Dalolat (Gdlyan va Ivanovning kirdikorlari) (1989)

T. X. Gdlyan hamda N. V. Ivanovning qonunga zid harakatlari va ish uslublari bilan kelishishni istamagan tergov xodimlarining guvohliklari

Jamoat endilikda ko‘p narsadan xabardor. Keyingi vaqtda SSSR xalq deputatlaridan iborat maxsus komissiyaning xulosasi matbuotda e’lon qilindi. SSSR Prokuraturasining tergovchilari T. X. Gdlyan va N. V. Ivanov tomonidan olib borilgan tergov harakatlari paytida yo‘l quyilgan jiddiy qonun buzilishlari haqidagi ariza va shikoyatlarni SSSR Oliy Soveti Prezidiumi topshirig‘i bilan tekshirgan ushbu komissiyada taniqli huquqshunos olimlar, huquq-tartibot organlarining vakillari bor. Shuningdek, «SSSR Prokuraturasida» deb nomlangan ma’lumot ham e’lon qilindi. Mazkur ma’lumotda poraxo‘rlikda ayblangan Moldaviya Kompartiyasi Markaziy Komitetining sobiq ikkinchi sekretari I. Smirnovning aybi yo‘qligi haqida gap boradi. Unga nisbatan prokuratura xodimlari tomonidan sotsialistik qonunchilikning jiddiy buzilishlariga yo‘l qo‘ymagani uchun SSSR Prokuraturasi V. I. Smirnovdan uzr so‘radi.

Shu kunlarda ko‘plab gazetxonlar redaktsiyaga xat yozishib, sim qoqishmoqda. Ular oshkoralikni oshirishni, T. X. Gdlyan va N. V. Ivanoaning O‘zbekistonda qo‘llagan tergov usullari haqida batafsilroq hikoya qilib berishni talab qilmoqdalar.

Biz ana shulardan kelib chiqib, bu ishdan xabardor tashkilotlarga murojaat etdik. Bizning ixtiyorimizga hujjatlar berildi. Bu — «o‘zbeklar ishi» deb atalmish ishni tergov qilishda T. X. Gdlyan va N. V. Ivanov bilan turli davrlarda birga qatnashgan adliya xodimlarining tergov guruhi faoliyatida ildiz otgan sotsialistik qonunchilikning buzilishiga qarshi keskin e’tiroz bildirgan arizalari va ma’lumotnomalaridir. Quyida ushbu hujjatlardan qisqartmalarni e’lon qilmoqdamiz.

* * *

Men 1988 yil 17 oktyabrdan SSSR Davlat xavfsizligi komiteti (DXK) tergov bo‘limining Rats V. A. Titov V. A. rahbarligidagi tergov guruhida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining sobiq a’zolariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishni tekshirishda qatnasha boshladim. Samarqand oblast partiya komitetining birinchi sekretari Rajabov N. R. haqidagi mavjud materiallarni o‘rganishni ham o‘sha paytda boshladim.

Ertasiga, 18 oktyabrda uni (Rajabovni — tarjimon) qo‘lga olish va so‘roq qilish uchun Toshkentga keldim. Rajabov N. R. 19 oktyabrda o‘rtoq Gdlyan T. X.ning bir guruh tergovchilari tomonidan qo‘lga olindi.

Titov V. A. tomonidan menga topshirilgan ish haqida xabar topgach, Gdlyan T. X. bu yerda qandaydir fitna borligini va u ishni birovga bermasligini aytdi.

Rajabov N. R.ni so‘roq qilgan prokuratura tergovchisi Lashxiya V. Sh. uning (Rajabovning — tarjimon) jinoyat faoliyati haqida xabardor qilinmadi. Shu munosabat bilan men so‘rov qilish tartibi va usullari, shuningdek, Lashxiya V. Sh. tomonidan aytilgan Rajabov N. R.ning shaxsini haqoratlovchi iboralari xususida Gdlyan T. X.ga e’tiroz bildirdim.

Bu e’tirozimga Gdlyan T. X. barcha so‘rovlar uning «usuli» bo‘yicha o‘tkazilayotganini, mazkur «usul»ning mohiyati aybiga iqrorlik tergov qarori (protokoli — tarjimon) bilan rasmiylashtirmasdan, balki, aybdorning o‘zi o‘z aybiga iqror bo‘lib ariza yozib berishidadir, deb tushuntirdi.

Bu usul basharti aybdor o‘z ko‘rgazmasidan tongudek bo‘lsa, tergovni yanglish olib borganlikda, shoshilib qaror chiqarganlikda ayblashdan saqlashi lozim edi. Holbuki, ko‘p hollarda boshqa jinoiy ishlar bo‘yicha avval ham sudlangan kishilarning ko‘rgazmasigina jinoiy faoliyatni tasdiqlovchi dalil sifatida xizmat qiladi.

Keyinchalik men shunga ishonch hosil qildimki, og‘ir jazodan qutulib qolay va qisqa muddatga qamalayin desang, bo‘yningga qo‘yilayotgan ayblarga iqror bo‘lishing kerak, degan fikr so‘roq berayotganlarning ongiga singdirilgan. Buning ustiga Gdlyan T. X.ning ta’biriga ko‘ra «o‘rta osiyocha» deb ataluvchi pora boshqalardan shunisi bilan ajralib turardiki, u «har ehtimolga qarshi» berilgan bo‘lishi ham mumkin ekan.

Ishni xolislik bilan tergov qilish xususdagi mening fikrimni Gdlyan T. X. tergovni noma’lum muddatga cho‘zib yuboruvchi «xavf» sifatida qabul qildi.

Shu yilning 21 oktyabrida Moskvaga qaytgach, Gdlyan T. X. menga Rajabov N. R.ni so‘roq qilishda ishtirok etishni davom ettirishimni taklif qildi. Mazkur so‘rovlar muayyan bir ijobiy natijani bergani yo‘q.

1988 yil 23 va 25 oktyabrda men so‘roqlarga taklif etilmadim. Ish bo‘yicha hech qanday axborotga ega bo‘lmadim. Shu munosabat bilan o‘z ishlarimni planlashtirish imkoniga eta emasdim.

Shu yilning 26 oktyabrida bo‘lgan so‘roqda prokuratura tergovchisi Reveko A. B. ishtirok etdi. U Rajabov N. R.ga bu ishga nafaqat Jabborov, Salimov va Usmonxo‘jayev tortilgan, shuningdek, Siyosiy byuroning sobiq a’zosi… ham bor, deb aytdi.

Bu gap Rajabov N. R.ga biron bir ta’sir ko‘rsatmadi. Shunda so‘roqqa taklif etilgan Gdlyan T. X. Rajabov N. R.ni yo‘q qilib tashlashga aynan so‘zma-so‘z va’da berdi…

1988 yil 3 noyabrda Gdlyan T. X. mening ishtirokimda o‘rtoq Titov V. A. hamda Rats V. A. guruhiga qarshi «chora» ko‘rganini bo‘yniga oldi. Biroq u «ishning manfaatini ko‘zlab» shunday yo‘l tutganini aytib, bundan buyon qaytarmaslikka va’da berdi. Biroq, SSSR Bosh prokurori o‘rinbosari o‘rtoq Vasilev A. D.ning so‘zidan ham ko‘rinib turibdiki, Gdlyan T. X.ni boshqarib bo‘lmaydi. Shu bois ham uning va’dalari shubha tug‘diradi.

Yuqoridagi fikrlarga asoslanib, Gdlyan T. X.ning tergov guruhida bundan buyon qololmayman. Bo‘limdagi o‘z vazifamni bajarishga kirishishga ruxsat berishingizni so‘rayman.

D. A. PANFILOV, bo‘limning katta tergovchisi, adliya mayori.
5.11.88 y

* * *

Tergov guruhining kengashlaridan birida nima sababdan tergov ishlari plansiz olib borilayotgani haqidagi mening savolimga Gdlyan: bu o‘zi tomonidan o‘ylab topilgan yangi usul ekanini, unga «suzuvchi pichoqlar usuli» deb nom berganini, umuman, poraxo‘rlikni tergov qilishda klassik usullardan uzoqlashish lozim deb javob berdi.

Gdlyan bu bilan nimani nazarda tutganini men ham, guruhdagi boshqa tergovchilar ham hech narsa tushunmadik. Tergov adabiyotlarida ham bunday usullarni uchratmadim.

…Guruh rahbarlarida (Gdlyan, Ivanov) ayblanuvchilarning o‘zaro jinoiy aloqalarini ko‘rsatuvchi umumiy taassurot yo‘q. Shuning uchun joylardagi tergovchilar tergovni «paypaslab» olib borishmoqda. Ular o‘zlari tergov qilayotgan kishilarning boshqalar bilan jinoiy aloqalari to‘g‘risida dalillarga ega bo‘lmaganlari uchun ham bu odamlar tergov hibsxonasida qanday ko‘rgazma berganlaridan ko‘p hollarda bexabar. Chunki, tergov hibsxonasida mahbuslar bilan faqat Gdlyan, Ivanov va yana bir nechta «ishonchli» tergovchilargina ishlashadi. Ular so‘roqlarda olingan ko‘rgazmalarni guruhdagi boshqa tergovchilardan sir saqlashadi.

Mabodo mahbus o‘z aybiga iqror bo‘lsa va o‘zi aloqada bo‘lgan kishining nomini aytsa, shundagina tergovchilar bu haqdagi qarorlarni (protokol – tarjimon) olishadi. Aksincha, mahbus ayblarni rad etsa, bu hol tergovchilardan sir tutiladi. Biroq mahbusdan kerakli ko‘rgazmani olish uchun Gdlyan tomonidan joylarga har qanday yo‘l bilan bo‘lmasin o‘zbek tilida mana shuncha miqdorda pul bergani haqida o‘z aybiga iqror bo‘lgan arizalar to‘plash xususida «maxsus topshiriq» yuboriladi.

Sobirov S. 3., Haitov T., Muhammadiyev A. va boshqalarning ishi bo‘yicha xuddi ana shunday qilindi.

Agar mahbus pora olgani Gdlyan va Ivanovga «zarur» kishilarga pora berganiga iqror bo‘lsa, uning pora olgani yuzasidan dalillar to‘plashni bas qilish xususida buyruq keladi.

Shu tariqa tergov «agar aybingni aytsang va iqror bo‘lsang, qo‘rqma, biz shunday qilamizki, tezda qutulib ketasan, mabodo sukut saqlasang, rad etsang, unda o‘zingdan ko‘r» qabilidagi qo‘rqitish va qasos olish usuli bilan olib borilmoqda. Gdlyan va Ivanov usuliga ko‘ra mahbuslar «yaxshilar» va «yomonlar»ga bo‘linadi.

Sobirov S. 3., Haitov T., Sattorov I. G., Muhammadiyev A. va boshqalarga shunday munosabatda bo‘lindi. Ular «yomonlar» qatoriga qo‘shildilar.

Bu fikrlarni tergovchi Martemyanov tasdiqlashi mumkin. Gdlyan unga «yaxshiligi», tergovga yordam berayotgani uchun Norbo‘tayevning jinoiy ishidan ayrim voqealarni chiqarib yuborish haqida ko‘rsatma bergan. Bunday ko‘rsatmalarni, shuningdek, Yahyoyevni tergov qilgan tergovchi Vlasov ham olgan. Tergovchi Tarasov esa, meming maslaqatimga kirmay, Gdlyanning ko‘rsatmasi bilan Jamolovning ayblovidan uning jinoiy faoliyatiga oid juda ko‘p voqealarni chiqarib tashladi. Ayblanuvchi Jamolov «yaxshi» emish, mahbus Osetrovga guvohlik berayotgan emish.

…Gdlyan va Ivanov usulidagi ayblanuvchining aybini tasdiqlovchi dalil asosida allaqachon o‘zini fosh etgan — ayblanuvchi o‘z aybini o‘zi tasdiqlashi kerak — degan Vishinokiycha usul yotgani uchun ham men ular bilan kelisholmayman.

Karimov A. K.ning ishidan boshlab va boshqa ishlar bo‘yicha ham qariyb barcha dalillar ayblanuvchilardan chiqmoqda. Ular dastlab oylab va hatto, yillab o‘z aybiga iqror bo‘lishmaydi-da, to‘satdan esa, ma’lum bir bosqichda qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lishadi va aybiga iqror bo‘lmb ariza yozishadi va hokazo. Bu usul qonunga ziddir. Chunki, muayyan jinoyatning dalili asosida guvohlarning ko‘rgazmalari, hujjatlar, ashyoviy dalil va hokazolar bo‘lishi lozim. Bularning hammasi yig‘ilib ayblanuvchining ko‘rgazmalari bilan birgalikda sodir etilgan jinoyatni xolisona tasdiqlashi kerak.

Ayblanuvchilarning iqrorlari quruq so‘zdan boshqa narsa bilan tasdiqlanmasa, men bunday so‘zbozlikni tan olmayman. Tergov guruhi rahbarlari bilan o‘rtamizdagi kelishmovchilikning mohiyati ham shunda…

Gdlyan va Ivanovning sim orqali bergan ko‘rsatmalariga binoan, ularni qiziqtirgan har qanday odam ustidan sharmanda qiluvchi materiallar «topayotgan» tergovchilar esa guruh rahbarlari tomonidan hurmat va izzatda. Ular bunday ishlarning uddasidan qanday chiqishyapti, bilmayman. Biroq, shuni yaxshi bilamanki, mazkur tergovchilar guruh safida bo‘lgan vaqt ichida birorta ham ishni mustaqil ravishda nihoyasiga yetkazmadilar. Ular Gdlyan va Ivanovga «sadoqat va haqiqat bilan xizmat qilishmoqda». O‘z prokuraturalarida obro‘sizlangan kishilarning guruhdagi ishlari silliq ko‘chayapti: ularni muntazam ravishda rag‘batlantirmoqdalar, namunali xodim sifatida unvonlarini navbatdan tashqari oshirishga tavsiya etmoqdalar.

…Men, shuningdek, mahbuslarga qachondir «aql kirib» xazinalarning qayerdaligini aytib berishlari uchun ularni yillab asossiz ravishda tergov hibsxonalarida tutib turilishiga qarshiman. Biroq, ayblanuvchiga «aql kiritish» uchun tergovsiz, odil sudlovsiz hibsxonalarda ushlab turish adolatga nisbatan xalq ishonchini o‘ldiradi, xolos. Mirzabovaning ayblov ishi bunga to‘la misol bo‘la oladi. U tergov hibsxonasida 5 yil ushlab turildi. 1987—1989 yillar mobaynida esa tergov harakati o‘tkazilmadi…

Agar ayblanuvchilar Karimov A. K. va uning Dushanbe shahridagi tergov hibsxonasida qonunga xilof ravishda 8 oy mobaynida ushlab turilgan oilasi (Karimovning o‘g‘li shu yerda o‘z joniga qasd qilishga uringan). Norov va uning oila a’zolari; Do‘stov ishi bo‘yicha ayblanganlar; Churbanov ishi bo‘yicha ayblanganlar; Haitov va uning oila a’zolari; Sattorov I. G. va uning oila a’zolari; Muhammadiyev A. va uning oila a’zolari tomonidan yozilgan shikoyatlar tekshirilsa, mazkur ishlar yuzasidan hech qanday prokuror nazorati bo‘lmagani, tergovni Gdlyan va Ivanov qanday xohlasa shunday tartibda olib borilgani oyday ravshan bo‘ladi. Shu bois ham ular bu ish yuzasidan tergovni tugata olish-olmasliklari haqida bir narsa deyish qiyin.

Gdlyan va Ivanov tomonidan guruh ichida paydo qilingan axloqiy-ruhiy iqlim haqida qisqa to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Gdlyan va Ivanov guruh orasida, chunonchi, mahbuslar bilan munosabatda ham o‘zlarini shunday tutishadiki, go‘yo ular barcha masalalarni faqat SSSR Bosh prokurori yoki Siyosiy byuro a’zolari bilan bevosita hal etishayotgandek. O‘zlarini qayta quruvchilar deb bilishadi. Nima ish qilishmasin, barchasini qayta qurish manfaati uchun qilishayotgandek ko‘rsatishadi. Ularga e’tiroz bildirgan odamni shu tobning o‘zidayoq «yot unsur», «sotilganilikda ayblashib, har qanday yo‘l bilan undan qutulishga harakat qilishadi.

Tergov harakatidan ko‘ra ham majlis o‘tkazishni xush ko‘radigan Gdlyan guruh tergovchilari davrasida, ayniqsa majlislarda juda so‘zamol bo‘lib ketadi… Bunday paytlarda uning kimligini tushunish qiyin: SSSR Prokuraturasining mas’ul xodimi, tashviqotchi, faqat tergovchi emas. Chunki, tergov haqida juda ham oz gapiradi…

Shaxsan men Gdlyan va Ivanovning xatti-harakatini shubhali deb bilaman. Bunday deyishga asosim bor.

Tergovning ma’lum bir belgilangan bosqichida jinoiy ishdan siyosiy ish yasash uchun ular qandaydir yo‘llar bilan markaziy gazetalar jurnalistlari, televideniye, radioni jalb etdilar. Sud hukmini kutmayoq yozilgan maqolalarda ayrim mahbuslar sotqinlikda, poraxo‘rlikda va turg‘unlik davrining barcha musibatlarida aybdor deb tan olindi. Barcha maqolalar Gdlyanning xonasida tayyorlangani va u qachon lozim topsa, o‘shanda nashr etilganini men aniq maibalardan bilaman. O‘z kasbiga nisbatan bunday munosabat bilan men kelisholmayman. Ayblanuvchining, ba’zi narsalarda shubha tug‘dirgan kishining aybi belgilangan tartibda tasdiqlanmaguncha va u odil sud tomonidan aybdor deb topilmagunga qadar uni matbuotda, rasmiy hujjatlarda ochiqdan-ochiq jinoyatchi deb atash mumkin emas. Mening nazarimda bu talab — qonuniy…

Gdlyan va Ivanovning bunday xatti-harakatlari guruh ichidagi intizomga putur yetkazadi, deb bilaman. Tergov o‘rniga o‘z-o‘zini maqtashga berilib ketgan Gdlyan va Ivanovga nisbatan tergovchilar ishonmay qo‘ydilar.

1985 yildan buyon mana shunday sharoitda ishlab keldim. Hech narsani o‘zgartira olmasligimga ko‘zim yetgach, mendagi mas’uliyat tuyg‘usi qo‘rqinch tuyg‘usi bilan almashdi…

Shu munosabat bilan Sizdan iltimos qilaman:

— Mening aytganlarimni e’tiborga olsangiz. Ular bor haqiqat:

— Guruhga Gdlyan va Ivanov rahbarlik qilish-qilmasidan qat’iy nazar meni guruh safidan chiqarish masalasi hal etilsa; chunki, men mazkur guruhda ishni davom ettirishga ma’naviy jihatdan qodir emasman…

O. M. LITVAK.
1989 yil 10—11 may.

* O. M. Litvak — SSSR Bosh prokurori qoshidagi alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchi (redaktsiyadan).

* * *

O‘zbekiston SSRning bir qator mas’ul lavozimdagi sobiq mansabdor shaxslarini jinoiy javobgarlikka tortish bilan bog‘liq masalalarni hal etishda o‘rtoq Gdlyanning ahamiyati sezilarli. U aqlli, o‘qimishli, inson ruhiyatini yaxshi biladi, so‘zamol, jasur, o‘jar, ba’zan esa o‘z-o‘zini tanqid ham qila biladi. Shunday bo‘lishiga qaramay, o‘r. Gdlyan, yumshoq qilib aytganda, hatto olijanob maqsadlarga erishish vositalari va usullari ustida o‘ylab ham o‘tirmaydigan odamlar toifasidan ekanini ko‘rsatib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Uning jinoiy ish yuzasidan olib borgan, ko‘p jihatlari bilan shaxsga sig‘inish davrini eslatuvchi ish uslubi va usuli buni tasdiqlab turibdi.

U bilan shaxsan tanishligim, Usmonxo‘jayev va boshqalarning jinoiy ishlari bo‘yicha materiallarni o‘rganganim, tergov ishlarida bevosita ishtirok etganim va tergov brigadasidagi hamkasblar bilan bo‘lgan suhbatlarim Gdlyan haqida bunday qat’iy hukm chiqarishimga imkon beradi. O‘rtoq Gdlyan haqidagi fikrlarimni asoslash uchun ayrim o‘ziga xos misollarni keltiraman.

…O‘tgan yili dekabr oyining avvalida biz: DXK tergovchilari Gdlyan guruhiga qo‘shilgan paytimizda uning o‘zi Toshkentda bo‘lib, Usmonxo‘jayevning «millionlarini» musodara qilish operatsiyasini tayyorlayotgan edi. Mazkur operatsiyani o‘tkazishga Usmonxo‘jayevning anchayin noaniq ko‘rgazmasi asos bo‘lgan. Ko‘rgazmaga binoan go‘yo Usmonxo‘jayev o‘zining jinoiy yo‘llar bilan to‘plagan pullarini va 5 — 10 million so‘mlik qimmatbaho boyliklarini o‘z qarindosh-urug‘lari va yaqin tanishlaridan iborat 23 kishinikida saqlaydi. Uning «kirimi» (pora olishi) va «chiqimi» (pora berishi)ni o‘sha chaqqonlik bilan hisoblaganda ham (Usmonxo‘jayev va boshqa mahbuslarning ko‘rgazmalari bo‘yicha) unda yuqorida ko‘rsatilgan millionlar emas, balki 500 mingdan ortiq bo‘lmagan miqdorda pul bo‘lishi mumkin edi. Bunday tafovut Usmonxujayev yo tergovni ongli ravishda chalg‘itmoqda, yoki o‘z jinoiy faoliyatidagi ko‘pgina voqealar xususida sukut qilyapti deyishga asos berar edi. Bu masalani avval Usmonxo‘jayev bilan aniqlab olish, shundan keyingina uning «xazinasini» musodara etish bo‘yicha operatsiya o‘tkazish zarurligini sog‘lom aql sezmay iloji yo‘q edi. Mening operatsiya hali tayyor emasligi haqida sim orqali o‘r. Gdlyanni ishontirishga urinishlarim muvaffaqiyat qozonmadi. Zudlik bilan Toshkentga uchib kelib, Gdlyan bilan o‘tkazgan shaxsiy suhbatlarim ham natija bermadi. U o‘zining avvalgi tajribasini, bizning mahalliy sharoitni yaxshi bilmasligimizni bahona qilib, biz tomonimizdan bildirilgan operatsiyani o‘tkazishning boshqacharoq, bir muncha osoyishta usullari haqidagi takliflarimizni qag’iyan rad etdi. O‘r. Gdlyanning fikriga ko‘ra faqat Usmonxo‘jayevning qarindosh-urug‘larini tintuv qilish va qamashgina «millionlarni» musodara qilish imkonini berardi. Oqibatda yuzdan ortiq tergovchilar va operativ xodimlar ishtirok etgan yirik miqyosli operatsiya barbod bo‘ldi. 13 ta tintuv o‘tkazilishiga qaramay, «millionlar» topilmadi. Bir Usmonxo‘jayevning ko‘rgazmasiga binoan uning turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li, ikkita singlisi, uchinchi singlisining eri va o‘lgan akasining haydovchisi hibsga olindi. Bundan tashqari, Usmonxo‘jayevning qarindoshlaridan uchtasi uch kecha-kunduz ushlab turildi. Operatsiya arafasida o‘rtoq Gdlyan (uning iborasi bilan aytganda «har ehtimolga qarshi») hech bir asossiz to‘rtta qaror bo‘yicha tintuv o‘tkazish uchun ruxsat berishga mahalliy prokurorni yumshoq qilib aytganda, majbur etdi.

Usmonxo‘jayevning qamoqqa olingan qarindosh-urug‘lari bergan dastlabki so‘roqlarga kelganda shuni aytish kerakki, millionlar shunchaki «qoqib olingani» ko‘rinib turardi. So‘roqlar paytida o‘r. Gdlyan shu darajada talvasaga tushardiki, mening nazarimda u o‘z ustidan nazoratni yo‘qotib qo‘yardi. Farg‘ona pedagogika instituti KPSS tarixi kafedrasining mudiri, tarix fanlari kandidati Qobuljon Iminovga qarata: «Tentak… yo‘qol bu yerdan!» deb baqirishini boshqacha izohlab bo‘lmaydi. Men qo‘shni xonada edim, hammasini eshitdim. Shuningdek, o‘r. Gdlyan Usmonxo‘jayevning singlisi Kanalxonga «millionlarni» berishi lozimligini, aks holda uning mansabdor shaxslarning sotqinlik kasali ufurayotgan Moskvaga «yurishini» to‘xtatib qolishga ishontirayotganining ham o‘zim bilmagan holda guvohi bo‘lganman.

Mana shunday ruhiy «tazyiq» ostida bo‘lgan ayrim mahbuslar go‘yo Usmonxo‘jayevning millionlarini boshqalarning uyida saqlashlarini aytishib (uning xotini va singlisi Kanalxon), o‘zlari va o‘zga kishilar haqida yolg‘on ko‘rgazmalar berishgan.

…O‘rtoq Gdlyan o‘zining ish usulini prokuror xodimlardan iborat guruh a’zolariga qattiq turib qabul qildirdi. Hatto, aytish mumkinki, o‘z obro‘si va dabdabali so‘zlar bilan ularning erkini bo‘g‘ib keldi. Kishilarni ushlash va qamoqqa olish, ularga ayb qo‘yish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha uzil-kesil qaror chiqarishga majbur etdi. Holbuki, bunday qarorlarni, mening nazarimda, tergov guruhining rahbari qabul qilishi kerak. O‘r. Gdlyanning guruh a’zolari bilan o‘zaro munosabatini ko‘rsatuvchi kengashlarda bir necha marotaba takrorlagan quyidagi so‘zlari diqqatga sazovor: «Sizning har biringizda faqat ikki yo‘l bor: yo «yuqoriga», yoki jarlikka, uchinchi yo‘l yo‘q. Moskvaga qarab olg‘a!»

…Ko‘pgina mahbuslarning Smirnov haqida go‘yo «ashaddiy» poraxo‘r degan ko‘rgazmalari ishda bor edi. Ularning ko‘pchiligi, bizningcha aniq-tiniq ma’noga ega emas. Shu munosabat bilan men Gdlyan guruhida boshqa shaxslarga nisbatan guvohliklar qanday yo‘llar bilan olinishini bilganim holda, 1989 yil yanvar oyining birinchi chislolarida shaxsan o‘zim va DXK tergovchisi o‘r. Duxanin A. S. bilan birgalikda Smirnovga pora berdim deb guvohlik berayotgan asosiy shaxslarni qayta so‘roq qilish zarurligi haqidagi masalani o‘r. Gdlyan oldiga bir necha marta ko‘ndalang qo‘ydim. O‘r. Gdlyan turli-tuman o‘ylab topilgan bahonalar bilan bizning iltimosimizni bajarishdan bosh tortdi. Natijada qattiq ixtiloflarga borib bo‘lsa-da, Usmonxo‘jayevni so‘roq qilish uchun ruxsat olishga erishildi. Usmonxo‘jayevni so‘roq qilishda bizning tashabbusimiz bilan nazoratchi prokuror o‘r. Titov I. K. ishtirok etdi. Natijada shunday bo‘ldiki, Usmonxo‘jayev Smirnovga pora berganligi haqidagi ilgarigi ko‘rgazmalarini butunlay rad etdi. Smirnov xususida so‘roq qilish uchun boshqa mahbuslarni bizga shunchaki, bermadi-qo‘ydi. Smirnovga nisbatan qo‘yilgan dalillarning haqiqiyligiga shubha tug‘ilgani haqida Titovning SSSR Prokuraturasi rahbarligini xabardor qilish niyati bor edi. Lekin, o‘rtoq Gdlyan undan o‘zib ketdi. Smirnov boshqa ayblanuvchilarning tekshirib ko‘rilmagan ko‘rgazmalariga binoan qamoqqa olindi. Shu bois ham u bilan ishlashda anchayin murakkabliklar yuzaga chiqmoqda…

A. G. JUChKOV,
KPSS a’zosi, SSSR Davlat xavfsizligi komiteti tergov bo‘limi boshlig‘ining katta yordamchisi

* * *

KPSS a’zosi sifatida 1989 yil 24 aprelda bo‘lib o‘tgan ich-ichimdan nafratimni qo‘zg‘agan voqea xususida gapirmasdan o‘tolmayman. O‘sha kuni Moskvada bo‘lgan tergov guruhi a’zolari — 50 kishidan ortiq — kengashga to‘plandilar.

So‘zga chiqqan o‘rtoq Gdlyan T. X. va Ivanov N. V. KPSS Markaziy Komiteti qoshidagi partiya nazorati komiteti komissiyasi tergov guruhining faoliyatini tekshirish bo‘yicha ish boshlagani haqida tergovchilarga axborot berishdi. Shu barobarida nomlari tilga olingan kishilar keyingi paytlarda ularga xos bo‘lib qolgan ohangda «Markaziy Komitetdagi poraxo‘rlar», «PNKning sotqin a’zolari» qabilidagi partiya markaziy organlarini obro‘sizlantiruvchi so‘zlarni aytishdan uyalmadilar. Tergovchilarga, tekshirib kelganlarga bironta ham jinoiy ish materiallarini bermaslikni uqdirishdi. Komissiyaning faoliyati go‘yo barchaga tushunarli ekanligi, Moskvadagi yuksak lavozimli poraxo‘rlar, shu jumladan KPSS Markaziy Komiteti a’zolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilishga imkon bermaslikka qaratilgani haqida gapirdilar.

Ko‘pchilik oldida partiya Markaziy organlari sha’nini haqorat qiluvchi ayblovlar aytildi. Bundan tashqari, kommunist-tergovchilar yuqori partiya organiga bosh egmaslikka da’vat qilindi. Gdlyan o‘z so‘zining oxirida shu masala yuzasidan fikr aytish uchun tergov guruhining boshqa a’zolariga so‘z berdi. Shunda men turib, agar ularning «Markaziy Komitet va shunga o‘xshashlarning sotqinligi» haqidagi dalolatlari Usmonxo‘jayev I, B.ga o‘xshash ayblanuvchilarning ko‘rgazmalariga qurilgan bo‘lsa, unday taqdirda bu dalolatlarning hech qanday qimmati yo‘qligini aytdim. Agar huquqiy davlat qurish uchun jonbozlik ko‘rsatayotgan deputat Gdlyan jinoiy ishlarni qonunga qat’iy rioya qilgan holda tergov qilib, o‘z programmasini hayotga tadbiq etayotgan bo‘lsa, undan taqdirda bizning qanday tekshirish bo‘lmasin xavfsirashimiz o‘rinsizligini ta’kidladim.

A. V. YaNKOVENKO,
SSR Ittifoqi Prokuraturasi tergov guruhining tergovchisi, 1981 yildan KPSS a’zosi

* * *

Adliya polkovnigi, SSSR Davlat xavfsizligi komiteti tergov bo‘limi boshlig‘ining yordamchisi V. A. Rats, adliya polkovnigi, SSSR Davlat xavfsizligi komiteti tergov bo‘limi boshlig‘ining yordamchisi E. A. Xaritonov, adliya podpolkovnigi, SSSR Davlat xavfsizligi komiteti tergov bo‘limining alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi A. P. Pronin, SSSR Davlat xavfsizligi komiteti tergov bo‘limining bo‘linma boshlig‘i A. S. Duxanin va boshqalar ham yuqoridagi kabi ma’lumotnoma va arizalar bilan murojaat etishgan.

Dalillar shunaqa. Yuqorida aytilganidek, ish har jihatdan chuqur o‘rganilmoqda. Uning natijalari va xulosalari bilan jamoatchilik tanishtiriladi.

Pora bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni bundan keyin tergov qilish masalasiga kelganda, shuni aytish kerakki, bu ish sotsialistik qonunchilik talablariga qat’iy rioya etgani holda davom etishi lozim.

«Sovetskaya Rossiya» gazetasining 120-sonidan
Yo. Xo‘jamberdiyev tarjimasi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 9 iyun