Xitoyda sho‘rocha qayta qurish tajribasini takrorlash tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi, deb hisoblaydilar.
2014 yil 1 oktyabrda Xitoy Xalq Respublikasining tashkil etilganiga 65 yil to‘ldi. XXR tarixini ikki davrga bo‘lish mumkin. Birinchisi – 1949 yildan 1977 yilgacha – sinovlar va xatolar vaqti. Ikkinchisi – 1978 yildan boshlab – sotsialistik zamonaviylashtirishni muvaffaqiyatli amalga oshirish vaqti.
Hokimiyat tepasiga kelgandan keyingi dastlabki yillarda Xitoy Kommunistik partiyasi sotsialistik qurilish – sanoatlashtirish, jamoalashtirish va madaniy inqilobning o‘sha vaqtda umum tomonidan e’tirof etilgan tamoyillari yo‘lidan bordi. Bunda taomildagi jiddiy xatolar va kamchiliklar ham bo‘ldi. Xalq kommunalari, sinfiy dushmanlar bilan kurashish, nihoyat, rosa o‘n yil davom etgan va mamlakatni iqtisodiy va siyosiy boshboshdoqlikka giriftor etgan “madaniy inqilob” shularga kiradi. “Shu bilan birga, – deb ta’kidlashadi tahlilchilar, – bugungi Xitoyda butun dastlabki davrni faqat birgina xatolarga olib kelib taqash noto‘g‘ri bo‘lar edi – Xitoy Xalq Respublikasi xalqaro maydonda o‘zini yorqin namoyon eta olgan mustaqil, kuchli davlatga aylandi”.
O‘tgan asrning 70–80-yillarida Kompartiya rahbariyati o‘tmish, hozir va kelajakka nisbatan qator jiddiy xulosalar chiqardi. Bu sotsialistik – aynan sotsialistik! – zamonaviylashtirish dasturi edi. Mazkur qoidalar mamlakat ichkarisida ham, undan tashqarida ham to‘plangan tajriba va o‘zgarib turuvchi holatlarni hisobga olib muttasil tuzatib-to‘ldirib borildi.
Eng avvalo, shunday xulosa chiqardikki, har bir mamlakatning, ayni holda Xitoyning taraqqiyoti uning madaniy-tarixiy xususiyatlarini belgilab beruvchi o‘z milliy xossasiga ega.
Xitoyda boshqa mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy tajribasini o‘rganish va undan foydalanishni inkor etishmaydi, ammo shu shart bilanki, agar u, ya’ni mana shu tajriba, Xitoy davlatining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti talablariga javob bersa! Xitoy rahbariyati strategik yo‘lining o‘zi “islohotlar va ochiqlik siyosati” deb ataladi. Xitoyning minglab fuqarolari xorijiy mamlakatlarda kasb tayyorgarligini o‘tamoqdalar, chet el tajribasini o‘rganish uchun davlat va partiya organlarining xodimlari muntazam chet elga chiqib kelmoqdalar. Mamlakatda jahonning ko‘plab davlatidan yuzlab taniqli siyosatchilar, iqtisodchilar, olimlar xitoy tinglovchilari oldida o‘z qarashlarini bemalol bayon etadilar. Biroq iqtisodiy va ayniqsa, siyosiy qarorlar qabul qilishda Xitoy ekspert hamjamiyati hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Faqat Pekin va Shanxaydagina emas, balki mamlakatning chekka joylarida ham o‘nlab davlat tahlil markazlari mavjud.
Uzoq davom etgan muhokamalar natijasida “xitoyda o‘ziga xos sotsializm kontseptsiyasi” yoki “Den Syaopin nazariyasi” shakllantirilgan edi. Bu sotsializmning nazariyasi va amaliyotidagi yangi, xitoycha so‘z edi. Bu kontseptsiyaga ko‘ra sotsialistik jamiyat qurishning o‘zi uzoq tarixiy davrni – o‘ttiz-qirq yillarni, ehtimolki, asrlarni egallaydi, har holda bu davrning vaqtinchalik chegaralari belgilanmagan. O‘tish davrida mulkchilik shakllariga nisbatan muhim qoidalar sirasi mana shundan kelib chiqadi. Xususiy mulk davlat, jamoat va kooperativ (shirkat) mulki bilan bir qatorda tenghuquqli shakl deb e’lon qilingan. Bu faqat partiya hujjatlarida emas, balki davlat konstitutsiyasida ham qayd etilgan. Ko‘rib turganingizdek, tadbirkorlar sotsializm qurilishining tenghuquqli ishtirokchilari hisoblanadilar.
Ayni vaqtda iqtisodiyotning bozor boshqaruvi uslublari xo‘jalik yuritish amaliyotiga kirib keldi. Xususiy mablag‘ (sarmoya) xalq xo‘jaligining qator sohalarida muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Biroq iqtisodiyotning strategik sohalari – temir yo‘l va aviatsiya transporti, neft va gaz kompaniyalari, tabiiy boyliklar qazib chiqaruvchi korxonalar, masalan, ko‘mir konlari, banklar – davlat ixtiyorida qolmoqda. Dorixonalar ham davlatniki sanaladi, shu boisdan dorilarning narxi barcha shahar dorixonalari uchun barqaror va yagona hisoblanadi. Aytganday, kitob va ro‘znoma mahsulotlari narxi do‘kon va do‘konchalarda sotilayotganda emas, balki uni chop etayotgan vaqtda belgilanadi.
Ilmiy tadqiqotlar taraqqiyoti davlat rejalarida ustuvor tusga ega. Xitoy Fanlar akademiyasi va Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi odatdagi tartibda bir me’yorda faoliyat ko‘rsatmoqda. Muayyan ilmiy va ishlab chiqarish vazifalarini hal etish uchun zarurat tug‘ilganda chet ellik mutaxassislar jalb etilmoqda.
Partiya va davlat organlari xodimlarini tayyorlash to‘g‘risida alohida gapirishga to‘g‘ri keladi. Jo‘ngina aytganda – amaldorlarni tayyorlash to‘g‘risida. Partiya maktablari va ma’muriy muassasalarning keng tarmog‘i ishlab turibdi. Masalan, Pekinda shahar partiya maktabidan tashqari bunday muassasalar shaharning har bir tumanida va hattoki bir qancha yirik kompaniyalarida mavjud. Markaziy partiya maktabida oliy darajadagi rahbarlar ham – chekka viloyatlar partiya qo‘mitalari kotiblaridan vazirlargacha, universitetlarning rektorlaridan tortib, ijodiy uyushmalarning mas’ul xodimlarigacha qayta tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. Ularga faqat maktab o‘qituvchilarigina ma’ruza o‘qimaydi, ularning oldida mamlakatning turli darajadagi rahbarlari nutq irod etadi.
Xitoyliklar tajribali va yosh mutaxassislarni qo‘shib yuborishga harakat qiladilar. “Madaniy inqilob” amaliyotiga uzil-kesil chek qo‘yilgan, unda na zaruriy amaliy tajribaga, na kasbiy bilimlarga ega “mutaxassis xodimlar – raketalar” ko‘pincha rahbar bo‘lar edi. Endi, chekka viloyatlar va ayniqsa, markaziy darajadagi rahbar bo‘lish uchun quyi ishlar borasida tajribaga ega bo‘lish zarur, shu boisdan chekka viloyatlar partiya qo‘mitalari vazirlari va kotiblari orasida 40 yoshdan, MQ siyosiy byurosi a’zolari orasida – 50 yoshdan kichik shaxs yo‘q.
Natijada Xitoyda barqaror hokimiyat ustuni – vertikal tizimi vujudga keladi. Bunda, birinchidan, qarorlar qabul qilish bir odamga – ilgari bo‘lganidek, bir shaxsga bog‘liq bo‘lmaydi. Ikkinchidan, rahbar lavozimlar, shu jumladan, eng oliy lavozimlarni band etish uchun keng zaxira mavjud. Korruptsiya (poraxo‘rlik) partiya va davlat hayoti uchun asosiy xavf deb e’lon qilingan, u bilan muttasil kurash olib borilmoqda. Davlat kompaniyalari, chekka viloyatlar va shaharlar rahbarlari, yirik harbiy amaldorlar, vazirlar va hattoki Siyosiy byuro a’zolariga qarshi sud jarayonlarining olib borilishi – bunga yorqin misol.
Ta’kidlash joizki, davlat darajasida qabul qilinadigan barcha qarorlar Ekspert hamjamiyati tomonidan olib boriladigan uzoq muddatli va qunt bilan muhokama qilish natijasi hisoblanadi, u, odatdagidek, taraqqiyotning ancha quyidan ancha yuqori bosqichiga asta-sekin o‘tishni afzal biladi.
Masalan, “madaniy inqilob” nihoyasiga yetishi bilanoq “sotsialistik rejali iqtisodiyotni tiklash” yo‘li olg‘a surilgan edi, keyin uning o‘rnini rejaning davlat rolini saqlab qolgan holda bozor qurilmalarini tatbiq etish zaruriyati to‘g‘risidagi fikr oldi. Endi bo‘lsa, o‘ttiz yil o‘tgandan keyin bozorning hal qiluvchi ahamiyati to‘g‘risida gap yuritildi. Faqat endigina xususiy tijorat banklari paydo bo‘lishiga imkoniyat tug‘ildi. Bunda iqtisodiy jarayonlarning davlat tomonidan boshqarilishi va ahamiyati avvalgidek tan olinmoqda. Mana shunday yondoshuv tufayli ayrim mamlakatlar iqtisodiyoti uchun xos bo‘lgan narx-navoning oshishi va pulning qadrsizlanishini chetlab o‘tishga erishildi.
Yumshoq qilib aytganda, xitoy olimlari Gaydarning “etni o‘ldirib davolash” siyosatiga shubha bilan qaraydilar, uning o‘zini zinhor buyuk iqtisodchi deb bilmaydilar. Oldin aytib o‘tganimizdek, strategik tusdagi korxonalar xususiylashtirish jarayonidan chiqarib tashlangan edi.
Xitoyda shu narsani yaxshi tushunishdiki, siyosiy va o‘z-o‘zidan iqtisodiy barqarorlik ko‘p hollarda mamlakatdagi madaniy-mafkuraviy vaziyatga bog‘liq bo‘ladi. Shu munosabat bilan jamiyatda Xitoy va Xitoy Xalq Respublikasi tarixini yaxlit tushunishga va vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalashga imkon beruvchi mafkuraviy andozalar va madaniy me’yorlar targ‘ibotiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Mao Szedun hayotining, ayniqsa, so‘nggi davrlaridagi xatolari haqida gapirmoqdalar, ammo ayni vaqtda shuni ham ta’kidlamoqdalarki, buyuk siyosiy arbob, buyuk inqilobchining xatolarini ko‘p jihatdan Xitoy Kompartiyasining g‘oyatda qiyin vazifalarni hal etishiga to‘g‘ri kelgani bilan izohlamoqdalar.
Mohiyatan, hozirgi vaqtda Xitoyda qurilayotgan sotsializm andozasi sobiq Sovet ittifoqida mavjud bo‘lgan sotsialistik qurilish bilan ko‘pda umumiylikka ega emas. Eng avvalo, u ushbu andozaning iqtisodiy tarkibiga taalluqlidir. Xitoy jamiyatining siyosiy tuzumida ham muayyan xossa mavjud, yagona milliy front tobora ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda, unga Kompartiyadan tashqari faqat unga rahbarlik qilayotgan jamoat tashkilotlarigina emas, balki sakkiz “demokratik partiya” ham kiradi. Agar ilgari bu partiyalar sof bezak vazifasini bajargan bo‘lsa, endi ular ijtimoiy-siyosiy hayotda muayyan rol o‘ynay boshladi: ularning vakillari hokimiyat organlarida, oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy muassasalarda rahbarlik o‘rinlarini egallab turibdi. Markaziy hukumatning ikki vaziri – kommunist emas.
G‘arbda Xitoy rahbarlarini mamlakatda demokratiya yo‘qligida ayblaydilar. Biroq tanqidchilar Xitoyning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-tarixiy xususiyatlarini, uning milliy o‘ziga xosligini hisobga olmaydi. Xitoyliklarning fikricha, Xitoyda sho‘rolar qayta qurish tajribasini takrorlash tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xitoy Kommunistik partiyasi siyosiy tuzum qurilmasi eltuvchisi hisoblanadi, shu bois uning obro‘yiga putur yetkazish mamlakatda siyosiy barqarorlikning barham topishini anglatadi.
Bugungi Xitoyda barcha muammolarni bemalol muhokama qilishga yo‘l qo‘yilgan. Faqat “to‘rt asosiy tamoyil”ni tanqid qilish mumkin emas – Kompartiya tomonidan jamiyatning boshqarilishi, sotsializm qurilishi yo‘li, marksistik mafkuraning rahbarlik roli, xalq demokratik diktaturasining mavjudligi.
Hayot bir joyda to‘xtab qolmasligini, xalqaro ahvolning o‘zgaruvchanligini, butun dunyoni qamrab olgan globalizatsiya marksizmning nazariy qoidalarini muttasil yangilab turishini talab etishini xitoyliklar a’lo darajada tushunadilar. 1985 yildayoq Pekin universitetining tanish professori men bilan suhbatda aytgan ediki, Marks, Engels, Lenin, Stalin, Mao Szedun – xudolarmas, odamlardir, odamlar xatodan xoli emaslar. Bugungi kunda “xitoy orzusi” haqida ko‘p gapirilmoqda, uning ma’nosi shundan iboratki, Xitoyni qudratli, gullab-yashnagan, boy davlatga aylantirish. Xitoy rahbarlari nutqlarida Mao Szedundan iqtiboslar deyarli uchramaydi, uchragan taqdirda ham ular Den Syaopindan olingan bo‘ladi. Xitoy jamiyatshunoslari oldiga muhim vazifa qo‘yilgan – jahonda va Xitoyning o‘zida sodir bo‘lgan ulkan o‘zgarishlarni hisobga olishi mumkin bo‘lgan XXI asr marksizmini, innovatsion marksizmni yaratish, vassalom.
Albatta, mamlakatda jiddiy muammolar to‘lib-toshib yotibdi. G‘arbda iqtisodchi payg‘ambar deb tan olingan mashhur Rubini 2011 yili keyingi ikki yilda Xitoy iqtisodiyoti tanazzulga yuz tutadi, deb bashorat qilgandi. Biroq 2014 yil ham oxirlab borayapti, Xitoy esa jahonda YaIMning har yili barqaror o‘sishini o‘zida namoyon etib kelayotgan sal bo‘lmasa yagona mamlakat hisoblanmoqda. Hozirgi vaqtda Xitoy o‘zining iqtisodiy qudrati bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda turibdi. Ko‘plab iqtisodchilarning bashoratlariga ko‘ra, u shu ko‘rsatkichlar bo‘yicha AQShni 2020 yilda quvib o‘tadi. Ko‘rinib turibdiki, “Xitoy xossali sotsializm” kontseptsiyasi o‘zining hayotbaxshligini isbotlamoqda.
Hozirgi Xitoyning iqtisodiy va siyosiy yutuqlari xitoy jamiyatining dolzarb muammolarini hal etishga noandozaviy, o‘ziga xos tarzda yondoshuvi natijasi hisoblanadi. Xitoy olimlarining aytishicha, Marks, Engels, Lenin mutlaqo boshqa tarixiy sharoitlarda yashashgan va shu boisdan ularning ishlarida zamonaviy talablarga javob yo‘q. Shuning uchun mustaqil tafakkurli ish zarur. Buning uchun esa Xitoy partiya va ilmiy matbuotida mamlakatning muayyan tarixiy sharoitini, albatta, hisobga olish zarur, degan fikr har doim yodda turadi. Mavhum emas, balki muayyan marksizm – xitoylashtirilgan marksizm talabining kelib chiqishi shundan.
Den Syaopin boshlab bergan ijtimoiy nazariya va siyosiy amaliyot muammolariga yangicha yondoshuv Xitoy rahbarlarining uchinchi va to‘rtinchi avlodi tomonidan davom etdirilgan edi. “Taraqqiyotning ilmiy kontseptsiyasi” hokimiyat tepasiga 2002 yilda kelgan Xu Szintao boshchiligidagi Xitoy rahbarlarining to‘rtinchi avlodi siyosatining mafkuraviy asosi bo‘ldi. “Taraqqiyot” tushunchasi islohotlar yo‘lidan uzluksiz harakat qilishni, inson ijtimoiy hayoti barcha jihatlarini bundan keyin ham o‘zgartirib borishni anglatadi. “Taraqqiyotning ilmiy kontseptsiyasi” yangiligi, aytish mumkinki, innovatsion tusi shundan iboratki, unda faqat iqtisodiyotga emas, balki jamiyatning har tomonlama rivojlanishiga zo‘r beriladi. Xitoy sotsializmi muvaffaqiyatlari shu bilan izohlanadiki, Xitoy Kompartiyasi mutaassibona marksizm aqidalaridan qat’iyan yuz o‘girdi, mamlakat oldida turgan muammolarni hal etishning o‘z original uslublarini taklif etdi.
Taniqli Rossiya xitoyshunosi, RFA Uzoq Sharq instituti direktori, akademik M.Titarenko so‘zlariga ko‘ra, xitoy xossali sotsializm kontseptsiyasi nimasi bilandir sobiq Sovet ittifoqidagi NEP (Yangi iqtisodiy siyosat)ga o‘xshab ketadi, ammo uning “amaliyoti NEP siyosatidan ko‘ra ancha olis va teran bormoqda. Zero, xitoy xossali sotsializm nazariyasi kapitalistik unsurlarni o‘tkinchi hamroh deb emas, balki sotsializm qurilishining tenghuquqli ishtirokchisi deb qaraydi. Mulkchilikning barcha shakllari, shu jumladan, xususiy mulkning turli shakllari davlat, jamoatchilik shaklidagi huquqlarda tenglashtirilgan. Xususiy mulkdor, sarmoyador ertami-kechmi yo‘q qilib yuboriladigan sinfiy dushman deb emas, balki tenghuquqli sherik sifatida qaraladi. Xitoy uyg‘onishining, xitoy millati uyg‘onishining umummilliy manfaatlari – bu shunday narsaki, u Xitoy jamiyatining barcha qatlamlarini birlashtiradi. Uyg‘onish g‘oyasi bu – umummilliy g‘oya”.
2012 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan XKPning XVIII s’ezdida partiyadagi hokimiyat Si Szinpin boshchiligidagi Xitoy rahbarlarining beshinchi avlodiga o‘tdi. U yangi nazariy qoidani – “xitoy orzusi” haqidagi qoidani ilgari surdi. Uning ma’nosi quyidagidan iborat: “xitoy orzusi” davlatni gullatib-yashnatish, millatni uyg‘otish va xalq baxtidan iborat. O‘zining keyingi nutqlarida Si Szinpin “xitoy orzusi” mavzusiga bot-bot murojaat qildi.
Shuni hisobga olish kerakki, 1840 yilda Angliya boshlab bergan “af’yun urushi” vaqtidan buyon (unda Xitoy mag‘lub bo‘lgan edi) u, Mao Szedun ramzli qilib ifodalaganidek, “yarimmustamlaka, yarimfeodal davlat”ga aylangan edi. Xitoy deyarli ichki va tashqi siyosatda mustaqil qaror qabul qilish huquqidan mahrum bo‘lgan, o‘z hududining bir qismida mustaqilligini boy bergan edi. Imperialistik davlatlar va eng avvalo, Yaponiya Xitoyni tobe davlat deb qarar edi.
Bugungi Xitoyda aynan 1840 yildan “af’yun urushi”dan e’tiboran “xitoy orzusi”ni ro‘yobga chiqarishning olis yo‘li boshlangan edi. Endi esa “xitoy orzusi”ni aniq ro‘yobga chiqarish vaqti keldi. XXR tashkil topishining yuz yilligi, ya’ni 2049 yilga kelib, Xitoyda “boy, qudratli, demokratik, tamaddunli, mutaraqqiy, zamonaviy sotsialistik davlat” qurish ko‘zda tutilmoqda. Faqat shundagina “xitoy orzusi” ro‘yobga chiqadi.
Ma’lumki, har qanday odam qaysi davlatda yashayotganidan, qaysi millatga mansubligidan qat’i nazar yuksak orzu va intilishlarsiz umr kechirolmaydi, uning o‘z kelajagi, hayotdagi o‘z o‘rni haqida orzusi bo‘ladi. Bu millatga ham daxldor. Si Szinpin so‘zlari bo‘yicha: “Xitoy millatining uyg‘onishi yangi zamon davridagi xitoy millatining eng buyuk orzusidir, bu orzuda ko‘plab xitoy avlodlarining ezgu istaklari mujassam topgan. Har bir odamning kelajagi va taqdiri davlat va millatning kelajagi va taqdiri bilan yo‘g‘rilib ketgan. Agar davlatga yaxshi bo‘lsa, millatga yaxshi bo‘lsa, shunda hammaga yaxshi bo‘ladi”.
Si Szinpin XKP MQning bosh kotibi etib saylangandan keyin o‘zining birinchi nutqida keng ommaning orzusi qandayligi to‘g‘risidagi masalani ko‘tarib chiqdi: “Bizning xalqimiz hayotni qadrlaydi, yanada sifatliroq ta’limni, yanada barqarorroq ishni, yanada qoniqarliroq daromadni, yanada mustahkamroq ijtimoiy ta’minotni, yanada yuqori darajali sog‘liqni saqlashni va tibbiy xizmatni, yanada qulayroq turar-joy sharoitlarini, yanada sog‘lomroq atrof-muhitni istaydi, bolalarimiz yanada yaxshiroq sharoitlarda o‘sishlarini, yanada maroqliroq ishga ega bo‘lishni va hayotlari tobora, kundan-kun yaxshi bo‘lib borishini xohlaydi”.
Xitoyshunos bo‘lganim o‘laroq, necha yillar Xitoyga muntazam borib-kelib turganim sababidan shu narsalarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib ishonchim komil bo‘ldiki, so‘nggi o‘ttiz yildan sal ko‘proq vaqt davomida, ya’ni islohotlar va oshkoralik siyosati amalga oshirilishi davrida millionlab xitoylikning hayoti yaxshi tomonga qarab o‘zgardi, moddiy va madaniy darajasi o‘sdi, turar-joy sharoitlari yaxshilandi, bu vaqt ichida aholi daromadi 30 martadan ko‘proqqa oshdi. Xitoy shaharlaridagi restoranlar va qahvaxonalar gavjum. So‘nggi yillarda ko‘psonli xitoy sayyohlarini faqat Rossiyada, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridagina emas, balki Yevropada – Germaniya, Frantsiya, Angliya va h.k.larda uchratish mumkin. Albatta, xitoy jamiyatida jiddiy iqtisodiy va siyosiy muammolar yo‘q emas, shulardan biri korruptsiyani tilga olish mumkin. Hududi, aholisi bo‘yicha bu qadar katta mamlakatda ayni muammolar bo‘lmasligi ham mumkin emas – axir, oz emas – 1 milliard 300 ming nafardan ortiq odam istiqomat qiladi.
Si Szinpin olg‘a surgan “xitoy orzusi” haqidagi qoida ilmiy nashrlar, ommaviy axborot vositalarida – bosma va elektron axborotlarda jonli muhokamalar mavzusi bo‘lib qoldi. Mualliflar – xitoy jamiyatining turli qatlamlari vakillari. Maqolalarning aksariyati hozirda jahonning turli mamlakatlarida istiqomat qiluvchi xitoy muhojirlaridan kelib chiqqan shaxslarga mansub.
Bugungi kunda Xitoyda fan va texnika taraqqiyotiga katta e’tibor qaratilmoqda, ilmiy tadqiqotlarga katta-katta mablag‘lar ajratilmoqda, mamlakatda to‘rtta davlat akademiyasi ishlab turibdi, Xitoy Fanlar akademiyasidan tashqari (115 ta institut), mustaqil Xitoy Tibbiy fanlar akademiyasi (18 institut), Xitoy Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi (31 institut) mavjud. Gumanitar yo‘nalishdagi institutlarni o‘z ichiga olgan Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi bilan bir qatorda (ular hammasi bo‘lib 37 ta) shunday akademiyalar markazga bo‘ysunuvchi har bir chekka viloyat va shaharlarda faoliyat ko‘rsatib turibdi. Oliy o‘quv yurtlari xodimlari va o‘qituvchilarining lavozim maoshlari ancha oshirildi, so‘nggi maosh oshirishlari joriy yilda bo‘lib o‘tdi.
Xitoy matbuotida aytiladiki, “xitoy orzusi”ni ro‘yobga chiqarish uchun teran tarixiy ildizlarga ega, Xitoyning ko‘pasrlik tarixidagi “jabr chekkan” “xitoycha yo‘l”dan borish zarur.
Bundan tashqari, “xitoy orzusi”ning ro‘yobga chiqarilishida “xitoy ruhi”ga tayanish kerak, u, birinchidan, yuragi vatanparvarlikdan iborat bo‘lgan milliy ruhda mujassam topgan bo‘ladi, ikkinchidan, yuragi islohot va yangilik hisoblangan davr ruhida aks etgan bo‘ladi. Nihoyat, “xitoy orzusi”ning ro‘yobga chiqarilishi Xitoydagi barcha millatlarning birligini talab etadi, zero, “xitoy orzusi butun millatning va ayni damda har bir xitoylikning orzusi”dir. Xitoy xalqining milliy an’analariga urg‘u berish deganda Xitoyni butun jahon hamjamiyatidan ajratib qo‘yish yo‘li tushunilmasligi kerak. Xitoyning kelajakdagi taraqqiyot dasturi, bu – islohotlar va tashqi dunyoga ochiqlik siyosati. Ayni damda shu narsa ta’kidlanadiki, “xitoy orzusi”ning amalga oshirilishi buyuk Xan shovinizmining namoyon etilishi hisoblanmaydi, aksincha, u jahon tamadduniga hissa bo‘lib qo‘shiladi. Yaqinda Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining prezidenti Van Veyguan aytganidek: “Xitoy millatining uyg‘onish yo‘li, bu – Xitoyning tinch yo‘l bilan taraqqiy topish yo‘li, u hech qachon biron-bir davlatga qarshi, biron-bir milliy manfaatlarga qarshi qaratilgan emas. Xitoy millatining buyuk uyg‘onishi yopiq eshiklar siyosatini amalga oshirish, eskilikparastlik nuqtai nazarini himoya qilish emas, balki oshkoralik nuqtai nazaridir, turli tamaddunlardan hikmatli narsalarni o‘zlashtirishdir, u xitoy millatining uyg‘onishi uchun qulay vositadir, u faqat Xitoyning o‘ziga emas, balki butun insoniyatga baxt ulashadi. “Xitoy orzusi” butun bashariyat taraqqiyoti borasidagi orzuni jonlantiradi, kuchaytiradi”.
“Xitoy orzusi”ni ro‘yobga chiqarishda, tabiiyki, odamlarning ishlab chiqarish mehnati katta ahamiyatga ega, shu bois ilg‘or ishchilar bilan uchrashuvda Si Szinpin aytgandiki, kelajakka yo‘lni mehnat quradi, kishilik jamiyati taraqqiyotini jadallashtiruvchi asosiy kuch ham mehnatdir. Baxt osmondan tushib qolmaganidek, orzu ham o‘z-o‘zidan ushalib qolmaydi. Mehnat boylik va baxt sarchashmasidir. Shu bois mehnatni qadrlash, bilimni, odamlardagi iste’dodni hurmat qilish kerak.
“Xitoy orzusi”ni ro‘yobga chiqarishda Xitoy yoshlarining hozirgi avlodi muhim rol o‘ynaydi. “Yoshlar, – deydi Si Szinpin, – kuch-g‘ayratga va orzularga boy. “Xitoy orzusi” o‘tmishda bor edi, bugun ham bor, kelajakda ham bo‘ladi. “Xitoy orzusi” davlatda, millatda va har bir xitoylikda mavjud. U faqat bizning orzumiz emas, yosh avlodning ham orzusidir, shu bois biz yoshlarni hurmat qilishimiz, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmog‘imiz va ishonmog‘imiz kerak. Yoshlar oliy orzular haqida, albatta, tasavvurga ega bo‘lmoqlari shart, chunki ular hayot yo‘lini belgilovchilardir, orzularning yo‘qligi esa “ma’naviy bo‘shliq”qa olib keladi”.
Yoshlar o‘z salohiyatlarini rivojlantirib bormoqlari, muttasil o‘qimoqlari, “zamonaviylashtirishga, tinchlikka, kelajakka bag‘irlarini keng ochmoqlari” kerak. Yoshlar ijod va innovatsiyalar bilan dadil shug‘ullanmoqlari, “onglarini g‘ayrat bilan tozalamoqlari, zamon bilan hamnafas bo‘lib harakat qilmoqlari kerak. Agar yoshlar gullab-yashnasa, davlat ham gullab-yashnaydi, agar yoshlar kuchli bo‘lsa, davlat ham kuchli bo‘ladi”.
Qisqa qilib aytganda, “xitoy orzusi” bugun umummilliy g‘oya bo‘lib, barcha xitoyliklarni bir yoqadan bosh chiqarishga undamog‘i kerak.
Vladilen Burov,
RFA Falsafa instituti bosh ilmiy xodimi
“Literaturnaya gazeta”ning 2014 yil, 24-30 sentyabr sonidan olindi.
Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 10-son