Hoji Muin. Kattaqo‘rg‘on xotiralari (1925)

Kattaqo‘rg‘onning oti zohirda ko‘zga qancha katta qo‘runsa ham, lekin o‘zi katakga o‘xshash kichkina shaharcha bo‘lub, «oti ulug‘, yeufrasi qurug‘» degan maqol faqat shu joyning sha’niga mos keladi. Shuning bilan barobar, do‘stimiz «Devona» o‘rtoqning aytganicha, bu shaharni «asrori maxfiy» konlaridan biri desak ham bo‘ladir.

Yaqinda taqdir to‘lqinlari meni ushbu shaharg‘a eltib tashlamoqchi bo‘lg‘onlig‘ini sezib, darhol safar asboblarini muhayyo qilishg‘a kirishdim. Xaltamga bir muncha qoq non bilan talqon soldim, shar’iy istinjo uchun kerak bo‘lur deb 3—4 ta kesakni ham bir lattaga o‘rab oldim. «Ar-rafiq summa tariyq»[1] mazmunig‘a amal qilib yo‘ddoshliq uchun rassomimiz «Bo‘ri» o‘rtoqning rafofatini qabul qildim. Samarqandimizning vokzal yo‘lida «amniyati tariq» yo‘qlig‘ini mulohaza qilib, oqshom barvaqtroq ikkalamiz yo‘lg‘a chiqdiq. Kechasi vokzal yakinidag‘i bir do‘stimizning uyida yotdiq.

Boshimni yostuqqa qo‘yish bilan barobar, qo‘zimni uyqug‘a eltgan ekan. Tushimda ajoyib narsalarni qo‘ribman. «Dardi kampir — g‘o‘za» deganday, menim dardim (maqsadim) ham suvga tegmagan gaplarni topib hangoma qilish emasmi?

Xayr, «shaq-shaq» demasdan, yakka-yaxlut «shaftolu» deya qolayin: tushimda ko‘rsam, go‘yo men Kattaqo‘rg‘onning bir siyosiy idorasida ekanmen. Ul idoraning boshlug‘i go‘yo o‘taketgan juvonboz emish. Shuning uchun bu o‘rtoq o‘zining idorasida chiroyliqg‘ina bir bolani juvon saqlag‘on emish. Bechora bola ba’zan kechalari idora boshlug‘ig‘a o‘zining soyai chirog‘ini ko‘rsatishga majbur bo‘lar emish…

Bir vaqt qarasam shul ishchining oldida boshqa bir chiroyliq bola paydo bo‘lib qoldi. Bularning orasida shunday bir munoqasha bo‘lib o‘tdi:

M. ishchi: — Bu vaqtlar qayerda ishlab yurasen?

Bola: — … idorasida.

M. ishchi: – Oyida qancha vazifa olasen?

Bola: —… so‘m.

M. ishchi: – Sen uy-joyingdan chiqib, menim idoramga kelib ishla. Vazifangni ikki xissa ortduramen.

Bola: – Yo‘q, qabul qilmaymen.

M. ishchi: – Bo‘lmasa, seni joyingdan zo‘rliq bilan chiqarib keltirarmen.

Bola: – Qila olmaysiz.

M. ishchi: – Ey!.. Daming baland-ku!.. Hech bo‘lmag‘onda, seni joyingdan bekor qiddirib haydatamen…

Bola: – Qo‘lingizdan kelgan ishni qilingiz. Men bu yerga kelib sizga juvon bo‘lishni xohlamaymen…

Munoqasha yoqalashishg‘a oid bo‘layozg‘on chog‘da, so‘fining «As-salatu xayrun minan-navm» dovushini eshitish bilan qo‘zimni «yalq» etib ochsam, tong otibdur. Darhol yo‘ldo-shimni uyg‘otdim. Yuz-betimizni chala-chulpa yuvub, vokzal tomong‘a ravona bo‘ldiq. Har nima, Xudoyi taoloning marhamati bilan yo‘lda birar «ruka verx»chiga yo‘luqmay eson-omon vokzalga yetdik. Bunda otasharava kelgangacha bir soat chamasi vaqtimizni tikka turib o‘tkazishga majbur bo‘ldiq

1-2nchi daricha bufetning ich tomoni ajoyib bir manzara tashkil etgan edi. Bir yoqda «xur-xur» uyqu. Ikkinchi tomonda issig‘ va sovuq choy ichish. Bir tomonda oshiqona sozu so‘zlar, ma’shuqona nozu nuzlar. Boshqa tomonda bilet olish uchun talash-tortish. Xulosa, alg‘ov-dalg‘ov bozori.

Men vistafkaga o‘xshash bu qiziq ko‘runishni bir yo‘li ko‘zdan o‘tkazgandan keyin zalning kitobfurushlik bo‘limiga borib (agar topilsa) bironta o‘zbekcha gazet olib o‘qumoqchi bo‘ldim. Yo‘q, bunda nosfurushliq bo‘lmag‘oni uchun o‘zbek gazeti ham sotilmas ekan. Bu holni ko‘rgach, birdan ziyonim tutdi. O‘zbekistonning poytaxti bo‘laturg‘on bir shaharning vokzalida, hatto o‘choklarning tutunturug‘ig‘acha rus matbuoti ishlatilsun-u, ammo loaqal nos o‘rash uchun bironta o‘zbekcha eski gazet topilmasun. Shu ham gapmi?..

Samarqandning vokzali juda chiroyliq – oliy. Lekin uning bufeti o‘zbekchilikdan xoli. «O‘zlashdirish» bo‘ynida, bu ishlarning uvoli.

Bufetning devolig‘a shu yuqoridag‘i baytlarni yozmoqchi bo‘lib turg‘onimda poyezd kelib qoldi. Tashqari chiqdiq. Tuya qatorig‘a o‘xshash oldimizdan o‘tgan vagunlarning tashqi devolida ruschasining tarjimasi bo‘lg‘on musulmoncha raqamlar va «Sredney Oziyo» degan gaplar yozilg‘on edikim, buni ko‘rib bir oz rangi ro‘yim kirdi. Quvona boshladim. Lekin «sredney» o‘rnida «o‘rta» degan gapni yozmag‘oni uchun chalasavod tarjimonni ko‘nglimda so‘kdim. Xayr, shu yarim yorti o‘zbekcha xati bo‘lmag‘onida ham biz nima deyar edik. Buning uchun kimni yoqasidan ushlab qozixonag‘a sudrar edik?

Otasharava to‘qtadi. Ikkalamiz bir vagunga chiqib, joy topolmay, oxiri turmaning kursisig‘a o‘xshag‘on torg‘ina bir joyg‘a o‘rnashdik. Bir muncha vaqt jim o‘tirib, dam olg‘ondan keyin ovunmak uchun yo‘ldoshimiz bilan so‘zga kirishdik. U o‘zbekchani tuzuk bilmagani, men ruscha gapira olmag‘onim uchun ko‘pincha gunglardek imoi burut yo‘li bilan ifodai marom qilar edik.

Ana-mana degancha poyezdimiz Kattaqo‘rg‘ong‘a yetib qoldi. Vogundan tushib to‘p-to‘g‘ri bir oshnoi dayrinamizning uyig‘a bordiq. Bir oz yozilib choy-poy ichgandan keyin ko‘chaga chiqib shaharni aylandik.

Bizga rahbarliq qilaturgon ko‘ngli qaro bir odam «Mana bu qiroatxonamiz!» deb, etikdo‘zlik iflos bir do‘konchani qo‘rsatdi. Bunda ikki odam etik tikish bilan mashg‘ul ekan. Ammo bu joyda gazet va kitob degan narsa doruga ham topilmaydir. Nariroq borib bir qizil choyxonani qo‘rdik. Bu choyxona choyxo‘rlar bilan liq to‘lg‘on bo‘lsa ham, uning ustulida chang bosib yotg‘on eski gazetalarg‘a hech kim qaramaydir. Shu choyxonaning qarshisida bir kapiratif do‘koni bor ekankim, bu do‘konga 4 gaz chit uchun kirgan ishchi kambag‘allarning bo‘ynig‘a taqilgon bir kancha shara-baralarini ko‘rib, beixtiyor kulib yubordiq. Bundan o‘tib, solinayotg‘on 8 sinflik maktabning joyini tomosha qildiq. Bu binoning yolg‘iz tagkursisi ishlangan. Shuning bilan maktab egalari murodu maqsadig‘a yetgan, vassalom. Bir muncha surishtirg‘onimizdan keyin biddikkim, maktabning ta’mirini bo‘ynig‘a olg‘on Kattaqo‘rg‘on davlat ta’mirotchisi shu binoning foydasidan o‘zining umrlik maishatini ta’min qilmoquchun plon (reja) tuzib ishga kirishgan ekan. Natijada, chatog‘i bilinib, o‘zi sudga tortilg‘on. Shuning bilan imorat ham sabil qolg‘on.

Chaqimchi

«Mashrab», 1925 yil, 15-son

 


[1] Avval do‘st, so‘ng safar.