Tarixda qaysiki odil hukmdor, qaysiki odil jahongirni eslamaylik, ular ma’rifatxonalar hisoblanmish kutubxonalarga ko‘p e’tibor berganlar. Yetuk kutubxonalarga ega davlatlarda mutafakkirlar yetishib chiqqan, yoki aksincha, mutafakkirlarning dunyoga kelishi uchun yetuk kutubxonalar bunyod etilishi shart bo‘lgan. Iskandar Zulqarnaynning jahongir bo‘lishi uchun ustozi Arastuning xizmati qancha ko‘p bo‘lsa, Rumda turib butun dunyo sirlarini bilgan Arastuning mutafakkir darajasiga yetishishida unga bosib olingan yurtlardan talangan kitoblarni yuborib turgan shogirdi Iskandarning xizmati ham shuncha ko‘p bo‘lgan. Ibn Sinogacha ham Buxoro amirligining dong‘i ketgan, keyinchalik yong‘inga uchragan kutubxonasi bo‘lganligi tarixdan ma’lum.
Temurning ikki xazinasidan biri — to‘plagan boy kutubxonasi hisoblangan. Bu ma’naviyat xazinasining mevasi sifatida undan keyin o‘tgan Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Ali Qushchi, Bobur kabi yurtimizni jahon ma’rifati o‘chog‘iga aylantirgan yuzlab allomalarni bilamiz.
Shundan ko‘rinadiki, xalqimiz kitobni azaldan suygan va ko‘z korachig‘iday saqlay bilgan. O‘tmish kitoblarining bizgacha bejirim yetib kelishining bitta sababi ularning nihoyatda pishiq ishlanganligi bo‘lsa, ikkinchisi, avlodlar uchun ajdodlarimiz tomonidan avaylab-asralganligidir.
Xo‘sh, xalqimiz yuz foiz savodxon deb baralla aytilayotgan bugungi kunda kitoblarga munosabat qanday? Kutubxonalarda saqlanayotgan kitoblar ko‘nglimizni to‘ldiradimi? Bu kitoblardan bugungi avlod qay ahvolda foydalanyapti?
Biz bu savollarga javob topish maqsadida jumhuriyatimizdagi asosiy kitob maskani bo‘lmish Navoiy nomli davlat kutubxonasi ahvoli bilan tanishdik. Bizning aynan shu kutubxonaga qadam ranjida qilishimiz ham bejiz emas, zero, 1870 yilda tashkil topgan, dastlab Toshkent kutubxonasi, keyinchalik Turkiston kutubxonasi deb atalgan, tuzumimizga kelib esa Alisher Navoiy nomi berilgan bu kutubxona bir paytlar nafaqat o‘zbek xalqining, balki butun Turkiston o‘lkasining faxri bo‘lgan edi. Rossiya imperiyasining 1902—1903 yillardagi «Turkiston o‘lkasining loyihasi to‘g‘risidagi nizomi»da kayd etilgan «Hozirgi kunda Turkiston o‘lkasiga oid keng kamrovli to‘kis asarlar to‘plamini o‘z ichiga olgan (Imperator kutubxonasi bundan mustasno) bunday kutubxona butun yer yuzida yo‘q» degan xulosasi kitoblar maskaniga berilgan munosib baho edi. Kutubxona to o‘ttizinchi yillargacha — qo‘shni Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlat kutubxonalari qurilgunicha — qardoshlarimiz uchun ham yagona xazina bo‘lib keldi. Kutubxona mavjudligining dastlabki o‘n yilliklarida yorqin faoliyat ko‘rsatgan xodimlarning tinimsiz mehnatlari evaziga yuksak mavqega erishdi. Ammo bu martaba keyinchalik kutubxonaga bo‘lgan z’tiborning susayishi natijasida zamon bilan hamqadam rivojlanib bormadi. Otaxon kutubxona o‘z zamirida barpo etilgan, kundan‑kunga gullab yashnayotgan qo‘shni jumhuriyatlar kutubxonalari oldida tobora mung‘ayib boraverdi. Turg‘unlik yillarida barcha sohalarda hukm surgan loqaydlik, ayniqsa, kutubxonalarimizni qattiq iskanjaga oldi. Aslida, bugungi ma’naviy fojealarimizning asosiy ildizlari ham ana shu kutubxonalarimizga bo‘lgan befarqligimizga borib taqaladi.
Afsuski, biz kitoblar maskaniga borganimizda kutubxonaning bosh mutasaddisi R. Alimovning turli vaj-karsonlarni ro‘kach qilib, hatto ochiq qarshilik ko‘rsatib, bizning ba’zi hujjatlar, kitoblar saqlanayotgan hujralar bilan tanishuvimizga ruxsat bermaganligi sababli ushbu maqolaga dalillar to‘plashimiz uchun yetarli imkon bo‘lmadi. Ammo biz direktorning ta’qibiga keramasdan ayrim bo‘limlarni kuzatganimizda kutubxonaning bugungi ahvoli halokat yoqasida turganligiga amin bo‘ldik. Hurmatli direktorning jon-jahdi bilan maqola chiqishiga to‘sqinlik qilishi sababi ham endi tushunarli edi. Shunday qilib, gazeta va jurnallar bo‘limida bo‘lganimizda, avvalo jurnallar saqlanayotgan xonaning shifti ko‘chib tushganligi, bir necha oydan beri xaroba ichida qolgan jurnallar o‘quvchilarga berilmayotganligi va bir necha oygacha berilmasligi haqidagi ma’lumot biz uchun birinchi zarba bo‘ldi. Gazeta taxlamini olib qiroatxona deb atalmish atigi to‘qqizta stol qo‘yilgan, havosi dim, katalakdek xonaga kirdik. Qiroatxonalar uchun nobop qattiq kursilar, stollar mayibligi, ular uzra mutolaa qilayotgan o‘quvchilar gazetalarining shatir-shutur shovqinlari ostida biron bo‘sh o‘rin topolmay, ayvonchaga qo‘yilgan yagona stol qarshisida taxlam titkilay boshladik. Shunda biz qirqib olingan sahifalar, maqolalar o‘rnini, ayrim gazeta nomerlarining yo‘qligini, chuqurroq kuzatganimizda esa taxlamlarning deyarli hammasi bundan yaxshi emasligini ko‘rdik… Biz bilan hamsuhbat bo‘lgan o‘kuvchilar nodir kitoblar va qo‘lyozmalar bo‘limi fondida mikrobiologik zararkunandalar ilma-teshik kilib yuborgan kitoblar borligini aytishdi. Aslida sarg‘ayib ketgan, yemirilgan, yelimi ko‘chgan, sahifalari nam tortgan kitoblarni barcha bo‘lim fondlarida uchratish mumkin bo‘lib, bular kitob gigiyenasiga rioya qilinmasligi, muayyan iqlim saqlanmasligi, har xil qurtlar, zamburug‘lar kabi kitob kushandalariga qarshi dorilov ishlari o‘tkazilmasligi oqibatidandir.
Biz kuzatgan yana bir xona — chet ellar adabiyoti bo‘limi 70 dan oshiq xorijiy mamlakatlar bilan aloqa qilar ekan. Ammo bo‘limning kitob tijorati ishlari uchun jumhuriyat vazirlar kengashi yiliga atigi ming so‘m pul ajratadi. Bo‘lim fondida 190 ming nusxa kitob va jurnallar bo‘lib, shularning 50-60 ming nusxasi — qariyb uchdan bir qismi joy yo‘qligidan foydalanilmay yotibdi. Bo‘lim fondi esa har yili xorijdan olingan 7 ming nusxa kitob va jurnallar bilan boyib turadi.
Navoiy kutubxonasida eng katta muammo — joy tanqisligi. Kitoblarni yemirayotgan ham ana shu muammodir. «Standart normalarga ko‘ra, mavjud 5,2 million kitobni normal joylashtirish uchun 10 ming kvadrat metr joy kerak. Aslida esa 4047 kvadrat metr joy mavjud» (M. Abdullayev, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi). Demak, bu umumiy fondning kichik yarmini joylashtirishgagina yetadi. Buning kasofatiga kutubxona bo‘yicha 1,6 million kitob bog‘lab tashlangan bo‘lib, kitob kushandalariga yem bo‘lib yotibdi. Boshqa bir bo‘limda o‘zini Toshkent Davlat Mashinasozlik institutining aspiranti deb tanitgan suhbatdoshimiz izlayotgan adabiyotlarining birontasini ham topolmaganligini, endi bir oy muddatga shu kitoblar uchun Moskvaga borib kelishini aytgan edi. Agar u izlayotgan kitoblar ham o‘sha kitob bog‘lamlari ichida yotganligiga ishonsak, hukumatimiz mohiyatan kitoblarni emas, birinchi navbatda ma’rifat jarchilari bo‘lmish olimlarimizning yo‘lini bog‘lab qo‘yibdi degan xulosa chiqadi. Axir, o‘ylab ko‘ring, amerikalik oddiy kitobxon Amerika kutubxonasidan turib sun’iy yo‘ldosh orqali yer yuzidagi eng taraqqiy etgan mamlakatlarning kutubxonalari bilan aloka bog‘lab 15 daqiqa ichida istagan ma’lumotini olsa-yu, bizning yosh olimimiz 6uning uchun shaharma-shahar sargardon kezsa, oylab behuda vaqt ketkazsa. U umrining qanchasini kitob ortidan quvishga, qanchasini mutolaaga bag‘ishlaydi? Shu o‘rinda biz bilan hamfikr bo‘lgan chet ellar adabiyoti bo‘limining mudiri Karimbek aka Hasanovning quyidagi so‘zlarini qog‘ozga tushirib oldik: «Bugungi kunda kutubxonachilikda bir talay muammolar yig‘ilib qoldi. Ularni bartaraf kilish uchun kutubxonalarimizni tezda avtomatlashtirish zarur. Afsuski, ba’zi ijtimoiy to‘siqlar maajudligi tufayli bu dolzarb ish kechiktirilib kelinyapti. Ilm toliblari kerakli ma’lumotlarni asosan kutubxonadan izlaydilar. Ma’lumotni topish uchun ketadigan vaqt kollektsiyaning betartibligiga bog‘liq bo‘lib, agar u batartib bo‘lmasa, aloqa yo‘llari yopilib kopadi. Aslida kutubxonaning eng birinchi, eng asosiy vazifasi vaqtni iqtisod qilishdan iborat. Shunday ekan, buning uchun chet mamlakatlarda bo‘lganidek, bizning kutubxonalarda ham EHM displeydan foydalanish, avtomatlashtirish uchun esa kutubxonachilikda yangi texnologiya talab kilinadi. Navoiy kutubxonasi kabi xalq kutubxonalarida displey iloji boricha kitobxonga yaqin o‘rnatilishi, yani kitobxon fondga emas, balki fond mikroformalarda kitobxonga yaqinroq kelishi kerak».
Ammo Navoiy kutubxonasida hozirgi kungacha kitoblar maxsus qurilmagan, bir-biridan uzoq joylashgan to‘rtta tashlandiq binoda saqlanadi. Bir paytlar faqat joy tanqisligi muammosini hal qilish uchun tuhfa qilingan bu eski binolar mavjud muammolarni yo‘qotish o‘rniga kitoblar, kitobxonlar, kutubxonachilar oldida qo‘shimcha yana bir talay qiyinchiliklar tug‘dirib kelyapti. Birinchidan, buyurtmalarning uzoq binolardan qiroatxonalarga yuk mashinasida tashib keltirilishi o‘quvchilarning qimmatli vaqtlarini o‘g‘irlash bilan birga ortiqcha mehnat, mablag‘, ishchi kuchi talab qilsa, ikkinchidan, bu binolarda kitoblarni nozik gigiyena asosida saqlashning imkoni bo‘lmay, ular ko‘proq kitoblarning tokchalarda turib yemirilishi uchun xizmat qiladi va hokazo.
Bularning hammasi kutubxonani yaxlitlashni, yangi bino qurishni taqozo etadi. Aslida kutubxonaning bir paytlar bitta binoga jo bo‘lgan fondi yillar o‘tishi bilan tadrijiy ravishda o‘sib borib, 60-yillardayoq muqaddas dargoh shu holatda mavjud bo‘lolmasligi, zamon talablariga javob beradigan kutubxona kompleksi bunyod etish kerakligi aniq bo‘lib qolgan, hatto bu borada sa’y-harakatlar ham bo‘lgan edi. 1964 yilda Toshkentda yangi kutubxona binosi loyihasi uchun konkurs o‘tkazilib, unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan me’mor S. M. Sutyagin rahbarligida chizilgan loyiha ma’qul topilgan edi. Loyiha 1973 yilda Moskvada, 1976 yilda jumhuriyat vazirlar kengashida tasdiqlangach, qurilish ham boshlab yuborilib, jumhuriyat ro‘znomalari, radio, oynaijahon orqali Navoiy kutubxonasining yangi bnnosi qurila boshlaganligi va u tez orada — 1982 yilda ishga tushirilajagi haqida fotosuratlar bilan quvonchli xabarlar berilgandi. Xo‘sh, nega u qurilmay qoldi?
Sotsializmning uzil-kesil g‘alabasi deb atalgan bu davrda partiyamizning navbatdagi vazifasi qanday bo‘lmasin xalq xo‘jaligini rivojlantirish va albatta bunga 10-besh yillikda ulgurish edi. 1976 yilda bo‘lib o‘tgan partiyaning XXV s’ezdida «1976—1980 yillarga mo‘ljallangan SSSR xalq xo‘jaligini rivojlantirish to‘grisidagi loyiha» qarsaklar bilan qabul qilinib, bunga ko‘zni chirt yumib barcha kuchlar safarbar etildi. Partiyaning bu dasturi madaniyat sohasini nafaqat xaspo‘shlab, zarur bo‘lsa madaniy muassasalar uchun ajratilishi kerak bo‘lgan mablag‘lardan ham xalq xo‘jaligini rivojlantirishda foydalanish imkonini tug‘dirdi. Ittifoqda xalq xo‘jaligini rivojlantirish uchun kurash ketayotgan bir paytda L. I. Brejnevni g‘oyat suyuntirgan Afg‘onistondagi Savr inqilobi sovet hukumatidan moddiy yordam talab qilib qoldi. Asosiy vazifaga ziyon yetkazmagan holda yordam qilishning bitta yo‘li — asosiy bo‘lmagan fondlardan sadaqa qilish bo‘lib, bu mo‘ljalga qulay madaniyat sohasi edi. O‘shanda jumhuriyatimiz poytaxtida Navoiy davlat kutubxonasi, Chorsu mehmonxonasi, Xalqlar do‘stligi saroyi, Gorkiy teatri kabi inshootlar qurilayotgan, loyihalashtirilayotgan edi. Bu imoratlar ichida tolesizrog‘i, afg‘on urushining jumhuriyatimizdagi ilk qurboni Navoiy nomli Davlat kutubxonasining yangi binosi bo‘ldi.
Xullas, kutubxona qurilishi o‘sha davrda urg‘u berib aytiladigan dolzarb vazifalar iskanjasida poydevordayoq to‘xtab qoldi va poydevor ustidagi bu sukunat hamon davom etyapti. Nihoyat, yangi bino loyihasi dunyoga kelganiga ham chorak asrdan ziyod vaqt o‘tdi. Poydevor o‘rnidan esa, me’mor S. M. Sutyaginning iborasi bilan aytganda, nihollar ko‘karib daraxtga aylandi. Shu vaqt ichida loyiha mualliflari tomonidan qurilishni davom ettirish xususida tegishli joylarga, hatto s’ezdga ham yuzlab xatlar yozildi. Har gal davlat bankidan «o‘ta zarur» hisoblangan qurilishlarga topilgan mablag‘ kutubxonaday «nomuhim» imoratlarga yetmay qolaverdi. 1988 yilda hukumat rahbarlarining jumhuriyat ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvida me’mor S. M. Sutyagin yana shu xususda gapirdi. Bu o‘kinchli ma’ruzani tinglagan hukumat rahbarlari chora ko‘rishga vada qilishdi va chora ko‘rishdi: deyarli o‘n yildan buyon yopib qo‘yilgan poydevorni ochish uchun biroz pul ajratishib, 1989 yilning yanvaridan boshlab Madaniyat vazirligida bo‘lgan buyurtmachi vazifasini Toshkent shahar ijroqo‘miga berishdi, majoziy til bilan aytganda, tuyadan olib, toshbaqaga yuklashdi. Bu murakkab texnologiyali ulkan qurilishning o‘z tashvishi o‘ziga ortiqcha ijroqo‘m uchun mutlaqo zaruriyati bo‘lmay, u buyurtmachilikni zimmaga olishni istamadi. Buning kasriga 1988 yilda biroz qimirlaganday bo‘lgan ish 1989 yilda qayta «pinakka ketdi». Yilning oxirida madaniyat vazirligi buyurtmachilikni yana qaytib olishga majbur bo‘ldi.
18 qavatli, 8 million tom kitobni bag‘riga oladigan, 1500 o‘quvchiga mo‘ljallangan qiroatxonalarga ega bu ulkan kutubxona kompleksi loyihasida barcha qulayliklar, zamonaviy jihoz-uskunalar hisobga olingan. Agar yangi bino qurib bitkazilsa, Navoiy kutubxonasi mamlakatimizdagi eng yetuk kutubxonalardan biriga, xalqimizning haqiqiy tafakkur markaziga aylanadi. Kutubxonaning barcha aloqa yo‘llari avtomatlashtiriladi. Kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishda kompyuterlardan foydalanish esa kutish muddatini keskin qisqartiradi. Bundan tashqari qurilajak inshootda har xil ilmiy, kitob anjumanlari o‘tkazish joylari ham hisobga olingan. Bu ma’lumotlardan keyin kishini bu dargohga shu bugunoq qadam qo‘ygisi keladi. Biz bu qutlug‘ fursatni qachon kelishini qiziqib mutaxassislarga murojaat qilganimizda ular agar mahalliy quruvchilarimiz qurishsa, qurilish 10-11 yilga, balki undan ham ko‘proqqa cho‘zilishi mumkinligini aytishdi. Endi fikrlaylik, agar bino poydevorini ochish, buyurtmachi aytganidek shu yilning to‘rtinchi choragidan boshlansa, fond ko‘chirish, jihozlash, joylashtirish ishlari bilan qo‘shib hisoblasak, orziqib kutgan dargohga uzog‘i bilan 15 yildan keyin — 2005 yilda qadam qo‘yar ekanmiz. Kutubxona fondi har yili 200 ming nusxa kitob va jurnallar bilan boyib turadi. Demak, yana o‘n besh yil ichida yukrrida qayd etilgan 1,6 million bog‘langan kitoblar safiga yana 2,5 million kitob qo‘shiladi.
— Bu murakkab inshootni bizning quruvchilarimiz hech qachon ko‘ngildagidek qurisha olmaydi, biz mutaxassislarning, jumladan loyihaning bosh muallifi S. M. Sutyaginning fikri shunday, — deydi loyihaga muhandislik qilgan me’mor A. S. Braslavskiy, — kutubxonada chorak asrdan buyon to‘planib kelayotgan muammolar ham qurilishni yana o‘n yilga cho‘zilishiga imkon bermaydi. Birdan-bir chora, tezda chet el firmalari bilan shartnoma tuzishdir ular binoni 4 yil ichida ko‘ngildagidek qurib berishadi. Buning uchun esa chet el valyutasi kerak.
Chet el valyutasi. Mana endi biz ma’naviyat xazinasini iskanjaga olgan muammolarning shotomiriga yetdik, deb o‘ylaymiz. Aslida bino uzoq yillardan buyon bank to‘ralarining «Kutubxona uchun mablag‘ yo‘q» degan iborasi bilan qad ko‘tarolmay kelyapti va bugungi kunda ham ularning «kutubxona uchun chet el valyutasi yo‘q» deyishlariga shubha qilmaymiz. Ammo biz shu kecha-kunduzda jumhuriyatimizda mehnat qilayotgan bir qancha xorijiy firmalarini, jumladan, Samarqand va Buxoro shaharlarida binolar qurayotgan «Landes» firmasini yoki poytaxtimizda hindistonlik quruvchilarning «TATA» firmasi qiymat jihatdan kutubxona binosiga tenglasha oladigan mehmonxona qurayotganligini bilib bank to‘ralarining bu vajlariga ishonishimiz qiyin. Biz ma’naviy inqiroz jarayonida xalqimiz tarixidagi eng katta qurbonlarni berib bo‘ldik. Endi taraqqiyot sari kurashga otlanar ekanmiz, xirovullarimiz (avangardlarimiz) bo‘lmish ilm ahli oldidagi sahroi kabir yanglig‘ to‘siqni olib tashlamay qanday taraqqiyot haqida o‘y suramiz. Ayni paytda olimlarimizning o‘zlari nega jim? O‘n besh yil ichida kitoblarni saqlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rilmasa, qo‘shimcha kitob omborlari qurilmasa, kutubxonadan foydalanish yanada qiyinlashadi, balki mutlaqo mumkin bo‘lmay qoladi. Bu holda esa kutubxona uchun sarflanadigan xarajatlar, yo‘qotishlar xorijiy firmalarga ajratilajak mablag‘lardan oshib ketadi. Insonning kitobdan boshqa tabiat ato etgan xususiy mulki yo‘q. Qolgan mulklar hamma mavjudotniki. Demak, bizning kitoblarni qutqarish uchun bel boylashimiz ma’naviy inqirozdan chiqishimizda tashlangan yirik qadam bo‘lishi bilan birga tabiat oldidagi farzimiz hamdir. Balki kitoblarni qutqarish fondi tashkil qilish kerakdir, zero, qiymati 20 million so‘m atrofida bo‘lgan bu binoning 20 millionli o‘zbek xalqi uchun qiladigan xizmatini millionlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi.
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 7-son