘rgansak bo‘lmasmikin? O‘z nomi bilan «Sharq ertagi» shaharchasida ko‘zlarida dushmanga cheksiz nafrat yongan qirq qizni nega saf torttirib qo‘yolmaymiz? Axir ularning yurt tuprog‘i, deya dushman bilan ayovsiz olishganini o‘qiganmiz-ku!
Yoki bo‘lmasa, Afandi latifalaridan zavq olishni bilibmizu, lekin unga mana shu yerdan joy berolmaymiz? Aldar Ko‘samiz qani, Xotamtoyimiz qani, Zumrad, Go‘ro‘g‘li, Alpomish, Qaldirg‘ochbeka, Barchinoy, Malikai Husnobodimiz qani? Olamga mashhur «Ming bir kecha»ning Shahrizodi qani?
Bilaman, ushbu maydonchalarni rejalashtirgan rassomlar, haykaltaroshlar, qolaversa, yuqoridan biror rahbar: «Bu yerda sharq ertaklari qahramonlari bo‘lmasin», degan ko‘rsatma bermagan. Yana shu narsaga ham aminmanki, biror o‘zbek haykaltaroshi yoki rassomi «Shu yerga sharq ertaklari qahramonlari o‘rnatilishi kerak», deb taklif kiritmagan, talab qilmagan.
Ko‘rinib turibdiki, me’yor degan tushuncha nafaqat sanoatda, nafaqat ishlab chiqarishda, nafaqat paxta rejasini bajarishda, nafaqat tilni o‘rganishda buzilgan ekan. Balki O‘rta Osiyo xalqlarining boy adabiy tarixi bilan tanishish, uni o‘rganish va o‘rgatishda ham buzilgan ekan (Biz shahrimiz ko‘chalariga qo‘zg‘olonchi Stepan Razinning nomini qo‘yishni unutmabmiz-u, samarqandlik Nomoz Botirning nomini qo‘yishni unutibmiz ekan). Demak, hammasiga biz o‘zimiz aybdormiz, loqaydligimiz, dunyoni ish va oila tashvishi deb tushunishimiz aybdor.
Ahvol shunday bo‘lgandan keyin bizning Alpomishni tanimagan, unga o‘xshab mard bo‘lishni orzu qilmagan bolani koyishga sira haqqimiz yo‘q. Bolalarning tarbiyasi og‘irlashib ketayotganidan nolishga ham mutlaqo haqqimiz yo‘q. Bolaning atrofga beparvoligidan koyishga haqqimiz yo‘q.
Turgan gapki, bolaning yo‘rgakdagi tarbiyasi — alladir (Ammo alla yozilgan plastinkalarimiz yo‘q). Bolaning tarbiyasi ertaklar bilan chambarchas bog‘liqdir. Ammo bolalarimiz tushunib-tushunmay ertaklar asosidagi ruscha multfilmlarni tomosha qilib o‘tiradilar. Aynan chala tushunganlari uchun ham, atrofga loqayd qaraydigan, befarq bo‘lib qoladilar.
O‘zbekiston televideniyesining Toshkent oblasti programmasida bir-ikki safar o‘zbekcha ertak o‘qilib, ruscha multfilm namoyish etildi. Ammo allasiz — jozibasiz bu ko‘rsatuvni ko‘rgandan ko‘rmagan ma’qul. U o‘ziga bolalarni sirayam jalb qilolmadi. Agar u o‘zbek xalq ertak va dostonlari asosida ishlangan o‘zbekcha multfilmlarni qo‘yib borganda edi — bolalar unutmagan, efirga chiqmay qolgan kuni biz, ota-onalar televideniyega qo‘ng‘iroq qilib bezor qilgan bo‘lardik (Gurjistonning bir multfilmi bor: boshdan-oyoq gruzincha kiyingan quyon oyoqlarining uchida turib shunday chir aylanib o‘ynaydiki, go‘yoki gruzinning xususiyatini ko‘rgandek bo‘lasiz. Besh yoshli o‘g‘lim Baxtiyor haligacha o‘sha multfilmni so‘raydi, gapirib yuradi). O‘ylanib qolaman: «O‘zbekfilm»ning multtsexidagilar ham bilishmasmikan yuqorida nomlari sanalgan qahramonlarimizni…
Arzimagan misol. Chet elning «Madonna» degan ro‘zg‘or yig‘masini qaysi uy bekasi orzu qilmaydi, deysiz. Xo‘sh, biz ham «Barchinoy», «Qaldirg‘ochbeka», «Malikai Husnobod», «Zumrad» degan o‘z milliy ro‘zg‘or yig‘malarimizga ega bo‘lsak qandoq bo‘larkin?
Shu niyatda Toshkent chinni zavodining musavviri, O‘zbekiston SSR xalq rassomi Yoqubjon Qoraboyev bilan suhbatlashdim:
— Keyingi rejalarimga «Alpomish» degan mavzuni tanlaganman. Ammo Barchinoy, Qaldirg‘ochbekalarni o‘ylamagan ekanman. Buni tezda amalga oshirish kerak, — deydilar-da, jajjigina quticha ichidan katta-kichik qog‘ozlarni oldilar.
Va «Alpomish» deb yozilgan qog‘ozga bir nechta o‘zbek xalq ertak va dostonlari qahramonlari nomlarini yozib qo‘ydilar.
Bu jonkuyar inson bilan xayrlasharkanman, ko‘p narsalarga ishondim. Qadrsizlanayotgan qadriyatlarimizning mavqei qaytishiga ishondim. Yana shu narsaga amin bo‘ldimki, Yoqubjon aka o‘sha yig‘maga suratni shunday chizadiki, nazari tushgan odamning yuragidan shaffof buloqlar otilib chiqadi. Shunday chizadiki, so‘liyotgan gullar tirilib, quriyotgan daraxt yaproq yozadi. Shunday chizadiki, loqayd va mas’uliyatsiz rahbarlarni do‘mbiraning nolasi tinch qo‘ymaydi. Shunday chizilishi kerakki, Barchinoy Bobotog‘ etaklariga kelgandek bo‘ladi…
“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil 24 avgust