JO‘RJ DANDIN
(o‘zicha)
Dushanba kuni 7 iyunda Ozarbayjon tiyotr maktabidagi talabalarimiz taniqli Molyerning shu nomdag‘i asarini o‘ynadilar. Yolg‘iz fransiyalilarninggina emas, balki butun dunyoning taniqli kulgi yozg‘uvchisi bo‘lg‘on Molyer shu bilan bizning sahnamizda ikkinchi daf’a ko‘rinadi. Uning «Xasis» degan asari, Maskov tiyotr maktabimiz tomonidan bultur va uzoq yillari bir martadan o‘ynalib o‘tgai edi. Bu safar qo‘yilg‘on asarni yanglish tanlang‘on deya olmaymiz. Muni tanlash bilan bokuli talabalarimiz yaxshi ish qilg‘onlar. Asar, eng yalgari, bitta-yarimta akto‘rni o‘sdirishga, tarbiya qilishg‘a yaraydi. So‘ngra uning qo‘yilishida ham o‘rta asrlarning qiziq va g‘alati tarz (stil) lari bor. Masalan: parda hamma vaqt ochiq turadi. Uyunning boshlanish va tugashini xodimlar e’lon qiladi. O‘yunning bir qismi tomoshachilar orasida o‘ynaladi. Asarda u vaqt yozg‘uvchilarig‘a qonunday bo‘lib qolg‘on ba’zi-bir asoslar kuzatiladi, ya’ni: uchala parda ham bir joyda, bir ko‘rinishda ketadi (joy birligi); voqea bir kecha-kunduz orasida bo‘lub o‘tadi (vaqt birligi); har kim o‘z jupi bilan chiqadi va boshqa-boshqalar. O‘rta asr tiyotr tarzida yozilg‘oni uchun, bu asar, o‘zida bizning o‘zbek tomoshachilarig‘a ancha yaqinliq, nuqtalari topa olar edi. Bu jihatni, hech bo‘lmag‘onda tajriba yo‘li bilan bo‘lsa ham tatbiq qilib ko‘rilganda, bizning el o‘yunlari asosiga yaqin nuqtalarini ishirib qovartirib ko‘rsatilganda, yaxshi samara berar edi, balki…
Lekin, tomoshaning eng zaif nuqtasi ham taasufga qarshi, shu «qo‘yilish»dadir. Gapning ochig‘ini aytganda, bizning maorif komissarligimiz o‘z vaqtida yaxshiroq bir rejisso‘r uchun kerak bo‘lg‘on mablag‘ni bermagan, bersa ham oz bergan, yaxshi rejisso‘r kelmagan, kelgani bo‘lsa berilib ishlamagan… Uzun so‘zning qisqasi «qo‘yilish» jihati ko‘b zaif chiqqan.
Yigitlarimiz va qizlarimiz chinakam tirishib o‘ynaydilar. Mumkin qadar to‘la ta’sir berish uchun jonbozliq qiladilar. Shunday bo‘lsa ham, ta’sirning mazasi uncha bo‘lmaydi. Kerakli joylarda talvasa (hayajon) yetmaydi. Balki, chiqmay qoladi. O‘yun yog‘idan juda qiymatli, oltin fursatlar sezilmay o‘tub ketadi. O‘zingiz o‘ylang axir: Karimjon, bizning eng kuchli kuldirguchilarimizdan biri u kulgida ro‘lning ruhiga kiradi, hato ortdirib yuboradi. Shunday bir erkin kuldirgichga, kulgidan ko‘ra ko‘brak fojiasi bor bir ro‘lni berganlar. Shu uchun uning fojiali so‘zlari ham, kulgili so‘zlari ham bo‘sh, talvasasiz, ishonchsiz (neubiditelnыy) chiqadi, tomoshachi kulgan bo‘lsa Karim qiziqning gapiga emas,—Molyer adibning lutflariga, tazodlarig‘a, usta gaplariga kuladi; u kulishlar, piyesani to‘ppa-to‘g‘ri o‘qib berilgan vaqtda ham bo‘lmog‘i mumkin. Karimga shu ro‘lning yanglish berilgani, butun asarga ta’sir qildi, chunki, asarning jon nuqtasi o‘sha ro‘lda, asar ismi ham o‘shaning ismida. «Dandin» odam bolalari orasida ko‘b uchrayturg‘on irodasi zaif (slabovolnыy), bo‘shang, landavur kishilarning biridir. Asar, o‘shaning tiriklikdagi fojiasini ko‘rsatadi, ham juda to‘la ko‘rsatadi. Uning kulgili so‘zlari ham ko‘z yoshlari orasidan aytilmagi kerak; ko‘z yoshlari samimiy bo‘lsa, akto‘r ro‘lning ruhiga kirsa, ko‘z yoshlari orasidan tomib ketgan yeng‘il kulgi so‘zlari ham tomoshachini kuldira beradi. Kuldirganda ham talvasa, iztirob bilan kuldiradikim, asl maziyat shunda.
Kuldirguchi va qiziq Karimjonimiz fojia niqobida chiqqach, albatta uning borlig‘i, asl javhari ochilmadi: shu uchun butun asarda mavjud bo‘lg‘on asllik ko‘rilmadi.
Sahnaning o‘z kamchiliklari ko‘b, muni narkompiro‘sning qulog‘iga shipshitamiz. So‘ngra eng oxirda bir narsani aytib o‘tayin: bu asarni mundan so‘ng qo‘yg‘on vaqtda, uchta qora bolaning «o‘yun boshlanadi» sini birga tushurish kerak.
Ortiqchasi zeriktiradi ham sovuq chiqadi.
_____________
Jo‘rj Danden. — «Zarafshon» gazetasining 1927 yil 16 iyun sonida bosilgan.
Molyer — Moler, haqiqiy ismi-sharifi Jan Batist Poklen (1622 — 1673) frantsuz dramaturgi, aktyori, teatr arbobi. Qator komediyalar muallifi, haqli ravishda frantsuz komediyasining otasi sanaladi. «Jorj Danden yoki ahmoq qilingan er» nomli komediyasi 1688 yilda sahnalashtirilgan.
«Maskov teatr maktabimiz tomonidan» — Molerning «Xasis» p’esasi 1925 yil 14 iyulda sahnaga qo‘yilgan.
«Asl javhari ochilmadi» — obrazning mohiyati ochilmadi degan ma’noda qo‘llanyapti.