Vadud Mahmud. Turk adabiyoti tarixi (1925)

Ismoil Hikmat.
Ozarboyjon Xalq Maorif kamisarligi fanniy metod sho‘rosi tomonidan tasdiq etilmish va Ozarboyjon nashriyoti tomonidan 5 ming nusxada bosilg‘on. (1925 yil — Bokuda)

Bu asarning birinchi jild, birinchi va ikkinchi hissasi bosilib chiqdi. Birinchi hissasi o‘n to‘qquzinchi asr hayoti adabiyasidan bahs etadir.
Bunday bir asarning misoli haligacha turk olamida ko‘rilmaydir. Bu asarning boshqalardan eng birinchi ayirmasi shulki, o‘n to‘qquzinchi asr turk hayoti adabiyasini tartibli suratda, bir majmua holida ko‘rsatadir. Bu ish haligacha turk adabiyoti hayotida — tazkirachilar va ajnabiy tarixchilar mustasno — bo‘lmag‘on bir ishdir.
Bu asar to‘g‘risida haligacha jiddiy bir tanqid chiqmadi. Buning sababini shundan bilamiz. Misli bo‘lmag‘on, ya’ni haligacha ishlanmagan bu maydonda qalam yurutmak uchun shunday bir narsa yozish kabi bir tashabbus va mehnat qilish lozim bo‘ladir. Ayniqsa, g‘arb turk hayotidan minglar chaqirim uzoqda bo‘lg‘on: dengizlar, tog‘lar, cho‘llar kabi tabiiy to‘siqlar ustiga, Chor hukumatining siyosiy mumone’atlari  va bizdagi ilmiy-adabiy harakatning hechligi orqasida qolg‘on va bu asarda zikr qiling‘on shaxslarning ba’zilardan ikki-uch bayt, ba’zilarining faqat otlarini bilish ham zo‘rg‘a mumkin bo‘lg‘on bizlar uchun bu asar to‘g‘risida jiddiy bir narsa deyish ko‘p qiyindir.
Bu bir necha yildan so‘ng ijtimoiy inqilob yillarida esa bu masalalar bilan urinishga na vaqt va na sharoit musoada qilmag‘onidan hali ham mumkin bo‘lmadi. Bu uzrlar ishga qolg‘onda balki hechdir. Lokin ma’zaratchining biz kabilar bo‘lg‘oni va mavqeimiz nazarda tutilg‘onda, tabiiy, bular buyuk mone’lar sanalsa ham o‘rni bordir.
Mana shu uzr va shu muhokamalardan keyin tubandagi so‘zlarning balki bir qiymati qolmas. Lokin o‘zbekning «yotib qolg‘uncha, otib qol» degan maqoli mafodincha o‘zimiz bilgan yoxud to‘g‘risi, bildik va tanidik deb qanoat hosil etgan shoirlar haqidakim, ular bu muazzam ta’lifda biz uchun uch-to‘rtdan ortuq bo‘lmas, ba’zi bir fikrlar yurutsak ortuqcha bo‘lmas. Ehtimol, bu yozg‘onlarimizning bir tanqidiy qiymati bo‘lmas, faqat bizda ular to‘g‘risida qanday tasavvurlar borlig‘ini, bizda – ya’ni Bo‘sfo‘r muhitida emas – Turkistonning qum, cho‘llari orqasidagi butalar, ko‘katlar ko‘lagasida o‘sgan va muhitning qattig‘ bo‘g‘uvchi issig‘lari ostida xomligicha qovurulg‘onlarga qoddirg‘on ta’sirini ko‘rsatish jihatidan ahamiyati bo‘lur.
Boshlab bu asar markschilik nuqtai nazaridan yozilmag‘on, deb e’tirozlarga uchrasa mumkindir. Qandayki, qaysi bir o‘rtoqlar bu haqda yozdilar. Bizga qolsa ularning bu e’tirozlari, agar amaliy bir fikr va yo‘l ko‘rsata olmag‘on bo‘lsalarki, hech bir narsa ko‘rsatmadilar, bu ochiq bir pulcha qiymati yo‘qdir. Falon, falon o‘runlarda bunday yanglishliklar, tushunmaganliklar bor, izoh qilinmag‘on nuqtalar «mana bular» deb ko‘rsatilmas ekan, quruq so‘z bo‘lishdan boshqa narsa emas: «bo‘sh so‘z tuyaga yuk»dir. Biz deymizki, bu asarning bosh maziyati 32 shoirning, ya’ni bir asrga yaqin bir muddat adabiy hayotining bir tartib va bir usul doirasida tizilishi va adabiyotga bir «gul» holida qarash uchun muhim bir yig‘indi tashkil etgandirki, haligacha bu bo‘lmag‘ondir.
Asarni ko‘zdan kechirganlar va shu ishlar bilan tanish kishilar biladirlarki, bu maydonda ishlash qanday qiyindir va bosh og‘rituvchidir! Buni shu hodda yig‘ishning o‘zi qancha fidokorliklar talab qilar ekan, uzoqdan turib ahil bo‘lmag‘onlarning kesak otishlari o‘zlarining qancha qiymatda bo‘lishlarini fosh etishdan boshqa bir natija bermaydir. Durust, markschilik nuqtai nazaridan qarag‘onda birinchi boqishda juda ko‘b kamchiliklar ko‘riladir. Faqat ish ichiga kirganda va tariximizning hech bo‘lmasa bir nechagina yil kichkinagina bir davrinigina ko‘z oldimizda ijmoli bo‘lsa ham tasavvur va tasvir eta olmag‘on shu chog‘imizda marksischaki — iqtisodiy va ijtimoiy hayotning butun injaliklarini ochib berish demakdir — bo‘lishini talab etmak kulguli, bir bola talabi emasmidir? Holbuki, bu asar istar muqaddimasida, istar har munosabat kelganda iqtisodiy va ijtimoiy hayotni mumkin qadar izoh qilmoqdadir.
Endi maqsadga kelaylik: bizning tanig‘on shoirlar orasida Abdulhaq Homid bordir, bu shoir to‘g‘risida 140 sahifa taxsis etilgandir.
Homidning uzundan-uzoq va o‘ndan ortuq maktubi va shu munosabat ila boshqa orqadoshlarining ham uzun maktublari darj etilgandir. Holbuki, Homidning adabiy shaxsiyatini – ruhli bir tarzda ko‘rsataturg‘on bir maktubi – Rizo Tavfiqqa «Homidnoma» munosabati-la yozg‘on maktubidan hech narsa ko‘rsatilmaydir. Homid u maktubida qaysi muharrirlarni o‘qig‘onini va qaysilarini o‘qumag‘onini o‘zi aytadir va Homidni tanish uchun eng muhim shu so‘zlarni yozadir:
«Maqbar»da va «O‘lu»da, xususiy-la «O‘lu»dan ziyoda «Maqbar»da ko‘rdikingiz qusurlar noqobil inkor bir suratda oshkordir. Taslim edaram. Hashviyot cho‘q, g‘aroyiblaring hadd va hisobi yo‘qdir. Va siz g‘oliban bunlarla iktifo etmak istamishsiniz. Soir asarimida tadqiq etsagiz daha cho‘q nuqsonlara tasoduf edardingiz, bundan aminam va sizi ta’min edaramki, bunlar banja majhul dagildir. Hatto asarimi kandim tanqid edajak o‘lsam kim bilar daho naqadar qusurlar ko‘rurdim. Balki eng so‘ngraki asarim o‘yla bir tanqid o‘lajoqdir …»
Yana davom etib adabiyot olamida kimlar ila yaqin bo‘lg‘onini va kimlarni tanig‘onini aytadir:
«Adabiyot soir va sarifalarinda dediginiz kabi, Qurnay, Hug‘u, Shekspir ila Shayx Sa’diy banga rahbar o‘lmishlardir (Kamol ustodimdir, u boshqa). Bunlarning xorijinda hech bir adib va shoir-la munosabatda bo‘linmadig‘mi bilmangizi istaram. Pak cho‘qlarini «Homidnoma»da ismlari mazkur o‘lanlardan va o‘lmayanlardan bir cho‘qini ma’attaassuf o‘qumamishamdir bila ehtimolki qochmoqdan qug‘olamaya, yozmoqdan o‘qumaya vaqtim o‘lmamishdir. Na bilayim faqat haqiqati hol budir».
So‘ngra asarlarining mavzularini kimlardan olg‘onini tubandagicha bayon qila boshlaydir:
«Nastaran»i Porisda Qurnaying «Lo‘sid»ini o‘qudiqdan so‘ngra yozdimki, muqaddimasinda go‘stariyurim. Ma’-shuqasining padarini oshiqning itlof etmasi mavzuini «Lo‘sid»dan oldim. Yolg‘iz mavzuini… «Eshber»da kazalik Xo‘rosdan muqtabas bir mavzu, yolg‘iz bir mavzu vordir. Kamol marhum maktublarining birisindaki, g‘oliban matbu’dir. «Eshber» Xo‘rosdan muqtabas esada undan go‘zaddir demish, bani taltif etmak istamishdi. Marhum bu durli iqtibosoti joiz go‘rur va tabiiy bo‘lurdi. Hatto bal «Sardonapol»i yozarkan, Bayrunning u ismda bir teatrusi o‘ldig‘ini banga ixbor ila o‘qumaya tavsiya etmish edi. Ban mavzu bo‘lmoqda doimo guchluk chekdigimdan tarixdan va shundan-bundan mavzular olmoq, onlari istadigim kibi malovalar-la yozmoq majburiyatinda bo‘lunan ojazadan o‘ldug‘im «Sardonapol» muqaddimasinda xabar veriyurim.
Faqat «Maqbar» ila «O‘lu»ning yoxud «Balodan bir sas»ing kimsadan olinmish mavzulari yo‘qdir. Unlaring mavzulari mozor ila o‘lum va birda jamiyati insoniyadir. «Maqbar»lar, «O‘lu»lar, «Balodan bir sas»lar kechan gun dagil, kechan asrda yozilmish va o‘ttuz shu qadar sana avval bosilmish edi. «Balodan bir sas»si oxiran tab’ etdilar esada pak eskidan eskidir. Alhosil, bunlar na iqgibos, na taqlid, na intiholdir. Tavoriddan boshqa bir shay o‘lmasi maholdir. Tavorid taqdirinda esa Viktor Hugu kibi muazzam bir dohiyi she’r va adaba shu qadarjiq o‘lsun bir muqoranat hosil o‘lmish demakdirki, na buyuk sharaf! Faqat Akraming dedigi kibi:

Bir harfni majmuai beg‘oyai soning,
Fahm aylamadan ban dahi shoirmiyim, e voh.

«Gyote» ila, «Bayrun»la, «Danta» ila oshnolig‘im pak sathiy va pak juz’iy bir munosabatdir… Darajalarini bilamam. Viktor Hugu Shekspir uchun yozdig‘i kitobda: duxot uchun buyuk kuchuk yo‘qdir deyur, daraja tayin etmiyur. Unlar bir-birina benzamas, faqat har bir boshqacha bir yildizdir, demak istayur. Inson buyla demak uchun Viktor Hugu kibi u yildizlaring eng buyugi o‘lmalidir, dagilimi?», kibi bir mulohaza yuritgandan so‘ng, turk va so‘ngra Sharq va G‘arb daholari to‘g‘risida o‘z fikrini yozadir:
«Akrama yozdigim bir maktubda adabiyot olamimizing «Kamoli»i gunashi, «Akram»i mahtobi, «Sazay»ida yildizli gejasi deya tavsif etmish edim. Akram javoban: sangada bunlaring xoliqimi deyalim?.. kibi bir latifada bo‘lunaraq:

Shab-tob edilsam roziyam,
Mahtob edilmak istamam, –

demish edi. Dohiyliging darajasi yo‘qdir va bancha G‘arbda haqiqiy dohiy Hugu ila Shekspir va Sharqda Sa’diydir. Bancha deyurim. Chunki boshqalarini bilajak qadar o‘qumadim. Siz o‘qumishsingiz bilarsingiz…», deb maktubini bitiradir. Ko‘rilgani kabi Homid bu maktubda butun borlig‘ini ochib beradir. Bunda ko‘chirilmay qolg‘on shunday parchalar borki, Homid tom ma’nosi bilan o‘z sajiyasini ochib ko‘rsatadir. Bu maktubda ahamiyatsiz o‘tilmayturg‘on yana bir nuqga: Rizo Tavfiqning «Homidnoma»si to‘g‘risida aytilgan so‘zidir:
«Homidnoma»da ismlari mazkur o‘lanlardan va o‘lmayanlardan bir cho‘qini maattassuf o‘qumamishamdir bila!» demak bilan Homid, Rizo Tavfiq «Tanqidnoma»sining qancha haqiqiy qiymati bo‘lg‘onini ochib beradir. Rizo Tavfiq ko‘p fozil odam bo‘lmoq bilan birga ta’bir va adabsizlik ma’zur ko‘rulsin, ko‘p «ilmfurush» bir odamdurki, buni shu yuqoridagi so‘zi bilan Homidda aytadir. «Homidnoma»da Homidning boshqa ko‘p shoir va adiblar bilan aloqasi bo‘lg‘oni yoziladirki, Homid ularni o‘z maktubida rad qilg‘on bo‘ladir. Bu bilan «Homidnoma»ning mavqei tayin qilinadir.
Ismoil Hikmat o‘z tatabbulari orasida shu maktubga ham bir o‘run ayirsa edi, yana muhimroq bir ma’xaz ko‘rsatkan bo‘lur edi. Shuncha uzun maktublarni olg‘on kishining bu maktubdan zikr etmasligi bir turli ma’nosizdir. Hatto bizga qolsa, bu asarda ko‘rsatilgan maktublar ko‘prak Homidning yosh vaqtlariga oid bo‘lib, bu so‘ngisi uning pishgan va yetishgan vaqti mahsuli bo‘lishi jihatidan muhimroqdir.
Ikkinchi kamchilik, kitobda Homidning yuksak nasridan «hech namuna berilmagani»dir. Bunda na «Toruq» parchalaridan bir narsa bor, na «Maqbar» muqaddimasidan bir namuna. Holbuki, turk adabiyoti nasrining eng yuksak namunalari qatorida shularning turishi kerakdir.
Uchinchi, Homidning san’atkorligini tahlil qilishda Ismoil Hikmat ko‘p vaqt shakl masalalariga bog‘lanib qoladir. Ruhiy hayajon tahlillari juda ozdir.
Homid «dohiy shoir» ataladir, faqat bir «dohiy shoir» sifati-la tahlil etilmaydir, har qancha «dohiy dohiyona», degan so‘zlar qo‘p ishlatilsa ham, o‘qub chiqqon kishi uning dahosiga u qadar oshno bo‘lub chiqmaydir. Chunki tahlil nokisdir. Masalan, bir yerdagi uning dahosi ko‘rsatilmakchidir. O‘n baytlik bir namuna beriladirki, u namunada:

Ey yori jahannam og‘ush,
Abkamu asg‘aru mahshar bardush,—

baytidan boshqa maqtanishga munosib bir narsa yo‘qdir. Bundan so‘ng mana shu so‘zlar aytiladir:
«Bu azamati tazodi hangi shoirimizda go‘ruriz… Ishta Homiding butun banlig‘i, butun xususiyati va shaxsiyati, butun she’ri va dahosi: hapsi-hapsi bu tazodlarinda, bu ittirodsizliklarinda, bu toshqinliklarinda… U tibqi bir furtinali dengiz kibidir. Doimo cholqonti cholonda goh dog‘lara tirmanan ulu, jur’atkor chilg‘in dolg‘alar-la yuksalar, yuksalalar, goh buldig‘ini oqizib, qirib go‘turan girdob-la uchurumlar holinda denizing diblo‘diya chakilan siyoh-siyoh g‘oyyalar qadar, darin va siyoh bir dolg‘adan mezar o‘lur. Orqasindan yetishmak istayan yo samolardan dushar va ezilir yo derinliklarda bo‘g‘ulib qolir».
Holbuki, yuqoridagi misol uchun bu so‘zlar ko‘p og‘irdir. Uning dahosini ko‘rsataturg‘oi bundan boshqa ko‘p kuchli parchalar bordir.
Bir yerinda (466-nchi sahifa) «qalbning lisoni (klassizm)ning u qadar va inja charchavasina na gira bilir, na chiqa bilir» deydir. Biz bu jumlaning madlulini noto‘g‘ri topamiz. Fuzuliyning «Layli-Majnun»i boshdan-bosha u «qalb lisoni»dir. Hatto qalb lisoni bo‘lishda ba’zi joylarida Homiddan ham oshib tushadir. Fors she’rida esa Hofizning bu kungacha na forsiyda, na turkda unga erishilmagan samimiyligi (klassizm)ning tor charchavasiga sig‘mishdir. Agar charchavaning bir ta’siri bo‘lsa edi, charchavani parchalag‘on rassomlarning bir ortiqligi bo‘lur edi. Va charchavalilardan yuksak bir narsa berishlari kerak edi. Holbuki, biz uni ko‘rmaymiz. Butun san’at tarixi qarshimizda…
Homid haqinda yozilmish yuz shu qadar sahifa yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklari sarf nazar etilsa, balki uni bir shoir sifatida ko‘rsatmak uchun kifoya etar. Lokin dohiy atalmish bir Homid uchun aslo kifoya etmas. Uning dahosini albatta, tahlil etmak va ayniqsa, qaysi nuqtalarda unga erishmak mumkin bo‘lmag‘onini ko‘rsatmak kerakdir.
Bu e’tibor ila menimcha «Ali janob»ning «Turk yurdi»da bosdirg‘on Homid yubilesiga bag‘ishlanmish maqolasi qiymatlidir. Voqean, Rizo Tavfiq ham Homid uchun ko‘p narsa yozg‘ondir. Lokin u asarning ichidan saralab chiqmoq mumkin emasdir. U asarlarda Homiddan ko‘ra Rizo Tavfiq tahlil etilgandir.
Ustod Akram haqinda esa Ismoil Hikmat jiddan muvaffaq bo‘lg‘ondir. U Akramning butun hayotini, san’atini yaxshi tahlil etadir va jonli o‘laroq ko‘rsata olg‘ondir. Hatto shu qadarki, Akram haqinda yozmish jumlalarning o‘zidanda Akram isi kelib turadir. Akram haqinda yozilmish shu qadar narsani biz haligacha ko‘rmadik.
Oxirida shuni ham aytib o‘tish kerakkim, yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklar bilan birga bu asarning ko‘p fazilatlari (ortuqliklari) ham bordir. Masalan:
«Homidning Hugodan bilxossa ayirilan nuqtasi lisoni edi. Hugo naqadar muntazam va hamvor esa, Homid U qadar loqayd va parishondir. Homidning dudoqlari orasindan do‘kulan yaroli, muztarib qalbidir. Hugoning lisonindan musiqiy afkoridir» kabi eng go‘zal tasvirli ta’birlar bo‘lg‘onidek, tubandagicha foseh va balig‘ ifodalar ila eng to‘g‘ri qiymat berishlar bordir:
«Hech bir qayda bo‘yun egmayan, hech bir bo‘yundirig‘a gardan vermayan shoir butun qoidalari zeruzabar edajak bir sarmasti va loqaydi ila yuriyib gediyur.
Qalbi faryodlarini, ruhiy alamlarini, hijronlarini, hayajonlarini goh aruzning dor va muavvaj chanbarlari ichina so‘quyur. Hamda tibqi eski Sharq san’atkorlari kabi zuhoflar, imolalardan chekinmadan, taraddudlanmadan so‘quyur; goh hijo vaznining sarbast siynasina arab va ajamning eng milliy, eng mahalliy kalimalarini yerlashtiriyur. Ba’zanda qofiyadan boshqa bir qayd tanimoq istamiyur. Har shayi zoid, har qonuni har qoidayi luzumsiz bir zanjir, o‘ldiruvchi bir zulm ado ediyur. Hapsindada shoir, hapsindada dohiy uliyur. Faqat shakl, lison va san’atcha qusurlu go‘ruluyurdi. Hosili u butun ulviyyati, butun navoqisi-la bir inson, faqat dohiy bir insondi. Asarlarinda qalbi o‘qunur, ruhi go‘rilur. Agar Homid lisoninada ahamiyat versaydi, san’atida ihmol etmasaydi, qopina daralmaz bir dahoi she’r bir horiqoi adab o‘lurdi. Ma’amafihi bu gunda daho qopina verilamamishdir».
Shuni ham aytib o‘taylikki, bu asar jiddiy bir tanqidga albatta, muhtojdir va turk adabiyoti tarixining to‘g‘ri bir yo‘lga qo‘yilishi uchun bu jiddan zarur bir ishdir. Buni ahillardan so‘raymiz.
Ozarboyjon Maorif kamissarligi va nashriyotining turk ilmi, adabiy hayotiga shunday muhim bir asar taqdim qilishga mavaffaq bo‘la olg‘onlari uchun iftixor etishga haqlari bordir. Bular uchun va asarning muhar-riri Ismoil Hikmat uchun qolg‘on jildlariningda himmat qilinib maydong‘a qo‘yilishining va bu yo‘lda uchralaturgan mone’larga ko‘krak kerishlarining tamannosidamiz.
Bu asar 7 yuz sahifadan iboratdir. Bosmasi tuzukkinadir. Faqat birinchi jildning ko‘p rasmlari yaxshi chiqmag‘ondir. Qolg‘on jildlarida esa bu kamchilikning tuzatilishi kerakdir.

_____________
Ismoil Hikmatning «Turk adabiyoti tarixi» 1925 yilda Bokuda nashr etilgan bo‘lib, V. Mahmudning ushbu maqolasi ana shu kitobga taqriz sifatida yozilgan. Maqola «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 1925 yil 9 -10-qo‘shma sonlarida bosilgan.