Erkin Vohidov. G‘afur G‘ulom bilan uchrashuvlar (1987)

Birinchi uchrashuv

1953 yil. Ostrovskiy nomli pionerlar saroyiga G‘afur G‘ulom kelarmish degan xabar tarqaldi. Shoirning ellik yoshlik yubileyi nishonlanish arafasi edi. Hammada ko‘tarinki kayfiyat. Ayniqsa biz — adabiyot to‘garagi qatnashchilarining quvonchimiz ichimizga sig‘maydi.

Yoz oylari edi. Pionerlar saroyi darbozasi oldida «Pobeda» mashinasi to‘xtadi. Undan oq jujuncha kitel-shim kiygan G‘afur G‘ulom tushib keldi. Kutib oluvchilar bilan ko‘rishib, ayniqsa bizning to‘garak rahbari shoir G‘ayratiy bilan alohida iliq so‘rashib ichkari yurdi. Yo‘l-yo‘lakay atoqli shoir qiziq gaplar bilan hammani kuldirib borar edi.

Saroyning ochiq sahnasida uchrashuv bo‘ldi. G‘afur G‘ulom she’rlar o‘qidi. U bir she’rini mana shunday tugatgani esimda: «Bu she’rni aytdi sizga bobongiz G‘afur G‘ulom».

Mana, yillar o‘tib, o‘zim ham ellik ustida turib xayol qilaman, o‘z-o‘zimga savol beraman: «Bugun men o‘zimni bobo deyishga tilim boradimi?» Zamon yosh tushunchasini o‘zgartirib yuboribdi. G‘afur G‘ulom mansub bo‘lgan avlod o‘z boshidan ko‘p mushkul davrlarni, kurashlarni, uqubatlarni kechirgan, ellikda ulug‘ yosh nusxi urib qolgan edi. Ularning oltmish yoshi rosmana keksalik bo‘lgan. Bu mening o‘smirlik tasavvurim emas. Tasavvurim aldasa ham suratlar aldamaydi. Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Shayxzodalarni ijod mashaqqatlaridan ko‘ra ham muhitning qarama-qarshiliklari, nizolar, nohaq ayblashlar, vijdon iztiroblari qaritib qo‘ygan deb o‘ylayman.

«Shum bola»ning yozilishi

1961 yil. Men «yosh gvardiya» nashriyotida yangi ish boshlagan paytim. Nashriyot planida G‘afur G‘ulomning «Shum bola» asarini qayta nashr qilish mo‘ljallangan edi. Direktor Sotiboldi Yo‘ldoshevning topshirig‘i bilan men G‘afur G‘ulomning uyiga bordim. Vazifa — qayta nashr xususida avtorning fikrini bilish, bu asar davomini yozish niyati bormi — shuni aniqlab kelish edi. Shoirning o‘sha mashhur Arpapoyadagi hovlisiga birinchi marta hayajon titrog‘ida qadam qo‘ydim. Hovli o‘rtasida yo‘g‘on kungura oyoqli kattakon stol, stol ustida kattakon temir qopqoqli siyohdon, yonida qurbaqa peroli ruchka turar edi. Bahor oylari, daraxtlar gullagan payt. Men stol yonida kutib turdim. Ichkaridan yelkasiga to‘n tashlagan, do‘ppi kiygan shoir chiqib keldi. Salom berib, kimligimni, nima maqsadda kelganimni aytdim. Chamasi, hayajonda fikrimni aniq, lo‘nda qilib bayon etolmadim shekilli, G‘afur G‘ulomning menga aytgan birinchi gapi shu bo‘ldi:

— Nashriyotda sendan kattarog‘i yo‘qmidi?..

Men nima deb javob berishimni bilmay, qo‘ynimdan har ehtimolga qarshi yozdirib olganim nashriyot shartnomasini shoirga uzatdim. Rasmiy vakolatim borligini bildirib qo‘ymoqchi bo‘ldim shekilli.

— Qayta nashrga rozi bo‘lsangiz, shu hujjatga qo‘l qo‘yib berar ekansiz, — dedim.

G‘afur G‘ulom shartnomani qaytarib, shuiday dedi:

— Buni cho‘ntagingga solib qo‘y. Kattangga borib ayt, men «Shum bola»ni qaytadan yozaman. Shoahmad Shorahmedov bilan ham shartnoma tuzsin. U menga yordam beradi.

Shu ish bahona bo‘lib G‘afur G‘ulomning uyiga tez-tez boradigan bo‘ldim. Ustoz «Shum bola»ning yangi variantini Shoahmad Shorahmedovga aytib turar, u kishi stenogramma bilan yozib olar edi. Mening vazifam tayyor qismlarni olib ketib oqqa ko‘chirish, nashrga tayyorlash edi. Bir kuni kelganimda shoirning gazeta buyurtmasi bilan she’r yozayotgani ustidan chiqdim. O‘sha katta stol atrofida Shoislom Shomuhamedov, Yusufjon Hamdam va men tanimaydigan yana uch-to‘rt odam gurunglashib o‘tirishar, shoir suhbatga qo‘shilib, tutilmagan gaplar bilan hammani kuldirib, shuning orasida she’r yozar edi. Bunday ijod usuli o‘sha vaqtda qanday xayolimga sig‘magan bo‘lsa, hozir ham hech tasavvur qilolmayman. She’r axir tanholikda, fikru tuyg‘ularni jamlash, katta bir ichki to‘lqindan tug‘iladi-ku. G‘afur aka bo‘lsa hangoma qilib o‘tirgan joyida she’r yozar edi. Har band bitganda hamsuhbatlarga o‘qib berar, ularni qoyil qoldirib o‘zi ham maqtanib qo‘yardi:

— She’rni G‘afur G‘ulom yozsin-u, o‘likni hindu yuvsin.

She’r yoz to‘g‘risida edi. Mevalarni ta’riflab turib, «endi gilosga ham bir nima deb qo‘yaylik», «tut ham xafa bo‘lmasin» qabilida hazil so‘zlar aralash o‘sha kattakon siyohdonga ruchkani botirib o‘ngdan chapga qaratib quyma satrlarni qog‘ozga tushirar edi. She’r oxirlab qoldi.

Mis barkash qayilgudek ustidagi yukidan,
Yumaloq bol misoli har bitta qantak o‘rik.

Shu so‘zlarni yozib shoir o‘tirganlarga murojaat qildi: «Qani o‘rik so‘ziga nimani qofiya qilamiz?» Birov «ko‘rik» dedi, birov «etuk» dedi… G‘afur G‘ulom: «Shoshmanglar, tilimizda «yugurik» degan so‘z bor-a. Hozir shuni bog‘laymiz», deb ruchkani qo‘lga oldi. Bir daqiqa o‘ylanib turdi. Men bor xayol kuchimni, yosh fantaziyamni ishga solib yoz mevalari ta’riflanib turgan she’rga «yugurik» degan so‘zning bog‘lanishini tasavvur qilolmadim. Shoir bu vaqt ichida to‘rtlikning ikkinchi bandini tugatib, o‘qiy boshladi:

Quyoshda shakarzarra yaltiraydi tukidan,
Pishiqchilik kunlari xayol kabi yugurik.

Qoyil demay iloj yo‘q.

She’r bitdi. Uni ruscha alifboga ko‘chirib yozishni ustoz menga buyurdi. Shunday qilib 1961 yil iyunda yaratilgan «yoz boshi» she’rini men oqqa ko‘chirganman.

«Shum bola»ning dunyoga kelishi ham asosan shu usulda bo‘lgan. Shoir o‘zining yoshlik o‘rtog‘i Shoahmad aka bilan turli hangomalarni aytishib, o‘tgan voqealarni eslab o‘tirib, bu o‘lmas asarning boblarini yod yozdirar edi.

Qiz degan ko‘ngilning qonidan bo‘lur

1957 yil kuzi. Biz universitet talabalari paxtaga hasharga chiqqan edik. G‘afur G‘ulomning qizi Olmosxon bizdan bir kurs keyin o‘qir, o‘zining odobi, kamtarligi, mehnatkashligi bilan hammaning mehrini, hurmatini qozongan edi.

Bir kun shoir mashinasida kelib, universitet rahbarlarining ijozati bilan Olmosxonni bir kunga Toshkentga olib ketdi. Shaddod komsomollar bu voqeaga o‘zlaricha munosabat bildirib devoriy gazetaga karikatura chizdilar. G‘afur G‘ulom «Volga» mashinasi yonida qizi Olmosxonning boshini silab turibdi. Karikatura tagiga «Sen yetim emassan» deb yozilgan. Gazeta Olmosxon qaytib kelgandan keyin ham biror hafta osilib turdi.

Bu voqeani men goh kulib, goh achinib eslayman. Kulishimning sababi karikatura topqirlik bilan o‘xshatib chizilgan, komsomol bolalar shunday ulkan shoirni ham ayab o‘tirmay boplab tanqid qilishgan edi. Lekin achinishimga ham sabab bor. Avvalo, Olmosxon, hali aytilganidek, erkatoy qizlardan emas edi. Qolaversa, ayniqsa qizlarga ikki oylik paxta davrida hech bo‘lmasa bir marta uyga borib kelishga ruxsat berilardi. Lekin gap bunda ham emas. Achinishimga asosiy sabab bo‘lak.

1964 yili G‘afur G‘ulom oilasida falokatli hodisa yuz berdi. Yosh kelinchak bo‘lgan Olmosxon gaz portlashi natijasida kuyib og‘ir jarohatlandi. Qizining iztiroblaridan o‘rtangan shoir oz vaqt ichida so‘lib, qartayib qoldi. Sirtida bildirmasa ham, o‘zini har doimgidek tetik, quvnoq tutib yursa ham, sochining oqi ko‘payib, qoboqlari salqilanib qolgan edi.

Muharram opa Olmosxonni olib Moskvaga shifoxonaga ketgan. Bir kun men G‘afur akani ko‘rgani bordim. Ustoz qo‘lida qaychi, turli jurnallardan suratlar qirqib o‘tirar edi. Menga, o‘tir, deya ishora qilib, ishini davom ettirdi. «Krokodil», «Ogonyok», «Mushtum» jurnallaridan qirqilgan hazil suratlarni oq qog‘ozga tekis qilib yopishtirib chiqdi. Keyin menga qarab: «Mana, bo‘ldi, tagxatini yozsak, maktub ham tayyor», — dedi. Bu shoirning Moskvaga — qizi va rafiqasiga yozayotgan g‘aroyib xati ekan. Masalan, juda yasangan tannoz qizning surati tagiga: «Mana bu Olmosxonning 1-Mayga yasanishlari», boshqa bir suratga: «Olmosxonning adalariga, tilla baldoq olib bering, deb yalinib turganlari» singari hazil so‘zlar yozildi. Ustoz xatlarni ehtiyotlik bilan buklab, konvertga solib qo‘ydi.

Shunda men G‘afur G‘ulomning buyuk insonlik fazilatiga, otalik mehriga tan berganman. Olisdagi o‘ksik farzandining ko‘nglini ko‘tarish uchun shuncha hafsala bilan tog‘-tog‘ jurnallarni ag‘darib, qirqib yopishtirib o‘tirganiga qoyil qoldim. Ulkan shoir butun ijodi davomida yaratib qo‘ygan Ota siymosi, «Kuzatish», «Sog‘inish», «Sen yetim emassan», «Yigitlarga», «Qizlarga» singari o‘nlab klassik she’rlarda o‘z ifodasini topgan mehribon, ulug‘vor, shafqati behudud olijanrb siymo — bu G‘afur G‘ulomning o‘zi ekaniga imon keltirdim.

Ustoz xonadonidan chiqar ekanman, o‘sha studentlik yillari komsomol o‘rtoqlarim qilgan shakkoklik uchun yuragim achishar, ulug‘ shoirning satrini ichimda takrorlar edim:

Qiz degan ko‘ngilning qonidan bo‘lur.

Dushanbe safari

1966 yil, aprel. Tojikiston yozuvchilarining s’ezdiga G‘afur G‘ulomga hamroh bo‘lib Shoislom Shomuhamedov va men boradigan bo‘ldik. Bu men uchun katta voqea, ulug‘ ustozning bildirgan ishonchi va mehri belgisi edi. Tojikiston Ministrlar Sovetining bog‘ida besh kun G‘afur G‘ulomning ajoyib suhbatlaridan bahramand bo‘ldim. Sovet adabiyotining ulkan vakillari orasida ustoz hammaning diqqat markazida, suhbatlarning joni bo‘lib yurdi. Klassiklardan forsiy va turkiy tillarda yod bilgan baytlari, latifalari, tarixiy voqealar bilan bog‘liq hikoya va hangomalari sira tugamas edi. Moskvalik rus yozuvchilaridan biri: «G‘afur — tuganmas xazina, afsuski, bu gaplarni u qog‘ozga tushirmaydi-da. Dunyoni hayratga soladigan gaplar-ku bu», — degani esimda.

Darhaqiqat, G‘afur G‘ulom ko‘nglidagi gaplarning hammasini qog‘ozga tushirmay ketgan shoirlardan. Avvalo u qisqa umr ko‘rdi. So‘ngra, shoir yashagan davr adabiyot va san’atda madhiyabozlik, tantanavorlik, hayotning ko‘proq yorug‘ tomonlarini kuylash, hatto uni bo‘yab ko‘rsatish hukmron tendentsiya bo‘lgan payt edi. Shoirning yuragi dardlik bo‘lganiga hech shubha yo‘q. Bu dard uning ko‘zlari tubida yotardi. Men bu dardni kuzatganman, «Sog‘inish», «Ona qizim Jamilaga» singari iztirob to‘la she’rlarida his qilganman. Ammo takrorlanmas iste’dod shu’lasi ko‘proq bayram qasidalariga, tantanali she’riy maktublarga to‘kildi. G‘afur G‘ulom dard, iztirob tuyg‘ularini ham yozgan shoirlarning boshiga tushgan falokatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan adib edi. Shuning uchun yoshlarni ham bu xil she’rlar bitishdan qaytarishga urinardi. Azbaroyi ularni ehtiyot qilish, nayzabozlardan saqlash uchun ham shunday qilar edi. 1963 yilda ustoz Gulchehraxon bilan mening nikoh to‘yimda qatnashib so‘z aytgan. To‘ydan qayta turib mening qulog‘imga: «Mana, yig‘lab-siqtab xotinlik bo‘lib ham olding, endi «o‘ldim-kuydim» degan she’rlarni yozmassan», degan edi. Bu gap o‘sha kezlari mening ba’zi she’rlarim ko‘p majlislarda, matbuotda yig‘loqi, tushkun ruhda yozilgan deb tanqid qilinib turganiga ishora edi.

Shunday qilib, Tojikiston yozuvchilarining s’ezdi boshlandi va birinchi kuni G‘afur G‘ulomga so‘z berildi. Zalda gulduros qarsaklar turdi. Shoir minbarga ko‘tarilganda, pastdan: «Ustod, tojikcha gapiring!» «Ba dariy, ba forsiy!» degan ovozlar eshitildi. G‘afur G‘ulom, ma’lumki, tojik bilan tojikcha, qozoq bilan qozoqcha, turkman bilan turkmancha, ozarbayjon bilan ozarbayjon tilida ravon so‘zlashar edi. Bu gal shoir minbardan shunday so‘zlar aytdi:

— Men tojik tilida gapirsam bo‘ladi. Lekin bu minbardan bugun o‘zbek birodarlaringizning ovozi taralsin uchun o‘zbekcha gapiraman.

Zalda yana qarsaklar yangradi. Ustoz zalni goh o‘yga cho‘mdirib, goh hayratlantirib, goh kuldirib, o‘tmishning buyuk allomalaridan hikmatlar keltirib o‘zbek tilida ajoyib nutq so‘zladi.

Dushanbeda ham shoirning muxlislari ko‘p ekan. Ziyofatdan bo‘shamadik. Bizni mehmon qilganlar orasida faqat olimlar, adiblar emas, oddiy kosiblar, vrachlar, o‘qituvchilar bor edi. G‘afur aka taklif qilganlarning so‘zini qaytarmas, goh nonushta, goh tushlik, goh kechki o‘ltirishlarga bizni boshlab borar, u qadam qo‘ygan xonadonda bayram bo‘lar edi.

Dushanbedan qaytishda samolyotda yonma-yon o‘tirdik. Men G‘afur akadan: «Samolyotda o‘zingizni qanday his qilasiz?» deb so‘radim. Ustoz hazil bilan: «Samolyotning biror mixi o‘zini qanday his qilsa men ham shunday», deb javob berdi. Yo‘l-yo‘lakay u adabiyotga kirib kelayotgan yoshlar haqida so‘rab, menga yo‘l-yo‘riqlar, maslahatlar berib keldi. Gap oxirida: «Nasihat qilaverib joningga tegdim-a. Bir mahal Cho‘lpon menga ham shunaqa uzoq nasihat qilgan edi», deb uning antiqa nasihatini hikoya qilib berdi. Bu hikoya matbuot uchun emas, balki faqat erkaklar o‘rtasida quloqqa aytiladigan gap bo‘lgani uchun uni bayon qilib o‘tirmayman. Umuman, G‘afur akaning tili botir, hatto katta amaldorlar oldida ham qaltis, buzuq latifalarni aytaberar edi. Tojikiston rahbarlari o‘tirgan davrada shoir Zavqiyning bir zakotchi boyni uyat so‘zlar bilan haqorat qilib yozgan g‘azalini o‘qib bergan, hammani rosa kuldirgan edi.

Biz Dushanbedan Toshkentga qaytgan kun 1966 yilning 25 apreliga to‘g‘ri keldi. 26 aprel tongotarda esa Toshkentda dahshatli zilzila yuz berdi. Ona shahrining zamini kabi shoirning yuragi ham darz ketdi. O‘sha yil G‘afur G‘ulom umrining so‘nggi yili edi.

1987