Abdulla Qodiriy. Olti yillik bazm (1924)

Inqilobiy matbuot bazmimizning yoshi oltig‘a yetdi, deb bu kun o‘zbek qizil matbuotining chirmandakash va nog‘orachilari «To‘y ustiga to‘y» qilar ekanlarki, bu xabari jonso‘zni[1] kecha eshitib, chuqur bir entikib qo‘ydim. Chunki faqiringiz bu bazmning a’zolaridan bir fard[2]; barakallachilaridan bir mengrov[3]; qiyquruqchilaridan bir tutal[4], ham charchamayturg‘an bir tentak chapakchisi edim. Shuning uchun bu to‘yda ishtirok etib, olti yillik bu bazmdan olg‘an taassurotimni yumaloq-yassi qilishim kerak bo‘lar edi.

Ishtirok yo‘sunini uzoq o‘ylag‘ach, xotiri sharifimga xunuk-xunuk gaplar, chuchma-chuchmal ishlar kelib hayron bo‘ldim va bu galgi vazifamning nechog‘liq «xumsa» ham «dag‘al» ekanini ongladim. O‘ylay-o‘ylay, nihoyat otning boshini tortibroq ish ko‘rilsin, akalarning ensasi qotarliq gaplar bo‘lmasin, degan qarorni berdim.

Faqiringiz bir xil akalardek qurbaqa ham laylaklardan misollar keltirib, falsafaga bo‘kib, o‘qug‘uchining miyasini qoqqach, qatig‘ini qo‘lig‘a berib o‘lturishni uncha do‘st tutmayman-da, to‘ppa-to‘g‘ri masalaning manbaiga qarab yo‘l solaman. Chunki hamma fisqu fasod manba’da bo‘ladir, manba’dan bir narsa topolmag‘anda qo‘lg‘a aso ushlab timiskilashning va kalga[5] va na ko‘rga[6] bir paqirlik foydasi yo‘qdir. Olti yillik matbuot bayramimizda ham shu xatti-harakatni ta’qib qilsam ish benihoyat yengil ko‘chib, kunduz kuni chiroq yoqib o‘g‘ri qidirishg‘a hojat qolmaydir. «Olti yillik qizil matbuotimizda kim nima ish qildi?» deb o‘zim-o‘zimga so‘roq bersam-da, buning javoblarini sanab ketsam, albatta, gapdan-gap, cho‘pdan-xas chiqib ish bemazaga aylanadir. Bas, endi nima ish qilish kerak?

Manimcha, ishni astar-avra qilib o‘lturg‘andan ko‘ra shu olti yillik bazmdagi chirmandakashlarning nomai a’mollarini[7] bir karra ko‘zdan kechirishning savobi yetmish yillik ibodatdan ortiqdir. Binoan alayhi, surnaychilarning nomai a’mol yoxud qisqacha tarjimai hollarini bir-bir ko‘zdan kechiraylik.

Olti yillik qizil matbuotimizning birinchi mardi-maydonlaridan sanab, tepaning boshiga Fitrat bilan Nazir To‘raqullarni qo‘yamiz-da, ularga ojizona arz etamiz: «Mersi, sizlarga!» Shundan keyin bir oz rizosizliq vaziyatini olib aytmasak-da, aytkanday bo‘lamiz:

Suqdan bo‘ldimi, mechkaydan bo‘ldimi, har nechuk-da yuqori ko‘chani qo‘yib, quyi ko‘chadan ketdingiz? To‘g‘ri ko‘chadan aljib, lo‘li ko‘chasiga burildingiz va shuning ila dovdiragan matbuotimizni qovjiratdingiz…

Karnaychilarimizning uchunchisi Usmonxondir[8]. To‘rt tomong‘a yugurib, tili bir yarim qarich osilg‘an; bir ko‘zi mag‘ribda, bir ko‘zi mashriqda; serharakatu bebarakat, bir kishini istab yurgan bo‘lsangiz, bevosita o‘rtoq Usmonxong‘a uchrashingiz…[9] Ziyoda chimego‘yyam?[10]

Shoirlarimizning birinchisi Cho‘lpon afandidir. Bu kun qizil gulu erta nafarmon gul; hali dengizdagi cho‘b bo‘lsa[11], bir ozdan keyin dunyoni sel olg‘anda to‘pug‘ig‘a chiqarmayturg‘an, maslakida sobit, ahdida qoyim[12], ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ajib bir qahramon. Uning olti yillik xizmati ham shu yo‘lda bo‘ldi.

Ashurali domla[13] «Sadoyi Farg‘ona»dan[14] jonli bir tarix. Inqilob to‘lqini bir xil akalarni chetka qoqib turg‘an bo‘lsa, ammo Ashurali inqilob bilan birga oqdi, unga berilaturgan qiymatning markazi siqlati[15] ham shundadir. Imlo to‘polonida[16] domlalar safiga o‘tkan bo‘lsa ham, keyindan bir necha firibgar, ayniqsa, Abdulla Rahmatning[17] avrog‘ig‘a osong‘ina aldandi.

Abdulla Avloniy[18] bir mahal garimsar tegib, kutulmagan joyda qorakosov bo‘lib qoldi. Hozirda o‘choq kavlashdan boshqag‘a yaramaydir.

Mirmuhsin[19] o‘rtoq to‘g‘risida nima deyishga ham hayronmiz. Matbuotimiz Mirmuhsindan foydalandimi yoki Mirmuhsin matbuotdanmi, har holda, shu ikkining biri bo‘lsa kerak.

Sadriddin Ayniy[20] inqilobning boshlarida bir muncha ishlab yurdi, undan keyin «Buxoro jallodlari»ni yozdi, shundan so‘ng o‘zi ham Buxoro jallodlarining qo‘lig‘a tushdi. Inna lillahi va inna ilayhi roji’un[21].

Shahid Eson[22] Istanbulning Turkistonga bo‘lg‘an yagona sovg‘asidir. Lekin shunisi ajabdirkim, Eson afandining so‘ziga matbuot tushunmag‘anidek, matbuotnikiga Eson afandi ham tushunmaydir. Bu uni bir pulga olmasa, u ham buni uch pulga olmaydir. Har holda, ayb do‘ldami, toshdami, buning hukmini kelgusiga havola qilamiz.

Hoji Mu’in[23] ibn Shukrulloning olti yillik umri tarjimai hol yozish bilan o‘tdi. Ishsiz qolg‘anida sog‘ kishilarning tarjimai holini so‘rab, yuraklarini orziqdirdi. Bir vaqtlarda mutavakkilan alollohi[24] bittasini «o‘ldi»ga chiqarib «Zarafshon»da marhumning tarjimai holini yozib boshlag‘an edi, biroq taassufka qarshi «rahmatlik» o‘lmagan ekan, ya’ni marhumning o‘zi bilfe’l[25] gazetada uzr yozib, Hoji Mu’inning yuziga bir shapaloq qo‘yib, arang tarjimai holchining changalidan qutilib oldi. Har nechukda Hoji Mu’in ko‘z ostig‘a olg‘an kishilari (mavzulari) ko‘b bo‘lsa ham, baxtka qarshi hamon marhum bo‘lmay, bechoraga tuzukrak ishlashga imkon bermay keladirlar. Bu jihat bilan qarag‘anda Hoji Mu’in afandi ma’zurdir[26].

Olti yillik bazmimizda ishtirok qilg‘an tatar o‘rtoqlarning birinchisi Abdurahmon Sa’diydir[27]. Tarelka tutish[28] va boshqa anov-manov, oldi-qochdilarini istisno qilg‘anda xolis bir siymo bo‘lib qoladir.

Ne’mat Hakim[29] Abdurahmon Sa’diy bilan yoqa ushlashkanda tanda, bozorni[30] yaxshig‘ina qizitqan edi. Sa’diy bilan og‘iz-burun o‘pushg‘ach, tomoshabin anqovlarni juda zeriktirib qo‘ydi.[31]

Izziddin Sayfulmuluk[32] o‘zining yagona xizmatining samarasi bo‘lg‘an sifilisni birinchi galda Turkistonga taqdim etdi, minba’d undan so‘zak, sil, moxxov va boshqa yuqumliq kasallar kutamiz.

Zarif Bashiriy[33] bilar-bilmas lo‘lining eshagini sug‘orib, pulini olib keldi, uncha-muncha ig‘vosi ham yo‘q emas.

Vali Allomo‘v (Nurmat)[34] ajoyib bir iste’dodga molik tarjimondir. O‘zi haqiqatda elli og‘iz chamasi o‘zbekcha so‘z biladir. Lekin o‘zining favqulodda iste’dodi soyasida shu elli og‘iz dastmoyasi bilan o‘n ming kalimalik ma’nolarni ifoda qila oladir. O‘zbekcha so‘z qahatligiga uchralg‘an bir zamonda, Allomo‘v o‘rtoqning bu hunari shoyoni tahsin va taqdirdir.

Yosh yozg‘uchilarimizning birisi bo‘lgan Sanjar[35] o‘rtoq yalqovliqda yagona bo‘lib chiqdi. Ko‘rinishda ish po gorlo, haqiqatdachi; ehe…

Vadud Mahmud o‘rtoq[36] bir burodarimizning tasviricha «ko‘klam»dir, ko‘klamning yozi bilan kuzi qalay bo‘lishini hozirdan aytib qo‘ymoq noma’qul buzoqning go‘shtini yemakdir.

O‘ktam afandini[37] ham Sanjar bilan nikohlab qo‘ysaq ajoyib bir yalqovlar oilasi vujudga keltirgan bo‘lamiz. Yomonning bir qilig‘i ortiq, deganlaridek, bu qurg‘urimiz o‘lguncha mamadanai Xudo urgan bo‘lib chiqdi.

Shokirjon Rahimiy[38] pulni juda-juda yaxshi ko‘rganidek, «komandiro‘vkani» o‘shancha yomon ko‘radir. Pullik joyga o‘zini tomdan tashlaydir. Komandiro‘vka desang, bezgagi ushlaydi. Peshonasi keng, tomoqning zavoli.

Ziyo Said[39] yoxud nog‘orachining bachchasi, usta ko‘rmagan shogird har maqomg‘a ham yo‘rg‘alaydi.

Zehniyga[40] Elbekda nima g‘arazing bor?

Elbekka[41] Sani Zehniy chaqirayapti…[42]

Olti yillik qizil matbuotimizning o‘gutlari[43] mana shulardan iborat, desak bo‘ladir.

Tosh-torozu o‘qug‘uchining qo‘lida. Shuning uchun baho qo‘yish komissiyasining keragi yo‘q.

Julqunboy,

«Mushtum», 1924 yil, 21 iyun, 4(29)-son, 2-3-betlar

[1] Xabari jonso‘z — jon o‘rtovchi xabar.

[2] Fard — kishi, shaxs.

[3] Mengrov — merov, ovsar.

[4] Tutal — biron fikrni telba-teskari ifodalash so‘z o‘yini; masalan: oltita qozon oldim; to‘rttasi teshik, ikkitasining tagi yo‘q.

[5] Kal — ayyor.

[6] Ko‘r — nodon.

[7] Nomai a’mol farishtalarning insonlarning yaxshi-yomon ishlarini yozib qo‘yadigan daftari.

[8] Usmonxon Eshonxo‘jayev — (1898 — Andijon — 1938) muallim, jurnalist, tarjimon. 1915 yildan kompartiya a’zosi. Moskvadagi Ya. M. Sverdlov nomli kommunistik universitetda o‘qigan (192022). TurkASSR Maorif xalq komissarligida ishlagan (1922-24). 1924-25 yillarda «Qizil O‘zbekiston» gazetasining muharriri, O‘zbKP MK tashviqot-targ‘ibot bo‘limi mudiri, so‘ngra Sirdaryo viloyat partiya komiteti sekretari (1926-31), 1931 -36 yillarda Moskvadagi Qizil professorlar institutida o‘qigan. 1936-38 yillarda VKP(b) Nijniy Novgorod o‘lka komiteti tashkiliy bo‘limi mudiri, Shimoliy Kavkaz viloyat komiteti sekretari, Krasnoufimsk t. y. boshqarmasi boshlig‘ining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari. Shaxsga sig‘inish davrining qurboni bo‘lgan.

[9] Muallif Usmonxonning bir vaqtning o‘zida juda ko‘p yuqori lavozimlarda ishlaganligiga ishora qilyapti.

[10] Bundan ortiq nima ham derdik.

[11] Muallif Cho‘lponning «Somon parchasi» she’ridagi:

Muhit girdobida bir somon parcha,
Bir poxol cho‘pidek oqib boraman…
Kirmayman ko‘chaning boshi berkiga,
Chunki taslim bo‘ldim muhit erkiga…

misralariga ishora qilib, shoirning tushkunlik kayfiyatini tanqid qilib, ozodlikdan umid uzmaslikka dalda berib o‘tyapti.

[12] Qoyim qarorli.

[13] Ashurali Zohiriy — (1885 — Qo‘qonning Oyim qishlog‘ida tug‘ilgan — 1938) ma’rifatparvar, matbaachi, tilshunos, muallim. Dastlab Qo‘qondagi Madalixon madrasasida tahsil olgan. 1907 yildan Qo‘qon rus-tuzem maktabida o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan. 1916 yildan «Sadoi Farg‘ona», so‘ngra «Farg‘ona» gazetasi redaktsiyasida adabiy xodim bo‘lib ishlagan. Shu davrda Farg‘ona pedtexnikumida o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan. Navoiyning «Muhokamatul-lug‘otayn» asarini (1918) va ikki jildlik «Ruscha-o‘zbekcha lug‘at»ni (1925) nashr eggirgan. Shaxsga sig‘inish davrining qurboni bo‘lgan.

[14] «Sadoyi Farg‘ona» 1914 yili Fargonada birinchi marta o‘zbek tilida chiqarilgan gazeta. Unda Ashurali Zohiriy musahhih bo‘lib ishlagan. Yuztacha soni chiqib to‘xtagan.

[15] Markazi siqlat — mohiyat, mag‘iz.

[16] Imlo to‘poloni 1921 yilning yanvar oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Til-imlo qurultoyida katta bahslar bo‘lib, unda arab grafikasining isloh qilingan shakli tasdiqlangan edi.

[17] Abdulla Rahmat — farg‘onalik maorifchilardan.

[18] Abdulla Avloniy (1878-1934) olim va yozuvchi, shoir, jadid matbuotining asoschilaridan. So‘ngroq ma’orif va davlat ishlari bilan band bo‘lib, matbuotdagi faoliyati susaygan edi, muallif shunga ishora qilyapti.

[19] Mirmuhsin Shermuhamedov — (1895, Toshkent, Maxsido‘zlik mahallasida tug‘ilgan— 1929, Toshkent). O‘zbek matbuoti asoschilaridan biri, jurnalist yozuvchi. 1913 yildan mahalliy matbuotda ijtimoiy siyosiy ruhdagi maqolalari va she’rlari chop qilingan. 1916-17 yillarda U fadagi «Oliya» madrasasida tahsil olgan «Ishtirokiyun», «Qizil bayroq», «Turkiston», «Kasabachilik ishi», «Batraklar», «Qizil O‘zbekiston» gazetalarining, «Kommunist», «Kasabachilik harakati» jurnallarining muharriri. Shaxsi qoralangan.

[20] Sadriddin Ayniy — (1878 — G‘ijduvonga yaqin Sokgare qishlog‘i — 1954 — Dushanbe) tojik-o‘zbek xalqining ulkan yozuvchisi, publitsisti, sharqshunos olimi, jamoat arbobi.

[21] Biz barchamiz Allohning bandalarimiz va albatta, yana uning huzuriga qaytuvchidirmiz (Qur’ondan, Baqara surasi, 156-oyat).

[22] Shahid Eson Musa o‘g‘li —(1885, Toshkentning Sassiqhovuz mahallasida tug‘ilgan —1938, Toshkent) Kallaxona mahallasidagi birinchi va ikkinchi bosqichdagi boshlang‘ich maktablarida ta’lim oladi. 1909 yil o‘z hovlisida jadid maktabi ochib bolalarni o‘qitadi. 1911 yilda Istambulga ketib dorulfununda til-adabiyot, tarix-geografiya fakultetida o‘qiydi. 1916 yilda tugatib, shu dorulfununda til tarixi va qadimgi turkiy xalq og‘zaki adabiyotidan dars beradi. 1917-18 yillarda o‘sha yerdagi Sultoniya pedagogika bilim yurtida turk tili grammatikasidan ham dars beradi. 1920 yil «Afandi» (professor) ilmiy darajasi beriladi. 1922 yili bahorida Turkistonga qaytadi va bu yerda «Narimonov» bilim yurtiga mudir etib tayinlanadi. 1928 yil aksilinqilobchiliqda ayblanib uch yilga qamaladi. Qamoqdan qaytib, o‘zbek milliy kutubxonasida ishlaydi. 1937 yilda avgust oyida qamoqqa olinib, 1938 yil 5 oktyabr kuni otiladi.

[23] Hoji Mu’in Shukrullo — (1883 — Samarqand — 1942 Toshkent) eski maktabni tugatib, 1901 yildan o‘qituvchilik qilgan. 1913-14 yillarda «Samarqand», «Xurriyat» gazetalarida, «Oina» jurnalida adabiy xodim bo‘lib ishlagan. She’riy to‘plamlar va drama asarlarimuallifi. Umrining so‘nggiga qadar o‘sha davr matbuotida faol ipggirok etgan. Shaxsga sig‘inish davrining qurboni bo‘lgan.

[24] Allohga tavakkal qilgan holda.

[25] Bilfe’l — amalda.

[26] Ma’zurdir — uzrli.

[27] Abdurahmon Sa’diy — (1889 — Ufa gubernyasi, 1956 — Samarqand) adabiyotshunos, muallim. Troitsk shahrida madrasani tugatib (1906) rus-tatar maktablarida o‘qituvchilik qilgan. Istambul dorulfununini tamomlagach (1907-11) vataniga qaytib o‘qituvchilik qilgan. Adabiyotdan darsliklar tuzgan. Toshkent, Samarqand, Farg‘ona o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida dars bergan (1921-56). Dastlabki o‘zbek adabiyoti kafedralarini shu kishi tashkil qilgan.

[28] Tarelka tutish — laganbardorlik, xushomadgo‘ylik.

[29] Ne’mat Hakim — tatar adabiyotshunosi, tilshunos.

[30] Tanda bozor — tez, chaqqon, jinni bozor, o‘tmas mollar ko‘r xaridorga sotiladigan bozor.

[31] 1921 yilda o‘tkazigan til-imlo islohotida bu ikki tatar olimi matbuotda o‘zbek til-imlosi xususida ko‘p ilmiy munozara qilgan edilar, muallif shunga ishora qilyapti.

[32] Izziddin Sayfulmuluk — tatar doktori, bu kishi o‘sha davr matbuotida turli tibbiy mavzularda maqolalar yozib xalqni ma’rifatga dohil qilgan edi. Umrining oxirlarida Sibirda o‘n yil axloq tuzatish lagerlarida xizmat qilib qaytib, Toshkentda sakson yoshlarda, 1946 yil vafot etgan.

[33] Zarif Bashiriy — (1882-1962) tatar shoiri, adibi, publitsisti, Ferdinand Dyushenning «Tamilla», «Qamar» ro‘monlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

[34] Vali Allomov — tatar jurnalisti, uzoq yillar «Qizil O‘zbekiston» gazetasi muharririyatida ishlagan.

[35] Sanjar Siddiq — (Bosit Siddiqov, 1902— Toshkentning«Sarchopon» mahallasida tug‘ilgan — 1938 Toshkent) tarjimon, jurnalist, tanqidchi. O‘zbekiston SSR Davlat nashriyotida adabiy xodim (1926-27), muharrir (1929), «Kitob va inqilob» (1932-33), «Guliston» (1935-37) jurnallarning mas’ul kotibi. O‘sha davr matbuotida faol ishtirok etgan. Ko‘plab adabiy, siyosiy asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shaxsga sig‘inish davrining qurboni bo‘lgan.

[36] Vadud Mahmud — (1898-1977) Samarqandda tug‘ilgan — adabiyotshunos, munaqqid, 20-yillar matbuotida faol qatnashgan. Shaxsga sig‘inish davrida uzoq yillar jabrlangan.

[37] O‘ktam-Qayum Ramazon (1897 — Toshkeng—1942) muallim, tilshunos olim, eski va yangi usullardagi maktablarda o‘qigan. Maktab, texnikum va institutlarda o‘qituvchi, ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. O‘zbek maktablari uchun o‘zbek tilidan darsliklar yozgan. Shaxsga sig‘inish davrining qurboni bo‘lgan.

[38] Shokirjon Rahimiy — (1898 — Toshkent—1938) shoir, yozuvchi, matbuotchi, muallim, ko‘plab darsliklar muallifi, maorif bo‘limlarida ishlagan. Shaxsga sig‘inish davrining qurboni bo‘lgan.

[39] Ziyo Said — (1901-1938) jurnalist, yozuvchi, dramaturg Qosim Solihovning taxallusi, shaxsga sig‘inish davrining qurboni bo‘lgan.

[40] Zehniy — To‘raqul Narziqulov (1892 — Samarqand — 1983 — Dushanbe) muallim, matbaachi, adabiyotshunos, tilshunos olim. Shaxsga sig‘inish davrida jabrlangan.

[41] Elbek — Mashriq Yunusov (1894 — Toshkent viloyati, Xumson qishlog‘i — 1942). Shoir, nosir, tilshunos, tarjimon, tanqidchi. She’r va hikoyalari o‘sha vaqtdagi vaqtli matbuotda chop etilgan, maktab o‘quvchilari uchun darsliklar yozgan. Shaxsga sig‘inish davrining qurboni bo‘lgan.

[42] 1924 yil «Turkiston» gazetasida chop etilgan Elbekning tilga oid maqolasini Zehniy tanqid qilib o‘tgan edi. Muallif shundan kinoya qilyapti.

[43] O‘gut — o‘git, nasihat.