* Muqarrar hodisa
** 30 yoshli rais bormidi?
*** 10 yilda avlod almashinadi
**** Otaning do‘ppisi bolaga tor keladi
Hayotning, kechmishning, taqdirning tizgini senga bo‘ysunmagani singari avlodlar almashinuvi haqiqati ham muqarrardir. Qancha avayla, qancha muloyim gapir, qancha ehtiyotlab pichirlagin, alqagin, erkalagin – bari bir nozik umrning o‘tkinchilik siyosati juda sovuq, bo‘ysunmay ilojing yo‘q, sen qanchalar taytuv o‘sgin, qadding shamshodligidan, tiling qilichdek keskirligidan oylar, boringki, yillar mobaynida lof ur, bir sezimsiz shamol, aytaylik, shabada yoxud epkin kabi urib turadi bu hayot siyosati… va,qarabsizki “shamshod”, “sarv” so‘zlari qomatingga hecham yarashmay qoladi. Tiling-chi, tiling?.. Balki majnuntolning norasida novdasiga mengzashar: juda halim so‘zlaydi, deb.
O‘smirlikda o‘qigan kitoblarimizda avlodlar munosabati, otalar va bolalar kelishmovchiligi xususiga (Ayniqsa, Turgenev, Gogol, Lev Tolstoy, Sholoxov, Oybek, Sadriddin Ayniy romanlarida) e’tibor bermagan yoxud xis qilmagan ekanmiz, bu hayot taqozosi, davr odamlarni o‘zgartirar, eski fikrlovchilarni hayot seli o‘zandan tashqariga chiqarib tashlarkan. Shu boisdandir, rus romanchiligida “ortiqcha odam” degan obraz uchraydi, bizning eng “shafqatsiz” yozuvchimiz Abdulla Qahhor o‘ylay-o‘ylay, nihoyat, bari bir sharqlikligiga, yanayam anig‘i, o‘zbekligiga borib: “odamning chiqiti bo‘lmaydi”, dedi. Odamning chiqiti bo‘lmasligi rost. Ammo avlod ketidan avlod kelishi, keyingi kelgani oldingisining o‘zak dunyoqarashlari bilan ko‘pda kelisha olmay boshlaydi – bu ham haqiqat.
Zamon inson ruhiga, ongiga o‘z muhrini qo‘yadi, busiz iloj yo‘q. Otangiz yoki akangiz kechagi tuzum partiya faoli bo‘lib ishlagan bo‘lsa, bugun siz bilan qaysi masalalarda mutlaqo kelisha olmayotganini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Intizom, axloq, tartibu qoidaga amal qilish bobida… ko‘pincha u sizni mot qiladi. Sizning jamiyatingiz shakllanib kelayotir, uniki bir paytlar shakllanib bo‘lgan, erta-indin, ya’ni KPSSning falon s’ezdidan so‘ng ko‘p cho‘zib o‘tirmay kommunizmni qurib qo‘ya qolmoqchi edi. Mahobatli, dabdabasi ko‘ngilga qutqu solardi, negaki, yon-veringda boshqacharoq, ya’ni iliqroq kutib oluvchi alternativ jamiyatning o‘zi yo‘q edi.
Xalq demokratik partiyasi endi ta’sis etilgan vaqtlarda bir sovxoz direktorining unga munosabatini ko‘rganman. Direktor “kommunist” deya atalmayotgan bu yangi partiyaga yotsirab, begona birov eshigini qoqib kirganday qarar edi. Boz ustiga qadrdon partiyasi bu yurtda ham jon taslim qilgan, shuni hech xazm qilolmasdi. Suyanguvchi devori nurab bitgan edi. “Hadepe”, “endepe” emish. Ko‘ramiz ertaga buning shatatsya qilishini. Shuyam partiya bo‘ptimi”. Azbaroyi KPSSga ko‘ngil qo‘ygani oqibatida yuraksanchiq bo‘lgan kimsalarni eshitganmiz. Direktor o‘shalarning biri edi.
Endi-endi o‘ylab yurt rahbarining juda ongli tadbiri tufayli bizda komfirqadan voz kechilganini, 25-26 yil narida yuz berishi mumkin bo‘lgan talafotning oldi olinganini sezyapmiz. Aytadilar-ku, kechuvda otlar almashtirilmaydi, deb. Bizda ham kechuvdan so‘ng chiroyli ot almashinuv ro‘y bergan ekan o‘shanda.
Juda ko‘p bo‘lgani yo‘q. 1989 yilning sentyabr oyi edi. Bilasiz, bosh gazeta, o‘sha davr iborasi bilan aytganda “Otaxon gazeta” – “Pravda”da “Lenin uchquni” gazetasi “urildi”. Aniqrog‘i gazeta bosh muharriri A.Ko‘chimovga hujum uyushtirilgandi. Partqo‘mita yuqori byurosida ko‘rilishi kerak bu “jiddiy” masala. Nima emish, gazeta bosh muharriri tarixchi olim M.Hasanov bilan O‘rta Osiyo Rossiyaga ixtiyoriy qo‘shilgan emas, bosib, majburlab qo‘shib olingan, deb yosh bolalar ongini buzuvchi, provakatsion suhbat uyushtirdi.
Abdusaid Ko‘chimov – yaxshi adib, million nusxada chiqadigan gazetaning muhariri, bizga o‘xshagan polaponlarning unda-munda hikoya, she’rlarini chop etib bir kunda million bolaga tanishtirayotgan, qolaversa, ko‘nglida Vatan degan og‘riq tuyg‘usi bor ediki, shu mavzuda rost suhbat qurgan edi. Bunday vaziyatda insonni himoya qilish kerakmi yo aytgan gapi uchun har kim o‘z boshi bilan javob beraversinmi?
Biz, bir guruh yosh shoir-yozuvchilar “Pravda” gazetasi bosh muharririga, SSSR yozuvchilar uyushmasi raisiga, SSSR sarkotibi M.S.Gorbachev nomlariga muxtasar xat matni tayyorlab, unda “Lenin uchquni” gazetasida xolis fikrlar bayon etilgani, bunday gaplar “siz in’om etgan” oshkoralik zamonasiga mos kelishi, birovning nomiga tuhmat qilinmagani, aksincha “Pravda” muxbiri “Lenin uchquni” muharririga bo‘hton yog‘dirayotganini uqtirdik.
O‘nlab imzolar qo‘yildi. Qarasak, barcha imzolar yoshlarniki. O‘yladikki, bu imzolar qatorida unvonlilar, masalan, “O‘zbekiston xalq shoiri”, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” degan nom egalariyam tursa, xatning salmog‘i ortadi. Birov o‘qisa bundoq e’tibor beradi, deb. Ammo… biz xomtama bo‘libmiz…
Hozir endi o‘shalar mustaqillikni kiftini keltirib maqtashadi, ba’zilari pensiya yoshida, yoniga yaqinlashguday bo‘lsang, qizil imperiya “iztiroblarini” bo‘zlay ketishadi, holbuki o‘shanda: “bizlarni qo‘yinglar, tepadan so‘rashsa yaxshi fikr aytamiz”, deyishgandi salobat ila. Xuddi bu xatni Mixail Gorbachev qo‘liga olib rosa sinchiklab o‘qiydi-da, uning uyiga qo‘ng‘iroq qip qoladi. “Shu arzimas xatlarga qo‘lingni qo‘yib yuribsanmi, deb yozg‘iradi, o‘pkalaydi yoxud… Harqalay rahbar-da: bir tepib uchirib yuboradiki, Atlantika ummonining narigi sohiliga, Amerikaga – “dushmanlar” qo‘liga borib tushasan, quzg‘unday g‘ajiydi keyin ular…
Ja-a, unchalik emasdir-ov, deysizmi?
Albatta, Gorbachev uni tepib uchirib yubormasligi aniq edi. Sababi o‘zi boshlab qo‘ygan ishlarning birortasini saranjomlolmay garang bo‘lib yotgandi sobiq sarkotib. Gazetalarda bu tugul isboti, fakti surishtirib o‘tirilmay Gorbachevdan-da “muqaddasroq” o‘tgan-ketgan rahbarlarning oilasiyu to‘shagida ne hangoma bo‘lganligi, bo‘layotgani xususida ham yap-yalang‘och maqolalar shuvillab chiqib yotardi.
Ehtimol, o‘ylaymanki, o‘zimizdagi bir adolatli rahbarlik muhitining shabadasidandir, o‘sha xat beiz ketmagan edi. Ammo, eslasam, ba’zan kulgim keladi, ba’zan jahlim chiqadi.
O‘sha oqsoqollar o‘sha chog‘ o‘zining tinchini ham o‘ylagandir-ku, ammo, birinchi galda o‘zlaridan keyin kelayotgan rostgo‘y, haqiqatchi, “betgachopar” avlodni azbaroyi yoqtirmaganidan qilishgandi shu ishni.
Mana, davr evrildi. Shoir aytganidek, “keldi o‘zga zamonlar, ko‘rindi boshqa nomlar”. Odamning xatosi shundaki, u qo‘liga pul kirsa, mutloq qo‘limda tursin, yana ko‘paysin, deydi. Alloh deydiki, bir vodiyni bersam, ikkinchisini deysiz, ikkinchisini bersam, uchinchi vodiy meniki bo‘lsin, deysiz. Odamzotning to‘ymasligiga bu bir isbot.
Shu singari biz bugun qo‘lga kirgan pulni, boshga qo‘ngan davlat qushini ilohiylashtirib yubormasligimiz kerak, chunki xato qilamiz, bunday xatolarning ko‘pi boshimizdan kechdi.
Kommunistik partiya ham bir necha avlodni qaritib ulgurdi. U hozirgi kabi kunlarni ko‘rishni istaganmidi. Dilda boshqa gap, tilda boshqa gap edi. Shu sabab bugun ne bir ulug‘ zotlar go‘ridan tik turgisi kelayotir-a! Xom sut emgan bandalar shoshqaloqligimiz tufayli Olloh bergan rizqqa, qo‘lga kirgan davlatga qanoat qilmaymiz, tezroq birovning boshini urib yorish payidan bo‘lamiz.
Yo‘-o‘q, deydi “otajonim Sharq”. Birni ko‘rib fikr qil, ko‘pni ko‘rib shukr qil. Demak, sendan a’lo ham, sendan xarobiyam yoningda baqamti yashayotir. Qara va xulosa qil.
Shukrki, o‘zbek kommunistik partiya uchun tug‘ilmagan. Bu partiya el qatori o‘zbekkayam solingan qurbonlik edi. Oqqan qonu ko‘zdagi nolalari zora gunohlarini yuvgan bo‘lsa. Shu tufaylidir, bizda Zyuganov izdoshlari ko‘rinmaydi.
Bag‘rikenglik mudom xudbinlik ustidan g‘alaba qilib kelgan.
Agar O‘zbekistonda davlat rahbarining fe’li daryoligi bo‘lmaganida edi, albatta avlodlar o‘rtasida tafovut sodir bo‘lardi. Otalik, onalik, bolalik, oqsoqollik, kayvonilik, kamtarlik ma’naviyatiga alohida urg‘u berilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan tug‘ilayotgan, shunchaki gapirilayotgan, yo‘liga qilinayotgan ishlar emas. Chuqur ma’no-mohiyati bor.
Sovet zaminida 35 yoshli raykomni sira ko‘rganmidingiz. Hozir 25 yoshli vazir o‘rinbosari, 30 yoshli Oliy Majlis deputatini ham ko‘rib turibmiz. Avvalgi davrda 30 yoshli hatto kalxo‘z raisi bo‘lmaganini nazarda tutsak, bu xuddi bir tushga o‘xshaydi.
Yosh bir ukamizni ko‘zda tutib gapiryapman. Prezident uni butun boshli viloyatga rahbar etib qo‘yishda oddiy tavakkal yo‘lini tutmagandir. Bir muddat tuman hokimi bo‘lganida, undan avval viloyat hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlaganida u nechog‘li xalq bilan ishlay olishi, til topa bilishi, iqtisodiy islohotlarni epchillik va qat’iyat, qolaversa, chuqur bilim bilan amalga oshira olishini ko‘rsatadi. Tez ko‘zga ko‘rindi, xalq unga ishondi, ergashdi. Oliy Majlisga deputat qilib sayladi. Ko‘p o‘tmay Sirdaryo viloyatiga… Ha, barcha chigil, murakkab masalalarni, ayniqsa ko‘plab millatlar, turli joylardan har xil vaqtlarda kelib bugun birga yashayotganini hisobga olib, ular bilan bevosita til topisha olishiga va yaxshi ishlarga yo‘naltira bilishiga, shuningdek, og‘ir sharoitda munosib islohotlar o‘tkaza olishiga ishondi Prezident. O‘ylaymizki, u bu ishonchga zinhor putur yetkazmaydi va bu tuyg‘u uning shaxt va iroda bilan olib borayotgan ishlarida, so‘zlarida, fikrlarida, o‘y-kechinmalarida yaqqol sezilib turibdi.
O‘zbekning alami, qasos olish his-tuyg‘ulari naqadar kuchli bo‘lsa, uning kechirimlilik fazilati bundan kam emas. Bu fazilat insonni qanchalar ulug‘vor ko‘rsatadi.
Istiqlolga o‘zimizda tish-tirnog‘i bilan qarshi harakat qilganlarni ko‘rmagan bo‘lsak-da, dovdiragan, ikkilanganlarni ko‘rdik.
Ikkilangan odam beqaror bo‘ladi. Beqaror odam do‘st bo‘lmaydi. Do‘st bo‘lmagandan sadoqat kutish mumkinmi? Ishonish mumkinmi unga?
Sharqda avlod bilan avlodning o‘rtasiga chiroyli ko‘prik qurishgan. Bu – ustoz-shogirdchilik ko‘prigidir.
Ustoz ham, shogird ham shu ko‘prik oldida qadim an’analarga asosan ehtiromli bo‘lishga majburdir. Ustoz-shogirdchilikni hamma sohada ko‘rish mumkin, aytaylik, siyosatdan tortib mirobchilikkacha.
Bu an’ana ham, iloyim, o‘lmagay!
Odamni yaxshi so‘z tarbiya qiladi. yaxshi so‘z esa yaxshi ko‘ngildan chiqadi. Zero yaxshi ko‘ngil egalari yaxshi tarbiyachilardir.
Ustoz Abdulla Orif marhum shogirdi Ravshan Fayz haqida kitobiga so‘ngso‘z yozayotib deydi: “Ravshan Fayz iste’dodli shoir, oqibatli do‘st, mehribon o‘g‘il, oqibatli ota, eng muhimi, kuyunchak va dilkash inson edi…
… U meni o‘ziga ustoz sanaganidan va shunday takrorlanmas shogirdim borligidan quvonib yurardim hamisha…”
Bir gal Oybek domla Said Ahmad domlaga ro‘para kelib aytgan ekan:
“… Siz G‘afur domla bilan juda uzoq vaqt birga bo‘lgansiz. Yozing! Nimaiki bilsangiz hammasini yozing. She’rlarining ma’nosini chaqaman, deb urinmang. Bu gaplarni adabiyotshunoslikka qo‘yib bering. G‘afurning qanaqaligini yozing. Gapi qanaqa, yurishi qanaqa, qilig‘i qanaqa, shularni yozing. Agar Ibn Sino, Rudakiy, Beruniy kabi allomalarning yonida yurgan do‘stlari xotiralar yozishganida, tarixchilar qiynalib o‘tirishmasdi. Bizda hatto kechagina o‘tgan Muqimiyning surati ham yo‘q. Agar bu ishni qilsangiz, G‘afur to‘g‘risida yozilgan asarlar qatoriga yaxshi bir xayrli ish qo‘shgan bo‘lasiz. Yozing. Albatta yozing!”
Abdulla akaning ukalariga mehrini, Oybekning kelajak avlodlar uchun buyuk tengqurining go‘zal xotira kitob bo‘lishini orzu qilib yozuvchi ukasiga maslahat berganini anglab olish qiyin emas.
Bu avlodning avlodga qilgan yaxshiligi, mehr-oqibatidir.
Abdulla Oripov, ancha yillar bo‘ldi, bir shogirdidan (kimligi esimda yo‘q – biror mansab egasi bo‘lsa kerak) yozg‘irgan edi.
– Falonchining boshini silayman, deb qo‘l cho‘zgan edim, barmog‘imni tishlab oldi!
Juda obrazli so‘z. Ko‘z o‘ngimga lop etib apcharka kuchuk kelgan edi. Avval rosa kulib, keyin ustozlarni qopish darajasiga yetgan shogirdlar haqida o‘ylagan edim.
Chamasi, o‘n yillik tafovutlar avlodlar chegarasini belgilar. Lekin buyam qat’iy chegara emas. Tushuncha va dunyoqarashlar, zamonaviy qabul qilish, atrofni tushuna olish qobiliyati ko‘pincha tafovut keltirib chiqaradi.
Shu ma’noda 26 yillik mustaqillik tariximiz ham, ta’bir joiz bo‘lsa, mustaqillik davri avlodini yaratib ulguryapti, bu avlodning aniq belgilangan yoshini aytish qiyindir, ammo suyagi qota boshlagan yosh-yalangdan to fikri qotib qolmagan, yuragi ham tafakkuri jo‘shib turganlarni mazkur avlod vakillari degim keladi.
Bu avlod yurtning kelajagini, bo‘lajagini hal etadi.
Bu – ko‘zlari yonib, qalb shiddati ko‘pirib, mudom ishonch ila buyuk istiqbolga intilayotgan, istiqbolga boshlayotgan avlodning baquvvat qo‘lini mahkam siqib qo‘ying, birodar!
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 1-son