Bizda ham hozirgi ta’bircha inqilob bo‘ldi. Har kim shoshib qoldi. Ne qilarini bilmadi. Qancha vaqtlar o‘tkandan keyin maorif idoralari quruldi. Maktablar ochilmoqqa boshlandi, bu maorif ishlari hammasi o‘ruslar qo‘li bilan qilinar edi. Chunki biz hali nima ish qilishimiz kerak ekanligini bilmas edik. Shuning uchun yuqoridan bo‘lgan buyruqlarni «la va naam» demasdan qabul qilar edik.
Oyliq juda yaxshi. Ul berilgan yetti yuz so‘m bu kunning ellik milyo‘niga barobar edi, shuning uchun ta’lim va tarbiya qursi xat savodsizlar bilan to‘ldi.
Bizda inqilob bo‘lg‘on, huquq olamiz, mana muallim tayyorlanib turubdir, «Qancha maktab ochmoq kerak» mana shu masala qoshimizg‘a chiqdi. Buni ham tezgina hal qildik. 20 maktab ochamiz, 30 maktab ochamiz. «Ha qancha ko‘broq maktab ochsaq shuncha yaxshi, eski hukumat ochishga qo‘ymas edi. Bu kunkim maktab ochish mumkindir». Hammamiz shu fikrda edik. Oramizda oqibatini o‘ylayturg‘onlar yo‘q edi.
Maktablar ochildi, davom etdi, xalq ham maktablarga bolasini yubordi. Yozda, ta’til vaktlarida turli ta’lim va tarbiya kurslari ochildi. Muallimlarning davom etishlari kerak. Chunki muallimlar ma’lumotsiz, bu yil yozda olg‘on ma’lumotlarini kishda talabaga bera olar.
Ko‘b yaxshi nazariya. Har yil kurs ochildi. Har yoqdan muallimlar keldilar, ham muallim bo‘lmoq uchun kurslarg‘a yozildilar. Pul oldilar, yurdilar.
Lekin ish kutganimizcha chiqmadi, muallimlar tuzuk bir narsa o‘rgatmadilar, talaba durust istifoda etmadi. Bir qaydan esa markaz o‘ziga ma’qul ko‘rulgan yo‘l bilan dasturulamal yuboradir. Joylarda tatbiq qilinib-qilinmaslig‘idan xabarsiz, kunda buyruqlar yog‘odir, har kun boshqa ta’limotlar keladir. Muhim bir nuqtasini aytib o‘tmog‘imiz kerakkim, u ham shu ta’limot yozaturg‘onlarning ruslardan bo‘lishi, ya’ni bizning ahvolimizdan xabarsiz kishilarning bizga yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lg‘onidir. Butun ishlarimizning natijasiz borg‘anig‘a sabab shudir. Va hozir ham shuning ta’siri ostidamiz.
Bu orada maorif ishlarimizning holini ko‘rub kelgusida nima bo‘lishini o‘ylayturg‘onlar bo‘ldi. Lekin suv boshdan loy bo‘lg‘oni va joylarda ham tuzuk ishchilar bo‘lmag‘oni u fikrlarni ham o‘z-o‘zidan sovutishga sabab bo‘ldilar. Mening o‘zim yigirmanchi yilda bir maqola yozib maktab sonlarini kamaytirib yaxshigina, asosli bir yo‘lg‘a qo‘yishni aytg‘on edim. Lekin eshitaturg‘on quloq yo‘q edi. Maorif boshidagilar u so‘zlarni anglayolmadilar(!) Bu kun esa yuqorining buyruqiga muvofiq kamayturmoqdalar. Lekin ortiq ish o‘tgan endi. Maorifimizning bu ikkinchi davri bizda shu ahvolda bo‘lsa ham ovro‘paliklarda yaxshi edi. Chunki ularga ta’limotlar muvofiq tuzulg‘on edi, chunki ta’limotlarni tuzguchilar o‘zlari edilar va o‘zlari uchun tuzgan edilar. Maorifimiz shu ahvolda to‘rt yil davom etdi. Oqibat sho‘ro hukumati xatti-harakatini o‘zgartirdi. Yangi iqgisodiy siyosat e’lon etildi.
18, 19, 20, 21 inchi yillarda ochilg‘on turli-turli kurslar, to‘dalar, maktablar bu yil bog‘landi.
Bu to‘rt-besh yil ichida tayyorlangan muallimlarimiz o‘z ishlariga ketdilar.
Bultur qish bir-ikki maktab ochiq bo‘lsa ham tuzuk davom etmadi.
Bizning muallimlarimizning ahvollari ma’lum. Shuncha kurslar ochildi. Maktablar hozirlandi. O‘tkan yillarda talabalar ko‘b edi va kelar edilar. Chunki musulmonlarga bu ishlar birdan-bir qiziq va yangi ko‘rungan edi. Musulmon yoshlari kurslarga to‘ldilar, to‘dalar qurdilar. Boshqalari esa maktablarga bolalarini yuborib turdilar.
Shu o‘tkan yillarda bizning muallimlarimiz birdan-bir ko‘payib ketdilar! Muallimlar kurslariga odam sig‘mas edi. Sho‘ro hukumatinda albatta hukumat xodimatinda bo‘lush kerak. Va o‘z boshicha ishlash butunlay tayziq qiling‘onidan har kim har nima bo‘lsa bo‘lsun bekor yurganidan ko‘ra deb muallimlikka yozildilar.
Bu muallim bo‘laturg‘onlardan bir to‘da quraturg‘on kishilarning asosi tushunilgan, bilingan bir maqsadlari yo‘q edi. Shuning uchun ular unga — asosiy narsalarga ahamiyat bermas edilar. Rasman bir ishga mansub bo‘ldilarmi, har bir nav’ qilib o‘taveramiz deya, deb muallim bo‘lsa ta’lim va tarbiya kurslariga yaxshi davom etmagan edi va bu xususda jiddiy bir tashvishda bo‘lmasedi va yurung boraylik bilan ish ko‘rardilar.
Yoshlarimiz, to‘dachilarimiz bo‘lsalar qo‘broq ko‘rsatishlarga ahamiyat berdilar. Hech bir narsaga ilmiy ahamiyat bermaganlari uchun bugun tamoman tarqaldilar. Hatto endi xususda bo‘laturg‘on muzokaralar quloqlariga kirmas. Chunki u ishlar nochorligidan edi. Mana shunday bo‘lib bizda bir guruh muallim yig‘ilmay, to‘planmay va tuzulishcha tarbiya ko‘rgan, yetishgan yoshlar ham ko‘runmadilar.
Mustasno yo‘llik bir-ikki muallim, bir-ikki yoshi-miz bo‘lsa ham bular ozdir, nodirdir.
Bu yil bo‘lsa yana eski holga qaytdik! Ya’ni inqilobdan avval qanday bo‘lsak, o‘shandan ham yomon bo‘lib qoldik. Ya’ni eski vaqtda uch-to‘rt maktabimiz bor ekan, hozirda maktabsiz qoldik. 5-6 muallimimiz ham bir nechasi mamlakatdan chiqib boshqa ishlarga urunib ketdilar. Demak biz qaytadan tanazzul etdik.
O‘tgan yillarda maktablar har turli qo‘llarga o‘tgan edi. Ikki yil, uch yil bolasini maktabga qo‘ygan har kim bolasining hech bir narsa o‘rganmaganini ko‘rib qaytarib oddi.
Bu maktablardan bir foyda yo‘q ekan, degan bir fikr tug‘ildi.
Bir maktabga talaba har qancha davom etmak istamasa ham, kiyimlik yoki ozuqa berib turish yo‘li bilan har holda oz-moz saqlanib turg‘on edi. Bu kun esa bular bitirilganidan maktablar yopildi. Na u yerda, na shaharda maktablar qolmadi.
Agar maktab ishlarini asosiy bir yo‘lga qo‘ymoq uchun bor muallimlarimiz hozirdan tashvishga kirishsalar, balki maktab ishlarimiz bir oz yo‘lga qo‘yilur. Yo‘qsa natija ma’lumdir.
Har bir mamlakatda hukumat maktablari buyuk bir o‘run tutadir.
Ko‘b kishilar bordirkim, oqchasi bo‘lmag‘oni uchun xususiy maktablarga kira olmaydur. Xususan bizning musulmonlarimiz o‘qumoq va o‘qutmoq uchun pul to‘lamoqg‘a odat qilmag‘onlaridan hukumat maktablari shuni to‘g‘ri yo‘lg‘a qo‘yishi lozimdir.
Bu kungi muallimlarimiz vazifalari shudir. Maorif ishchilarimiz shu to‘g‘rida muzokara majlislari qursalar, shu haqda kengashsalar va so‘ngra bir yo‘l tayin etib ishga kirishsalar ko‘b yaxshi bo‘lur edi.
Maorif ishlarimizning holini yaxshilatmoq uchun ko‘bga kuch sarf etish kerak bo‘ladur.
Bizning ishchilarimiz shunga ahamiyat bersalar va hukumatning maktablarini foydalik yo‘lga solishga g‘ayrat etsalar ham xalqg‘a, ham o‘zlariga yaxshi bo‘ladir. Maorif ishchilarining shu nuqtaga jalb etaman.
Biz ozod yoshlar hayotidan gapirmaylik, yoshlar har bir millat kelajagi uchun hayot egalari (sohiblari)dirlar, ya’ni har millat bu kungi yoshlari ertasidirlar.
Kattadan kichikkacha ma’lum bo‘ladirki, zamon hamma vaqt o‘zgarib turar ekan, bu kun kerak bilingan ko‘b narsalar, ko‘b ishlar ertaga bekor, bu kun kerakli hech ham etilmagan (sezilmagan) ko‘b ishlar va ko‘b narsalar ertaga zarur bo‘lur ekan. Shu haqiqatni inqilob bizga juda ochiq ko‘rsatdi.
Biz kundan-kun, soat-basoat Ovrupo bilan yaqinlashmoqdamiz. Ovruponing ko‘lankasi (soyasi) boshimizga kundan kun ko‘brak tushmakda va Ovruponing qonli qanoty boshimizga ko‘brak qoqilmoqdadir.
Modomiki, biz Ovrupo bilan kundan kun yaqinlashmoqda ekanmiz, Ovruponing jarayonlaridan xabardor bo‘lishimiz kerak va uning ahvoli bilan tanish bo‘lmog‘lig‘imiz lozim.
O‘tkan maqolalarimda aytganimdek, inqilobning boshlarida biz nima qilarimizni bilmay shoshib qolgan edik. Lekin sekin-sekin ishga kirishib ketdik. Lekin hozirda bo‘lsa ham hech bir turli zamonga muvofiq jiddiy hayot ko‘ra olmaymiz.
Bizda vaqti-la qancha kurslar ochildi. Kancha to‘dalar kuruldi. Bu kun ko‘raylik qani shu to‘dachalar va kurslarda o‘qumoqchi bo‘lub yurgan yigitlarimyu nima ish qilmoqdadirlar, hammalari har tomonga taralib ketganlar. Yosh muallimlarimiz ham shunday muallimlikning qanday muqaddas bir sifat ekanini anglayolmaganidan bir necha oylik kurs tahsili bilan necha kunlik maktabdor-likning yuzidan o‘tdilar.
V. Mahmudning «Maorifimiz» nomli ushbu maqolasi matnining ayrim o‘rinlarini topishning imkoni bo‘lmadi. Maqola ahamiyatini inobatga olib, ushbu majmuaga kiritish lozim ko‘rildi. «Kambag‘allar tovushi» gazetasi, 1922 yil 29 iyun, 4 iyul.