Abdurauf Fitrat. Angliz va Turkiston (1918)

Mundan ikki oy burun «Turkistonda angliz mudofaasini saqtamoq uchun Chin qo‘shuni kelmoqchi emish» degan bir xabar chiqg‘anda «Hurriyat» gazetasi ikki maqola ila fikrini bildirgan[1] va Turkiston siyosiylarini uyg‘oqliqqa chaqirg‘an edi. Bu kun ish bir oz ochildi: Turkistong‘a angliz vakillarimi, angliz josuslarimi kela boshladilar.

Bu vakillardan Kogonda Sapar Badlo‘f[2]ning uyiga qo‘ng‘an bir hindli Parnasning rus rasmiy doiralarinda berdig‘i ma’lumotga qarag‘anda bir odam hind inqilobchilaridan emish. Hindustonda inqilob chiqarmoq uchun bolsheviklar bilan muzokara qilg‘ali kelgan emish. Sharqning eski hukumatlarindan birisi aydig‘i uchun ruxsat berilsa, bechora hukumatini ko‘rmoqchi emish.

Bunlarning yuqori doiralarg‘a ham so‘zlari shu esa biz bunlarg‘a «yashurun bir maqsad uchun kelgan josuslar» deb qararg‘a majbur qolurmiz. Yuqori doiralarga tilaklarini ochibg‘ina aytkan bo‘lsalar, u vaqt bunlarning bolsheviklar bilan muzokara qilg‘ali kelgan vakillari ayduqlarig‘a shubha qolmas. Har holda mas’alaning shu nuqtasi ma’lumdirkim bunlar josus bo‘lsalar ham vakil bo‘lsalar ham tilaklari birdir. Bunlarning ikkinchisi bir Hindustonni olmoqchi bo‘lg‘anlar. Bunlarning ko‘zlari bizning yurtimizdadir.

Anglizlar bilan Turkiston orasinda Afg‘on va Chin hukumatlari bordir. Ajabo Britaniya tulkilari Turkistonimizg‘a burunlarini suqmoquchun Chin hukumati bilanmi onglashadilar. Afg‘on hukumati bilanmi?

Og‘iz xabarlarig‘a qarag‘anda, har ikkisi bilan ham onglashg‘an, hatto Afg‘on hukumati bilan ittifoqi kuchliroqg‘a o‘xshaydirlar. Lekin biz shul Afg‘on va Angliz ittifoqini qabul qilmaymiz.

Ma’lumdurkim: bu kun German va Turk davlatlarining birinchi dushmanlari anglizdir. German va turk davlatlari oldida Turkistonning anglizlarga kechmakindan ruslarg‘a qolmog‘i yaxshiroqdir. Bir vaqtlar o‘zini turk davlatining bir kashishi[3] atag‘an Afg‘on hukumati turk siyosatiga shuncha molik bo‘lg‘an bir mas’alani qabul qilarmi?

Angliz bilan ittifoq etmak – german va turkga qarshi chiqmoqdir. Afg‘on hukumati bu yo‘lga kirarmi? Angliz hiylasining ta’siri buyukdir, ehtimol kim, Afg‘on hukumati ham oldang‘andur, lekin bizning umidimiz boshqadir.

Afg‘on hukumatining urushg‘a qotishmog‘i mumkindir, uning kuchi bordir, ehtimolkim, vaqti daxi bo‘ladir, lekin biz umid qilamizkim, Afg‘on hukumatining bu harakati angliz foydasi uchun emas, german va turk pilonlarig‘a muvofiq bo‘lmoq sharti bilan o‘z foydasi uchun bu harakat Hindustong‘a qarshi bo‘lg‘ulidir.

Ammo Angliz va Chin ittifoqi mumkindir. Chin hukumati Japun tazyiqotindan qutulmoq va o‘lkasining rus nufuzi ostida qolg‘an qisminda o‘z huquqini tasdiq eturmak uchun Angliz davlatining turli xizmatlarig‘a hozirdir.

Emdi mas’alaning boshqa bir jihati qoldi. Turkistonni daxi Hinduston kabi yutmoqchi bo‘lg‘an anglizlar bu urush maydonidan qanday chiqarlar? Mag‘lubmi? Mag‘lub chiqarlar esa, Turkistonni qaysi kuch bilan saqlarlar?

O‘z hiylalarig‘a ishong‘an chidamli anglizlar o‘zlarini shul muhoribadan oz zarar bilan soqg‘ina qutqarmoq uchun albatta bir pilon chizg‘an va shul pilonlariga ishong‘andirlar. Mana shul nuqtag‘a binoan, sulhdan burun Turkistonni olib dushmanlarini «amru afu»[4] qarshisinda qo‘ymoq va sulh majlisinda kirganda Turkistonni qaytarib berarg‘a majbur bo‘lsalar ham uning o‘rninda boshqa yoqdan biror narsa saqlamoq fikrinda bo‘lsalar kerak.

Ammo bizning fikrimizga ko‘ra, angliz hukumatining bu urushdan oz zarar bilan soqg‘ina qutulmog‘i mumkin emasdir. Germaniyaning og‘ir va yomonroq zarbasi anglizlarning boshlarig‘a inar[5]. Angliz hukumati butun ishdan chiqmayin bu urushdan chiqolmas. Shul suratda Turkistonning tole’i[6] nimadir?

Uni turkistonlilarning o‘zlari tayin qilarlar, ammo ittifoq va ittihod aytib butun fikrlarini bir nuqtada to‘plag‘andan keyin!..

(«Hurriyat», 1918 yil, 29 mart, 82-son)


[1] «Hurriyat» gazetasining 64-sonidagi «Angliz o‘yunlari» va «Taqsimi a’mol» (67-son) maqolalari nazarda tutiladi.

[2] Safar Badlov — Kogonda (yangi Buxoro) yashayotgan rus muhojirlaridan biri. Amir Olimxonning maslahatchisi va noibi Millerning buyrug‘iga ko‘ra Kogonda ko‘plab rus va yahudiy boylari to‘plagan edi.

[3] kashish — tortilgan, jalb etilgan.

[4] amru avu — afv etish haqidagi buyruq. Bu yerda: amnistiya.

[5] inar — kelar, tushar.

[6] «Turkistonning tole’i» haqida Fitrat ayni 10-yillar oxiridagi siyosiy voqealarni chuqur tahlil etgan «Sharq siyosati» (Toshkent, 1919) risolasida batafsil ma’lumot bergan.