«Andijon. Imkoni topilgan zahoti yetkazilsin. Iskandar Voyloshnikovga. O‘n kunlik muddatda. Mirkomildan 50 tadan 100 tagacha vagon undirish chorasini toping. Nuqta
Zigel»
Mazkur telegramma ostida 1915 yilning 15-may sanasi qayd etilgan. Bu o‘rinda biz uchun telegrammani yo‘llovchi yoki yuboriluvchi odamning shaxsi emas, yuztagacha vagon paxta kimdan undirilishi so‘ralgani muhim. Oktyabr inqilobidan burun shuncha vagon paxtani kim, qanday odam yuborishi mumkin edi? Tabiiy, boy-badavlat, katta qudrat egasi bo‘lgan, dasti uzun zotlargina shunday ishga qodir. Demak, Mirkomil… boy bo‘lib chiqadi.
Hozir davlat to‘ntarishi deb atalayotgan Oktyabr inqilobi birinchi navbatda boylarni yo‘qotishga «xizmat» qildi. Quloqlarni tugatish, jamoa xo‘jaligini tashkil etish kezlarida to‘rtta jo‘ja boqib qo‘ygan xonadon egalari ham hirsdek to‘q boyga, xalq dushmaniga chiqarildi, unday toifa odamlar shafqatsiz qirib tashlandi.
Millionlab xalqlarni ro‘shnolikka olib chiqish da’vosi bilan bunday tadbirlarni belgilagan sho‘ro hukumati o‘z niyatiga yetdi… 74 yil deganda bo‘lari bo‘ldi — ilik uzilib pichoq suyakka borib qadaldi!
Endilikda hech kimga sir emas: hozir oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligining, turli zarur buyumlar qahatga uchraganining, jamiyat va xalq koriga yaraydigan bilimdonlar kamligi va tadbirkorlar yetishmayotganining tub sabablari sho‘ro hukumatining o‘sha dastlabki tadbirlariga borib taqalmoqda.
Bugungi kunga kelib moddiy yo‘qotishlardan ham dahshatliroq — ma’naviy yo‘qotishlarga ham yo‘l qo‘yganimiz endi butun fojiasi bilan ayonlashmoqda. Chindan ham yaqin o‘tmishda odamlar qalbiga boy, ishbilarmon kishilarga nisbatan nafrat urug‘i sochib kelindi. «Butun dunyo proletarlari, birlashingiz!» degan shior ostida yashagan jamiyatimiz fuqarolariga bir xolis nigoh tashlasak, nafaqat sinf va tabaqalar orasida, hatto turli kasb egapari o‘rtasida choh qazib chuqurlashtirilgani ko‘rinadi: yo‘lovchilar haydovchilarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Haydovchilar avtomobil harakati nazoratchilarini otarga o‘q topolmaydi. Xaridor uchun savdo xodimi o‘g‘ri-kazzob. Savdo xodimi ziyolini, shifokor—bemorni, bemor shifokorni ko‘rarga ko‘zi yo‘q!.. Chor Rusiyasi davridan meros qolgan, sho‘ro davlati tinimsiz rivojlantirib kelgan bu manfur siyosatning birdan-bir maqsadi o‘zi shu edi, barchani bir-biriga gij-gijlash, bu xalqning boshini qovushtirmaslik edi.
Endilikda mustaqil davlat sifatida oyoqqa turmoqni, emin-erkin yashamoqni orzu qilayotgan ekanmiz, birinchi galda sinflar, tabaqalar, kasb-kor egalari orasidagi bu jarlik, bu xandaq va bu o‘pirilishlarni yo‘qotmog‘imiz, bir-birovimizga avvalbosh inson sifatida qarashga, bir-birovimizning qadrimizga yetishga odatlanmog‘imiz kerak.
Tabiiy, hech qanday odat, ko‘nikma to‘satdan osmondan tushmaydi. 70—100 yil mobaynida odatga aylangan, hujayralarimiz, ongimizga qadar singib ulgurgan tushunchalardan qutulmoqni istar ekanmiz, undan qanday xalos bo‘lish yo‘llarini izlamog‘imiz lozim.
Buning uchun kecha boy-badavlatligi uchungina quvilgan, qirilgan, badarg‘a etilgan ota-bobolarimizning nomai a’molini, hayot yo‘lini, turmushni, mehnatni, savdo-sotiqni tashkil etish yo‘sinlarini o‘rganish, ommalashtirish, ularga bugungi kun nuqtai nazaridan baho berish lozim bo‘ladi shekilli.
…Mirkomil Mirmo‘minboyev nomining o‘ziyoq shuncha mulohazalarga sabab bo‘lgani bejiz emas. Birinchidan — Mirkomil o‘tgan asrning oxiri va bu asrning boshlarida yashagan Turkistondagi eng katta davlatmandlardan biri. O‘z davrida cheklanmagan qudratga ega, el-yurt orasida nufuzli, ta’siri zo‘r shaxs edi. Nafaqat oddiy odamlar, nafaqat katta-kichik boylar, hatto mahalliy va mustamlakachi Oq poshsho hukumati har dam-har qadamda Mirkomil bilan hisoblashgan. Eng martabali amaldorlar ham biror tadbir boshlashdan burun Mirkomilning ra’yiga qaraganlar. Rusiyaning turli o‘lkalaridagi va hatto xorijdagi katta savdogarlar ham Mirkomil bilan o‘ylashib savdo muomalalari o‘rnatishgan. Yuqorida keltirilgan telegrommda ko‘rilganidek olis o‘lka savdogarlari boyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etmaganlar, balki paxta yo boshqa narsa so‘rab uning ish yurituvchisiga yoxud hozirgi til bilan aytsak broker-vositachilariga murojaat qilganlar.
Andijondagi birinchi paxta tozalash zavodini qurdirgan odam ham shu Mirkomilboy. Rusiya, Osiyo mamlakatlari, hatto Ovrupo diyorlariga borib tijorat va hokazo munosabatlar o‘rnatgan, xorijiy avtomobil xarid qilib Andijonga keltirgan ham shu Mirkomil. Komil Yashin o‘zining «Yodnoma» xotiranomasida Mirkomilboyning nomini ko‘p tilga oladi. «Andijonni yotqizib-turg‘izadigan Mirkomilboy hammaning og‘zida edi, — deb yozadi adib. — U o‘ttiz millionga qurbi yetadigan to‘rtta zavod, yetti yuz desyatinadan ortiq yer-suv egasi bo‘lib, shahardagi chor amaldorlariyu mahalliy boylar yugurdaklari qatorida yurishardi. Mirkomil ulardan kattaroqlar bilan gaplashar, maydalarni sariq chaqaga ham olmasdi». («Yosh gvardiya» nashriyoti, 1989, 30-bet).
Otaxon adibimiz mulohazalarida Mirkomilboyga nisbatan qandaydir salbiy ohang seziladi. Men «ko‘rganni eshitgan yengibdi» qabilida ish tutmoqchi yo bo‘lmasa keksa adibimiz bilan bahslashmoqchi emasman. Ammo jamiyat, davr, boylik va kambag‘allik hodisasini xolis tahlil qiladigan bo‘lsak — yaqin o‘tmishimizdagi voqealarni bugungi kun nuqtai nazaridan mushohada qilishga urinsak birmuncha o‘zgacha xulosalarga kelish mumkin.
18 million yoki 30 millionga qurbi yetadigan Mirkomil Mirmo‘minboyev osmondan tushib qolmagandir. U qanday qilib bunday davlatga ega bo‘ldi, qanday qilib o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharda, viloyatdagina emas, hatto olis Rusiyadagi, xorijdagi boy-badavlat odamlar nazariga tushdi? Bu o‘z-o‘zidan bo‘ldimi?
Hozirda Toshkentning Samarqand darboza mavzesida istiqomat qilayotgan Mirkomilboyning nevarasi Mirmansur aka Mirmaqsud o‘g‘li shunday hikoya qiladilar:
— Katta bobomiz rahmatli Mirmo‘minboy hoji Mirnodirboy hoji o‘g‘li ancha badavlat odam bo‘lganlar. Buzrukvorimiz o‘n besh nafar farzand ko‘rib, voyaga yetkazib, 1899 yili boqiy dunyoga rixlat qilganlar. Rahmatli Mirkomilboy bobomiz esa, katta bobomizdan qolgan to‘qqiz o‘g‘ilning ikkinchisi bo‘lganlar.
Ushbu narsani esda saqlaylik: to‘qqiz o‘g‘ilning biri!
Mirmansur akaning hikoya qilishlaricha, Olloh taolo Mirmo‘minboy hojining ko‘ngliga qazoi haq onlari tobora yaqinlashayotganini sola boshlagach, ota vafotidan ikki oy burun barcha oila a’zolarini atrofiga chaqirib, rozi-rizolik tilaydi, vasiyat qiladi, pand-nasihatlar aytadi. Tabiiy, bunda meros taqsimotidek nozik masala ham tilga olinadi. Shunda boy ota barcha merosini o‘n besh farzandga, xususan, to‘qqiz o‘g‘il o‘rtasida shariat ahkomlari talablaridan kelib chiqib teng taqsimlaydi, barcha farzandlarining teppa-teng ko‘nglini olgach, bir niyat bilan 30 ming so‘m ajratganini, uning hisobiga Makka va Madina shaharlarida bir musofirxona bunyod etilishini vasiyat qiladi. (Mazkur vasiyat va uning taqdiri xususida maxsus maqola yozishga to‘g‘ri kelgani bois bu o‘rinda u haqda to‘xtalmaymiz).
Demak, birovlarning xasmi sifatida qizlar haqida gapirmasak-da, to‘qqiz o‘g‘il mehribon otaning tadbirkorligi orqasidan teng sharoitga ega bo‘ladilar. Otadan qolgan davlatni ko‘paytirish, dastmoya qilib boyish yoxud havoga sovurish har o‘g‘ilning o‘ziga, uning tadbirkorligi, ishchanligiga bog‘liq edi. Xuddi shunday bo‘lib chiqdi ham.
To‘ng‘ich o‘g‘il Mirsolih harchand urinmasin, sina-sina o‘zini o‘nglolmadi. Qolgan besh o‘g‘il ham otadan qolgan merosni yeb-sovurib bitirdilar. Mirfozil bilan Mirg‘ozi ota izidan borib birmuncha o‘zlarini o‘nglab oldilar. Lekin tadbirkorlik borasida yolg‘iz Mirkomilgina otadan o‘zdi, u ikkinchi gildiya mavqeidagi nihoyatda nufuzli savdogar darajasiga ko‘tarildi.
Ko‘rinadiki, tadbirkorlik hammaga ham nasib etavermas ekan. Bu iste’dod to‘qqiz o‘g‘ildan bittasida namoyon bo‘lgani ham shundan dalolat berib turibdi. Xo‘sh, Xudo ato etgan shu iste’dod orqali boy-badavlat bo‘lgan Mirkomilning gunohi nima edi? Tadbirkorligimi? Yoxud u ham birni ikki qilolmay o‘tib ketgani ma’qulmidi?
Nazarimda, boylar haqida so‘z yuritganda ko‘pincha masalaning shu jihatlarini unutamiz shekilli.
Sho‘ro hukumati davrida-chi? Rost gap shuki, hech kimga boy bo‘lish imkoniyati berilmadi, nochor yashasang—yaxshi odamsan, o‘zingni o‘nglasang — jinoyatchisan! Bunday siyosatning ayanchli oqibatlarini hozir boshdan kechirib turibmiz.
Lekin Oktyabr inqilobidan burun boy bo‘lish imkoniyati siyosiy jihatdan man etilmagan edi. «Kambag‘allik barcha ayblarning onasi» degan edi B. Shou. Nochorlikka ko‘nikish gunoh ekanligi haqida hadis ham bor. Demak, boy yashashga intilmaslik, aksincha nochorlikka mutelik, nochorlikka qanoat qilish gunoh hisoblangan.
Nazarimda, har qanday davrda ham Xudo tadbirkor qilib yaratgan odamlar va yaratganning bu ne’matidan unumli foydalanganlar bo‘lgan, bo‘laveradi ham. Mirkomil Mirmo‘minboyev shunday toifa kishilardan edi. Mirkomilboyning tadbirkorligi asosan ekin maydonlarida, birinchi navbatda paxta yetishtiriladigan maydonlarida ko‘rinadi. Biroq uning quloch yoyishi uchun bu maydonlar ham torlik qilgan. U bu haqiqatni anglagan, anglabgina qolmay hali sanoat markazlari bo‘lmagan, ishchi tabaqalari yetishib chiqmagan Andijonda pahta tozalash zavodi qurish zaruratini birinchi bo‘lib tushunib yetgan. So‘ng 1907 yili o‘z davrining eng zamonaviy jihozlari bilan ta’minlangan o‘z paxta tozalash zavodini ishga tushiradi. Demak, aytish mumkinki, Mirkomil Mirmo‘minboy hoji o‘g‘li Andijonda, ehtimol, Turkistonda yirik sanoatni rivojlantirish borasida tamal toshini qo‘ygan zotlardan biri hisoblanmog‘i kerak!
Minglab tanob ekin maydonlari, zavodlari bo‘lgan odam savdo ishlarini keng miqyoslarga ko‘tarmog‘i juda tabiiy edi. Mirkomilboy shunday qildi. Arxiv hujjatlarini ko‘zdan kechirarkanmiz, Mirkomilboy tijorat muomalasi olib borgan odamlar orasida aka-uka Kraftlar, Kox, Shults, aka-uka Stepunlar, aka-uka Shlosberglar, Knop, «Meyerkort» firmalarining nomlari bot-bot uchraydiki, bu Mirkomilboyning kichkina savdogar bo‘lmaganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, u Xitoy, Turkiya, Rusiya, Olmoniya savdo ahllari bilan aloqalar bog‘lagan. «U Karlsbed, Parij, London, Berlin va Moskovda ko‘p vaqtini o‘tqazdi, — deb yozilgan hujjatlardan birida. — Barcha (Rusiya va Osiyodagi) banklaridagi puli 270 ming so‘mni tashkil etadi, qolgan boyligi zavod va yerdan iborat».
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: Mirkomilboy qora xalq vakillariga, chunonchi o‘z tasarrufidagi korxona ishchi-xizmatchilariga qanday munosabatda bo‘lgan? U ham hozirga qadar tasavvurimizga singib ketgan Mirzakarimboy, Solihboy, Tantiboyvachcha obrazlari singari edimi yoxud boshqachami?
Yana K. Yashinning xotiranomasiga murojaat qilamiz:
«Boyga qarashli zavodlarda ahvol «eski hammom, eski tosligicha» qolganligi, zulm kundan-kunga avjga chiqayotganligi borasida ham turlicha gaplar yurardi. Andijonda Mirkomilboydan jabr ko‘rmagan odam qolmagandi hisobi. Boyning davlati behisob bo‘lsa ham o‘zi o‘lguday ziqnaligi, mol-dunyo orttirish yo‘lida hech nimadan qaytmasligi, qayoqdagi usullardan foydalanishi haqida ham turli-tuman mish-mishlar yurardi,» — deb yozadi u.
Boyning ziqnaligiga kelsak, rostdan u shundaymidi? Biz o‘tmishdagi boylar haqida so‘z yuritganda doim bir narsani nazardan soqit qilamiz. Aksari boylar, xususan tagli-tugli, ota-bobosi o‘ziga to‘q o‘tgan avlod farzandlari, shak-shubhasiz, Islom dini ta’limotidan bahra olgan odamlar bo‘lgan. O‘zini musulmon sanagan har qanday mulk egasi ushr, sadaqa singari islom ahkomlarini yaxshi bilgan va unga rioya qilgan. Bundan tashqari, yetim-esirning haqiga xiyonat qilmaslikning, qarovsiz, kimsasiz nochorlar ahvolidan boxabar bo‘lishning, xayr-sadaqaning ahamiyatini yaxshi tushungan. Xayr-sadaqa har kimning o‘z ko‘ngil mayli, masalan, birovni sadaqa qilmaslikda ayblash qiyin. Lekin zakot — farz, unga rioya qilmaslik — musulmonlikka yot. Nochor odamning ko‘nglini olish — ulkan savob. Kishi ushr, zakot talablarini bajarganining o‘ziyoq uning ziqna emasligidan dalolat beradi.
Boyning oddiy odamlarga munosabati xususida bir narsa deyish qiyin. Ehtimol, tadqiqot, o‘rganish ishlari chuqurlashgani, xotiralar yig‘ila borgani sayin bu borada ham oydinlik kiritilar, lekin Mirkomilboyning Andijon shahrining markaziga kasalxona, madrasa, masjid, bolalar internati toifasidagi maktab, savdo rastasi qurish istagi bo‘lgani haqida, bu haqda mahalliy hokimiyatga son-sanoqsiz iltimoslari rad etilgani bayon etilgan bir quchoq hujjatlar mavjudki, ularni sinchiklab o‘qigan odam Mirkomilboyning K. Yashin yozganidek zulmkor, qattiqqo‘l va ziqna ekaniga beixtiyor shubha qilmay iloji yo‘q. Bu o‘rinda xotiranoma boy-badavlat odamlar ashaddiy xalq dushmani deb qaraladigan davrda bitilganini ham hisobga olmoq kerak shekilli.
Qo‘limizdagi mavjud hujjatlar va farazlardan kelib chiqsak, Mirkomilboyning oddiy mehnatkashlarga, qora xalqqa munosabatiga doir shubhalarimizni birmuncha oydinlashtirish mumkin.
Buning uchun bir nozik hodisaga e’tiborni qarataman.
Ma’lumki, Mirkomil chor Rusiyasi hukmronligi davridagi, Muvaqqat hukumat davrida ham, nihoyat Oktyabr inqilobidan keyin qaror topgan hukumat a’yonlariga ham yoqmadi. Hech bir hukumat uningdek dasti uzun boyning o‘z ishlarini gullab-yashnatib yurishini istamadi. Nega shunday bo‘ldi? Bir-biridan tamomila farqli uchala hukumatning ra’yiga o‘tirishmagan, ularning qolipiga sig‘magan Mirkomilning gunohi nimada edi?
Mavjud hujjatlardan shu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadiki, Mirkomilboy oyoqqa turganidan boshlab, qanot yozib gurkirab to umrining adog‘iga qadar mahalliy va mustamlaka hukumat tomonidan muttasil ta’qib ostiga olingan. Uning har bir qadami qariyb nazorat ostida bo‘lgan: biror tijorat shartnomalari tuziladimi, bankka pul qo‘yadimi, yer sotib oladimi, qarz beradimi, sayohatga chiqadimi, uy-joy qurishga kirishadimi — barcha-barchasi turli yo‘llar bilan tegishli mahkamaga yetkazib turilgan. Nafaqat Andijon viloyatidagi, balki Turkiston general-gubernatorligiga qarashli hokimiyat ham Mirkomilboyning xalq orasidagi nufuzi ortib borayotganidan doimo tashvishda bo‘lgan.
Hatto Mirkomilboy xayriya tariqasida mo‘ljallagan binolarni qurish uchun ruxsat berishdan cho‘chiydilar.
«Mirkomil Mirmo‘minboyevning taklifi qabul qilingudek bo‘lsa, sobiq Gultepa maydonida o‘ziga xos vaqf, Andijonda M. Mirmo‘minboyev nomidagi davlat ichra davlat paydo bo‘ladi, — deydi shahar noibi G. Ordinets. — Rus davlatchiligi nuqtai nazaridan nechog‘li yo‘l qo‘ysa bo‘ladigan bu ishning zarurligi haqida bir narsa deyolmayman-u, lekin shaharda bunday o‘zgarish qilish mutlaqo mumkin emas».
Mirkomilboy mazkur qurilish uchun ajratgan yarim million so‘m pul Andijon shahrining ikki yillik sarmoyasiga teng edi.
Savol tug‘iladi: shunday niyatdagi odamni bosqinchilar to‘xtovsiz shubha ostiga olsa, o‘zimiz uni «o‘lguday ziqna»likda ayblasak adolatdan bo‘ladimi?!
Xalq orasida shunday rivoyatnamo gap yuradi: emishki, mustamlaka hukumat rahbarlari Oktyabr inqilobidan keyin Leninga: «3200 kilo tillosi bo‘lgan M. Mirmo‘minboyevga qanday munosabatda bo‘lmoq kerak?» degan so‘rovlariga Maskovdan «Shuncha tilla yig‘ishga qurbi yetgan odam o‘z orqasidan xalqni ergashtirib ketishi hech gap emas», degan javob olganmishlar. So‘ng…
Hozircha buni tasdiqlovchi hujjat yo‘q, lekin aynan shunday javob-ko‘rsatma kelmagan taqdirda ham mustamlakachilar qat’iyan shunday fikrda bo‘lganliklariga shubha yo‘q. Hokimiyat olib borayotgan siyosat qandayligidan qat’i nazar u mustamlakachi bo‘lar ekan, hech bir mustabid hukumat mahalliy kishilarning o‘sib-unishini, xalq e’tiboriga tushishini istamaydi va mudom bunga yo‘l qo‘ymaydi.
Mirkomil Mirmo‘minboyev ana shunday zotlardan edi — qismat uning yo‘liga Rusiya bosqinchilaridek dahshatli va vahshiy to‘siqni ko‘ndalang qo‘ydi, 1918 yili u 58 yoshida otib tashlandi!
…Biz Vatanimiz tarixiga, xalqimiz o‘tmishiga doir voqea-hodisalarni hozirgi kun nuqtai nazaridan qayta baholash zarurati tug‘ilgan davrda yashamoqdamiz. Nomlari, qilgan ishlari faqat qora bo‘yoq bilan chaplangan boy-badavlat o‘tmishdoshlarimiz hayotini, bosib o‘tgan yo‘lini qayta o‘rganish, ularni xolis nazardan kechirish bugungi kunimiz manfaati jihatidan ham nihoyatda zarur. Mirkomil Mirmo‘minboyev ana shunday ahamiyatga molik yirik tarixiy shaxslardan biridir. (Masalan, M. Mirmo‘minboyevning 1898 yilgi Dukchi eshon isyoniga munosabatini o‘rganishning o‘ziyoq talay muhim ma’lumotlar berishi mumkin). Bu kishiga doir arxiv hujjatlari yuqorida zikr etganimiz Mirmansur aka Mirmaqsud o‘g‘li Mirkomilovning sa’y-harakatlari bilan hozir o‘rganishga kirishildi. Adib Yoqubbek Yakvalxo‘ja romanlarida Mirkomilboyning eng achchiq taqdiri xolis qalamga olindi. Bular xayrli ishlarning boshlanishi, xolos. Ehtimol, razil tuzum hokimiyat tepasiga kelgan dastlabki yillardayoq shahid ketgan Mirkomil Mirmo‘minboyevning shaxsi-kamoli haqida, savdogarchilik tadbirkorliklari haqida, boyning xorijiy banklarda saqlash uchun qo‘ygan katta boyliklari haqida ma’lumot biluvchilar bordir, shoyad ana shunday ma’lumotlar yig‘ilsa, jamlansa, zero, boy-badavlat bobolarimizdan qolgan ham ma’naviy, ham moddiy boyliklarning izi chiqsa deymiz.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 5-son