Bahodir Aminov. Farg‘ona: fojea, mish-mish, haqiqat (1989)

BOShGA KULFAT TUShGANDA

Azal-azaldan donolik ruhida tarbiyalanib kelgan, mehr-oqibat tuyg‘ularini o‘zgalardan qarz olishga muhtoj bo‘lmagan xalqimiz: «Bir kun janjal chiqqan joydan qirq kun baraka qochadi», deb juda yaxshi aytgan. Shuning uchun janjal chiqishi dargumon tutilgan katta-kichik joylarga eng avvalo zukko va dono qariyalar taklif etilganlar. Qanchalar achchiq esa-da, ularning yetti o‘lchab, so‘ngra aytgan so‘zlari keskin va keskir bo‘lgan. Haqiqat va adolat tarozisida tortilgan ana shunday so‘zgina qat’iy va ulug‘vor so‘z bo‘lib jaranglaydi.

Falsafiy chekinishimizdan buromad bitta: xunrezlik fojealarida birorta qariya u yoqda tursin, mulohaza va mushohada bilan ish yuritish hayotiy tajribasiga ega bo‘lgan o‘rta yoshdagi kishilar ham ishtirok etmaganlar. Lekin ular oddiy kuzatuvchi sifatida o‘zlarini chetga olib qarab turishgani ham yo‘q: otalar vijdon va imonni, onalar chirqillab turgan go‘daklarini o‘rtaga qo‘yib, farzandlarini falokatli yo‘ldan qaytarishga urindilar, opalar va singillar sochlarini yoyib, o‘z aka-ukalari oyog‘iga tashlanib dod soldilar, baloyi-qazo komidan ularni daf etmoqchi bo‘ldilar. Ko‘p hollarda harakatlar zoye ketdi, ayrim paytlarda, oz bo‘lsa-da, bu ishlarning nafi tegdi. Partiya xodimlari va rahbarlar orasida ham o‘z jonlarini garovga qo‘ygan holda fojeaviy vaziyatlar tizginini yordam yetib kelgunga qadar ushlab turishga qobil kishilar bo‘ldi.

Umuman, Farg‘ona muzofotining deyarli barcha joylarida ahvol keskin va xavfli edi. Odamlar dahshat iskanjasida qoldilar, sarosimaga tushdilar, dastlabki paytlardagi notayin vaziyat: hatto ichki qo‘shinlarning bu yerga keltirilgan harbiy bo‘linmalarining harakatsizligi vujudlarga g‘ulg‘ula soldi. Qo‘qon partiya va sovet idoralari rahbarlarining o‘ta darajada beparvoligi va loqaydligi ikki yuz minglik shahar aholisi boshiga katta kulfatlar keltirdi.

Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: qonli voqealar arafasida — 5 iyun kuni Qo‘qon shahar partiya komitetining ikkinchi kotibi Yuriy Goncharov yengil sanoat mashinasozligi zavodida uchrashuv o‘tkazadi. Ishchilar Quvasoy, Farg‘ona, Marg‘ilon, Toshloq, Komsomoldagi dahshatlar bu yerda ham ro‘y bermasligiga kafolat bormi, degan savol bilan murojaat etadilar. Kotibning o‘ta osoyishtalik va xotirjamlik bilan bergan javobi: «Vahimaga tushishning hojati yo‘q. Shahar atrofini mingga yaqin soldatlar qo‘riqlab turishipti, aholi tinchiga hech kimsa rahna sololmaydi».

Jinoyatkorona sovuqqonlik! To‘ydan keyin qo‘yilgan xinaday taassurot qoldirgan — qonli voqealardan so‘ng zudlik bilan tuzilgan ishchi drujinalari ayni ana shu xatarli onlarda shakllantirilishi, aniq-ravshan harakat programmasi bilan ta’minlanishi lozimligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turgan edi-ku! Oqibat nima bo‘ldi? Oradan bir kun o‘tib, shahar uch kun davomida batamom hokimiyatsiz qoldi. Jazavaga tushgan olomon jazavaga tushgan qurolli kishilar tomonidan o‘qqa tutildi.

Xuddi mana shu rahbar, ya’ni Yuriy Goncharov shahardagi voqealar keskin tus olib turgan, butun jumhuriyat yurak hovuchlab, nafasini ichiga yutib, vujudi quloqqa, borlig‘i ko‘zga aylangan xavotirli va tahlikali damlarda O‘zbekiston televideniyesi muxbirining tomoshabinlarga biror so‘z aytish haqidagi iltimosini keskin rad etdi. Bu nima — qo‘rqoqlikmi, nopisandlikmi? Holbuki hukumatimiz rahbari o‘rtoq N. I. Rijkov O‘zbekiston televideniyesi muxbiri bilan suhbatni aynan ana shu yerda — Qo‘qon shahrida o‘tkazdi, millionlab kishilar bu suhbatni qoniqib tingladilar. Shaharning o‘z rahbarlari esa, muxbir bilan suhbatlashsalar, martabadan tushib qoladiganday yo‘l tutdilar! Bu voqea xususiy ko‘rinishday tuyulsa-da, mafkuraviy ishlarning qay darajada o‘lda-jo‘lda ahvolga tashlab qo‘yilgani va uning xunuk oqibatlarini ko‘rsatadi.

Qo‘qon shahri va uning atrof mavzelari aholisining so‘nggi kezlarda bu joylarda ekologik vaziyat keskinlashganidan norozilik tuyg‘ulari junbushga kelgan edi. So‘x suv ombori qurilishi muammo bo‘lib turardi. Yangi Qo‘qon Kimyo zavodi, tugatilishi allaqachon va’da berilgan superfosfat zavodi atrof muhitini va ichimlik suvlarni zaharlashda davom etardi, mitinglar va xalq deputatlari bilan uchrashuvlarda mehnatkashlar bu masalalarni paysalga solmay hal etishni talab qilardilar. Ana shunday bir vaziyatda — 7,8 iyun kunlari shaharda to‘s-to‘polonlar va g‘alayonlar boshlanib ketdi. Sotsial-iqtisodiy talablar bilan ko‘chalarga chiqqan odamlar uch tomondan — Pop, Rishton, Beshariq tomondan kirib kelgan olomon bilan qo‘shilishib ketdi. Bir guruh odamlarning qo‘lida ketmon va panshaxalar, boshqa guruh odamlar qo‘lida shiorlar va talabnomalar. Vaziyatning ana shu chigal va murakkab tugunlarini atayin nazardan qochirgan ba’zi rahbarlar va ularga ergashgan muxbirlar «ekstremistik guruhlar qayta qurish va demokratiya shiorini ham niqob qilib olganlar», demoqchi bo‘ladilar. 7 iyunda shahar militsiyasi binosi oldida, 8 iyunda shahar partiya komiteti binosi oldida tajovuzkor guruhlar ham, o‘z dardu hasratini shior qilib yozib chiqqan tinch namoyishchilar ham o‘qqa tutiladi. Ko‘plab begunoh qon to‘kiladi.

Qo‘qonlik Mahmud Sultonov hikoyasidan: «Jag‘ suyagim operatsiya qilinib, shahar ichki ishlar bo‘limi binosiga yaqin joylashgan 1-shifoxonada davolanayotgan edim. Qasir-qusur o‘q ovozlari eshitilib qoldi. Yuzlarida sarosima zuhur topgan shifokorlar bizni u tomonga qo‘yishmadi. Oradan yarim soatlar o‘tib, «tez yordam» mashinalari shifoxona hovlisiga to‘lib ketdi. Men bunaqa manzarani umrimda ko‘rmaganman: hamma yoq qon. O‘liklar, yaradorlar… Ba’zilarning aft-angori dabdala bo‘lganidan odam siyog‘i qolmagan. Bir yarador qo‘yilgan xona eshigiga «noma’lum kishi» deb yozib ham qo‘yishdi. Nahotki shularning hammasi Farg‘ona fojealarining gunohkorlari bo‘lsalar? Ishonolmayman…»

Toshkent Avtomobil transporti va yo‘llar instituti talabasi, qo‘qonlik Baxtiyor Aminov hikoyasidan: «Rafiqam Nodiraxon shahar militsiyasi binosi yaqinidagi bog‘chalardan birida ishlaydi. Ish vaqti tugaganiga qaramasdan kelavermadi, xavotir oldim va velosipedimni minib, o‘sha tomon haydadim. Minglab odamlar yo‘lni to‘sib qo‘ygan edilar. Nima bo‘layotganini bilmay, beriroqda — daraxt ostida to‘xtadim. Bir payt hamma yoqni qasira-qusur o‘q ovozlari tutib ketdi. Armiya xizmati muddatini bundan uch yil burun tugatib qaytganman, o‘sha yerda ham bunchalik o‘q ovozlarini eshitmagan edim. Bir payt shundoqqina tepamdagi daraxt shox-shabbalarini paydarpay o‘qlar shivalab o‘tdi. Xuddi chinakam jang chog‘idagidek pusib va qaddimni bukib, bu joydan o‘zimni zo‘r-bazo‘r olib qochishga ulgurdim. Xotinim boshqa yo‘l bilan uyga borib, go‘dagini bag‘riga bosganicha ming xavotirlikda meni kutib o‘tirgan ekan…»

Qo‘qon yengil sanoat mashinasozligi zavodi ishchisi Mamat Tojiboyev hikoyasidan: «Shahar partiya komiteti binosi oldidagi mitingda men ham ishtirok etdim. Yig‘ilganlar juda ko‘pchilik edi. Birortasining qo‘lida na tosh, na tayoq bor edi. Biz quruq yerda o‘tirganimizcha qarshimizda so‘zlayotgan shahar partiya komitetining birinchi kotibi Hikmat Musabekovning so‘zlarini tinglayotgan edik. U sotsial-iqtisodiy masalalarga doir yozma talabnomamizni qo‘lida ushlab, birinma-ketin undagi so‘rovlarga javob qaytarardi. Ro‘paramizda qalqon, avtomat va rezina tayoq bilan qurollangan soldatlar tizilishgan edi. To‘satdan otishma boshlanib qoldi. Vahima ichida qolgan olomon hamma tomonga tirqirab qocha boshladi. Men beton ariq ichiga tushib yotib oldim. Odamlar ustimdan hatlab o‘tishardi. Ariq ichida sudralib, xiyobonning oxirigacha bordim. Tura solib, shu yerga yaqin ko‘cha ichiga o‘zimni urdim. Vahima ichra ortimga boqqanimda dumalab yotgan odamlarning gavdasiga ko‘zim tushdi, voy-voylagan ovozlar qulog‘imga chalindi. Rosti, o‘limdan qoldim. Keyinchalik bilsam, anchagina odam o‘qqa uchgan ekan…»

«Mehnat bayrog‘i» gazetasi redaktsiyasining binosi ham shu yerda joylashgan. Shahar jurnalistlari bino oynasidan voqealarni kuzatib turishgan. Ular vahima ichra qochib, yiqilib qolgan odamlarning rezina tayoqlar bilan kaltaklanishini ham o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlar.

Boya aytganimizday, shaharda hamma narsa aralash-quralash bo‘lib ketgan. Tinch namoyishchilar bilan tajovuzkorlar guruhi ba’zan qo‘shilishib ketgan. Orqa tomondan kotib sari otilgan tosh avtomatlarning ishga tushishiga kifoya qilgan. Mamlakatimizning turli joylarida bo‘lib turgan to‘s-to‘polon paytlardagiday ahvol ro‘y bergan: kimdir birinchi bo‘lib o‘q otgan, lekin kim birinchi bo‘lib buyruq berganligi noma’lum. Dastlabki rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, yigirma kishi o‘ldirilgan, bir necha o‘nlab kishilar yaralangan. Sovet hokimiyati yillari ichida Qo‘qon shahri hech qachon bunday taloto‘p iskanjasida qolmagan edi. Xalq boshiga chinakamiga kulfat yog‘ildi.

Farg‘onalik tabarruk qariya — 86 yoshli Muhammadbek Sulaymonov aytganiday, xonadonlarga o‘t ketsa, ko‘p narsa vayron bo‘ladi, lekin dillarga o‘t tutashsa, uning chorasini topish mushkul bo‘larkan.

BIR RIVOYaT XUSUSIDA

Rus xalq og‘zaki ijodiga mansub bir rivoyat bor: emishki, bir sayyoh uzoq o‘lkalarga yolg‘iz safarga chiqibdi. Borliqni tun zulmati qoplab kelayotgan pallada u yo‘ldan adashibdi. Atrof-tevarakda bo‘rilarning ulishi, boyo‘g‘lilarning xunuk sayrog‘i sayyohning ko‘ngliga vahima solibdi. U sarosima ichra hayotdan batamom umidini uzib turgan bir paytda ro‘parasida xushro‘ygina bir yigitcha paydo bo‘libdi-da, sayyohga yo‘l ko‘rsatibdi: «Sening uchun birgina najot yo‘li ana shu», debdi u.

Hayratdan yoqa ushlagan sayyoh: «Sen kimsan, qayerdan paydo bo‘la qolding?», deb so‘rabdi. Yigitcha: «Men — shaytonman», debdi, «Shayton bunaqa bo‘lmas edi, shekilli, — deb e’tiroz bildirgan bo‘lipti sayyoh, — uni badbashara, xunuk, ming xil qiyofaga kirib tovlanadigan sharpa, deyishardiku?» «Hamma gap shundaki, — deb muloyimlik bilan javob beribdi xushro‘ygina yigitcha qiyofasidagi shayton, — mening qanday qiyofaga kirishim mening rasmimni chizgan va chizayotgan odamning mo‘yqalamiga bog‘liq. Sening tasavvuringda esa men hozir ko‘rib turganingdek qiyofadaman». Shayton shunday debdiyu, ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Sayyohning umri yoniga qolibdi.

Farg‘ona fojealarining tasviri, talqini va tahlili, xolisanillo munosabatni taqozo etgani holda, so‘z ifodasi uchun og‘iz bo‘shlig‘ida aylanayotgan tilimizga, qog‘oz uzra yo‘rg‘alayotgan qalamimizga, vijdonimiz va mas’uliyatni qanchalar chuqur his etishimizga bog‘liq. Afsuski, ayrim hamkasabalarimiz, ayniqsa markazdagi mo‘tabar gazeta va jurnallarning muxbirlari shaytonni qanday qiyofada ko‘rishni xohlasalar, shu yo‘lda rang chaplab tashlamoqdalar. Xalq boshiga kulfat tushgan Farg‘ona voqeasiday tahlikali damlarda, poklikni nopoklikdan farq qila bilgan zotgina o‘z so‘ziga ishontira oladi kishini.

MUAMMOLAR ILDIZI ChUQUR…

Ikki xalq-elat o‘rtasidagi nizo-nifoqni bartaraf etish kerakmi yoxud ular orasiga dushmanlik urug‘ini sochib, bir-biridan xun va qurbon talab qilishni davom ettirish lozimmi?

Hozirning o‘zidayoq qatlam-qatlam asarlar jildiga jo bo‘lgulik matbuot materiallarini nazardan kechirsangiz, xalq sha’niga aytilgan haqoratomuz so‘zlardan tortib, rostligiga aql bovar qilmaydigan, go‘yo atayin to‘qib chiqarilganday taassurot qoldiruvchi tafsilotlargacha duch kelasiz. Byurokratiyaning hamma sohalardagi o‘zboshimchaligi va tazyiqini his etgan odamlar matbuotning oshkoralik tufayli yuzaga chiqqan haq so‘ziga endigina umid bog‘layotgan edilar. Ayrim markaziy matbuot nashrlarining voqealarni o‘z bilgicha talqin etishi, reaktsion (hali aqli-hushini yig‘ib olmagan 12 yashar bolani ekstremist deb atashga jur’at va jasorat sezgan gazetalarga nisbatan bu so‘zni ishlatishdan biz ham o‘zimizni tiyib turolmadik) yo‘l tutishi voqealar mohiyatini hali-hozirgacha anglab yetmagan mahalliy kishilarni qattiq ranjitdi, ma’lum ma’noda matbuotdan ularning ixlosini qaytardi.

Aslida ekstremist degan so‘zning ma’nosi nima? (Lug‘atda bu so‘z quyidagicha izohlanadi: Ekstremizm — asosan siyosatda — keskin fikr, qattiq tadbirlarni yoqlash: ekstremist esa, ekstremizm tarafdori demakdir). Besh ming, o‘n ming, o‘n besh ming kishilik olomon (avvalo ana shu o‘rinda «olomon» degan iboraning o‘zi ham to‘g‘ri-noto‘g‘riligini o‘ylab ko‘rish kerak)ning hammasini yoppasiga ekstremist, giyohvand, piyonistalar deb atash mumkinmi? Balki ana shu to‘daning o‘ntasini, ha, boringki, yuztasini ekstremist (mana shu so‘zni ishlatishdan o‘zni tiyishning aslo iloji bo‘lmay qolsa) deb atash mumkindir. Ammo bir necha ming kishining hammasiga mash’um so‘zlardan yorliq yopishtirish, yoppasiga tamg‘a bosish shartmikin? Rasmiy axborot vositalari tez orada boshqa so‘z kashf etdilar — ularni gazandalar deb atay boshladilar. Mahalliy kishilar botiniy bir xavotirlik bilan: agar ish shu zayilda boraversa, bu yerdagilarni bosmachiga chiqarib qo‘yish ham hech gap emas, deb tashvishga tushib qolgan edilar. Tashvishlari chippakka chiqmadi: birinchi bo‘lib «quloqcho‘zma»ni «Trud» gazetasi olib qochdi. U o‘zining 15 iyun sonidayoq shunday xulosaga keldi: bu yerda ro‘y bergan voqealar allaqachon tarix sahifalariga aylanib qolgan bosmachilik harakatiga o‘xshab ketarkan. «O‘z pozitsiyalarini uzoq muddat mustahkam saqlab turgan bosmachilik harakati aynan ana shu rayonlarga to‘g‘ri keladi», deb yozadi muxbir. Boshqa bir moskvalik muxbir esa, o‘z hamkasabasi fikrini yanada «ravshanlantirish» uchun «aniqlik» kiritadi, ya’ni ustarada qirtishlab olingan soch «g‘azab va qasoskorlikning bosmachilarga xos belgisi» deb ta’riflaydi (Anatoliy Golovkov, «Ogonyok» jurnali, 1989 yil, 29-son). Bunday muhokama yuritish usuli bilan do‘ppi kiygan, salla o‘ragan kishilarni ham bir o‘ramga olib, ular ustidan yovuzlarcha hukm chiqarib yuborish hech gap emas-ku?!

«O‘nlab va yuzlab yillar davomida shakllangan feodal strukturasi qanchalar ajablanarli bo‘lmasin, yo‘qolmadi, balki ma’muriy-buyruqbozlik sistemasi doirasida yanada xunuk shakllar kasb etgan bo‘lib, anchayin barqarordir». Ana, xolos! Aholisining atigi ikki foyizigina savodli bo‘lgan, endilikda yoppasiga savodxon o‘lkaga aylanganligi haqidagi ko‘zni qamashtiruvchi jimjimador raqamlar qayerga yo‘qoldi? Internatsionalizm g‘oyalariga beqiyos sadoqati haqidagi faraxbaxsh so‘zlar birpasda qayoqqa g‘oyib bo‘la qoldi? Demak, feodalizm botqog‘ida hali-hamon botib yotgan ekanmiz-da? Nahotki karomatgo‘y Anatoliy Golovkov ana shunday tafakkur tarzi bilan milliy tuyg‘ularga o‘t qalayotganligini anglamayotgan bo‘lsa?

«O‘zbekistonda o‘n minglab mesxeti turklari istiqomat qiladi — demak, millatchilik yong‘ini viloyatdan viloyatga o‘tib boradi» («Komsomolskaya pravda», 7 iyul). Mana sizga «bashoratgo‘ylik»ning yana bir namunasi!

O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi va Ministrlar Sovetining o‘zbek xalqiga, respublikaning barcha aholisiga Murojaatnomasida: «Do‘stlik va qardoshlik taqdiri bugun o‘z qo‘limizda. Arg‘amchiga qil quvvat, deydilar. Do‘stligimiz ipi uzilmasin, qayerdaki uning bitta-yarimta choki so‘kilgan bo‘lsa, uning o‘rnini ming qavat mehr-muhabbat iplari bilan bog‘laylik», deya jumhuriyatimizda istiqomat qilayotgan yuzga yaqin millat va elat vakillariga qarata jar solib turgan bo‘lsayu, o‘zlarini karomatgo‘y va bashoratgo‘ylar safiga mansub ko‘rganlar ig‘vo, uydirma va mish-mishlarni tarqatishdan nahotki tiyinolmasalar? Boshiga tushgan kulfatlardan, fojea va falokatlardan karaxt holdagi xalqimizga nisbatan hamiyatu oqibat shumi?! Yaxshi do‘st jarohatlarga malham bo‘lishda bilinadi. Hayotning eng katta haqiqatlaridan, ulug‘vor saboqlaridan biri bu! Buni unutish muqaddas qadriyatlarni toptash bilan baravar.

Fojea va kulfat ijtimoiy muammolar eng ko‘p yig‘ilib qolgan Farg‘ona muzofotida ro‘y berganligi ayon haqiqat. Ittifoq hukumati rahbarlari bu yerda bo‘lganlarida jumhuriyat rahbarlari e’tiborini hal qilinishi juda zarur ana shu masalalarga qaratdilar, vaqt va fursatni qo‘ldan boy bermaslikka, moddiy resurslarni qidirib topib ishga solishga chaqirdilar, yordam va’da qildilar. Yaroqli kishilarning qirq foizi ishsiz bo‘lgan Farg‘onada ish joylari tayin etish uchun jumhuriyat hukumati yaqin muddatlarga mo‘ljallangan programma qabul qildi. Yaxshimi bu, yomonmi? Albatta yaxshi-da. Biroq shu yaxshi ishlarga ham soya tashlashga urinishlar borligidan qanday xulosaga kelishni bilmay qolasan, kishi. «Sobesednik» yozadi: «Eng muhimi — isyon, mohiyatan, g‘alaba qozondi. Mesxeti turklari ko‘chirib yuborildi, ko‘z oldimizda esa, oldinma-ketin Farg‘onaning sotsial muammolarini tezroq hal etish haqidagi maqolalar paydo bo‘la boshladi. Ibrat bo‘larli hodisa yuzaga chiqdi — qonli to‘qnashuvlar, vahshiyona tajovuzkorlik bilan hukumatga tazyiq o‘tkazish va o‘z istagiga erishish mumkin ekan-da» (29-son). Zo‘ravonlik va tajovuzkorlik hech qachon milliy qiyofaga ega bo‘lmaganligi va u bunday belgilardan mahrum ekanligini eslasak, «Sobesednik» muxbiri nima demoqchi ekanligini anglash qiyin emas. Bo‘lib o‘tgan falokatli voqealar uchun jazo choralari talab qilmoqchi u! Busiz ham jazolanib bo‘ldik. Farg‘onada bir guruh jinoyatchilar tomonidan sodir etilgan vahshiylik oqibatlari — yondirilgan uylar, o‘ldirilgan odamlar, xonumonidan, jigargo‘shalaridan ajralgan kishilar — xalqimizning hali-beri dilidan arimaydigan dardlari. Lekin o‘zining vahshiyona qilmishlari uchun jazolanishi lozim bo‘lgan kimsalarning gunohini xalqimiz ikki umrda ham kechirmaydi. Navqiron va ayni kuch-g‘ayratga to‘la yigitlarimizni yo‘ldan ozdirgan, ularning qismatini bukib tashlagan, inqilobiy qayta qurish jarayoni dushmanlariga yollangan kimsalar munosib jazoga mustahiq qilinishini istayotir odamlar. «O‘zbek milliy kiyimlarini kiygan, aslida boshqa millatga mansub kishilarning» (N. Muhiddinov) tomirlari qayerga borib tutashganligi hammamiz uchun ham befarq emas. Xalqimizning osuda va osoyishta hayot kechirishi — katta falokat va kulfatlar keltirgan ijtimoiy illatlarning ildizlari qay darajada qirqib tashlanishiga judayam bog‘liq.

KPSS Markaziy Komitetining Bosh sekretari, SSSR Oliy Sovetining Raisi o‘rtoq M. S. Gorbachev Markaziy televideniye orqali so‘zlagan nutqida shunday dedi: «Milliy muammolarga taalluqli barcha narsa insonning ongi va qalbidan o‘tadi. Shu boisdan ham jamiyatimizning har bir grajdani millatlararo ehtiroslarni tizginlashga da’vat etadigan o‘z so‘zini aytishi kerak». Oqilona aytilgan kalimaga rioya qilish hammamizning, jumladan markazdagi hamkasabalarimizning ham vijdoniy burchidir. Tahlikali kunlarda og‘zidan bodi kirib-shodi chiqqanlar esa, bir kun emas bir kun uyalib qolishlari tayin gap.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 10-son