Mahmudxo‘ja Behbudiy. «Sart» so‘zi ma’lum bo‘lmadi (1914)

«SART» SO‘ZI MA’LUM BO‘LMADI

Mo‘tabar «Sadoyi Farg‘ona» jaridasining 30-no‘merida «Sart so‘zi ma’lumdur» unvonlik bir maqolani ko‘rub o‘qumasdan avval «sart» so‘zi hal qilindi gumoni-la qalban bir darajada xursand bo‘lsak ham, lekin maqolani tamoman o‘qub chiqqandan so‘ng hurmatlu Mullo Abdullobek janoblarining qilgan rivoyatlari mazmunidan «sart masalasi»ning yana burung‘i majhul holig‘a qolgonin anglab umidimiz bo‘shg‘a chiqdi. Chunki A. afandining sart haqida yozgan so‘z va dalillari mahz og‘izlardan eshitilgan haqiqati noma’lum shaylardan iborat bo‘lub, hech bir asl va asosg‘a mabni emasdur. Bizning fikr va bilganimizcha, «sart» so‘zining haqiqati mashhur va inobatlik muarrix va mustashriqlar tarafidan kashf va hal o‘linub, hanuz bir joyg‘a qaror berilgan yo‘qdur. Agarda «sart» so‘zi ma’lum bo‘lsa edi, ya’ni Turkistondagi xalqlarning barchasi yoki muayyan bir qismining «sart» atalgoni daloyili tarixiy ila isbot qilingan bo‘lsa edi, ul suratda hech kim «sart» xususida so‘z ochmas va bahs chiqormas edi. Muhtaram Mahmudxo‘ja janoblarining bul xususda «Oyna»g‘a xeli rivoyat va qilu qollarni naql etub ham o‘z fikrlarini yozganlarig‘a sabab, shul «sart» so‘zining majhulligi bo‘lsa kerak.

Durust, hayot va mamot masalasi qadar muhim bo‘lgan necha masalalar ko‘zimiz oldig‘a turgon holda alarni ehmol etub, faqat «sart» so‘zi ila shug‘ullanub, fursatlarni bo‘shg‘a o‘tkarmoqlik ham yaxshi emas. Lekin asrimizdagi yovrupoyilar qoshida «milliyat» masalasi «din» masalasidan muhim va muqaddam tutilgan bir zamonda bizlar ham milliyat masalasidan sanalgan «sart» haqida goh-goh bahs etishub milliyatimizin xotirlab turgonda zarar ko‘rmasmiz. Diniy, milliy va maishiy masalalar xususida (nizom va qonundan chiqmaslik sharti-la) har doim bahs va muzokara etishub turmoqg‘a haqqimiz bor. Shuning uchun falon masala xususida so‘z ochma! Yoki falon laqabni mutlaqo bo‘ynungga toqarsan, deb sababsiz zo‘rlik etmoqga hech kimning haqqi bo‘lmasa kerak.

Maqsadg‘a kelayluk. Mullo A. afandining «Sart so‘zi ma’lumdur» unvoni ostida: «Bir zamonlarda Turkistonda sahroyi qirg‘iz va qazoq…»,—deb naql va rivoyat etgan ma’lumotlari qaysi ta’rix kitobidan va yo qaysi ishonchlik muarrix so‘zidan olinganligini bila olmaduk, agar bu rivoyatlari mahzi og‘zaki hikoya va so‘zlar jumlasidan iborat bo‘lsa, bul taqdirda, muning ila «sart» so‘zi ma’lum bo‘ldi, yoki «sart» masalasi hal qilindi, deb hukm etmoq mutlaqo durust emasdur. Chunki muarrixlar munday aslsiz so‘zlarni dalil maqomig‘a kelturub, mushkul bir masalai tarixiyani qat’iy suratda hal etmaydurlar. Balki bir munosib kelganda, qarinai maqomg‘a qarab, bir da’voning taqviyasi uchun zikr etubgina o‘tarlar. Asli noma’lum bir rivoyat ila ulug‘ masalai tarixiyani hal etmoqlikni esa tarix haqida jinoyat sanaydurlar.

Shunday qoidalarni oz-moz bilganimizdan Mullo L. afandining sart masalasini hal etmoq qasdi-la yozgan aslsiz dalillari hayrat va taajjubimizni mujab bo‘ldi. Chunonchi, mushorun alayh so‘zlarin bir joyida «sart»ning asli «shart» deb, oidan so‘ngra deyur: «Muhtaram azizlarg‘a maxfiy qolmasunki, har kim bizni sart desa, munga xursand bo‘lub, faxr qilmoqimiz darkordur. Charoki sart degani, masjidlik va madrasalik va bozorlik va ozoda ulamoni madaniy, degani bo‘lur». Holbuki bu ma’no avvalgi ma’noga butun mag‘oyirdur. Chunki, avvalgi ma’noga qaraganda, «sart» lafzi «shart»dan ma’xuz ediki, bul suratda sartning ma’nosi iyechuk masjidlik va falonlik bo‘lsun?.. Sherali Lapin janoblariniig «sart»ga «sarig…» deb bergan ma’nosi na qadar nomunosib bo‘lsa, yuqorida berilgan ma’no ham shunday kelishsizdur. Bizning ba’zi asarlarda ko‘rganimizcha, «sart»ning ma’nosi karvonboshi yoki savdogar kabi mazmunda ediki, bul ham bir mustashriqning so‘zidur. Xulosa: «sart» na ma’noda bo‘lsa bo‘lsun, arbobi tarafidan hal qilinmaguncha oni qabul etmaslikka haqqimiz bor. Shuning uchun majburiy suratda aytib turarmizki, «sart» so‘zi hanuz majhuldur. Yuqoridag‘i mazmunda muxtasarcha bir maqola yozub, qachonlar «Sadoyi Farg‘ona» idorasig‘a yuborgan eduk. Idora jaridag‘a darj etmoqg‘a tanzil etmagani yoki munosib ko‘rmagani uchun bir oz tafsili ila «Oyna»g‘a yozmoqg‘a majbur bo‘lduk.

«Oyna» jurnali, 1914 yil, 39-son, 922—924-betlar.