Bu kunlarda hukumat doiralarida muassasalarni markazlashtirish fikri qo‘zg‘olgandir.
Bu juda yaxshi fikrdir. Albatta, hukumat idoralarining bir yerda bo‘lishi ham shul idoralarning ishlarining tartibli borishiga sabab bo‘lur, ham murojaatchilarga oson bo‘lur. Bu fikrni biz ham olqishlaymiz.
Ma’lumki, hozir Turkistonning har yerida maorif ishlariga jiddiy ko‘z bilan qaralib turilibdir; hatto markaz maorif komissiyaligi muallimlarni ta’min etmakni birinchi ishdan sanab bu jihatda jiddiy tashabbus qilmoqdadir.
Bu harakatlar Turkistonda maorif ishlarining zarur va muhimligiga dalolat qiladir.
Biz ham, albatta, bir umumiy fikrga qo‘shilmog‘imiz va shu yo‘l bilan bormog‘imiz kerakdir.
Samarqand viloyatida maorif ishlarini yaxshi yo‘’lga qo‘ymoqqa qancha tirishilsa ham, ko‘rinib turibdirkim, muvaffaq bo‘la olmaymiz; hatto hozir ham ochiq ayta olmaymizkim, bitta ham tuzuk maktabimiz yo‘qdir. Bu yo‘lda bizning ham ko‘b ishlar qilmog‘imiz kerak bo‘ladir.
Butun Samarqand viloyatida birgina ko‘zimizga ko‘rinadirgan maktabimiz birdan-bir bilim yurtimizdirkim, uning holi ham gazeta o‘qig‘uvchilarga ochiqdir. Shu maktabni ham nima bo‘lsa ham bir oz tuzatmoq uchun qancha g‘ayratlar sarf qilinsa ham istaganimizcha muvaffaq bo‘la olmaymiz.
Eshitganimizga ko‘ra hukumat idoralarini markazlashtirish uchun shu bilim yurtining binosi munosib ko‘rilmishdir, o‘tkan yil shu oylarda tamom so‘ngan va bitgan edi. Buning bu holga tushishiga sabablar bor edi. Muallimsizlik, idoraning ouzuqlig‘i, moddiy jihatning torlig‘i va boshqalar. O‘tgan yoz bilim yurti talabalari butkul tarqalg‘ondilar, faqat 10—20 bola qolg‘on edi.
Qo‘lidan ish kelaturgan talabalarining har biri o‘z ishi orqasidan ketdikim, shu yil qancha tirishsak ham ko‘bini keltura olmadiq.
Hozir yuz ellikka yaqin bilim yurti talabasi bor va maktab qoshida tatbiqot maktabi ham quruldikim, 50 dan oshiq bola o‘qiydir.
Biz shunday umid etamizkim, bu yil bir oz ma’naviy va moddiy jihatdan tuzatganimizning natijasi bo‘lib kelasi yil bu maktab haqiqatan bir bilim yurti va ibtidoiy maktabi bir namuna maktab bo‘lar deb. Bu ichgi taraf.
Xalqimizning maorif ishlariga qarash rag‘batiga kelsak, shuni aytib o‘tmoq kerakkim, har bir yerlik musulmon va maorifparvarning maktabning maorif deganda ko‘ziga ko‘rinaturgani birdan-bir shu bilim yurtidur. Ushbu bilan sevinadur, faxr qiladur.
Inqilobning foydasi bo‘lib, uning qo‘liga tushgan bir g‘animat deb shu binoni ko‘rsatadir va shu muassasani biladir. Bu binoni hukumat idoralari uchun olmoq mana shu jihatdan maorif ishlarining borishiga birdan bir zarardir. Bizning Samarqandda birdan-bir ilmiy muassasamiz shudir, bunga zarba bermak yaxshi emasdir. So‘ngra shunisi ham ma’lum bo‘lg‘aykim, bu bino faqat maktab uchun yasalg‘ondir, bunda idoralarni joylash noto‘g‘ridir.
Shu besh yil ichida bu binoni olmoq uchun ko‘b marotabalar tashabbuslar bo‘ldi, faqat ishga oshmadi. Biz umid etar edikkim, xalqning ruhi va maorif ishlarining borishi bilan hisoblanib, shu sira ham shu masala ishga oshmasun va shu bino bir ilmiy muassasa bo‘lib bilim yurti uchun qoldirilsun. Bu maktabni haqiqatan bir ilmiy muassasa holiga qo‘ymoq uchun g‘ayrat o‘rniga, buni buzmakka tirishmak ayb bo‘lsa kerak.
Bir ishni tuzatmoqqa tirishaylik, o‘rtoqlar, buzmakka emas. Shuni esdan chiqarmaylik.
O‘z davrining ma’rifiy-ijtimoiy masalalariga bag‘ishlangan bu maqola «Zarafshon» gazetasining 1923 yil 12 aprel sonida e’lon etilgan.