Adabiyot taftishiga boshlag‘onda yozma adabiyot va el (og‘zaki) adabiyoti kabi bir tasnif yuritishga to‘g‘ri keladir. Lekin yozma va el adabiyoti orasini ayirmoq va bularni jome’ va mone’ ta’rif qilmoq qiyindir, hatto mumkin emasdir.
Yozma adabiyotning bir xususiyati yozmalig‘i, ikkinchi, asar egasining ma’lum bo‘lishidir.
El adabiyotining xususiyatida shu sifatlarning bo‘lmasligi va og‘izdan og‘izg‘a ko‘chib yurishidir.
Endi tahlil qilayliq:
Birinchi: bir vaqtlar yozma o‘laroq tasbit etilgan bir adabiy asar yo‘qoldi deylik va so‘ngra uning parchalari og‘izdan og‘izg‘a ko‘chub yurdi va asar egasining oti ham unutildi deylik.
Ikkinchi: og‘izdan og‘izg‘a ko‘chub asrlarcha yurg‘on doston, maqollar yozilib, bir majmua holiga ketirildi deylik (qandayki bugun har yerda qilinadir).
Bu ikkovini qanday qilib ajratish kerak va qaysisini qaysisig‘a kirgizish kerak?
Voqean, el adabiyotining eng mumtoz xususiyati asar egasining el ekani da’vo qilinadir. Holbuki, biz tekshirib qarasaq, bu da’vo asossiz bo‘lub chiqadir.
Hech bir doston, maqol, topishmoq, ashula yo‘qki, yigirma kishi o‘ylashib to‘qug‘on bo‘lsun yoki bastalagan bo‘lsun. Har bir doston, maqol, topishmoq, ashula asosan bir kishi tomonidan chiqariladir. Va so‘ngra umumiylashib ketadir.
Turkistonning so‘ng shoirlaridan Muqimiy, Furqat, Haziniy parchalaridan shundaylari borki, agar allaqaysi qarong‘u tokchalardan, churub, qorarib ketgan bayozlardan ko‘rub egalarini bilgan bo‘lmasaq, ularni el adabiyotidan hech vaqt ajrata olmas edik.
Bu tasnif shu darajada bo‘sh bo‘lsa ham, ishimizni yengillatib, bizga yordam beraturg‘on bo‘lg‘on uchun qabul qilamiz va adabiyotni ikiga ayiramiz: yozma adabiyot va el adabiyoti.
Yozma adabiyot
Turklarning yozuv bilan tanishliqlari ko‘b eskidir. Turklarning miloddan burun qurg‘on buyuk imperato‘rliklarida yuraturg‘on buyruq, yorliqlar tabiiy o‘laroq turkcha yozuv bilan bo‘lar edi.
Bu yozular to‘g‘risida holo ham ilm olamida sarix ma’lumot yo‘qdir.
Xitoy voqe’nomalarida tarixga ma’lum eski turk jamiyati bo‘lg‘on «xul»larning yozuvlari borlig‘i zikr etilsa ham, uning qanday yozuv ekani noma’lumdir. Radlo‘f bu yozuvning O‘rxun yozuvi bo‘lushini o‘ylaydir. Xitoy voqe’nomalari 545 inchi yil voqealarini yozg‘onda ham turklarning yozuvlari borlig‘i va uni sungi uchi bilan yozg‘onlarini aytadirlar (Tatar adabiyoti tarixi, s.27).
Turi Yujan uyg‘urlarning miloddan ikki asr ilgari xat bilishlarini va beshinchi asr milodiyda porloq bir adabiyotga molik bo‘lg‘onlikdarini so‘ylaydir (Milliy tatabbular majmuasi, j. 2, son 4).
Turklar o‘z hayoti tarixiyalarida turli-turli yozuvlar ishlatib o‘tganlar. Xitoy ta’siri ostida bo‘lg‘on vaqtlarida tarixiy toshlardan bilinadirki, Xitoy yozuvini ham ishlatganlar. Gul Takin toshining bir yog‘i xitoycha va bir yog‘i o‘rxuncha yozilg‘ondir.
Bu o‘rxun yozuvidan boshqa bir vaqtlar moniy alifbosi ishlatganlari ma’lum.
V asri milodiyda Bizansh imperato‘rlig‘i tevarakidan haydalg‘on nasturi rohiblari Suriya alifbosini olib kelganlar va so‘ngra bu yozuv uyg‘ur yozuviga asos o‘laroq ishlatilgan.
Budda dinining ta’siri kuchaygan choqlarda Tibat alifbosini ham ishlatganlar. Bu 5-6 turli yozuvdan eng ilgari qaysisi ishlatilganini ajratish qiyin.
Hozir eng eskisi o‘rxun yozuvlari deyiladir. Bu turklarning o‘zlariga maxsus yozuvdir. Turklar harholda birdan-bir yozuv ixtiro qilaturg‘on va ishlataturg‘on bir holda bo‘lmag‘on bo‘lsalar kerak va o‘rxun yozuvida turli alifbolarning ta’siri borlig‘i ham buni ko‘rsatadir.
Yuqorida aytkanimiz kabi o‘rxun yozuvi bilan barobar xitoy yozuvida nazarda tutilsa va xitoylarning eski madaniyatli xalq ekanliklari va buning ustiga Xitoy ta’sirining juda ortiq ekani o‘ylansa, turklarning harholda o‘z maxsus yozuvlari bo‘lmag‘on vaqtlarda xitoy alifbosini ishlatkanlarini o‘ylashga yo‘l berilgan bo‘lur.
Harholda – qanday bo‘lsa ham — turklarning ko‘b eski zamondan beri yozuv bilgan bo‘lishlari aniqdir.
O‘rxun bitiktoshlarining til va uslubi oddiy so‘zga o‘xshamasdan, hatto ba’zi yerlarida muqaffo iboralar va mavzun fard va qit’alari borlig‘i uning ishlangan adabiy til bilan yozilg‘onini ko‘rsatadir.
Turklarning shomon dinida bo‘lg‘on vaktlarida ham yozilg‘on duonomalari bo‘lg‘onidek, moniy dinida bo‘lg‘on choqlarida «Xuos tuonifat» unvonli ibodatxonalarda o‘qulaturg‘on tavba duolari bo‘lg‘on.
Bu duo yozilg‘on bir nusxa tarixi ma’lum bo‘lg‘on «Tung‘» davri Chin kitoblarining qog‘ozlarig‘a o‘xshag‘onidan shu davrda yozilg‘on deyiladir. Bu narsa moniy alifbosi ila yozilg‘ondir. Buning uyg‘ur harfi ila yozilg‘onini Radlo‘f topib bostirg‘ondir (Peterburg‘ Akademi majmuasi, 1909 – Avg‘ustus, Turk yurdi, yil 1, son 3).
Turi Yujan o‘z maqolasida (Tatabbular majmuasi, jild 2, son 4) «7-nchidan 14-nchi asrgacha cho‘zulgan bir zamonni turk tili asarlarining eng eski davri atab, eng birinchi turk asari o‘laroq «Qudotqu bilig»ni (462 hijriy), ikkinchi o‘laroq «Yusuf-Zulayho»ni (630 hijriy), uchinchi o‘laroq Rabg‘uziyning «Qisas ul-anbiyo»sini (710 hijriy) sanaydir.
Bu davrga bo‘lushda bitiktoshlarining va moniy duo yozmasining kirmaganini bir kitob shaklida bo‘lmog‘onidan va «Devoni hikmat»ning esa eski yozma nusxasining yo‘qlig‘i ehtimolidan o‘ylamoq mumkindir.
Lokin bu davrning asarlariga qo‘shmoq mumkin bo‘lg‘on – «Kitobi Qo‘rqut» (5-6 asri hijriy). «Hibat-ul-haqoyiq» (6—7 asri hijriy) va «Devoni lug‘oti turk» kabi asarlarnida sanasak eski turk yozma adabiyoti jadvalini ko‘rsatgan bo‘lurmiz.
Bulardan boshqa (754 da) Xorazmiy otli bir shoir tomonidan chig‘atoycha o‘laroq Saroy shahrida yozilg‘on «Muhabbatnoma» (milodiy 14-nchi asrda Qutb taxallusli bir shoirning «Xusrav — Shirin» manzumasi va 777-nchi hijriyda Hisom Kotibning bosh hikoyasi) va 800-da yozilg‘on – uyg‘urcha asli u yonda bo‘lg‘on – «Tuzukoti Temur», 846-da yozilg‘on «Me’rojnoma» va 863da yozilg‘on «Baxtiyornoma» turk eski adabiyoti asarlariga kiraturg‘on va siqalardandir.
Mana bu ko‘rsatilgan asarlar turk adabiyotining to milod boshidan beri yozma asarlarga ega bo‘lg‘onini va tabiiy o‘laroq bunday asarlarning yolg‘iz bizga ma’lum bo‘lg‘onlari bilan qolmag‘onini o‘ylashga haq beradir.
Bu asarlar, umuman, turk tili bilan yozilg‘ondirlar. Lokin asrlariga va davrlariga qarab turli-turli atalg‘onlar.
Turk tili bir vaqtlar mo‘g‘ul tili deb ham yuritilgan (Hisom Kotibning Sulton odli mashhur kesikbosh hikoyasining mo‘g‘ulchadan, ya’ni chig‘atoychadan turkchaya, ya’ni usmonlichaya chevirmasi), so‘ngra uyg‘ur tili, hoqoniya turkchasi yoki qashg‘ar tili, o‘g‘uz lahjasi, chig‘atoy tili, usmonlicha, ozoricha kabi cho‘q otlar taqilg‘on. Asosan, chig‘atoycha uyg‘urchaning muayyan adabiy holg‘a kirgan bir boshqa shaklidir.
Faqat uyg‘ur harfi bilan yozilg‘oni uchun ko‘b chig‘atoy tili havzasiga kiraturg‘on asarlarni ajratishlar bo‘lg‘on. O‘rxun harfi bilan yozilg‘on asarlarning tili uyg‘urchadan farqsiz bo‘lsa ham, ayri faraz qiling‘on. Holbuki, O‘rxunda uyg‘ur yozuvining qaysisi ilgari boshlang‘onlig‘ini ayrishni qiyin holg‘a qo‘yaturg‘on eski asarlar qo‘lga kirgandir va bu ikki yozuvning ko‘b vaqtlar birga yurutulg‘oni ma’lumdir.
Asli «Nasturiy rohiblari» tomonidan kelturilg‘on uyg‘ur harfining 8-nchi asrdan ilgari mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lg‘oni muhokamasiga tayanibgina «O‘rxun yezuvi» eski deyiladir. Buning ustiga uyg‘ur alifbosi tuzulushiga ham somiy, ham oriy, ham xitoy harflarining ta’siri borlig‘i ko‘z oldiga keltirilsa, bu shubhaning yana ortish ehtimoli bordir.
Nima bo‘lsa bo‘lsun, qanday harf bilan yozilg‘on bo‘lmasun yuqoridag‘i asarlar turk yozma adabiyoti takomuli tarixi to‘g‘risvda muayyan bir fikr bera olaturg‘on darajada qiymatdordirlar.
El adabiyoti
Ko‘chma xalqlarda el adabiyoti boy bo‘ladir.
Turklarning (tipichnыy) hayotlari ko‘chmalik bo‘lg‘onidan boy bir el adabiyotiga molikdirlar.
Bu adabiyotning boylig‘i to‘g‘risida bizga eng ko‘b ma’lumot beraturg‘on kitob «Devoni lug‘oti turk»dir. Bunda eski turk dostonlaridan eng go‘zal parchalar bordir. Hatto shunday chiroylik joylari borki, yozma adabiyotni uyeltirishgacha boradir.
El adabiyotining eskidan yozilg‘onlari orasida 211 nchi xijriyda forschadan arabchaga tarjima etilg‘on «O‘g‘uznoma» atalg‘on milliy doston borkim, asosan turkchadan o‘zgartirilgandir. Bu dostonning muhim bir qismi bo‘lg‘on «Dada Qo‘rqut» yoki «Kitobi Qurqut» kabi Sayid Battol G‘ozi dostonida el adabiyotidandir. Bu «O‘g‘uznoma»ning islomiyatdan burun tasbit etilganlikiga hukm etish mumkindir. Chunki 211 hijriyda forschadan arabchaga tarjima qiling‘on bu dostonning forschaga tarjima qiling‘oni bilan arabchalanishi orasida harholda anchag‘ina vaqt o‘tush ehtimoli bo‘lg‘oni kabi forscha tarjimasi ham uchunda avvalan turkcha o‘laroq yozilg‘on (tasbit etilgan) bo‘lishi lozimdir (Ellik mutasavvuflar …).
Bulardan boshqa el adabiyotiga oid yana bir qancha yozilg‘on va yozilmag‘on asarlar maydondadir.
«Navoiygacha turk adabiyoti» maqolasi «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 1926 yil 1-sonida bosilgan.