Turkiy xalqlar ichida o‘zbeklarning madaniy merosi eng boy hisoblanadi. Mavjud qo‘lyozmalarning bir qismini qadimgi qomuslar tashkil qiladi. Tbilisi, Leningrad, Boku, Toshkent shaharlaridagi qo‘lyozma xazinalaridagi Fath Alixonning «Kitobi lug‘ati atrokiya», Tole Hiraviyning «Badoye-ul-lug‘at», Muhammad Xuyinning «Xulosai Abbosiy» va boshqa lug‘atlar ana shular jumlasidandir. Qadimiy qomuslardan bir qismi vatanimizdan tashqarida Istambul, Vena, London, Tehron kutubxonalarida saqlanmoqda. Ayniqsa, chet el xazinalarida saqlanayotgan qomuslar tarixi va ma’naviy qimmati jihatidan alohida ahamiyatga ega.
O‘zbek xalqi tarixiga doir «Abushqa» lug‘atining tarixi va kotibi ko‘rsatilgan eng qadimgi nusxasi Vena shahri kutubxonasida saqlanmoqda. Muhammad binni Sodiq tomonidan ko‘chirilgan bu nusxa 1552 yilda kitobat qilingan. Shuningdek, «Sangloh» lug‘atining eng mo‘tabar nusxasi London kutubxonasidadir.
O‘rta asr sharq lug‘atchiligining boy an’analari ruhida tuzilgan bu lug‘atlar qomusiy xususiyatga ega bo‘lib, o‘zbek xalqi hayotida alohida o‘rin tutadi. Lug‘atlarda o‘zbek tili va adabiyotiga oid juda ko‘p ma’lumotlar bor. Ular eski o‘zbek tilini ilmiy jihatdan o‘rganish borasida asosiy manba hisoblanadi. Bu qomuslarda o‘zbek tili, adabiyotidan tashqari, tarixchilar, etnograflar, faylasuflar, geograflar uchun ham juda qiziqarli va zarur ma’lumotlar saqlangan. Masalan, 1759—1760 yilda kitobat qilingan «Sangloh» lug‘atida Olmaliq, O‘sh, Orol kabi mashhur shaharlar bilan birga Abulxon tog‘i, Arnakka o‘xshash kam ma’lum bo‘lgan joy nomlari haqida va 96 bog‘li o‘zbek urug‘laridan: ochamayli, sariq po‘stin, arlot, barlos, qiyot kabi urug‘lari haqida ham qimmatli ma’lumotlar berilgan.
Shuningdek, bu qomuslarda xalqimizning urf-odatlari, rasm-rusumlari haqida ham so‘z yuritilgan. Lug‘atlardagi asosiy ma’lumotlar o‘zbek tili va adabiyoti bilan bog‘liq. Ular ona tilimizning butun boyligini o‘zida mujassamlashtirgan bo‘lib, nihoyatda qimmatli tarixiy hujjatdir. Qomuslarda kundalik turmushimizda ishlatilayotgan juda ko‘p so‘zlarning ma’nosi ishonarli ochib berilgan. Masalan, lug‘at ma’lumotlari tufayli quda-anda birikmasida, quda — qiz uzatadigan tomon, anda — qiz oladigan tomon ekanligini anglaymiz. Kechqurun so‘zi ikki qismdan tashkil topib, kech va vaqt ma’nosidagi qurun so‘zlaridan iborat ekanligini aytilgan. Chiyabo‘ri so‘zidagi birinchi so‘z chiya — ya’ni qamish ekanligi lug‘atda ko‘rsatilgan.
Lug‘atlar so‘z o‘zaklarini ochib berishda qimmatli manba hisoblanadi. Ularda so‘zlarning dastlabki, asl ma’nolariga sharh berilgan. Masalan, sholcha so‘zining o‘zagi aslida shol bo‘lib kichik gilam ma’nosini anglatadi. Tomchi so‘zining asl o‘zagi tom bo‘lib, u qatra, ozgina tushunchasini bergan. Keyinchalik u -chi qo‘shimchasi bilan birikib hozirgi holiga kelgan.
Lug‘at ma’lumotlari tufayli ko‘pgina iboralar tarkibidagi so‘z ma’nolarini tushunib olamiz. Chunonchi, ohori to‘kilmagan iborasidagi ohori so‘zi qadimda kiyimlarga jilo, sayqal beradigan modda (kraxmal) bo‘lgan ekan. Lo‘ttibozlik qilmoq birikmasidagi lo‘tti so‘zi qadimda ko‘cha-ko‘yda yuradigan tartibsiz, sayoq sozanda ma’nosini anglatgan. Bunga o‘xshash misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Ular kelgusida tuziladigan lug‘atlar uchun asosiy manba bo‘lib xizmat qilishn shubhasiz.
Mutafakkir shoirlarimiz asarlarini nashrga tayyorlovchi matnshunoslar uchun ham bu lug‘atlar qimmatli manba hisoblanadi. Qadimiy lug‘at tuzuvchilar misollarni shoir asarlarining eng nodir, eng ishonchli nusxalaridan olganlar. Masalan, «Sangloh» lug‘atining muallifi Mirza Maxdixon misollarni Navoiyning Tehrondagi saltanat kutubxonasida saqlanayotgan dastxatidan olgan.
Dastxat oxirida «kataba al-ablul-faqir Alisher al-mashhur Navoiy g‘affara zunbahi», ya’ni, «kitobning kotibi Navoiy sifatida mashhur bo‘lgan banda va faqir Alisherdir», yozuvi borligi olimlarimiz tomonidan aniqlangan. Undan tashqari shoirning muhri ichidagi «kun osha fid dunyo kal g‘arib al faqir Alisher», ya’ni, «dunyoda g‘arib va faqir Alisherdek hayot kechirgil», so‘zlari lug‘atshunosning eng mo‘tabar nusxalardan misol olganligini ko‘rsatadi.
Demak, modomiki lug‘atshunoslar o‘z asarlariga misollarni shoir asarlarining noyob, qadimiy va asliga yaqin nusxalaridan olgan ekanlar, ularga e’tibor bilan qarashimiz, hozirgi nashrlarni tayyorlashda ayrim xatolarni tuzatishimiz lozim.
Masalan, «Majolis-un-nafois»ning to‘rtinchi majlisida Xoja Qutbiddin Ahmad haqida gap ketganda quyidagi jumlani o‘qiymiz: «Hazrat shayxul islom zindafil Ahmad Jom (quddisa sirruhu)ning avlodidindir. Farishtavash va malaksheva kishidur. Chun Xoja Ahmad Jomiy qush asrab solur, alar dag‘i taqlid qilibdurlar. Solur chog‘ida ulog‘lari yo‘q ermish bag‘oyat biyik kishi, bir qullariga o‘zlarin ko‘tarib qush solur ermishlar». Bu parchadagi asosiy kambag‘alchilik shundan iboratki, oxirgi jumla mavhum bo‘lib qolgan: chunki ov vaqtida ovchi o‘zini quliga ko‘tartirib qo‘yishi mantiqqa zid.
Alisher Navoiy asarlarining nasriy bayonini ko‘zdan kechirar ekanmiz, unda ayrim baytlar to‘liq izohlanmaganligini ko‘ramiz. Bunday kamchiliklar shoir asarlaridagi ayrim so‘z ma’nolari izohlovchilari noma’lum bo‘lganligi tufayli sodir bo‘lgan. Ularni aniqlash bayt mazmunini to‘liqroq tushunishga yordam beradi. «Layli va Majnun»da bir lavha bor. Majnun tush ko‘radi. Tushida otasi vafot etadi. Shundan keyin u Najd tog‘idan pastga qarab yuguradi:
Tog‘din qo‘pub ayladi quyi mayl,
Har qo‘lga to‘kub sirishkidan sayl.
Ushbu bayt Amin Umariy va Husaynzoda tomonidan umuman to‘g‘ri tushuntirilgan: tog‘dan sapchib pastga qarab yugurdi, seldek ko‘z yoshlar to‘kdi. Lekin bu izohga «Abushqa» lug‘atidagi qo‘l so‘zining tog‘ cho‘qqisidan pastga qarab tushgan yo‘l ma’nosi qo‘shilsa, bayt mazmuni yanada aniqroq, ravshanrok ochilgan bo‘lar edi: (Majnun) tog‘dan pastga qarab tushdi, tog‘ cho‘qqisidan pastga qarab tushgan yo‘lga qon yoshlari to‘kildi.
«Layli va Majnun»da Qaysning maktabga borishi shoir tomonidan quyidagicha bayon qilinadi:
Bir kun erikib mahi muaddab,
Tushti boshiga havoyi maktab.
Ushbu bayt izohlovchilar tomonidan quyidagicha tushuntirib berilgan: u tarbiyalangan odobli oy, bir kun zerikib maktabga borish havasi tushdi.
Bu nasriy bayondagi zerikib o‘rnida erikib so‘zining qadimgi lug‘atlardagi yuragi siqilish, dilgirlik ma’nolari qo‘yilsa, bayt mazmuni aniqroq ochilgan bo‘lur edi: tarbiyali bolaning yuragi siqilganidan maktabga borish havasi tug‘ildi.
Ushbu lug‘atlarda hali ijodi o‘rganilmagan, asarlari topilmagan o‘zbek shoirlari haqida ham qiziqarli ma’lumotlar saqlanib qolgan. Chunonchi ularda Ubaydxon O‘zbek, Nosir, Mulla Soqiy, Iskandar Mirza, Abubakr Mirzo kabi shoirlar asaridan ayrim parchalar keltirilgan. Masalan, qoralamoq so‘ziga Ubaydxon O‘zbekning quyidagi bayti misol tariqasida keltiriladi:
Qora balog‘a qolibmen qoralab o‘tganidin,
Ko‘ngulni ham qaro yer qildi ul qarori bila.
Bu bebaho lug‘atlar o‘zbek tilini ilmiy jihatdan o‘rganuvchilar uchun ham asosiy manba bo‘lishi kerak. Chunki ularda har bir so‘zning tovush tuzilishi u yoki bu so‘zni qanday talaffuz qilish va qanday yozish kerakligi aniq ko‘rsatilgan. Masalan, o‘zbek urug‘laridan sulduz so‘ziga quyidagicha izoh berilgan: sulduz — ba sukuni lom va zoi mu’jama va zammi doli muhmala nomi toifaist az atrok — sulduz — «l» va «z» ustida sukun, «d» zammali, turkiy urug‘lardan birining nomi. Ikkita ma’nosidagi ikirar so‘ziga quyidagicha ta’rif berilgan: ikirar — birinchi «r» fathali, ikkinchisi «r» ustida sukun, ma’nosi ikkita.
Ushbu qomuslarda hali hech qaysi lug‘atlarda qayd etilmagan ko‘plab so‘zlarni uchratish mumkin. Masalan, birorta eski o‘zbek lug‘atlarida ziyon yetmadi ma’nosida bushmadi fe’lini uchratmadik. «Sangloh» lug‘atida ushbu so‘z «Boburnoma»dan olingan misol bilan berilgan: bushmadi — ziyon narsasid, chunon, ki dar tarixi Boburi mazkuristki: Sulton Tanbalning bo‘g‘ziga nayzalab yiqittilar vale bushmadi. Afsuski, bu so‘z ko‘pchilikka notanish bo‘lgani uchun bo‘lsa kerak, «Boburnoma» nashrida tushmadi deb o‘qilgan, bu ma’no masalaning umumiy ma’nosini ochib bera olmaydi. Shuningdek, ayol ma’nosidagi inchi so‘z ham eski o‘zbek lug‘atlarida uchramaydi: inchi — ba kasri avval va sukuni yo va kun va kasri jimi porsi ba ma’ni zan boshad — inchi — boshida «i», «y» va «n» sukunli, «j» forsiy, ya’ni «ch», ma’nosi «ayol» demakdir.
Endi har jihatdan noyob bo‘lgan bu qomuslarni o‘z vataniga tezroq qaytarishni o‘ylab ko‘rish kerak. Albatta bu lug‘atlarni hech kim bizga qaytarib bermaydi, chunki ular o‘sha xorijdagi qo‘lyozma xazinalarining nodir yodgorligi hisoblanadi. Lekin biz ulardan nusxa olishimiz mumkin. Hozir olimlarimizning ma’lumotlariga qaraganda, Tehrondagi Malak kutubxonasida Alisher Navoiy asarlari bo‘yicha tuzilgan lug‘atlardan «Nadr Ali», «Abushqa», «Xulosai Abbosiy»larning noyob nusxalari saqlanmoqda. Ulardan nusxalar olib, ilmiy va amaliy ishlarimizda foydalanishimiz kerak.
Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tishni lozim deb topaman. Bundan o‘n bir yil ilgari hurmatli olimlarimiz Botir Valixo‘jayev, Vohid Abdullayev, Abduqodir Hayitmetov, Suyima G‘aniyevalar tomonidan Tehrondagi saltanat kutubxonasida saqlanayotgan Alisher Navoiyning dastxati haqida ma’lumot e’lon qilingan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tishiga qaramasdan bu dastxatdan nusxa ko‘chirib ola olmadik. Bu bizning madaniy merosimizga bee’tiborligimizdir. Olimlarimiz oldida sharafli va mas’uliyatli vazifa turibdi. Ular o‘zbek xalqining urf-odati, iqtisodi, tili va adabiyotiga oid turli ma’lumotlarni jamlagan qadimiy qomuslarimizni axtarib, topib xalqqa yetkazishlari kerak. Toki xalqimiz o‘z ota-bobolari yaratib ketgan bebaxo xazinalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lsin.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 6-son