Abdulhamid Cho‘lpon. Ulug‘ hindiy (1925)

«Shu narsani yuragim duk-duk urib turub yozdim» desam yo ishonasiz, yo ishonmaysiz.

Lekin, yuragim «shamol tekkan yaproqday qaltiraydir…» Bir xil zavq — «nash’a» bilan qaltirag‘on yuragim, butun tanimni silkitadir va qo‘lim ham shu orada yengilgina chayqalib turadur. «Bu nimadan keldi?» desangiz, anglatay:

Shu so‘zlarning eng yuqorisida «Ulug‘ hindiy» deb qo‘yubmen-ku, ana o‘sha ulug‘ zot, ya’ni Robindranat Tago‘r degan kishi, yoshroq vaqtlarida butun dunyoning eng baland tog‘laridan bo‘lgan Himolayaning haybatli yonbag‘irlarida otasi bilan birga sayohat qilib yurgan ekan. O‘sha vaqtlarda ham nippa-ninazin (ya’ni balodek) shoir bo‘lg‘on bu buyuk zot hech narsa yoza olmabdir. Shunday ulug‘ Himolayaning ko‘klar bilan o‘pishgan cho‘qqilarida, tun qorong‘isidan ham qalin o‘rmonlar qo‘ynida, shunday katta shoir bir og‘iz narsa deya olmasa, birgina she’r parchasi yoza olmasa-ya? Muni qarang! O‘z tirikchiligiga oid kitobida o‘zi shunday deb yozg‘ondan keyin tang‘irqab — hayrat yoqasini ushlab qoldim…

Ruschaga tarjuma qilinib, bosilg‘on asarlarining ko‘pini o‘qub o‘tganimdan keyin, shu ulug‘ va qiymatbaho odamni o‘z elimga tanitmoqchi bo‘ldim. Shu niyat bilan qo‘limg‘a necha marotaba qalam olg‘on bo‘lsam, hammasida ham qaltiroq bosdi, to‘xtadim… Faqat, meningcha, u qaltiroq bosishlarning va u yurak qaltirashlarining «sirri» ham shu orada bilindi, shundaykim:

— Hind dohiysining Himolaya tog‘larida hech narsa     yoza olmaslig‘i u tog‘ning juda haybatli, azamat va ulug‘ bo‘lub aqlni shoshirib qo‘yishlig‘idan bo‘lsa, mening u azim zot to‘g‘risida hech narsa yoza olmay qaltiroqlanishim ham u odamning Himolaya tog‘lari qadar haybatli va ulug‘ bo‘lishidan kelgan ekan!

Eski adabiyot bilan yangi adabiyotning o‘rtasida qolg‘on sharqli yosh chinakam chuchmal bir vaziyatdadir. Eski adabiyot bir shirin, yangisi yana shirin, g‘arbniki tag‘in —yana shirin. Qaysi bittasiga ko‘proq berilsin? Biri biridan shirin axir!

Bizning o‘zbeklar uchun hali hozirg‘a u xil chuchmallik yo‘q. Nimaga desangiz, o‘zbeklar eskidan — hech sababsiz — arazlag‘on, xafa; yangiga — endigina suqulib kirmoqda U adabiyot maydonida yangilikka nisbatan: yosh bola go‘dak, chaqaloq, eskilikka nisbatan: yetim, kimsasiz; besprizornыy, o‘zboshli! Jur’at qilib: «yo‘lsiz» deb yuborayin deymenu, qo‘rqamen; negakim boshlab… o‘zim yo‘lsiz!

O‘zimning yo‘lsizlig‘imdan bir oz so‘zlab o‘tayin: Navoiy, Lutfiy, Boyqaro, Mashrab, Umarxon, Fazliy, Furqat, Muqimiylarni o‘qiymen: bir xil, bir xil, bir xil!

Ko‘ngil boshqa narsa yaigilik qidiradir: Botu, G‘ayratiy, Oltoy, Oybek, Julqinboylarni o‘qiymen, quvontiradir xolos! Ular mening uchun yong‘on chiroqlar bo‘lsa ham mening ertam uchun! Avloniy, Tavallo, Siddiqiy, Hakimzodalarni o‘qumaymen, o‘qumaymen, meni shu holg‘a solg‘on o‘shalar!..

Nechun ochildp ko‘zim. Qayda ketdi uyqularim?..»

To‘qaydan tortib Qavi Najmigacha — tatar adabiyotini, Hodiydan tortib Javodga qadar Ozarbayjon adabiyotini (Husayn Jovidni ajratib olib qoldim!), Nomiq Kamoldan Ali Sayfi (A. Sayfi) ga dovur usmonli adabiyotini o‘quymen: yo — ortiq yangilik, g‘arbliq, yo ortiqcha sharqlilik! Faqat usmonlichadan Rizo Tavfiqning ba’zi bir yangi shakl bilan eski ruhda aytgan sufiylarcha she’rlarini o‘quymen; shularga durustgina qonamen; undan keyin Yahyo Kamolning «Sa’dobod» ruhida ba’zi narsalari. Faqat — ular shu qadar ozki… Ana shu vaziyatda ekan, haligi ulug‘ zot menga yo‘luqdi. Shundan keyin chinakam qondim!

Qo‘lim qaltirasa ham, yuragim o‘ynasa ham, qudratim yetmasa ham o‘sha «Sharq va G‘arb o‘rtasidagi oltun ko‘pruk»ni elimga tanitmoqchi bo‘ldim. Mundan ortiq bir narsa demak, chinakam, qo‘limdan kelmaydir. Mening qo‘limdan kelgani: u muborak odamning ba’zi bir narsalarini nasr bilan ruscha orqali tarjuma qilib berish bo‘ldi. Shu ham — katta gap.

Qo‘yida uning «O‘roq oy» degan asaridan uchta she’rning tarjumasi bosildi. U she’rlar to‘g‘risida faqat shunigina ayta olamankim, ular yosh bola, ya’ni go‘dak ahvoli ruhiyasini ko‘rsatishda bir-birlari bilan poyga qo‘yishadirlar. Shularni o‘qudim, qaytib-qaytib o‘qudim, undan keyin Hoji Rajabning Shukur va Habib degan kichkina-kichkina bolalari bilan gaplashdim va birga-birga… o‘yun qilishdim! Shunda bildimkim, o‘shalarning har biri: bir Tago‘r, bir ulug‘ Hindiy!

________________

Ulug‘ hindiy. — «Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnalining 1925 yil 7—8 qo‘shma sonida chop etilgan.

Rabindranat Tago‘r — (Thakur Rabindranath — 1861—1941) — mashhur hind adibi. Qator she’riy va nasriy kitoblar, romanlar muallifi. 1913 yilda «Baxshida qo‘shiqlar» she’riy kitobi uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Himolaya tog‘i — Hindiston, Xitoy, Nepal va Pokiston davlatlari hududida joylashgan yer yuzidagi eng baland tog‘ tizmalari. Himolaya — sanskritcha «qorlar makoni» demakdir.

Umarxon — Qo‘qon xoni (1811—1822) Nodirabegimning eri, Amiriy taxallusi bilan g‘azallar bitgan, devon tartib bergan. Uning xonlik davrida Qo‘qon adabiy muhitida jonlanish seziladi.

Fazliy — Fazliy Namangoniy (18 asr oxiri, 19 asr boshlari), shoir, adabiyotshunos. Umarxon davrida Qo‘qon saroy shoirlariga boshchilik qilgan. Bir guruh mualliflar ishtirokida 1821 yil «Majmuai shoiron» tazkirasini tuzgan. O‘zbek va tojik tillarida yozgan g‘azal, tuyuq, muhammaslari bayoz va majmualarda saqlanib qolgan.