Paxta va boshqa ekin maydonlari oqilona va jo‘yali bir tarzda qayta ko‘rib chiqilmasa, paxtaning narx-navosi unga sarflanayotgan mehnat va jahon bozori bilan moslashtirilmasa, qishloq ahlining ahvoli keskin yaxshilanmasa (mening tasavvurimda O‘zbekistonimiz dastavval saxiy, vallomat bobodehkon timsolida gavdalanadi!), daromad buromadni taqozo etmaydigan bo‘lsa, davlat tiliga g‘amxo‘rlik muntazam oshib bormasa, tabiat, ajdodlar va avlodlar, tarix va istiqbolga daxldor g‘oyat chigallashib va chuqurlashib ketgan muammolarni hal qilmasak, og‘izda boshqa gaplarni aytib, amalda bo‘lak ishlarni qilishda davom etsak, bunday olganda nimani «qayta quramiz» o‘zi?
Judayam shakkok bo‘lmaylik. To‘g‘ri, katta ishlar ham qilindi. Mamlakat miqyosini olsak: sovet qo‘shinlarining Afg‘oniston yeridan chiqarilishi, kasofat aroqning jilovlanishi, demokratiya va oshkoralik, keyingi vaqtgacha xaspo‘shlab kelingan shaxsga qulluq qilishning oqibatlari-yu, mudhish fojialari ochib tashlangani, milliy jumhuriyatlarda davlat tili masalasi tubjoy aholining ra’yiga qarab hal etila boshlagani… Bularning hammasi, hech mubolag‘asiz, jahonshumul ishlar. Shuning uchun ham butun dunyo bizga qarab turibdi. O‘zimiz ham dunyoga qarashni o‘rganmoqdamiz.
Hozirgacha o‘zimiz yaratgan dunyoga o‘z dunyoqarashimiz bilan qarab keldik. Endi bilsak, biz bilgan dunyodan bo‘lak dunyo ham bor ekan.
Ayrim adashishlar, bo‘rttirishlar, qing‘irliklarni hisobga olmaganda, jumhuriyatimizda ham, xususan keyingi yillarda birmuncha ishlar qilinayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Ammo mol ishlab chiqarish, davlat tarhi (plani), sifat, narx-navo singari hayotiy muhim masalalarda hali chalkashliklar ko‘p.
Ovruponing burchak-burchaklarigacha chirmashib, tarmoqlanib ketgan gazimiz, butun Mendeleev jadvalini to‘ldiradigan ma’danlarimiz va bo‘lak tabiiy boyliklarimizni qo‘ya turganimizda ham, oqilona narx-navo tayin qilinsa, birgina qishlok xo‘jalik mahsulotlari, paxta bilan pillaning o‘ziyoq jumhuriyatni bemalol boqa oladi. (Etishtirilayotgan xom ashyoga, nihoyat, «hiylai shar’iy» qilmasdan haq to‘lash vaqti yetdi-yov.)
Ammo men «o‘zim bo‘lay»chilikka da’vat etmoqchi emasman. To‘g‘ri, tabiat xalqimizni saxiylik bilan sarafroz etgan. Mushfiq odamlarimiz kunni tunga ulab og‘ir mehnat qilishni biladi. Dehqonlarimizning tanti mehnatiga yarasha tanti haq to‘lansa, aminmanki, har bir mehnatkash o‘zbekning tuvagi oltindan bo‘ladi. Ha-ha, hovlisining ostonasi emas, beshigining tuvagigacha oltindan bo‘ladi! Ammo dala ishchilarimiz yaxshi tushunadiki, bir mamlakatda yashayotgan fuqaroning taqdiri ham bir xil bo‘lishi kerak. Kemaga kirganning joni bir. Ayrim xalqlar o‘zining kartoshkasini ham topib yeyolmaydigan ahvolga tushib qolgan bir vaqtda, biz «oltin tuvak» da’vo qilsak, xo‘p g‘alati gap bo‘lar edi… Yer ostimizda hozir ham turli-tuman, rangbarang javohirlar, oltin qat-qat bo‘lsa-da, «oltin kamar», «oltin barkash», «oltin ko‘shk», «oltin o‘rdalar» o‘tmishda qolib ketdi. Afsona va rivoyatlarga aylandi. Xalqimiz ixtiyorida faqat «oq oltin» qoldi, xolos. U ham, aslida, o‘z egasining inon-ixtiyorida bo‘lmadi. Oltin bilan bog‘liq, umid qilsa bo‘ladigan birdan-bir naqd matox,— ipaklari zardan tikiladigan do‘ppi hozircha faxrimiz bo‘lib turibdi.
Yaqin o‘tmishda yashagan vallomat daholardan biri, o‘zicha karomat qilib, «oq oltinni oltin qo‘llar yaratadi», degan edi. Esizki, u oq oltinni oltin qo‘llar emas, balki qadoq qo‘llar yaratishini bilmasdan ketdi… (Darvoqe, Toshkentimizning markaziy ko‘chalaridan birida o‘n besh kun mobaynida «Oq oltinni oltin qo‘llar yaratadi», deb yozig‘liq turdi!)
Bo‘zchi belboqqa yolchimaydi, deydilar. Paxtakor qachon paxtaga yolchibdi? Ko‘rpa bilan yostiqqa soladigan paxtasini ham… do‘kondan sotib oladi. Falakning gardishini qarangki, ayni izg‘irin yog‘in-sochinda, shalabbo bo‘lib, tizzasigacha loyga botib paxta tersa-da, bunga ustama haq olish uyoqda tursin, uchinchi, to‘rtinchi nav uchun, sifati past deb, yonidan davlatga… jarima to‘lab o‘tirsa! Qaysi iqlim, qaysi mintaqa, qaysi mazhabda bor bu?
Paxta davlatga kerak ekan. Buni tushundik. Lekin paxtakor-chi? Mamlakatni xorijga paxta qaramligidan qutqazishdek jahoniy mushkulotni hal qilgan azamat paxtakorning o‘zi ham davlatga kerakmi? Birov davlatga topshiriladigan yillik paxta hajmini to‘rt million tonna bo‘lsin desa, boshqasi — besh million tonna tarafdori. Olti million tonna va undan yuqorini mo‘ljallaydiganlar ham bor. Nachora, har kallada har xayol. Menga qolsa, ajab emaski, zamonlar kelar, jumhuriyatimiz mamlakatga o‘n million tonna paxta yetkazib berishga ham qodir bo‘lar, deb o‘ylayman. Ikki minginchi yillarning narisida, kim bilsin, bizning iqlimga mos favqulodda hosildor, tezpishar navlar yetilar. Shunga muvofiq qudratli texnikalar yaratilar. Hech bir zo‘riqmay-netmay mamlakat ehtiyojiga kerakli hosil olinar. Lekin hozir-chi? Men bir necha yil mobaynida to‘rt million tonnalik marrada turishni oqilona tadbir deb bilaman. Nima uchun? Buni akademik Mirzaali Muhammadjonov aytgani uchunmi?
Ha. U faqat «aytmadi», balki chuqur ilmiy asosda, mantiqan isbotladi. Yer dam olishi, o‘zining zo‘riqishdan yo‘qotgan sifatlarini tiklashi, odamlar o‘ziga kelishi kerak. Paxtadan ortgan yoki unga noqulay yerlarga inson uchun qimmati paxtadan kam bo‘lmagan shirin-sharbat meva, sabzavot ekish, chorva uchun yem-xashak tayyorlash kerak.
Umuman, vaqt va surunkali achchiq tajribalar shuni ko‘rsatdiki, qaysi sohada bo‘lmasin, mutaxassislar, olimlarning fikr va takliflarini bepisand qilish nuqtasidan boshlab ish pachava bo‘la boshlar ekan. Hozirgi davr, yangicha tafakkur shuni taqozo etadiki, nihoyat, hech bo‘lmasa endi shunday xatoga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Mamlakatimizda turli xalqlar o‘rtasidagi milliy munosabatlar asosida ularning iqtisodiy manfaati yotadi. Iqtisodiy manfaatdorlikka darz ketgan nuqtadan o‘zaro milliy anglashilmovchiliklar boshlanadi.
Paxtaning ustidan ba’zi bir isbotlanmagan qo‘shib yozishlar butun xalqimiz uchun kuydirgijon bo‘lib chiqdi. To‘qayga o‘t tushsa, ho‘lu quruq baravar yonadi, deydilar. Haq-nohak, minglab odamlarning sho‘ri quridi. Butun mamlakat bo‘ylab o‘zbeklar badnom qilindi.
Xo‘sh? Qo‘shib yozish qayoqdan kelib chiqdi? Davlatni aldashmi bu?
«Biron xalqni asoratga solmoqchi bo‘lsang, uni paxta ekishga majbur qil», degan ekan qadimgi yunon hakimlaridan biri.
Qo‘shib yozish, aslida qo‘shib yozishga majbur qilishdan kelib chiqadi. Davraga kirgandan so‘ng qiyshanglamasdan boshqa ilojing yo‘q. Qo‘shib yozmaslik uchun esa davlat oldida aql bovar qiladigan sig‘im va miqdorda tarh (plan), majburiyat olish kerak. Xalqni yuqoridan turib «majburiyat» olishga majbur etish yaxshi niyat ifodasi emas. Qo‘shib yozish — kulfat, ammo, chamasi, dehqonni qo‘shib yozishga majbur etish, doimiy mahkumlik va garov holatida ushlab turish kimlargadir qo‘l keladiganga o‘xshaydi…
Markaziy matbuot («Ogonyok») so‘z o‘yini qilib, o‘zbek «oq oltin» sohibkorlarini «xlopkorob» («paxtakor») emas, «xlopkorab» («paxtaqul») deb ataganida, biz o‘z mahalliy jaridalarimizda:
— Yo‘q, «Paxtaqul» emasmiz, balki «Paxtabekmiz!» — deb shovqin soldik.
Haqiqiy ahvol esa barchaga ayon.
«Mushtum» jurnalining 1990 yil 5-soni juda qiziq jihozlangan. Birinchi sahifa (muqova)ning so‘l tomoniga chiqazilgan mundarijada yozilgan: «Paxta ishi» qachon yopiladi? Ming yillik qarz. Tomog‘imda jonim turibdi yig‘lab. «Haqiqat yo‘q yerda baxt bo‘lmaydi».
O‘sha bosh sahifaning o‘ng yog‘idan rassom E. Ro‘ziboyev chizgan ikki qismli yirik surat o‘rin olgan. Unda odamning qaddi-basti tasvirlangan. Bosh o‘rnida kulib turgan paxta. Tananing beldan yuqori, «paxta» qismi yastanib turibdi. Ustida beqasam to‘n yal-yal yonadi. Ko‘krakda o‘ttiz bitta har xil nishon (temir-tersak) porlaydi. Beldan pastki qismda: o‘sha beqasam to‘n qirq yamoq, to‘kilib borayapti… Yirtiq shim, oyoqlar yaydoq…
Surat ostiga: Qashshoq «boyvachcha» deb yozib qo‘yilgan.