(«QIMORBOZLAR HAYoTI», «XIYoNATKORLAR JAZOSI», «ER-XOTIN», «ARShIN MOLOLON») UMUMIY QARASh
O‘rtoq Uyg‘ur Buxorodan kelgandan beri sahnamiz jonlana boshladi. Shu bir-ikki hafta ichida yana burungi kabi kamchiliklar, qarg‘ish va la’natlar bilan bo‘lsa-da, bir necha tomosha ko‘rdik.
Matbuotimizda ismi ko‘runub kelaturg‘on «S» (Sanjar) o‘rtoq tomonidan tarjima qiling‘on «Qimorbozlar hayoti» — Ovrupo qimorbozlig‘ining qo‘rqunch yoqlarini yaxshi ko‘rsatadir. Bunda qimorbozliqning qaynag‘on joyi, qimorbozlarning ish ustidagi «faoliyatlari» ko‘runmaydir. Bunda bu yomon odatning oilaga qilg‘on ta’siri ko‘brak ko‘rsatiladir. Tarjima tekisgina chiqqon. G‘udur-budurliq ko‘b sezilmadi. Faqat bunda o‘ynag‘uchi artistlarimiz (Abror, Sayfi qori, Ziyo Said, Shokirlar) nimagadir xiyla yot va begona bo‘lub o‘ynadilar. Samimiylik, ro‘lni anglab o‘ynashlik, sahnada erkin bo‘lishliq — mana bularni ko‘ra olmadik. Xalq oz edi, kirim yomon bo‘lg‘on, ehtimolkim shuning uchun artistlarimiz «baribir» deb o‘ynag‘on bo‘lsalar…
Davlat truppasining bu «baribir» tomoshasidan so‘ng Eski shahar ishchilar fakulteti talabalarining bir «Tomosha va konsert kechasi»ni ham ko‘rdik. Tomosha qismida qo‘yulg‘on to‘rt pardalik «Xiyonatkorlar jazosi» degan narsani yozib o‘ltirish ham vaqt isrof qilishdir. Ba’zi bir pardalarning 3—5 minut qadar davom etishlari bunga katta guvohdir. Faqat konsert qismida milliy cholg‘i maktabining birinchi imtihonini ko‘rdikkim, bu xiyla umidlikdir. Bolalarning ko‘bayishib aytgan ashulalari zaif bo‘lsa ham, bir bolaning yolg‘iz ashulasi, bir yigit tomonidan yolg‘iz aytilgan «Gulyor» yaxshi edi. Shu «Gulyor» aytgan yigitda yaxshi kuchlik tovush bor. Faqat, ishlanmagan.
Milliy cholg‘i maktabi g‘olibo 3-4 yildan beri davom etadir. Faqat so‘ng choqqacha unda muallimlar o‘rniga «to‘nkalar» o‘lturg‘oni uchun hech samarasi ko‘rulmagan. Yaqinda yasalg‘on islohot va ta’lim ishiga qo‘yulg‘on muqtadir muallimlar (Qurbon va Shojalillar) maktabni umidli yo‘lg‘a qo‘yg‘onlar.
Yana ham diqqat, yana ham ko‘brak ahamiyat berilmagi kerak.
Sahnamizda necha marotaba o‘ynalg‘on «Er-xotun» va «Arshin mololon» tomoshalari to‘g‘risida qayta-qayta yozishni ortiq topaman. Bu to‘g‘rida shunigina aytamankim, bizning sahnamizning eng zo‘r kamchiligi — dram o‘ynag‘uchilarning o‘perada chiqishlaridir. Mana bu kamchilik har ikki tomoshada ham eng qattig‘ sezildi. Bilmadim, qachon bizning sahnamiz o‘perada boshqa, dramda boshqa hay’atga ega bo‘lur ekan. Har holda, so‘nggi ikki tomosha sahnamizning yana jonlanib, tuzalib borg‘onini ko‘rsatadir. Sahnamiz yana tirilmakchi. Xalq sahnada yana ruhiga oziq topa boshladi. Endi shu harakatni to‘qtatmay, oqsatmay olib borish — (har bir san’at — D.Q.) arbobining vazifasidir.
Endi umumiy suratda bir narsa yozib o‘tmakchi bo‘laman: umumiy deganim sahna va san’atimizning moddiy jihatidir. Qish yaqinlashib, yupqa kiyimlar yaramay boshlag‘on bir vaqtda ham xalqimiz o‘zi tubdanda o‘lgundek zax bo‘lg‘on yozliq «Turon»da tomosha ko‘rmakka majbur. Qishloq «Turon» qat’iyan yaramaydir. ToshPO o‘rni tilga ham olinmog‘on, yangi bino esa mahallama-mahalla ko‘chub, har kun bir kamisiya tomonidan bir to‘qtatilib, bir ruxsat etilib, sarson va sargardon bo‘lub guradir. Bilmadim, bu ish jiddiy bir yo‘lg‘a tusharmi, yo‘qmi? Qish kelganda ko‘chada qolg‘on sahnadan nima umid qilmog‘ kerak?
Buxorodan chaqirtirib oling‘uncha ming va’da, ming xil rohat va ta’minotlar taqdim qiling‘on Uyg‘ur hanuz turg‘ali bir joy, ba’zi tajribalar uchun ikki gaz oynag‘a ega bo‘lmag‘on. «Uyg‘urni Buxorodan olib kelish uchun pul sarf qilib G‘ozi Yunus o‘rtoqni Buxorog‘a yuborg‘an» Eski shahar ijroqo‘mi uning qo‘l ostig‘a kelib kirgan san’atkorga joy topib berolmaydir-da, «Sharq» kutubxonasining joyig‘acha bir yakatchiga ijaraga qo‘yadur. San’atning qiymati shu esa, unday san’atdan umid uzmasa kerak edi!
____________
Teatr — san’at — «Turkiston» gazetasining 1922 nil 29 sentyabr sonida e’lon qilingan.
«Qimorbozlar hayoti» — frantsuz dramaturgi Viktor Dyukanj (1783—1833) qalamiga mansub asar. Aslida «O‘ttiz yil yoki qimorbozning hayoti» deb nomlanuvchi bu asar 1828 yilda yozilgan.
«Xiyonatkorlar jazosi» — bu o‘rinda qaysi asar nazarda tutilayotganini aniqlashga muvaffaq bo‘lmadik. Taxminimizcha, gap Hamzaning «Tuhmatchilar jazosi» pesasi haqida bormoqda.
«Er va xotin», «Arshin mololon» — Ozarboyjon kompozitori va dramaturti Uzeir Hojibekov (1885—1948) asarlari. Bulardan keyingisi ayniqsa katta shuhrat topgan.
Ziyo Said — taxallusi, haqiqiy ism-sharifi Qosim Solihov (1901—1938), o‘zbek dramaturgi, jurnalist va tanqidchi.