Bolalik – inson umrining eng pokiza damlari. Hasadu adovatdan yiroq, dunyoning turfa o‘yinlaridan g‘ofil chog‘lar… Kim bilsin, balki inson shuning uchun ham yoshi o‘tgan sari bolaligini sog‘inar, qo‘msab qolar. Bugun yoshim oltmishni qoralab borar ekan, o‘sha beg‘ubor onlarni eslasam, yuragim hapqirib ketadi.
Esimda, otamning to‘rt-besh nafar do‘stlari chog‘roqqina mehmonxonamizda tez-tez yig‘ilishardi. Kechqurunlari allamahalgacha qiziq-qiziq suhbatlar bo‘lardi. Men ham bir burchakda ularning gapiga goh tushinib, goh tushinmay o‘tirardim. Endi o‘ylasam, bu kishilar nihoyatda savodxon zotlar bo‘lgan ekan. Chunki ularning suhbatlari shunchaki oldi-qochdi gaplar emasdi. Ular Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy, Boborahim Mashrab, So‘fi Allohyor singari buyuk allomalarning qo‘lyozmalarini o‘qishar, tahlil qilishardi. Ularning Yassaviy hikmatlarini o‘qib yig‘lab o‘tirganlarini bir necha bor ko‘rganman. Albatta, men u paytlarda yosh bola edim. Bu ko‘z yoshlar boisini tushunmasdim.
Oradan yillar o‘tdi. Yoshim ulg‘aygan sari “mehmonxona suhbatlari”ning asl ma’nosini anglay boshladim. Anglaganlarim esa meni adabiyot atalmish sirli bir dargohga yetakladi. Menda kitob o‘qishga qiziqish uyg‘ondi. Ming shukrki, bu qiziqish hamon tark etgani yo‘q. Xullas, oila muhiti meni adabiyot va ijod tomon boshladi.
Ilk she’riy mashqlarimni o‘quvchilik yillarida yozganman. Bir safar tuman gazetasida “Qishlog‘im” deb nomlangan she’rim bosilib chiqdi. O‘sha paytda quvonchdan qanot chiqarib uchib ketay deganman. Chunki bu mening ilk marta ijod zavqini tuyishim edi. Oradan bir necha yil o‘tib Mavlono Atoyi she’riyatiga bag‘ishlangan dastlabki kitobim “Majoz va haqiqat” risolasi chiqqanda ham mana shu hissiyotni tuyganman. Rosti, bu kitob haqida juda yaxshi fikrlar bildirilgan. Keyinchalik adabiyot, til va milliy qadriyatlarimiz haqida bir qator maqolalarim chop etildi.
O‘rni kelganda aytib qo‘yishim kerakki, o‘quvchilik yillarida she’r va maqolalarimga tumani gazetasi xodimlari Sharofjon Orifiy, Bozor Nomozov va Ne’mat Arslonov kabi ijodkorlar yaqindan yordam berib, ustozlik qilganlar.
Bolalikdan mumtoz adabiyotga qiziqdim. Bu borada Yassaviy va Navoiy devonlarini sevib mutolaa qiladigan qo‘shnimiz Shayx Xurramxon eshon bobo, shahrisabzlik Qori Abdulahad va Fayzullo Maxsum (Ravnaqiy) domlalar, shuningdek, bobomiz Shayx Abdusalomxon eshonlar ilk ustozlarim bo‘lishgan. Ularning har biri Yassaviy, Navoiy, So‘fi Allohyor va Mashrab kabi zotlarning muxlis va muhibi hamda ular izidan borgan diyonatli olim, orif va ta’bir joiz bo‘lsa, avliyo zotlar edilar. Men ulardan “ilm va adab” tushunchasining uyg‘unligini, komillik va halollik mas’uliyatini o‘rgandim. Keyinchalik adabiyotshunos, manbashunos va matnshunos bo‘lishimga shu zotlarning hissasi beqiyos bo‘lgan. Agar o‘zimda biror yaxshi fazilat paydo qilgan bo‘lsam, avvalo, ana shu ustozlarning ta’limi va barakotidan deb bilaman. Shuning uchun ham bir umr ular oldida o‘zimni qarzdor deb his qilaman…
Yoshligimda garchi mohiyatini to‘la idrok etolmasam-da, sharqshunos olim bo‘lishni orzu qilardim. Bunga erishmoq uchun harakatlarim ham bo‘ldi. Biroq nasiba boshqa tomonda ekan.
Taqdir taqozosi bilan Samarqand Davlat universitetining “O‘zbek va tojik filologiyasi”da tahsil oldim. Talabalik yillarim ham o‘qish va izlanishlar bilan kechdi. Shu yillarda xattotlik san’atini o‘rgandim. Maqtanish emas-u, xattotlikda yuksak natijalarni qo‘lga kiritganman. Shuning uchun ham universitetni tamomlashda “Arab yozuvining turlari va tarixi” mavzusida diplom ishi yozdim. Buni qarangki, o‘sha yili universitetga davlat imtihoni kimissiyasi raisi bo‘lib poytaxtdan benazir adabiyotshunos olim Matyoqub Qo‘shjonov bordilar. Mening diplom ishim Matyoqub akaning diqqatini tortdi. U kishi meni chaqirib, zamonaviy va mumtoz adabiyotimiz xususidagi fikrlarimni eshitib ko‘rdilar.
– Mabodo Toshkentga ishga taklif qilsak, borasizmi? – dedi ustoz sinovchan tikilib. – Poytaxt o‘ziga xos maktab, u yerda o‘qish va izlanishga yetarlicha imkoniyat bor.
Kutilmagan bu taklifdan sarosimaga tushib qoldim. Chunki bu taklif menga juda katta mas’uliyat yuklayotgandi. Men kelajakda bu ishonchni oqlashim zarur edi.
Matyoqub aka diplom ishimni Toshkentga olib ketdi. Nazarimda u kishi bu ijodiy ishni kimlargadir ko‘rsatgan. Shundan keyin ustoz bilan o‘rtamizda jiddiy suhbat bo‘lib o‘tdi. U kishi menga Toshkentga borib, kimlar bilan uchrashib, qanday muomala qilishimgacha batafsil tushuntirib qo‘ydilar. Ana shu ko‘rsatmalarga asosan Toshkentga keldim va O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutiga ishga kirdim.
Toshkent adabiy hayoti meni har jihatdan ulg‘aytirdi. Ustoz Matyoqub akaning yordami va maslahati bilan ana shu tarzda hayotim, turmush tarzim butunlay o‘zgardi.
Institutdagi faoliyatimda hurmatli olimlarimiz Abduqodir Hayitmetov, Abdurashid Abdug‘afurov, Yoqubjon Ishoqov va Ibrohim Haqqulov singari adabiyot muhiblaridan ko‘p narsa o‘rgandim. Xususan, ilmiy ishimga rahbarlik qilgan taniqli olim Ibrohim Haqqulov tom ma’noda ustozlik qildilar va bizning adabiy suhbatlarimiz, saboqlarimiz shu dargohda hamon davom etmoqda.
O‘tgan yillar davomida ilmiy-ijodiy faoliyatimning mahsuli o‘laroq o‘zimning uch-to‘rtta kitobim nashr etildi. Arab, fors va turk tillaridan o‘n oltita kitob tarjima qildim. Mumtoz adabiyot, folklor, din, tasavvuf, axloq va boshqa sohalarga oid bo‘lgan 25 kitobni so‘zboshi, izoh va lug‘atlari bilan nashrga tayyorlab chop qildirdim. Ko‘plab ilmiy va badiiy maqolalarim davriy nashrlarda yoritilib bormoqda. Lekin bu ishlardan hali ko‘ngil to‘lganicha yo‘q. Qilinishi kerak bo‘lgan ijodiy ishlar hali oldinda. Ammo har doim shu kunlarga yetkazgani va shu xayrli ishlarga muyassar qilib qo‘ygani uchun Yaratgan zotga shukronalar aytaman. Va yana bir shukronam shuki, ilm va kitobat ishlarida menga hamfikr va hamnafas bo‘lgan oilam bor. Harqalay adabiyot va she’riyat ixlosmandlari turmush o‘rtog‘im shoira Zebo Rahimovani yaxshi tanishadi. Ikki nafar farzandimiz: bir o‘g‘il, bir qizimiz bor. O‘g‘lim Muhammad Sodiq Toshkent Islom universitetini o‘tgan yili tamomladi. Shu paytgacha ba’zi kitoblarni hamkor bo‘lib nashrga tayyorladik. Kelajakda madaniy merosimiz va mumtoz adabiyotimiz bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar qilish rejasi bor. Keyingi paytlarda davriy nashrlarda besh-oltita ilmiy va ma’rifiy maqolalari e’lon qilindi. Ota va ustoz sifatida bu yutuqlardan mamnunligim behaddir. Qizim Dildora Xotin-qizlar madrasasida tahsil oldi.
Bir so‘z bilan aytganda oilamizda adabiy muhit hukmron. Shuning uchun ham bolalarim asosan adabiyotga ixlosmand bo‘lib ulg‘ayishdi. Rosti, men bundan mamnunman. Zero, adabiyot ilm, fan, she’r, tarix, til, madaniyat, qadriyat, o‘zlik, din, e’tiqod va axloqdir. Shartli ravishda aytish mumkinki, butun bani basharga, insoniyatga tegishli adabiyot bor va ayni paytda har bir millatning o‘z adabiyoti bor. Adabiyot bu millat ko‘zgusi, ruhiyat mulki. Jamiyatdagi yutuq va kamchiliklar, yomon va yaxshi xulqlar, millatning o‘tmish va kelajagi, til va qadriyatlari, o‘zligi, diyonat va e’tiqodi, boringki har bir jabhadagi muomala va munosabatlari ana shu adabiyotda, eng sara asarlarda o‘z aksini topadi. Millatni dunyo sahnasiga olib chiqadigan vositalardan biri shubhasiz adabiyotdir. Adabiyotsiz jamiyatning, millatning ahvolini tasavvur qilish qiyin. Inson ong va fikrsiz, his-tuyg‘usiz, ruhsiz, shuursiz yashashi mumkinmi? Shuning uchun ham o‘tgan asrning tongida buyuk Abdulhamid Cho‘lpon “Adabiyot yashasa – millat yashar” deya bong urgan edi. Shoir mazkur fikrlari davomida yozadi: “Adabiyoti o‘lmag‘on va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishtirmag‘on millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum qolib, sekin-sekin inqiroz bo‘lur. Muni inkor qilib bo‘lmas. Inkor qilg‘on millat o‘zini inqirozda ekanun bildurur”.
Mana, bu fikrlarning aytilganiga ham sal kam yuz yil bo‘ldi. Ammo Cho‘lponning fikri hamon eskirgani yo‘q. Bu davr ichida xalqimiz ko‘p tashvishli kunlarni boshdan o‘tkazdi. Sho‘rolarning soxta mafkurasi xalq ongini ham, adabiyotini ham ma’lum ma’noda chalg‘itdi. Lekin baribir yaxshi she’rlar, yaxshi asarlar yozildi. Adabiyotimiz o‘ziga yarasha muvaffaqiyatlarga erishdi. Ayniqsa, mustaqillikdan keyin bir talay yoshlarimiz adabiyot maydoniga o‘z ovozi, o‘z sozi bilan kirib keldi va jonajon yurtimizning istiqlolini, u bergan moddiy va ma’naviy ne’matlar haqida baralla kuylamoqda. Ammo bu sa’y-harakatlarimiz hali yetarli emas. Jahon tan oladigan va millatni dunyoga tanitadigan asarlar yozilishi kerak. Buyuk mumtoz adabiyotimiz yoshlarimiz tomonidan tadqiq etilishi lozim.
Shaxsan men adabiyotda asrlar sinovidan o‘tgan she’riy shakl va mazmun davom etishini istardim. Navoiy, Ogahiy, So‘fi Allohyor, Mashrab singari ulug‘larimiz targ‘ib qilgan pok e’tiqod, halollik va adolat zamonaviy adabiy asarlarimiz mazmuniga ham ko‘chib o‘tishini istardim. “So‘zda sehr, she’rda hikmat” bor deydilar. Har bir she’r va adabiy so‘z mana shu mezonga mos bo‘lishi kerak. Navoiyning hikmatli baytlarini har qancha takrorlasangiz ham ko‘ngilga urmaydi. Buning siri nimada? Buning siri Navoiy hazratlarining ixlos-e’tiqodi va pok muhabbatidir.
Shoir g‘azallarini o‘qiy turib, qalbimiz mudom hayratlar oshyoniga aylanadi. Bu g‘azallar go‘yo so‘zlardan emas, balki usta zargarning mohir qo‘li bilan bir ipga tizilgan gavharlardan, marjonlardan iboratdek tuyuladi. Bil’aks, shoirning o‘zi ham so‘z atalmish ilohiy ne’matni she’rlarida “so‘z gavhari” deb ifodalaydi. Hali qog‘ozga to‘kilib ulgurmagan she’rlarini esa “hali ko‘ngil sadafi ichiga yashiringan javohirlar” deb ataydi. Aytish mumkinki, so‘z ta’rifini hech kim hazrat Navoiychalik maromiga yetkaza olmagan.
Albatta, hazrat Navoiy ta’rifida har qancha yozsak kam bo‘laveradi. Biroq bu yerdagi asosiy gap shuki, biz Navoiyni o‘rganishimiz kerak. Biz Navoiyni o‘rganmasak, u zotni buyuk deyishimizdan ma’no qolmaydi. Asrlar o‘tsa-da, Navoiy kamolot osmonida quyoshdek balqib turaveradi. Bu quyoshdan bahramand bo‘lish esa o‘zimizga tan.
Agar diqqat qiladigan bo‘lsak, o‘zbek mumtoz adabiyotidan adabiy janrlarni, hatto so‘nggi yillarda tez-tez quloqqa chalinayotgan zamonaviy modernizm unsurlarini ham topishimiz mumkin. Garchi o‘tgan asrning so‘nggi choragida ommalashgan “modernizm” atamasi “eng yangi”, “zamonaviy” degan ma’nolarni anglatsa-da, bu adabiy hodisa yo‘q joydan paydo bo‘lgan emas. Misol uchun, Atoyining o‘nlab g‘azallarida modernizmning asosiy xususiyatlaridan biri simvolizmni ko‘rishimiz mumkin. Demoqchimanki, ayrim adabiyotshunoslarimizning modernizmni faqat g‘arbga xoslab qo‘yishi unchalik to‘g‘ri emas. Yoki buni g‘arb andozasi deya inkor etish ham yaxshi emas. Muhimi, qaysi janr yoki qaysi uslubda bo‘lmasin, o‘quvchi ruhiyatiga ijobiy ta’sir eta oladigan asarlar yaratishdir. Adabiyotning yashovchanligini yangi uslublar emas, yaxshi asarlar ta’minlaydi.
Axir Navoiy hazratning aruzda yozilgan g‘azallarini insoniyat besh yuz yildan beri o‘qib keladi va zavq oladi. Ularda inson atalmish murakkab va sharif xilqatning turfa his-tuyg‘ulari, zavqu shavqlari, orzuyu armonlari eng nozik qirralarigacha o‘z ifodasini topgan.
Ma’lumki, Navoiy hazratlari shoirlarni yaxshi va yomonga ajratgan va boshqalar aytgan ma’nolarni takrorlashdan qaytargan. U kishi “Hayratul abror” dostonining “so‘z ta’rifida”gi bobida nazmning o‘rni, she’rning shakl va mazmuni haqidagi to‘xtalar ekan, bob xotimasida shunday deydi:
Bo‘lmasa e’joz maqomida nazm,
Bo‘lmas edi Tengri kalomida nazm.
Nazmda ham asl anga ma’ni durur,
Bo‘lsun aning surati har ne durur.
Nazmki, ma’ni anga marg‘ub emas,
Ahli ma’oniy qoshida xo‘b emas.
Nazmki ham surat erur xush anga,
Zimnida ma’ni dog‘i dilkash anga.
Nazarimda, shoirning bunday teran fikrlari har qanday g‘arbparast modernchini ham behuda da’volardan qaytarsa ajab emas.
Biz modern adabiyoti G‘arbdan kirib kelgan deyishdan oldin Sharq adabiyotida ham doimo yangilikka, “toza mazmun”ga intilish va targ‘ib qilish bo‘lganini eslab qo‘yishimiz kerak.
Haqiqiy ijodkorlar hech qachon qandaydir “izm”lar qolipiga moslab she’r yoki boshqa asarlarini yozmaydilar. Iste’dodli ijodkorlarda ilhom quyilib keladi va shunda eng sara asarlari tug‘iladi. Deylik, Faxriyor yoki Bahrom Ro‘zimuhammadlar she’riyatda, Nazar Eshonqul nasrda biror shakliy yoki ma’naviy o‘zgarishlar qilgan bo‘lsalar bu ijodning tabiati. Ijodkor hamisha izlanishda davom etishi kerak, bo‘lmasa u o‘z qobig‘ida o‘ralashib qoladi. Qolaversa, bu o‘zgarishlarni kitobxonlar qanday qabul qiladi? Yaxshi qabul qilmasa, unday modernchilikning nima keragi bor?! Abdulla Oripov yoki Muhammad Yusufning xalqona va teran ma’noli she’rlarining nega shaydosi ko‘p? Menimcha, har qanday holatda ham aslidan uzilmagan va zamonasidan orqada qolmagan she’riyat yalovbardor bo‘ladi.
Shu ma’noda bugungi o‘zbek adabiyotini rivojlantirish uchun avvalo, jo‘n va o‘rtamiyona asarlarning ildiz otishini to‘xtatish kerak. Nachora, Abdulla Qahhor aytganidek, “Adabiyotga o‘g‘ri mushukka o‘xshab tuynukdan oshib tushadiganlar ham bo‘ladi”.
Yana bir muhim masala, hazrat Navoiy va boshqa mumtoz shoirlarimizning asarlarini, xalq og‘zaki ijodi durdonalarini yana-da kengroq targ‘ib qilish yo‘lidan borishimiz lozim. Tan olishimiz kerak, bolalarimizga o‘rta maktablarda mumtoz adabiyotimiz ko‘ngildagidek o‘rgatilmayapti. To‘g‘rirog‘i, bu borada malakali kadrlar va o‘quv qo‘llanmalarimiz ham hali yetarli emas. Tasavvufiy ramz va timsollar lug‘atini, shoh baytu g‘azallar sharhini ko‘paytirish kerak.
Shuningdek, bugun adabiyotimizda tarjima san’atiga jiddiy e’tibor qaratmoq ehtiyoji ham mavjud. Chet el adiblarining eng sara asarlari tarjima qilinsa, ayni paytda o‘zbek adiblarining kitoblarini ham xorij tillarga o‘girish ishlari izchillik bilan amalga oshirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Afsuski, hali bizda Navoiy asarlarini xorij tillariga professional tarzda tarjima qila oladigan mutaxassislar deyarli yo‘q. Demak, bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish kerakka o‘xshaydi.
Yozuvchilar uyushmasida paydo bo‘lgan har bir badiiy asar keng miqyosda, talabchanlik ruhi bilan muhokama qilinishi kerak. Zero, bu hol ijodga endigina kirib kelayotgan yoshlarga adabiyotning ermak emasligi yoki kasb emasligini tushuntirish, ular bilan ishlash va yaqin munosabatda bo‘lish, yangi iste’dodlarni kashf etishimizga yo‘l ochadi.
Mana shu xayrli ishlarga imkon qadar hissa qo‘shish har bir adabiyot muhibining zimmasidagi burchdir. Shu ma’noda kamina ham daftarimga bir qator rejalarni qoralab qo‘yganman. Gap endi ularni amalga oshirishda. Jumladan, ushbu yilda “O‘zbek adabiyotida qalandarlik” mavzuidagi doktorlik ishimni oxiriga yetkazishim kerak. Ayrim mumtoz adabiyotimiz vakillarining benazir asarlari hali qo‘lyozma holida turibdi. Ularni nashrga tayorlash, arab va fors tillarida bitilgan asarlarini tarjima qilish lozim. Bu xususda ham o‘ziga xos rejalarim bor.
Xattotlik, xat san’ati bo‘yicha ham bir qancha ma’lumotlar yiqqanman. Ularni kitob holida jamlashim kerak. Shuningdek, o‘ylab qo‘ygan badiiy qissa va xotiralar yozish niyatim bor. Kelajakda Navoiy asarlarini sharhlash, imkon qadar sodda qilib tushuntirib berish asosiy orzularimdan biri.
Atoqli shoirimiz Ogahiyning “Ta’vizul oshiqin” devoni to‘liq holda nashr bo‘lmagan. Men bu devonni eng ishonchli qo‘lyozmadan kirill alifbosiga tabdil qilib chiqdim. Uni oxiriga yetkazib, bu yil nashr qilish niyatidaman. Ajabmas, mustaqilligimiz sharofatidan Ogahiy bobomizning mukammal asarlar to‘plami nashr etilsa.
Xullas ilm, ijod deganlari bu hayot bilan, insonlar bilan, turmush tashvishlari bilan bog‘liq hodisadir. Ana shu zahmatlarga chidab ijod qilish barchamizga nasib etsin.
OLIM HAQIDA
Sayfiddin Rafiddinov – 1958 yil Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumaniga qarashli Temirchi qishlog‘ida tavallud topgan. 1987 yilda Samarqand davlat universitetining O‘zbek va tojik filologiyasi fakultetini, 2001 yilda Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent Islom mahadini tamomlagan. Mumtoz adabiyotni yaxshi biladigan, qo‘lyozma manbalarni puxta o‘qiy oladigan, arab xat turlari, fors va arab tillarini biladigan adabiyotshunos, manbashunos va islomshunos olimdir.
U 1987 yildan buyon O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Til va adabiyot institutida ishlab kelmoqda. Institut aspiranturasi va doktoranturasida o‘qigan. 1994 yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun “Atoyining poetik mahorati” mavzusidagi dissertatsiyasini himoya qildi hamda XV asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan mashhur shoir Mavlono Atoyining Sankt-Peterburgda saqlanayotgan yagona qo‘lyozma nusxasini kirill alifbosiga tabdil qilib, asl manbasi, so‘zboshi va izohlari bilan nashr etdi. Alisher Navoiyning 20 jildlik “Mukammal asarlar to‘plami”ning 17, 18, 19 va 20-jildlarini nashrga tayyorlashda tarjimon va mas’ul muharrir sifatida faol ishtirok etdi.
Ilmiy faoliyati davomida Sayfiddin Rafiddinov o‘zining 4 kitobini e’lon qildi. Mumtoz adabiyot, xalq og‘zaki ijodi, islom dini, tasavvuf, xususan naqshbandiylik tariqati va boshqa sohalarga oid 16 kitobni arab, fors va turk tillaridan tarjima qilib, shuningdek, mazkur sohalarga oid yigirmadan ortiq kitobni so‘zboshi, izoh va lug‘atlari bilan nashrga tayyorlab chop ettirdi.
Uning kitob va maqolalari xorijda ham nashr bo‘lgan. Olim Jazoir, Eron va Turkiyadagi ko‘plab xalqaro ilmiy anjumanlarda ma’ruza bilan ishtirok etgan. 1998 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. Oilali, 2 nafar farzandi bor.
“Yoshlik” jurnali. 2011 yil, 2 (243)-son