Bori yer yuzinda totorlargagina xos emas, balki butun ahli islomga barobar ta’sir qilgon furqat vajhidalig‘dan motamlik bir kun yetdi, desak-da, marhum va mag‘fur[1] Ismoilbek otomizning yavmul-vafoti kunidur.
O‘zini inson ekonlig‘in haqiqiy ko‘z bila ko‘rgondan beri butun Rusiya musulmonlari orasiga maorif dengizini oquzmoq va toshzorlarni sabzazor etmoq murodida qorshudagi «sadd»[2] bo‘lgon ba’zi nifoq, g‘aflat va jaholat kabi hisobsiz tizilgon eng zo‘r kotta tog‘larni yolg‘uz o‘zi Farhod kabi ijtihod[3] va g‘ayrat teshasi bila buzub tekiz qilgon zot-da bu marhum va mag‘fur Ismoilbek hazratlari edi.
Bu xususlarda har bir tarafdan kelodurgon tiyri ta’n va sangi malomatlar uchun-da: hamma dindosh va millatdoshlari o‘lgon ahli islomning yoshlarig‘a qalqon bo‘lub, o‘zining hayoti uchun eng birinchi darajada farz va lozim o‘lgon tubandagi uyqu va rohatidan, tandagi tarbiya va farog‘atdan voz kechib, uzoq yo‘llarimizni yaqin va kechalarimizni kunduz qilgon zot-da bu marhum va mag‘fur Ismoilbek hazratlari edi.
Dunyo yuzida bori oltmish olti sanagina yoshomoqi borasinda milyun-milyun musulmon va muslima sag‘ira va kabiralarga haqiqiy bir ota bo‘luv munosabati-la arolarindag‘i vahshat va g‘aflatni pora-pora qilub, xurshidi ilm va mahtobi ma’rifatni ziyo va nurini sahulatlik[4] ila boshimizg‘a tushirub, bir-birimizni 30 tanishdurgon zot-da bu marhum va mag‘fur Ismoilbek hazratlari edi.
Butun xurofotga qadam qo‘yo boshlagon maydoni insoniyatning avvalgi sinfidagi islom saflarini boshqadan isloh qilub, bir intizomg‘a kirguzmoq uchun tovushsiz nutqlari, qanotsiz «Tarjimon»i, ruhsiz qalamining vositasi bila oralaridagi kamchiliklarni bildurub, ilmi iqtisod, chin maishat va hayot yo‘llarini tuzgon zot-da marhum va mag‘fur Ismoilbek hazratlari edi.
Haqiqiy bu inson ashrofuz-zot[5], xodim ud-din va-l-millatning millat yo‘lidagi garchi zohirda tig‘siz qurbon o‘lgon zot-da bu marhum va mag‘fur Ismoilbek hazratlari edi.
Oh! Milyun oqchalarning quvvati va milyun musulmonlarning aqli va fikru ijtihodi bila muyassar o‘lmagon sahulatliklarni maydona qo‘yub qo‘ymoq uchun minuti gavharg‘a topilmaydurgon qadrlik umrini 40—50 sanasini millat yo‘liga qurbon etub yuborgon, so‘ngg‘i umum kelodurgon avlodlarini mehnatdan qutqazmoq uchun bahodirona jonini fido qilg‘on bu ma’naviy otaning xizmat va sadoqatlarini qaysi bir inson ko‘nglidan unuta olsun?! Yo‘q, agarda mundog‘ zotlarning dunyo oxirig‘acha bor bo‘lmog‘i uchun umrini, ya’ni jonni badal qilmoqg‘a iloj va chora bo‘lsa edi, yolg‘uz Turkistonda emas, balki totor dunyosindan har kun minglabgina qudumiga jonini ansor qilg‘uchilar chiqub tururlar edi!
Bu choralar bo‘lmagonga qorshu: chin sodiq va muhib o‘lgon har bir inson mundog‘ ma’naviy otaning xizmatlarini unutmay, har namoz so‘ngg‘ida bir-ikki minutgina tavaqquf qilub, besh-to‘rt oyati Qur’on o‘qub, pok ruhig‘a hadya qilub, ajdod va abo’larig‘a rahmat va avlodi aqrabolariga janobi haqdan sabri jamil tilamoqni din va millat tarafindan o‘zig‘a bir umr burch va vazifalardan, deb bilsalar kerak.
Dilda afsus, tilda sano va duo bila bu kung‘i milliy motamni kamoli ta’zim va takrim ila ado etduk.
Iloho, illo taborak va taolo bu otamizning haqina barcha musulmon bolalarining duosi xayrlarin qabul etub, pok ruhini jannatul firdavsga mehmon edub, avlodlarig‘a sabri jamil va ajri azim ato aylasun.
«Sadoi Farg‘ona» gazetasi, 1914 yil, 24 sentyabr
[1] Mag‘fur — gunohi kechirilgan.
[2] Sad — g‘ov, to‘siq.
[3] Ijtihod — tirishish, g‘ayrat ko‘rsatish.
[4] Sahulat — yengillik, osonlik.
[5] Ashrofuz-zot — sharaf va e’tibor egalari bo‘lgan zot.