Yodimda: bolalik yillarim qishlog‘imizga tez-tez gadolar oralab turishardi. Ko‘chalarimizda goho yuzlari oftobdan qoraygan, oyoq-qo‘llari chang-tuproqdan taram-taram yorilgan, yelkalariga katta-katta xurjin yo to‘rva orqalagan ayollar, jazirama kunga qaramay, to‘n, mahsi-kalish kiyib olgan, nari-beri yo‘nilgan tayoqdan aso tutgan sersoqol chollar paydo bo‘lib qolishardi. Ularning ko‘rinishlari qishlog‘imiz kishilarinikiga o‘xshamasdi, shevalari ham allanechuk boshqacharoq edi. Ammo bot-bot kelib turishganidan, barchaga tanish, hech kim ulardan o‘zini olib qochmas, aksincha, qadrdonlaridek, iliq kutib olishardi. Ayniqsa, enam rahmatlini aytaman, ko‘chada ko‘ringan tilanchi borki, hammasini uyimizga taklif qilar, oldiga non-tuz qo‘yib, o‘tgan-ketgandan bir qur suhbatlashar, shu asnoda topgan-tutganini tilanchilar to‘rvasiga tiqishtirar, pirovardida ularni ko‘chaga qadar kuzatib chiqardi. So‘ngra ma’yus tortib, ostonaga cho‘kkan ko‘yi bizga nasihat qilardi:
— Eslaringda bo‘lsin, bolalarim, har yurtning, har davrning o‘z shohi, o‘z gadosi bor… Har ikkalasini ham xalq boqib, xalq kiyintiradi. Farqi shuki, biri o‘zini to‘ydirib-kiyintirayotgan el ustidan hukmronlik qiladi, ikkinchisi darbadarlik bilan kun kechiradi, odamlardan mehr-muruvvat so‘rab yuradi. Bas, shunday ekan, qashshoqlarga qayishinglar, tilanchi-gadoni ranjitmanglar. Xoh musulmon, xoh dahriy, ular ham o‘zimizday — xudoning suygan bandalari… Bir burda nonu bir qoshiq osh bilan davlatingiz kamayib qolmaydi. Eshikdan bosh egib kelganga mehr-shafqat ko‘rsatish bilan kishi otdan — obro‘-e’tibordan tushib qolmaydi. Bil’aks, egamning qahri keladi-ya!..
Turgan gap, o‘shanda bolaligimga borib, enamning so‘zlariga e’tibor bermasdim. Ammo murg‘ak qalbimni boshqa bir narsa—tilanchilarning o‘ziga xos fe’l-atvorlari hayratga solardi. Ular mudom o‘zgalarning xayr-sadaqasiga ilhaq ko‘z tutib tursalar-da, odamgarchilikni unutmasdilar. Ustlari yupun, qorinlari och bo‘lsa-da, imoni butun, diyonatli odamlar edi. O‘zlariga non-tuz bergan, saxovat ko‘rsatgan kishilarga hech qachon xiyonat qilmasdilar. Biror oila sohibi uyida bo‘lmasa, ostonadan ortga qaytardilar. Zinhor-bazinhor fursatdan foydalanib, biror narsani o‘marib ketish payida bo‘lmasdilar. Yanada taajjublanarlisi, haddilari sig‘magan xonadonga mutlaqo bosh suqmasdilar. Mabodo, o‘zlariga xayr-ehson berayotgan kishining og‘ringanini sezsalar, minba’d uning eshigiga yo‘lamasdilar, iloji boricha, chetlab o‘tardilar. Nazarimda, ular ruhan g‘ururi baland odamlar edi!..
Bilmadim, shundanmi yo enamning nasihatlari ta’siridanmi, ishqilib, tengqurlarim singari kambag‘al, beva-bechoralarga xayrixoh bo‘lib voyaga yetdim. Qachon, qayerda tilanchi ko‘rsam, samimiy munosabatda bo‘lishga, imkon qadar sadaqa qilishga odatlandim. Endi bilsam…
Hozir ko‘cha-ko‘yda darbadar kezib, chor-nochor yurganlarning hammasi ham, men o‘ylaganchalik, holi zabun, xor-zor kishilar emas ekan. Ulardan juda oz bir qismi taqdir taqozosi bilai qashshoqlikka mubtalo hamyurtlarimiz bo‘lsa, juda ko‘pchiligi o‘z yurtiga sig‘magan, bizning xalqimiz hisobiga tekinxo‘rlarcha yashashni kasb qilib olgan o‘zga millat vakillari—daydilar ekan! Yaqinda ularning fe’l-atvori, yurish-turishi, turmush tarzi bilan chuqurroq tanishib, bunga yana bir karra qat’iy ishonch hosil qildim.
Xo‘sh, bu daydilar kimlar o‘zi? Ular qayerdan va nima sababdan paydo bo‘lishadi? Kimning va nimaning hisobiga kun ko‘rishadi?
Bu savollarga batafsilroq javob berish uchun, menimcha, daydilarni, shartli ravishda, besh toifaga ajratish joiz. Birinchi toifaga hayot va turmush mashaqqatlarini torta-torta, og‘zi oshga yetganda, boshi toshga tekkan keksalarni kiritish mumkin. Ularning ayrimlari turli sabablarga ko‘ra, ish ustida, ba’zilari baxtsiz hodisa tufayli, mayib-majruh bo‘lib qolgan yoki xastalikka chalingan kishilar. Aksariyati bir umr korxona va muassasalarda, dalalarda ishlab, ta’bir joiz bo‘lsa, beldagi bor kuch-quvvatini, navqironligini vatan ravnaqi yo‘liga baxsh etgan odamlar. Oila qurib, farzandlar tarbiyalagan, keksayib, madordan ketgach, hech kimga kerak bo‘lmay qolgan qariyalar. Bir burda beminnat non topish ilinjida kindik qonlari to‘kilgan go‘shalarini tashlab ketganlar…
Keksa daydilar orasida hujjatlarini yo‘qotganliklari yoki vaqtida risoladagidek rasmiylashtirmaganliklari sababli, nafaqa olishdan mahrum mehnat va urush veteranlari, tug‘ma nogironlar, ish joyida jarohatlanganlar uchrab turadi. Bu kishilarga ich-ichingdan achinasan, ayni chog‘da, ularni shu ko‘yga tushirgan rasmiyatchi, toshbag‘ir to‘ralarga, shaxsiy huzur-halovati, tinchini o‘ylab, ota-onasidan voz kechgan oqibatsiz farzandlarga nisbatan nafrating qo‘ziydi! Ammo iloj qancha, najot qayda? Achinish bilan xastaning dardiga malham qo‘yib bo‘ladimi?
Ammo… keyingi avlod vakillariga bu tushuncha ham begonaroq. Yo‘l-yo‘rig‘imiz, ta’lim-tarbiyamiz o‘zi shunaqaroq: Bog‘chada, maktabda, oliy o‘quv yurtlarida yoshlarga turli fanlardan, markscha-lenincha falsafadan dars o‘tamiz-u, odamgarchilikdan saboq bermaymiz. Ularni Vatanga muhabbat, kommunistik jamiyatga sadoqat ruhida tarbiyalashga intilamiz-u, bu tuyg‘ular aslida nimadan boshlanishini bilmaymiz. Ota-onaga, farzandga muhabbatni, oilaga, do‘st-birodarga sadoqatni o‘rgatmaymiz. Mana, oqibati: ta’rifi olamga ketgan buyuk inqilobning 70—80-yillariga kelib, jamiyatimiz faqat iqtisodiy-siyosiy jihatdangina emas, axloqiy-ma’naviy jihatdan ham to‘la inqirozga uchradi. Bolalar uylari tirik yetimlar bilan, qariyalar qarorgohlari bola-chaqalari, nevara-chevaralari bo‘la turib, amalda yakka-yolg‘iz, xor-zor keksalar bilan to‘lib bormoqda. Kimdir halol mehnat qilishni xohlamagani, kimdir; ishlashga qurbi yetmay, muhtojlikka tushib qolgani tufayli, tilanchilikka, daydilikka yuz tutmoqda. Hozir mamlakatimiz bo‘yicha 200 ming atrofida daydi ro‘yxatga olingan. Ular safiga ro‘yxatga olinmaganlarini ham qo‘shsangiz, Ittifoq bo‘yicha 5—6 tuman ahliga yoxud bir viloyat ahliga teng keladi! Bu — dunyoda eng adolatli, eng insonparvar jamiyat hisoblanmish bizning mamlakatimiz uchun hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydigan dog‘ va isnoddir!
Nima ham der edik?..
Ehtimol, katta yoshli daydilarga mehr-muruvvat ko‘rsatsak, ularni tushunsak, kechirsak bo‘lar. Ammo qolganlarini-chi? Aslo! Negaligini aytaymi, marhamat.
Ikkinchi toifaga mansub daydilar sarxushlikka mayl qo‘ygan irodasi bo‘sh kishilardir. Ichkilikbozlikka, giyohvandlikka ruju qo‘ygan ular. Odamlar nazaridan qolgan, obro‘-e’tiborini boy bergan, ishidan haydalib, uyidan quvilgan, sog‘lig‘ini yo‘qotib, oilasidan, bola-chaqasidan ajralgan. Na nasl-nasablarining, na kasbkorlarining tayini bor! Yashashdan maqsad-maslaklari ham, ertangi kundan orzu-umidlari ham yo‘q. El qatori ishlashga bo‘yinlari yor bermaydi, bir makonda muqim yashashga ko‘nikolmaydi. Bir tortim giyoh, bir qultum vino yoki arzon narxli odekolon uchun har qanday qabihlikdan qaytmaydi. Vaqti kelganda, shishadosh ulfatlarini ham sotib yuborishadi. Nafslarini qondirgach, duch kelgan yerda dumalab, aljirab yotaverishadi. Karagan ko‘zga shoyi so‘zanaga tushgan chipta yamoqdek xunuk ko‘rinib, ko‘ngilni hijil qiladi.
Daydilarning 80—90 foizini qamoqxonadan juftakni rostlaganlar, qilg‘ilikni qilib qo‘yib, jazodan yoki aliment to‘lashdan qochib yurganlar, sudlanganlar tashkil etadi. 1989 yili birgina Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasiga qarashli daydilarni nazorat qilish xodimlari tomonidan 4800 dan ziyod daydi ushlangan. Ularning shaxsi tekshirilganda, 3100 nafari qamalib chiqqanlar, 41 nafari o‘ta xavfli retsidivistlar, 400 dan ortiqrog‘i turli jinoyati va kirdikorlari uchun izlanayotganlar ekani ma’lum bo‘ldi. 1990 yilning dastlabki yetti oyi mobaynida ushlangan 3201 nafar (bu ko‘rsatgich avvalgi yilning shu davriga nisbatan 891 taga ko‘pdir) daydining salkam 90 foizi ham xuddi shunday kishilar bo‘lib chiqdi.
Ayniqsa, sudlangan daydilar ko‘pligining o‘ziga xos sabablari bor. Hech kim ham onadan jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Birov to‘g‘ri yo‘ldan adashadi, birov bilib-bilmay jinoyatga qo‘l uradi. Tabiiyki, qilmishiga yarasha jazolanadi. Jazolashdan maqsad — qayta tarbiyalash. Bizning huquq-tartibot organlarimiz ana shu ezgu ishga da’vat etilgan. Yashirishning hojati yo‘q, ular o‘z vazifalarini ado etolmayaptilar. Ko‘pincha bir yoqlama ish yurityaptilar. Qonunbuzarlikning oldini olish o‘rniga, jinoyat ro‘y bergach, aybdorni topib, jazolash bilan mashg‘ul bo‘lib qolmoqdalar. Boz ustiga, ularning aksariyatida muomala madaniyati, kasb mahorati yetishmaydi. Jinoyatchiga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘ladilar, ularni odam o‘rnida ko‘rmaydilar.
Biror kishining ishi tergovga tushdimi, tamom-vassalom, hali uning aybdorligi -aniqlanadimi-yo‘qmi, bundan qat’iy nazar, qonun himoyachilarining noqonuniy zug‘umlariga, haqorat va kamsitishlariga uchraydi. Jazo lagerlarining ham o‘z qonun-qoidalari bor!.. Bunday chig‘iriqdan so‘ng kishi jamiyatga, insonga ishonchini yo‘qotadi!..
Koshki, shunga yarasha, jazo muddatini o‘tab qaytganlarga munosabat yaxshi bo‘lsa? Yo‘q! Blz ularga doimo o‘tirib chiqqan degan past nazar bilan qaraymiz. Bu tavqi la’nat sobiq mahbuslar hayotiga bir umr soya tashlab turadi. Kezi kelganda, oilasidan, uy-joyidan, ishxonasidan ayriladi. Bu illat, ayniqsa, mamlakatimizning Yevropa qismi jumhuriyatlarida keng ildiz otgan. Ko‘pchilik ayollar o‘tirib chiqqan er bilan yashashni o‘ziga or biladi. Qarabsizki, kechagina tavbasiga tayanib, endi yangicha turmush boshlayman, deb kelgan yigit hayotda ikkinchi, keskin zarbaga uchraydi. Loaqal o‘z uyiga propiska ham qilinmaydi. Alamini ishdan olay desa, yana bo‘lmaydi. Pasporti biror joyda qayd qilinmagan odamni ishga olish mumkin emas! Yana deng, u o‘tirib chiqqan odam bo‘lsa, olis yoqlarda qay darajada qayta tarbiyalashgani ma’lum bo‘lsa! Ishonib bo‘ladimi? Har qalay, bu ta’na yoki tuhmat emas, bor gap. Bizda qonun-qoida, tushuncha-saviya shunaqa!
Endi o‘zingiz insof bilan ayting-chi, so‘nggi ilinjidan ham ayrilib, arosatda qolgan — o‘tirib chiqqan odam nima qiladi? Shubhasiz, daydilik yo‘liga kiradi. Yoki takror jinoyatga qo‘l urib, yana qamaladi. Faqat bu safar, o‘zing uchun o‘l yetim deganlaridek, oldindan ehtiyotini qiladi. Qamoqdaligidayoq kelgusi hayoti taraddudini ko‘radi. Safdoshlaridan qayerda osonroq, bemalolroq yashash mumkinligini aniqlab oladi. Ozodlikka chiqayotib, O‘zbekistonning falon shahar, falon tumaniga yo‘llanma talab qiladi. Zero, bunga haqiyam, huquqiyam bor, hech kim e’tiroz bildirolmaydi. Yo‘llanma bilan yuborilgan joyida uni ro‘yxatga olish majburiy! Biroq takror-takror o‘tirib chiqqanlar ham anoyi emas. O‘zlarini oldinda nimalar kutayotganini yaxshi biladilar. Qora daftarga tushib, doimo nazorat ostida yurishni istamaydilar. Eng qulayi — ro‘yxatdan o‘tmay, o‘ziga o‘zi bek, o‘ziga o‘zi xon bo‘lib yashash!
Men bu gaplarni o‘zimdan to‘qib chiqarayotganim ham, boshqa xalqlar sha’niga malomat toshi otayotganim ham yo‘q. O‘nlab daydilar hamda ular faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mas’ul xodimlar bilan suhbat chog‘ida eshitganlarim, chiqargan xulosalarim asosida yozyapman. Mana, misollar: novorossiysklik Aleksandr Noskov olti marta, tomsklik Nikolay Kolmogorov uch marta qamalgan, har ikkalasi ham umrining teng yarmini—30 yilini qamoqxonalarda o‘tkazgan. Selinogradlik Aleksandr Redkov, leningradlik Leonid Vasilevskiy, abxaziyalik Valantin Dendkin, kemerovolik Vladimir Malkin, qrimlik Linur Aliyev ham bmr necha martadan sudlangan, ba’zilari 15—20 yillab mahbuslikda bo‘lgan. Ilk bor jazo muddatini o‘tab, yurtlariga qaytganlarida ro‘yxatga ham olishmagan, ish ham berishmagan. Xotinlari uylariga yo‘latishmagan. Oqibatda, takror-takror jinoyatga qo‘l uraverishgan.
O‘g‘riligi uchun ikki bor qamalgan libinsklik Ivan Degtyarov ham xotini birovga tegib, uyiga kiritib olganligi tufayli, ko‘chada qolgan. Bir muddat Moskvani kezib, Olmaotaga kelgan. Bu yerda tasodifan o‘zi singari sanqib yurgan onasini uchratib qolgan. Baliq boshidan sasiganini qarangki, onasi qotillik qilib 15 yilga, keyinchalik boshqa jinoyati uchun 9 yilga qamalgan. Daydilikda ham onaning tajribasi katta ekan, o‘g‘lini o‘zi bilan birga Toshkentga kelishga undagan.
Irkutsklik Jenya Kostrigin qamoqdan qaytib ko‘rsaki, onasi uchinchi erga tegib olibdi. Bundan nafratlangan o‘g‘il uyini tark etib, akasinikida yashay boshlaydi. Aybini halol mehnat bilan yuvmoqchi bo‘ladi. Afsuski, uni hech joyda ishga olishmaydi. Tanishlari orqali bir amallab aeroportga payvandlovchi bo‘lib ishga joylashadi. Biroq ko‘p o‘tmay, kambag‘alni tuyaning ustida it qopadi. Boshliq uning o‘tirib chiqqanini bilib qolib, bo‘shab ketishini talab qiladi. Jenya yordam so‘rab, bir necha bor shahar ichki ishlar bo‘limiga, komsomol qo‘mitasiga murojaat etadi. Naf chiqmaydi. Noiloj qolgan yigit tirikchilik ko‘yida, avvaliga yo‘lovchilarni aldab choychaqa topadi, so‘ngra o‘g‘rilikka o‘tadi… Ittifoqo, eski safdoshini uchratib qoladi-yu, uning maslahati bilan Toshkentga yo‘l oladi.
Daydilarning to‘rtinchi toifasiga asosan 22 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan jinoyatchi qochoqlar kiradi. Hammasi ham mehnatga yaroqli, to‘rt muchasi sog‘ kishilar. Astoydil harakat qilsalar, hayotda o‘z o‘rinlarini topib olishlariga shubha yo‘q. Biroq ular halol yashashni xayollariga ham keltirmaydilar. Birovlarning hisobiga kun kechirish qon-qonlariga singib ketgan! Davlat va jamoat, fuqarolar mol-mulkini o‘g‘rilash ularning kundalik turmush tarziga aylangan. Saratovlik Stepan Panin 1949 yili tug‘ilgan, egriqo‘lligi uchun ikki marta sudlangan. So‘nggi uch yil mobaynida hech yerda ishlamay, Toshkentda sanqib yurgan. 1989 yil yanvar oyining o‘zidayoq o‘n marta jinoyat sodir etgan. Hamza va Lenin tumanlari hududidagi omborlarga, do‘konlarga, maktab va bog‘chalarga o‘g‘rilikka tushgan.
1990 yil boshida ushlangan 33 yoshli yigit o‘zini Mixail Dikiy, deb tanishtirgan edi. Tekshirishlar natijasida asl familiyasi Pitsin ekanligi aniqlandi. Bu yigit o‘tgan yili Smolensk viloyatidagi Sichev tumanida omonat kassadan besh ming so‘m o‘marib, izni yo‘qotish uchun Toshkentga qochib kelgan ekan! Mixailning tengquri Andrey Studentov ikki hamtovog‘i bilan 1989 yili Toshkent viloyatida 16 marta jinoyatga qo‘l urgan. Jumladan, uylarga kirib, odamlarning shaxsir buyumlarini o‘g‘irlagan, egalarining ko‘zini shamg‘ala qilib, qoramollarni, xususiy avtomobillarni haydab ketgan. Nukuslik Gennadiy Pak ham oshnolari bilan uzluksiz shunday ishlarni amalga oshirib kelgan.
Daydilar faoliyatini sinchiklab kuzatsangiz, ular asosan o‘g‘rilik bilan shug‘ullanishlarini ko‘rasiz. Bu bejiz emas. Kalavaning bir uchi odamlarimizning beparvoligiga, ikkinchisi qonunlarimizning ojizligiga borib ulanadi. O‘zbekiston SSJ Jinoyat kodeksining 114-hamda 125-moddalari birinchi bandlarida davlat jamoat va fuqarolar mol-mulkiin o‘g‘irlaganlik uchun nari borsa, ikki-uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish yoki shuncha muddatga axloq tuzatish ishiga jalb etish belgilangan. Shu bois o‘g‘rilar jazodan unchalik qo‘rqishmaydi. Yo, gardkam deb bemalol qabih niyatlarini amalga oshiraveradilar. Oqibatda jumhuriyatimizda o‘g‘rilik yil sayin, oy sayin ortib bormoqda. Bunga daydilar ham salmoqli hissa qo‘shmoqdalar. Aftidan, kelgusida bu borada qat’iyroq choralar qo‘llash lozimga o‘xshaydi. Yuristlarning aytishlaricha, Gruziyada 1988 yildan e’tiboran, fuqarolar mol-mulkini o‘marganlishi uchun 10 yilgacha qamoq jazosi berish yo‘lga qo‘yilgan. Natijada, o‘g‘rilik keskin kamaygan, demakki, bu tajribani biz ham amalga tadbiq etsak, foydadan xoli bo‘lmasdi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zSSJ Jinoyat kodeksining 220-moddasini ham qaytadan ko‘rib chiqish darkor. Bu moddaga binoan, darbadarlik, tilanchilik yoki boshqacha tarzda tekinxo‘rlik bilan hayot kechirganlarga bir yildan uch yilgacha jazo berilad. Ularning shu ko‘yga tushishiga sababchi bo‘lganlarga nisbatan esa hech qanday jazo belgilanmagan.
Daydilarning keyingi toifasini bir o‘q bilan ikki quyonni uruvchi hojatbarorlar tashkil etadi. Ulardan ayrimlari ba’zan ovloq joylarda, ba’zan aholi gavjum ko‘cha va bozorlarda qarta, angishvona vositasidagi qimorbozlikni avj oldiradilar. O‘yinga pul va qimmatbaho buyumlar tikib, odamlarni chuv tushiradilar. Yosh-yalanglarni yo‘ldan ozdiradilar. Boshqa birovlari xufiyona ravishda nasha va qoradori sotib, giyohvandlarning hojatini chiqaradilar. Shundaylardan biri — endigina 34 yoshga qadam qo‘ygan Viktor Stupnikov. Tintib ko‘rilganda, yonidan bir kilogrammu 556 gramm nasha topildi. To‘rt marta sudlangan ozarbayjonlik Panaxmura Orif Badirxon o‘g‘li qariyb uch yarim kilogramm qoradori bilan ushlandi.
Hojatbarorlikda daydilikni kasb qilib olgan fohishalar ham hech kimdan qolishmaydi! Aslida, ularning barchasi ayni sevib-seviladigan, turmush qurib, oila tebratadigan, farzand tug‘ib tarbiyalaydigan yoshdagi, ko‘rinishidan duppa-durust qiz-juvonlar! Biroq bu haqda ularga gapirgandan ko‘ra, shamolga qarab tupurgan ma’qulroq. Uyatni, sharm-hayoni havoga sovurib, hayotning bor zavqini fohishabozlikda, pul topish, aysh-ishrat surishda, deb bilishadi.
Nadejda Barsukova, 1957 yili Krasnoyarskda tug‘ilgan:
— Ikki yilcha burun ishlash uchun Toshkentga keldim. Biroq ish topolmadim. Ichishni, chekishni o‘rgandim. Yigitlar bilan kayf-safo qilishga odatlandim. Hozirgacha olti marta daydixonaga tushdim. Har safar menga hujjat to‘g‘rilab berishadi. Ishga yuborishadi. Ammo endi ishlashni xohlamayman. Yoshman, qaddi-qomatim joyida. Bir imo qilsam, har qanday yigit ham yo‘q demaydi. Muhimi, ko‘chada qolmayman!..
— Shu ish bilan o‘z yurtingda shug‘ullansang bo‘lmaydimi? — deyman unga yon bosib.
— Yo‘q, bo‘lmaydi! — U buyuk ixtiro yaratgandek sirli jilmayadi. — U yoqlarda menga o‘xshaganlar ko‘p. Yigitlar qiyo ham boqishmaydi. Qiyo boqishsa ham haq to‘lashmaydi. Bu yerda esa… Ochig‘i, men osiyolik yigitlarni xush ko‘raman. Ular bardam-baquvvat, o‘ta hissiyotchan. Yaxshilab ko‘ngillarini ovlasam, har qancha bo‘lsayam pulni ayashmaydi. Quchoqlarida yotganingda joningni kiritib yuborishadi.
Irina Loxanova, 1969 yili Dyubertsi shahrida tug‘ilgan:
— Ota-onam ajrashgan. Men onam bilan Moskvada yashardim. U 59 yoshda, ruhiy kasal. Xarxashalari jonimga tekkach, uydan chiqib ketdim. Yurib-yurib, Toshkentga keldim. Bir kuni Qo‘yliqda xushro‘ygina o‘zbek yigitini uchratib qoldim. So‘qqabosh ekan. Bir kecha oy u bilan noqonuniy er-xotin bo‘ldnk. Keyin ko‘chaga quvildim. Lekin yigitlarning nazaridan tushganim yo‘q, kunim o‘tyapti.
Gulya Bektemirova, 1955 yili Boshqirdistonda tug‘ilgan:
— To‘rt yildan buyon Toshkentdaman. Darbadarlik uchun sudlanganman. Daydixonaga beshinchi marta tushishim. Yashash joyim, erim yo‘q. Ammo mijozlarim ko‘p hozir, qaysi biridan orttirganimni aniq bilmayman-u, qornimda homilam bor. Shuni yo‘qotolmay yuribman!..
Chillaki chillakini ko‘rib, chumak uradi, deganlari rost ekan. Keyingi paytlarda jumhuriyatimizga yopirilib kelayotgan daydilarning yana bir avlodi paydo bo‘ldi. Bular tarbiyasi buzuqligi sababli, havoyi orzularga berilib uydan qochgan, ota-onasi ajrashgandan so‘ng qarovsiz qolgan o‘smirlardir. Oralarida ona suti og‘zidan ketmay turib, fohishabozlik, darbadarlikni puxta o‘zlashtirgan yosh-yosh qizlar ham anchagina. Ular O‘zbekistonga asosan passajir poyezdlarining provodniklari, boshqa shaharlarga meva-cheva olib borgan yuk mashinalari haydovchilarining xolis xizmatlari yordamida tashrif buyurishmoqda. Manzilga yetib, olishgach, tajribalaridan boshqalarni ham bahramand etmoqdalar. Jumladan, orenburglik Natalya Afanaseva yuk mashinasida bir necha kun yo‘l bosib Toshkentga kelgan, haydovchi vokzalda qoldirib ketgach, o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek mijoz ovlashga tushgan. Avvaliga bir-ikki tasodifiy kishinikida mehmon bo‘lgan. So‘ngra talabalar shaharchasiga borib, hali u yotoqxonada, hali bu yotoqxonada yoshlarga hamxonalik qilgan. Talabalarning hammasi ham ochiq ko‘ngil, ammo hamyonlarining cho‘g‘i pastroq ekan. Nadejda mo‘mayroq pul ishlash maqsadida ularni tashlab ketgan…
Dahshatli tomoni shundaki, daydilarning hamma toifasi ham aholi o‘rtasida kasallik tarqatuvchilar hisoblanadi. Ularning har o‘ntasidan sakkiz-to‘qqiztasi yuqumli xastalikka chalingan, tibbiy nazoratda turishi lozim bo‘lgan kishilardir. Ana shuning oqibatida, so‘nggi vaqtlarda, birgina Toshkent shahar 1-sil kasalliklari shifoxonasidagi 700 o‘rinning yuzdan ortig‘i daydilar bilan band bo‘lib qolmoqda. Bu yerga 1987 yili shahar ichki ishlar boshqarmasiga qarashli daydilar punktidan 29 nafar, tibbiy Tez yordam nuqtalaridan 26 nafar, sil kasalligi dispanserlaridan 106 nafar, boshqa kasalxonalardan 8 nafar bemor yuborilgan, 9 kishi o‘z oyog‘i bilan kelgan. Hammasi bo‘lib 327 daydi tushgan! Bunday hollar so‘nggi yillarda ham takrorlangan. Ayni chog‘da, poytaxtimiz hamda viloyatlarimizdagi boshqa sil xastaliklari kasalxonalariga ko‘plab daydilar yotqizilgan. Shuningdek, zaxm, so‘zak, dizenteriya, qorin tifi, sariq kabi o‘ta yuqumli va xavfli kasalliklar bilan og‘riganlar, rakka, aoab xastaliklariga, boshqa dardlarga mutbalo bo‘lganlar ham turli shifo maskanlaridan makon topganlar.
Qo‘rinib turibdiki, daydilar masalasi davrimizning sira kechiktirmasdan hal etilishi shart hisoblangan, g‘oyat dolzarb ijtimoiy-siyosiy muammolaridandir! Daydilar tomonidan yetkazilayotgan moddiy-iqtisodiy, axloqiy-ma’naviy zararlar o‘rnini hech narsa bilan qoplab-to‘ldirib bo‘lmaydi. Bu illatning tub ildizlari tuzumimiz noqisliklariga, amaldagi qonun-qoidalarning nochorligiga borib taqaladi.
Haqli bir savol tug‘iladi: Xo‘sh, qilmish-qidirmishlari jinoyatchilikdan, ma’naviy buzg‘unchilikdan, inson salomatligiga xavf tug‘dirishdan iborat bo‘lgan daydilar nima uchun aynan janubiy o‘lkalarga, xususan, O‘zbekistoiga daryodek oqib kelmoqdalar? Bu haqda o‘zlaridan so‘rasangiz, deyarli barchasi to‘tiqushdek bir xil javob beradi: Ishlash uchun!
Ajabo! Rosmana, halol mehnat qilaman, degan odamga o‘z yurtida ish topilmaydimi? Topiladi! U yog‘ini surishtirsangiz, Rossiya tomonlarda ba’zi sohalarda ishchi kuchi mutlaqo yetishmaydi. Har yili o‘zbekistonlik ming-minglab yoshlar Noqoratuproq zonaga borib ishlashga jalb etilmoqda, yuzlab oilalar rejali ravishda Rossiyaning huvillab qolgan qishloqlariga ko‘chirilmoqda. Shular hisobiga yangi-yangi xo‘jaliklar tashkil etilmoqda. Katta-katta maoshlar va’da qilinib, yer-suv, uy-joy ajratilmoqda. Shunday bir paytda minglab daydilarning ishlash uchun O‘zbekistonni tanlayotganliklarining asl boisi nimada?
Menimcha, buning to‘rtta asosiy sababi bor. Birinchidan, jumhuriyatimiz ob-havosi issiq, inchunin, turar-joyining tayini yo‘q qalang‘i-qasang‘ilar uchun ancha qulay. Ular bahor, yoz, kuz fasllarida ko‘chalar, yo‘lkalardagi dov-daraxtlar tagida, butalar orasida, quvurlar ichida, madaniyat va istirohat bog‘larida, xiyobonlarda, ko‘p qavatli binolar yerto‘lalarida, chordoqlarda bemalol tunayveradilar. Qishli-qirovli kunlarda aeroport, vokzallarni, avtobekat va bozorlarni makon tutadilar. Binobarin, bizning iqlimimiz sharoitida hech kim sovuqdan o‘lmaydi, ko‘cha-ko‘ylarda yotib-turib amallab jon saqlasa bo‘ladi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston noz-ne’matga boy o‘lka. Bu yerda meva-cheva, poliz-sabzavot mahsulotlari mo‘l-ko‘l. Eng muhimi, odamzodning asosiy yemishi — non ko‘p va arzon. Jumhuriyatimiz poytaxti Toshkent bir vaqtlar— inqilobdan keyingi ocharchilik yillarida Non shahri sifatida butun dunyoga dong taratgan. O‘sha kezlarda Ural tomonlardan, Samaradan ko‘plab och-yalang‘ochlar Toshkentga kelib jon saqlashgan.
Uchinchidan, o‘zbek xalqi tabiatan rahm-shafqatli xalq. O‘zi och qolsa ham, qashshoqdan mehr-muruvvatini darig‘ tutmaydi. Boshiga kulfat tushganlardan yordamini ayamaydi. Kezi kelganda, so‘nggi tishlam nonini ham jabrdiyda bilan baham ko‘radi, uyining to‘rini bo‘shatib beradi. Xalqimizning bu fazilati mamlakatimiz uchun eng og‘ir, eng tahlikali damlarda ko‘plarga asqotgan. Ota-bobolarimiz urush yillari o‘n minglab, yuz minglab qardoshlarimizni bag‘riga olgan, ularga non-tuz, boshpana bergan!
To‘rtinchidan, O‘zbekistonda kim ko‘p, mardikor ishlatuvchi ko‘p. So‘nggi yillarda uy-joy qurilishi, tomorqa uchun aholiga yer ajratilishi, ekin maydonlarining yakka tartibda ishlovchilarga ijaraga berilishi munosabati bilan yollanma mehnatga ehtiyoj yana ortdi. Bu sohada yerni ijaraga olib, qovun-tarvuz ekuvchi ustamon dehqonlar, ayniqsa, piyoz yetishtirishning piriga aylangan koreys birodarlarimiz boy tajriba to‘plashgan. Ular mehnatbay haq evaziga, bir kun, yarim kunga odam ishlatib, paykalning boshidayoq hisob-kitob qilishning havosini olishgan. Mardikor yollovchi ishga rozi bo‘lgan kishining nasl-nasabi, kelib chiqishi bilan qiziqmaydi, undan hujjat ham so‘rab-surishtirmaydi. Yumushlari tez va soz bitishini istasalar, mardikorning yotog‘i, ovqatigacha, vinosiyu arog‘igacha muhayyo qiladilar. Bu biror joyda yolchitib ishlamaydigan, hech yerda ro‘yxatda turmaydigan yurtkezar daydilarning, chunonchi, jazodan qochib yurgan jinoyatchilarning manfaatlariga juda mos tushadi!
Aytilgan vaj-korsonlar sabab, jumhuriyatimizga kelayotgan daydilar safi tobora kengayib bormoqda. 1989 yili ularning 10 mingdan ziyodrog‘i ushlanib ro‘yxatdan o‘tkazildi. Hisobga olinmaganlari ham taxminan shunchaga boradi. Bu 20 ming axloqi buzuq, tekinxo‘ru bekorchi, qallobu jinoyatchi, jamiyat uchun xavfli odam degan gap! Shunga muvofiq, poytaxtimizda, viloyatlarimizda bir nechta daydilarni nazorat qilish punktlari ochilgan. Bu muassasalarda ishlash uchun yuzlab militsiya xodimlari, qonunshunoslar, shifokorlar, boshqa mutaxassislar jalb qilingan! Ular, qoida bo‘yicha, bir oy mobaynida qo‘lga tushgan daydilarning shaxsini aniqlaydilar. Zarur hujjatlarni to‘g‘rilab berib, qay birlarini xastaxonalarga, qay birlarini qariyalar va nogironlar uylariga jo‘natadilar. Jinoyatchilarning ishini tergovga oshirib, mehnatga qobiliyatlilarini korxonalarga yo‘llaydilar.
Qisqasi, biz daydilarga nafrat ko‘zi bilan qaramaymiz. Qo‘limizdan kelgan yordamni ayamaymiz ham. Ehtimol, bu odamgarchilik yuzasidan savobli, olijanob ishdir. Faqat boshqa bir narsa kishini taajjubga soladi: shaxsi aniqlangan daydilar nima uchun kelgan joylariga qaytarib yuborilmaydilar? Qarovchisi yo‘q, bemor daydilar nima uchun jumhuriyatimiz hududidagi shifoxona va maxsus internat-uylarga joylashtiriladilar? Axir boshqa joylardagi bunday muassasalarga chetdan borganlar, so‘qqabosh keksalar, yetim bolalar ham qabul qilinmaydi-ku? Qolaversa, bizdagi qariyalar, mayib-majruhlar va bolalar qarorgohlarida, davolash maskanlarida shusiz ham o‘rin yetishmaydi-ku?! Yordamga, mehr-muhabbatga muhtoj hamyurtlarimiz to‘lib-toshib yotibdi-ku?! Modomiki, shunday ekan, nega sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga qabilida ish tutamiz? Daydilarga ketadigan mablag‘ni jigarbandlarimiz ehtiyojiga sarflasak, ular uchun dori-darmonlar sotib olishga, shifoxonalarimiz, maktab va bog‘chalarimizning shart-sharoitlarni. yaxshilashga ishlatsak, bo‘lmaydimi?
Nega endi, sog‘lig‘i joyida bo‘lib, o‘z yurtiga qaytishni rad etgan daydilarga ham ortiqcha hotamtoylik ko‘rsatamiz — ishga joylashtiramiz?! Ular uchun qisqa vaqt ichida propiska ham, ish joyi ham naqd! Hayal o‘tmay, birgina boshlariga shinam uy-joy ham muhayyo! Qishloqlarimizdan ish izlab chiqqan yoshlarimizga esa shahar darvozalari taqa-taq berk!.. Avvalo, propiska bir mashaqqat. Amal-taqal bilan, propiskadan o‘tib, ishga joylashsalar ham, osonlikcha uy-joy ololmaydilar. Besh-o‘n yillab bola-chaqalari bilan ijarama-ijara yashashga majbur bo‘ladilar! Uzoqqa bormay, o‘z hayotimizdan so‘zlab qo‘ya qolay: Ish joyida navbatning keti ko‘rinmagani sababli, jumhuriyat matbuotida ishlovchi 40 nafar jurnalist 1986 yil boshida alohida kooperativ uy uchun pul to‘ladik. Oramizda to‘rt-besh bolalilar, 35—40 yoshlilar bor. Uch yil o‘tdi. Uy foydalanishga topshirilishi u yoqda tursin, loaqal poydevori ham qo‘yilmadi. Shu haqda o‘tgan kuz rus millatiga mansub muttasaddilardan biriga murojaat qildim-u, malomatga qoldim. Uning ta’kidlashicha, qurilajak uyning bizga berilishi noto‘g‘ri ekan. Boisi — biz tubjoy aholi emas, qishloqi, kelgindilar ekanmiz. Tavba, o‘z yurtimizda qandaydir isqirt, juldurvoqi daydilarchalik hurmat topmasak, bu qanday ko‘rgulik, bu qanday bedodlik?!
Aslida hamma ayb o‘zimizda! O‘z haq-huquqimizni, milliy qadr-qimmatimizni bilmasligimizda! Birovni urush jabrini tortgan deb, birovni yurtidan qatag‘on qilingan deb, yana boshqa birovini malakali ishchi deb, quchoq ochib kutib olaverdik. Ularga avtobuslardagi; o‘rinlarimizdan tortib, shaharlardagi uy-joylarimizgacha, korxonadagi ishimizgacha barchasini bo‘shatib berdik. Boshqa yengil-elpi, serdaromad sohalarni ham ular uyalmay-netmay band etishdi. Ammo birortasi qishloqda yashashni, dalaga chiqib ishlashni o‘ziga ep ko‘rmadi. Shu tariqa, shaharlarimiz milliy qiyofasini yo‘qotdi. Xo‘sh, bu mehmondo‘stligimiz evaziga nima ko‘rdik?! Loaqal rahmat eshitdikmi? Yo‘q! Hatto, paxtamizni, pillamizni, tillamizni, qorako‘limizni berib, poraxo‘r, boqimanda degan nom orttirdik. Haq-huquqimizni talab qilganimizda, qonxo‘r, ekstremist degan unvon oldik Shuncha ko‘rgiliklardan keyin ham, ko‘zimiz ochilmaganini qarangki, endilikda ba’zi birovlar daydilarga ortiqcha himmat ko‘rsatishni taklif qilmoqdalar. Maxsus muassasa ochib, ularni alohida yotoqxonalarga joylashtirish, davolab, nazorat ostida ishlatish lozim, degan fikrlarni o‘rtaga tashlamoqdalar. Menimcha, bu taklif mutlaqo o‘rinsiz! Qalbida Vatanga muhabbat, o‘z millatiga sadoqat tuyg‘usi bo‘lmagan, dordan qochib yurgan daydilar hech qachon bizning xalqimiz or-nomusi, shon-shavkati, qadr-qimmati uchun jon kuydirmaydilar! Bir joyda qo‘nim topib, el-yurtimizga singib ketmaydilar…
Daydilikka barham berish uchun ta’lim-tarbiyani tubdan o‘zgartirish, qonunlarni mustahkamlash zarur. Kelgindi daydilarni o‘z yurtlariga majburiy ravishda qaytarib yuborishni joriy etish shart! Bu haqda boshqa jumhuriyatlar mutasaddilarini xabardor etib, ular bilan hamkorlikni kuchaytirish kerak. Toki, buyuk farzandlari bilan faxrlanadigan har bir xalq o‘z millatiga mansub daydilarni ham to‘g‘ri yo‘lga sola bilsin! Hech bir odam o‘z xalqidan ko‘rmagan mehr-muruvvatni, iflos yo‘llar bilan o‘zgalardan kutmasin!
XOTIMA O‘RNIDA. Tunov kuni metroda ishga kelayotib, keyingi vaqtlarda odat tusiga kirib qolgan bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Poyezd endi jila boshlagan mahalda, uch-to‘rt yoshli qizalog‘ini ko‘tarib olgan juvon vagonga otilib kirib, iltijo qila ketdi:
— Hurmatli yo‘lovchilar! Ochiqko‘ngil yaxshilar! Biz Moldaviyadan shahringizda yashovchi qarindoshlarimiznikiga mehmon bo‘lib kelgan edik. Ammo uni topa olmadik. Qaytib ketishga pulimiz yo‘q. Borini ham oldirib qo‘ydik… O‘tinaman, ochdan o‘lmaylik, shu go‘dak haqi-hurmati, bizga yordam beriiglar. Xayr-ehson qilinglar!..
Kimdir bir so‘m, kimdir uch so‘m uzatdi. Onaning ham, qizaloqning ham qo‘li pulga to‘lib ketdi. Poyezd navbatdagi bekatda to‘xtashi bilanoq, ayol pullarni hamyoniga tiqishtirdi-da, shosha-pisha keyingi vagonga yugurdi. Beixtiyor, ko‘nglimga shubha oraladi. Bu ayol kim o‘zi? Gaplari rostmikin? Uzoq masofadan mehmonga keladigan odam oldin xat yozib, qo‘ng‘iroq qilib, qarindoshining manzilini, juda bo‘lmaganda, ish joyini aniqlab olmaydimi? Boringki, kelibdi ham, puli va hujjatlarini o‘g‘irlatgani haqida tegishli idoralarga murojaat qilib, uyiga xabar bersa, pul jo‘natishlarini so‘rasa bo‘lardi-ku! Bu ayol nega shunday qilmadi? Yoki…
Ehtimol, men yanglishayotgandirman. Ehtimol, ayolning hamma gaplari chindir. Ayting-ayting, yurtimizga oqib kelayotgan daydilar soni o‘sha kuni shu ona-bola hisobiga yana ikkitaga ko‘paymagan bo‘lsin!..
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1990 yil, 14 sentyabr.