Abdulhamid Cho‘lpon. Nutq (1937)

1937 yil, 7-8 aprel

ZUG‘UM

RKP(b) MKning 1925 yil 18 iyundagi «Partiyaning badiiy adabiyot sohasidagi siyosati haqida» deb chiqargan qaroridan keyin, adabiyotda proletariat g‘oyasining gegemonligi va yot mafkuraga qarshi kurashning keskin qnlib qo‘yilishi munosabati bilan Fitrat, Cho‘lpon kabi ijodkorlar haqida adolatsiz tanqidiy maqolalar bosila boshladi (Ayn. «O‘zbek shoirlari». «Qizil O‘zbekiston» ro‘znomasi, 1927, 14 fevral; Komil Aliyev, «Aqlli jinni». O‘sha ro‘znoma, 1927, 12 oktyabr va boshqalar). Cho‘lpon bunga javoban «so‘nggi ikki-uch yil orasida shoirlik va yoshlik mayllari bilan» ba’zi bir xatolari bo‘lganligi, Moskvada o‘qigan vaqtlarida bu xatolarini tushuna boshlagani va «Haq ham haqiqatning kambag‘al va yo‘qsullar tomonida ekaniga qanoat hosil qilganini (Cho‘lpon, «E’tiroz». «Maorif va o‘qituvchi» oynomasi, 1927, 12-son) ochiq yozgan bo‘lsa-da, unga bo‘lgan xurujlar susaymay, aksincha, tobora kuchayib bordi (Usmon Yodgorov, «Ola qarg‘alar». «Yangi Farg‘ona» ro‘znomasi, 1930, 27 mart; Oltoy, «Cho‘lponchilik kayfiyatlari bilan kurashaylik». «Yosh leninchi» ro‘znomasi, 1930, 27 iyul…)

Partiyaning 1932 yil 23 aprel qaroridan ksyingina adabiyotdan surib qo‘yilgan Abdulla Qodiriy, Fitrat, Elbek kabi yozuvchilar qatori, Cho‘lpon ham adabiyot maydoniga tortila boshladi. Lekin bu g‘amxo‘rliknipg umri uncha cho‘zilmay, 1936 yildan keyin, yana Cho‘lpon va Fitratlarni shafqatsiz fosh qiluvchi maqolalar paydo bo‘la boshladi. (N. To‘raqulov. «Hamlet»ga tuhmat». «Qizil O‘zbekiston» ro‘znomasi, 1936, 27 iyul; Tuyg‘un, «Dushmanni bitta ham qoldirmay fosh qilamiz», «Yosh leninchi» ro‘ziomasi, 1937, 6 aprel va boshqalar). Bu dag‘dag‘ali maqolalar keyinchalik mazkur adiblarni o‘rinsiz tuhmat va hujumlarga javob qaytarishga majbur etdi. Cho‘lponning 1937 yilning 7—8 aprel kunlari so‘zlagan bir nutqi shu jihatdan diqqatga molikdir.

Unda Cho‘lponning 20—30 yillardagi o‘z ijtimoiy, adabiy faoliyati, tarjimachilik ishlari, bu sohada boshdan kechirgan qiyinchiliklari, ularni anglashda mazkur davr adabiy tanqidining qo‘pol kamchiliklari, adolatsiz baholar, yoshlar tarbiyasidagi nuqsonlar, badiiy mahorat va uslub sirlarini egallash, klassiklar merosini o‘rganish va to‘g‘ri tushunish haqidagi muhim fikrlari o‘z aksini topgandir. O‘zbekiston SSR Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan bu nutq hali matbuotda e’lon qilinmagan. Nutq mashinkada jami 14 sahifadan iborat. «Stenogramma vыstupleniya Chulpana na sobranii pisateley 7-8 aprel 1937 goda», deb qo‘yilgan. Stenogrammaning 1—5-sahifalari rus tilida bo‘lib, qolgan 6—14-sahifalari o‘zbek tilida (lotin yozuvida). Muqova ochilishi bilan, boshlanadigan birinchi sahifadan oldin, O‘zbekiston sovet yozuvchilari nohiya qo‘mitasi (Stalin ko‘chasi, 25-uy) tomonidan Cho‘lpon nomiga 1937 yilning 6 aprelida yuborilgan maxsus xat yopishtirilgan. Unda:

«Tov. Chulpan!

Pri sem preprovajdayem stenogrammu Vashego vыstupleniya na sobranii pisateley 7-8 aprelya i prosim proverit i vernut ne pozje 25. IV aprelya v SSPUz.

Upravdelami RK SSP Uz», deyiladi. Cho‘lpon ruscha va o‘zbekcha stenogramma matnlari bilan tanishib chiqqach, 14-sahifaning orqasiga o‘z qo‘li bilan siyohda fikrini yozib, sanasini ko‘rsatadi va imzo qo‘yadi.

Cho‘lpon nutqining ruscha stenogrammasi matniga siyohda ba’zi juz’iy tahrirlar kiritgan bo‘lsa-da, o‘zbekcha nutq matniga qalam tegizmagan. Garchi adib aytganidek, o‘zbekcha matn savodli va malakali yozilmagan bo‘lsada, bizga birmuncha batafsilroq ko‘rindi. Shu sababli nashr uchun asos qilib Cho‘lponning o‘zbekcha nutqi matnini olib, undagi ayrim g‘aliz, mavhum o‘rinlarni ruscha matnga solishtirib to‘ldirdik. Mutlaqo anglab bo‘lmaydigan o‘rinlarni ruschasiga solishtirib to‘ldirdik yo, buning iloji bo‘lmaganda, tashlab ketishga to‘g‘ri keldi. Boshiga enayotgan qatag‘on qilichini ilg‘ag‘an ulug‘ shoirimiz so‘zlaridagi achchiq kinoya, o‘tkir istehzoni zukko o‘quvchi anglab olar, degan umiddamiz.

Sherali TURDIEV,

adabiyotshunos

17-smena. Ne’matullina. Kelgusi so‘z o‘rtoq Cho‘lponga beriladi.

Cho‘lpon: — O‘rtoqlar, meni kechirasizlar, men o‘zimda bo‘lmag‘an sabab bilan, doimo boshim og‘riq holatda chiqishga majburman. Shuning uchun balki, istagan fikrimni gapira olmasman. Men shu yerdagi o‘rtoq Bereginning aytilgan so‘zlaridagi 3 narsani o‘zimning javobimni berib ketishim kerak. Keyin o‘zimning aytaturg‘on so‘zlarimni aytarman. O‘rtoq Beregin, xatolarimni ko‘rsatib berib, yaxshi ish qildi, men shu xatolarni shu majlisda o‘z ustimga olaman.

Modomiki, biz o‘zimizni tanqid qilar ekanmiz, albatta, men ham o‘zimning ayblarimni bo‘ynimga olishim kerak. O‘z-o‘zini tanqid qilishni shunday anglash kerakki, biz hech qaysimiz xatodan xoli emasmiz. Kim bo‘lmasin, xato qilmayman, desa bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Bizning bu majlislarimiz o‘zimizda bo‘lgan xatolarni aytib berish uchun chiqarilgan, shuning uchun bor xatolarni aytib, o‘z-o‘zimizni tanqid qilishimiz kerak. Bu yerda bir narsani aytish kerak. Yozuvchilar o‘rtasida 2 xil xato tushunishlik bor:

1) majlis;

2) xususiy gaplashish.

Biz hamma vaqt o‘zaro o‘tirganda, bir-birimizning kamchiliklarimizni ko‘rsatamiz, aytamiz. Lekin bu yerga chiqqan vaqtda, hammamizning tilimiz tutiladi, xolos. Men bu yerda o‘trgan o‘rtoqlar orasida Uyg‘unning gapini juda yaxshi tingladim. Ul ko‘p narsalar aytdi. Lekin shunda ham, Uyg‘unning aytmasdan qoldirgan narsalari ko‘p. Chunki, so‘zlaganda aytilgan narsalarni majlislarda chiqqanda ham ochib tashlash kerak.

…G‘ulom Zafariy hususida aytib o‘tishim kerak. Bu odam meni Soyuz bog‘iga borgan vaqtda izlab kelgan. U kishini menikiga nima uchun kelganliklari sababini tushuntirib beraman. Menda qand kasali bor. Men o‘zimning kasalimni tuzatish ustida, Moskvada va boshqa joylarda tibbiy masalalarda bo‘ldim, shu kasalimga hech qayda yaxshi davo topa olmaganimdan keyin, tabiblar shotut yeyishni tavsiya qildilar. Men o‘zimni ziyoli deb hisoblashimga qaramay, shu maslahatga ishonib, Zafariydan shu tutni olib kelishni so‘raganman. U men uxlab qolganimdan keyin, kech kelib, menga kirmay So‘fizodaning oldiga kirgan…

Ertasi kuni meni So‘fizodanikiga aytib chiqishdi, biz bu yerda suhbatlashib o‘tirdik. Shu vaqt o‘rtoq Shams bu ishning yaramasligini bildirgan. Buning tanbehi to‘g‘ri edi. Mana shundan keyin, ular bilan uchrashmadim. Bu so‘zdan keyin o‘rtoq Shams chaqirib menga tanbeh qilgan. Men o‘zimdagi kamchiliklarni tugatish uchun, odamlarning tanqidiga va yordamiga muhtojman, deb o‘rtoq Shamsga shu vaqtda aytdim. Bu ikkinchi martaba bo‘lgan o‘zini tuzatish masalasi.

Agar bizning eski xatolarimizni shu ikki-uch kundagina tuzatib odam qilamiz, desangiz yolg‘on bo‘ladi. Bizni siz chaqirib, anglatib, jamiyat ichiga olib kirib tuzatingiz. Biz turmushga yo‘l solganmiz. Lekin bu yo‘lda kamchilik bo‘lsa, sizlar javobgar. Zafariy masalasi shundan iborat. Buni u vaqtda o‘rtoq Beregin bilgani yo‘q…

Ikkinchidan tsitatalar to‘g‘risida bir narsa aytdilar, men buni anglamadim, bilsam edim, javob qaytarar edim. Men klassik asarlarni ko‘p o‘qiyman, fors shoirlarining eng go‘zal narsalarini yozib olganman. Shuning ba’zi bir joylarini o‘qib beraman. Agar shu zararli bo‘lsa, men buni bo‘ynimga olaman. Men Hofiz va boshqa shoirlarning asarlaridan o‘qiyman.

Endi, eng og‘ir masala — Cho‘lpon o‘zini ko‘rsatmadi, degan nozik masala.

Moskvadan kelganimga ikki yil bo‘ldi. Buning 50 protsentini skidka qilasiz. Chunki, men ko‘p vaqt kasal bo‘laman. Men yarim odamlikdan chiqqanman, buni ham bilish kerak. Mana 2 yil orasida men nima ish qildim? «Ona»ning 2 nchi bo‘limini tarjima qildim. Bu to‘g‘rida hammadan maqtov eshitaman. Bu ham birinchi bo‘limcha keladi. Juda katta narsa. Undan keyin Gorkiyning «Egor Bulichev»ini, A. S. Pushkinning «Dubrovskiy», «Boris Godunov»ini tarjima qildim. «Jo‘r» degan she’r to‘plamimni topshirdim. Lohutiyning «Ovrupa safari»ni tarjima qildim. Undan tashqari, eski shaharda chiqaturg‘on teatru gazetasiga qatnashaman, undan keyin «Mushtum»da ishlayman, agar sizlar shuni ham kam desalaringiz, meni xalturaga tortgan bo‘lasiz. Men sizlardan tarbiya kutaman, xalturaga olib borishni kutmayman. Mening xatolarim ko‘p, lekin sizlarning tashabbuslaringiz bilan, men shu xatolarni tuzataman.

Endi meni 21 yildan berli qanday tarbiya qildilaringiz? Men hozirgi kungacha Soyuzning a’zosi emasman, buning sababini anglamayman, ariza berganimga ancha vaqt bo‘ldi. Buning uchun mening asarlarimni tahlil qilish kerak ekan, men kelganimdan bir oy keyin «Soz» degan she’rim chiqdi. Men millatchi bo‘lsam, qora bo‘lsam, nima uchun shu asarni so‘zboshisiz chiqardingiz. Bu yerda so‘kish kerak edi, yoshlar Cho‘lponning asarini bevosita olib o‘qimasdan, vosita bilan o‘qishi kerak edi. Men o‘zim boshso‘z yozib chiqarsam bo‘larmidi? Bo‘lmas edi. Nima uchun shu milatchining asari so‘zboshisiz chiqdi. Undan keyin mening romanim chnqdi. Roman sotilib ham bo‘ldi, hozir hech qayerda yo‘q. Bu ham so‘zboshisiz chiqdi. Mana shunga yarim yil bo‘ldi, hech qayerda bir og‘iz bir narsa yo‘q. «Yosh leninchi»da, bir narsa o‘qidim, u ham maqtovdan iborat. Men unga rahmat aytmayman, chunki menga hech narsa bergani yo‘q. Men Moskvadan kelgandan keyin, shu asarni Soyuzda o‘qimoqchi bo‘ldik. Birinchi majlisda 11 kishi, ikkinchi marotaba 7 kishi, 3-marotaba 4 kishi keldi. Shunda ham rahbarlikdan hech kim bo‘lgani yo‘q. Faqat o‘rtoq Oydin bo‘ldi. Mana bu ham eski millatchini tarbiya qilish. Men xato qilmasdan, ishlay olmayman. Mening xatolarimni tuzatishlaringiz kerak. Men aytdimki, menga fikrlaringizni aytib beringlar, men buni o‘zim tuzatib chiqaman, dedim. Menga yashirin majozlarni tuzatishni topshirdi. Men uni tuzatib chiqdim. Har holda shu roman bosilib chiqqandan keyin ham shuncha zamon bo‘ldi. Mana shuning xususida bir narsa yo‘q. Shuning uchun bir kecha bu to‘g‘rida qolib, meni yaxshi tanqid qilish kerak edi. Men ham bir kecha qolishga rozi turg‘on edim, shuni men hozirgacha kutaman. Hech narsa bo‘lmayotir.

19-smena. Ne’matullina.

Endi she’rlar xususida. Men qo‘limdan kelgancha she’r yozib kelayotirman. Bu ba’zibir jurnallarda, ba’zi bir gazetalarda bosilib kelayotibdi. Men takror aytaman, bu she’rning ruhini o‘zgartirish tez bo‘laturg‘on protsess emas, shu qiyinchilikni yengib olish kerak. Bu narsa, masalan, «Soz»da ozroq bo‘lsa, «Jo‘r»da ko‘proq. «Oktyabr inqilobini qarshi olganda» to‘g‘risida o‘rtoq Usmonov «durust», dedi. Lekin bosilmasdan yotadi. Lekin shu chiqquncha sizlar meni so‘kib turasizlar, ammo u chiqqandan keyin, biroz masala yengillik topar, deb o‘ylayman (kulgi ovozlari). Chunki, u keyingida, avvalgiga qaraganda, xiyla o‘zgarishlar bor.

Men Moskvadan kelganimda, Akmal aka meni qabul qildi. Aaytdiki, siz hozir she’rlaringizning xudojestvennoy tomonini qo‘yib, ko‘proq siyosiy tomonlarga ahamiyat bering deb, shundan keyin saylovlarga bag‘ishlab men yozib olib borganimda, siz lirik tomonlardan yozmabsiz, deyishdi. Bu qiyin bir narsa bo‘ldi. Lekin men bu qiyinchiliklarni hali o‘taman. Sizning tanqidingiz, ayamasligingiz orqasida «domulla» deb ul yog‘ini aytmasdan qo‘yishingiz orqasida men tuzalaman.

Endi ikki og‘iz so‘z «Hamlet» to‘g‘risida. «Hamlet» Londonda dovrug‘landi. U haqda ko‘p gapirdilar, lekin  hech qayerda tarjimonning nomini eslamadilar. Men o‘zim haqimda ko‘p gapiringlar, deb talab qilmayman, lekin tarjimonni ham ranjityapsizlar, axir. Ko‘p  vaqtlar o‘zim yurib, tarjimaga familiyamni qo‘yinglar, deb yurdim. «Ona»ning tarjimasida bo‘lsa, tarjimonning nomini texnik redaktorning familiyasi qatoriga qo‘yishgan.

Yana bir narsa ustida o‘rtoq Bereginga aytaman. «Hamlet»ni menga bergandan ilgari, boshqa birovga berilgan ekan, lekin u istamagan ekan. So‘ngra «Hamlet»ning tarjimasini menga berganlar. Biz uni Uyg‘ur  bilan birga ishladik. Oxirida gazetaga chiqdiki, «Hamlet»ning tarjimasi Cho‘lponning hech bir ishtirokisiz teatrga chiqdi, deb to‘g‘ri emasmi, Ziyo aka (Ziyo Saidiyga qarab).

Ziyo Saidiy: — Uyg‘ur bilan siz o‘rtangizda so‘z bo‘lgan.

Cho‘lpon: — Keyin arab so‘zlari ustida ham gap bo‘lgan, lekin bu yolg‘on, men arab emasman, men millatchi emasman. Men arabchani yomon ko‘raman, qursin arab so‘zlari (kulgi).

«Hamlet» teatrda qo‘yilgandan keyin, hamma vaqt Shekspirning asarida tarjimonning nomi chiqmaydi. Moskvada tarjimon xususida hech bir narsa yozilmadi. To‘g‘ri, mening to‘g‘rimda yozmanglar, lekin yosh yozuvchilar yozganda, ulardagi tarjimonning nomi texnicheskiy redaktor qatorida turadi. Oxiri, o‘zlaringiz yozmagandan keyin, men kelib tarjimonning nomini yozingiz deb, Ziyo Saidiyga yalinib yurdim.

20-smena. 2 nchi majlis. Stenog, Shorahmedov.

Mana shu «Hamlet» o‘ynalib bo‘lgandan keyin, «Hamlet» O‘zbekistonda, Moskvada katta muvaffaqiyat qozonib turgan bir vaqtda, o‘rtoq Nazir To‘raqulovning maqolasi paydo bo‘ldi. Men ruscha nasriy tarjimadan o‘girgan bo‘lsam, u Lozinskiy tarjimasini olib, tarjima hech narsaga yaramaydi, deb meni so‘kdi… Menga esa gazetada o‘zimni himoya qilishga kerakli o‘rin bermay, faqat qisqacha xatimni bosdilar va hatto Soyuzga javob yozishga ham imkon berilmadi …Shunday so‘kadiki, meni «otboqar», deb so‘kadi. Meni «mirshab», deb so‘kadi. Keyin qarasam, o‘rtoq Beregindan hech bir ovoz chiqqani yo‘q. Axir, o‘rtoq Beregin shu asarning redaktori edi. Redaktor ham javobgarmi, yo‘qmi? Men ming joyga bosh urdim, xayriyat, Sanjar bor ekan, topib, tarjimaning originali boshqa ekanligini aytib berdi. Shuning uchun bu yerda redaktorlarga ham «javobgarlik» degan so‘zni tushuntirib qo‘yish kerak.

Endi, o‘rtoqlar, yoshlar ijodi xususida bir narsani aytmoqchiman. Hali o‘rtoq Tuyg‘un shunday gapirdi. O‘rtoq Tuyg‘un menga bir she’rini berdi. Shu to‘g‘rida fikringizni bering, men yaqinda bostiraman, deydi. Men yolg‘on gapirsam, bu majlisning sha’niga kelishmas edi. Uning ijodi badiiy jihatdan iihoyatda past saviyada turadi. Agar u vaqtda shuni aytib bersam, u mendan arazlab qolar edi.

O‘rtoq Tuyg‘un bu yerda, mening 7 ta asarim bor, deydi. Mana, shu yoshlarga tarbiya bermaslik, hali yosh yozuvchilar — endi yoza boshlagan kishilarning 7 ta asari bostiriladi. Holbuki, yoshlarga bergan vaqtda shu yoshlar ko‘taraturg‘on narsa berish kerak. Bitta she’r o‘ylab keladimi, uni tanqid qilmasdan bostira beradi. Masalan, biz sanoatni qaytadan qurdik. U yerga juda slojniy mashinalar keltirilgan, uni kvalifikatsiyasi ko‘tarilmagan bir rabochiyga beriladimi?

Shuning uchun she’rni ham tanlab, o‘ylab chiqarish kerak edi. Men o‘ylaymanki, o‘rtoq Tuyg‘un aslo xafa bo‘lmaydi. Ko‘proq uni tarbiya qilish o‘rniga, hadeb she’rini nashriyotga berib bostirabergan… Shuning uchun bundan keyin yoshlarni ham tekshirishimiz, ham soz asarlarni chiqarish kerak. Mana bunda ham rahbarlarimizga ko‘proq so‘zlashga to‘g‘ri keladi.

Endi ikki og‘iz so‘z she’r texnikasi to‘g‘risida. Boya Uyg‘un tarafidan misolga keltirilgan Elbekning formalistik taraflarini aytmoqchiman. Biz ko‘p shoirlarning she’rini olib qaragan vaqtimizda vazn masalasi chatoq. Hatto, G‘. G‘ulomda ham vazn masalasida chatoqliklar uchraydi, U menga «…» degan she’rini o‘qib berdi. Shunda vaznni qattiq buzaturg‘on narsalar bor. Men shuni tuzatib chiqing desam, bu to‘plamimni berib olay, 1937 yilda chiqaturg‘on to‘plamimni xatosiz chiqaraman, deydi. Demak, haligi to‘plam xato bilan ketsa mumkin edi. «Bu bo‘lmaydi», desam: «Yo‘q, men buni mana bunday qilib aytib beraman», deydi. «Axir men ham o‘quvchiman, meni qiynamang», deydi. Demak G‘afur G‘ulomdek katta bir shoirlarimizda ham shunday kamchiliklar bor, lekin bu ifrot tarafiga olib bormasin.

Mana bunday xillari ham bor (o‘qib beradi):

………. to‘qiladir,

………. so‘kiladir.

«To‘qiladir» «so‘kiladir» deganda she’rni har xil iboraga solib berishga majbur. She’rda qofiya, vazn kerak. Lekin ruhi ham esdan chiqarilmasdan birga borishi kerak. Ruhdan ajralgan she’r — she’r bo‘lmaydi. Mening o‘zimning qiynalganim shundan bo‘lsa kerak.

2-so‘z Mashrab xususida. Bu xususda yaxshn narsa chiqdi. Mashrab o‘sha jamiyatning kamchiliklarini qattiq tanqid qilgan odam. Shu narsani hozirga qadar yolg‘on, deb kelganlar. Lekin Mashrab hammaga tarqaldi desak, gazetadagi maqolalar bilan kifoyalanib bo‘lmaydi. Hozir Soyuz va (…) institut bu narsaga ahamiyat berishi kerak. Unda «Buxoroning bitta darvozasini qing‘ir deganlar kofir bo‘ladi», degan she’r bor. Bu she’r mutavoziy. Lekin ko‘rib turib, har xil takliflarni to‘plab, ko‘rsatib, yaxshilab tanqid qilib, undan keyingina xalqning qo‘lig‘a berilsin. Bo‘lmasa, xalq adashib qolishi mumkin. Bu yoshlarga yomon ta’sir qilishi mumkin.

Nashrga tayyorlovchi: Sh. Turdiyev

IZOHLAR

Qurbon Beregin (1905, Xeva —1938)—O‘sha yillari Uzkompartiya MKning targ‘ibot va madaniyat bo‘limi mudiri. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi a’zosi bo‘lgan. Tarjimon va publitsist. Stalin shaxsiga sig‘inish davrining qurboni.

G‘ulom Zafariy (1889—1944) — O‘zbek sovet dramaturgi, mashhur «Halima» (1919) nomli birinchi milliy mo‘zikali drama muallifi. Stalin repressiyasi qurboni bo‘lgan.

Husayn Shams (1903, Qo‘qon — 1943) — Sovet yozuvchisi. 1936 yildan O‘zSSJ Yozuvchilar uyushmasi kotibi bo‘lib ishlagan.

Mo‘min Usmonov (1904, Qo‘qon — 1938) — Partiya va davlat arbobi, jurnalist. 1926—1930 yillari Moskva Sharq xalqlari dorilfununida o‘qigan. 1931—1934 yillari O‘zK (b) P MK targ‘ibot va tashviqot bo‘limining mudiri bo‘lib ishlagan. Respressiya qurboni bo‘lgan.

Ziyo Said (1901—1938) — O‘zbek sovet dramaturgi, aktyori va jurnalisti. Shaxsga sig‘inish qurboni bo‘lgan.

Nazir To‘raqulov (1892, Qo‘qon — 1939) — Partiya va davlat arbobi, publitsist, tarjimon. Shaxsga sig‘inish davri qurboni.

Sanjar Siddiq (Siddiqov Bosit— 1902, Toshkent — 1938) — Mashhur tarjimon va jurnalist. Stalin shaxsiga sig‘inish davrining qurboni.

Tuyg‘un (taxallusi; asli ismi Shukurjon Xudoyqulov. 1908, Andijon—1979) — Shoir va dramaturg. 1934—1938 yillari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishchi mualliflar bilan ishlash mudiri bo‘lib ishlagan.