Sumoq qishlog‘idagi ming yillik chinor Kitob o‘rmon xo‘jaligi nazoratchisi Murtazoxon Olimovning tomorqasiga soya tashlab turadi. Chinorning soyasiga ko‘p asrlik yong‘oq daraxtining soyasi qo‘shilib ketgan. Soyalar quyuqlashgan joyda sahni keng supa bor. Shu yerda Murtazoxon bilan suhbat qurib o‘tiribmiz.
— Onam — Hikmatoy momo, insonning rizq-ro‘zi tabiat bag‘riga sochilgan, der edilar, — hikoya qiladi Murtazoxon Olimov. — Urushdan keyingi qahatchilik yillari hamqishloqlar u kishining oldiga maslahatga kelib turishgan. Non taqchil paytlari ojud o‘simligining ildizini lavlagi singari damlab, keyin qatiqqa belab yeyishni ham onamizdan o‘rganganmiz. Sumoq — uzoq tog‘ qishlog‘i bo‘lganligi uchun hind choylari ichish rasm bo‘lmagan. Biz faqat erchoyi, sunbulchoy, zubturumchoy, jambulchoy, olvolichoy ichardik.
Murtazoxonning ukasi — muallim Jamolxon Olimov ikki choynak choy ko‘tarib, davrada paydo bo‘ladi.
— Mana bu erchoyi o‘simligidan damlangan, — Murtazoxon choyni uch bor shopirib qaytardi-da, biroz tin bergach, piyolaga sokin quyib, tavoze bilan uzatdi. Sariq rangli, buloq suvidan choydishda qaynatilgan xushbo‘y choyni qimmatbaho sharbatdek huzurlanib ichdim. Birinchi piyoladayoq tanim yayrab, peshonamdan ter chiqdi.
— Mana bu esa zubturumchoy, — Murtazoxon ikkinchi choynakdan piyolaga quyib uzatdi-da, qo‘shimcha qildi. — Dalachoy ham deb atashadi.
Zubturumchoy o‘zining xushta’mi va asaldek tovlanishi bilan kishida xush kayfiyat uyg‘otar ekan. Zig‘ir yog‘ida damlangan palovdan so‘ng sunbulchoy, suvmurchchoy ichildi. Bu choylar ham yoqimli mazasi bilan kishiga huzur baxsh etardi. Kechga yaqin Murtazoxon yovvoyi na’matakning bachki tomiridan alohida choy damladi. Bu choy o‘zining tez chanqoqni bosishi, kishiga tetiklik bag‘ishlashi bilan ajralib turardi. Mezbon o‘rmon choylari haqida ohista hikoya qiladi:
— Qadim Turkistonda ko‘p yillik o‘simlik va butalar, daraxt hamda ildizlardan qaynatma tarzida uzoq yillardan buyon foydalanib kelinadi. Ularni o‘ziga xos nom bilan “o‘rmon choylari” deb ham atash mumkin. Mening o‘zim yigirmadan ortiq dorivor o‘simliklardan, o‘ndan ortiq buta va daraxtlardan choy damlab ichish mumkinligini bilaman. Masalan, olvoli, nashvati, do‘lana, behi, jiyda, na’matak kabi daraxtlarning ham mevasidan, ham bargidan, ham nozik shoxchalaridan, ham tomirlaridan xushbo‘y choy damlab ichish mumkin. Bular ming yillar davomida sinovdan o‘tgan. O‘rmon choylari biologik moddalarga boy bo‘lib, ovqatni hazm qildirish, quvvat bag‘ishlash, tetiklantirish xususiyatlariga ega. Ularning quyiltirilgan qaynatmasi esa, turli xil xastaliklarga davo.
Oqshom qo‘ngach, yana uch xil — gazanda o‘t, jambul va kiyik o‘tidan damlangan choylardan bir piyoladan totib ko‘rdik. Bu o‘rmon choylarining har biri o‘z mazasi, xush bo‘yi va rangiga ega edi. Shunda men choy borasida odamlar naqadar oz bilimga egaligi haqida o‘yladim.
Keyinroq choy tarixiga oid adabiyotlar bilan tanishib chiqishga to‘g‘ri keldi. Choy va uning iste’mol qilinishiga bog‘liq muxtasar ma’lumotlar bilan qiziqib qoldim.
Choy tropik ko‘p yillik o‘simlik bo‘lib, uning vatani — Xitoy hisoblanadi. Uning ikki turi bor — butasimon va daraxtsimon choy. Har ikki turi ham yuz yildan oshiq yashaydi. Butasimonining balandligi 3 metrgacha yetadi va u xitoy hamda yapon choyi deb xillanadi. Daraxtsimon choyning balandligi 10—15 metr keladi. U asosan janubiy-sharqiy Osiyoda o‘sib, Hindistonda assam choy deb yuritiladi. Uning assam, lushai, xill, manipuri, birma, kashmiri kabi xillari mavjud. Choyning ikki turiga uchinchi bir tur — olmaguli choyni ham qo‘shishadi. Choy ichimligi — qora, ko‘k, sariq va qizil choy deb rangiga ko‘ra ajratiladi.
Choy ichimligi haqida eramizgacha bo‘lgan 2700 yillardan qolgan yozma manbalarda eslatmalar bor. Choy madaniy ekin sifatida eramizning to‘rtinchi asridan Xitoyda, to‘qqizinchi asridan e’tiboran esa, Yaponiya va Koreyada ekilmoqda. 1824 yildan boshlab bu o‘simlik Indoneziyada, 1834 yildan Hindiston va Seylonda, 1847 yildan esa Gurjistonda urug‘i va ko‘chati ekib o‘stirilayotir. 1885 yilda Ojorda, 1901 yilda Krasnodarda, 1912 yilda Ozarboyjonda birinchi choy paykallari tashkil etildi. Hozir mamlakatimizda 80 ming gektarga yaqin maydonda choy yetishtiriladi.
O‘zbekistonda “hind choy” yoki “95” choyning ta’rifini tez-tez eshitasiz. Bu nav choylar “eng zo‘r” deb tan olinadi. Haqiqatan ham shundaymi? Tabiiy choyga teng keladigan boshqa o‘simliklar yo‘qmi? Bu savolga: “Bor va ularning xili ko‘p”, deb javob qaytarish mumkin. Birgina na’matakning mevasini olib qaraylik. Pishgan na’matak mevasidan damlangan choy hind choyidan ham xushbo‘yroq va turli xil darmondorilarga boyroqdir. Unda faol fiziologik moddalar oddiy choyga nisbatan ancha ko‘p bo‘lib, o‘zining shifobaxsh xususiyatlari va charchoqni bir zumda tarqatishi, tashnalikni qondirishi bilan ajralib turadi.
Qadim Movarounnahr va Xuroson xalqlari yilning turli fasllarida turlicha o‘simliklardan damlangan ichimliklarni ichishga odatlanishgan. Masalan: ertalab tarkibida kuch-quvvat bag‘ishlovchi, tetik va hushyor qiluvchi moddalarga boy do‘lana, na’matak, olma choyi ichishsa, tushda chanqoqni yaxshi qondiruvchi choy o‘ti yoki jambuldan tayyorlangan qaynoq ichimlik ichishgan. Oqshom va kechqurunlari esa palov va dimlamadan keyin kishiga xush kayfiyat bag‘ishlovchi va ovqatni hazm qiluvchi yalpiz yoki zubturumdan damlangan choyni sevib iste’mol qilishgan.
O‘zbekistonda choy o‘rnida damlab ichiladigan yigirmaga yaqin shifobaxsh o‘simlik va mevalardan qadim-qadim davrlardan buyon foydalanib kelinadi. Ularda choy va kofe o‘simliklarida bo‘lgan kofein alkaloidlari yo‘q. Ma’lumki, kofein moddasi asablarni zo‘riqtirib yuboradi. Asablar esa sershovqin asrimizda shundoq ham taranglashib ketganligini e’tiborga olsak, o‘rmon va tog‘larda o‘sadigan “choy o‘simliklari”dan tayyorlangan shifobaxsh ichimlikning qadri yana ham oshadi.
O‘rta Osiyoga, shuningdek Turkistonga hind choyining kirib kelganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. E’tibor qilgan bo‘lsangiz.
Alisher Navoiy asarlarida, hatto «Boburnoma»da ham choy haqida, choy ichish to‘grisida birorta ham so‘z uchratilmaydi. U paytlarda chanqoqbosdi ichimlik o‘rnida turli xil meva sharbatlari, shifobaxsh o‘simliklarning qaynatmalari va guloblardan foydalanilgan. Palov, kabob, dimlama va boshqa go‘shtli ovqatlardan so‘ng zira va kiyiko‘tidan damlangan qaynatmalar choy o‘rnida ichilgan.
O‘n to‘qqizinchi asrning o‘rtalaridan boshlab hozirgi O‘zbekiston territeriyasida hind choyi ichish kishilar turmushiga kirib bordi. Bunga Hindiston bilan savdo-sotiqning rivojlangani asosiy sabablardan biri bo‘lgan. Hind savdogarlari Turkistonga ko‘plab choy toylari olib kirishgan. Shunday qilib o‘zbeklarda choyxo‘rlik odat tusiga kirgan. Asta-sekin ommaviy choy ichish va gurung berish maskanlari — choyxonalar paydo bo‘lgan. Endi esa choyxonasi yo‘q qishloq “obod qishloq” deb atalmaydi.
Urushdan keyingi davrlarda magazinlarda hind va gruzin choylari ko‘plab paydo bo‘lgani uchun odamlar o‘rmon choylaridan iste’mol qilishni bir qadar unutishdi. Ikkinchi jahon urushiga qadar va urush yillarida faqatgina turkona — o‘rmon choylari ichilardi, bu choy kishilarni bardam va sog‘-salomat umr ko‘rishlariga beminnat xizmat qilardi. O‘rmon choylari uzoq-uzoq asrlar davomida xalq tomonidan sinovdan o‘tkazilgan bebaho xazina ekanligi negadir, bugungi kunda unutib qo‘yildi. Endi yoshlarga yalpiz choy, qulupnay choy, rayhonchoy, shirg‘anak choy, do‘lana choy, na’matak choy, oltin ildiz choyi, mug‘ulchoy, qalmiq choy, qozoqi choy… deb aytsangiz, ajablanib kulib qo‘yishadi. Bu choylar darmondorilarga boy bo‘lib o‘zidagi modda almashinuvini yaxshilovchi, tinchlantiruvchi va orom bag‘ishlovchi xususiyatlari bilan ajdodlarimiz mehriga sazovor bo‘lgan. Ulardan tayyorlangan ichimliklar muntazam ravishda iste’mol qilinsa, organizmning turli xastaliklardan himoya faolligi oshadi, qon aylanishi va oziq moddalari almashinuvi yaxshilanadi, badan terisi sog‘lom va uzoq yashovchanlikka erishadi.
Afsuski, respublikamizda ana shunday ajoyib choy o‘simliklarini ko‘plab o‘stirib, sanoat usulida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan. Istardikki, yalpizchoy, jambulchoy, erchoyi, na’matakchoy, shirg‘anakchoy va hokazo nomlardagi o‘zbekcha choylar ham qadoqlanib, chiroyli qutichalarda savdoga chiqarilsa. Odamlar ta’biga qarab, xushta’m va salomatlikka g‘oyat foydali o‘rmon choylaridan bahramand bo‘lishsa. Shunga ko‘ra, mutasaddi tashkilotlar va keng jamoatchilik turkona — «o‘rmon choylari» ishlab chiqarish va el dasturxoniga tortiq qilish haqida o‘ylab ko‘rishlari kerak. Ishonch bilan aytamizki, bu choylar ham hind choylari kabi mashhur va yana qaytadan sevimli bo‘ladi.
O‘zbekistonning qaysi burchiga bormang, peshtoqiga «Xush kelibsiz» degan yozuvli choyxonalarga ro‘baro‘ kelasiz. Bu choyxonalarda hind va gruzin choylari qatori o‘nlab xildagi turkona choylar ham ta’bga qarab damlanganiga nima yetsin! O‘shanda bu oromgohlarni haqiqiy «o‘zbek choyxonalari» deb ming bor faxrlansangiz arzirdi…
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 5-son