yoxud o‘lchov birliklari tarixiga bir nazar
Ushbu maqola «General Jo‘rabekni kim o‘ldirgan?» («Yoshlik» jurnali 1988 yil, 11-son) maqolasidagi juz’iy bir fakt sababli yozildi. Maqola muallifi Nabijon Boqiy inqilobdan burunoq general unvoniga sazovor bo‘lgan o‘zbek ma’rifatparvari Jo‘rabek haqida maqola yozar ekan, «Turkestanskiye vedomosti» gazetasi ma’lumotlariga bot-bot murojaat qiladi. Bu gazetaning 1905-1906 yillarda berilgan axborotlariga diqqat jalb qilinadi. Chunonchi, muallif 1905 yilning ilk bozor kuni Kattaqo‘rg‘onda eng zaruriy oziq-ovqat maqsulotlari tubandagi narxlarda sotilganini keltiradi: «…bir botmon (8 kilo) sara bug‘doy 45 tanga (Kattaqo‘rg‘onda 15 tiyin — bir tanga hisoblangan), bahori bug‘doy esa 52 tanga, bug‘doy uni — 52—56 tanga, arpa, jo‘xori, moshlarning bahosi, bir xil — 32 tangadan, tariq — 28 tanga, kunjut — 115 tanga zig‘ir urug‘i — 60 tanga, shu yerlik kishilarga qarashli zavodlarda ishlab chiqarilgan bir botmon paxta moyi — 22 tanga, «Birodarlashgan Turkiston» zavodidan keltirilgan moy esa 14 tanga, bir qadoq mol yog‘i — 20 tiyin, qo‘y yog‘i esa 22 tiyin. Mol go‘shtiningbir qadog‘i 8 tiyin, qo‘y go‘shti — 12 tiyin. Kezi kelganda o‘sha paytlarda paxtaning bahosi qancha bo‘lganligi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tmoqchimiz: bir botmon 8 kg) birinchi nav paxtaning narxi 90— 100 tanga… turarkan. Demak, bir kilogramm paxtaning puliga (ya’ni 187,5 tiyinga) to‘rt kg qo‘y go‘shti, bir kiloyu ikki yuz gramm qo‘y yog‘i xarid qilish hamda bir yarim tiyinga bironta hammol yollab, o‘sha masalliqni uygacha ko‘tartirib borish mumkin». N. Boqiy «Turkestanskiye vedomosti» gazetasining 1905 yil 4 yanvar sonidan quyidagicha ko‘chirma keltiradi: «Bozorlar hiyla tushkun ruhda o‘tmoqda, dehqonlarning umidlari puchga chiqqanga o‘xshaydi. Eng yaxshi paxtalar deyarli ikki barobar arzon narxda sotilmoqda (yaqinda bir botmon paxtaning bahosi — 180 tanga edi). Xaridorlarning avji sust, ko‘pgina mahsulotlar shu yerlik aholi qo‘lida qolib ketyapti». Agar bir botmon 8 kg bo‘lsa, unga 180 tanga to‘lansa, dehqonning tuvagi oltindan bo‘lib ketmaydimi?! O‘ylab ko‘ring 1 kg paxta (xomashyo)ning puliga salkam 17 kg mol go‘shti olish mumkin bo‘lgan! Bir kg paxtaning puliga bir botmon paxta moyi olish mumkin bo‘lgan! Biz hisob-kitobda yanglishdikmi? Nega yozuvchilarimiz inqilobdan oldingi dehqonlarni xor-gado, boylarga mute qilib ko‘rsatishgan? Bir kg paxtaga 17 kg mol go‘shti; bir botmon paxta moyi; sal kam bir botmon tariq olish imkoniyatiga ega bo‘lgan odamni qashshoq, xor-gado deb bo‘ladimi?!
Ehtimol, biz botmon, qadoq, tanga va tiyinning asl o‘lchovini bilmayotgandirmiz. Ha-ha, shunday bo‘lsa kerak. Ana dehqonchilik ilmini suv qilib ichib yuborgan, qadimgi o‘lchov birliklarini miridan sirigacha biladigan Qalandarov va Nazar polvonlar bizga istehzo bilan qaramoqdalar. Keling, avval biz ularning o‘zaro suhbatiga quloq solaylik: «Qalandarov Saidadan javob kutmay, Nazarov bilan so‘rashdi va uni yo‘lakka olib chiqib hasrat qildi.
— Gijinglagan yigitlar turganda, shu qizni sekretar qilib yuboraman deb o‘tiribdi! Qishloqda odam qolmasa, echkining oti mulla Norqo‘zi bo‘ladi… Shu ham gapmi… Odamning ho‘rligi keladi.
Nazarov u yoq-bu yoqqa qaradi, ko‘zlarini o‘ynatib, vahima bilan shivirladi:
— Bu gapni menga aytding, o‘rtoq, boshqa odamga og‘zingdan chiqarma! Uyat bo‘ladi. Bu qizni ayol deb kamsitmagin. O‘qigan qiz. Senu men o‘z toshimizga bir botmon bo‘lib yuribmiz-da (ta’kid bizdan — A. R.) buning toshi bilan tortilsak, posongiga yaramaymiz!»
Bir botmonni, Nabijon Boqiy yozishicha, 8 kiloga teng deb tushunsak, u holda nahotki, Nazar polvon, Arslonbek Qalandarov 8 kilo bo‘lsa?!
Hozir kattayu kichik gramm, kilogramm, pud, tonna singari og‘irlik; millimetr, santimetr, metr, kilometr kabi uzunlik; tiyin, so‘mga o‘xshash baho o‘lchovlarini yaxshi biladi. Lekin bu o‘lchovlar yaqin yuz yil atrofida hayotimizga kirib keldi. Ota-bobolarimiz og‘irlik, uzunlik, baho, kenglik o‘lchovlarini turmush tarzlaridan, tushunchalaridan kelib chiqqan holda belgilaganlar. Hozirgi yoshlarimizda tariximizga qiziqish kuchli. Tarixiy haqiqat faktlar, tushunchalar haqqoniyligidan vujudga keladi. Biz o‘lchovlar haqida bilganlarimizni bayon etishga jazm etar ekanmiz, fikrlarimiz eng to‘g‘ri, shubhaga o‘rin qoldirmaydi degan da’vodan tamoman yiroqmiz.
«General Jo‘rabekni kim o‘ldirgan?» maqolasida og‘irlik, baho o‘lchovlari qorishtirilib yuborilgan. Botmon, kilogramm, qadoq, tanga, tiyin singari tushunchalar ma’nosi, mazmunini alohida-alohida yoritish kerak. Gapni «botmon» haqidagi mulohazalardan boshlaylik…
Muallif yozishicha, botmon 8 kiloga teng, Nazar polvon o‘zining, do‘sti Qalandarovning toshi bir botmonligini aytadi. Xo‘sh, botmonning qimmati, o‘lchovi qanday? «O‘zbek sovet entsiklopediyasi» — (II jild, 389-bet)da asli arabcha mann so‘zidan tarkib topgan o‘lchov birligi bo‘lmish botmonga bunday ta’rif berilgan: «Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari (Arabiston, Misr, Suriya, Iroq, Eron, Turkiya, Hindiston) shuningdek, O‘rta Osiyoda og‘irlik o‘lchovi sifatida qo‘llanib kelgan. Shariatga ko‘ra, botmon (manni shar’iy) asosan 0,832 kg ni tashkil qilgan, lekin turli mamlakatlar va turli davrlarda uning mezoni har xil bo‘lgan. O‘rta Osiyoda ham botmonning vazni o‘zgarib turgan. (Jumlaning mazmuniga e’tibor bering. Nahotki, botmon jonzot misoli semirib, oriqlab turgan — vazni o‘zgarib borgan bo‘lsa? «O‘zSE»ning yozilishi, badiiy yetukligi haqida ham o‘ylab ko‘rish kerak ekan — A.R.) Masalan, XIX asrda Xorazmda botmon 20,16 kg. dan 40,95 kg.gacha, Buxoro va Samarqandda asosan 8 pud 131,044 kg.
Farg‘onada 8—10 pud 131,044—163,800 kg, Toshkentda 10,5 pud 171,88 kg bo‘lgan. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da botmon «O‘zbekistonning (qarang, faqat bitta geografik chegara olinyapti. Vaholanki, botmon og‘irlik o‘lchovi sifatida keng qo‘llangan paytda O‘zbekiston umuman yo‘q edi — A.R) turli yerlarida turlicha salmoqqa ega bo‘lgan (ikki puddan o‘n bir pudgacha) og‘irlik o‘lchovi» (1 jild, 135-bet) ekanligi yozilgan.
Xo‘sh, N. Boqiy botmonning 8 kg ekanligi faktini qayerdan olgan? Manni shar’iy 832 grammga tengligi ochiq aytilgan-ku. Qolaversa, o‘tmishda manni shar’iy o‘rniga ikki qadoq (830 gr) degan tushuncha qo‘llangan. Ba’zilar katta botmon, kichik botmon haqida gapiradilar. Kichik botmon 20,6 kg ni, katta botmon (Toshkent botmoni) 171,99 kgni tashkil etgan. Katta botmon, kichik botmonlar, toshu tarozidagi taxminiylik O‘rta Osiyo kapitalizm iskanjasiga olinmaganligidan dalolat beradi. Kapitalistik munosabatlar oldi-sotdida aniqlikni, toshu tarozida bir xillikni taqozo etadi. O‘rta Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishi gramm, kilogramm, pud singari og‘irlik o‘lchovini muomalaga kiritdi. Lekin mahalliy xalq asrlar davomida ko‘nikib qolingan o‘lchovlardan osonlikcha qutila olmadi. Ajablanarlisi shundaki, ko‘pni ko‘rgan otaxon va onaxonlarimiz ham hozir qadimgi (og‘irlik, uzunlik, baho, kenglik singari) o‘lchovlarni unutib yuborganlar. XX asrdagi ilmiy-texnika taraqqiyoti ongimizni, ruhiyatimizni o‘zgartirib yubordi. Avvallari odamlar qo‘l bilan tutish, ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan narsalar o‘lchovi haqida fikr yuritgan bo‘lsalar, hozir grammning ichiga kirib «bormoqdalar», ko‘zga umuman ko‘rinmaydigan masofa, kengliklar haqida aniq fikr yuritmoqdalar.
Qadimda o‘lchov birliklari sifatida aniq narsalar, inson tanasining a’zolari olinganligi ma’lum, Tariqcha (-day), zig‘irday (-cha), tirnoqcha (-day) qiyoslar ham og‘irlik, ham uzunlik, ham sath, o‘lchovini bildirgan. «-day» qo‘shimchasi bilan boshlangan so‘zlar uzunlik, og‘irlikni ifodalasa, «-cha» qo‘shimchasi sath o‘lchovini anglatgan. «O‘zi zig‘irdayu hech kimga gap bermaydi-ya», singari gapni, «Kap-katta odam-u tariqcha aqli yo‘q-a» singari nolishlarda bot-bot eshitamiz. Mana, Shokir ota («Qutlug‘ qon») imonsiz Ziyoxo‘ja yilqichi bilan xayolan olishyapti, fig‘oni falakka chiqyapti: «Hovlimni u o‘zinikiga qo‘shib, ost-ust imorat qurmoqchi, yayrab-yashnamoqchi… Bilaman, ko‘pdan beri ko‘z tikib keladi. Tohirjonning dardi qancha og‘irlashsa, u shuncha quvonadi, sanag‘ar. Tirnoqcha joyimni sen xotintaloqqa bermaganim bo‘lsin!» (129-bet).
Qadimda turkiy xalqlar orasida misqol o‘lchovi keng tarqalgan edi. 4,26 grammga teng misqol zargarlikda, tabobatda keng qo‘llanilgan. Chorak misqol (1 gramm), nim misqol (2 gramm) attorlik, zargarlikning o‘lchovi bo‘lib kelgan.
Paysa — 50 grammga teng og‘irlik o‘lchovi bo‘lgan. «Etmish ikki hunaring bor, lekin xumchangda besh paysa jiring yo‘q», — deydi Berdi tatar («Obid ketmon») hamqishloqlaridan biriga. Xalq orasida kaft o‘lchovi ham qo‘llanilgan bo‘lib, paysaga tenglashib keladi. «Ko‘pdan ayrilma — bir kaftdan bersa, to‘ydiradi; bir mushtdan ursa — o‘ldiradi», — degan naql bor. Paysa Buxoro amirligida baho o‘lchovini ham anglatgan. Bir miri — 5 tiyinlik chaqa ham paysa deb yuritilgan.
O‘rta Osiyo xalqlari orasida eng mashhur og‘irlik o‘lchovi — qadoq bo‘lgan. Hozir kilo qanchalik keng qo‘llanilsa, qadimda har kungi savdo-sotiq qadoqsiz hal bo‘lmagan. 400 grammdan sal ortiqroq bo‘lgan qadoq asosiy og‘irlik o‘lchovi bo‘lgan. Nabijon Boqiy maqolasida bir qadoq mol yog‘i — 20 tiyin, qo‘y yog‘i — 22 tiyin, mol go‘shti — 8 tiyin, qo‘sh go‘shti— 12 tiyin bo‘lgani aytiladi. Kezi kelganda aytish kerakki, ota-bobolarimiz uy-ro‘zg‘orda ishlatish uchun bir, bir yarim, ikki hatto, yarim qadoq go‘sht, moy, un, gurunch, mosh xarid qilganliklarini aytadilar. Turmushimiz farovon bo‘lgani sayin ko‘p-ko‘p xarid qilishga odatlandik. Hozir yarim qadoq go‘sht, 1 qadoq mosh yo gurunch, un oladigan odamni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Hammahallam, mehnat veterani, ma’rifatli inson Odiljon aka hikoya qiladilar:
— Hovlimiz o‘sha paytda Yangi mahallada (hozirgi «Bolshevik» ko‘chasi) edi. Dadam rahmatli, qo‘limga bir tanga tutqazardilar-da:
— O‘g‘lim, g‘irillab Me’robodga (negadir u kishi Mirobod demaydilar — A.R.) borib kelasiz. Bir qadoq go‘sht, bir qadoq yog‘ni o‘sha qassobdan oling. O‘zi ham, moli ham pokiza, — derdilar. Shundan shuyoqqa yayov borib yayov kelardim. Go‘sht-yog‘ni ishlatardik. Bir kuni 5 qadoq go‘sht xarid qildim.
— Bugun uylaringga mehmon kelar ekan-da, — dedilar qassob amaki. Qarang, 2 kilo — 5 qadoq go‘sht mehmon-izlom kelsagina olinardi…
Qadoqqa teng o‘lchov birliklaridan nimcha bo‘lgan. Xalq orasida «Nimcha guruch osh bo‘lur, mehmon ko‘ngli xush bo‘lur», — degan gap bor. Qadoq ham, nimcha ham 400 gramm bo‘lgani bilan qo‘llanishi, ma’nosiga ko‘ra yana allaqanday mazmunlarni ifoda etardi.
Demokratik adabiyot namoyandalaridan Muhammad Sharif Gulxaniyning «Zarbulmasal»i xalq orasida maqollar, matallar, hikmatlar, masallar nomi bilan mashhur. Unda kekkayma Boyo‘g‘liga tesha tegmagan, oxorli maqol — o‘xshatish bilan ta’rif beriladi: «Suprasida chaksa uni yo‘q, tom boshida qo‘sh tandir». Chaksa — 5 kilo-yu, 300 grammga teng og‘irlik o‘lchovi bo‘lib, 3 chaksa bir pudni tashkil qilgan. Chaksadan so‘ng kichik botmon — 20, 30 kg o‘lchovi kelgan. Katta hajmdagi buyum, og‘ir yukka nisbatan botmon — dahsar o‘lchovi qo‘llanilgan. Dahsar ham og‘irlik o‘lchovi bo‘lib, ayrim joylarda 32 kilogramm, ba’zi yerlarda botmonning choragi sifatida qo‘llanilgan. Og‘irlik o‘lchovlari haqidagi fikrni hurmatli jurnalxonlarimiz davom ettiradi degan umiddamiz.
Baho o‘lchovlari tiyin, pul, paqir, miri, tanga bilan hisoblangan, qora pul, kumush va tilla tanga alohida farqlangan. Olmaxon — tiyin baho o‘lchovining asosi sifatida qabul qilingan. Pul tushunchagina emas, aniq miqdordagi baho o‘lchovini ham anglatgan, yarim va bir tiyinga teng bo‘lgan. Xalqda: «Bir pulga yig‘latdim-u, yuz pul berib to‘xtata olmadim» — degan gap bor. Bir pul — qadrsiz, durustroq narsa xarid qilib bo‘lmaydigan qora chaqa. Ko‘chma ma’noda mulzam bo‘lgan, uyatga qolgan odamga nisbatan obro‘si bir pul bo‘ldi degan ibora qo‘llaniladi. Taniqli hajvchimiz Ne’mat Aminov ilk to‘plamidayoq o‘z qadrini bilmagan, hayotdagi o‘rnini topa olmagan odamlar haqida hikoyalar yozib, ularni «Ikki pullik obro‘» nomi bilan nashr ettirdi. Ba’zilar iqi suymagan odam haqida: «Menga uning amali ham, boyligi ham, uzi ham bir pul», — deya gapning indallosini aytib qo‘ya qoladilar. Bor boricha, yo‘q holicha degan gap bor. Boyga pulning po‘choqcha qadri yo‘q, kambag‘al bir pul ustida tishini ushatadi: «O‘zbek oyim cho‘ntagiga qo‘lini solib besh-o‘n pul olib berdi. («O‘tgan kunlar» romani, 317-bet). Boyvuchchaxotin pulni sanab ham o‘tirmadi. Bechorahol Oybodoqqa 5—10 pul jon ulog‘i, qora kunning pilikday nuri».
Paqir — puldan kengroq, ikki tiyinlik qimmatga ega baho o‘lchovidir. Og‘zi katta, badavlat odamlar paqirni, pul singari, nazarga ilmaganlar. Ba’zi kekkaymalar birovni yerga urmoqchi bo‘lsalar: «O‘zi bir paqirga qimmat-u, osmonu falakdan kelishiga o‘laymi?» deb qo‘yadilar. Ziyrak o‘quvchida: «Inqilobdan 10—15 yil muqaddam 8, 10 tiyinga bir qadoq go‘sht olish mumkin ekan-u, qimmati bir, ikki tiyinga teng chaqa — pul, paqirni namuncha yerga urishmasa?» — degan haqli gina-savol tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, tiyin (pul va paqir)ning qimmati goh oshib, goh pasayib turgan. Tiyinning xarid kuchi nihoyatda pastlab ketgan damlarda uni qora pul, paqir deb kamsitish ko‘p uchragan. Pul qimmatining o‘zgarib turishi, odamning moddiy ahvoli ham bir xilda emasligiga ishora tarzida: «Tuya ming tanga — mana ming tanga, tuya bir tanga — qani bitta tanga», — degan naql yaratilgan.
Og‘irlik o‘lchovida qadoq qanchalik keng qo‘llanilgan bo‘lsa, oddiy xalqning kundalik savdo-sotiq, xaridida miri — shunchalik e’tiborlik bo‘lgan. Bir miri — 5 tiyinlik qimmatga ega chaqa. Abdulla Qahhorning «Anor» hikoyasi yodingizdami? Mullajon qozining bog‘ida mushak otila boshlandi: Turobjon o‘zicha hisob-kitobga sho‘ng‘ib ketdi: «Bitta mushak uch miri, — dedi Turobjon, — yuzta mushak otilsa… bittangadan yuz tanga. Bir miridan kam — yetmish besh tanga bo‘ladi». A. Qahhorning «Anor» hikoyasi qiyosiy, tipologik, badiiy-estetik tahlil qilingan. Lekin biron kitobxon, adabiyot muallimi Turobjonning hisob-kitobi xususida jiddiyroq bosh qotirmagan… Qarang, bitta mushak uch miri yohud 15 tiyin. «Yuzta mushak otilsa… bittangadan yuz tanga. Bir miridan kam — yetmish besh tanga bo‘ladi». Turobjonning hisoblash yo‘siniga qarang: u bir tangani to‘rtga bo‘lyapti — har bo‘lak bir miri. Yuz tangadan bir miridan chiqarib tashlansa, 75 tanga qoladi. A. Qahhorning so‘z tejamkori ekanligi Turobjonning hisob-kitobida yorqin ko‘rinadi. Bor-yo‘g‘i o‘n yettita so‘z orqali yozuvchi butun boshli masalani o‘rtaga tashlagan, uni qahramon tushunchasi doirasida hal qilgan. Qiziq, Nabijon Boqiy maqolasida bir tanga 15 tiyinga teng deyilgan edi-ku? Abdulla Qahhor hikoyasida bir tanga — 4 miri, 20 tiyinga teng bo‘lyapti. «O‘zbek tilining lug‘ati»da o‘qiymiz: «Tanga — Buxoro xonligida 15 tiyinga, Qo‘qon xonligida 20 tiyinga teng bo‘lgan kumush pul» (117-bet, II jild).
Xalq orasida «Bir miri hamyon, uch miri ziyon», «Dunyoning ishi miri kam ikki» degan maqol, hikmatli iboralar keng tarqalgan.
Pul, paqir, miri oddiy temir qotishmasidan qo‘yilganligi sababli qora pul deb yuritilgan. Tanga kumush va tilladan quyilgan. Bu tangalarning qimmati yuksak bo‘lib, yuqori doiralarda, boy-zodagonlar orasidagi turli munosabatlarda qo‘llanilardi. Masalan, «Og‘acha oyim Gulshan bilan gapni bir joyga qo‘yib olgach, qo‘shmachiga ikki tilla (tanga) beradi, ustida mursak yoptiradi» («Mehrobdan chayon», 111-bet). Oltin tanga dinor deb ham atalgan.
Qadimda uzunlik, sath, kenglik o‘lchovlarining maxsus atamalari bo‘lgan. Uzunlikni qadamlab, qulochlab, qarichlab o‘lchash udum bo‘lgan. Tabiiyki, qarichdan qarichning, qulochdan qulochning farqi bor. Lekin taxminiy uzunlikni shunday yo‘sinda aniqlash mumkin bo‘lgan. Qadam, quloch tushunchalariga gaz o‘lchovi aniqlik kiritgan. Bir gaz 0,71 metrga teng bo‘lib, qadamdan kattaroq, qulochdan kichikroq bo‘lgan. Ovoz yetgan joy — uzunlik chaqirim deb nomlangan. U taxminan 1,06 kilometrga teng. Sakkiz chaqirim masofa bir tosh deb atalgan. Farsah (farsang) ham 7-8 km ga teng bo‘lgan.
Zig‘ircha, tariqcha, tirnoqcha eng kichik sath o‘lovchi bo‘lsa, shapaloqday undan kattaroq yuzalikni anglatgan. Sath o‘lchovida taxta birligi ko‘p qo‘llanilgan. Taxta shapaloqdan to katta yer bo‘lagigacha qamragan. Dehqonlar yerlarni marza bilan ajratib, taxta-taxta qilib qo‘yganlar. Odam bir taxta ekinni chopiq (o‘toq) qilishi, sug‘orishi, mol bir taxta ekinni bosib-yanchib tashlashi mumkin. Muqimiyning mashhur hajviyasi tufayli o‘quvchi-yoshlar tanob, tanobchilar so‘zini yaxshi biladilar. Afsuski, ko‘pchilik bir tanob sathning qanchaligini bilmaydi. Tanob tanga singari turli ma’muriy doiralarda turlicha qimmatga ega bo‘lgan. Ayrim joylarda bir tanob deganda 17-18 sotix anglashilsa, boshqa yerda yarim gektar bir tanob hisobiga o‘tgan. Botmon faqat og‘irlik emas, sath tushunchasini ham anglatgan. Bir gektarga teng sath botmon deyilgan.
Soch tolasi — qil kengli o‘lchovlari orasida eng nozigi, kichigi. Oradan qil ham o‘tmaslik ahillikning obrazli ifodasidir. Klassik poeziyada ma’shuqaning nozikligi, belining qilday ekanligi ko‘p uchraydi. Emishki, ma’shuqaning beli shu qadar nozik ekanki, soch tolasi unga nisbatan beo‘xshov, qo‘polligini anglab, poygakdan joy olibdi.
Ma’shuqaning nozik beli, poygakdan joy olgan sochi orasidagi «ziddiyat» yaxlit, mukammal obrazning yaratilishiga xizmat qilgan. Ya’ni, ma’shuqa o‘ta nozik: bellari qildan-da ingichka, sochlari uzun-uzun, taqimini o‘padi… Soxt-sumbat tasvirida nazokat, ingichkalik, bichimining kelishimliligi ulug‘lansa, inson tabiatidagi fazilatlar ifodasida, aksincha, katta kenglik o‘lchami maqtalinadi. Ko‘nglining kengligi daryocha bo‘lgan, saxiylikda Xotamitoydan o‘tadigan odam, so‘zsiz, fazilatli insondir. Avvaliga do‘st bo‘lib keyinchalik yovlashib, it-mushuk bo‘lib qolganlarga nisbatan: «Oralaridan bir paytlar qil o‘tmas edi, hozir bemalol arava o‘tib ketadi», — deyiladi. Kenglik o‘lchovi sifatida siqim, quchoq so‘zlari ko‘p ishlatiladi. Siqim, quchoq o‘lchovlari kontekst ma’nosiga ko‘ra ijobiy, salbiy bo‘lishi mumkin. «-day» qo‘shimchasi bilan insonning bichimi, beo‘xshovligi haqida tushuncha beruvchi so‘zlarni yasash mumkin (matolday, hirsday, xariday…)
Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan so‘raydi qadrin.
G‘afur G‘ulomning «Vaqt» she’ridan olingan bu shoh misralarda vaqtning eng kichik (on) va eng katta (asr) o‘lchovi berilgan. Inson umrining qadriga yetiladigan yurtda eng kichik o‘lchovlar — lahza, on dam, zum, soniya qimmati yuksak baholanadi. Sharq — insoniyat madaniyati, taraqqiyotining ko‘hna o‘choqlaridan biri. Sharq falsafasi, adabiyotida inson umrining har bir dami juda yuksak qadrlangan. Bu o‘rinda yana G‘afur G‘ulomning «Vaqt» she’riga murojaat qilamiz.
Bir onning bahosin o‘lchamoq uchun
Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.
Shoir Asqad Muxtor «Zum» she’rida inson umrining kichik bo‘lagi qayta qurish pallasida qanchalik ahamiyatli ekanligini uqtiradi. «Zum» she’ri mashhur «Vaqt» asarining yangi ijtimoiy sharoitdagi ifodasidir. Shoir Sulaymon Rahmon «Tirik lahzalar» she’rida unumli foydalanilgan onlargina tirikdir degan g‘oyani ilgari surar ekan, inson umrining qanchadan-qancha soniyalari behuda o‘tayotganidan afsuslanadi.
On, dam, lahza, zum, soniya kabi tushunchalar bir xil ma’noni anglatgani bilan tekstda yangi-yangi ranglarni ifodalaydi, o‘ziga xos o‘lchoviga teng keladi. Soat, tun, kun, kechayu kunduz, hafta, oy, yil, asr, boqiylik, mangulik singari o‘lchovlar avval qanday ishlatilgan bo‘lsa, hozir ham shundayligicha qo‘llanilmoqda. Ilmiy-texnika taraqqiyoti, hayotning jadal sur’ati vaqt o‘lchovlari qadrini yanada oshirmoqda. Inson umri, donishmandlar tomonidan topib ta’riflanganiday, tarix odimida bir lahza, on, ko‘z yoshiday gap. Umrning qisqaligi, inson shu qisqa muddat ichida ko‘p ish qilishga ulgurmayotganligi hozir bot-bot takrorlanmoqda. Afsuski, inson umri haqida siyqa, sayoz mulohaza yuritish hollari kishini o‘kintiradi. Tug‘ilgan kunlarda mana bunday sayoz, mas’uliyatsizlik bilan aytilgan, teran ma’nodan yiroq «nutqlar» kishining ensasini qotiradi: «Hurmatli falonchi! Oltmishdan oshing, yetmishga yeting, saksondan sakrab o‘ting, to‘qson bilan to‘qnashing, yuz bilan yuzlashing va h. k.» Inson umrining har oni haqida o‘ylab, his qilib gapirish joiz. Muchal inson umrining o‘lchovi sifatida keyingi yillarda ko‘p qo‘llana boshladi. Birinchisi 13, qolganlari 12 yillik doirani tashkil etuvchi muchal hisobi yoshlarimiz orasida ham keng ishlatila boshlandi. Qadimda umrning 84 yoshi muborak, tabarruk hisoblangan. Hozir ham ba’zi otaxon-onaxonlar 1000 oyga to‘lganliklarini — 84 yoshlarini nishonlaydilar. Sakson to‘rt yosh — boy insoniy tajriba, tarixiy voqealardan qanchadan-qanchasini guvohi bo‘lish. Bu yosh saboqlari hamma uchun o‘rnak bo‘ladi.
Xullas, og‘irlik, uzunlik, sath, kenglik, vaqt o‘lchovlari tilimizning boyligini aniq ko‘rsatadi. Tabiiyki, ba’zi atamalar bahs, tortishuvlarga sabab bo‘ladi. Xususan, botmon o‘lchovi har xil tushunilgan, talqin qilingan. O‘lchovlar haqida yozar ekanmiz, hozirgi jonli o‘lchov atamalarini inkor etish niyatimiz yo‘q. Biz boy tariximizni yaratishga intilyapmiz. Tarix aniq faktlardan, xolis tasvir asosida yaratiladi. O‘lchov birliklari tarixiy fakt sifatida qimmatga ega. Nihoyat, yoshlar gazeta-jurnal maqolasi bo‘lmasin, badiiy asar bo‘lmasin sinchiklab o‘qishga, tanqidiy ko‘z bilan qarashga odatlanmoqliklari kerak.
“Yosh kuch” jurnali, 1989 yil, 9-son