Ushbu kunlarda «Oila yoxud vazoifi xonadoriy» nomida forscha yozilg‘on 200 sahifalik ulug‘ bir kitob qo‘limg‘a tushdi. Kitobning muharriri diniy, ijtimoiy, axloqiy ilmlarda keng ma’lumoti bo‘lg‘on muhtaram birodarim Abdurauf Fitrat afandiligini anglab kamoli ixlos va rag‘bat ila boshdan oxirig‘acha mutolaa etdim va ko‘b mustafid bo‘ldim. Men 12 yiddan beri turk-tatar matbuotini ta’qib etub, oila xususida mufassal yozilg‘on munday bir kitobg‘a hanuz tasodif etmagan edim.
Fitrat afandi ijtimoiy xastaliklarimizning eng axdliklarini oilalarimizdan topmish va alarning ilojini ham kamoli muvaffaqiyat ila ochiq suratda bayon etmishdir. Kitobda xotun olmoqning shar’iy tariqasi, er va xotunning vazifalari va bolalarning badaniy, axloqiy va fikriy tarbiyasi, yetim va xizmatkorlarning huquqi oyat va hadis ila muffasal suratda bayon etilmishdur.
Xususan, xotunlarning islom nazarida huquqi, taaddudi zavjot (ko‘b xotun olmoq)ning mushkilligi va axloqiy zararlari, taaddudi zavjot uchun adolatning shartligi va bu shartning rioyasi nihoyatda mushkul bo‘lub, oning uchun adolat bo‘lmagonda birdan ortuq xotun olmoqning shar’iy durust emasligi, taloqning qaysi vaqtda joizligi dalillari ila muffasal yozilmishdur.
Xulosa: bir islom oilasining mas’ud va baxtiyorligi uchun har nimaki lozim bo‘lsa, barchasi ushbu kitobda mubindur. Kitob Bokuda «Maktab» matbaasida bosilmishdur.
Kitobning ustida yozilg‘on bahosi 2 so‘m 5 tiyin bo‘lub, noshirining adresi ushbudir: Eski Buxoro, kitobxonai shirkati «Ma’rifat», Mirzo Abdulahad Manzum.
Shuni ham yozamizki, mazkur kitobning uch kamchiligi bor:
1) Turkiston sheva turkiysida yozilmaganligi.
2) Fixristsizligi.
3) Oxirida xato-savob jadvali yo‘qligi. Turkistonda yolg‘uz 2-3 yuz minggina forscha biladurgon musulmonlarning xotiri uchun kitob forscha tilda yozilib, ammo bir necha milliyun Turkiston turklari rioya qilinmay kitobning turkcha yozilmasligig‘a sabab na bo‘lsa deb, har kimning xotirig‘a bir savol kelur edi. Mana ushbu savoli mukaddarg‘a muharrir afandi javob bermoqchi bo‘lub, kitobning muqaddimasida bayoni ma’zurat etmishdur.
Risolalarg‘a, bilxossa munday ulug‘ va muhim asarlarg‘a bir fixrist ilova etmak va bir xato-savob jadvali qo‘shmoq mutolaa havaskorlarig‘a bir rahnamolik vazifasini ifo etadur. Shuning uchun kitobning muhtaram fidokor noshiridan o‘tinar edikkim, hozirda ham bo‘lsa, bir fixrist va bir xato-savob jadvali tartib etub, kitobning oxirig‘a ilova etsalar edi.
«Hurriyat» gazetasi, 1917 yil, 22 sentyabr